Muhammad Solih yo’lnoma
Download 0,87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- QOCHISH ORZUSI
YANGI SEKRETAR Farg‘ona voqeasi Rafiq Nishonovning rahbarlikdan ketishi bilan bitdi. Xalq orasida tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, Farg‘ona voqealari Nishonovning Moskvaga olinishiga asosiy sabab edi. Menimcha, asosiy sabab boshqa edi. Sakson to‘qqizning bahoriga kelib, Gorbachev atrofida muxoliflarning sassiz chambari ancha torayib qolgandi. U o‘ziga chetdan salaflar axtara boshlagandi. Nishonov o‘sha salaf sifatida SSSR Oliy Soveti Raisi o‘rinbosarligiga olingandi. Bu vazifada u Gorbachevga sadoqat bilan xizmat qildi. Nishonovning o‘rniga hech kim tanimagan bir shaxs tayinlandi. Bu odam kompartiyaning Qashqadaryo viloyati birinchi sekretari Islom Karimov edi. Ilgari Davlat plan qo‘mitasida ishlagan, kelib chiqishi samarqandlik, detdomda tarbiyalangan, mutaxassisligi ekonomist... Yangi rahbarning muxtasar tarjimai holi shu edi. Uyushmaga mening qo‘shnim, yozuvchi Yevgeniy Berezikov keldi. Karimovni tanimaysanmi, - deb so‘radi. Tanimayman, dedim. Nisbatan yosh, yaxshi narsalar kutsa bo‘ladi, dedi Berezikov. Uning gapiga ishongim keldi. Ko‘pchilik kabi men ham Nishonovning O’zbekistonda Qayta Qurishga to‘siq bo‘layapti deb o‘ylardim. Uning o‘rniga kelgan "nisbatan yosh" rahbardan shubha emas, umid qilish biz uchun qulayroq edi. Yangi rahbar ishga kelar-kelmas, birinchi bo‘lib yozuvchilar bilan aloqa qurishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu taktikani tushunish mumkin edi. O’zbekistonda yangilanish harakatining markazi ham Yozuvchilar Uyushmasi edi. "Birlik" tashkiloti shu Uyushma a’zolari bazasida qurilgan va u hozircha mustaqil harakatga qodir emasdi. Iyun oyining oxirlari edi taxminan, meni Markazqo‘mga chaqirishayotganini aytishdi. Yangi rahbar tanishmoqchi ekan. Rahbarning huzuriga kirayotib, bir necha oy avval bu kabinetda Rafiq Nishonov bilan o‘tgan suhbatni esladim. Dunyo haqiqatan ham foniy edi. Yangi rahbar Islom Karimov ilk qarashda samimiy odamga o‘xshab ko‘rinardi. Uning gaplaridagi chapanicha ohang, eski rahbarlardagi sovuq, haykalchasiga salobatdan farqli bir insoniylik tashir edi go‘yo. 78 Muhammad Solih - Yo'lnoma - Sizning yozgan maqolalaringizni bilaman, - dedi u ko‘zlarini yiltillatib, - endi, mana, birga ishlaymiz. Karimov internatda rus tilida o‘qigan va rus urf-odatlari muhitida yetishgan odam edi. Bu turmush tarzi uning o‘zbekchasida aynan aks etardi. Ruscha o‘ylab, o‘zbekcha gapirardi. Talaffuzi nuqsonli edi, ruslarga o‘xshab "q" tovushini "k" deb talaffuz etardi. Talaffuzini O’zbekiston Prezidenti bo‘lib saylangandan so‘ng ham tuzatolmadi. Bir gal Oliy Kengash sessiyasida "Markazga qaram bo‘lib qoldik," demoqchi bo‘lib, "karam bo‘lib qoldik," deganda ancha kulgi bo‘lgandi. Karimov bilan birinchi uchrashuvimizda menda ijobiy taasurot qoldi. Buni Uyushmadagi kotiblarga va "Birlik" harakatidagi do‘stlarga bildirdim. O’zbek tilini davlat tili maqomiga ko‘tarish masalasini hukumat saviyasida muhokama qilish imkoni tug‘ilgandi. Yangi rahbarga Yozuvchilar Uyushmasi kotibi o‘laroq bir maktub yozib, davlat tili mavzusining aktual masala ekanini tushuntirdim. Boshqa bir bahona bilan uchrashganimizda, Karimov til bo‘yicha ishlayotgan Komissiya o‘z xulosalarini Oliy Kengashga tezroq topshirsin, u yerda men davlat tili g‘oyasini qo‘llayman, dedi. Ammo unday bo‘lmadi. Karimov davlat tili masalasini ko‘tarib, Moskvaga qarshi tavakkalchilik qiladigan darajada millatparvar emasdi. Karimov "Birlik" tashkiloti faoliyatiga ham kutilmaganda liberal yondoshdi. Kerak bo‘lsa, rasman registratsiya qilamiz, deb yubordi. Biz bundan juda havolarga uchdik. Harakatning nizomini bergan edik, darrov "Yosh leninchi" gazetasida bosishdi. Harakat programmasini ham gazetaga berish uchun matn ustida tahrir ishlarini boshlab yubordik. "Birlik"dagi yigitlar Harakatning bayrog‘i, gerbi haqida tortishayotgandilar, men bu narsalarni tortishmasliklarini iltimos qildim. Muhimi harakat Programmasi xalq orasida ko‘p tirajda tarqaladi, agar hukumat bayroq, gerb kabi simvolikalarga qarshi chiqsa, bundan hozircha voz kechib turish mumkinligini tushuntirdim. Bu fikrni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatladi, ammo bir-necha kishi buni hukumatga yon bosish, murosasozlik deb baholadi. Bo‘lmasa, bilganingni qilinglar dedim. Men "Birlik" harakatida hay’at a’zosi edim, ammo tashkilotning qurultoyidan keyin uning faoliyatiga deyarli aralasholmay qo‘ygandim. Men hali ham yozuvchilar bir siyosiy tashkilot tuzib, xalqqa topshirsin, keyin adabiyotiga qaytsin, degan fikrdaydim. Qalamkash og‘aynilarim ham shunday fikrda edilar. Faqat, avval aytilganidek, biz, qalam ahli, siyosat botqog‘iga allaqachon cho‘kib bo‘lganimiz va u yerdan Qutulish uchun ancha vaqt kerak bo‘lajagini u paytda bilmasdik. QOCHISH ORZUSI "Birlik" Programmasining matbuotda bosilish ehtimoli turli xil kuchlarni turli yo‘nalishlarda harakatga keltirdi. Chunki, bunday bir hujjatning jumhuriyatda e’lon qilinishi Kommunistik Partiya kabi yagona, gegemon quvvat qarshisiga bir alternativ, mayli, zayif bo‘lsin, ammo bir muqobil quvvat chiqdi, degan gap edi. Yanada muhimi, Pragrammaning gazetada chop qilinishi bu yangi quvvatning jumhuriyat jamoatchiligi tarafidan tan olinganini ko‘rsatgan bo‘lardi. Bundan qattiq bezovta bo‘lgan KGB o‘z ayg‘oqchilarini ishga solib, "Birlik" ichida ig‘voning ilk urug‘larini socha boshladi. Programmani bostirish uchun matndagi juziy narsalardan voz kechishga undagan guruh darrov hukumat bilan "kelishganlik"da ayblandi. U paytlarda shunday bir iqlim mavjud edi-ki, birovni ko‘rsatib "shu odam hukumat bilan kelishdi" deyilsa, bas, kim bo‘lsa bo‘lsin, u darrov milliy da’voning dushmaniga aylanardi. Avgust oyining o‘rtasi edi, yanglishmasam. Prgoramma munoqashasi davom etayotgandi. Yashirmayman, bu safsatabozlikdan asabiylashgandim. "Birlik"dagi do‘stlardan, meni bu g‘avg‘oga aralashtirmanglar, o‘zlaringiz bir qarorga kelinglar, deya iltimos qilgandim. Baribir, aralashtirishdi. "Birlik" rahbariyatidan yozuvchilar Ahmad A’zam va Zohir A’lam kelib, tashkilot rahbarini vaqtincha almashtirib turish kerak, Programma bosilib, harakat oyoqqa turgandan keyin yana o‘z vazifasini davom ettiradi, aks holda, Programma ham bosilmaydi, tashkilot 79 Muhammad Solih - Yo'lnoma ham tarqalib ketishi xavfi bor, ko‘pchilik olimlar harakatni tark etayapti bu odam (Po‘latov) sababli, vaqtincha "Birlik"ka Erkin Vohidov rahbarlik qilsin, degan fikrni aytishdi. Ularning fikri menga mantiqli ko‘rindi. Po‘latov vatanparvar ziyolilarimizdan, umum ish ziyon ko‘rmasligi uchun rahbarlikdan bir muddat voz kechib turishiga hech shubham yo‘q edi. Po‘latov bilan gaplashdim. Agar sizlar shunga qaror qilgan bo‘lsanglar, mayli, dedi. Hech e’tiroz bildirmadi. Men boshlanayotgan g‘avg‘oning bunday oson bartaraf qilinganidan juda sevindim. Ammo ertaroq sevingan ekanman. Po‘latov mening kabinetimdan tushib ketganidan yarim soat o‘tar-o‘tmas, shoira Gulchehra Nurullaeva kirib keldi. Samimiy, sertuyg‘u inson Gulchehra Nurullaeva meni kinoyali so‘zlar vositasida hukumat bilan kelishib, Po‘latovni "Birlik"dan uzoqlashtirishga urunayotganlikda aybladi. Bu meni hayratlantirdi. Gulchehra Nurullaeva mening hukumat bilan, nainki, qayta qurish davrida, eng og‘ir zamonlarda ham kelishmaganimni bilardi. Gulchehra Nurullaevadan keyin shoir Jamol Kamol otilib kirdi. U ham meni murosasozlikda aybladi. Uning bu voqeadan ikki yil o‘tar-o‘tmas rejim maddohiga aylanishini u payt tasavvur qilmagandim. Keyin shoir Shukrullo tashrif buyurdi. U ham sertuyg‘u odam, ko‘zlarida yosh, Karimov kabi odamlar bilan murosa qilish yaxshi emasligini aytdi. O’shanda bu shoirning bir necha yil so‘ngra Karimov qo‘lidan "Qahramon" ordeni olishi mumkinligini o‘ylamagandim. Men bu do‘stlarga o‘zimni oqlab o‘tirmadim. Agar men xiyonat qilgan bo‘lsam, demak "Birlik" degan tashkilot tugabdi, deya g‘ijindim. Po‘latovning kimligini birinchi marta ko‘rayotgandim. Bu shaxs samimiy odam emasdi, ikki yuzli edi. Eng qo‘rqinchlisi, yolg‘onchi edi. O’sha kuni uyga iztirobichida qaytdim. Iztirob hali ham o‘lmagan kibrdan kelayotgan edi. O’lish qayoqda, so‘nggi yillarning jo‘shqinligi bilan yanada kuchaygan kibrdan. Biz sakson beshning yanvarida yiqilayotgan masjidlar va xo‘rlanayotgan ona tilimiz himoyasi uchun eshikma-eshik yurib, imzo tilanayotgan paytda meni xiyonatda ayblagan bu odamlar qaerda edi, derdi kibrim. Imzo qo‘ymaslik uchun, qo‘rqoqlarcha turli bahonalar o‘ylab chiqarmaganmidilar, derdi yana nafsim. Men, albatta, tuhmatga qolgandim. Ammo siyosatga kirgan odamning tuhmatga doim tayyor turishi kerakligini u paytda bilmasdim. Sen o‘z vataningni sevasan, nahotki buni odamlar ko‘rmayapti, derdim o‘z o‘zimga. Nahotki, sening yillar davomida ardoqlaganing hurriyat g‘oyasi bir kunda o‘z dini va xudosini o‘zgartirgan kommunist shallaqilarning hayosiz safsatasiga aylansa? Bir necha yil avval eng yaqin do‘stlaringgagina ayta olgan qimmatli fikrlaringni bu kommunist zuryodi bugun ochiq, baralla hammaga aytayapti-ku, sening undan nima farqing bor, sening hurriyatparvarliging, vatanparvarliging o‘sha kommunistnikidan nimasi bilan farq qiladi? Bu sho‘rtak savollar, balki, qizg‘anchlik oqibati edi. Ha, bu bir qizg‘anchlik edi. G’oya qizg‘anchligi, qudsiyat qizg‘anchligi. Bir odam qalb kuchi, fikr nurini xarj qilib, tirikchiligini tahlikaga qo‘yib, bir narsa orqasidan quvsa-yu unga, nihoyat, yetishsa, ikkinchisi bu narsani, - hech bir xarajatsiz, boz ustiga, unga hech ehtiyoji bo‘lmagan holda, - qo‘lga kiritsa, birinchi odamda paydo bo‘ladigan qizg‘anchlik. 80 Muhammad Solih - Yo'lnoma Bu men uchun yaxshi holat emasdi. Bu holatda o‘zimni juda huzursiz sezardim. Bu holatda o‘zimga bo‘lgan ishonch mo‘rtlashib, ruhiy darmonsizlik his etardim. Ammo bu xatoning o‘sha qizg‘anchlik va kibrdan kelayotganini u paytlar mushohada etmasdim. Buni keyinroq anglay boshladim. Bu bilim tuhmat, ig‘vo, g‘iybat va iftiro to‘rt tarafdan ustimga yog‘ila boshlagan surgunlik yillarimda paydo bo‘ldi. Bu bilim xuddi lazer nuri kabi uzoq yillar yallig‘lanib, bitavermagan iztirob yarasini bir onda kuydirib bitirdi. Va qalbga huzur indi, farog‘at indi. Ammo sakson to‘qqizning yozida bu huzur, u farog‘at tushimga ham kirmasdi. Men ishning oson tomonini o‘ylay boshlagandim. Ishning oson tomoni bu sassiq siyosatdan tezroq uzoqlashib, she’riyatning sokin go‘shasiga chekinmak edi. Qo‘polroq aytganda, bu bir qochish orzusi edi. Bunday orzu men uchun yangi emas edi. Sakson birinchi yilda shunday orzu qilgan ekanman: Ayolu erkak kuy izmida, Hammasi tushmoqda zikr, Meni-chi kuzatar zimdan "Qochish kerak" degan fikr. Rasadxonaga o‘xshar ayvon, Chiqaman, yulduzlar o‘tkir. Boshimda aylanar hamon "Qochish kerak" degan fikr. Uyqu dori bo‘lsa, kosani Bo‘shataman, so‘nar tafakkur, Yonimda to‘lg‘onar nozanin, Boshimda yana o‘sha fikr! Na qilay, bir fikr kechdi, Bir fikr "yalt" etdi, na hayrat, Mening imkonimday kichik, Qochishning o‘ziday bahaybat! 1981 ("Olis tabassum soyasi," 1986) Ammo she’rdagi orzu turg‘unlik havosidan zerikib, hurriyat diyoriga sayohat qilish orzusi edi. Bugungi orzu esa, hurriyat kelib, uning himoyasi uchunmujodala boshlanarkan, paydo bo‘lgan mashaqqatlardan qochish orzusi edi. Bu haqiqatni mening nafsoniyatim qabul qilishni istamasdi. Adabiyot uzoq yillar davomida ko‘pchilik qatori men uchun ham hermetik bir qo‘rg‘on vazifasini o‘tagandi. Adabiyot Sovet tuzumidagi eng "cheklangan mas’uliyatli shirkat" edi. Va uning rahbari ham, ishchisi ham o‘zim edim. Siyosat bu shinam sistemani parcha-parcha qilib, meni yangi hayot boshlashga majburlayotgandi. Sakson to‘qqizning yozida bu shinam sistema deyarli parchalanib bo‘lgan bo‘lsa-da, men uni ta’mirlash mumkin, degan xomxayol bilan yashayotgandim. Shu bois, "Birlik"da chiqqan janjal meni bir tarafdan qiynasa, ikkinchi tarafdan shinamlik qo‘msagan nafs uchun ayni muddao bo‘lgandi. Sen qo‘lingdan kelganini qilding, u yog‘ini boshqalar qilsin, derdi u. Tashkilot tuzildi, xalq kelayapti, borib she’ringni yoz. Ertalabdan kechgacha jag‘ingni charchatib, kommunistlar bilan teng bo‘lib o‘tirma, abadiyat uchun ishla, o‘lganingdan so‘ng odamlar o‘qiydigan besh-olti she’r yoz, derdi aqlli nafsim. 81 Muhammad Solih - Yo'lnoma Men "Birlik"dan chiqishga qaror qildim va buni do‘stlarga bildirdim. Ular buni ijobiy qabul qilishmadi. Tashkilotning o‘zagi sanalmish yozuvchilar Po‘latovning provakativ harakatidan qattiq g‘azablangandilar, uni tashkilotdan uzoqlashtirish kerak, degan fikr ularda kun sayin sobitlashib borardi. Po‘latovning "Birlik"ni millatchilar egallab olayapti, degan yangi ig‘vosi jarayonni yanada tuzlashtirdi. U paytda "bular millatchi bo‘lsa, millatchilarning dushmani Karimov bilan qanday til biriktirdilar," degan savol hech kimning xayoliga kelmadi. Sentyabr oyida "Birlik"ning Markaziy Kengashi chaqirildi. Men majlis boshlanishida qatnashib, Po‘latovni tashkilotdan uzoqlashtirish kerak bo‘lsa, bu besh daqiqalik ish, buni katta voqeaga aylantirmanglar, degan mazmunda gapirdim. Bittasi chiqib, Po‘latovning nega zararli ekanini isbot qilishga mo‘ljallangan nutqni o‘qib berdi. Nutq shu qadar saviyasiz yozilgandi-ki, buni tinglagan Kengash ko‘zida Po‘latov fasodchi emas, balki, adolatsizlikka uchragan sho‘rlik bo‘lib ko‘rindi. "Birlik" harakatining Samarqand viloyati bo‘limi raisi Aliboy Yo‘lyaxshiev o‘zining "Birlik" haqida men bilgan haqiqatlar" degan kitobida shunday deb xotirlaydi: "MK yig‘ilishini istagan birodarlar majlisga A. Po‘latov haqida bir xat tayyorlagan ekanlar. Eng avval u xat majlisga o‘qib eshittirildi. Xatni Toshkent Politexnika instituti dotsenti Karimov (uning ismi yodimda yo‘q) o‘qib berdi. Ammo xat, uni tuzganlarga to‘la zarar keltirdi. Oqibat shu bo‘ldi-ki, xatda yolg‘onlar, tuhmatlar juda ko‘p bo‘lganidan, unda keltirilgan A. Po‘latovning haqiqiy salbiy xususiyatlari e’tibordan chetda qolib ketdi. Majlis ahli "jabrdiyda"ni himoya qilishga o‘tib ketdi. Ular xatni M. Solih va uning tarafdorlari tayorlagan, ular hukumat tarafiga o‘tib ketishmoqda", degan fikrni olg‘a surib, A. Po‘latovni jiddiy qo‘llay boshlashdi. Biz, Samarqanddan kelishgan MK a’zolari ham xatni to‘la ma’qullamadik, ya’ni, A. Po‘latovni qo‘lladik. Darhaqiqat, xat nihoyatda bemaza tuzilgandi. Hatto M. Solih o‘shanda majlis minbariga chiqib, bu "mazmunsiz" xatdan xabari yo‘qligini tan olishga majbur bo‘lgandi". Bundan ilhomlangan Po‘latov bitta rus ishchisini minbarga chiqarib, uning tili bilan "Birlik"ni millatchilar egallab olayapti, degan kommunistchasiga ogohlantirishini qildi. Bu juda vaqtida qilingan mudohala edi. G’ala-g‘ovur boshlandi, jarayon nazoratdan chiqdi. Zamon qayta qurish zamoni edi. Odamlarda janjal ishtiyoqi barq urib turgan zamon. Bahs, munozara qiladigan, mushtlashadigan zamon. Dushman ko‘rinavermasa, dushmanni yaratadigan zamon edi zamon. Men majlisni erta tark etdim. Nazarimda, she’riyatning sokin go‘shasiga qaytishning ayni payti edi. G’ala-g‘ovurdan foydalanib, bu asabiy insonlar safidan sirg‘alib chiqish imkoni paydo bo‘lgandi. Ammo bundan foydalanish oson emasdi. Bu asabiy olomon mendan chinakamiga shubhalana boshlagandi. Yo‘lyaxshiev o‘z kitobida bu shubhani shunday tasvirlaydi: "Demak, xat tayyorlanayotganidan M. Solih xabarsiz bo‘lishi mumkin emasdi. To‘g‘ri, M. Solih xatni ko‘rmagan, o‘qimagan bo‘lishi mumkin. Unga faqat og‘zaki yoki telefonda xat haqida xabar qilishgan bo‘lishlari mumkin. Solih va uning tarafdorlari A. Po‘latov haqida o‘z faqtida to‘g‘ri xulosaga kelishgan va biror siyosiy o‘yin yo‘li bilan A. Po‘latovni "Birlik"dan chetlashtirish uchun xatni tashkil etishni o‘ylab topgan bo‘lishlari mumkin. Ammo bu ish, bu yaxshi o‘ylamay tashlangan qadam Harakatga o‘rni to‘lmas zarar, A. Po‘latov shaxsiga esa "shuhrat" keltirdi. A. Po‘latovning shaxsiy kamchiliklari uzoq vaqt niqobda qolishiga sabab bo‘ldi." Yo‘lyaxshiev mening "xat tayyorlab birovni chiqarishga" muhtoj bo‘lmaganimni bilmaydi. Agar muhtoj bo‘lganda ham, bunday ahmoqona xatni hech qachon o‘qitmagan bo‘lardim. Yo‘lyaxshiev aytgan "M. Solih tarafdorlari" ham u paytda (89-yil oktyabrida) yo‘q edi. U paytda "Birlik" a’zolarining hammasi "mening tarafdorim" edi. Keyin Yo‘lyaxshiev bu voqeani "o‘rni to‘lmas zarar" deb baholaydi. Bu voqea siyosiy jarayonning yangi fazasi edi, xolos. Bu 82 Muhammad Solih - Yo'lnoma haqda hali muxsus aytaman. Yo‘lyaxshiev yana shunday deydi: "Biz viloyat tashkilotlari Harakatning MK va uning hay’ati tarkibida chiqqan ixtilofni chuqur tahlil qilolmadik. "Po‘latovchi"lar ham "Solihchi"lar ham u ikki shaxsning shaxsiy munosabatlariga mos harakat qilishga intildik, xolos. Ularning orasida ko‘proq shaxsiy manfaatlar yotgani yoki yotishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmadik," deb yozadi Yo‘lyaxshiev. Yo‘lyaxshiev o‘sha majlisga qatnashgan ko‘pchilik kabi janjalni Muhammad Solih boshlab berdi, deb o‘ylaydi. Vaholanki, "Birlik"ning Nizomi gazetada bosilib, Programmasi haqida tortishuv chiqqanga qadar men Po‘latovning eng samimiy himoyachisi edim. Uning harakatga kirib, rahbarlikka saylanishida ham asosiy sababchilardan edim. Va tabiiyki bu janjalni boshlagan ham men emasdim. Faqat janjal davomida Po‘latov xususida mening fikrim keskin o‘zgargandi, u Harakatdan qancha tez uzoqlashtirilsa shuncha yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylay boshlagandim. Bu odamning "uzoqlashtirish"ga o‘sha paytda qarshi bo‘lgan Yo‘lyaxshiev yillar o‘tib, shunday xulosaga keldi: "Qurultoydan keyin ham harakatda boshlangan bo‘linish xastaligi susaymadi. Hukumat esa, bundan ustalik bilan foydalandi. U zamondagi tushuncha va xulosalarga binoan, biz, samarqandliklar ham ko‘proq M. Solih tarafdorlarini qoraladik. Shu bilan bir qatorda biz A. Po‘latov va uning Toshkent guruhini yaxshi tushunmasdan, ko‘proq ularning so‘zlariga qarab ish tutdik. Biz sovetkishilari "uch yuzli" (so‘zda, amalda, ko‘ngilda) ekanligimiz u yuzlarning qaysi biri qaerda ko‘rinishini "Birlik" shafag‘ida yaxshi ajrata olmasdik.... So‘nggi tarix, ayniqsa muhojirlik davri juda yaxshi isbot etdi-ki, A. Po‘latov va uning atrofida o‘ralashib yurgan bir guruh siyosatdon milliy shuur va milliy qadriyatdan uzoq, faqat shaxsiy manfaat uchun alg‘ov-dalg‘ovlardan foydalanib, moddiy ahvolni o‘nglab olishni ko‘zda tutgan pastkash kishilar ekan. Ular "Birlik"ni siyosiy tashkilot sifatida kamolatga yetkazish uchun emas, balki, uning ichida doim ixtiloflar kelib chiqadigan vaziyat paydo qilib, u vaziyatda o‘zini "Birlik" himoyachilari qilib ko‘rsatishga usta ekanligini kech tushundik. Ammo bundan o‘n yil burun A. Po‘latov va uning guruhi o‘z shaxsiy foydalari uchun Harakat ichida ataylab g‘ovg‘olar yaratishib, o‘zlarini jabrdiyda qilib ko‘rsatishning uddasidan chiqabilishdi." Bu janjalli majlis va uning atrofidagi gaplar ustida bu qadar uzoq to‘xtalganimning boisi shu- ki, "Birlik"dagi manfaatdor bir guruh meni harakatning parchalanishiga asosiy sababchi, deya uzoq yillar davomida aybladi, yolg‘onlar to‘qidi. Men bunga maxsus o‘laroq hech qachon javob bermadim, xalqimizning fahmu-farasotiga ishondim, oqu qorani o‘zi ajratib oladi, dedim. Ammo bu kitobni yozar ekan, meni "Birlik"dan chiqib, boshqa bir siyosiy partiya qurishga olib kelgan mojorolar silsilasida bu janjalli bosqichni hatlab o‘tib ketish mumkin emasdi. Bu janjalli voqea haqida uzil-kesil fikr aytish majburiyatidaydim. Faqat bunda xolis bo‘lish uchun uzil-kesil javobni voqealarda bevosita ishtirok etgan va u davrda menga qarshi pozitsiyada turgan shaxs so‘zlari bilan berishni tarjih etdim."Birlik"dagi bo‘linish sababchisi va janjal qaynog‘i o‘laroq bizni ko‘rsatganlarga birodarimiz Yo‘lyaxshiev e’tiroflarining davomi shunday: "Harakatning 2-Qurultoyidan so‘ng ko‘p o‘tmay uning navbatdagi Qurultoyi vaqti ham yetishib qoldi. Chunki, "Birlik" Nizomiga muvofiq har yili uning Qurultoyi o‘tkazilishi lozim edi. Ammo 1989 yil noyabridan 1990 yil may oyiga qadar "Birlik"da bo‘linish orqaga qaytmas shakl oldi. M. Solih va uning tarafdorlari Harakat faoliyatida qatnashishdan to‘la bosh tortdilar. Ular A. Po‘latov bilan aloqani uzish shaklini o‘zlarini "Birlik"dan chetga olish, deb hisobladilar. Natijada, 1990 yil 26-27 mayda "Birlik"ning 3-Qurultoyi M. Solih va uning guruhi ishtirokisiz 83 Muhammad Solih - Yo'lnoma chaqirildi. Qurultoy Harakat MKning hisobotini tingladi, Nizomga ba’zi o‘zgartirishlar kiritdi, Dasturning yangi tahriri qabul qilindi. Endi "Birlik" xalq harakati MKni to‘rtta raisdosh emas, uchta raisdosh boshqaradigan bo‘ldi. "Birlik"ning 3-Qurultoyi A. Po‘latovni uch raisdoshdan biri qilib sayladi. Ammo uni saylash tortishuvlarga sabab bo‘ldi. hatto Qurultoyda A. Po‘latov saylanmay qoladigan vaziyat maydonga keldi. Qurultoyning tashkiliy masala qismi janjalga aylanib ketadigan bo‘ldi. Majlisda tashkiliy masala ko‘rilayotganda uni deyarli boshqarish mumkin bo‘lmay qoldi. Natijada, majlisni boshqarish bir muncha vaqt qo‘ldan-qo‘lga o‘tib turdi. Chunki, majlisda to‘la tartibsizlik boshlangandi. Ana shunday - minut sayin majlis raisi almashib turgan bir vaqtda samarqandlik delegat B. Namozov ham majlisni boshqarishga urunib ko‘rdi. Chunki, istagan jur’atli kishi o‘zi minbarga chiqib majlisga raislik qila boshlashi mumkin bo‘lib qolgandi. B. Namozov minbarda majlis raisligini olib borayotgan bir zamonda zaldan A. Po‘latov va uning yonida o‘tirganlar o‘zaro suhbatlarida B. Namozovni KGB odami, deb shivir-shivir boshlashdi. Chunki, B. Namozov majlisda A. Po‘latovchilarga qarshi tarafga biroz yon bosmoqda edi. Po‘latov va uning yonida o‘tirganlar shivir-shiviri hammaga eshitilgani yo‘q, albatta. Chunki, zalda shov-shuv baland edi. Ammo A. Po‘latovga yaqin o‘tirgan Olim Karimov uni juda yaxshi eshitdi. Olim aka Karimov u so‘z aynan kimning og‘zidan chiqqanini aniq biladi. Shivir-shivirni sezgan majlis raisi B. Namozov, majlisni tark etib, zaldan chiqib keta boshladi. Men darhol minbarga chiqib Samarqand delegatsiyasi Qurultoyni tashlab ketadi, deb e’lon qildim. Shu zamon Olim Karimov yugurib borib Barotni shartta quchoqlab oldi va unga yalinib, undan zalga qaytishni iltimos qildi. Minbarga chiqib majlis nomidan B. Namozov va samarqandlik delegatlardan sodir bo‘lgan noqulaylik va qo‘pollik uchun uzr so‘radi. Olim Karimov uzrini qabul qildik, unga ko‘ra biz zalda qolishni lozim topdik. Ana shu voqeadan so‘ngra men Dadaxon Hasanovdan majlisni boshqarishni iltimos qildim. Dadaxon aka zo‘rma-zo‘raki minbarga chiqib, majlisni boshqarishga harakat qilib ko‘rdi, bo‘lmadi. Shundan keyin majlisni boshqarishni o‘zim qo‘lga oldim va bir necha keskin so‘zlar so‘zladim, undan so‘ng tanaffus e’lon etdim. Tanaffusda tortishayotgan taraflar bilan bir qator fikrlar almashdim. Xullas, tanaffusdan so‘ng majlis ahlini bir muncha tartibga keltirish mumkin bo‘ldi. Tashkiliy masalani natijaga yetkazishga erisha oldim. Oqibat, A. Po‘latov raisdoshlardan biri bo‘lib saylandi. Hozir, o‘sha voqealardan qariyb o‘n yil so‘ngra, mazkur satrlar yozilayotgan zamon, 1999 yilning fevral oyida eng aval o‘zimni o‘zim so‘kaman. Boshqa bir qator "Birlik"chi do‘stlar ham mening o‘sha faoliyatimni keyingi vaqtlarda tez-tez yuzimga solishadilar. A. Po‘latovning raisdoshlikka qayta kelishida meni bosh gunohkor hisoblaydilar... Nihoyat Harakatning 5-Qurultoyi 1992 yilning 23-24 may kunlari Toshkentda o‘tkazildi. Qurultoyda doimiy, hamisha ko‘riladigan masalalar qarab chiqildi, ya’ni, yillik hisobot, Nizomga o‘zgartirishlar va Dasturning yangi tahriri ko‘rib chiqildi va shularga mos qarorlar qabul etildi. Nihoyat, yana tashkiliy masala, bu safar ham tortishuv bilan o‘tdi. Qurultoyda qatnashayotgan qo‘qonlik delegatlar va toshkentlik delegatlarning bir qismi "Birlik" MK raisdoshligiga A. Po‘latov nomzodi qo‘yilishiga qattiq qarshi chiqishdilar. Oqibatda, o‘z vaqtida "Birlik" tashkil etgan mitinglarni, Farg‘ona, Qo‘qon, O’sh voqealarini kinoga tushirgan kino operatorimiz Abdulaziz Maxmudov Harakat ichida Markazchilar fraktsiyasini tuzganini e’lon etdi. A. Maxmudov guruhi, Qo‘qonlik delegatlar va yana boshqa bir qator delegatlar A. Po‘latov nomzodiga qarshi ovoz berdilar. Natijada, A. Po‘latov ozgina farq bilan saylandi." Download 0,87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling