Muhammad Solih yo’lnoma


Download 0.87 Mb.
Pdf ko'rish
bet14/21
Sana23.11.2020
Hajmi0.87 Mb.
#150365
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   21
Bog'liq
muhammad-solih-yolnoma


O’SH VOQEALARI
 Farg‘onadigi turk-masxatlarga qarshi zo‘ravonlikdan roppa - rosa bir yil o‘tgach, 1990 yil iyun 
oyining boshida, Qirg‘iziston hududida joylashgan o‘zbeklarning viloyati O’shda bu janjalning 
qirg‘iz varianti aynan takrorlandi. Fitnaning KGB tarafidan Farg‘ona voqealarining bir yilligiga 
maxsus to‘yona sifatida tayyorlanganligiga hech shubham yo‘q. Albatta, yana o‘sha mahalliy 
mafiya va mahalliy jallodlar yordamida tayyorlandi.
Qirg‘iz kallakesarlari o‘zbek kallakesarlaridan ham shafqatsizroq chiqdi... O’shda, O’zganda 
yosh-qari, xotin-xalaj demay zo‘rladi, o‘ldirdi, o‘t qo‘ydi. Bu xususda "Birlik" harakati a’zosi, 
kinooprerator Abdulaziz Mahmudov olgan videoko‘rinishlar odamni dahshatga soladi.
Tashkilotimiz O’sh, O’zgandagi qirg‘inni to‘xtatishni talab qilib bir guruh faolini Qirg‘izistonga, 
ikkinchisini Moskvaga jo‘natdi. Toshkentda O’sh-O’zgandan qochib kelgan qochqinlarga 
boshpana, kiyim-kechak va hakozo bilan yordam uyushtirishda ishtirok etdi. Farg‘ona bo‘limi 
faollari Andijon va O’sh chegarasida to‘plangan minglarcha darg‘azab o‘zbeklarni O’shga 
bostirib borishining oldini olishda yordamlashdilar.
Janjalning uchunchi kuni Toshkentga maxsus uchoqda Chingiz Aytmatov keldi. Biz bilan 
maslahatlashmoqchi ekan, aeraportda, hukumat salonida uchrashdik. Bosh ministr 
Mirsaidov, yozuvchi Odil Yoqubov bor edi. Suhbat qovushmadi. Chingiz Aytmatov 
qirg‘izlarning qilayotgan ishlaridan qattiq uyalayotgani ko‘rinib turardi. Yozuvchilar Uyushmasi 
Raisi Odil Yoqubov bilan birgalikda qirg‘iz televideniesidan chiqib, ikkala xalqqa murojaat 
qilishadigan bo‘lishdi. Bundan ham yaxshiroq maslahat topilmadi.
O’sh-O’zgan fojeasi o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasidagi qardoshlikka katta futur yetkazdi. 
KGBning SSSRni saqlab qolish uchun qilgan bu ig‘volari bilan maqsadiga yetolmagan bo‘lsa-
da, bizning xalqlarimizga mustaqil davlat qurish davrida zarur bo‘lgan do‘stlikning 
zaiflashuvida bu ig‘voning katta ta’siri bor. Bugun Qirg‘izistonda o‘zbek mintaqalarida qirg‘iz 
rahbarlarini tayinlashga intilish, qirg‘iz bo‘lgalarida o‘zbeklarni ishga olmaslik tamoyillari sovet 
davri ig‘volarining mevasidir.
  
MUSTAQILLIK DEKLARASIYASI
 May va iyun oylarida yangi qurilgan "Erk" partiyasining joylardagi tizimlarini tuzish bilan 
mashg‘ul bo‘ldik. Tashkilotning ijtimoiy tamalidagi o‘zak, xuddi "Birlik"da bo‘lgani kabi, 
ziyolilar edi. Shaharlarda adabiyot, san’at va ilm ahli, qishloqlarda esa o‘qituvchilar tashkilotni 
harakatga keltiruvchi kuch edi. May oyining oxirida "Erk" a’zoligiga qabul qilingan odamlar 
soni, yanglishmasam 5 mingdan oshgan edi. Norasmiy tashkilotlar ichida a’zolarga partiya 
biletlari tahsis qilish, ularning adresi, ish joyi va hokazo ishga taalluqli bilgilarni qayd etishni 
ilk o‘laroq "Erk" udumga kiritdi. Bu - tashkilotning ma’lum sistema ichida harakat qilishini 
ta’minlar va har bir qarori uchun mas’ulitini oshirar edi. Aqidamiz bo‘yicha, lider olomon 
orqasidan emas, olomon lider orqasidan yurmog‘i lozim edi. "Erk" muxolifat o‘laroq olomonga 
liderlik qilish iddaosi bilan maydonga chiqqan ekan, u olomonning instinktlari bilan ish 
ko‘rolmaydi. U o‘z programmasida qabul qilingan g‘oyani qat’iylik bilan o‘ziga ergashgan 
99

Muhammad Solih - Yo'lnoma
insonlar zehniga tadbiq etmog‘i lozim. Muxolifat - xalqning shikoyati va dod-faryodi emas, 
xalqning shijoati va siyosiy irodasi bo‘lmog‘i kerak. Bular "Erk" tashkilotining yashash 
tamoyillari edi. Biz bularni so‘ylar ekan, xalqning bu so‘zlarni hazm qilish yoki qilmasligini 
o‘ylamasdik. Uning demokratiyaga tayyor yoki tayyor emasligi ham bizni kam qiziqtirardi. 
Sotsiologik so‘rov o‘tkazishga na fursat, na imkon bor edi, biz, avval aytilganidek, intuitiv 
shaklda atak-chechak olg‘a siljir edik. 
"Birlik"dagi total erkinlikdan so‘ngra "Erk"ning joriy etgani nisbiy intizom uning ijtimoiy 
bazasini kengaytirishga xizmat qildi. "Erk" tuzilgan paytda "bu ham navbatdagi norasmiy" 
deya burun jiyirgan davlat idoralari sekin-asta unga nisbatan yumshay boshladi, ba’zi 
byurokratlar, yashirincha, bu norasmiy tashkilot a’zoligiga o‘tdilar. Oliy Kengashda ham "Erk" 
tarafdorlari paydo bo‘ldi.
Bu faktorlarni hisobga olgan holda, tashkilot O’zbekistonning "Mustaqillik deklaratsiyasi"ni 
tayyorlab, Oliy Kengashning 20 iyunda bo‘ladigan navbatdagi sessiyasiga taqdim etish va uni 
sessiya kun tartibiga qo‘yish uchun faoliyat boshlashga qaror qildi.
Deklaratsiyani "Erk" kotibi Otanazar Orif tayyorladi. Matning ilk qoralamasida biz G’arb 
davlatlari tarixlarida o‘qiganimiz "mustaqillik deklaratsiya"larining hidi kelib turardi, biz bir oz 
tahrir qilib, "milliy zaminga" moslagan bo‘ldik. Ammo "O’zbekiston" kalimasidan boshqa butun 
so‘z va iboralar yana baynalminal siyosatda qabul qilingan terminalogiya doirasidan 
chiqolmaganimiz esimda. Matn qisqa tezislardan tuzilib, bir sahifaga jo bo‘ldi. 
Deklaratsiyani Oliy Kengashga olib borar ekan, men uning qabul qilinishiga, to‘g‘risi, ishona 
olmagan edim. Umr bo‘yi xalq va ozodlik so‘zlarini muqaddaslashtirgan kimsa, "xalq 
to‘lqindir, xalq dengizdir, xalq kuchdir," deya atrofdagilarni ishontirishga uringan odam, bu 
so‘zlarga o‘zim ishonmayotgan edim. "Xalq qorni to‘ysa bo‘ldi, unga ozodlik shart emas," 
degan kommunistik tashviqot mening ishonchimni ham ma’lum darajada zaharlagandi. 
Hujjatni "Oshkoralik Qo‘mitasi" boshlig‘i Erkin Vohidovga berdim va keyin bu bilan hech 
mashg‘ul bo‘lmadim. Sessiyaga uch kun qolgandi, uch kun ichida Oliy Kengashdagi butun 
Qo‘mitalar bu hujjat bilan, norasmiy bo‘lsa-da, tanishib ulgurgandi. Sessiya kun tartibini bir 
kun avval belgilayotgan Hay’at "Deklaratsiya"ni kun tartibiga kiritmadi. Ammo deputatlar o‘z 
oralarida bu hujjatni qo‘llaydiganlarning ro‘yxatini tuza boshlagandilar. Yanglishmasam, 170 
ga yaqin millatvakili "Deklaratsiya"ni Sessiya kun tartibiga qo‘yishga chorlab, Oliy Kengash 
hay’atiga taklif kiritdi.
Sessiya 20 iyun kuni o‘z ishini boshladi.Deklaratsiya matni ko‘paytirilib, butun deputatlarga 
tarqatilgandi. Bunda Oshkoralik Qo‘mitasi deputatlari va yana boshqa tashabbuskorlarning 
xizmati katta bo‘ldi.
170ta millatvakilining Deklaratsiyani kun tartibiga kiritish taklifi qabul qilindi.
Bu katta voqea edi. Deklaratsiya ovoz ololmasa ham, uning ovozga qo‘yilishi katta voqea edi. 
U paytlar, dorilomon paytlar, Oliy Kengashda ko‘tarilgan masalalar televideniada qaychilanib 
bo‘lsa-da, xalqqa ko‘rsatilardi. Bu g‘oya propogandasi uchun juda muhim edi. Deklaratsiyani 
Oliy Kengashga taqdim qilarkan, kutilgan maksimum manfaat ham shu edi. Biz undan 
ortig‘iga umid qilmagandik, ammo undan ortig‘i yuz berdi.
20 iyun 1990 yil Toshkentda, O’zbekiston Oliy Kengashi Sessiyasida O’zbekistonning 
Mustaqillik Deklaratsiyasi ko‘pchilik ovoz bilan qabul etildi. U paytlarda elektronik hisoblama 
yo‘q edi, qo‘l ko‘tarish usuli bilan ovoz berilardi. Shu tufayli hatto ruslar ham O’zbekiston 
mustaqilligi uchun ovoz berib yubordi. Yonida o‘tirgan o‘zbeklardan andisha qilgani uchun 
yoki ular ovoz bermasa ham deklaratsiya o‘tishini bilganlari uchun ovoz berishdi. Kengash 
raisi Yo‘ldoshev Deklaratsiyaning qabul qilinganini e’lon qilganda deputatlar o‘rnidan turib, 
100

Muhammad Solih - Yo'lnoma
uzoq davom etgan qarsaklar bilan o‘zlarini o‘zlari olqishladilar. O’zbekiston Kompartiyasining 
birinchi Sekretari Islom Karimov Deklaratsiyani qabul qilmaslik uchun harakat qilib ko‘rdi, 
ammo millatvakillarining vajohatini ko‘rib, ochiq qarshi chiqishga jur’at qilmadi. Deklaratsiya 
muhokamasi paytida Karimov o‘z o‘rinbosari Shukrullo Mirsaidovni minbarga chiqarib, uning 
vositasida Deklaratsiyani tanqid qildi. Mirsaidov Deklaratsiya matnini havoda silkitib, "bu bir 
parcha qog‘oz" deya zalga murojaat qilganda, millatvakillari qattiq reaktsiya ko‘rsatishdi. 
Vaziyatning taxmin qilinganidan murakkabroq ekanini tushungan hukumat Deklaratsiyani 
ovozga qo‘yishga majbur bo‘ldi va lekin uning qabul qilinishini hukumat ham kutmagandi. 
Shunda Deklaratsiyaning ba’zi juz’iy tahrirtalab yerlari bor, degan bahonada Tahrir 
komissiyasi tuzildi. Tahrirdan keyin, so‘nggi qabul qilingan variant Kengashga o‘qib berilishi 
kelishildi. Tahrir komissiyasi a’zolari "tahrir" qilish uchun kulis orqasiga o‘tishdi. Sessiya 
boshqa masalalarni ko‘rishda davom etdi. Vaqt o‘tayotgandi, ammo "tahrirchi"lar hanuz 
chiqishmagandi. Men bir oz bezovta bo‘ldim. Hukumat hujjatni o‘zlaricha tahrir qilib, 
Kengashga o‘qimay, ertasiga e’lon qilishi mumkin edi. Shularni o‘ylarkan, kulis orqasiga 
chaqirishdi. Bordim. Kichik zalda Shukrullo Mirsaidov bilan Yefimov (O’zbekiston 
Kompartiyasining ikkichi sekretari) o‘tirishardi. Oldlarida Delaratsiya matni. Sal nariroqda ikki-
uchta deputat gaplashib turishardi. Erkin Vohidov bilan Nurali Qobil ekan. 
Shukrullo Mirsaidov Deklaratsiya matni haqida fikrimni so‘radi. Kengashga taqdim qilingan 
variant bizni qoniqtirishini aytdim. Bo‘lmasa, shuni birga tahrir qilaylik deya, matnni menga 
uzatdi. Yangi ilova qilingan so‘z va iboralar hujjat mazmunini deyarli o‘zgartirmagandi, ammo 
unga bir jumla ilova qilingan edi-ki, muxolifat buni hech qabul qilolmasdi. Matn so‘ngida: 
"Uzbekistan svoi otnoshenie s drugimi respublikami budet stroit’ na osnove Soyuznogo 
Dogovora", deb yozilgandi.
O’sha davrda Sovet hukumati Imperiyaning parchalanish xavfini sezib, respublikalarga ba’zi 
huquqlar berish taktikasini ishga solgan va "Soyuznыy Dogovor" degan g‘oyani o‘ylab 
chiqargandi. Bu amalda o‘sha eski ittifoq statusini saqlab qoladigan bir Shartnoma bo‘lishi 
kerak edi.
Men bir millatvakili sifatida ham, muxolifat vakili sifatida ham so‘nggi jumlani hujjatga 
kiritishga qarshiman, dedim. Deklaratsiya Oliy Kengash tarafidan qabul qilindi, uni 
o‘zgartirishga haqqingiz yo‘q, dedim. Nuqta, verguli bo‘lishi mumkin, ammo mazmunini 
o‘zgartirishga hech kimning, Karimovning ham haqqi yo‘q, dedim.
O’sha paytda, xuddi eshitib turganday, Karimovning o‘zi paydo bo‘ldi. Kulib, yonimizga keldi. 
- Yana janjal qilayapsizmi, - dedi iljayib.
Matn shunday o‘zgartiriladigan bo‘lsa, hozir zalga kirib, xalq vakillarining tasdiqlagan hujjati 
o‘zgartirilayapti, deb e’lon qilishga majbur bo‘laman, dedim.
- Xo‘p, shu jumlani olib tashlasa xursand bo‘lasizmi, axir? - dedi Karimov.
- Faqat men emas, xalq xursand bo‘ladi, - dedim. 
- Shuni hal qilinglar, - dedi u Mirsaidovga va Kengash zaliga chiqib ketdi. 
Karimov ketgandan keyin Mirsaidov yuzida so‘roq ifodasi bilan Yefimovga qaradi. Yefimov 
agar "Soyuznыy Dogovor" hujjatga kiritilmasa, katta janjal bo‘ladi, dedi. Mirsaidov ikki o‘tning 
orasida qolgandi. Bu kishining tabiati yumshoq, ammo kerak bo‘lsa, chapanilik ham qilib 
yuboradigan odati bor edi. Ammo Deklaratsiyadagi Yefimovning "ijodi" bo‘lgan so‘nggi 
jumlani olib tashlash uchun faqat chapanilikning o‘zi yetmasligi ko‘rinib turardi.
101

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Matn ustida tortisharkan, Yefimov ovozini balandlatib gapira boshladi. Men unga qo‘pol qilib, 
"bu ishga, yaxshisi, aralashmang", dedim. Xo‘p, bo‘pti, dedi Yefimov va to‘rsayib o‘rnidan 
turdi.
Mirsaidov yon bosib turgandi, Yefimov ketgandan keyin "nimani olsangiz oling", deb matnni 
uzatdi. Matndagi so‘nggi jumlaning ustiga chizib, unga qaytardim. Mashinkaga beraveramiz, 
dedi va bir yigitni chaqirib, matnni unga topshirdi. O’sha payt zalning burchagida joylashgan 
telefondan Yefimovning Moskvaga telefon qilayotganini ko‘rdik. U baland ovozda, balki, atay 
bizni eshitsin deb, markazga shikoyat qilardi. "Vы ne predstavlyaete, chto zdes’ tvoritsya", 
derdi u Moskvadagi sheflarini uyg‘otishga harakat qilib. 
"Shef"lar-ku uyg‘ongandi, ammo kech uyg‘onishgandi. O’zbekistonda qabul qilingan 
"Mustaqillik Deklaratsiyasi" Moskva uchun yangilik emasdi. Bahorda shunday bir 
"Deklaratsiya"ni Litva jumhuriyati ham e’lon qilgandi. Gap, Mirsaidov aytganday, qabul 
qilingan "bir parcha qog‘oz"da emas, balki, balki bu "qog‘oz"ni qabul qilgan millatvakillari, 
xalq irodasi mahsuli bo‘lmish bu hujjatni naqadar himoya qila olishida edi.
1991 yil mart oyida Sovet Ittifoqini saqlab qolish uchun o‘tkazilgan Referendumdan 
O’zbekiston rahbari Islom Karimovning bu "xalq irodasi"ni bir chaqaga olmasligi ma’lum 
bo‘lgandi. Xalq saylagan millatvakillari ham o‘zlari qabul qilgan Mustaqillik Deklaratsiyasini 
himoya qilaolmagandilar. 
Sovet Ittifoqi yiqilib, O’zbekiston mustaqil bo‘lishga majbur bo‘lganidan keyin, Islom 
Karimovning laganbardorlari "hatto o‘sha 20 iyun Deklaratsiyasi ham, Karimov istamasa,  
qabul qilinmasdi," deyishadi. Holbuki, Deklaratsiyani Karimov qabul qilmadi, Deklaratsiyaga 
ovoz berilayotganda u Kengash zaliga kirmadi, tashqarida qochib yurdi. Keyin, Deklaratsiya 
deyarli bir ovozdan qabul qilinganidan sarosimaga tushgan Karimov, buni O’zbekiston 
matbuoti, radio-televideniesidan e’lon qilishni ta’qiqladi. O’zi Mirsaidov bilan Farg‘ona 
vodiysiga ketdi. 
Deklaratsiya qabul qilingan kuni, 20 iyun saot sakkizda men uyda o‘tirib, O’zbekiston 
TVsidan bu muhim voqea to‘g‘risida xabar kutdim. Moskva qisqa xabar berdi, ammo 
Toshkent bermadi.
Mirsaidovga telefon qildim. Uning Karimov bilan Farg‘onaga ketishganini, u yerdan 
Qirg‘izistonga o‘tishajagini aytdilar. Toshkent Kompartiya bo‘limi kotibi Adham Fozilbekovni 
mashinasidagi telefon orqali topdim. (Fozilbekov u paytlarda hukumatga eng yaqin 
odamlardan edi).
Oliy Kengashda qabul qilingan hujjat haqida xabar yo‘qligiga u ham hayron bo‘lganini aytdi. 
Men unga "iltimos, Karimovga yetkazing, agar Deklaratsiya ertaga matbuotda e’lon 
qilinmasa, biz Toshkent markazida ko‘pmingkishilik miting uyushtiramiz", dedim. Fozilbekov 
bu gapni Karimovga yetkazajagini aytdi.
Soat o‘nlarda telefon jiringladi. Mirsaidov ekan. Iltimos, shovqin qilmay turinglar, bu ablah 
Yefimovning ishi bo‘lsa kerak, hammasini hal qilamiz, dedi va, mana, Islom akaning o‘zi 
gaplashmoqchi, deb, trubkani Karimovga berdi. Karimov, biz ertaga kechqurun qaytayapmiz, 
batafsil gaplashamiz bu masalani, dedi. Gaplashadigan hech gap yo‘q, butun dunyo ko‘rdi, 
Oliy Kengash O’zbekistonning Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildi, bu haqda Moskva 
xabar berdi, biznikilar esa jim, dedim. Ertaga ertalab xabar chiqmasa, biz ko‘chaga chiqamiz, 
deya tahdidni takrorladim. Karimov ertaga tushdan keyin televidenieda xabar berilajagini 
va’da qildi. Nega "tushdan keyin"ligini anglamadim. Balki, Karimov Moskvadan ketgan 
xabarning reaktsiyasini kutib, shunga ko‘ra harakat qilishni o‘ylagan bo‘lishi mumkin.
102

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Har holda, 21 iyun kuni tushdan keyin Oliy Kengash qabul qilgan O’zbekiston Mustaqilligi 
Deklaratsiyasi muhokamasi va unga ovoz berish jarayoni yozib olingan televizion ko‘rsatuvini 
TV namoyish qila boshladi.
Lekin matbuotda ikki kun kechikib chiqqan Deklaratsiyaning nomi "Deklaratsiya o 
nezavisimosti Uzbekistana" o‘rniga "Deklaratsiya o suverenitete Uzbekistana," deb 
xoinlarcha o‘zgartirilgandi. Zotan, SSSR konstitutsiyasida barcha sovet jumhuriyatlari 
shundoq ham "suveren" hisoblanardilar.
Lekin o‘zbek xalqi o‘zi tanlagan vakillari vositasida 1990 yil 20 kuni O’zbekistonning 
mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qilgandi. Deklaratsiya mazmunini o‘zgartirib, uni "bir parcha 
qozoz"ga aylantirganlar tarix oldida kechirib bo‘lmas jinoyat ishladilar.
  
YANGI KONSTITUSIYA XAYOLI
 O’zlari tayyorlagan Mustaqillik Deklaratsiyasining Oliy Kengashda qabul qilinishi "Erk"chilarni 
qanchalik sevintirgan bo‘lsa, uning buzilgan holda e’lon qilinishi shunchalik qayg‘ulantirdi. 
Hukumat jamoatchilik tazyiqidan qo‘rqib, bu siyosiy hujjatni e’lon qilgan bo‘lsa-da, uning xalq 
orasidagi targ‘ibotini qat’iyan ta’qiqladi. Oliy Kengashning 20 iyun sessiyasidan keyin bironta 
rasmiy yig‘ilishda bu hujjat tilga olinmadi.
Bizning Mustaqillik Deklaratsiyasi asosida Yangi Konstitutsiya tayyorlash va qabul qilish 
haqidagi taklifimizni Karimov hukumati javobsiz qoldirdi. Shunga qaramay, "Erk" partiyasi 
O’zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi loyihasini ishlashda davom etdi. 
O’zbekiston Kompartiyasi sekretari Karimov esa, Yangi Konstitutsiya emas, o‘z partiyasining 
xalq ichida ta’sirini kuchaytirish orzulari bilan yashardi. "Pravda Vostoka" gazetasining 16. 08. 
1990 yil sonida bosilgan O’zKP Plenumi rezolyutsiyasida shunday deyiladi: "Plenumning 
asosiy vazifasi xalq ommasi orasida siyosiy va mafkuraviy ta’sirni oshirish va xalq ongiga  
markscha-lenincha ta’limotning ijodiy interpretatsiyasi shaklini berishdir."
Karimov 20 iyun kuni Oliy Kengash zalidan qochgan paytda, uning ikkinchi sekretari Yefimov 
Moskvaga shikoyat telefoni qilayotgandi. Bu manzara "markscha-lenincha ta’limot"ning 
O’zbekistondan daf bo‘lishi uchun faqat Yefimovlar emas, Karimovlar ham, uning atrofidagi 
butun kommunist yaloqxo‘rlar ham daf bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib turardi. Ammo biz bu 
manzaraning ma’nosini yillar so‘ngra angladik. Biz, kommunistlar o‘zgarishi mumkin, deb 
umid qilgandik. Mana, Moskvada o‘zgarayapti-ku, deb o‘ylardik. Ammo o‘ylagandek bo‘lmadi. 
Biznikilar Moskvadagilarga o‘xshamas ekanlar, loyi pishiq joydan olingan ekan, hech 
o‘zgarishmadi, aksincha yana-da kommunistroq bo‘ldilar. Kommunistlikni Stalindan ham 
o‘tkazdilar.
Deklaratsiya mojarosidan keyin ba’zi "Erk"chilar hukumatga tazyiq vositasi bo‘lgan namoyish 
va mitinglarni yangidan jonlantirish zaruratini so‘ylay boshladilar. Ommaviy yig‘inlar bosimi 
bilan Oliy Kengashda biz istagan hujjatlarning qabul qilinishiga erishish fikrini olg‘a surdilar. 
Ammo namoyishchilar bir marta kaltaklangandan so‘ng, ikkinchi yig‘inga birinchi yig‘inga 
chiqqan odamning yarmi ham kelmasdi. Buni "Birlik" davrida tajriba qilib ko‘rgandik. Odamlar 
mitingga bayram va shanlikka kelganday kelishni istardilar. Odamlar mitingga kelib, kaltak 
yeyishni, haqorat eshitishni istamasdilar. Buni istamaslik ularning fuqaroviy haqlari edi. 
Ammo ularning ko‘nglidagidek mitinglarni Ovrupoda o‘tkazish mumkin edi. Bu yer esa, 
O’zbekiston edi. Bu yerda namoyishchi kaltak va haqoratga tayyor bo‘lib kelishi lozim edi. 
Hatto bu namoyishchi ayol bo‘lsa-da, hatto bola bo‘lsa ham. Dunyoning hech bir yerida 
103

Muhammad Solih - Yo'lnoma
namoyishlar Toshkentda o‘tgani kabi osoyishta va madaniy o‘tmagan, ammo hech bir yerda 
bu madaniy namoyishchilar Toshkentdagi kabi vahshiyona kaltaklanmagandi.
Bu vaziyat "Erk"chilarni shunday xulosaga olib keldi: agar namoyishchilar soni hokimiyatning 
kaltagidan keyin yanada ko‘paysa, namoyish tashkil qilishda davom etish kerak. Aksincha, 
bu son ozaysa, namoyishni to‘xtatish kerak, chunki, odamlar u paytda faqat namoyish emas, 
milliy harakatning boshqa tadbirlaridan ham hurkadigan bo‘lib qolishadi. Masala - hokimiyat 
ursa-da, qirsa-da maydonda turoladigan, urgan sari ozayib emas, ko‘payib boradigan 
dinamik olomon masalasi edi.
Shu mulohazalar asosida miting va namoyishlar vaqtincha o‘tkazilmasligiga kelishildi. Oliy 
Kengashning oktyabr oyiga mo‘ljallangan sessiyasiga ba’zi qonun loyihalarining 
alternativlarini tayyorlash va eng muhimi, Konstitutsiya loyihasini tezroq bitirib, biror bir 
matbuot organiga berish haqida partiya qaror qabul qldi. 
  
DINIY GURUHLAR
 To‘qsoninchi yilga kelib, sovet davrida juda tor doirada faoliyat ko‘rsatgan diniy guruhlar ham 
jonlanib qoldi. Ular o‘z tabiati bilan kommunistik tuzumning ashaddiy dushmani edilar va 
boshqa ijtimoiy guruhlardan farqli o‘laroq sho‘rolar hokimiyatining insoniy yo‘nda isloh 
bo‘lishiga ishonmasdilar. Bu toifadagi dindorlar Sovet maktabida 8-sinfgacha o‘qigan, ammo 
diniy ilmni sistemali egallagan kishilar edi. Ular 60-yillardan to 80 yillar oxirigacha yosh 
bolalarga yashirin ravishda Qo‘r’oni Karimni o‘rgatib, islom dinini O’zbekistonda yashatishga 
muvaffaq bo‘lgandilar. Ammo hech qachon siyosatga aralashmagan, biror siyosiy guruhga 
hayrihohlik bildirishmagandi. 89-90 yillarda milliyatchi harakatlar ularni ham jur’atlantirdi va 
ayri-ayri faoliyat ko‘rsatgan kichik guruhlar biror mulla atrofida uyusha boshladilar va darrov 
konkret faoliyatga o‘tdilar. 1989 yil boshida Toshkentdagi madrasa muallimi bo‘lmish 
Muhammadsodiq Muhammadyusuf atrofida to‘plangan guruh o‘sha paytdagi O’rta Osiyo 
Diniy Boshqarmasi boshlig‘i muftiy Boboxonni "ag‘darib" o‘rniga Muhammadyusufni qo‘ydilar. 
Bu diniy harakatning birinchi g‘alabasi edi. Dindorlar miting, namoyish yo‘li bilan, ular yomon 
ko‘rganlari o‘sha "demokratik" uslub bilan ham "adolatning tantana qilishi"ga sabachi bo‘lishi 
mo‘mkin ekanligini ko‘rdilar. Bu boshqa guruhlarni ham ilhomlantirdi, ularning tashkilotlanish 
jarayoni ikki karra tezlashdi. 90-yillarning oxirida O’zbekistonda o‘z programmasini e’lon 
qilishga tayyor kamida uchta guruh mavjud edi. Ular jamiyatda fuqaroviy tashabbuslarning 
ahamiyatini his qila boshlagandilar, demokratiya tirgaklaridan bo‘lgan institutlar - vaqf, 
jamiyat, to‘garak va partiyalarning legal zaminda davlat siyosatiga ta’sir qilishi mumkinligiga 
qanoat hosil qilgandilar. Bu juda muhim ijtimoiy voqea edi. Ammo hukumat buni anglamadi. 
Hali siyosiy harakatlar muammosini yechishga ulgurmay, diniy jabhaning paydo bo‘lishi 
hukumatni chinakamiga qo‘rqitib qo‘ydi. Uning ikki jabhada urushishga na kuchi, na imkoni 
bor edi. Shuning uchun bularni, jabhaga aylanmasdan oldin, bir-bir yo‘q qilish rejasini tuza 
boshlagandi. 
Aslida, 90-yilda diniy harakatlarni o‘lka ijtimoiy hayotiga sog‘lom bir shaklda integratsiya qilish 
imkoni paydo bo‘lgan edi. Ammo hukumat o‘zining kaltabin siyosati bilan ularni butun 
haqlaridan judo qildi, radikalizm botqog‘i tomon haydadi. 2000 yilga kelib O’zbekistonda va 
Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan istiqrorsizlikning bosh sababi O’zbekistondagi rejim yuritgan 
o‘n yillik siyosat ekanini juda ko‘pchilik bilmaydi.
Keyinroq, 93-94 yillarda paydo bo‘lgan "vahobiy"lar atamasi, aslida, 90-yil O’zbekiston KGBsi 
tarafidan xalq ichiga sizdirilgan tushuncha edi. 90-91 yillarda "vahobiy"lar vatani deb iddao 
qilingan Saudiya Arabistonidan o‘zini dindor deb atagan, ammo dinga aloqasi bo‘lmagan, 
puldor maishatparastlar O’zbekistonga kelib bizning mullalarimizga aql o‘rgatishga intilgani 
104

Muhammad Solih - Yo'lnoma
bor gap. O’zbek - dindor millat, falonchi Makkadan kelibdi, desa, uning etagini o‘padigan 
odati bor. Lekin ming uch yuz yil shariat va sunnatga bog‘liq yashagan xalqning bir yilda 
"vahobiy"ga aylanishi mumkinmi? Bunga ishongan yo axmoq yoki munofiq. Hukumatni, 
albatta, ahmoq deyish qiyin. Ammo uni ikkichi sifat bilan sifatlantirsak, unga haqorat 
bo‘lmaydi. O’zbekiston hukumati "vahobiy" kalimasini shu qadar udumga kiritdi-ki, bugun bu 
uydirma kalima butun kommunist diktatorlarning og‘zidan tushmaydi. Hatto demokrat 
sanalgan Yeltsin, uning merosxo‘ri Putin ham "vahobiy" bilan yotib, "vahobiy" bilan tura 
boshladilar. Bu so‘z G’arb dunyosida moda bo‘lgan "terrorist", "fundamentalist" tushunchalari 
bilan raqobatlashadigan darajaga keldi. O’zbekiston Prezidentining o‘z mamlakatida, Rusiya 
rahbarlarining Chechenistonda qilgan tajovuzkorliklari "vahobiy" kalimasi bilan oqlandi. 
"Vahobiy" shunaqa g‘aroyib topilma bo‘ldi. Uni 1990 yilda O’zbekistonning "shonli" KGBsi 
topdi.
O’zbekistondagi diniy guruhlarning aksariy qismi 1992 yildan boshlab qaytadan "er osti" 
faoliyatiga o‘tdi. Kichik bir qismi siyosiylashdi, Xizbi-ut Tahrir deb atalgan tashkilot real 
zamindan uzoqlashib, ba’zi arab o‘lkalarida moda bo‘lgan "xalifalikni tiklash" g‘oyasini targ‘ib 
qila boshladilar. Ba’zilari qo‘liga qurol olib, jihodga shaylanmoqdalar. Ularning ba’zilarida 
alamzadalik, o‘zidan boshqani "kofir",deb atashga moyillik bor. Agressiyaning bu ko‘rinishi 
O’zbekiston hukumatining o‘z xalqiga ko‘rsatayotgan ateistik xurujining aynan aks 
tasvirlaridir. 
Men 80-90 yillarda O’zbekistondagi mavjud diniy guruhlarning yetakchilarini yaqindan 
taniganman. Ular bilan munosabatimiz doim ochiq va samimiy bo‘lgan. Ma’lum tushuncha 
sohibi sifatida bir-birimizdan o‘rganadigan narsamiz ko‘p edi. Hech kim bir-birini johillikda 
ayblamas, o‘z bilganini madaniy bir shaklda izohlar, tortisharkan, hech kim haddidan 
oshmasdi. Shunday suhbatlarimizda ko‘p ishtirok etgan birodarlardan Alovuddin Mansurni 
hurmat bilan eslayman. Balki, O’rta Osiyo diniy liderlari ichida nomenklatura, mansab va 
saroy o‘yinlariga eng oz aralashgan, to‘g‘rirog‘i, hech aralashmagan bir odam. Ilmi chuqur, 
lisoni toza va fikri qotib qolmagan zamonaviy mulla. Diniy guruhlar shunday zehniyatdagi 
shaxslar atrofida tashkilotlansa, bundan qo‘rqish emas, quvonish kerak. To‘g‘ri yo‘lda 
birlashgan kuchdan jamiyatga faqat foyda kelishi mumkin.
90-yil oxirida siyosiylashgan diniy guruhlardan ba’zilari "islom davlati" va "xalifalik"ni asos 
qutqaruvchi kuch ekanini gapira boshladilar. Bu dunyo uchun original g‘oya bo‘lmasa-da, biz 
kabi tushunchalarini erkin aytishga endigina o‘rganayotgan jamiyat uchun original edi. 
Boshqa tarafdan "islom davlati" vag‘ "xalifalik" haqida gapirayotgan odamlar na islomni, na-
da davlatni bilishardi. Ular Osiyo va Afrika qit’alarida o‘zlarini "islom jumhuriyati" deb atagan 
o‘lkalar haqida jo‘n va cheklangan tasavvurlariga suyangan holda mushohada qilishardi.
Payti kelgan ekan, bu xususda bir necha so‘z aytmoq istayman: birinchidan, "islomiy davlat" 
termini noto‘g‘ri termin. Chunki, davlat islomiy yoki nasroniy bo‘lolmaydi. Davlat bir vositadir, 
boshqaruv vositasi. Davlat bir mexanizm, insonlar foydalanadigan bir tizim, yanada 
qo‘pollashtirsak, bir inshoot. Inshoot hech qachon islomiy bo‘lolmaydi. 
Lekin bu inshootni boshqargan, bu inshootda yashagan odamlar muslimon bo‘lishlari 
mumkin. Davlat rahbarlari islomiy bo‘lishlari mumkin. Xuddi shuningdek, Qur’oni-Karimni "bu 
bizning Konstitutsiyamiz" deyish ham Qur’oni-Karimni kamsitish, uni insonlar yaratgan 
mahluqqa tenglashtirishdir. Qur’oni-Karim ma’no e’tibori-la nainki bir davlat, bir jamiyat, hatto 
yer yuzidagi butun davlatlar, balki, butun Koinot muammolarini qamragan misli yo‘q, ilohiy 
kitobdir. Ayni paytda Qur’oni Karim Ollohning birligini tanigan insonlar uchun indirilgandir. Bu 
kitob muslimlarning, ya’ni, Ollohga taslim bo‘lganlarning kitobidir. Inson zoti yaratgan 
davlatda esa, Ollohga inonganlar qatorida, inonmaganlar ham yashaydilar. Ularni muslimon 
qilish yoki qilmaslik Ollohning ixtiyoridadir. Bir muslimon rahbar, muslimon hukumat, 
105

Muhammad Solih - Yo'lnoma
muslimon xalq ichida g‘ayrimuslim bo‘lgan odamlar ham yashashlari mumkin. Marhamatli 
Olloh qatida ularning ham haq-huquqlari bor. Bu haq-huquqlarni muslimonlar boshqargan 
davlatning poymol qilishga haqqi yo‘q. Muslimonlar huquqi bilan barobar g‘ayrimuslim 
huquqlari ham davlat tarafidan muhofaza qilinmog‘i shart. Qur’onda muslimonga farz qilingan 
narsalarni g‘ayrimuslimdan talab qilishning iloji yo‘q. Demak, davlat faqat muslimon emas, 
g‘ayrimuslimni ham qamraydigan Konstitutsiya chiqarishi kerak. Bu holda, davlat 
Konstitutsiyasini Qur’onga tenglashtirish nafaqat ma’naviy, balki huquqiy jihatdan ham 
noto‘g‘ri bo‘ladi.
Lekin davlat o‘z qonunlarini Qur’oni Karimda ko‘rsatilgan mukammal inson bo‘lish 
mezonlariga asoslanib tayyorlashi mumkin. Faqat bu qonunlar hech qachon shariat 
bo‘lmagani kabi, bu qonunlar jamg‘armasi aslo Qur’oni Karim bo‘lolmaydi.
Halifalik haqida bir og‘iz so‘z. Bu g‘oyani tashviq qilishga intilayotganlar ham Xulofai-
rashidindan so‘ngra (to‘rt xalifa - Hazrati Abubakr, Umar, Usmon, Ali radiollohu anhlardan 
keyin) Payg‘ambarimiz bashorat qilganlaridek, muslimonlarni xalifalar emas, maliklar 
(podshohlar) boshqarishini bilishmaydiganga o‘xshaydi. Keyin o‘zini "xalifa" e’lon qilganlar 
qaysi podshoh kuchli bo‘lsa, o‘shaning nomiga xutba o‘qiganini ham bilishmaydi... Xalifalik 
qurishdan avval, shu o‘zimizning qishloqdagi uchta mullaning boshini bir yerga keltirishni, 
keyin kengroq miqyosda, tuman miqyosida muslimonlarning hamjamiyatini saqlash, keyin 
kuch va umr yetsa, viloyat va hatto O’zbekistondagi mo‘‘minlar birligini o‘ylasak, ham 
o‘zimizga ham boshqalarga yaxshilik qilgan bo‘lar va balki, shu bilan Ollohu taoloning 
roziligini qozongan bo‘lardik.
  
Download 0.87 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling