Muhammad Solih yo’lnoma


Download 0.87 Mb.
Pdf ko'rish
bet6/21
Sana23.11.2020
Hajmi0.87 Mb.
#150365
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
Bog'liq
muhammad-solih-yolnoma


TURKLAR
Sakson oltining sentyabr oyida Toshkentda dunyo turkologlarining konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. 
Unga Ovrupo va Osiyo o‘lkalaridan mutaxassis olimlar qatnashishdi. Turkiyadan kelgan 
hay’at ancha katta edi. Avvallari u yerdan O’rta Osiyoga hech bunaqa katta "olomon" 
kelmagandi.
Konferensiya "Vыsokovoltnыy" mavzesida joylashgan O’zbekiston Fanlar akademiyasining 
majlislar zalida o‘tdi va bir necha kun davom etdi. Bir romantik turkolog bor edi, Ishtvan 
Mandoki. Qo‘ng‘ir Mojoristonli qipchoqlardan, u bizni turk hay’ati bilan tanishtirgandi. 
Turklardan so‘rashni va eshitishni istaganimiz ko‘p narsalar bor edi, ammo bizning 
o‘g‘uzchamiz, ularning o‘zbekchasi chuqur mavzularga kirish darajasida mukammal emasdi. 
Turklar bilan muloqot qilishni istagan o‘zbeklarning hammasi yozuvchilar edi, o‘zimizning 
yaqin do‘stlar, avval tilga olganim "idealistlar" edi. Turklarni choyga taklif qildik. Avval shoir 
Miraziz A’zamning uyida, keyin menikida dasturxon yozdik. Bizning og‘aynilar turklarga "ol, 
aroqdan, nega olmayapsan?," deb hayron bo‘lganlari esimda. Bizni bu odamlarning ichkilikka 
bo‘lgan loqaydligi hayron qoldirgandi. Sovet kishilari dasturxonga aroq qo‘ymasa, uni hech 
kim hurmat qilmasligini turklar bilmasdi. "Ich, ich" deya mehmonni qistamasa, 
mehmondo‘stlikka futur yetishini ham bilmasdi avom turklar.
O’shanda mehmonlarning biridan, professor Ahmad Beyjon Erjulasundan "Turkchilikning 
asoslari" kitobini bizga jo‘natishini iltimos qilgandim. Ikki oy so‘ngra boshqa bir turk olimi 
Dursun Yildirim orqali so‘ralgan kitobni yuborgandi. U paytlarda bunday adabiyotlar 
ta’qiqlangandi va shu bois, bu kitobning Toshkentga kelishi ham bir sarguzasht bo‘lgandi. 
Keyin bu kitobni tarjima qildik. Tarjimani tezroq bitirish uchun uni uchga bo‘lib, bir qismini 
Miraziz A’zamga, ikkinchi qismini Abduqodir degan tarixchi yigitga topshirgandim. Kitob 
bosishga emas, o‘zimizga yaqin besh-olti kishi orasida o‘qishga mo‘ljallangandi.
Turklarni kandakor Omon Azizning o‘g‘lining sunnat to‘yiga olib borganimiz esimda. Turklar 
juda zavqlanishgandi. Ular ota yurtlari hisoblagan Turkistonda to‘yda o‘tirganlaridan mamnun 
edilar. Hammasi samimiy, sodda, dilkash, qisqasi, turklardi.
Ularning ichida Nozim Hikmat va Aziz Nesin kabi yozuvchilarni sevadiganlar yo‘q ekan. Bizga 
boshqa yozuvchilarning ismlarini aytishdi, eng buyuk turk shoir-yozuvchilari bular, deyishdi. 
Biz bu haqda suhbatlasholmadik, chunki, turk adabiyotini yaxshi bilmasdik. Mehmonlar esa, 
Nozim Hikmatning Sovet Ittifoqida turk o‘laroq yashaganini bilmasdilar. Rus shoiri Andrey 
Voznesenskiy "Literaturnaya gazeta"da bosilgan xotirasida shunday bir voqeani eslaydi: qish 
edi, Nozim Hikmat o‘pkasini shamollatmaslik uchun ko‘ylagi ichida ko‘ksiga gazeta o‘rab 
yurardi... Yo‘lda biz ketayotgan mashinana militsioner to‘xtatdi va uzoq vaqt qo‘yib 
yubormadi. Shunda shofyor militsionerga qarata, "Nichego ne ponimaet, on xuje turka" 
deganda shofyorning yonida o‘tirgan Nozim Hikmat qattiq g‘azablangandi.
Bu voqeani mehmonlarga aytib berish mumkin edi, ammo ularning yillar davomida 
shakllangan mafkuraviy qarashlarini bir kichik hikoya bilan o‘zgartirish mumkin emasdi. Buni 
mezbonlik qilayotgan Miraziz A’zam ham, Rauf Parfi ham, Ibrohim Haqqul ham bilib turardi.
42

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Turklar bizda juda ichkin qardoshlik tuyg‘usi qoldirdi. Qayta qurish boshlanib, aloqalarimiz 
yaqinlashganida, bu do‘stlarni yanada ko‘proq tanidik.
  
PLENUM
Sakson oltinchi yilning kun tartibiga tarixni himoya qilish, 20-yillar adabiyoti 
namoyandalarining merosini tiklash, o‘zbek tiliga e’tiborni kuchaytirish (hali davlat tili haqida 
gap yo‘q), Orol ko‘lini qutqarish, bolalarni mehnatdan ozod qilish, arab alifbosini maktablarda 
o‘qitish kabi turli-tuman masalalar qo‘yildi. Bu masalalarning hech biri Yozuvchilar Uyushmasi 
saviyasidan yuksakroq bir maqomda muhokama qilinmadi. Ammo O’zbekiston markazqo‘mi 
va KGB tamsilchilari bizning majlislarimizni diqqat bilan kuzatib borar, "boshga balo bu 
oshkoralik"ning yana qaysi nuqtalarga yetib borishi mumkinligini chamalab ko‘rishardi.
Biz, "yoshlar" deb atalgan yoki "janjalkashlar" deb atalgan guruh 1985 yilgi "Politbyuroga 
maktub" davridan keyin ancha o‘zgargandik. Qayta qurishning bir yili turg‘unlikning yigirma 
yiliga teng edi. Ichimizdagi ulg‘ayishni butun vujud-la, jismonan his etardik. 
Yozuvchilar Uyushmasidan haydalish, kitob ta’qiqlanishi yoki boshqa tazyiqlar, "yoshlar"ni 
ortiq qo‘rqitolmasdi. Ular o‘n daqiqa erkin nutq qilish uchun bir yil kitobini bostirolmay 
yurishga yoki hatto Uyushmadan haydalishga ham tayyor edilar. Yoshlarning bu jur’ati 
ularning tevaragida bir sassiz hurmat chambarini yaratdi. Yoshlardan ijirg‘angan, ularning 
qilayotgani to‘g‘ri ekanligini bilaturib, bilmaslikka olganlar ham ko‘p edi, albatta.
1986 yil oktyabr oyida Yozuvchilar uyushmasining navbatdagi (yoki favqulodda, esimda yo‘q) 
plenumi bo‘ldi. Majlisga bir qisqa nutq tayyorlagan edim. Uning ruscha yozilganini ko‘rib, 
do‘stlarimdan birining jon-poni chiqdi. "O’zbekcha gapirish kerak, siz o‘zingiz o‘zbek tilining 
obro‘sini ko‘tarish kerakligini targ‘ib qilayapsizu, yana ruscha gapirmoqchisiz..." dedi. U haq 
edi. Uning fikrini rad qilish uchun menda bitta ham argument yo‘qdi. Bu qisqa nutqni yo‘l-
yo‘lakay tarjima qilib, minbarga chiqquncha tayyorlab qo‘yaman, deb o‘yladim. Va zalga kirib, 
ertaroq joylashish uchun foeda turgan odamlarni oralab, yuqori qavatga ko‘tarila boshladim. 
Ko‘tarilar ekan, yonimda serviqor xalq yozuvchilari ko‘ksida ordenlarini shaldiratib ketayotgan 
veteranlar, Markazqo‘mning sip-silliq instruktorlari, KGBning qiyofasiz agentlari, maddoh 
jurnalistlar, xullas, men ardoqlagan g‘oyalarga kim befarq bo‘lsa, hammasi men bilan majlis 
zaliga, uchinchi qavatga ko‘tarilar edi. Men nutqimni o‘z do‘stlarimga o‘qimoqchi emasdim. 
Ular mening nima deyishim mumkinligini bilishardi, ularga mening deyajaklarim doim ma’lum 
bo‘lgan. Men tayyorlagan bu qisqa nutq mening yonimda harsillab, inqillab yuqoriga 
ko‘tarilayotgan mansab va mukofotdan boshqa hech narsa, xo‘jayiniga xushomad, qo‘l 
ostidagi ma’murga haqoratdan boshqa hech narsa bilmaydigan bu zotlarga o‘qilishi kerak 
edi. Men bular bilan yuqoriga ko‘tarilar ekanman, g‘azabim ham sekin-asta ko‘tarilib borardi: 
bular aynan rus tilida tushunadilar, bular faqat rus tiliga topinadilar, bular faqat ruscha nutqni 
jiddiy qabul qilishadi, bularning miyalariga faqat ruscha so‘zlarni sanchish mumkin, derdim 
o‘z-o‘zimni qizdirib.
Zalga kirib, o‘rindiqqa o‘tirganda nutqimni ruscha o‘qishga qaror qilgandim. Bu voqea mening 
hayotimdagi birinchi siyosiy taktika edi. Buni o‘sha paytda anglamagan edim, endi tahlil 
qilayapman.
43

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Zotan, nutqning avvaldanoq ruscha yozilishida o‘sha taktika - g‘oyani kichik davra emas, 
kengroq omma o‘rtaida yoyish, u bilan, kerak bo‘lsa, bahsga kirishish taktikasi yotardi. Bu 
xususiyat ortiq shoirning xususiyati emas edi. Shoir hech qachon olomonga tushunarli bo‘lish 
uchun o‘z ideallarini vaqtincha bo‘lsa ham, chetga surib qo‘yaolmas edi. Ayniqsa, u yuqorida 
tasvirlangan manfiy energiya maskani bo‘lgan olomon uchun o‘z tilida gapirishdan aslo voz 
kechmagan bo‘lardi. Voz kechsa, u shoir bo‘lmasdi.
1986 yil mening shoirligim shunday tugagan edi.
Sakson oltidan keyin ham bir necha she’riy satrlar yozildi, ammo ular siyosiy she’rlar edi:
 
 
AFSUN
 
"Yo‘qolsin zulm!", dedik,
Zulm darrov yo‘qoldi.
"Yashasin hurriyat", dedik
Hurriyat yashadi.
 
"Yo‘qolsin boylar!", dedik
Yo‘qoldi boylar.
"Yashasin yo‘qsillar!", dedik
Yashayapti yo‘qsillar.
 
1987 ("Orzu fuqarosi", 1990)
 
Nutqim yetti daqiqa davom etdi va zal yetti daqiqa churq etmadi. Men notiq emasdim, ammo 
o‘zim yozgan matnni qanday o‘qishni bilardim. Mening tanqidim to‘g‘ridan-to‘g‘ri Plenum 
hay’atida o‘tirganlarga, Markazqo‘mga, uning laganbardorlariga qarshi qaratilgandi. Nutq 20-
yillar adabiyotining namoyandalari va ularning dushmanlari haqida edi. Dushmanlar Plenum 
hay’atida o‘tirgan bo‘lsalar ham churq etishmadi. Ular o‘z kuchiga shu qadar ishongandilar. 
Lekin men bundan injilmadim. Majlis tugab, tashqariga chiqar ekanmiz, tanqidchi Ozod 
Sharofiddinov qo‘ltig‘imdan olib, "hali "gruppovshina"ni qanday ibora bilan atagandingiz, juda 
ham original edi", deya kuldi.
Bu o‘sha kungi chiqishimga bildirilgan yagona "legal" munosabat edi. 1986 yilda bu ham oz 
sanalmasdi.
 
DEKABR VOQEALARI
1986 yil dekabrda Olma-ota voqealari ro‘y berdi. Minglab odamlar ko‘chaga chiqib, davlat 
kuchlari bilan yuzma-yuz to‘qnash keldi. Bu juda muhim voqea edi. Bu odamlarni ko‘chaga 
chiqishga undan kim bo‘lishidan qat’iy nazar, ularning talablari naqadar haqli yoki haqsiz, 
bundan qat’iy nazar, bu odamlarning qaysi sotsial guruh vakili, hatto qaysi millatga 
mansubligidan qat’iy nazar, ularning norozilik bildirib ko‘chaga chiqishi Sovetlarning so‘nggi 
50 yil davrida yuz bergan eng katta ijtimoiy hodisa edi.
To‘g‘ri, bunday chiqishlar keyinroq boshqa mintaqalarda paydo bo‘la boshladi, ammo 
qozoqlar sovet xalqi ham norozilik bildirib, ko‘chaga chiqishga qodir ekanligini, buning uchun 
kerak bo‘lsa, qurbon berishga ham tayyor ekanligini birinchi bo‘lib isbot qilishdi. Militsiya va 
askarlarning belkuragi zarbasidan jon bergan o‘nlab qozoq yigit-qizlari hali 
mashrulashmagan fikr hurriyatining ilk qurbonlari edi.
44

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Namoyishning parda orqasidagi sabablari, ehtimol, tarixchi uchun muhimdir. Ammo, yana 
takrorlayman, agar insonlar ko‘chaga chiqishga shundoq ham, hech qanday sababsiz tayyor 
bo‘lmaganlarida edi, ularni hech bir sabab, hatto aytayotganlaridek yo‘lboshchi Kunaev ham 
ularni bu ishga majbur qilolmasdi. Bu yosh yigit-qizlar qozoq xalqining bo‘g‘ziga tiqilgan bir 
xo‘rsinish edi va u otilib chiqdi. Qaysi sabab bilan chiqdi, u ikkinchi masala.
Afsuski, biz o‘zbek ziyolilari o‘sha sinov paytida qozoq qardoshlarimizning yonida turolmadik. 
Kimdir "bu Kunaevning provakatsiyasi", desa, birov "bu ruslarning fitnasi", dedi va ko‘pchilik 
Olma-ota voqeasini nainki himoya, balki mushohada qilishdan ham o‘zini olib qochdi. 
Bu yoshlar qaysi shior bilan chiqsa chiqsin, qaysi tarafni tutib gapirsa gapirsin, ular faqat 
shior ko‘tarib chiqqandilar va faqat gapirish uchun chiqqandilar.
Bunday chiqish demokratik haqlarning eng ibtidoiysi edi. Lekin totalitar davlat, o‘zi 
demokratiya haqida gapira boshlagan bo‘lsa ham, demokratiya emas, bor-yo‘g‘i, uning 
uzoqdan kelgan nafasini his qilgan on, xuddi quturgan arslonday, o‘zini o‘sha nafas chiqqan 
tomonga otdi.
Namoyishning bostirilishi Qozog‘istonda chuqur tushkunlik uyg‘otdi. Keyinroq u yerda paydo 
bo‘lgan siyosiy tashkilotlarning marginal holatda qolib ketishi, milliy harakatning uyushgan bir 
tashkilot holiga kelolmagani va ijtimoiy fikrning norasida qolib ketishida o‘sha tushkunlikning 
katta ta’siri bo‘ldi. Ammo har narsada bir xayir bor, deganlaridek, bu fojeaning musbat ta’siri 
ham bo‘ldi. Masalan, o‘zbek yoshlariga bu voqea mujodalaning alternativ shakllari ham 
bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Faqat bu shakllardan foydalanish uchun muayyan bir 
struktura, shaxs yoki guruh irodasi bilan boshqariladigan bir tashkilot lozimligi ham ma’lum 
edi. Stixiyali, baqir-chaqir bilan boshlangan aktsiya, muhaqqaq mag‘lubiyatga uchrashini ham 
o‘shanda o‘rgangan bo‘ldilar. Sovet Ittifoqining boshqa jumhuriyatlari va dunyo jamoatchiligi 
Qozog‘istondagi namoyishning bostirilishini totalitar davlat hali baquvvat ekanligi va yana 
uzoq yillar shunday turajagining xabarchisi o‘laroq qabul qildi. Gorbachev yo bir yil, juda uzoq 
borsa ikki yil turadi, keyin yana bir navbatdagi temir qo‘lli temir intizom tarafdori paydo 
bo‘ladi, degan "bashoratlar" Qozog‘iston voqeasidan keyin ko‘proq talaffuz etila boshladi. Bu 
mish-mishlarga kinoya o‘laroq yoki uning aks-sadosi kabi bir she’r bitgan edim. U sakson 
oltinchi yilning so‘nggi she’ri edi. Bu she’r kitobda "Tashbehsiz she’r" nomida bosildi.
 
LENIN, STALIN, BREJNEV HAQIDA TASHBEHLAR
 
Buyuk odam injiq bo‘ladi sal,
Bu ham bir fazilat albatta.
Dunyoga kelar u xohlagan mahal
Va xohlagan jumhuriyatda
 
Buyuk odam kamtar, bunaqa odam,
Tug‘ilmay ham turar yuz yillab ba’zan.
Tug‘ulgudek bo‘lsa, mabodo,
Bizdan yashirinib yurar muntazam.
 
O’sha kamtarligi sabab birgina
Berkinmas u boylik, moli ortiga,
U bizdan "insoniy" berkinar,
Demak o‘z soqoli ortiga.
 
Basharti udumda bo‘lmasa soqol,
Buyukka yetadi oddiy bir mo‘ylov,
45

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Bizga shu mo‘ylov ham kelsa gar malol,
U qoshi ortiga berkinar darrov.
 
Qoshni ham ko‘p ko‘rsa noshukur davr,
Buyuk odam hech bo‘g‘ilmaydi.
Faqat kamtarona qiladi sabr,
Udum evrilguncha u tug‘ilmaydi.
 
1986 ("Orzu fuqarosi", 1990)
 
Yaxshiyamki, udum evrilib, yangi diktator tug‘ilmadi. Yaxshiyam-ki, noumidlarning miskin 
bashoratlari to‘g‘ri chiqmadi. Yaxshiyam-ki, totalitar davlat biz qo‘rqqanimiz qadar kuchli, biz 
taxmin etganimizchalik tadbirli emas ekan. Eng qizig‘i, hali biz o‘zimizni, keyingi yillardagi 
o‘zimizni, keyingi oylardagi o‘zimizni bilmas edik. Biz shu qisqa zamon ichida shu qadar 
o‘zgargan edi-ki...
Totalitar davlat ortiq o‘z qullari bilan sal pastroq ovozda, bir parda pastroq ovozda 
gaplashishga majbur bo‘lgan va shunday gaplashayotgan edi. Bu o‘zgarishni baqir-chaqirda 
biz sezmay qolgan edik.
Bizni belkuraklar bilan urishlari mumkin edi, ammo bu bizning og‘zimizni bekitishga endi 
kamlik qilardi.
 
1987 yil
 
"OILANI PLANLASHTIRISH"
 Hali qayta qurishgacha, Rossiya strateglari 2010-yilga borib, Sovet Ittifoqida kichik millatlar 
nufuzi buyuk rus millati nufuzidan oshib ketadi, buning tadbirini ertaroq olish kerak, deya 
boshlagandilar. Bu fikr yuksak lavozimli rahbarlar va ilmiy markazlar doirasidan chetga 
chiqmagan bo‘lsa ham, doim parda orqasida muhokama qilinayotgan edi. Sovet rahbarlari 
tuzumga rahna solishi mumkin bo‘lgan faktor o‘laroq boshda mamlakatdagi demografik 
muvozanatning buzilishini ko‘rardilar. Iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy faktorlar u qadar ahamiyatli 
sanalmasdi.
Qayta qurish boshqa jabhalarda bo‘lgani kabi, Moskvaning demografik siyosati ustiga 
yopilgan pardani ham olib tashladi. Ruslar bu haqda tortinmay gapira boshlashdi. 1987 yil 
boshlarida "Izvestiya" gazetasi bir kichik suhbat e’lon qildi. Suhbatda ilk bor o‘zbek oilalarida 
tug‘ilishni kamaytirish haqida fikr bildirildi. Shu bahona bilan O’zbekistonda bolalar o‘limi juda 
ko‘paygani haqida ham qistirib o‘tildi.
Bu xabar aslida O’zbekistonda "oilani planlashtirish kampanyasi" amalda boshlangandan 
so‘ng chiqqandi. Jamoatchilikni uyg‘otmaslik uchun, kampaniya to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat 
direktivlari bilan yuritila boshlagandi. Shahar va rayon markazlari tug‘riqxonalarida 
allaqachon amaliy ish olib borilayotgan edi. Matbuot bu kampaniya haqida xabar qilib, bahs-
munozara boshlanganida, Rossiyadan yuzlab hamshiralar Turksib yo‘llariga termulib "non 
shahri Toshkent"ga ketish uchun hozirlanayotgandilar. Bu go‘zal hamshiralar o‘zbek 
dugonalariga tug‘ishning naqadar zararligini o‘rgatish vazifasi bilan kelayotgan edilar. Ular 
rus demografik siyosatining askarlari edilar. Ularning qanchasi yetib keldi va qanchasi 
46

Muhammad Solih - Yo'lnoma
kelolmadi, bilmayman, faqat shu ma’lumki, agar o‘zbek ziyolilari Sovet davlatining bu 
siyosatiga ochiq qarshi chiqmasa edi, bizning oila qurilishimiz o‘sha paytda olgan zarar, 
ehtimol, yanada kattaroq bo‘lardi. Chunki, tug‘ilishni qisqartirish faqat tug‘riqxonadagina 
boshlanib, o‘sha yerda tamom bo‘ladigan masala emasdi. Bu faqat tibbiy va hatto faqat 
demografik masala ham emasdi. Bu bir millatning oilaga, farzandga an’anaviy munosabati 
masalasi, bu bir milliy zehniyat va niyahot, bu bir diniy masala edi.
O’zbek, oilasida farzand tug‘ilarkan, uni qanday boqamiz, deb o‘ylamaydi. Hech kim "bu 
ortiqcha og‘iz", demaydi, chunki, hamma Ollohning bu og‘iz uchun yaratgan rizqi ham 
borligini biladi. (Bugun O’zbekistonda odamlar ochdan o‘layotgan bo‘lsa, o‘z farzandini 
"ortiqcha og‘iz", deb qo‘shnilariga berayotgan bo‘lsa, buning tug‘ilishga hech qanday aloqasi 
yo‘q. Bu odamlar noshud davlat arboblari yuritgan ko‘r siyosat qurbonlaridir).
Qizig‘i shunda-ki, o‘sha demografiya masalasi muhokama qilinarkan, rus tilida chiqadigan 
butun gazetalar kampaniyaning naqadar to‘g‘ri tadbir ekanligi, bechora o‘zbek xotinini bola 
kabi og‘ir yukdan qutqarish naqadar oliyjanob ish ekanini kuyib-pishib, ilhom bilan 
yozaboshladilar. Nasabsiz jurnalistlar har tarafga chopib "suhbatlar" uyushtirar, falon viloyat, 
falon qishloqlik bir ayol "bola boqish qiyin ish", dedi, deya reportajlar to‘qirdilar.
Bu materiallarning ba’zilarini o‘zbek gazetalari (tepadan kelgan buyruqqa binoan) tarjima 
qilib, o‘z sahifalarida bosardi. Ammo o‘z tashabbusi bilan birorta o‘zbek gazetasining bu 
xususda maqola uyushtirganini eslay olmayman. Aslida, "oilani planlashtirish" dunyo uchun - 
Xitoy va Hindiston kabi supernufuzli o‘lkalarni istisno qilsak, dolzarb va hassos mavzu emas. 
Bu masala biz o‘zbeklar uchun ham hassos emasdi. Agar buni o‘zimiz muhokama qilsak, 
o‘zimiz tortishsak, demografiya mavzusi biz uchun nihoyatda normal mavzu edi. Bu - Rossiya 
tarafidan buyurilgani uchun mavzu biz uchun darrov hassoslashdi.
Va bu mutlaqo tabiiy edi. 
 
SHE’RIYAT ZIRHI
 Sakson olti va sakson yettinchi yil men uchun adabiyot va she’r ikkinchi planga chekindi. 
Uzun yillar davomida she’riyat, bizning avlod uchun milliy o‘zlikni himoya qilish vositasi bo‘ldi. 
She’rlarda ifoda qilingan g‘oyalar u yoqda tursin, faqat o‘zbek tilida yozishning o‘zigina o‘sha 
"o‘zlik"ka xizmat edi. Chunki, boshqa tilda yozish "imkoni" ham bor edi. Boshqa tilda yozish 
tahlikasi bor edi. Boshqa tilda yozish jozibali edi, boshqa tilda yozish "Umumittifoq 
o‘quvchisiga olib chiqadi" va hakozo. Har holda, boshqa tilda yozishni ruslar bizga juda 
targ‘ib qilishardi. Chunki, bu "boshqa til" ularning tili edi.
Chingiz Aytmatov, Oljas Sulaymonov, Fozil Iskandar kabi talantli yozuvchilar rus tilida 
yozmaganlarida "o‘z adabiyotlarini" dunyo miqyosiga olib chiqolmasdilar, deyishardi 
adabiyotshunoslar. O’zbekistonda ham bu yo‘ldan ketishga ishqibozlar topildi. Ammo ularda 
na Chingizning na-da, Oljasning iste’dodi bor edi. Ular o‘z ona tilini bilmasdi, ammo o‘z ona 
tilini bilmaslik boshqa tilni bilish degan gap emasdi. Ulardan biri ruscha roman yozish 
orzusida bir ruscha yozadigan yozuvchi xotinga uylangan ham edi. Boyoqish xotin, erining 
nomidan bir-ikki kitob chiqardi, ammo undan hech yozuvchi chiqorolmadi. Va eri uni uch 
taloq qildi.
70-yillar oxiri va 80-yillarning boshlarida, turk jumhuriyatlarida ruslashtirish siyosati bir 
jonlanib olgandi. Xususan, bizning yo‘lboshchimiz Sharof Rashidov rus tilini "ikkinchi ona tili" 
47

Muhammad Solih - Yo'lnoma
e’lon qilib, uni hayotga ko‘proq tadbiq qilish uchun qarorlar qabul qilgandi. Biz "yosh avlod" 
bundan qattiq ranjigandik. Rashidovni juda yomon ko‘rib qolgandik. 
Bir kuni bir do‘stim bilan shoir Abdulla Oripovning uyiga borganimizni eslayman. Uning ish 
stoli ustidagi Rashidov portretini ko‘rib, hayratlandik. Oripov "bu odam juda ulug‘ odam, sizlar 
bilmaysizlar", dedi. Biz shoirdan bu "xoinning" portretini olib tashlashni so‘radik. Shoir yana 
"sizlar bilmaysizlar", dedi. Biz xafa bo‘lib, chiqib ketgandik shunda. Rashidovni hozirgi 
"mustaqil podshohlar" bilan qiyoslar ekan, shoir Oripovning "sizlar bilmaysizlar", degan gapi 
esimga tushadi. Boshimizga Rashidovdan beshbattari kelishi mumkinligini gapirgandi go‘yo 
shoir.
Rus tili Rashidovning qarorisiz ham kiradigan joyiga kirib bo‘lgan edi. Biz biror yaxshi kitob 
o‘qimoqchi bo‘lsak, uni faqat ruscha o‘qishimiz mumkin edi. Dunyo xabarlarini ko‘rmoqchi 
bo‘lsak, televizorning faqat Moskva kanalini ko‘rish lozim edi.
O’zbek ziyolisi, o‘z tili va madaniyati haqida o‘ylaydigan o‘zbek ziyolisi o‘z vatanining poytaxti 
Toshkentda o‘zini xuddi begona yurtdagi bir shaharda kabi his etardi. Bu chinakam bir fojea 
edi. Buni his qilgan odamgina, uning fojea ekanini anglardi. Aks holda, sizdan kulishardi, 
sizni mahdudlikda, biqiqlikda ayblashardi.
Bu achchiq tuyg‘uni taxminan shunday tasvirlash mumkin edi:
 O’zga tilda beraman men o‘z salomimni,
O’zga tilda nonushtaga qilishar taklif.
Bu shaharning ko‘chasida ko‘r kabi meni
O’zga tilning uch-to‘rt so‘zi yurar yetaklab.
 
O’zga tilda ko‘rsatarlar menga yulduzni,
O’zga tilda uyg‘oturlar meni saharda.
O’z tilimni emas, o‘sha uch-to‘rtta so‘zni
Unutmoqdan qo‘rqaman bu ulkan shaharda.
 
Vatan esa mening tushim,
Vatan - tushimdir,
O’z tilimda gaplashaman faqat tushimda
 
1981 ("Olis tabassum soyasi", 1986)
48

Muhammad Solih - Yo'lnoma
 
O’sha paytlari mendan "san’at turlari ichida eng milliysi qaysi biri?", deb so‘rasalar edi, men 
hech ikkilanmay "she’r" deb javob bergan bo‘lardim. Chunki, ruslashtirishning eng intensiv 
davrida meni va tengdoshlarimni madaniy assimlyatsiyadan she’r san’ati qutqardi.
Maqolani, nasrni (roman, hikoya) boshqa tilda yozish mumkin, ammo she’rni boshqa tilda 
yozish, to‘g‘rirog‘i, boshqa tilni o‘rganib, bu tilda she’r yozish deyarli mumkin emas. Menga 
darrov Oljas Sulaymonovni misol keltirishlari mumkin, ammo rus tili Oljas uchun boshqa til 
emas, balki, yagona tildir. U rus tili yetishtirgan shoir, rus madaniyati yetishtirgan mutafakkir. 
Shu ma’noda Oljas qozoq adabiyotining emas, qozoqlarning faxri.
She’r inson qalbining mahsuloti, inson aqlining emas. Balki shu xususiyati bilan u tashqi 
(jismoniy) ta’sirlardan himoyalangandir. She’rning bu xusisiyati biz uchun madaniy 
assimilyatsiyaga qarshi bir zirh vazifasini o‘tagandi, demoqchiman.
Qayta qurishning ikkinchi yilida men bu zirhni bir chekkaga qo‘yib, maqolalar yoza 
boshladim. Ortiq assimilyatsiya tahlikasi o‘rnini undan abadul-abad qutulish umidi olgan edi.
Ilgarilari she’r yozmasam, bir necha oy she’r yozmay qo‘ysam, darrov vijdon qiynalardi. Xuddi 
she’r yozish bu dunyodagi asosiy vazifaday. Xuddi she’r yozmasam, insoniyat bundan zarar 
ko‘radiganday. Endi vaziyat o‘zgargandi. Endi bu vijdon kutilmaganda boshqa narsalar uchun 
qiynala boshladi. 
Yaqinlarda bir ozodlik nafasi kezardi. Biz yillardir shivirlashib gaplashgan gaplarimizni ochiq 
aytish imkoni paydo bo‘lgandi. Yillardir bizning tushimizga kirib, bezovta qilgan erk shundoq 
yonimizda, ko‘chada yurardi. Bunday bir paytda she’r yozib o‘tirish uchun juda ham bosiq, 
juda mulohazali va juda ham shoir bo‘lish kerak edi. Men na unisi na bunisi edim va ko‘chaga 
otildim.
U yerda harakat bor edi.
 
Download 0.87 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling