Muhammad Solih yo’lnoma


Download 0,87 Mb.
Pdf ko'rish
bet12/21
Sana23.11.2020
Hajmi0,87 Mb.
#150365
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   21
Bog'liq
muhammad-solih-yolnoma


SAYOHATNING HIKMATI
Sakson to‘qqizning noyabrida SSSR Yozuvchilar Soyuzi yo‘llanmasi bilan Finlyandiyaga 
ketdim. Guruhda rus shoirlari Bella Axmadullina, Aleksey Parshchikov, yana bir shoira va bir 
tanqidchi bor edi. Bu sayohat men uchun Sovet adiblari bilan birlikda so‘nggi sayohat bo‘ldi.
84

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Issiq Toshkentdan so‘ngra sovuq Xelsinki asablarimni yumshatdi. Fin shoiri eski do‘stimiz 
Yukka Mallinen bizga hamroh bo‘ldi va o‘z xalqining madaniyati bilan tanishtirdi.
Safarda Bella Axmadullinani yaqinroq tanidim. Bu ayol 60-yillardayoq Sovet Ittifoqida shuhrat 
cho‘qqisiga chiqqan va sakson to‘qqizda ham dunyoga o‘sha yuksaklikdan boqib turardi. 
Top-toza shoir edi. Ilk qarashda bu xonimning ochiq ko‘ngilligi o‘yinga o‘xshab ko‘rinardi, 
ammo vaqt o‘tgan sari uning samimiyati har qanday shubhani eritib yuborardi. Turmush 
o‘rtog‘i Boris undan shikoyat qilardi, ammo uni injitajak eng kichik harakatga darrov qarshilik 
ko‘rsatar, bu darvesh xotinni himoya qilardi. Bu ichkin vafodorlik meni tuyg‘ulantirgandi.
Aleksey Parshchikov yangi rus she’riyatining namoyandasi edi. O’sha paytlarda dong‘i 
chiqqan Ivan Jdanov va Aleksandr Yeremenko bilan bir taqimda sanalardi. Bular adabiy 
nomenklaturadan uzoq bo‘lgandek, unga go‘yo muxolif sanalgan Yevtushenko kabi liberal 
shoir-publitsistlardan ham uzoq turdilar. Ular o‘zlarini "toza she’riyat" yaratayapmiz, deb 
tasavvur qilishardi. O’zi haqidagi tasavvurlardan ilhomlanishardi. Ular hammasi samimiy va 
iste’dodli edilar. Finlyandiya shaharlarida aylanib mushoira qilarkanmiz, men o‘z 
she’rlarimdan anchagina uzoqlashganimni his etdim. Ularni o‘qirkan, ilgarigiday 
zavqlanmasdim. Shu bois, uchrashuvlarda qisqa gapirishga, ko‘proq do‘stlarimning 
chiqishlarini eshitishga harakat qildim.
Bir qishloqqa borganimiz esimda. U yerda monastr mehmonxonasida tunagandik. Biz 
Aleksey Parshikov bilan safar programmasi tugamasdan Moskvaga qaytib keldik. Moskvada 
she’riyatdan asar ham yo‘q edi. Hamma siyosat haqida gapirishardi. Hatto shoirlar ham. 
Shuni qo‘rquv ichida ko‘rdim-ki, men qaytib borishni orzu qilayotganim u sokin go‘sha ortiq bu 
Sovetlar dunyosida yo‘q edi. Ovrupoliklar ta’bir qilgan u "fil suyagidan ishlangan minora," 
ilhom parisining go‘shangasi, she’riyat maskani qayta qurish nag‘oralari chiqargan shovqin 
to‘lqinlaridan bir antik me’morlik obidasi kabi qulab tushgandi. Bor-yo‘g‘i bir necha yil avval 
sirli ko‘ringan shoirlarda ortiq hech bir sirlilik qolmagandi. Ilgarilari shoir cho‘ntagida bir chaqa 
yo‘q, SDL (Sentral’nыy dom literatorov) barlarida o‘tirar ekan, tevaragi shomon mistitsizmi 
bilan o‘ralgan bo‘lardi. Endi esa, o‘tirgan shoirning nafaqat kissasida pul, tevaragidagi mistik 
o‘rtuk ham g‘oyib bo‘lgandi. Bu g‘aroyib hodisa azim shahar Moskvaning ham shakli-
shamoyilida aynan takrorlanardi. U ham salobatini yo‘qotgandi. Libosi o‘g‘irlangan qirolicha 
kabi ayanchli edi.
Albatta, bu g‘aroyiblikning qayta qurishga aloqasi yo‘qdi, balki qayta qurish bu g‘aroyib 
hodisaning mahsuli edi. Bu g‘aroyiblik insonlar, mamlakatlar, jamiyatlar va ularda kechadigan 
tarixga hokim bo‘lgan mutloq bir kuchning biz ojiz bandalariga ko‘rsatgan sehri edi. Agar bu 
kuch lozim ko‘rsa, butun dunyo, butun koinot xuddi o‘sha SDLda o‘tirgan shoir kabi bir 
soniyada marhamiyatsiz qolgan bo‘lardi.
Moskvadan Toshkentga uchar ekan, menda Finlyandiya safaridan avvalgi optimizm yo‘qdi. 
Toshkentdan ham fayz ketgandi. Faqat men buni siyosat bilan bo‘lib, sezmagandim, 
ko‘rmagandim, bosh ko‘tarib, atrofga qarashga vaqt topolmagandim. Endi bilardim-ki, 
Toshkent ham xuddi Moskva kabi, hatto undan ham battarroq edi.
Ollohu Taoloh bizga hurriyatning bir uchini ko‘rsatgandi. Biz undan odam kabi foydalana 
olmagandik. Birimiz bu hurriyatdan mast bo‘lib, ko‘chaga chiqdik, ikkinchimiz uning soyasida 
taxtga o‘tirdik, uchinchimiz uni rad etib, eski zamonlarni qo‘msadik.
Va Yaratgan har kimga loyiq bo‘lgan maqomini berdi: hurriyatdan sarxushlarni osiy qildi, 
undan foydalanib taxtga chiqqanlarni zolim ayladi, uni rad etganlarni eski maqomiga, qullikka 
jo‘natdi.
85

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Bu uch mahluqdan hech birida bir-biriga marhamat yo‘qdi. Osiylar butun kuchi bilan 
zolimlarni, zolimlar bor quvvati bilan osiylarni, qullar butun nafrati bilan har ikkalasini la’natlay 
boshlagandilar. O’zbekistondagi tuzum o‘sha qayta qurish davrida yoqqan la’nat toshlari 
ustiga insho etilgandir. Bu zulm inshooti bizning qalblarimizga marhamat ingan kun 
yiqilajakdir. Qoidasi shudir, boshqa yo‘li yo‘qdir. Boshqa yo‘li bo‘lsa ham, u yo‘l yanglishdir. 
Chunki, bir zulmni ikkinchi zulmga almashtirish bilan hech narsa o‘zgarmaydi. G’oya - 
zulmdan voz kechish bo‘lmog‘i kerak. Zulm o‘rniga marhamat yerlashmog‘i kerak. To‘g‘ri yo‘l 
degani shu.
 
 
QOCHISH
Toshkentga kelib, "Birlik" Qurultoyining o‘tgani va u yerda tashkilotning yangi rahbariyati 
saylanganidan xabar topdim. Meni tashkilot faoliyatida yangidan ishtirok etishga undadilar. 
Men rad etdim. Rad etib, to‘g‘ri qilganimni bugun anglayapman.
Sakson to‘qqizning oxiri va to‘qsoninchi yillarning boshiga kelib, Sovet Ittifoqidagi siyosiy 
vaziyat yangi fazaga kirgandi. Biz buni o‘sha paytda idrok etmagandik, albatta.
Bir shaxs, bir guruh yoki bir xalq muayyan nuqtada kutilmagan bir harakat qilarkan, bu ilk 
qarashda mantiqsiz va g‘ayri-ixtiyoriy ko‘rinsa-da, keyinroq uning hayratlanarli darajada 
mantiqli va pragmatik ekani ma’lum bo‘ladi. Sakson sakkizinchi yilda Sovet Ittifoqi 
jumhuriyatlarida "Narodnыy front", "Xalq jabhasi", "Xalq harakati" nomlari ostida tuzilgan 
barcha milliy tashkilotlar 90-yil boshlarida o‘z strukturalarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldilar. 
Yuzaga kelgan yangi siyosiy vaziyatda bu stixiyali dunyoga kelgan mo‘rt tashkilotlar o‘zining 
layoqotsizligini ko‘rsata boshlagandi. Mobil, intizomli, aniq maqsadga yo‘naltirilgan, qat’iy 
ierarxiyali tashkilot davr talabiga aylangandi. Shuning uchun ham Boltiqbo‘yida, Rusiyada, 
Kavkazda "Narodnыy frontlar" parchalanib, siyosiy partiyalarga aylana boshlagandi. Bu 
normal siyosiy jarayon edi. Lekin biz kabi uzun yillar mustamlakada qolib, hurriyat parchasi 
tushgan mazlum xalqlardan "normal siyosiy jarayon"ni darrov anglashni talab qilish mumkin 
emasdi. "Birlik" harakati yetmish yil mustamlakadan so‘ng xalqning o‘zi ta’sis etgan ilk siyosiy 
tashkilot edi. Junbushga kelgan xalq uchun bu tashkilotni mesimaslik, uning o‘zini mesimaslik 
degan gap edi. Bu tashkilot safiga qo‘shilish sharaf, undan chiqish esa, xiyonat sanaladigan 
bo‘lib qolgandi. Shunday bo‘lib qolganini 89-ning oxirida men bilmasdim. Men hali ham 
individual hurriyatning izmida edim. Hali ham istagan joyimga borib, istamagan joyimga 
bormayman va borishga meni hech kim, hech narsa majbur qilolmaydi, deb o‘ylardim.
Hali umumning hurriyatini yaxshi tanimasdim. Bu hurriyat o‘ziga xos, despotik bir hurriyat edi. 
Men buni "Birlik"dan chiqqanimni e’lon qilganda his etdim. 
Finlyandiyadan qaytib, "Birlik"dan chiqqanimni e’lon qildim. Do‘stlarga qo‘limdan kelganini 
bajarganim va ortig‘iga kuchim yetmasligini aytdim. Tashkilot mensiz ham yuraveradi, balki, 
tezroq yuraboshlaydi, dedim. Ular e’tiroz bildirishmadi. Ammo Yozuvchilar Uyushmasiga 
kelayotgan xalq "Birlik"dan ketishimni yaxshi qabul qilmasdi. E’tirozlar borgan sari kuchaydi. 
Men bunga e’tibor bermadim. Finlyandiya safaridan avval miyamda programmalashgan 
she’riyatga qochish fikri meni hamon jazb doirasida tutib turardi. 
 "Fil suyagidan ishlangan minora" yiqilgan bo‘lsa, o‘zim yangi minora tiklayman, deb 
o‘ylardim. 
86

Muhammad Solih - Yo'lnoma
O’ylaganim bo‘lmadi. Minoralarni tiklash zamoni hali kelmagandi. Minoralarni yiqish davri 
davom etayotgandi. 
Mening "Birlik"dan ayrilishim umumning nafsoniyatiga tegdi. Umum meni ortiq o‘zining bir 
qismi deb bilardi. Umum junbushga kelganda, men ham jazavaga tushmog‘im shart edi. 
Umum baqirgan paytda men ham jim turmasligim kerakdi. Umum qah-qaha otsa, mening 
xo‘mrayib o‘tirishim aslo mumkin emasdi. Umum tursa turib, o‘tirsa o‘tirmog‘im, o‘l desa, o‘lib, 
yasha desa, yashamog‘im kerak edi.
Men bunday rejimda yashay olmasdim. Menda nafas olish ritmi umumning ritmiga mos 
kelmasdi. Odamlarning tazyiqi, yaxshi niyatda qilinayotgan bo‘lsa-da, meni "Birlik"dan 
yanada uzoqlashtirdi.
To‘qsoninchi yilni "Birlik"siz kutib oldim. Qarshimda yashalmagan bir bosqich, yozilmagan bir 
sahifa turar edi. Uni qanday yashash, unga nimani yozish mening ishim, boshqa hech 
kimning ishi emasdi. Harholda, men shunday xayol qilardim. 
1990 yil
 
YANGI TASHKILOT
 Yangi yilda orzu qilganimdek, "she’riyat diyori"da gizlana olmadim. Orzu qilmaganimdek, 
yana o‘sha siyosat ostonadan ketmay turardi.
Yozuvchilar Uyushmasiga kelayotgan xalq miqdori o‘sha-o‘sha, ommaning faolligi hali ham 
yuksakdi. Bir ilmiy institut xodimlari bilan uchrashuvda siyosiy mustaqillik haqida 
gapirgandim. Mavzu men kutgan darajada tavajjuh ko‘rmadi. Ammo ikki-uch kun o‘tmay, bu 
fikr o‘z doirasini kengaytirgani ma’lum bo‘ldi. Olimlardan bir-ikkitasi kelib, birga bu fikrni 
munoqasha qilishga urundik. Siyosiy mustaqillik g‘oyasi yozuvchilar orasida doim tortishilgan 
g‘oya edi, ammo xalq oldida chiqib gapirilmagan edi. "Birlik"ni tuzayotib ham, bu g‘oyani 
harakat dasturiga kiritishni o‘ylamagandik. Chunki, kiritishning hech imkoni yo‘qdi, to‘g‘rirog‘i, 
vaqti kelmagandi.
To‘qsoninchi yilning yanvar oyida bir necha kishi Yozuvchilar Uyushmasida o‘tirib, buning 
vaqti kelganini bir-birimizga aytdik. Mustaqillik g‘oyasini siyosiy platformaga qo‘yib, xalq 
oldiga chiqarishning vaqti kelgandi.
Balki bu g‘oya Sovet mustamlakasida nisbatan oz yashagan Boltiq jumhuriyatlari uchun 
radikal g‘oya emasdi, ammo 135 yil rus istibdodi ostida ezilgan o‘zbeklar uchun mustaqillik 
g‘oyasi 1980-yillar oxirida radikal sanalardi.
Shu g‘oya bilan chiqadigan bir siyosiy partiya tuzish qaroriga keldik. Bu qarorga kelganlar 
yana uch-to‘rtta kishi edi. Xuddi "Birlik"ni tuzgan paytdagiday uch-to‘rtta xayolparast yangi 
mojoro ostonasida parvoyi-falak turardik. Menga yangi bir hayajon hujum qilgandi. Hayotim 
bo‘yi tasvir etganim mubolag‘a, lof, ovrupocha aytganda "giperbola" hozir amaliy bir hujjatga 
aylanishi arafasida turardi.
Bor yo‘g‘i to‘rt yil avval, sakson oltinchi yilda bu g‘oya bir tashbeh edi, xolos:
 
TILCHINING DEGANI
87

Muhammad Solih - Yo'lnoma
 
"Erk" so‘zi
Otasi emasmikan "erkak" so‘zining?
Shunday bo‘lishi mumkin
Faqat o‘tgan zamonlarda.
 
"Erk" so‘zida balki,
Umuman ma’no yo‘qdir,
"Erk" so‘zi shunchaki
O’layotgan askarning bo‘g‘zidan chiqqan
"Hiq"qillashidir?
Shunday bo‘lishi mumkin,
Faqat afg‘on tomonlarda.
 
Biz uchun esa,
Erinchoq odam to‘qigan so‘zday tuyular u,
shunchalar qisqa:
Erk.
 
1986 ("Orzu fuqarosi", 1990)
 
Biz erinchoq o‘zbeklar, nihoyat, bu so‘zni oshkora talaffuz qilishga jur’at qilgandik. Yangi 
tashkilotni "Erk" deb ataydigan bo‘ldik. Bu nom faqat she’rlarda zikr qilingan g‘oya emas, 
balki, 20 asr boshida Rusiya va Turkiston jadidlari tuzgan siyosiy tashkilotning ham ismi edi. 
Xuddi "Birlik" kabi "Erk" ham ma’lum ma’noda jadidlar harakatini davom ettirishga bo‘lgan 
ruju natijasi edi.
Faqat ba’zi og‘aynilarimiz "Erk"ning birdaniga siyosiy partiya deb e’lon qilinishiga etiroz 
bildirishdi. "Harakat" bo‘lsin, keyinroq "partiya" deb ataymiz degan fikr o‘rtaga tashlandi.Bu 
kommunistik partiyaning o‘ziga raqib chiqishiga tahammul qila olmasligi bilan izohlandi. Fikr 
mantiqli ko‘rindi va aprel oyigacha "Erk" xalqqa harakat deb tanitildi.
"Erk"ning tuzilish jarayoni og‘riqli kechdi. "Birlik"dagi do‘stlar buni birdaniga qabul qila olmadi. 
Po‘latov va uning bir-ikkita yaqini meni "Birlik"ni parchalaganlikda ayblab, tashviqot 
mashinasini ishga solib yuborishgandi.
Eng sodiq bo‘lganlar, meni uzoq yillar tanigan og‘aynilarimiz ham shubha domiga 
tushgandilar. Ular mendan shubhalanishardi. Bu meni g‘azablantirardi. Xuddi mendan 
shubha qilish mumkin emasday g‘azablanardim. Soddalik shu qadar edi.
"Erk"ning tuzilish jarayoni faqat bizni emas, hukumat shovozni ham hayajonlantirgandi. 
Hukumat, Xudo yorlaqib, bizni qo‘llaydigan bir tashkilot qurilsa, deya qo‘llarini ishqab, 
yenglarini shimarib turardi. "Erk"ning tuzilish bosqichida, hatto keyin ham, to aprel oyigacha, 
tashkilotning ta’sis Qurultoyiga qadar hukumat o‘z umididan voz kechmagandi. Hukumatda 
bu umidni tug‘dirgan narsa "Erk" dasturi loyihasida uning konstruktiv muxolifat bo‘lajagi 
haqidagi bayonot edi.
Shu umid bilan, 1990 yil fevral oyida o‘tgan Oliy Kengashga saylovlarda mening nomzodim 
ko‘rsatilar ekan, hukumat qarshilik qilmadi. Aksincha, Kompartiyaning Toshkent shahar 
sekretari Adham Fozilbekov menga "nomzodingizni Talabalar shaharchasidan emas, 
Professorlar shaharchasidan ko‘rsating, g‘ala-g‘ovur kamroq bo‘ladi, biz ham qarshilik 
qilmaymiz," deb va’da berdi. Va, haqiqatan ham qarshilik qilishmadi. Bu Kompartiyaning 
menga ko‘rsatgan birinchi va so‘nggi toleransi edi.
88

Muhammad Solih - Yo'lnoma
 
SOKIN SAYLOV
 Bu saylov Islom Karimov rejimidagi ilk va so‘nggi nisbatan demokratik saylov bo‘lgandi. 
Ammo biz u paytda "bu saylov demokratiyaning boshlanishi, hali kamchiligi ko‘p, yanagi 
saylovlarda demokratiya yanada ko‘proq bo‘ladi," deb reja qilardik.
Adham Fozilbekov maslahat qilganidek, nomzodim Professorlar shaharchasidan ko‘rsatildi. 
Bu okrugdan yana ikkita kishi nomzodini ko‘rsatgan yoki ko‘rsatmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi. 
Biri O’zbekistonning sobiq kommunist rahbari Muhiddinov, ikkinchisi Toshkent Universiteti 
o‘qituvchisi Muxtor Shapsanov edi. Men Xorazmga, ota-onamni ziyorat qilishga ketgandim. 
Toshkentdan telefon qilishdi, Muhiddinov ekan. U bizning okrugdan o‘z nomzodini qaytarib 
olayotganini aytdi. Buni jumhuriyat kelajagi uchun, siz uchun qilayapman, dedi. Muhiddinov 
ko‘pni ko‘rgan diplomat, siyosatchi edi. Uning iltifoti va iliq gaplari uchun tashakkurimni 
bildirdim.
Toshkentga kelganimdan keyin Muxtor Shapsanovning ham o‘z nomzodini qaytarib olganini 
eshitdim.
Okrugda 89 foyiz yerli xalq, 11 foyiz rus tilida gaplashuvchi aholi bor edi. Bu raqam saylov 
natijalarida aynan aks etdi. 89 foyiz "ha", 10 foyiz "qarshi" ovoz oldim. Anishchev va 
Satinlarning menga qarshi propogandasi rus aholisi ichida hali ham ustivor edi.
Oliy Kengashning 1990 yil vujudga kelgan tarkibi Sovet O’zbekistoni uchun yap-yangi voqea 
bo‘ldi. Saylangan deputatlarning naqd 5 foyizi kommunist bo‘lmagan odamlardan tashkil 
topgandi. Bu aql bovar qilmas progress edi. O’tmishda kommunist bo‘lmagan hech bir kimsa 
deputat bo‘lish u yoqda tursin, bu haqda orzu ham qilolmasdi.
Albatta, hukumat har bir okrugda viloyat rahbarlari va o‘ziga yaqin odamlarni ko‘rsatishga 
intildi, ammo ularga muqobil nomzod qo‘yilishiga ham qarshilik ko‘rsata olmadi.
Ko‘rsatsa ham bu qarshilik hamma yerda muvaffaqiyatli chiqmagandi. Oliy Kengashning 
birinchi majlisi mart oyining boshida o‘tdi. Men bu yig‘inda qatnasha olmadim. Mart oyining 
boshida Moskvadagi AQSh elchisi Metlokning taklifi bilan 4 kishilik guruh ichida Amerikaga 
bir oylik safarga chiqdim.
  
AMERIKA
 Safar programmasi bir oyga mo‘ljallangandi. Unga, asosan, Amerika etnografiyasi va u 
yerlardagi milliy qavmlarning turmush tarzi bilan tanishuv reja qilingandi. Balki, bunday bir 
programma darajasida O’rta Osiyodan chaqirilayotgan ilk kishi edim. To‘g‘rirog‘i, shunday 
programmaga qatnashishga izn berilgan ilk odam. Chunki, Sovet Ittifoqi o‘z fuqarolarini milliy 
qavmlar ahvoli bilan qiziqish, uni muhokama qilish darajasida erkin yetishtirgandi. Bunday 
muhokamalar yozilmagan qonun bilan ta’qiqlangandi. Faqat qayta qurish tufayli boshqalari 
qatori bu ta’qiq ham buzila boshlagandi. Mening 80-yillarda demografiya va til haqida yozgan 
maqolalarim G’arb sovetologlariga tanish edi. AQSh safari ro‘yxatiga ham shu bois tushib 
qolgan bo‘lsam kerak. Hamrohlarim Moskvadagi KPSS institutidan bir fan doktori, SSSR xalq 
deputati bo‘lgan bir gurji olim va yana bir etnograf, fan doktori xonim bor edi.
89

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Programma Amerikaning poytaxti Vashngton bilan tanishishdan boshlandi. Bizning 
delegatsiyamiz Amerika Informatsiya Markazi tarafidan da’vat qilingani uchun rasmiy 
hisoblanar va shunga ko‘ra, matbuot ham bu tadbirni yoritish uchun ogoh qilingan edi.
Shu bahona bilan "Amerika ovozi" radiosining o‘zbek sho‘‘basi boshlig‘i Abdulla Chig‘atoy biz 
turgan mehmonxonani topib keldi. Bu Amerikada duch kelganim birinchi o‘zbek muhojiri edi. 
Juda sevindim.
Vashngtonda uzoq qolmadik, o‘lkaning eng shimoliy mintaqasi Sietl shahriga uchdik. Sietl 
mart oyida sovuq edi. Provinsiyaga chiqib bir-ikki hindu qabilalari yo‘lboshchilari va 
hindularning yashash tarzi va urf-odatlari bilan tanishdik. Albatta, ularning yashash tarzi 
boshqa amerikaliklarnikidan hech farq qilmasdi. Farqi ular yashaydigan joy shahar 
sanalmasdi. Ko‘llar, o‘rmonlar bor edi. Hatto bir maydonda qazilma boylik ham borligini va bu 
hindularning milliy boyligi ekanligi, unga federal hukumat tegina olmasligi haqida gapirishdi. 
Lekin nasli qirilib bitirilgan bu noyob qavmni endi bunday boylik bilan aldash qiyin edi. 
Chunki, hindular bu boylikni qazib ololmasdi, qazib olsa-da ishlata olmasdi. Bunga ularning 
puli ham, ishchi kuchi ham yo‘q edi.
Amerika hindularga ba’zi haqlar berib, o‘tmishdagi ularga qilingan genotsid uchun kechirim 
so‘rayotgan edi go‘yo. Ammo bu kechirimni qabul qiladigan xalq yo‘q edi. U yer, bu yerda 
o‘zining hindu ekanini ta’kidlab, etnik kimligini jamoatga tanishtirishga urinayotgan guruhlar 
hindulikni dekorativ shaklda taqdim qilaolardilar. Ularning hinduligidan faqat bug‘doyrang 
vujudi va qora sochlari qolgandi. Zehnlarida esa, allaqachon o‘z hokimiyatni yo‘qotgandi. 
Sietlda biz turgan mehmonxonaga bir turk qizi keldi. Aspirant turkolog ekan, o‘zbekchani 
o‘rganayotgan ekan. Ismi Dilak Elchin, romantik, turkchi bir qiz ekan. O’zbekistondagi siyosiy, 
ijtimoiy va madaniy hayotdan ancha xabardor edi. Unga mening bu yerdaligimni Olmoniyada 
yashaydigan o‘zbek muhojiri, tarixchi olim Boymirza Hayit aytibdi. Dilakxonim menga Sietlni 
tomosha qildirdi. O’sha kuni Boymirza Hayitning o‘zi ham telefon qildi. Sizning ijodingiz va 
so‘nggi yillarda yozgan ishlaringiz bilan yaxshi tanishman, dedi. Yaqinda yuragim amaliyot 
qilingandi, agar bir hafta ichida o‘zimni yaxshi his qilsam, Amerikaga Sizni ko‘rishga kelaman, 
gaplashadigan gaplarimiz ko‘p, dedi.
Qayta qurishning so‘nggi bosqichida chet ellarda yashayotgan o‘zbek muhojirlarida 
"Turkistonning qutulishi"ga umid tug‘ilgandi. Ular imkonlari doirasida O’zbekistondan kelgan 
xabarlarni tahlil qilar, vatan taqdiri bilan qiziqishardi.
Boymirza Hayit o‘zbek muhojirlari ichida aktiv faoliyat ko‘rsatgan kishilardan biri edi. Ikkinchi 
jahon urushida olmonlarga asir tushib, "Turkiston legioni"da rus armiyasiga qarshi janglarda 
qatnashgan bu o‘zbek ziyolisi turkistonlik siyosiy arbob Mustafo Cho‘qayning safdoshi Vali 
Qayumxon bilan birga faoliyatga boshlagandi. Boymirza Hayit urushdan keyin Olmoniyada 
qolib, u yerda uylangandi. Elliginchi va oltmishinchi yillar orasida qator jamiyatlar tuzib, 
Turkiston masalasini dunyo jamoatchiligiga anglatishga urungan fidoiy odam.
Sietldan so‘ngra, yanglishmasam, Chikago mintaqasidagi ispan tilli aholi liderlari bilan 
uchrashgandik. U yerda eski do‘stim Indianalik turkolog olim Devin Devisni tasodifan uchratib 
qoldim. Birga qahva ichdik, 80-yillarni esladik. Oradan bor-yo‘g‘i olti yil o‘tgandi, ammo bu 
qisqa oraliq abadiyat kabi ko‘rinardi. Bu qisqa vaqt ichida Sovet Ittifoqida katta voqealar yuz 
bergandi.
Keyin Luizana, so‘ngra San-Antonio va yana bir necha shtatda safar programmasini ado 
etdik. To‘satdan yog‘ilgan taasurotlar bir oz charchatdi. Nyu-York programmasi 
boshlanganda mutasaddilardan qolgan bir haftada menga ijozat berishlarini so‘radim, "yo‘q" 
deyishmadi va men Nyu Yorkda joylashgan o‘zbeklar yoniga ketdim.
90

Muhammad Solih - Yo'lnoma
U yerda "Turkiston" jamiyatining raisi Ne’mat Begish kutib oldi. Bir necha o‘zbek xonadonida 
mehmon bo‘ldim. Hammasi samimiy qarshiladilar. O’zbekiston haqida ko‘p so‘radilar, ko‘p 
suhbatlashdik. Turkiyadan Ahad Andijon degan yigit yetib keldi. Uni tanimas edim. Turkiyada 
ham "Turkiston" jamiyati bor ekan, uning raisi ekan. O’zi jarroh, ammo siyosat bilan 
qiziqarkan. 
Ikki kun so‘ngra Olmoniyadan Boymirza Hayit uchib keldi. Yoshi oltmishdan oshganiga 
qaramay, baquvvat edi. Faqat yurak amaliyotidan so‘ngra to‘qqiz soat uchoqda o‘tirish oson 
ish emasdi. Oyoqlari shishib ketgandi. Men shuncha zahmatning keragi yo‘q edi, dedim. E, 
qiziqsiz, sizlarni yana qachon ko‘ramiz, dedi kulib bu askar odam.
Boymirza aka bilan besh kun davomida miriqib suhbatlashdik. Milliy masala bo‘yicha 
qarashlarimiz deyarli bir xil edi. Uning kitoblarini o‘qimagandim, ammo unga qarshi Sovet 
matbuotida bosilgan qoralovchi maqolalarni o‘qigandim. Nyu-Yorkda, asr boshida 
"Bosmachilar harakati" nomi bilan mashhur bo‘lgan milliy ozodlik harakati liderlari 
Shermuhammadbek (Ko‘rshermat)ning avlodlari bilan ham uchrashdim. 
Keyin Boymirza Hayit, Ahad Andijon va men Vashngtonga ketdik. Bizga Nyu-Yorkdagi 
"Turkiston" jamiyatining eski raisi Abdulla Xo‘ja hamrohlik qildi. Abdulla Turkiston da’vosi 
bilan yetishgan yoshlardan edi. Samimiy inson, Nyu-Yorkda ekan, uning uyida qolgandim.
Vashngtonda Sovet propagandasining yana bir salbiy qahramoni Ro‘zi Nazar bilan 
ko‘rishdim. U sakson ikkinchi yilda "Literaturnaya gazeta"da chiqqan bir maqolada Rim 
papasiga suiqasd tashkilotchilaridan biri o‘laroq tasvirlangandi.
Ro‘zi Nazar ham Boymirza Hayit kabi "Turkiston legioni" mansublaridan, olmon xonimga 
uylangan, so‘ngra AQShga kelib, Pentagonning tadqiqot bo‘limida, diplomatik vazifalarda 
ishlagan kishi. Ko‘pni ko‘rgan va juda ko‘p narsani bilgan odam. Suhbatlarimiz juda maroqli 
bo‘ldi.
Amerikadagi o‘zbek diasporasi biz o‘ylaganday katta emas ekan. Kichik guruhlar holida 
Vashngton atroflari, Nyu-York tevaraklariga joylashgandi. O’zbek zehniyatidagi katta 
shaharlardan tiskinish xususiyati bu yerdagi muhojirlar
turmushida ham ma’lum darajada aks etgandi. Ko‘pchiligi metropollarning tevaragidan 
boshpana topgandilar. Har bir o‘zbek uyi oldida yoki orqasida kichik bog‘chasi bo‘lishini 
istaydi, amerikalik o‘zbeklar bu standartga ham uyg‘un yashashga intilganlari ko‘rinib turardi. 
Xonalarda qo‘yilgan xontaxta, unda dasturxon bezash uslubi va yerda to‘shalgan 
ko‘rpachalar ajdodlari, turli sabablarga bilan o‘z yurtidan ayrilgan bu odamlarning instinktiv 
ravishda etnik o‘zligini muhofaza etayotganiga ishora qilardi.
Faqat, afsuski, bizga tekkan kasal, bu yerda ham o‘zaro jipslik yo‘q edi. Boshqa milliy 
guruhlar kabi tashkilotlanish, jamoatchilikda o‘z o‘rnini topishga rag‘bat sust edi. Ammo buni 
aytishga men haqli emasdim, ularning mehmoni edim, xolos.
Baribir, ularning yonidan xursandchilik bilan ayrildim. Hammasi yaxshi niyatli, o‘z vatanlarini 
sog‘ingan, unga yaxshilik tilagan insonlar edi. Mening "Birlik"dan chiqqanimni eshitgandilar. 
Yangi qurilgan "Erk"ning O’zbekiston mustaqilligi uchun kurashajagini aytgandim, juda 
quvonishdi. Jo‘nab ketarkanman, "Erk" uchun kompyuter, faks va nusxa ko‘chirish mashinasi 
hadya etishdi. Bu uskunalar harakatimiz targ‘ibotida qo‘l keldi...
 
91

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Download 0,87 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling