Muhammad Solih yo’lnoma
Download 0.87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- TASHQARIGA SAYOHAT
- SHOIRLIK MAQOMI
SENTIMENTAL XALQCHILLIK Sakson sakkizning boshida O’zbekiston Kompartiyasining Birinchi sekretari qilib Rafiq Nishonov tayinlandi. Bu odam uzoq yillar diplomatik vazifa bilan chet ellarda xizmat qilgan, tajribali kadr edi. Uning bir paytlar Rashidov bilan kelisha olmay, Markazga ketib qolgani to‘g‘risida mish-mishlar yurardi. Haqiqatan ham, Nishonov hokimiyatga kelganidan keyin Rashidovga qarshi tanqid keskin kuchaydi. Ammo bu yana o‘sha - kommunistik tanqid edi. Bu tanqid bizning, milliyatchi qarashdagi odamlarning tanqidi emasdi. Bu "Moskvaga Rashidovdan ko‘ra, biz sodiqroqmiz", qabilidagi doshnomlardan iborat bir narsa edi. Har holda, "rashidovshina" (rashidovchilik) iborasi 1988 yil boshlarida demagoglarning juda sevib iste’mol qiladigan iborasiga aylandi. Lekin O’zbekistonning rashidovchilikdan muhimroq problemalari bor edi. 1988 yil fevralda Samarqand viloyatining Jumabozor qishlog‘ida dehqonlar bosh ko‘tardi. Bu o‘zbek dehqonlarining sovet davrida, ehtimol, birinchi isyoni edi. Sababi: yer. Ular - bir jamoa ikkinchisi bilan yer talashgan edilar. Ularni ajratishga borgan militsiyaga qarshi ham hujum qilishgandi. Militsiya isyonni bostira olmadi, ichki qo‘shinlar tashlandi. Janjal borgan sari kattayarkan, Ministrlar Soveti Raisi shaxsan u yerga borishga majbur bo‘ldi. Sakson yettinchi yili paxta monokulturasi va dehqonlar ahvoli haqida yozgan materiallarim hukumatning 49 Muhammad Solih - Yo'lnoma g‘ashiga qattiq tekkandi. Rahbarlar meni shoir sifatida uncha bilmasdi, ammo maqolalarim tufayli ularga otning qashqasiday ma’lum edim. Jumabozor voqeasidan so‘ng meni Ministrlar Soveti raisi G’ayrat Qodirov chaqirdi. U hukumat binosining keng derazasidan bo‘m-bo‘sh Lenin maydoniga qarab turardi. Meni qarshilarkan, tabassum qilishga intildi, ammo zo‘raki chiqdi: uning yuzi timdalangan edi. Jumabozor xalqi o‘z hukumatiga munosabatini shunday ifoda qilgandi. Men samimiy achindim va qattiq uyaldim. Xuddi buni mening odamlarim qilganday his etdim o‘zimni. - Mana bu suratlarga qarang, - dedi Qodirov stol ustiga bir dasta rasmlarni yoyib tashlarkan, - bu odamlar bizning shoirlarimiz talab qilayotgandek, paxta maydonlarini qisqartirishni istab isyon qilayotganlari yo‘q. Bular yerni yanada ko‘paytirishni talab qilib bizning yoqamizdan olishayapti. Siz buni bir vatanparvar sifatida bilishingiz lozim. Monokultura haqidagi fikringizga qo‘shilaman, ammo buni xalqning o‘zi ham istashi kerak... Ministrlar Soveti Raisining nima demoqchiligini bilib turardim. Xalqning saviyasi ziyolilar talab qilayotgan o‘zgarishlarni qamrab olishga yetmaydi, demak, matbuotdagi baqiriq-chaqiriqlarni meyorida qilish lozim, demoqchi edi. Men Qodirov bilan tortishib o‘tirmadim, unga hamdardlik bildirdim. Jumabozor bugun O’zbekistonning timsoli bo‘lmasligini, yumshoqlik bilan tushuntirgan bo‘ldim. Yana u yoq bu yoqdan bir oz gaplashib, xayrlashdik. Qodirovning aytganlari go‘yo bu qulog‘imdan kirib, u qulog‘imdan chiqqandi. Bu nomenklaturachining o‘z kreslosidan boshqa hech bir dardi yo‘q va xalqni men qadar bilmaydi, bilishni ham istamaydi deb o‘ylardim. Balki, bu to‘g‘ri taxmin edi, ammo u ko‘rsatgan suratlar mening tasavvurimdagi xalq obraziga zimdan qattiq zarba berganini ham sezib turardim. Buni o‘zimdan yashirolmasdim. Hukumat boshlig‘i ko‘rsatgan suratlardagi insonlar - ust-boshidagi kiyimlar bo‘lmasa, - ob’ektivga xuddi o‘rta asrlardan qarab turganga o‘xshardilar. Ehtimol, Qodirov to‘g‘ri gapirgandir. Ehtimol, bizning xalqimiz hali johillik bosqichidan chiqmagandir va hakozo skepsis hidi anqib turgan fikrlar kela boshladi boshimga. Men o‘zimni daroov to‘xtatdim. Chunki, bu tahlikali edi. Butun ongli hayotning eng go‘zal idealini millatning ozodligi o‘laroq bilgan bir xayolparast uchun bunday fikrlar tahlikali edi. Bu xayollarning so‘nggi balki biz uchun demokratiya hozircha zararlidir, degan xulosaga, zehniyat o‘laroq bunga tayyor emasmiz degan fikrga, shuning uchun Rossiya tarkibida yashaganimiz yaxshi bo‘ladi, mana, fikr hurriyatiga ham o‘rganayapmiz va shunday ketsa, yana ellik yildan so‘ngra bir taraqqiyotga erishgan bir millat bo‘larmidik, degan xulosaga olib kelardi. Bu kelingan xulosa bizning kommunistik rahbarlar mantig‘i bilan chiqarilgan xulosaning aynisi bo‘lardi. Bu, bizning ozodligimiz dushmanlarining xulosasi bo‘lardi. Men xalq haqidagi yillar bo‘yi sobitlashgan tasavvurimni o‘zgartirishni istamasdim. Bu xususda hech bir shaklda pushaymon bo‘lishni, hech bir narsadan hafsalam pir bo‘lishini xohlamasdim. Ministrlar raisi Qodirov ko‘rsatgan suratlardagi qiyofalar bor-yo‘g‘i og‘ir hayotdan charchagan dehqonning ko‘rinishi, deb o‘zimga dalda berardim... BADIIY YOLG’ON Bugun ham shoirlar gulni bulbulga Qofiya qilsalar, ishonmang: yolg‘on. Chunki, bu elatda bulbullar o‘lgan, Chunki, qurib qolgan gul allaqachon! Agarda bugun ham shoir bemalol 50 Muhammad Solih - Yo'lnoma To‘rtta go‘zal, desa, to‘rtta faslni, Ishonmang: fasllar yuzidagi ol Gulgunlik husn emas, tamg‘asi silning. Paxtani "oltin" deb kimdir bo‘lsa haq, Unga ham ishonmang qalqing oyoqqa - Chunki haqiqat ham yolg‘ondir mutlaq, Agar qarshi bo‘lsa haqiqat xalqqa! 1987 ("Orzu fuqarosi", 1990) Bu she’r o‘sha qayta qurish yillaridagi kaminaning xalq haqidagi murosasiz qarashi. Agar haqiqat xalqqa qarshi bo‘lsa, uni ham yolg‘on sanash kerak, degan radikal bir qarash. Menda bugun, shu satrlarni yozib o‘tirgan vaqtda bunday bir qarash yo‘q. Xalq, biz uni qanchalik sevmaylik, haqiqatdan ustun bo‘lolmasdi. Xuddi maxluq uni Yaratgandan ustun bo‘lolmagani kabi. Biz she’r yozishni dunyoning eng muhim ishi deb bilib, adabiyotni fetishga aylantirgan odamlar, siyosatga o‘tgandan keyin siyosatni dunyoda eng muhim ish deb, xalqni fetishga aylantira boshlagandik. Uni doim musbat bir borliq sifatida, hech qachon yanglishmaydigan, hech qachon gunoh qilmaydigan va hamisha, har yerda haqli chiqadigan hilqat o‘laroq ko‘rishni xohlardik. Va bu xohishga hech kimning halaqit berishini istamasdik. Hatto o‘z idrokimizning ham, hatto iymonimizning (astag‘firulloh) ham. Bu fanatizm, balki, o‘sha davrda qisqa bir muddat milliy harakatning tashkilotlanishida ijobiy turtki bo‘lib xizmat qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo printsipial o‘laroq, uning bu harakatni bir g‘oya sifatida ulg‘aytirganiga ishonmayman. Bu fanatizm bizning qalblarning norasidalik belgisi edi. Bu fanatizm yetarli darajada iztirob chekmagan qalblarning bir tajribasi edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, biz qurbonlik so‘yishga hozir edik, ammo "bismilloh" deyishni bilmasdik. Lekin 1988 yil xalq endi og‘iz ochib gapirishni o‘rganayotgan paytda, endi g‘aflatdan uyg‘onish uchun bir mas’um go‘dak misol ko‘zlarini uqalab tararkan, bu manzara jozibasiga taslim bo‘lishdan boshqa choramiz qolmagandi. Bizning jangari milliyatchiligimiz tamalida aslida beozor, insoniy sentimentalizm yotardi. Xalqni muqaddaslashtirish ham o‘sha sentimental milliyatchilikdan oziqlanar edi. Balki, aynan shu sentimentalizm modern o‘zbek milliyatchiligini zararli populizmdan asrab qolgandir. Ya’ni, milliyatchilikning suiste’molidan, uning aksilinsoniy bir harakatga aylanish tahlikasining oldini olgan bo‘lsa ajab emas. 1988 yil o‘zbek milliyatchilari 70-80 yillarda nazariy o‘laroq tortishgan masalalarining amaliy zuhurini ko‘rishga shoshilayotgan edilar. Buning qanday shamoyilda paydo bo‘lishi ular uchun go‘yo ikkinchi masala edi. Aslida, bu birinchi masala bo‘lishi lozim edi. Shunga qaramay, o‘zbek ziyolisining sog‘lom idroki milliy uyg‘onish energiyasini to‘g‘ri yo‘naltirib, undan demokratiya ma’rifati uchun foydalana bildi. Bu energiyani uylarga o‘t qo‘yish uchun, o‘zingdan bo‘lmagan millatlarni qatliom qilish uchun ham foydalanish mumkin edi. Bunga uringanlar bo‘ldi. Rafiq Nishonovni O’zbekiston Kompartiyasi rahbarligidan ketishga majbur qilgan Farg‘ona mesxet-turk voqealari qayta qurish siyosatini to‘xtatish uchun mafiya-KGB hamkorligida uyushtirilgan fitna edi. O’zgandagi o‘zbeklarning qirg‘izlar tarafidan to‘p-to‘p o‘ldirilishi ham o‘sha mahalliy mafiya va KGBning "ijodi" edi. Bu har ikki qaltis vaziyatda ham o‘zbek ziyolisi 51 Muhammad Solih - Yo'lnoma o‘zini juda vazmin tutdi, madaniyatini namoyish qildi va keng miqyosda olovlanishga tayyor g‘avg‘oning oldini oldi. 1988 yil TASHQARIGA SAYOHAT 80-yillarda boshlangan milliy harakatning eng passiv bo‘lgasi poytaxt Toshkent edi. Buning ikki sababi bor edi: birinchisi, dunyodagi butun katta shaharlardagi kabi, Toshkent aholisi ham moddiyatchi va kosmopolit qavm edi. Ular birorta mafkura uchun moddiy manfaatni tahlikaga qo‘yishni hech istamasdilar. Ikkinchisi, Toshkent nufuzining deyarli yarmini "rus tilida gaplashadiganlar" tashkil qilardi va ular hech qanday siyosiy faollik tarafdori emasdilar. Aksincha, ular bunga qarshi edilar. Yerli xalqning siyosiy faolligi ularning zavoli bo‘lishidan qo‘rqishardi. Milliy harakat o‘z kuchini provinsiya (viloyatlar)dan oldi. Viloyatlardagi aholi xabarlashma vositalarining zaifligiga qaramay, poytaxt va dunyodagi voqealarni izchillik bilan kuzatib borardi. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysidagi viloyatlarning siyosiy faolligi favqulodda yuksak edi. Bu faollik sekin-asta boshqa viloyatlarga ham yoyila bordi. Masalan, O’zbekistonning nisbatan passiv sanalgan janubiy mintaqasi Qashqadaryo va Surxondaryo, g‘arbiy mintaqasi Buxoro va Xorazm 80-yillar oxiriga kelib umum siyosiy jarayonga shunday kirdi-ki, mustaqillik e’lon qilinganidan keyin boshlangan qatog‘onda demokratik harakatning hayotiy tomirlari bo‘lib qoldi. Chunki, u paytlari Vodiydagi kuchlarimiz to‘la tor-mor etilgandi. O’rta mintaqa - Sirdaryo, Jizzax, Samarqand ham poytaxt Toshkentga nisbatan ancha dinamik bo‘lgan edi. Lekin bizning ishimiz Toshkent bilan edi. Toshkent poytaxt edi. Bizning g‘oyalarimiz viloyatlarda qancha olqishlanmasin, biz ularning Toshkentda tan olinishini istardik. Toshkent tan olishi uchun esa, u bizdan qo‘rqishi kerak edi. g‘oyalarning to‘g‘ri-noto‘g‘riligidan ham ko‘proq, Toshkent bizning orqamizda bir kuch ko‘rsagina, bizga yon bosishi mumkin edi. Bizni uchrashuvlarda, majlislarda va yoki boshqa jamoat markazlarida yuzlab odamlar qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rib turar edik. Ammo bu tarqoq va majhul quvvatni bir shaklga sololmagandik. Biz xuddi artist, odamlar esa tomoshabinlar kabi, tomoshadan so‘ng har kim uy-uyiga kirib ketaverardi. Yildirimni tutib, elektrga aylantirish lozim edi. Xalqni tashkilotlantirish payti kelgandi. Ammo biz umrimizda tashkilot qurmagan shoir-yozuvchilar uzoq vaqt, 88-yilning o‘rtasigacha garangsib yurdik. 1988 yil may oyida men Yozuvchilar Uyushmasiga kotib saylandim. "Saylandim" deganim rost, chunki, hech kim meni tayinlamadi. Eski zamonlardagi kabi mening nomzodim avval Markazqo‘mda, keyin Yozuvchilar Sekretariatida ko‘rilmadi. Qayta qurish zamoni bo‘lgani uchun saylov bo‘ldi va men saylandim. Kommunist bo‘lmasam ham. Kotiblik menga juda katta imkoniyat berdi. O’sha boya izohlaganim siyosiy faollikka yo‘nalish berish imkoniyatini tug‘dirdi. Iyul oyida Boltiqbo‘yi jumhuriyatlaridan birida... qandaydir siyosiy harakat tuzilayotganmish, degan xabar keldi. Men Boltiqbo‘yini yaxshi bilardim, u yerda do‘stlarim ko‘p edi. Yanglishmasam, ularning tashkilotlanish tajribasini o‘rganish uchun yozuvchi Zohir A’lam borib kelgandi. 52 Muhammad Solih - Yo'lnoma Darvoqe, qurilishi kerak bo‘lgan harakatning birinchi "loyihasi"ni Zohir A’lam bilan kelgan Faxriddin ismli bir talaba taklif qilgandi. Menimcha, nomi "E’tiqod" yoki shunga o‘xshash siyosiy ma’no tashimagan bir nom edi. Men bu nomning juda kulguli ekanini aytdim. Aslida, biror siyosiy platforma bilan o‘rtaga chiqish uchun hammamiz ham bir navi "talaba" edik. Harakatga ism berish sharafi menga nasib bo‘ldi. Uni "Birlik" deb ataydigan bo‘ldik. Bu nom bilan 10-yillarning ikkinchi yarmida bizning Turkiston milliyatchilari (tatar va boshqirdlar bilan) bir siyosiy tashkilotni tuzishgandi, ammo u xalq harakatiga aylanolmagandi. Men "Birlik" nomining tarixdan meros ekaniin do‘stlarga aytmadim. "Bizni panturkistlar deb atashadi-ku", deb o‘ylab, harakatga kirishdan andisha qilmasliklari uchun aytmadim. Harakatning dastur loyihasini qoralarkan, iloji boricha lo‘nda tezislar bilan belgilangan bir chorcho‘p yasashga harakat qildim. Dastur tezislarini ham iloji boricha "tumanli"roq, iloji boricha umumiyroq va iloji boricha siyosatdan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy masalalarning ifodasi shaklida qog‘ozga tushirdim. Bu go‘yo har ehtimolga qarshi olgan "tadbir"imiz edi. Xullas, men qoralagan ilk matn juda ibtidoiy edi, lekin bu o‘sha sakson sakkizinchi yilning iyul oyi uchun normal edi. Tashkilot tuzish g‘oyasini barmoq bilan sanarli kishilar bilardi va ularning hech biri hech qachon siyosat bilan shug‘ullanmagandi. Ularning ichida "eng shug‘ullanmagani" deb men o‘zimni hisoblardim. Ammo 1985 yildagi Politbyuroga maktubdan tortib, undan keyingi kechgan 3 yil davomida yozilgan butun maqolalar meni men o‘ylagan shoirlik "chizig‘idan" anchagina tashqariga chiqarib qo‘yganligini hali o‘zim ham sezmasdim. Bu tashqari - siyosatning yalang‘och maydoni edi. SHOIRLIK MAQOMI Vaholanki, shoirlik men uchun dunyoning eng qulay kasbi edi. Hech kimga, hech bir idoraga, hech bir firqa yoki hukumatga nima qilayotganing haqida hisobot bermaysan. Hatto she’rni gazetada bostirish uchun, hatto kitob chiqarish uchun ham birortasiga jilmayging kelmasa, aslo jilmaymaysan. Ya’ni, totalitar davlatda bu shoirlikdan ham mustaqilroq, erkinroq kasbni topish mumkin emasdi. Men Ollohga shukr qilardim, o‘zimni juda omadli his qilardim. Shu to‘rt-besh qator kalimani qofiyalab, she’r qilish qobiliyatini menga bergani uchun Ollohdan rozi edim. To‘g‘ri, uyda ba’zan nonni suvga botirib, yeb kun ko‘rgan kunlar ham bo‘ldi, xotin bola-chaqa shoirlik xususida boshqa fikrda bo‘lgan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas, ammo hech kim bu haqda shikoyat qilmagandi. Hamma hayotidan mamnun edi. "Birlik"ning dastur qoralamasini tayyorlar ekan, men bu hurriyatni, shaxsimga berilgan bu erkinlikni yo‘qotish arafasida turganligimni xayol ham qilolmasdim. Chunki, takabburona "hamma narsa menga bog‘liq, istagan ishimni qilishim va istagan paytda uni qilmasdan to‘xtatishim mumkin, menga hech kim buyruq berolmaydi", deb o‘ylardim. Yangi bir zamon kelganligi, bu zamon bilan men ham , do‘stlarim ham, butun millat, hatto butun millatlar va dunyo o‘zgarganini sezmay qolgandim. Yoki boshqacha ta’bir bilan aytsam, uch yildir-ki, biz bir "qayta qurish" degan marafonga shunchaki hazillashib, bayram sportiga qo‘shilganday, qo‘shilgan edik, ammo hanuz "finish"ga kelmagandik, chopayotgandik. Choparkan, vaqt o‘tganini, vaqt o‘tarkan, o‘zimiz va atrofning o‘zgarib borayotganini sezmay qolgandik. Men haligacha o‘tmishdagi ideallar bilan yashardim: 53 Muhammad Solih - Yo'lnoma Men hech kimga bo‘yinsunmasman, Balki, menga bo‘ysunar qismat. Men siz ekkan joyda unmasman, Faqat ruhga qilarman xizmat. Men sizlarga rahm qilmasman, Ya’ni, o‘zni ayamasman hech, "Oq-qora!", deb vahm qilmasman, Ya’ni, sochni bo‘yamayman hech. Bukilmasman quvonchu g‘amdan, So‘ramasman ya’ni nafaqa, Ya’ni, men bu moddiy olamda Hur ruh uchun yasharman faqat!... 1981 ("Valfajr", 1983) Ishoning, men buni she’r bo‘lsin deb yozmagandim. Xuddi yozilgandek yashash va xuddi yashagandek yozish men uchun zarur maksimum edi. Bunday maksimumsiz shoir she’rini yozolmaydi. Busiz shoir o‘zini hurmat qilolmaydi. Hurmat qilolmasa, she’r yozish, deyarli, mumkin emas. To‘rt qator she’r yozmoq uchun menga abadiyat zarur edi. Uch soat so‘ngra bir joyga chiqishim kerak bo‘lsa, men bu she’rni yozolmasdim. Balki, to‘rt qatorni yozish uchun 5 daqiqa vaqt ketar, ammo hech kim, hech bir zarur ish tepamda kaltak ko‘tarib, uch soatdan keyin chiqasan, deya turmasligi kerakdi. Va hech bir nashriyot yoki gazeta mening ongimda shuurimda o‘z tsenzurasini yerlashtirmasligi lozimdi. Men hech narsadan tiskinmay, xohlagan narsamni yozish, aynan istagan narsamni yozishim shart edi. Va, nihoyat, eng muhimi, "butun yozganlarimda, birorta ibora yoki satrda o‘z idealimdan tirnoqcha ham chekinganim yo‘q, yolg‘onga, zulmga xizmat qilganim yo‘q, bundan keyin ham qilmayman", degan qanoat doim ko‘ksimda turishi kerak. Bu o‘zimni she’r yozishga ko‘ndirish uchun eng asosiy shart edi. 1975 yil men Universitetdan so‘ngra ish axtarib g‘. g‘ulom nashriyotiga borgandim. Shoir Omon Matjon orachi bo‘lib, nashriyot direktori Hamid G’ulom kabinetiga olib kirdi va: "Hamidjon aka, mana shu yigit yaxshi shoir, sizga sadoqat bilan xizmat qiladi", deganda, mening qattiq jahlim chiqqandi. Omon Matjon "shunday gapirish kerak, yo‘li shunaqa", degandi. Lekin u shoirning yo‘li shunaqa emasligini bilmasdi. Men ishlab-chiqarish bo‘limida ikki oy ishlay oldim, xolos. Chunki, birdaniga ikki tarafga sadoqat bilan xizmat qilish mumkin emasdi. Men Kafka emas edim, u kabi ikkita hayot yashay olmas edim. U kabi iztirob chekishni, u kabi bu dunyomni jahannamga aylantirishni istamasdim. O’zimni juda kuchli sezardim, bo‘lim boshlig‘i yoki nashriyot boshlig‘iga istagan paytda "alvido", deb o‘z ozodligimga qovushish darajasida kuchli. Shunday bir o‘z hurriyatiga qul odamning siyosat bilan shug‘ullanishi mumkin emas edi. Har holda, men shunday o‘ylardim. Biz yozuvchilarni xalq taniydi, bulardan foydalanaylik, bir tashkilot tuzaylik, odamlarni jalb qilaylik, boshlab bersak bo‘ldi, keyin o‘zlari olib ketishadi, keyin olomonni ko‘rib, siyosatchilar ham kelishadi, professional ish boshlanadi, millatning ufqi ochiladi, deb reja qilardim. Qisqasi, har qachongiday, 1988 yil iyul oyida ham o‘zimni baxtli odam hisoblardim, chunki, dunyoning eng qulay, eng oson kasbi - shoirlikni hanuzgacha o‘z kasbim deb hisoblardim va 54 Muhammad Solih - Yo'lnoma faqat hozir xalqqa maqola kerak, she’rni, sal sukunat tushsin, keyin boshlaymiz, insholloh, deb o‘ylardim. Sukunat tushmadi. Bugun, bu voqealardan o‘n yil o‘tdi, ammo sukunat tushgani yo‘q. Bu o‘n yil sukunatsiz umrim bo‘yicha she’r deb atamasa ham bo‘ladigan uchta matn yozildi, xolos. Lekin bu o‘n yil davomida matbuot yoki boshqa joyda ismimni tilga olganlar ismimdan oldin muttasil "shoir" kalimasini qo‘yib, dunyoning eng qulay va eng hur kasbi bilan meni davomli taqdirladilar, Olloh rozi bo‘lsin bu odamlardan. KOTIBLIK Yozuvchilar Uyushmasiga kotib bo‘lib saylangandan keyin nafaqat she’r, maqola yozishga ham vaqt qolmadi. Yo‘q, men Uyushmaning ishi bilan mashg‘ul bo‘lmadim. Uyushma raisi yozuvchi Odil Yoqubov va yana mendan boshqa ikki kotib bor edi - uyushma ishi bilan ular shug‘ullanishdi, sog‘ bo‘lsinlar. Menda byurokratik tajriba yo‘qdi va bu tajribani orttirish istagim ham jo‘shib turmagandi. Menga tushgan ish Uyushmaga to‘p-to‘p kelayotgan, dehqonlar, ishchilar, o‘qituvchilar va boshqa turli kasbdagi turli xarakterdagi insonlarni qabul qilish va ularning arzi-dodini tinglash bo‘ldi. Gdlyan boshlagan terror hali ham to‘xtamagan va haqsizlikdan xalqning fig‘oni ko‘kka chiqqandi. Sudga, militsiyaga, prokurorga, partiya qo‘mitasiga, ijroqo‘mga, markazqo‘mga borishi kerak bo‘lgan insonlar oqib Yozuvchilar Uyushmasiga kelardi. O’g‘li nohaq qamalgan oqsoqol ham, ishdan nohaq haydalgan yosh yigit ham, uyiga o‘g‘ri tushgan pensioner ham, hatto mansabidan ayrilgan nomenklaturachi ham Uyushmaga kela boshlagandilar. Yozuvchilarning kattalarga so‘zi o‘tadi, deb o‘ylardilar. Yozuvchining obro‘si katta, tepadagilar yozuvchidan qo‘rqishadi, deb o‘ylashardi. Bir navi to‘g‘ri o‘ylashardi. Nisbiy so‘z erkinligi yozuvchilarni darrov xalq orasida mashhur qildi. Bu tepadagilarning jig‘iga tegsa ham, Uyushma bilan ochiq konfrontatsiyaga borishni istamasdilar. Markazqo‘mning sekretarlari, Uyushmaga kelib, ma’ruza qilgan bo‘lar, bu bilan go‘yo yozuvchilarga naqadar e’tibor berishayotganini ko‘rsatgan bo‘lishardi. Albatta, dunyoda hech bir davlat yozuvchilardan bizdagiday hadiksiramasdi, chunki, hech bir davlatda xalq yozuvchilarga bizdagiday ishonmasdi. Davlat yozuvchilardan emas, ularga ergashayotgan xalqdan qo‘rqardi. Sakson sakkizinchi yil Yozuvchilar Uyushmasi xalq uyiga aylandi. Rais Odil Yoqubov bir-ikki marta to‘ng‘illab qo‘ydi, lekin odamlarni mening chaqirib kelmayotganimni bilardi. Bu "bosqinga" sabr bilan chidadi ammo boshqa bir sababdan bir oz ranjigandi: har bir kotibning maqom kreslosi uzra Dohiy portreti osilib turardi va men ishga kelgan birinchi kun o‘z kabinetimdagi Dohiy nusxasini devordan olib, o‘rniga Oxunov degan rassomga buyurtirib chizdirganim Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon portretini osdim. Bu nomenklaturadan olgan birinchi qasosim edi. Uyushmaning kotibi ham nomenklaturaga kirardi, o‘zining maqom mashinasi, "vertushka" telefoni, qabulxonasi va unda sekretari bo‘lardi. Bu ne’matlarning ichida eng xayrlisi, "vertushka" edi. Bu telefon to‘g‘ridan-to‘g‘ri minstrga yoki boshqa katta mansabdorga ulanar edi. "Vertushka"dan eng ko‘p foydalangan yilim sakson sakkizinchi yil bo‘ldi. Shikoyat bilan kelgan xalqni o‘sha "vertushka"ga gapirtirdim. Bu mening nomenklaturadan olgan ikkinchi qasosim bo‘ldi. 55 Muhammad Solih - Yo'lnoma Uchinchi qasosim - nomenklaturani yetishtirgan kompartiyaga kirish taklifini rad etdim. Bu O’zbekiston Kompartiyasiga qilingan eng katta haqorat edi va u to 1991 yil xuntadan keyin o‘z-o‘zini bekor qilgunga qadar meni ta’qib etdi, o‘shahaqoratning xusurini chiqarishga urindi. Markazqo‘m kotibi Xolmuxammedov Uyushma raisini chaqirib, Uyushma Kotibligigida kommunist bo‘lmagan kishi o‘tirmasligini aytdi, Odil aka buni menga aytdi, men "unday bo‘lsa kommunistni qo‘yinglar", dedim, harakat qilishdi, ammo qo‘yisholmadi, kommunist yo‘qligidan emas, zamon o‘zgarganligidan. Uyushmada demografiya, ekologiya, tarix va davlat tili kabi bir-biriga o‘xshamagan masalalarning hammasi muhokama qilina boshladi. "Shoir-she’rini yozsa, yozuvchi romanini yozsa, bu xalqqa foyda keltiradi, nima qiladi yozuvchilar o‘zi bilmagan ishga aralashib", deya pisanda qiladigan odamlar ko‘paydi. Lekin yozuvchilarni qo‘llaydiganlar bunga nisbatan uch-to‘rt baravar tezlikda ko‘paya boshlagandi. Uyushmada tuzilgan "Orol qo‘mitasi" juda faollashdi. Uning a’zolari biror yerga borsalar hurmat bilan kutib olishardi. Mahalliy rahbarlar o‘z bo‘lgalaridagi ekologik vaziyatni "Qo‘mita" a’zolari bilan muhokama qilishdan avvalgidek qo‘rqmasdi. Yozuvchilar Uyushmasining ikkita zali bor edi, har ikkalasida ham har kuni, har soatda birorta majlis yoki mashvarat o‘tayotgan bo‘lardi. Bu majlislarda qatnashayotganlarning sakson foyizi yozuvchilikka aloqasi yo‘q odamlar, muhokama qilinayotgan masalalarning ham adabiyotga aloqasi yo‘q edi. Uyushmaga chet elliklar ham tez-tez tashrif buyuradigan bo‘lib qolishdi. Ular bu yerga O’zbekistonning na davlat, na-da boshqa jamoat tashkilotida eshitishi mumkin bo‘lmagan fikrlarni eshitish uchun kelardi. Uyushma 1988 yilga kelib, tom ma’noda rasmiy tan olinmagan, ammo ta’siri katta bir muxolifat markaziga aylangandi. O’sha yil, oktyabr oyi edi chamasi, men "N’yu york tayms" gazetasining Moskvadagi muxbiriga interv’yu berdim. Juda ko‘p narsalarni ochiq so‘yladim. Keyin ma’lum bo‘lishicha, mazkur interv’yu meni faqat Uyushmadan uzoqlashtirish uchun emas, menga qarshi jiddiyroq tadbirlar qo‘llash uchun bahona vazifasini o‘tashi kerak bo‘lgan. Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling