Muhammad Solih yo’lnoma
Download 0.87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- NOMZODLIKKA NOMZOD
- SOVET PARLAMENTI VA SAXAROV
PASSIV AKTIV Yanvar oyida SSSR Yozuvchilar Soyuzining Plenumi chaqirildi. Bu plenum Yozuvchilar Soyuzi tarixida eng hayajonli va eng ehtirosli majlis o‘laroq tarixda qoldi. Zotan, plenum Yozuvchilar tashkilotining so‘nggi jiddiy majlisi bo‘ldi. Keyin, xuddi Sovet Ittifoqi kabi, Yozuvchilar Ittifoqi ham parchalandi. Yozuvchilarning bu so‘nggi majlisida men ham qatnashdim. O’zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi kotibi sifatida menga ham so‘z tegdi. Bu nutq "Literaturnaya gazeta"da plenum kunlari bosilib chiqdi. 63 Muhammad Solih - Yo'lnoma Bu nutq 18 daqiqada bitdi va uni tomomlab, joyimga qaytar ekanman, qarsaklarning odatdagidan uzoqroq davom etayotganini ilg‘adim. Boshqa bir paytda bunday qarsaklarning olqishmi yoki qarg‘ishmi ekanligini bilolmagan bo‘lardim. Chunki, nutq metropoliya siyosatiga va umuman ruslarga ochiqchasiga qarshi ruhda aytilgan edi. Zal nufuzining yarmidan ko‘pining nutqni olqishlashga hech bir sababi yo‘q edi. Bu nufuzning qolgan qismi ham avvallari bunday nutqqa aslo qarsak chalmagan bo‘lardi. Avallari bunday nutqqa nainki qarsak chalish, balki bunday nutqni gapirishi mumkin bo‘lgan kimsa minbarga yaqin yo‘latilmasdi. Minbar u yoqda tursin, bunday nutqlarga qodir kimsa yozuvchilikka qabul qilinmasdi. Lekin shu onda mening nutqimga qarsak chalishardi. Zamon shunday o‘zgargan edi. Mashvarat tanafusida O’ljas Sulaymon va ozor yozuvchisi Onor kelib tabriklashdi. O’zbeklardan shoir Shukrullo mening chiqishimdan samimiy xursand bo‘ldi, hatto ko‘ziga yosh oldi. Men tayyorlagan nutqda odamlarga yuqqan energiya intellektual yoki badiiy mohiyatga ega emasdi, bu sof ijtimoiy mohiyatli, o‘sha davrda keng tarqalgan eng yuqumli energiya edi. Saksoninchi yillar o‘rtasida tergovchilar Gdlyan-Ivanov boshchiligida o‘zbeklarga qarshi boshlangan huquqiy terror biz ziyoliylarni alamzada qilgandi. ko‘z o‘ngimizda yuzlab gunohsiz insonlar qamalib, iskanjaga olinar ekan, ularga yordam bera olmaslik tuyg‘usi bizni qattiq qiynar edi. Mana shu ketayotgan odamlarga qarab, "Mana shu ketayotgan odamlarga men Javob beraman!", desa edi kimdir. Mana shu ketayotgan, tinmay ketayotgan Odamlarga qarab "shularga men javob beraman, Men javob beraman", desaydi kimdir. Mayli baqirmasin, Mayli hayqirmasin, mayli jar solmasin dunyoga, Mayli pichirlasin, loaqal, pichirlasa edi. "Men javob beraman shularga", deya. 1985 ("Olis tabassum soyasi" kitobi, 1986) Respublika rahbarlarining bu zo‘ravonlik qarshisidagi qo‘rqoqligi, Moskva buyruq bersa, hatto o‘z onasini ham jallod Gdlyan qo‘liga topshirishga tayyor kompartiya kotiblarining sarosimaga tushgan qiyofalari bizning nafratimizni yanada kuchaytirgandi. Bu ham yetmaganiday, o‘zbeklarni bopladim, deya ko‘kragiga urib, Rusiya kengliklariga sayohatga chiqqan armani tergovchi rus aholisi tarafidan milliy qahramon sifatida qarshilana boshlagandi. Bu esa, bizning ziyoliliyrimiz nazdida rus shovinizmi va armani-dashnoq ittifoqining yangidan jonlanishi bo‘lib ko‘rinardi. Albatta, bizning iztirobdan yallig‘langan shuurimizda Gdlyan- Ivanov terrori keragidan ortiq siyosiylashtirilgandi. Aslida, na Gdlyan - dashnoq, na Ivanov - shovinist edi. Gdlyan sovet tergovchisining poraxo‘r, maishiy buzuq va sadist tiplaridan biri edi, xolos. Ivanovning ham familiyasidan boshqa ruslikka va shovinizmiga aloqasi juda oz edi. Bu ikkalovi pul va mansab uchun har qanday siyosiy va milliy g‘oyani sotib yuborishga qodir, maqsadi yo‘lida har qanday tubanlikdan toymaydigan nusxalar edi. Qayta qurish bir inqilob sifatida o‘zining oldingi saflariga nafaqat yangi liderlarni, balki, yangi haromzodalarni ham chiqarib qo‘ygan edi. Bu ziyrak haromiylar modani yaxshi his qilardilar. Ular qayta qurish boshlangani zahot o‘zlarini yaratgan kommunistik nomenklaturadan chetlashib, yangi paydo bo‘lgan "demokratlar" quchog‘iga otilgandilar. Zotan, besh-olti shaxs (Saxarov kabilar)ni hisobga olmaganda, bu demokratlar ham o‘sha kommunistik nomenklaturadan tarqagan 64 Muhammad Solih - Yo'lnoma zuryodlar edi. Xullas, yaxshi va yomon, oq va qora bir-biriga qorishib, odamning ko‘zini tindiradigan, boshini aylantiradigan bir zamonda yashash tushgandi chekimizga. Ko‘nikish qiyin edi, ammo ko‘nika boshlagan edik. G’ala-g‘ovur ichida bizga lozim bo‘lgan sasni, turli xil ranglar ichidan zarur bo‘lgan rangni va sanoqsiz so‘zlar ichidan kerak bo‘lgan kalimani topishga o‘rgana boshlagan edik. Plenumda aytilgan nutq shu tajribaning mahsuli edi va uning sha’niga chaliayotgan qarsak aslo vatanparvarlik uchun mukofot emas, professional ado etilgan bir ish uchun ko‘rsatilgan hurmat edi, bor-yo‘g‘i. Vatanparvarlik uchun esa, nainki ruslar, o‘zimizning o‘zbeklardan ham bir olqish kutayotgan emasdim, to‘g‘rirog‘i, kutish darajasida sodda emasdim. Kutmaganim to‘g‘ri bo‘libdi, chunki, O’zbekiston rahbarlari Moskvada qilingan nutqni Toshkentda muhokama qilib, zudlik bilan Partiya aktivini chaqirishga va unda kaminani sazoyi etishga qaror qilgan ekanlar. Mening Moskvadan qaytishimni sabrsizlik bilan kutayotgan bu Aktiv "O’zbekiston doim rus og‘a bilan birga bo‘lgan va bundan keyin ham birga bo‘laveradi" tezisini yana bir bor tasdiqlash uchun bel bog‘lagandi. Kaminaning nutqida aytilgan "Markazning kolonial siyosati" haqidagi fikrlar aktiv tarafidan zudlik bilan chil-parchin qilinishi va buning teskarisi isbot qilinishi lozim edi. Mutelik tuyg‘usi bizning kommunistlarning qoniga shu qadar singib ketgan edi-ki, ular sakson to‘qqizinchi yilda ham bu eski dunyoning ortiq o‘zgarganini, endi, shu onda Og‘aning o‘z qullari sadoqatini tekshirishga ham vaqti qolmaganini anglay olmagandilar. Aktiv Sovet O’zbekistoni Oliy Soveti binosining kichik majlislar zalida to‘plandi. Notiqlarning hammasi o‘z sohasidagi problemalarni gapirib, orasida mening "Literaturnaya gazeta"da bosilgan nutqimga munosabat bildira boshladilar. Ayniqsa, Moskvaning o‘zbeklardan paxtani juda past narxda olayotgani haqidagi fikr bizning rahbarlarni qattiq ranjitgandi. Buning aksini isbot qilish uchun notiqlar turli raqamlar keltirishdi va meni minbarga chaqirishdi. Men hamma gapni nutqimda aytganimni, Aktivga aytadigan maxsus gapim yo‘qligini, agar savollar bo‘lsa, unga javob berishim mumkinligini izoh etdim. "Siz Chor Russiyasi davrida paxtaning narxi bugungidan baland edi, degan faktni qaerdan oldingiz", deb so‘rashdi. 1898 yil chiqqan "Turkestanskie vedemoti" gazetasidan oldim, deya javob berdim. Aktivdan boshqa savol chiqmadi. Aktiv favqulodda passiv edi. Ya’ni, u mening iddaolarimda jon borligini anglardi, nainki anglardi, balki, Moskvaning qabohatini mendan o‘n karra yaxshiroq bilardi, ammo unga qarshi chiqish mumkinligini o‘ylashdan ham qo‘rqardi. Majlis faqat xo‘jako‘rsinga, so‘zma-so‘z aytganda, Moskvadagi Xo‘janing ko‘rishi uchun chaqirilgandi. Ammo, yuqorida deganimdek, Xo‘janing ko‘rishga ham vaqti qolmagandi. Xo‘ja yangi saylovlarga tayyorlanayotgandi. Bu yangi saylov kommunistik tuzumni modernlashtirish uchun xizmat qilishi lozim edi. Saylov bir liberal sharoitda o‘tishi, unda yangi zehniyatdagi kommunistlar g‘alaba qilishini ta’minlash zarur edi. Ammo bu yangi zehniyatdagi insonlar (keyinroq yuz bergani kabi) aslo kommunistik tamallarni portlatadigan darajada yangi bo‘lmasliklari shart edi. Tez rivojlanayotgan voqealar zanjirida bu muvozanatni topish 1989 yil boshida unchalik oson emasdi. Moskovadagi Islohotchining butun zakosi o‘sha muvozanatni topishga yo‘naltirilgan edi. Sovetlar qurollanish musobaqalarida yengilganini anglagandilar va bu poygani to‘xtatib, paritetga erishmoq uchun sotsializmning insoniy yuzi haqida gapira boshlagandilar. Saxarov kabi dissidentlarning ozodlikka chiqarilishi, matbuotdagi oshkoralik, kadrlarning yangilanishi, jumhuriyatlarga tazyiqning ozaytirilishi - hammasi Sovet Imperiyasi yuzidagi yovuz chizgilarni yumshatish uchun olingan tadbirlar edi. Sotsializm va kapitalizmning yonma-yon yashashi mumkinligini isbot qilish va G’arbning dushmanligini minimal saviyaga indirish lozim edi. Bu reja, aslida, nafaqat Politbyuroda, balki, sovet xalqining avangardi sanalmish rus ziyolilari ichida, hatto uning muxolif qismida ham mamnuniyat bilan qarshilangan edi. Sovet Ittifoqida 65 Muhammad Solih - Yo'lnoma hech bir ijtimoiy qatlam - jumladan, hurriyatsevar rus ziyolilari ham - keyinroq yuz bergan Buyuk Parchalanishni hech qachon istamagan edilar. Shuningdek, hech kim, hech bir shaxs, hatto Saxarov kabi hurriyatchi ham Sovet jumhuriyatlarining mustaqilliklari uchun kurashgani sababli surgun qilinmagandi. Sovet Ittifoqidagi butun muxolif fikrli kuchlar - xoh hukumat ichida, xoh uning tashqarisida bo‘lsin - oxir oqibatda sotsializm va kapitalizmni yarashtirish uchun qo‘llanilgan ko‘ngilli tashabbuschilar bo‘lib qolaverdi. Bu bir tanqid emas, olqish ham emas, bu o‘sha paytda zuhur etgan voqelikning haqiqatga eng yaqin ko‘rinishi, menimcha. Islohotchi Gorbachevning yangi strategiyasida muhim o‘rin tutgan Oliy Sovetga saylov xalq tarafidan misli ko‘rilmagan bir tavajjuh bilan qarshilandi. Sovet hokimiyati davrida birinchi marta saylovda muqobil nomzod ko‘rsatish imkoni tug‘ilgandi. Aniqrog‘i, nomzodlikka nomzod ko‘rsatish imkoni berishgandi. Bu degani, saylov komissiyasining ro‘yxatiga kirish uchun ham maxsus saylov o‘tkazilar va unda tanlangan shaxslargina haqiqiy nomzod sanalar va ularning nomlari rasmiy nomzod sifatida e’lon qilinardi. Tabiiyki, bunday elak nomenklatura uchun o‘z odamlarini saylashning voz kechilmaydigan usuli edi. Nomenklatura bundan maksimal ravishda foydalandi va 1989 yil Sovet Ittifoqi Oliy Sovetiga saylovda ancha-muncha antisovet shuurli shaxsiyatlar o‘sha elakdan o‘tolmadilar. Lekin hatto saylovning shunday adolatsiz ko‘rinishi ham 1989 yilgi sovet kishisi uchun buyuk yangilik edi. Chunki, u hayotida birinchi marta muqobil nomzod ko‘rsatadigan g‘aroiyb saylovda ishtirok etishi mumkin edi. Men Moskvadan qaytganda o‘zbek ziyolilari orasida ham hayajonli bir talosh ko‘rdim. Ular ham xuddi Boltiq bo‘yidagi lotish va estonlar kabi, Xazar dengizi sohili sokinlari ozariy va trkmanlar kabi, Qoradengizli gurju va qirimliklar va yoki Turonzamin kengliklarida ot choptirgan qozoqlar kabi ko‘zlarini Shimolga - dunyoning oltidan birini egallagan Imperatorlikning poytaxti tomonga tikib, bir mo‘jiza kuttmoqda edilar. Ammo ular ko‘z tikkan makon umid qilingan mo‘‘jizani o‘z ixtiyori bilan ko‘rsatmayajagini bu odamlar yaxshi bilishardi. Shuning uchun ham ular hayotida yana birinchi marta "mustaqil harakat qilish mumkinmi, ajobo?", degan savolni o‘z oldilariga qo‘ygandilar. To‘g‘rirog‘i, qo‘yayotgan edilar. O’zlari ham bilmagan holda, xuddi oykezarlar kabi, yarim uyg‘oq, yarim uyquda, bu dami o‘tkir savolni o‘z oldilariga qo‘ya boshlagan edilar. Men hali Moskvada ekan, Talabalar shaharchasidagi bir guruh yoshlar mening nomzodimni deputatlikka qo‘yish uchun tashabbus majlisi o‘tkazishibdi. Samimiy aytganda, menda deputat bo‘lish kabi bir hirs yo‘q edi. Talabalarning tashabbusini faqat ularni yangi qurilgan "Birlik" harakatiga mustahkamroq bog‘lash uchun rad qilmadim. Boshqa tarafdan, menga o‘xshagan fikri va niyati op-ochiq shaxsning nomenklatura tarafidan qabul etilmayajagi oldindan ma’lum edi. Ammo saylov kampaniyasi bizga o‘z g‘oyalarimizni aytish uchun bir minbar, bir fursat bo‘lishi mumkin edi. Va bundan foydalanishga qaror qildim. Xullas, talabalarning istagi bilan menga begona bo‘lgan saylov degan hodisani shoirning sukunatli derazasidan emas, bevosita yaqinidan kuzatmoqqa boshladim. Tabiatan xonanishin bir odam, olomondan doim qochgan bir kimsa, uzun nutqlardan nafratlangan bir g‘ayrinotiq kutilmaganda xonasini tark etib, yoqimsiz olomonning qoq o‘rtasida nutqlar ota boshlashini tasavvur qila olasizmi? Men tasavvur qila olaman, chunki men o‘shanaqa odam holiga tushgandim. Bundan meni ortiq hech kim va hech narsa hatto she’riyat ham qutqarib qolomas edi. Lekin 1989 yilning boshida men bunday deb o‘ylamasdim. bu hodisalarning o‘tkinchi ekanligiga va tez kunlarga yana o‘zimning xonanishin hayotimga qaytib kelishimga mutlaqo amin edim. Bu qat’iy ishonch va siyosatni mensimaslik tuyg‘usi meni siyosat girdobiga telbalarcha otilishga undagan asosiy sabablar edi. 66 Muhammad Solih - Yo'lnoma Men o‘zimga shu qadar ishonar edim-ki, xayolimda bir yaxshi nashriyotda chiqarish uchun ikki jild asarlar to‘plamimni rejalar edim. Siyosatni esa, shu qadar mensimas edim-ki, uning qoidalariga zid amal qilish mening sevimli uslubim edi. Zotan, 1989 yilgacha milliy masalalarga bag‘ishlanib yozilgan butun maqolalarim ham "siyosat bo‘lsin", deb emas, siyosat bo‘lmasin, deb yozilgandi. Siyosat bo‘lsin, deb faqat yolg‘onchilar va munofiqlar yozardi, mening nazdimda. "Mensimaslik energiyasi" shu qadar kuchli bo‘lgan-ki, bugun o‘sha girdobga tushganimga o‘n yil to‘layapti, hali ham o‘sha energiyaning ta’siri ketgani yo‘q. Men hanuzgacha olomonga yolg‘on va’dalar bermay turib ham uning hurmatini qozonish mumkinligiga ishonishda davom etmoqdaman. Garchand, siyosatda yolg‘on gapirish muboh ekanligini menga tushuntirgan yaxshi niyatli oshnolarimning ko‘pgina bashoratlari to‘g‘ri chiqqan bo‘lsa-da, men siyosiy jamoa tarafidan tasdiqlangan barcha standartlarni "oyoq-osti" qilishda davom etmoqdaman. Chunki, erkin va hur qadam bosishni istagan har qanday inson qaerga qadam bossa bossin, u albatta, o‘sha standartlarga oyoq bosishga majburdir. O’sha 1989 yil saylov kampaniyasi davrida ham men aqlli odamlarning maslahatini tinglay olmadim. Ular menga bu kampaniyada tanqid nashtarini rashidovchilik oqibatlariga qaratishni maslahat bergandilar, men nashtarni antirashidovchilikka qaratdim. Rashidov mening qarindoshim emasdi, faqat uni tepkilash, haqorat qilish moda bo‘lgani meni irgantirardi. Yaqindagina Rashidovning soyasiga salom berib, unga topinib yurgan kimsalar endi o‘zini unga qarshi kurashgan qahramon sifatida vaaz o‘qiyotganini ko‘rib, hayratdan tilim tutilgani uchun ham Rashidovni tanqid qilishdan or qildim. Aqlli do‘stlarim mening atrofga rashidovchi ko‘rinib qolishmdan qo‘rqardilar, men esa, sher o‘lgandan keyin, uning loshiga siyayotgan o‘sha "qahramonlar"ga o‘xshab qolishdan qo‘rqayotgan edim. NOMZODLIKKA NOMZOD 1989 yilning fevral oyida, Toshkentda, O’rdadagi Agroprom binosi zalida "nomzodlikka nomzod saylash konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi". Biz Sobir Raximov tumani milliy okrugidan to‘rt yoki besh kishi ko‘rsatilgan edik. Bu nomzodlarning bittasi, deputatlikka o‘tishi avvaldan belgilangani, bir qurilish trestining nachalnigi edi, uning ismi esimda yo‘q. Navbatdagi nomzod Moskvada chiqadigan "Sovetskaya kultura" gazetasining muxbiri Vilor Niyozmetov, yana bittasi Toshkent Universitetida o‘qituvchilik qiladigan Marat Zohidov degan odam edi. Bizni saylaydigan 350 kishi Toshkent shahar Sobir Rahimov tumanidan hukumat tarafidan tanlangan delegatlar edi. Ular "konferentsiya" oldidan kimga ovoz berish kerakligi haqida instruktaj olgandilar. Har bir "nomzodlikka nomzod"ning ikkita ishonchli vakili bo‘lardi. Mening shunday vakillarim TOShDU matematika fakulteti o‘qituvchilari Shuhrat Ismatullaev bilan Abdumannob Po‘latov edi. Yana majlisda nomzodlikka nomzodni tanitish va tashviq qilish uchun ikkita odam gapirishi mumkin edi. Meni yoqlab Yozuvchilar Uyushmasi raisi Odil Yoqubov va shoir Omon Matjon gapirishlari lozim edi. Ikkalovi ham ehtiyotkorlikni udum qilishgan mardumlar edi va Solih deputat saylansa, vatanga bundan qanday foyda bo‘lishi mumkinligini isbot qilisha olmadi. Ular, asosan, nomzodlikka nomzod ko‘rsatish hurriyatini bergan qayta qurishga hamd qilishdi. Jasorat hali ham ruslarda edi. Ularning liderlari Vladimir Anishchev Markazqo‘mda 2-kotib, Boris Satin Toshkent shahar partiya Qo‘mitasining 1-kotibi edilar va qo‘llaridagi qizil bayroq hamon hilpirab turardi. Ular kaminaning nomzodi o‘tmasligi uchun keng jabhada kurash 67 Muhammad Solih - Yo'lnoma boshlagandilar. Agrosanoat zalida to‘plangan saylovchilarni o‘shalar tanlab yuborgandi. Bu saylovchilardan bittasi turib, "Biz bilamiz, Muhammad Solih "Birlik"ni tashkil qilgan odam, uning ideologi, ko‘pmillatli o‘lkamizda u deputat bo‘lishi mumkinmi?" dedi. Men: "Birlik" rahbari emasman", dedim va bu harakatning ruslarga qarshi emasligini tushuntirdim. Gaplarim samimiy chiqmadi. Shunga qaramay, zalda o‘tirgan 350 tacha kishidan 100 taga yaqini mening deputat bo‘lishimga rozi bo‘lib, qo‘l ko‘tarishdi. Bu-hokimiyat tayyorlagan olomondan kutish mumkin bo‘lgan eng yuksak raqam edi. Bu yuztacha kishi o‘z boshliqlarining adolatsiz buyrug‘iga qarshi chiqqan qahramonlar edi. 1989 yil yanvar oyida bizning jamiyatimiz shu qadar olg‘a ketgandi. Lekin baribir nomenklatura yengdi. Saylanishga nomzod bo‘lib o‘sha qurilish trestining boshlig‘i saylandi. Unga qarshi hukumatning boshqa bir nomzodi - Marat Zohidov saylovda raqib rolini o‘ynaydigan bo‘ldi. Saylov juda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bizning tarafdorlarimiz ko‘pchilik edi. Ular o‘zlari ko‘rsatgan nomzodlar saylovga qo‘yilmagani uchun darg‘azab edilar. Nomenklatura qo‘ygan nomzodlarga qarshi jon-jahdi bilan tashviqot yuritishdi. Oqibatda, qurilish qurilish tresti boshlig‘i ham, uning "raqibi" Marat ham kerakli ovoz ololmadi. Ikkalovi ham ikkinchi turga qolishdi. Ikkinchi turda, qancha ovoz olsa olsin, eng ko‘p ovoz olgan nomzod "yutgan" hisoblanardi. Va tabiiy-ki, qurilish tresti boshlig‘i "yutib chiqdi". 1989 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan bu saylov Sovet Ittifoqining birinchi va oxirgi demokratik saylovi edi. Bu saylovni G’arb davlatlari standartlari bilan, albatta, tenglashtirish mumkin emasdi. Ammo bu yarim yumaloq saylovni Sovetlar uchun bemalol "demokratik" desa bo‘lardi. Va tasavvur qiling, shu yarim demokratik saylov Sovet imperiyasini yo‘q qilishga yetdi. Imperiyaning metindan ishlangan asoslariga urilgan halokatli zarbalar o‘sha 89-da saylangan millatvakillari tarafidan keldi. SOVET PARLAMENTI VA SAXAROV "Parlament" so‘zi biz sovet kishilari uchun yangi so‘z edi. Bu kalimani siyosiy adabiyotda ko‘p uchratgandik, ammo o‘zimizning kundalik hayotimizga hech tadbiq qilib ko‘rmagandik. Chunki, u bizning hayotimizda yo‘q edi. Bizning hayotimizda Sovet Ittifoqining Oliy Soveti bor edi. Bu Sovetga har besh yilda saylanadigan qovog‘i soliq, qorindor bir necha ming rahbar va rahbarchalar bor edi. Va har besh yilda bir marta saylov uchastkalariga borib, o‘sha o‘zimiz tanimagan, umrimizda biror marta ko‘rmagan odamlarga ovoz beradigan biz, hokisor sovet insonlari bor edik. "Parlament" so‘zini 89-yil saylovlaridan keyin qo‘llana boshladik. Og‘zimizni to‘ldirib, ko‘ksimizni kerib, ilhom bilan "parlamentning yanagi sessiyasi qachon?", "parlamentda bu masala qo‘yildimi?", "parlamentga maktub yozaylik", deya endi gapirishga o‘rgangan go‘dak kabi sayray boshlagandik". Sovet Parlamentini shartli ravishda uch guruhga bo‘lish mumkin edi. Birinchi guruh Kompartiyaning markaziy va mahalliy rahbarlaridan, ikkinchi guruh profsoyuz yoki boshqa jamoat tashkilotlarining boshliqlaridan, uchinchi guruh liberal qarashdagi ziyolilardan tarkib topgandi. Ziyolilar birinchi sessiyadayoq - kichik guruh bo‘lishiga qaramasdan - Parlamentning motoriga aylanishdi. Ular o‘zlarini darrov "demokrat" deb atay boshladilar. Bu atama ham xuddi "parlament" kabi quloqqa yoqimli eshitilar, xazinadan yangi chiqqan banknot kabi xusho‘y hid taratardi. 68 Muhammad Solih - Yo'lnoma Aslida, bu "demokratlar"ni ham uchta guruhga bo‘lish mumkin edi. Birinchi guruh - sovet nomenklaturasi ne’matlaridan doim bahramand bo‘lib kelgan, siyosiy konyukturani his qilish iste’dodi tufayli "mustaqil fikrlovchi kishi", deb nom olgan ziyrak kishilar guruhi (Sobchak). Ikkinchi guruh - rus milliyatchilari, ular Gorbachev davrida sovet rahbarlarini ishyoqmaslikda, rus xalqiga qayishmaslikda ayblab, o‘ziga xos muxolifat rolini o‘ynagandilar (Rasputin, Belov). Uchinchi guruh - Sovet tuzumi yaratgan buqalamunlar, o‘z manfaati yo‘lida onasini ham sotishga tayyor val’adizinolar guruhi (Gdlyan-Ivanov). Parlamentda yana hech bir guruhga kirmagan Andrey Saxarov bor edi. Bu odam Parlamentdagi yagona idealist edi. Uni bir muddat turli guruhlar o‘z manfaatlari yo‘lida o‘z manfaatlari yo‘lida qo‘llanishdi, ammo u aksariy chiqishlarida istiqomat(orientir)dan adashmadi. Agar bugun Rossiyada demokratiya bir oz rivojlangan bo‘lsa, sobiq sovet jumhuriyatlarida erk tushunchasi ozgina ildiz otgan bo‘lsa, bunda qayta qurish ruxsati bilan bir soniyada demokrat bo‘lib qolgan millionlar emas, qayta qurishdan ancha oldin hur fikri uchun surgunlarni yashagan o‘sha keksa odam, Andrey Dmitrievich Saxarovning xizmati bor. Bu xuddi muhorobadagi nisbatga o‘xshaydi. Ming kishi dushmanga qarshi hujumga o‘tar ekan, ulardan o‘ntasigina chindan ham hujumga o‘tayotgan, qolgan 990 tasi esa, ularga ergashayotgan bo‘ladi. Bu o‘ntaning boshida ham bittasi bor-ku, agar u bo‘lmasa, bu o‘nta askar ham hujumga qalqmas, balki, o‘sha 990 taga qo‘shilib, mudofaa xandaqlarida bir oz mizg‘ib, bir oz uzoqdagi vafoli yorni xayol qilishni afzal ko‘rgan bo‘lardi. Saxarov o‘sha noyob "bitta"lardan edi. Uni hujumga ilhomlantirgan orqasida turgan ming askar emasdi, istiqbolda ko‘rayotgan ideali edi. Agar bu ming kishi hujumga qalqmasa, u bitta o‘zi qalqqan bo‘lardi. 70-yillarda "bitta o‘zi qalqqani" uchun uni telbaga chiqarishgandi, nonko‘r, vatan xoini deb e’lon qilgandilar. Gorbachev uni Gorkiy shahridan surgundan chaqirib olib, Qayta Qurishning so‘nggi fazasini boshlatganini bilmagan edi. Aslida, Saxarovning qaytishi Gorbachevning yaxshi niyatidan ko‘ra, ko‘proq SSSRning G’arb bilan yaqinlashish strategiyasining bir qismi edi. Saxarov buni bilar va Oliy Sovet minbaridan nutq so‘ylayotib, o‘zini birovdan qarzdor his qilmasdi, o‘z fikrlarini g‘oyat erkin aytardi. Ammo Oliy Sovet deputatlari bunday erkinlikka hanuzgacha ko‘nikmagan edilar. Saxarov nutq qilar ekan, Afrika changalzorlaridagi qabilalar filni chohga tushirish uchun "g‘ulu-g‘ulu" deya baqirishgani kabi baqirayotganlar erkinlikdan nafratlangan kimsalar edi. Haligacha yodimdan ketmaydi, bmr o‘zbek ayoli chiqqandi minbarga. Familiyasi Kazakova edi. Saxarovni ayblar ekan, yig‘lab yuborgandi. Saxarovga achinganidan emas, o‘zining haqligidan, haqlik tuyg‘usidan jazavaga tushib, yig‘lab yuborgandi sho‘rlik ayol. Parlamentning yuzda to‘qsoni o‘sha "haqlik tuyg‘usi" bilan limmo - lim to‘lgan odamlardan tarkib topgandi. Ular jondan aziz kommunizmlariga rahna solgan kim bo‘lsa bo‘lsin, parchalab tashlashga hozir edilar va mardumni bu "linch"dan Davlat boshida turgan "SiAyEy agenti Gorbachev" salobati asrab turardi hozircha. 89-yil boshida Gorbachev hali ham salobatini yo‘qotmagandi. Xotini Raisa haqida har xil g‘iybat, fisqu-fasod boshlangan bo‘lsa- da, o‘zini ochiq tanqid qilishdan chekinib turishardi. Idealogiya kotibi Yegor Ligachev boshchiligida bir muxolifat suldori (silueti) ko‘rina boshlagandi, ammo bu muxolifat to‘g‘ridan- to‘g‘ri Gorbachevga emas, uning atrofidagi "tirgak"lariga, g‘oyaviy yo‘ldoshlariga yo‘naltirilgandi. Ligachev g‘oyaviy kotib bo‘lsa ham, Gorbachevning yo‘ldoshi emasdi. Eski kommunist liderlarning tipik nusxasi edi: shovinist, ateist, diktator. Sovet parlamenti 70 yil davomida diqqinafas muhitda yashagan xalq uchun bir tomosha, bir bayram bo‘ldi. Odamlar sessiya boshlanadigan kun, o‘tmishda futbol matchiga chopgani kabi, televizorga qarab chopishardi. Mashinada, poezdda ketayotganlar tranzitorlarini burab, Moskva to‘lqinlarini izlay boshlashar edi. Rus gazetalari 89-yilga kelib misli ko‘rilmagan ommaviylikka erishdi. Tiraji 1 milliondan oshmagan gazeta "katta gazeta" hisoblanmaydigan 69 Muhammad Solih - Yo'lnoma bo‘ldi. Matbuot xodimlari, reportyorlar, hatto operatorlar shaxs darajasiga yuksaldilar, endi ularning o‘zidan intervyu olishadigan bo‘lishdi. Chunki, ommaviy axborot vositalari buyuk quvvatga, xalq fikrini shakllantirish quroliga aylangandi. Xalq fikri esa, "shakllanishga" juda moyil edi, shakllanishni uzoq yillardan beri orzu qilib turgandi. Xalqning bu chanqoqligi va ko‘z tindiruvchi ehtirosidan foydalangan juda ko‘p kommunistlar bir dumalab demokrat bo‘lib olishdi. Minbarga yopishib, kecha aytgan nutqiga tamoman qarama-qarshi nuqtai-nazarni ilhom bilan hayqira boshladilar. Bu manzarani kuzatgan betaraf odamlarga Yegor Ligachev kabi o‘z g‘oyasiga sodiq kommunistlar, bu buqalamunlardan afzalroq ko‘rinardi. Chunki buqalamunlar ertaga vaziyat o‘zgarsa, bir dumalab yana kommunist yoki fashist bo‘lib qolishi muqarrar edi. Kommunist bo‘lganda ham Ligachevdan ashaddiyroq kommunist, fashist bo‘lganda Jirinovskiydan tahlikaliroq fashist bo‘lgan bo‘lishardi. Faqat 89-yilning bahorida bular Saxarovdan demokratroq bir vaziyatda edilar. Bu barcha inqiloblarga xos xususiyat edi. Qayta qurish bir inqilob edi, uning loyqa suvida turli darrandalar paydo bo‘lishi, evolyutsiyaga uchrashi, assimilyatsiya bo‘lishi yoki tamoman yo‘q bo‘lib ketishi tabiiy jarayon edi. Buqalamunlardan nafratlanish mumkin edi, ammo ularni jarayondan yulib olib, chetga itqitishning iloji yo‘q edi. Biz bu haqiqatni u paytlar anglamasdik. Biz xalqqa qattiq ishondik. Uning aqlu-farosatiga, oqu-qorani tanish iste’dodiga hech shubhamiz yo‘qdi. Minbardan gapirilayotgan gap yolg‘onmi, haqiqatmi, o‘zi ajrim qilib oladi, deb o‘ylardik. Lekin unday emas ekan. Xalq shunday bir hilqat ekan-ki, kim uning huzuriga kelib, uni bir oz maqtasa, unga ergashadigan, hech qursa 10-15 kishi muqarrar ravishda topilaverar ekan. 10-15 ta o‘sha nutq otayotgan odam saviyasiga mos keladigan kishi. Bu odamlar o‘sha safsatabozdan boshqa bir notiq chiqib, dunyoning eng aqlli nutqini qilsa ham, unga ergashmasdilar. Chunki, bu nutqni idrok qilolmasdilar. Ularga ularning saviyasidagi, ularga qon-qondosh bo‘lgan bir notiq lozim edi, bu ham o‘sha bizning nafratimizni qo‘zg‘aydigan safsataboz, buqalamun bo‘lardi. Balki, demokratiya degani shudir? Rossiyadagi sobiq KGB agentlari shu demokratik yo‘l bilan partiya qurib, unga rahbar saylandilar. O’zbekistonda qizil kommunistlar shunday demokratik safsata bilan "Birlik" harakatini egallashdi. Haqiqiy g‘oya sohibi bo‘lgan shaxslar esa, bu sanksiyali jasorat qarshisida uyatdan bukchayib qoladilar. Andrey Dmitrievich Saxarovning Parlament minbariga qarab yurayotganini sovet TVlari olib boqsangiz, u yerda siz bir qahramonni emas, demokratik jazavaga tushgan olomon aro bukchayib ketayotgan yop-yolg‘iz odamni ko‘rasiz. Saxarov 70-yillarda totalitar rejimiga qarshi chiqar ekan, qanchalik yolg‘iz bo‘lsa, 89-yilda yangi do‘ragan demokratlar orasida ham shunchalik yolg‘iz edi. Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling