Muhammad Solih yo’lnoma
Download 0.87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- Yigirma birinchi asr ma’naviyat va ruhoniyat asri bo‘lajak yoki (umuman) bo‘lmayajak. (Malro) Bismillohirrahmonirrohim SO’ZBOSHI
- TURG’UNLIKNING DORILOMON YILLARI
Muhammad Solih - Yo'lnoma Muhammad Solih YO’LNOMA 1 Muhammad Solih - Yo'lnoma MUNDARIJA SO’ZBOSHI..............................................................................................................................................3 Birinchi bo‘lim.........................................................................................................................................4 1960-1982 yillar......................................................................................................................................4 Ikkinchi bo‘lim......................................................................................................................................16 1983-1993 yillar....................................................................................................................................16 1985 yil.................................................................................................................................................33 1986 yil.................................................................................................................................................39 1987 yil.................................................................................................................................................46 1988 yil.................................................................................................................................................52 1989 yil.................................................................................................................................................60 1990 yil ...............................................................................................................................................87 1991 yil...............................................................................................................................................108 1992 yil...............................................................................................................................................124 1993 yil...............................................................................................................................................156 MUHAMMAD SOLIH HAQIDA...........................................................................................................162 Rauf Parfi O’zturk, O’zbekiston Xalq shoiri:........................................................................................162 Ahmad Beyjon Erjilasun, Turkiya Til AkademiyasiPrezidenti (xotiralaridan).......................................162 Temur Xo‘ja, Istanbul Qo‘ch universiteti dotsenti:.............................................................................163 Buland Ejevit, Turkiya Bosh vaziri:......................................................................................................163 Bashir Oyvozo‘g‘li, Turkiyada chiqadigan “Zamon” gazetasining muxbiri:........................................164 Turkiyada chiqadigan "SABOH" gazetasi muxbiri, jurnalist analitik Jengiz CHONDOR:.......................165 Shoir tavalludiga bag‘ishlangan yig‘ilish..............................................................................................165 2 Muhammad Solih - Yo'lnoma Yigirma birinchi asr ma’naviyat va ruhoniyat asri bo‘lajak yoki (umuman) bo‘lmayajak. (Malro) Bismillohirrahmonirrohim SO’ZBOSHI Bu kitobni yozar ekan, manba va hujjatlardan deyarli foydalanmadim. Aniqrog‘i, foydalana olmadim. Vatandan ayriliq, surgun hayoti menga bu imkonni bermadi. Esimda nima qolgan bo‘lsa, o‘shani yozdim. Shu bois, yil-sana, ism va hatto jug‘rofiy nomlarda ham yanglish nuqtalar bo‘lishi mumkin, agar bo‘lsa, aziz o‘quvchidan hozirdan uzr so‘rayman. Umr-yo‘l, odam yo‘lovchidir. Men yo‘lda ko‘rganlar-imni yozdim. Mazkur kitobni bizdan keyin ayni yo‘ldan kelayotganlarga atalgan ishoratlar, belgilar to‘plami desa bo‘ladi. Bu belgilar ularning yo‘lchiligida qo‘l kelsa, yo‘lda uchraydigan ma’qul-noma’qul narsalardan ularni ogoh eta bilsa, bu kitob o‘z vazifasini bajargan bo‘ladi. Buni bajarolmasa, yaxshi niyat bilan yo‘lga chiqqan bir qulini loaqal uning yaxshi niyati uchun Ollohu Taolo afv etar, degan umiddaman. Muhammad Solih dekabr, 1999 yil, Oslo, Norvegiya. 3 Muhammad Solih - Yo'lnoma Birinchi bo‘lim 1960-1982 yillar TURG’UNLIKNING DORILOMON YILLARI Ming to‘qqiz yuz qirq to‘qqizning yigirmanchi dekabrida o‘sha paytlarda Urganch, bugunning Yangibozor tumanida Beglar ovulida tug‘ilibman. Otam Madamin Beg, rahmatli Begjon Begning o‘g‘li, o‘n yoshida otadan yetim qolgan. Sho‘rolar hukumati 1928 yilda Begjon Begning yer-suvini musodara etgan, o‘zini yo‘q qilgan. Ijtimoiy kelib chiqishi sababli otamni sovet maktabiga olishmagan, butun ma’lumoti "haftiyak" va keyinchalik o‘qigani ChSB (chala savodlikni bitirish) kursi darajasida qolgan. Lekin 1942 yilda urushga ko‘ngilli bo‘lib ketgan. 1943-da yarador bo‘lib qaytgan, sog‘ayganidan so‘ng, 44-ning boshida yana urushga ketgan. Men undan: "bu hokimiyat ajdodlarimizni yo‘q qildi, nega urushga ketdingiz?", deganimda, u: "ovulda faqat xotinlar qolgan edi, otamlashadigan ulfat yo‘q edi, zerikkanimdan ketdim," der edi, rahmatli. Stalinni juda hurmat qilardi, ammo uning 1945 yilda so‘ylagan g‘alaba nutqini "avval rus xalqi...", deb boshlagani, otamning aytishicha, "ko‘ngillarni bir paxsa pastga tushirib" yuborgan. Shunga qaramay, 1953 yil 5 mart kuni juda qayg‘uli edi. Men buni ravshan eslayman, chunki o‘sha kuni to‘pig‘imdan bir eshakari chaqib olgan edi. Xuddi Stalin o‘limining xabarchisi kabi. Bu xabar "47" markali radiomizdan ham keldi va uydagilar xabarni qo‘shnilarga aytishdan qo‘rqqandilar. Otam nimani, kimni yaxshi ko‘rsa, Stalinga qiyos qilardi, masalan, Ajdar laqabli kuchli va qopog‘on itimiz bo‘lardi, "bu Stalinga o‘xshaydi, sang‘ib yurmaydi, bo‘shatib qo‘ysang ham uy atrofidan uzoqlashmaydi," deb maqtardi uni. Bu Stalinning Moskvadan tashqariga chiqmaganligiga imo edi. Otamning diniy tarbiyasi yo‘q edi. Ammo fotiha surasini bilardi, u so‘nggi yillarda namoz qila boshlagan edi. Olloh o‘z rahmatiga qovushtirsin. Onam, Qalandar Sariqning qizi Oqilaxonim, sovet maktabida to‘rt sinf bitirgan. Biror yerda ishlamagan, umri bola tarbiyasi va mehmonlarga ovqat pishirish bilan o‘tgan. Otam ulfatchilikni sevardi. Onam ham diniy tarbiya olmagan, ammo har oqshom, uyqu oldidan shu kalimalarni shivirlardi: "Yotgaymiz, yo Olloh, Turgaymiz, inshoolloh Turar-turmas kun bo‘lsa, La iloha illalloh!" Onam shariatning halol-harom tamoyiliga mutassiblarcha amal qilardi. Bir kuni oqshom otam rahmatli, - u paytda kolxozda kassir bo‘lib ishlardi, - paxta teradigan etakka pul to‘ldirib, uyga kirib keldi. Va etakni dahlizning burchagiga irg‘itdi-da, xonasiga kirib ketdi. Etakdan bir nechta banknot sochilib yerga tushgan edi. Buni ko‘rib turgan onam, Olloh rahmat aylasin, birdan qip-qizil bo‘ldi, hiddatlandi. Pullarni tez-tez terib olib, etakka tiqdi va menga o‘girilib: "bor, ukalaringni chaqirib kel!", dedi. Men chaqirib keldim. Uzun-qisqa to‘rttamiz qatorlashib turdik. Onam burchakda yotgan bo‘xchaga qo‘lini bigiz qilib: "shu pullar bizniki emas, bu biz uchun harom pul. Bundan qaysi biringiz olsangiz, darrov qo‘lingizga yara chiqadi, juda yomon yara, tushundingizlarmi?" dedi. Tushundik, dedik biz. 4 Muhammad Solih - Yo'lnoma Onam otamning xonasiga kirib ketdi va bir necha daqiqadan so‘ng qaytib chiqdi. Qo‘lida yana pul bor edi: "bu pullar otangizning maoshi, bu halol pul, sizlar yeydigan ovqatga shu pul xarjlanadi, tushundingizlarmi?", dedi yana onam rahmatli. Biz yana "tushundik", dedik. Buvim Shukur enaning diniy ma’lumoti mukammal edi. U hadislarga kirmagan diniy afsonalargacha bilar va ularni hikoya qilardi. Masalan, hazrat Alining Xorazmda bo‘lgani haqidagi hikoyaga hammamiz ishonardik. Shuningdek, enam "Xorazm tarixi" deya bizga hikoya qilgan kitobning keyinchalik "Kitobi Dada Qo‘rqut" ekanini bildim. 1956 yilda maktabning birinchi sinfiga bordim va mislsiz sabr bilan yana o‘n yil qatnadim. Yettinchi sinfgacha a’lo, to‘qqizinchi sinfgacha o‘rta o‘qidim. O’ninchi sinfda esa, imtihonga majburlab olib ketishgan edi. Bu "majburiy xizmat" yillarida meni ovuntirgan narsa mutolaa edi. Otamning bor-yo‘g‘i ikkita kitobi bor edi - "O’tgan kunlar" va "Umar hayyom". Bu kitoblarning takror-takror o‘qilishi mening g‘ashimni keltirardi. Qolaversa, bu kitoblar juda zerikarli edi. Men o‘zimga bir manba axtarar edim, hech ado bo‘lmaydigan manba. Ovuldan uch chaqirim uzoqda, eski rayon markazidagi MTS (mashina-traktor stansiyasi)ning kutubxonasi o‘sha manba ekan. Bu kutubxonaning bitta mudiri va ikkita mushtariysi bor edi. Mudir oltmish yoshlardagi bir kampir, mushtariylar - Boshqir shayx qishlog‘idan traktorchi Sa’dulla va men. Kutubxona, ichi qorong‘i va dunyodagi eng sokin kutubxonalardan biri edi. Kitob hidi odamni sarxush qilardi. Ularni paypaslarkan, xohlagan kitobni olish, bir emas, beshta, hatto o‘nta olish mumkinligini o‘ylab shoshib qolardi kishi. U kunlardan "Oderda bahor", "Matonatli kishilar", "Oltin yulduz", kabi sovet vatanparvarligini, madh etuvchi rus yozuvchilarining kitoblari va bir latish yozuvchisining "Vatanni qo‘msab" nomli hazin romanini eslayman. Yana bir eslaydiganim, kutubxonaning devorlariga yopishtirilgan, sarg‘ayib ketgan plakatlar. Ularda atom bombasi tushganda "protivogaz"ni kiyish usullari va portlash to‘lqinidan bekinish namunalari ko‘rsatilgan edi. Men kutubxona javonlarini paypaslar ekan, dunyoda Karib bo‘hroni vujudga kelganini bilmasdim. Jon Kennedining buyrug‘i bilan amerikan harbiy kemalari Kuba oroliga yaqinlashayotgani, Xrushchev bobomiz esa, boshida qolgan eng so‘nggi sochlarini yulayotganidan aslo xabarim yo‘q edi. Dunyo uchinchi jahon urushiga hozirlanar edi. Men esa, o‘z urushimni boshlab yuborgan edim. Kitoblarda. Lekin maktabni hech sevolmadim. Baribir attestat berishdi, ammo bu attestat bilan qaerga borishni bilmadim. Maktabdoshim Qurol Sultonning maslahati bilan Urganch pedinstitutining adabiyot bo‘limiga kirmoqchi bo‘ldim. Imtihonlarga tayyorlanar ekanmiz, Qurol shoir R. Bobojonning ruboyilarini o‘qib berdi. Bunday ruboiyni men ham yozishim mumkinligini aytgandim, Qurolning jahli chiqdi. Uni tinchlantirish uchun uch-to‘rt ruboiy yozdim. Shu bahona, she’r yozadigan bo‘ldim. Aslida, hech shoirlikka da’vogar emasdim, rassomlikni orzu qilardim. hozir ham da’vogar emasman, ammo bo‘lar ish bo‘ldi, besh-oltita kitob chiqdi. She’r uzoq yillar davomida mening tarbiyachim bo‘ldi. Hech murosa bilmaydigan tarbiyachim. Uning sharofati bilan avval sentimentalizm kasalligidan qutuldim. Hatto sevgi haqida gapirayotib ham, titramaslikni o‘rgandim. Mashqlarimda "titroq" so‘zi juda ko‘p, chunki, uni qancha ko‘p yozsam, u menda shuncha oz qolardi - undan tozalanib borardim. Agar kitoblarimda hissiyotli she’rlar bo‘lsa, bular kutilgan hissiyotdir. Bu go‘zal dunyoning hissiyoti. Jozibasi insonni qulga aylantirgan hissiyot. Jozibasi pardaga o‘xshaydi, orqasida qo‘rqinchli bir abadiyat. Qo‘rqinchli, chunki, insonlar uning nima ekanligini bilmaydilar. To‘g‘rirog‘i, bilishdan qo‘rqadilar. 5 Muhammad Solih - Yo'lnoma Bu yoqqa kel, qo‘l qo‘y, imzo chek, Mana shu umr senga hadiya. Qo‘rqma, hech kim so‘ramayajak, Nega kelding dunyoga?", deya... Puling bo‘lsa Erkni sotib ol, Tortib olgin puling bo‘lmasa. Yerda yurgin, sudral bemalol, Osmonda uch, ko‘ngling to‘lmasa. "Nega kelding dunyoga?", deya Sen o‘zingdan so‘rama faqat– Bu savol dahshatli bombaday Man etilgan zaminda abad! (1983) Odamlar "men dunyoga nima uchun keldim?", deb o‘zlaridan so‘rashga qo‘rqadilar. Men ham qo‘rqardim. Yetmishinchi yil boshlarida farang olimi Blez Paskalning kitobidagi bir fikr diqqatimni tortdi. So‘zma so‘z esimda yo‘q, taxminan shunday ma’nosi edi: "Inson o‘zining bir paytlar naqadar yuksaklikdan yiqilganini anglashi uchun bu dunyoda yashaydi". Bu diniy fikr mendagi qo‘rquvni deyarli yo‘q qildi. Qo‘rquv - johillik mevasi. Men yetmishinchi yillarning intellektual johiliyat talabalaridan biri edim va Paskalning fikri menga buyuk kashfiyot bo‘lib ko‘ringan edi. Albatta, Qur’oni Karim borligini bilardim. Ammo unda nafaqat insoniyat tarixi va kelajagi, balki, har bir "qurigan yaproqning tarixi" ham yozilganini bilmasdim. Agar bilganda edi, aqlimga sig‘dira olmasdim, chunki bu hodisa inson aqliga sig‘maydi. Bu Kitob poyiga yetib kelguncha yuzlab shirk to‘la kitob bosib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Diniy tarbiyam yo‘q edi, deb o‘zimni oqlamayapman, bularni yozarkan, tavba qilayapman faqat. She’r mening tarbiyachim edi. Ammo u tayanch nuqtasi emas edi. El qatori, men ham bir tayanch nuqtasiga muhtoj edim. Chunki, el qatori men ham adashganlardan biri edim. ...Ehtiros qamchisi ostida dir-dir Titrayotgan tuyaday, tushov oyoqda, Yurishga majburmiz, yurmoqqa majbur, Bilmay, mag‘rib qayda, mashriq qayoqda. ("Adashganlar qo‘shig‘i", 1983) Bu iztirob xuddi qadimgi yunon faylasufi Parmenidning iztirobiga mengzar edi. Parmenid shunday nola qilardi: "Ey, xudolar, men sizdan hech narsa so‘ramayman, menga faqat bitta Sobitlik bering. Bu tinmay o‘zgarayotgan, har turli ranglarda tovlanayotgan beqarorlik dengizida mening yopishib olishim uchun bir og‘och - bir barqarorlik, bir sobitlik bering!", deb yolvorardi sho‘rlik. Lekin uning nolalari behuda edi, chunki, u sobitlikni Ollohdan emas, xudolardan so‘rayotgan edi. Parmenid politeizm (ko‘pxudolilik) zamonning qurboni edi. Ammo o‘zi anglamagan holda, Ollohni, butun olamlarni yaratgan yagona Ollohni - yagona tayanchni izlayotgan edi. Bunday tayanchni sovet davrida o‘z dinidan uzoqlashtirilgan odamlar ham izlay boshladilar. Menga o‘xshaganlar uchun she’r bu izlanishda vositachi edi. She’r izlanish iztirobidan 6 Muhammad Solih - Yo'lnoma charchamaslik uchun bir tanaffus edi. She’r tashqarisida cheksiz, yurakni orziqtirib yuboruvchi bo‘shliq bor edi. Bu bo‘shliq bizning jondan sevgan dunyomiz edi. Jozibasi qo‘rqinchli dunyo. ...Yana o‘sha davra, yana o‘sha may Quyilar va parda tortar ko‘zingga Va yana ikkinchi qadah bo‘shamay, Dahshatli bir bo‘shliq to‘lar ko‘ksingga! Shunda "cho‘rt" uzilar davra langari, Muallaq qoladi qadah-u qoshiq. Qorong‘ida qo‘rqqan bola singari, Ichingdan otilib chiqadi qo‘shiq! Ko‘zlaring oldida olis bir voha, Ovozing yetmaydi, qurshaydi labing, Qo‘nalg‘a topolmay, uchadi ohang, Yurtidan quvilan sor burgut kabi. Ovozing bo‘g‘ilsa, qirilsa tomoq, Ko‘zlaringdan oqa boshlaydi qo‘shiq. Sen uchun qo‘rqinchli endi to‘xtamoq, To‘xtasang, shu zahot yutadi bo‘shliq! ("Bir uxlab tursang bas", 1981) Ammo tinmay qo‘shiq aytish mumkin emas edi, tinmay yig‘lash yoxud tinmay qah-qaha otishning iloji yo‘q edi. Qalb bir osoyishtalik istar, quturgan ehtiros dengizida halok bo‘lmaslik uchun bir tayanch istar edi. Insonga muhabbat, san’atga muhabbat, hatto millatga, vatanga muhabbat ham qalbga bu tayanchni bera olmasdi. Qalb bir so‘qir kabi buyuk iztirob ichida paypaslanar va o‘zining asl kimligini axtarardi. Bir ovoz unga "men senga o‘q tomiringdan ham yaqinman!", deya shivirlardi, ammo u ovoz sohibini ko‘ra olmas edi. Bir kuch bordir tepada shaksiz, Bir ulug‘ qudrat bor, mavjud muaqqaq, Yo‘qsa, ne o‘zimni sezayapman ojiz, Yo‘qsa, nega buncha titraydi yurak? ("Demak", 1983) Yetmishinchi yillarda bu majhul sezgini juda ko‘p yosh shoirlar yashaganiga aminman. Ammo bu sezgi she’riyatda hech qachon leytmotiv bo‘lmadi. Go‘yo she’r, o‘z yo‘lidan, uni yozganlar o‘z yo‘lidan yurardi. She’r ruhoniy bo‘lishi mumkin edi, ammo biz bunday bo‘lishimiz mumkin emas edi. Biz g‘ururning asirlari edik. To‘g‘ri so‘zni so‘ylash g‘ururi, jasorat bilan so‘ylash g‘ururi, hech kimga hech qachon bo‘yin egmaslik g‘ururi, do‘stga sadoqat, dushmanga nafrat g‘ururi va hakazo. Xullas, biz bir oliyjanoblar edik, lekin so‘qir qalb buni tan olmas edi va o‘ziga tayanch axtarishda davom etardi: Biz, axir, hech kimni o‘ldirmadik-ku, Lekin nega bizning qo‘llarimiz qon, Gunoh qushi turar bosh uzra mangu, Yonayotgan avliyoday chirpinar vijdon? 7 Muhammad Solih - Yo'lnoma ("Adashganlar qo‘shig‘i", 1983) Chunki, bizning o‘sha sanalgan barcha oliyjanob fazilatlarimiz havoda osilib turardi. Bu fazilatlarni qo‘yadigan bir go‘sha, bir mehrob yo‘q edi. Bu fazilatlarni qayd etadigan bir hakam, uni qabul qilib oladigan hech kim yo‘q edi. Biz bu javohirlarni havoiy g‘ururga omonot etgandik. Qalb, shu bois yonayotgan avliyoday chirpinardi, shu sabab gunoh qushi ketmasdi ustimizdan. Biz yaxshilik va yomonlik nima ekanini bilardik. Ammo yaxshilik qilarkan, uni g‘urur rizosi uchun qilardik. Yomonlikdan o‘zimizni tiyarkan, g‘urur rizosi uchun tiyardik. Lekin qalb bu faoliyatning yanglish ekanligini anglardi. U jiddiyroq ish bilan shug‘ullanardi. U o‘zining qaysi yuksaklikdan yiqilib tushganini chamalardi. U o‘zining qiblasini axtarardi. Qalb butun olamlarni bor qilgan Olloh rizosini istardi. Insonning moddiy umriga parallel o‘laroq, uning ma’naviy umri ham mavjuddir. insonning butun hayoti shu ikki umr o‘rtasidagi ixtiloflar zanjiriga qurilgan tanaffussiz (antraktsiz), bir aktli fojeadir. Bu fojeaning tomoshabini yana uning o‘zi - insondir. Fojeaning vazifasi - insonga uning qaysi yuksaklikdan qulab tushganini ko‘rsatishdir. Boshqa hech bir vazifasi yo‘qdir. Qolgani inson ixtiyoridadir. U jasorat qilib, bu yuksaklikka boqa olsa, qutildi hisoblang. Agar jasorat qila olmasa, otashda abadiy yonajakdir. Men o‘rta maktabni bitirib, o‘qishga kiraman, deb yurganimda otashda yonishdan qo‘rqmasdim. Astag‘furilloh. Ammo pedinstitut imtihonida yiqilishdan qo‘rqardim. Qo‘rquv foyda bermadi, pedinstitut meni konkursdan o‘tkazmadi va kolxozga qaytib, u yerda ishladim. Bir yil keyin, 1967 da, Toshkent Universiteti adabiyot bo‘limiga kirmoqchi bo‘ldim. Birinchi imtihon insho edi. Erkin temada "O’zbek romanchiligining 1960-66 yillar taraqqiyoti" mavzusida insho yozdim. Bu bir dissertatsiya mavzusi edi, uni biz og‘zidan sarig‘i ketmaganlarga qaysi aqlli bergan - bilmayman. Har holda, o‘sha paytlarda mashhur bo‘lgan "Er boshiga ish tushsa", "Qora ko‘zlar" kabi romanlarni men ham o‘qigandim. Inshoni yozdim va "to‘rt" oldim. Qolgan imtihonlar ham shunday bo‘ldi, ammo yana konkursdan o‘tmadim. Kechki bo‘limga qabul qilishdi, ammo "kechki bo‘lim" bir haqorat tuyildi. O’qishdan voz kechib, qishloqqa qaytdim. 1968 yil may oyida sochimni qirib olib, "shonli" sovet armiyasiga ketdim. Mojoristonning Sekishfexervar shahriga borib tushdik. Askarlikda, mushtlashuvlarni istino qilganda, esda qoladigan narsa kam bo‘ldi, ammo 1968 yil avgust esimda. Biz o‘sha kechasi Chexoslovakiyaga kirdik. Chexoslovokiya istilosi sovetlar tarafidan avgust oyida emas, may oyida reja qilingan edi. Bizning tumanimiz (diviziya) may oyida Slovakiya chegarasidagi Xaymashker nomli Mojor shahriga keltirilgan edi. Va biz har kuni, har soatda urushga tayyor bo‘ling, deya buyruq olgandik. Kim bilan urushishimizni esa, faqat 20 avgust kuni bildik. Bu urush juda kulguli bo‘ldi. Bratislavaga kirganimiz zahot bizning bo‘linmamizga telestudiyani ishg‘ol qilish amr etildi. Biz "kalashnikov"larni sharaqlatib, telestudiyaga kirganimizda u yerda eshikbon kampirdan boshqa hech kimni qo‘rqita olmadik. Bechora dag‘-dag‘ titrab, qo‘llarini ko‘tardi, ammo hech kim uni asirga olmadi, chunki "qahramon sovet askari" o‘ziga loyiq dushman axtarardi. Bu "dushman" telestudiyada emas, namoyish va mitinglarda edi. "Dushman" butun bir xalq edi. Uni "qahramon askar" yenga olmadi, bilasiz. Shu yil noyabr oyida biz yana Mojoristonga qaytdik. Askarlik foydali bo‘ldi, u yerda rus tilini o‘rgandim va o‘z millatimni tanidim. Bir kuni tanaffus paytida, biz dam olib o‘tirgan maydon yonidan piyoda askarlar qismi o‘tib qoldi. Ularning ko‘pchiligi o‘zbek va tojiklar edi. Bu yigitlarning o‘z tilidagi "chug‘ur-chug‘uri" bizning bo‘linmadagi ruslarning g‘ashini keltirdi, shekilli, bittasi "ey churki, perestan’te boltat’!", deb baqirib qoldi. Mening miyamga qon urildi va sakrab turib, rusni urganimni bilaman. Bizni ajratishdi. Men shu daqiqadan boshlab o‘zimning muayyan bir millatga mansub ekanligimni his eta boshladim. Rusning nazdidagi "churki" (to‘nkalar) mening millatim edi. Uni "to‘nka" deyishlariga aslo rozi bo‘lmasligimni 8 Muhammad Solih - Yo'lnoma angladim. Askarlikda juda ko‘p she’r mashq qildim. Mashqlarning saviyasi nihoyatda past edi, ammo ulardan bir nechtasi 1968 yilda "Xorazm haqiqati" gazetasida chop etildi. Bu mashq gaupvaxtaga tushgan oylarimda juda qo‘l keldi. Eni ikki, bo‘yi uch metr katakda kunduzlari tikka turish yoki sovuq betonga o‘tirish mumkin edi. Vaqt juda sekin o‘tardi. Har kim uni tezroq o‘tkazish yo‘lini izlardi. Men u yerda juda ko‘p yozdim. Faqat askarlikdan qaytganimdan so‘ng yozilganlarning deyarli hamasini yo‘q qildim. Birov o‘qib, "axmoq ekan", deyishidan qo‘rqdim. 1970 yilda askarlikdan qaytib, uylandim. O’sha yil Toshkent Universitet jurnalistlik bo‘limiga o‘qishga kirdim. Universitet ham maktabday bo‘ldi. Birinchi sinf "a’lo", ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi "yaxshi", beshinchi sinf esa, juda "yomon" bo‘ldi. Domlalarimni xafa qilmaslik uchun imtihonlarga bormadim, ammo xuddi maktabdagiday, baribir attestat berishdi. Lekin har narsada xayr bor, univerisitetda kechgan yillar ham foydali bo‘ldi. Dunyo adabiyotini o‘sha yerda tanidim. Bir-ikki sodiq do‘st orttirdim. Universitet hayotidan hurmat bilan eslaydigan bir nechta domla bor. Rahmatli Tal’at Solihov, chet el adabiyotidan dars berardi, g‘aybulla Salomov tarjima san’atini o‘rgatardi. Botirxon Akramov klassik adabiyot, Ozod Sharofiddinov o‘zbek sovet adabiyotidan o‘qitardi. Garchand, Ozod Sharofiddinov bizni o‘qitmagan bo‘lsa-da, uni juda hurmat qilardik. Xususan, Cho‘lpon she’rlarini himoya qilgani uchun. Ozod akaga o‘xshagan yana bir erkin fikrli o‘qituvchi bor edi - Norboy Xudoyberganov. Talabalar uni ham sevar edi. Umuman, rasmiy turmush chizig‘idan sal chiqishga jur’at etgan kishiga chuqur hurmat bilan qarar edik. Bir kuni Universitetga Abdulla Oripov keldi, mushoira qildi. U she’rni chiroyli o‘qirdi. Talaffuzi tiniq, so‘zlari jarangdor bo‘lardi doim. Navoiy haqida she’rini o‘qirkan, bir satr keldi, uning oxirgi jumlasi "qalamini ko‘rsatdi, xolos", deb tugallangandi. Ya’ni, Navoiy o‘ziga qilich ko‘rsatganga qarshi qalamini ko‘rsatadi. Oripov "qalamini ko‘rsatdi, xolos", der ekan, o‘ng qo‘lini keskin ko‘tarib, boshmoldog‘ini ko‘rsatkich va o‘rta barmog‘i orasiga tiqdi. Bu chiqib qolgan barmoq, go‘yo qalam edi. Biz bu harakatni darrov yo‘rimladik. Bu bir isyon edi, bizningcha. Minbardagi shoir bir qahramon edi. Aslida esa, hech unday emas edi. Unday emasligi, 1980 yilda shoirning "Markazqo‘mga" deb atalgan madhiyasidan keyin ma’lum bo‘ldi. Har holda, biz qahramonni ko‘rishni orzu qilardik. O’sha yetmishinchi yillarda yozilgan bir mashqda shu orzu bor: Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Qadim zamonlarda bahodir o‘tgan ekan... Qora o‘rmonlarning bag‘rida Arslon yashar ekan bahaybat... Buvi! Nega bahodirlar hammasi Faqat qadim zamonlarda o‘tadi? Arslonchi, qani o‘sha arslon, Buvijon? Nega u yarim tunda, g‘aflatda yotgan Meni uyg‘otmaydi, Na’ra tortmaydi?! ("Bir bor ekan, bir yo‘q ekan", 1975) Ammo turg‘unlik yillari edi, hech kim na’ra tortmasdi, ba’zan Brejnev chiqib gapirardi. Lekin uning ovozi na’raga emas, qarib, tishi to‘kilgan arslonning erinchoq irrillashiga o‘xshardi. Undan odamlar qo‘rqmas edi, faqat hurmat yuzasidan qo‘rqqan bo‘lib ko‘rinishardi. Brejnev 9 Muhammad Solih - Yo'lnoma haqidagi latifalar latifa emas, uning hayotida yuz bergan real voqealar edi. Bu voqealar turg‘unlik davri devorlaridagi eng go‘zal bezaklar bo‘lib qoldi. Talabalikning ilk yillarida Frans Kafkaning hikoyalarini tarjima qilishga urinib ko‘rdim. Bunga meni kursdosh do‘stim, farg‘onalik To‘xtasin Azim rag‘batlantirdi. U mendan ancha savodli, g‘arb adabiyotini yaxshiroq tanirdi. g‘arb adabiyotini bilish nuktadonlik mezoni sanalardi va biz o‘z adabiyotimizdan ko‘ra ko‘proq g‘arb adabiyotini o‘qirdik, tarbiya shunday edi. Meni Kafka juda qiziqtirardi, chunki, hech bir yozuvchiga o‘xshamas edi. Uning "ijodiy metodi" nafaqat sotsialistik realizmni, balki kapitalistik realizmni ham inkor qilardi. Kafka "minorani yuqoriga emas, pastga qaratib qurish kerak", derdi. U holda, bu inshoot minora emas, quduq bo‘lgan bo‘lardi. Bu g‘alati tashbeh menga quduq kabi chuqur ko‘rindi. Go‘yo inson tashqi (moddiy) dunyoga emas, o‘zining ich dunyosiga da’vat qilinardi. Kafka qahramonlarining peshonasida doim bir narsa yozilgan bo‘lardi va hech kim bu yozuv ma’nosidan chetga chiqolmadi. Bunday qarash kapitalistik dunyoda tug‘ilib, xudosizlar tarbiyasini olgan bir kishi ifodasida juda g‘alati ko‘rinardi. Kafkaning hikoyalari qo‘rqinchli edi, ammo biz sevgan hayotdan ham qo‘rqinchliroq emasdi. Birgina farq - hikoya qahramonlari o‘zlarini doim gunohkor his etar, ammo gunohi sababini anglamasdilar. Bizga esa, bu tuyg‘u notanish edi. Kafka Ollohga ishonishni istagan bir ateist va bu istakdan umr bo‘yi azob chekkan baxtsiz intellektual edi. Kafka unutilmas bir yozuvchi. Universitetda men ham hikoyalar yozishni mashq qila boshlagan edim, ammo Kafkani o‘qiganimdan keyin bu mashqlarni yo‘q qildim. O’sha davrda meni mutaassir etgan yozuvchilardan yana fransuz Pol Valeri va avstriyalik Robert Muzilni aytishim mumkin. Ularning san’at haqidagi falsafalari men uchun yangilik bo‘ldi. Shuningdek, 1970 yilda "Inostrannaya literatura"da bosilgan kolumbiyalik yozuvchi Gabriel Markesning tanholik haqidagi romani ham juda qiziqtirdi, ammo u Kafkaning o‘rnini bosolmas edi. Umuman, yetmishinchi yillar lotinamerika roman-chiligi dunyoda katta dong chiqardi, lekin uslub jihatidan u yigirmanchi yillar Ovrupo dekadans adabiyotining aks tasviri edi, xolos. Biz, talaba ekan, adabiyotdan yangilik istar edik va uni chet el adabiyotidan topar edik. Zamonaviy o‘zbek adabiyoti zaif bo‘lganidan, uning tarbiyasini yetarli ola bilmadik. Sal keyinroq, she’rlarimiz bosilib, kitoblar chiqa boshlaganida, bizni g‘arbga taqlidchilikda ayblashdi. Bu to‘g‘ri edi, chunki sovet adabiyotida taqlid qiladigan asar yo‘q edi. Boshqa tarafdan, bizning yozganlarimiz hammasi o‘zbekcha edi va mushohada tarzi ham "g‘arbcha" emasdi. Masalan, mening "modern" mashqlarim ko‘pincha xalq iboralariga qurilgan edi. Xalqdagi "oyning o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘i" iborasidan yasalgan she’r, mana: Yorug‘ bo‘ldi oyning o‘n beshi, Qolgan o‘n beshi ham... yorug‘ bo‘ldi-ku! Men bir kamsuqum kishi, Yuragim quvonchga to‘ldi-ku. Erta quvonibman, qarang-ki, Mukammal ekan dunyoning ishi - Mana, oy o‘n beshi qorong‘i, Ikkilanib turar qolgan o‘n beshi. (1983) Ammo 70-yillarda biz, she’rda aytilganidek, "kamsuqum" emasdik. Mavjud adabiyot bizga yangilik bermasa, bu yangilikni o‘zimiz yaratishga qattiq bel bog‘lagandik. Bu iddao amalga 10 Muhammad Solih - Yo'lnoma oshdimi, yo‘qmi, buni adabiyotchilar bilsa kerak. Qayta qurish boshlanganidan keyin adabiy jarayonni kuzata olmadim. Universitetni bir amallab tugatdim. Attestatda "jurnalist" deb yozilgan bo‘lsa-da, biror jurnal ishga qabul qilmadi. Shuningdek, sovet mehnat qonunida "she’r yozuvchi" degan kasb ham yo‘q edi. Xonim bir barqaror turmush istardi va haqli edi. Mening hayotimda esa, yo‘qsillikdan boshqa barqaror narsa yo‘q edi. Ishqilib, biz ayrildik. Bu nikohdan uchta farzandimiz bor - Nigor, Jaloliddin, Jamoliddin. Ikkinchi marta uylanar ekan, anchagina andishali edim, chunki, barqarorlikka hanuz erishilmagandi. Ammo bu xonim ancha diplomat chiqdi, yo‘qsillik bilan til topishdi. Bu nikohdan ikkita bolamiz bor - Umida va Temur. 1975 va 1977 yil may oyiga qadar G’. G’ulom nashriyotining ishlab chiqarish bo‘limi, "Fizkul’ltura Uzbekistana" gazetasining xabar bo‘limlarida ishladim. Ammo hech bir yerda "mehnat daftarchasi" ololmadim. Buning sababini hanuzgacha bilolmayman. 1977 yil birinchi she’riy to‘plamim chiqdi va o‘sha yil Yozuvchilar Soyuziga a’zo bo‘ldim. Shu yili Moskovdagi "Vыsshie literaturnыe kursы" degan o‘qishga ketdim. Bu o‘qish stipendiyasi men ishlab olgan maoshimdan ko‘p, 150 rubl edi. Har ikki oyda Toshkentga kelardim, oilamga sovg‘a o‘laroq guldasta emas, 10-15 kilo go‘sht keltirardim. Oila bundan baxtiyor edi, men esa, o‘z uddaburonligimdan g‘urur tuyardim. Lekin bu dorilamon ikki yil tez o‘tdi va kunimiz yana qalam haqiga qoldi. Shunga qaramay, biz uyda juda baxtiyor yashardik va Ollohga shukrlar bo‘lsin, hech qachon o‘zimizni qashshoq sezmadik. Bundan tuyg‘ulanib ketib, shunday she’r ham yozgan edim: Sen va men bilamiz, sevgining Timsoli majnuntol emasligini. Sariq gul - ayriliq, qizil gul - uchrashuv, degani emas. Ayt, ularga, tushuntir sevgilim, Biz qanday sevgandik bir-birimizni Qanday sevgan edik. Gullari yulingan olamda! (1980) Yetmishinchi va saksoninchi yillarda qalam haqiga yashash mumkin edi. Hatto ba’zi xalq qalamkashlari boy yashardilar. Ular sotsialistik vatan oldida qilgan xizmatiga yarasha xususiy uy, dacha, mashina sotib olishlari mumkin edi. Nashriyotlar davlat tarafidan moliyaviy ta’minlanardi, adabiyot va uning tashviqoti davlat ishi edi. Yetmishinchi yillar boshida bizning to‘planadigan joyimiz kandakor Omon Azizning Chilonzordagi yerto‘lasi edi. Bu ustaxonada Omon Aziz bilan Sobirjon degan haykaltarosh yigit ishlardi. Davra uncha keng emasdi, gurunglarda doim rassom Isfandiyor, doim rahmatli Shuhrat Abdurashid, doim olim Begjon Toshmuhammad, albatta Rauf Parfi, ba’zan boshqalar hozir edilar. Bir kuni fojea yuz berdi va Sobirjon yerto‘lada o‘zini osib qo‘ydi, Olloh rahmat qilsin. Bu voqeadan so‘ng Omon Aziz Rustavelli ko‘chasidan boshqa yerto‘la topdi va majlisimiz o‘sha yerga ko‘chdi. IDEALISTLAR Omon Azizning yerto‘lasida juda ko‘p sharob ichilardi. U yerga kelgan, albatta, bir shisha ko‘tarib kelardi, bu bir yozilmagan qoida edi. Sharob intellektual suhbatning xamirtirushi edi. 11 Muhammad Solih - Yo'lnoma Suhbat, asosan, adabiyot va san’at haqida, ya’ni, bizning hayotimiz atrofida qurilardi. Bu yerda har kim o‘zini hohlagan buyuklikda ko‘rishi, hohlagan yuksaklikda tasavvur qilishi mumkin edi. Masalan, rassom Isfandiyor junbushga kelib, "men dohiy bo‘lib tug‘ilgan bo‘lsam, nima qilay, mening aybim nima?" deb atrofga qaraganda, hech kim unga e’tiroz qilolmasdi. ORZU Ayvon oddiy bo‘lsa - bo‘lmasa, to‘ri, Undan ham oddiyroq bo‘lsa do‘stlaring. Oyoq uyqashtirgan kimnidir ko‘rib, Kinoya qilmasa, ziyrak ko‘zlaring. Tepangda chayqalib tursa bir fonus, Hohlamagan qo‘yib, hohlagan ichsa. Suhbatlar tug‘ilsa o‘zidan-o‘zi, Ular o‘simlikka o‘xshab o‘sishsa. Na yengiltak bo‘lsak, na-da takabbur, Bir tekis jimirlab tursaydi etlar. Osmonga tikilib, odamlar kabi Yozib o‘tirsaydik oydin sonetlar... 1977 ("Oq ko‘ylaklar", 1980) Isfandiyor haqiqatdan ham ajoyib rassom edi. Xususan, tabiat tasvirlari, xususan, uning daraxtlari, har biri bir odam kabi o‘z xarakteriga ega bo‘lardi. Rauf Parfi 70-yillar o‘zbek she’riyatining bayroq-dorlaridan edi. Ammo u Isfandiyorday o‘z buyukligini fosh qilish darajasida soddadil emasdi. O’sha yillari Nozim Hikmatning "Inson manzaralari" degan asrini o‘zbekchaga tarjima qilayotgandi. Turkiya obrazini bizning davramizga Rauf Parfi olib kirdi. U qrim-tatarlarning ham milliy harakatidan xabardor edi. Harakat ichida do‘stlari bor edi. Men panturkist Ismoil Gaspirali haqidagi ilk ma’lumotlarni ham o‘sha yillarda eshitgandim. Keyinroq mansub bo‘lganim avlod uchun idealga aylanishi kerak bo‘lgan turk qavmlarining birligi g‘oyasi o‘sha yerto‘lada romantizm tumani aro elas- elas ko‘rina boshlagandi. Yetmish ikkinchi yil edi, yanglishmasam. Toshkent Universitetining falsafa fakultetini tugatgan xorazmlik Tohir Karim bir yangilik topib keldi. "Ozodlik" yoki "Amerika ovozi" radiosidan xabar eshittirilibdi. Unda aytilishicha, turkiyalik bir siyosiy lider Xitoyga borib, u yerdagi uyg‘urlarning haq-huquqlari tiklanishini talab qilibdi. Oti Alparslon Turkash, o‘zi polkovnik ekan. Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling