Muhammad Solih yo’lnoma


Download 0.87 Mb.
Pdf ko'rish
bet5/21
Sana23.11.2020
Hajmi0.87 Mb.
#150365
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
Bog'liq
muhammad-solih-yolnoma


GORBACHEV
 Gorbachev hokimiyatga kelganida uning "kelishi" favqulodda bir hodisa sanalgani yo‘q, Har 
holda, Moskvani istisno qilganda, sovet kishilari bu yangi liderdan karomat kutmagan edilar. 
Moskva ahli esa, voqeani hayajonli qarshiladi. Mish-mishlarning uyasi bu ulkan shaharda 
yangi yo‘lboshchining obrazi tez to‘qib-bichildi. Uning hokimiyatga kelishiga G’arb 
davlatlarining ijobiy qaragani-yu va buning sabablari mish-mish saviyasida muhokama qilina 
boshladi.
Gorbachev o‘zi haqida xalq tarafidan bichilgan qiyofaga, tabiiy-ki, o‘xshamasdi. Lekin u 
o‘zidan oldin o‘tgan kommunist rahbarlarga ham hech o‘xshamasdi. Og‘ir gavdali, og‘ir fikrli, 
og‘ir qarashli "Yo‘lboshchi"lar silsilasidan keyin, Gorbachev qandaydir insoniy shamoyili bilan 
liderlik standartlarini ostin-ustin qilgandi. U sotsializmga ham o‘zining "shaklini" berish uchun 
maydonga chiqqandi. Chexoslovakiyaning sobiq lideri Dubchekning "insoniy yuzli sotsializm" 
iborasini qo‘llarkan, Gorbachev o‘z yuzini nazarda tutardi. Ammo, aytish kerak-ki, Gorbachev 
hech qachon sotsializmni yo‘q qilish, Sovet davlatini tugatish uchun Kremlga kelmagandi. 
Shuningdek, u ba’zi rus shovinistlari iddao qilganidek, Sovet Ittifoqini Amerikaga sotgani ham 
yo‘q. Umuman, Sovet Ittifoqini Gorbachev yo‘q qildi, deyish, Gorbachev shaxsiga tuhmat 
bo‘libgina qolmay, rus kolonializmi tarixi uchun katta yolg‘ondir. 
Gorbachev modern rus imperiyasini 70 yil avval chizilgan hududlarda saqlab qolish uchun 
kurashga bel bog‘lagan sovet liderlarining eng nekbini edi. U yangi jamiyat qurish uchun 
o‘rtaga chiqqandi, eski jamiyatni yangi sharoitlarga moslashtirish niyatida faoliyat 
boshlagandi. Uning islohotlari islohot emas, balki, ta’mirlash (remont) darajasida 
rejalangandi. Gorbachevning xarakteridagi "demokratizm" ham demokratniki emas, juda nari 
borsa, imperiya ma’murining o‘rta saviyadagi liberalizmi edi, xolos.
Sovet Ittifoqi yiqilganidan keyin Gorbachev sog‘dan ham, so‘ldan ham ko‘p haqorat eshitdi. 
Ammo tashqaridan qaragan do‘st ham, dushman ham shuni ko‘rdi-ki, "Gorbi" Sovet Ittifoqini 
saqlab qolish uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qildi. Gorbachevni qoralaganlardan hech 
biri Sovet Ittifoqini qayta tiklashni Gorbachev qadar istamasdi. Lekin Gorbachevning bu 
demagoglardan farqi, u, Sovet Ittifoqini hech qachon qayta tiklash mumkin emasligini bilardi. 
35

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Gorbachev hokimiyatga kelgan yiliyoq "qayta qurish"ni e’lon qildi. Markaziy gazetalarda 
"tanqid, o‘z-o‘zini tanqid" shiori ostida, bir oz demagogik, ammo nima bo‘lsa-da tanqidiy 
maqolalar berila boshladi. Ammo poyonsiz imperiyaning chekka mintaqalarida zulm 
kuchliroq, g‘aflat teranroq edi. Bu yerlarda "qayta qurish"ning siyosiy printsiplaridan ko‘proq 
ijtimoiy-maishiy tamoyillarini "hayotga tadbiq" qilish xavfsizroq edi. Masalan, aroqxo‘rlikka 
qarshi kurash kampanyasida Sovet Ittifoqida juda ko‘p uzumzorlar osongina chopib 
tashlangandi. To‘g‘ri, keyin dod-voy solingan va "qayta qurish" lan’atlangan edi. 
Xullas, Gorbachev hukmronligining ilk bosqichida davlat siyosati Andropov va Chernenko 
davridagidan juda oz farq qildi. Faqat bitta farq yaqqol ko‘zga tashlanardi: fikr hurriyati. Bu 
hurriyat juda oz edi, ammo insonlar Sovet Imperiyasining butun 70 yillik hukmronligi 
davomida bu "oz hurriyat"ga teng hech bir ne’mat ko‘rmagandilar. Bu hurriyatni, bu juda oz 
hurriyatni har bir tabaqa o‘z maqsadlari uchun, har bir shaxs o‘z manfaati uchun ishlata 
boshladi. Bu biz uchun tabiiy hol edi. Biz, hurriyatni orzu qilgan sovet kishilari, uning yolg‘iz 
bitta tabaqa yoki yolg‘iz bitta shaxsniki bo‘lolmasligi xususiyatini aqlan anglasak ham, qalban 
hech qabul etolmasdik. Bizning hurriyatimiz biz uchun naqadar aziz ko‘rinsa, qarshi tarafning 
hurriyati bizga u qadar tahlikali ko‘rinardi. Biz bir ne’matni o‘rtada baham ko‘rish saodatidan 
mahrum qilingandik. Biz birga baxtli bo‘lishga o‘rganmagandik. Biz, Sovet kishilari birga 
baxtsiz bo‘lishga o‘rgangandik.
"Fikr hurriyati"dan ilk o‘laroq nomenklatura (boshqa narsalarda ham bo‘lgani kabi) foydalana 
boshladi. Bu o‘ziga raqib bo‘lgan ma’murni yo‘q qilish, mansab zinapoyasida yuksalish 
maqsadida yozilgan raport yoki anonim xatlarda namoyon bo‘ldi. (Anonim xatlar ham fikr 
hurriyatining xabarchisidir, chunki, totalitar davlatda buni yozish ham tahlikali edi). Kichik va 
o‘rta maqomdagi rahbarlar bir-biridan qo‘rqa boshladilar, chunki, ularning har biri "fikr 
hurriyati"ga qurbon bo‘lishi mumkin edi. Bu qo‘rquv hanuz Kremlga yetib bormagan bo‘lsa 
ham, u yerdagi ba’zi Politbyuro a’zolari "oshkoralik"ning yanglish tushunilishidan bezovta 
bo‘la boshlagandi. Lekin bu g‘aroyib-"oshkoralik" shunchalar jozib keldi-ki, bezovta 
bo‘lganlarning o‘zlari ham umumiy oqimga qo‘shilib ketganini bilmay qoldilar.
"Fikr hurriyati" O’zbekistondagi kadrlarni Andropov rejalashtirganiga muvofiq o‘zgartirishda 
juda qo‘l keldi. Oddiy bir shikoyat, raport bilan tuman, viloyat rahbarlarini ishdan olish mumkin 
bo‘lib qoldi. Bunga jumhuriyat rahbari ham to‘sqinlik qilolmasdi, chunki, u ham "fikr 
hurriyati"dan qo‘rqardi.
Kadrlar faqat ishdan olinmadi, balki, sudlanib, qamala boshladilar. Ya’ni, "Fikr hurriyati" 
Andropov zamonida boshlangan "tozalash kampaniyasi"ning yanada tezlashuviga, 
Moskvadan yuborilgan tergovchilar terrorining yanada kuchayishiga yordam etdi. Va albatta-
ki, fikr hurriyatidan biz yozuvchilar ham o‘z nasibimizni oldik. Nomenklaturachi va tergovchilar 
darajasida bo‘lmasa ham, o‘z so‘zimizni iloji boricha shaffofroq aytish darajasida foydalandik. 
Zotan, bizning ham o‘z dardimiz, o‘z manfaatimiz bor edi. Biz na tabaqa va na-da shaxs edik, 
biz dunyoga kelganimiz sababini anglashga tirishgan, ammo bir qarorga kelolmay, sarson 
yurgan darvishlardik, xolos. Fikr hurriyati bizni shu qadar qattiq turtdi-ki, masalan, men hali 
ham, o‘n besh yil o‘tganiga qaramay, bu turtki ta’sirida garangman. Bu turtkidan uyg‘onib, 
shunday deb yozgandim:
  
Taqlid etolmadim senga, vatanim,
Sen kabi bardoshli bo‘lolmadim hech.
Sapchib turgan esam, aybsitma meni,
Afu et, axir, men o‘lolmadim hech. 
36

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Kechir, sapchib turdim og‘ir uyatdan,
Tarixidan judo bo‘lgan xalq kabi,
Kelajagi qora insoniyatday,
Eng so‘nggi lahzada turdim men qalqib.
Turdim, sapchib turdim, o‘zimga keldim,
Shakkok farzandingni afu et, Vatan,
Go‘zal kafanlarni egnimdan yuldim,
Tushdim, sakrab tushdim, tilla tobutdan! 
1985 ("Olis tabassum soyasi", 1986)
Biz hech bir rejasiz, hech bir tayorgarliksiz fikr maydoniga otilgandik. Biz doim siyosatdan 
nafratlangan, siyosatchilarni masxara qilgan kishilar, birdan siyosat haqida kutilmagan bir 
jiddiylik va izchillik bilan mushohada qila boshlagandik. Biz hali mustaqillik va mustaqil davlat 
chegaralari haqida maqolalar yoza olmasdik, ammo bu fikrni she’rda aytish imkoni bor edi:
So‘zlar bir-biriga boqsin erkinroq,
Yashasin, mustaqil jumhuriyatday.
Bir-birin to‘ldirsin, bo‘lsin ittifoq
Har joyda tug‘ilgan bir xil niyatday. 
Jipslashsin, jips etsa zamona zayli,
Ammo oliy Belgi etgan hukm-la
O’rtada had bo‘lsin... shundan so‘ng mayli,
Jumlai jahonga aylansin jumla! 
1985 ("Olis tabassum soyasi", 1986)
Xullas, sakson beshinchi yil barakatli va ayni paytda og‘ir keldi. Barakatli keldi, chunki, 
mustamlaka vatanimiz istiqbolida bir nurli tuynuk ochildi. Og‘ir keldi, chunki, poraxo‘rlik va 
"qo‘shib yozishga qarshi kurash" bahonasida minglab begunoh o‘zbeklar qamaldi, 
xonavayron bo‘ldi. Biz, sakson beshda shu bir-biriga zid ikki tuyg‘u - umid va qayg‘u - orasida 
borib-keldik.
  
NASABSIZLAR
 Ruslar Turkistonni ishg‘ol qilganidan so‘ng unga qarshi zulmkor va olchoq siyosatini ko‘proq 
rus bo‘lmagan nasabsiz ma’murlar, tagi past josuslar va haromzoda qotillar yordamida 
amalga oshirganlar. Bolsheviklar bu siyosatni aynan davom ettirdi. Sovet O’zbekistonining 
eng mahram nuqtalarida rus bo‘lmagan, ammo o‘zbek ham bo‘lmagan kimligi noma’lum 
kimsalar joylashtirilgan edi. Shaharga "propiska" qilish, ish bilan ta’minlash, kvartira berish, 
pensiya va boshqa ijtimoiy yordam ishlari ularning qo‘lida edi. Ular o‘ziga o‘xshaganlarni 
chetdan chaqirib shaharga joylashtirish, yerli xalqni esa iloji boricha shahardan quvib, ishdan 
bo‘shatishga, harakat qilishardi. Katta shaharning butun moddiy rezervlari, ularning 
nazoratida edi. Shaharga ijroqo‘m o‘zbek bo‘lishi mumkin edi, ammo u doim nasabsizlarning 
nog‘orasiga o‘ynardi. 
Nasabsizlar insonlarimizga zulm qilar ekan, buni doim ruslar nomidan qilishgan va 
mas’uliyatni o‘zidan soqit qilganlar. Shuning uchun ham ular rus xo‘jayinning buyrug‘ini 
rusdan yaxshiroq va "sifatliroq" bajargan. 1918 yil Qo‘qon muxtoriyati hukumatini ag‘darib, 
37

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Qo‘qon shahri aholisining uchda birini qirib yuborgan bolshevik to‘dalarining ichida o‘z 
qonxo‘rligi bilan ajralib turgan guruh armani doshnoqlar edi. Doshnoqlar o‘zlari yashab, tuzini 
yegan bu shaharda homilador xotinlarning qornini yorib, bolasini olgan va uni ham qatl 
qilganlar. 
O’zbek ziyolisining shuurida 1985 yil O’zbekistonda Moskva nomidan ish ko‘rgan Gdlyan-
Ivanov tergovchilar guruhi o‘sha Qo‘qon qatliomini tashkil qilgan nasabsizlarning 
merosxo‘rlari o‘laroq tahayyul etardi. Bu guruh a’zolari - millati kim bo‘lishidan qat’iy nazar - 
yerli xalqqa qarshi kin va nafrati bilan ajralib turardi. 1984-1985 yillar ichida o‘nlab emas, 
yuzlab begunoh kishilar Gdlyan to‘dasining qurboni bo‘lishdi. Ular poraxo‘rlarni yo‘q qilamiz, 
deb oddiy mehnatkashni jazoladilar, poraxo‘rlardan esa pora oldilar. Shu qadar ko‘p oldilar-
ki, bu o‘zbek millionlari bilan SSSR Oliy Soveti deputati bo‘lishdi, bu pullar bilan katta siyosat 
sahnasiga chiqishdi va bugun ham ular yeyayotgan non o‘sha mehnatkash o‘zbekdan 
o‘g‘irlangan nondir. 
Rossiya o‘zining bu yollangan qotillarini xizmatiga yarasha yuksaltdi: ularni milliy qahramon 
e’lon qildi. 
Bu qonxo‘rlar bosqini bir taraf, ufqda Moskva yo‘llagan "yangi rahbarlar kontingenti" paydo 
bo‘ldi. Xalq xo‘jaligi va davlat idoralariga Rossiyadan "yordam qo‘shini" oqib kela boshladi. 
Saratov yoki Tambovda qassoblik qilib yurgan bir kimsa o‘zbekning bir shahriga ijroqo‘m, 
Voronejda o‘g‘irlik qilib, dordan qochgan kissavur rus bir o‘zbek tumanining prokurori qilib 
tayinlanishi hech gap bo‘lmay qoldi. Huquq organlarining deyarli hammasi bu "yangi 
rahbarlar" bilan to‘ldirildi. Bu "rahbarlar" to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskva amri bilan ish ko‘rardi, 
masalan, oddiy rus prokurori O’zbekiston Markazqo‘m kotibiga bo‘ysunmasligi mumkin edi. 
"Yangi rahbarlar" kelishi bilan gdlyan-ivanov to‘dasining ishi yanada osonlashdi. Ular xalqni 
birgalashib jazolay boshladilar, uni birgalashib talon-taroj qilishdi. Nasabsizlar faqat davlat 
idoralari va huquq organlarida emas, matbuot va tashviqot markazlarida ham asosiy o‘rinlarni 
egallab olgandilar. Tabiiy-ki, ularning hammasi "ruscha gaplashadigan aholi" sinfiga kirar va 
O’zbekistonda tug‘ilib-o‘sganiga qaramay, o‘zbekcha uchta so‘z ham o‘rganishga hafsala 
qilmagandilar. 
Ruscha chiqadigan "Pravda Vostoka", "Tashkentskaya pravda", "Vechernыy Tashkent" 
gazetalari yillar davomida o‘zbeklarning tarixini, tilini va madaniyatini kamsitish, xalqning 
g‘ururini sindirish uchun rejali ravishda tashviqot olib borishdi. Bu tashviqot 
"baynalminalchilik" shiori ostida yuritildi. Bu tashviqot Moskva istaganidan ham erkinroq va 
shafqatsizroq olib borildi, chunki, nasabsizlar zulmning ma’suliyatini tashimasdilar.
"Qayta qurish va oshkoralik" e’lon qilinganidan keyin tug‘ilgan nisbiy hurriyatni o‘sha 
nasabsizlar matbuoti bo‘g‘ib tashlashga urindi. Ularning nashr organlari Gorbachev 
siyosatining boshidan oxirigacha dushmani bo‘lib keldi va ular Yanaev xuntasini quvonch-la 
qarshilashdi, uning direktivlarini zudlik bilan, mamnuniyat bilan o‘z gazetalarida chop qildilar.
Nasabsizlar O’zbekistonning siyosiy mustaqilligi u yoqda tursin, uning Moskvadan bir soniya 
bo‘lsin uzilishini istamas va buni yashirmas ham edilar. Bular ma’lum jabhada ijrochi ma’mur 
bo‘libgina qolmay, ayni paytda istisnosiz ravishda, hammasi, markazning rutbali yoki rutbasiz 
josuslari o‘laroq xizmat qilishardi. Shu bois ulardan faqat fuqaro emas, rahbarlar ham 
cho‘chib turishardi. 
Paxta dalalarida faqat o‘zbek mehnat qilardi. Yetmish yil davomida birorta rus paxtakor bo‘ldi, 
degan gapni men eshitmadim. Yoki birorta armanining paxta ekib, uni yetishtirganini, 
armanining uni terib olayotganini siz tasavvur qilolasizmi? 
Eng og‘ir mehnatni yerli xalq qilardi, eng oz ish haqi yerli xalqqa to‘lanardi. 
38

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Bu haqiqatni aytish hatto qayta qurish boshlanib, oshkoralik avjiga chiqqan paytda ham, 
tahlikali edi. Aytgan kishiga darrov irqchi yoki millatchi yorlig‘i yopishtirilar va u sekin-asta 
jamiyatdan siqib chiqarilardi. Yoki mashina avariyasi uyushtirilib, jismonan yo‘q qilinardi.
Sovet tuzumining tamalidagi g‘ayrirus millatlarga nisbatan adolatsizlik turg‘unlik yillarida bir 
navi parda orqasida tutilgan bo‘lsa ham, qayta qurish kelib, uni ortiq yashirish qiyin bo‘lib 
qoldi. Tuzum o‘z adolatsizligini oshkora davom ettirishga majbur bo‘ldi.
Men 1985 yilda ham shoir edim va bu yurakni ezuvchi manzarani ko‘rarkan, qo‘limda yagona 
qurolim qalam edi. O’sha paytlarda yozganlarim she’riy san’atga, ehtimol, aloqasi yo‘q, 
ammo ularni yozmasligim ham mumkin emasdi, chunki bo‘g‘izga tiqilgan g‘azabni bo‘shatish 
kerak edi:  
Bir qo‘lim ko‘ksimda turar muntazam,
Bir qo‘lim raisga salomlar berar.
Ishga sho‘ng‘ib ketar qolgan o‘ntasi,
Qolgan o‘nta qo‘lim paxtani terar.
 
Qo‘ldan iboratdir mening vujudim,
Ko‘zim - qo‘l, yuzim - qo‘l, oyog‘im ham qo‘l,
Neki turtib chiqqan bo‘lsa ichimdan
Bari qo‘l, hatto-ki qulog‘im ham qo‘l!
 
Tunda ayon bo‘ldi ulug‘ bir maqsad,
Olg‘a ketayapman, boqmay orqamga:
Xo‘jalik yeriga paxtani eksam,
Men qo‘l ekajakman o‘z tomorqamga!
 
1985 ("Olis tabassum soyasi", 1986)
  
1986 yil
 
VATANNING QAYTISHI
Agar yanglishmasam, o‘sha sakson beshinchi yildan boshlab men o‘z she’rlarimni odamlar 
huzurida o‘qiy boshlagandim. Avvallari o‘qimasdim yoki juda oz o‘qirdim. She’rlarim juda 
qisqa bo‘lardi va ularni o‘qiy boshlagan zahot tugab qolgani meni noqulay ahvolga solar va 
xuddi she’r tinglayotganlarni masxara qilganday bir ahvolga tushardim. Keyingi she’rlar 
publitsistik shaklga kirgani uchun ancha uzaydi, barmoq vaznida yozilishi esa, deklamatsiya 
qilishni yanada zavqliroq qilardi. Lekin, avval izoh qilganimdek, "dolzarb" she’rlar yozishni 
hech udda qilolmadim. Holbuki, dolzarb she’rlar kerak edi. Insonlar xabarga, o‘zlari haqdagi 
xabarga - o‘z vatani, o‘z millati, o‘z tili haqdagi xabarga, o‘zlari bilsa ham, yana boshqasidan 
eshitishga mushtoq edi. Ular sakson beshning qorong‘u kechalarida "yilt" etgan yorug‘ ko‘rsa, 
o‘sha tarafga talpinib, bir hamdard izlashardi. Aslida ular timirsiklanib o‘z hurriyatini 
izlashardi, ammo aynan o‘sha hurriyatni izlayotganlridan o‘zlari ham amin emasdilar. 
 
 
39

Muhammad Solih - Yo'lnoma
MAXLUQ
 
U bir maxluq dunyo bog‘ida,
Uning turgan-bitgani qayg‘u.
Kishan yo‘q-ku, qo‘l-oyog‘ida,
Lekin erkni, erkni istar u.
 
U bir maxluq, yurgan bir daydi,
Yo‘q, yo‘q yurmas, ko‘klarda uchar.
U o‘zining nafratin yeydi,
U o‘zining g‘azabin ichar.
 
Shunday maxluq, uning yonida
Har bir ayol ko‘rinadi tul.
"Kelgindi"mish o‘z vatanida
O’z uyida nomahrammish ul.
 
Bas qil, maxluq, bas qil dedim, bas!
Muzlamasin yuzingda qahr -
Bu dunyoda mumkin-ku yashash,
Vatansiz ham mumkin-ku, axir!
 
1985 ("Olis tabassum soyasi", 1986)
 
Vatansiz yashash ortiq mumkin emas edi, buni men har qadamda ko‘ra va seza boshladim. 
O’sha yillari keng jamoatchilikka eshittirilgan Orol fojeasi ham, paxta monokulturasi ham, 
bolalar o‘limi va hakozo - butun ijtimoiy va iqtisodiy muammolar sekin-asta siyosiy, sekin-asta 
milliy muammolarga evrila boshladi. Bu evrilish hammaning ko‘z oldida, oshkora 
(Gorbachevga rahmat) davom etdi. Hech kim bu jarayonni, bu evrilish jarayonini to‘xtatolmas, 
hech kim bu jarayon uchun birovni aybdor sanay olmas edi.
Oshkoralik bir gipnoz edi, hamma bir-biriga qarab, eng mahram so‘zlarini aytar, normal 
holatda aytishdan uyaladigan gaplarini gipnoz holatida bemalol talaffuz qilardi. Kreml 
mansabdorlari xuddi ertakdagi sehrlangan mulozimlar kabi g‘aroyib bir raqsga tusha 
boshlagandilar. Ular bu raqsdan to‘xtay olmas, to‘xtatgani darrov ishidan bo‘shatilar edi. Bu 
raqs to Yanaev putchiga qadar davom etdi. Bu raqs totalitar davlatning vido raqsi edi. 
1986 yil O’zbekiston Yozuvchilar Uyushmasida "Orol qo‘mitasi" tashkil qilindi. Uning boshlig‘i 
adabiyotshunos Pirmat Shermuxammad bo‘ldi. Hozir bu g‘alati ko‘rinishi mumkin, ammo u 
paytlari yozuvchilar hamma sohaga aralashar edilar. Barcha iqtisodiy, ijtimoiy va hatto 
maishiy masalalar ham Yozuvchilar Uyushmasida muhokama qilina boshlagandi. 
Uyushmaning real ijro huquqi bo‘lmasa-da, u ziyolilarni - faqat yozuvchilar emas, turli 
maslakdagi ziyolilarni - bir g‘oya atrofida jipslashishga o‘rgatdi. Uyushmada tuzilgan "Orol 
qo‘mitasi" hukumatning maxsus ruxsatisiz tuzilgan ilk jamoat tashkiloti edi. Shu ma’noda uni 
keyinroq tuzilishi kerak bo‘lgan "Birlik" xalq harakatining ajdodlaridan biri, desa bo‘lardi. Hech 
mubolag‘asiz aytish mumkin-ki, Yozuvchilar uyushmasi 80-yillar boshidan boshlab mavjud 
tuzumga nisbatan tanqidiy qaraydigan shaxs va guruhlarning uyasiga aylana boshladi. Bu 
xususiyat davlatning nazaridan qochmadi: zotan, Yozuvchilar Uyushmasi davlat uchun doimo 
muhim mafkura o‘choqlaridan biri bo‘lib kelgan. Qayta qurish va oshkoralik bu muhimiyatni 
yanada oshirdi.
Yozuvchilar Uyushmasining rahbari Sarvar Azimov 1985 yil o‘z vazifasidan chetlatilib, o‘rniga 
yangisi keltirilgandi. Markazqo‘m kotibi R. Abdullaeva qo‘rs va o‘zbilarmon Azimov o‘rniga 
gap tinglaydigan, halim bir yozuvchini qo‘ygandi. Ammo u ham Abdullaeva direktivalarini 
bajara olmadi, chunki, zamon o‘zgargan edi, insonlar o‘zgargan edi. Insonlar gapirishni, 
40

Muhammad Solih - Yo'lnoma
tanqid qilishni o‘rgangan edilar. Bu yangi o‘rgangan ishidan ularning hech ajralgisi kelmasdi, 
chunki, ochiq gapirish, hech tap tortmay gapirish juda ham zavqli edi. Bundan tashqari, 1985 
yil may oyida yosh yozuvchilardan olingan dakki Abdullaevaning obro‘siga jiddiy zarba 
bergandi. Bu zarbadan keyin uning "yuksalishi" to‘xtadi va odamlar u bergan buyruqlarni 
bajarmaslik ham mumkin ekanligini ko‘ra boshladilar. 
Sakson oltinchi yilga kelib, Abdullaeva o‘z "haybati"ni tamomila yo‘qotdi. Mag‘lubiyat insonni 
ko‘rimsiz qiladi. Kotibligining so‘nggi oylarida Abdullaevaning qiyofasida mag‘lubiyat yozig‘liq 
edi. U, 1986 yilning boshlari edi chamasi, birinchi va so‘nggi marta Yozuvchilar Uyushmasi 
majlisiga keldi. O’z g‘ururini yengib, bu yerga kelgandi. Bu majlisdan oldin boshqa bir majlis 
bo‘lib, unda Yozuvchilar Qurultoyiga "ochiq xat" yozgan qalamkashlar taqdiri muhokama 
qilingandi. Ularni Yozuvchilar Soyuzi a’zoligidan o‘chirish masalasi kun tartibiga qo‘yilgandi. 
Ular yozgan "ochiq xat"ning to‘la mazmuni esimda yo‘q. Har holda, 20-yillar jadid yozuvchi-
shoirlarining reabilitatsiyasi talab qilingandi. Bu "ochiq xat"da Sarvar Azimovning ishdan 
olinishiga norozilik ham ifoda etilgandi, shekilli. Chunki, bizning ichimizda bir guruh yoshlar 
(nega, haligacha bilmayman) Sarvar Azimovni himoya qilish ham milliy mujodalaning bir 
qismi, deb bilishardi. Vaholan-ki, Azimov bizning o‘sha idealimiz - 10-yillar jadidlar harakati 
va uning namoyondalariga qarshi bo‘lgan odamlardan biri edi. Abdullaeva bu majlisda o‘zini 
juda mutavoze tutdi. Yoshlarning davlatga kerakligi va ularni asrash, tarbiyalash lozimligini 
gapirdi. O’tgan majlisda yoshlarning Yozuvchilar Soyuzi a’zoligidan o‘chirilmagani to‘g‘ri 
qaror bo‘lganligiga ishora qildi. 
Abdullaeva yozuvchilarga murosa qo‘lini uzatayotgandi, ammo kech bo‘lgan edi. Yozuvchi 
xalqi marhamatli xalq, unga qo‘l uzatganlar ham bo‘ldi, ammo Abdullaevaning markazdagi 
"patron"lari undan allaqachon voz kechishgan edi. Mag‘lubiyatga uchragan odamdan hamma 
qochadi. Birinchi navbatda, bu mag‘lubiyatga uni majbur qilganlar qochadi. Shunday ham 
bo‘ldi: Moskva o‘zining kelib-ketmish kadrlaridan eng sodiq va eng g‘ayratli askarini bir arman 
qaroqchisi qo‘liga topshirdi, jinoiy ish ochtirdi. Va yiqilgan masjidlar, injitilgan 
musulmonlarning badduosi shunday ijobat bo‘ldi. 
1986 yildan boshlab turg‘unlik yillari liderlari avvalgidan qattiqroq tanqid qilina boshladi. 
Sharof Rashidov va uning hukmronlik davri gazetalarda ochiq manfiy baholandi. 
Nomenklatura ichida Rashidovga yaqin bo‘lgan odamlar, har xil bahonalar bilan ishdan 
bo‘shatilib, yangi rahbarga yaqin bo‘lganlar ishga olina boshladi. Rashidov yaqinlari undan 
yuz o‘girsalargina o‘z mavqeini saqlab qolishi mumkin edi, hatto bu ham mumkin emas edi. 
Rashidov tirikligida unga qasida bag‘ishlaganlar u o‘lgandan keyin uni qoralab dostonlar 
yozdi, ammo yangi rahbariyatga xush ko‘rinolmadi.
Qayta qurish va oshkoralik insonlarning go‘zal fazilatlari qatorida badbin va chirkin tabiatini 
ham o‘rtaga chiqardi. Men odamlardagi ikkiyuzlamachilik, manfaat yo‘lidagi riyokorlik va 
yolg‘onni qayta qurish davridagi kabi yorqin - undan oldin ham, keyin ham - ko‘rganim yo‘q. 
Shuningdek, insonlardagi yaxshilikka intilish, umidvorlik, hamdardlik va o‘zg‘ yeri, tili, 
madaniyati, kelajagi uchun har qanday fidokorlikka hozirlikni ham qayta qurish davrida 
ko‘rdim. Ular yetmish yil davomida ko‘r bo‘layozgan ko‘zlarini uqalab, o‘z vatanining 
pajmurda borlig‘ini ko‘rishga urinardilar. O’zi yordamga muhtoj - yordam berishga, o‘zi 
himoyaga muhtoj - himoya qilishga tayyor edi bu odamlar. Huzurida gapirar yoki she’r o‘qir 
ekan, bu sodda va ko‘pincha, tund qiyofalar meni mendan ko‘ra yaxshiroq tushunayotganday 
tuyulardi. Ularning tundligi tushunganini bildirmaslik uchun kiyilgan niqob tuyulardi menga. Bu 
mistik tuyg‘u meni doim hushyor tutardi. She’r o‘qir ekan, hech kim bilan hizillashmasdim, 
ortiqcha pafosdan qochardim, o‘qish uslubimni meni tinglayotgan tund yuzlarga hamohang 
tutishga harakat qilardim. Albatta, bu mexanik bir yo‘sinda, beixtiyor yuz berardi. Ularga 
sakson beshinchi va sakson oltinchi yillari yozilgan she’rlarning istisnosiz hammasini o‘qidim. 
Ulardan hech kim bu she’ringizni tushuntirib bering, demadi. Chunki, hammasini 
tushunardilar. Eng nozik deb sanalgan kinoya, eng murakkab hisoblangan tashbehlar darhol 
41

Muhammad Solih - Yo'lnoma
ularning miyig‘ida aks etar, loqayd ko‘ringan ko‘zlarida tasdiq nurini porlatardi. Bu odamlar 
o‘zligiga qaytayotgan odamlar edi. Sekin-asta, shoshmasdan, og‘ir-vazmin, o‘zbekchasiga 
qaytayotgan odamlar. O’ziga qaytayotgan Vatan.
  
Download 0.87 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling