Muhammad Solih yo’lnoma


POLKOVNİK ALPARSLON TURKASH


Download 0.87 Mb.
Pdf ko'rish
bet2/21
Sana23.11.2020
Hajmi0.87 Mb.
#150365
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
Bog'liq
muhammad-solih-yolnoma


POLKOVNİK ALPARSLON TURKASH.
Bu harbiy unvon va antik ism, hali turkchilik va Turkiya haqida ibtidoiy tasavvurga ega 
bo‘lgan zehniyatimizda g‘alati aks-sado bergandi.
Fitrat va Cho‘lpon asrlaridagi g‘oyalari bizdan gizli edi. Ularning tirik qolgan zamondoshlarida 
esa, bunday bir g‘oya yo‘q edi, balki, shuning uchun ham tirik qolgandilar. Lekin shunga 
qaramay, sovet mafkurachilari har o‘n yil, o‘n besh yilda gumanitar jabhada panturkizm 
virusiga qarshi "dezinfeksiya" o‘tkazib turishardi. 
Yetmish birinchi yili "Qizil O’zbekiston" gazetasi "Gulshandagi shumg‘iya" degan bir feleton 
bosdi. Unda shoir Cho‘lpon Ergash "fosh" qilingandi. Uning maishiy buzuqligi, xotinidan 
12

Muhammad Solih - Yo'lnoma
ajralgani, ikkita pasporti borligi haqida xabar berardi feleton. Lekin maqolaning muallifi 
noma’lum edi, laqab bilan chiqqandi. Bu laqab ortida KGB turganini hamma bilardi. 
Cho‘lpon Ergash shoir sifatida hech qachon ochiq milliyatchilik ham, turkchilik ham qilmagan. 
Ammo she’rlaridagi ba’zi majhul imo-ishoralar hushyor senzuraning manglayini tirishtirgani 
shubhasizdir. Cho‘lpon Ergashning milliyatchilik ta’rifi o‘ziga xos edi. "Milliyatchilik ham 
traktorchilik kabi bir ish-da, buning nimasidan qo‘rqishadi, bilmayman", derdi u mug‘ombirona 
iljayib. Bu iljayish bizning milliy ruhdagi shoirlarimiz yozish uslubining ramzi edi. Ularning 
chiqishlaridagi kinoya, istehzo, qochirim va barcha nimqorong‘i jumlalar Cho‘lpon Ergash 
iljayishining o‘zginasi edi.
Cho‘lpon Ergash feletondan keyin yana ham mug‘ombirroq iljayadigan bo‘ldi. She’rlaridagi 
imo-ishora shu qadar chigallashdi-ki, buni milliyatchi shoirmi yoki kommunist yozayaptimi, 
bilib bo‘lmasdi. Men Cho‘lpon Ergash va Rauf Parfidan yoshroq bo‘lganim uchun maksimalist 
edim, she’rda fikrni bu qadar yashirishga hojat yo‘q, deb o‘ylardim. Lekin ularning o‘z 
falsafasi bor edi, she’rni qanaqa yozishni mendan yaxshiroq bilishardi.
Masalan, Cho‘lpon Ergash "o‘z vatanida begona" xalqini shunday tasvirlardi:
Xayr endi, o‘g‘lonim, xayr, yaxshi bor,
Sen bor-ki, jon saqlar mushtumdek jonim,
Hamisha meni deb topganing ozor,
O’z uyingga o‘zing sig‘maysan doim. 
Yoki mustamlakadan ozod bo‘lish xayollarining tasviri: 
Uzoq-uzoqlarda gumbur-gumburlab,
Par-par yorishmoqda ko‘klar dam-badam, 
Otlar kishnamoqda, dupur-dupurlab...
Uning kitoblarining nomi ham juda beozor, yana o‘sha iljayishga o‘xshardi: "Umid chirog‘i", 
"Bahor orzulari" va hakozo.
Milliyatchilik bobida Cho‘lpon Ergashning butunlay teskarisi bo‘lgan bir yozuvchi bor edi - 
Mamadali Mahmudov, o‘z hislarini mutlaqo yashirib bilmasdi. "Bog‘don qashqiri" degan bir 
qissa yozgandi, undagi bosh qahramon Samarqand bo‘zqirlarida ot choptirgan bir bosmachi 
edi. Qissaning nomidan boshqa har yerida bosmachining hatti-harakatlari zavq bilan 
tasvirlanardi. Aytish mumkin-ki, juda sodda, hatto jo‘n tasvirlanardi. Bu kitob 70 yillar oxirida 
chop qilindi ham. 
Mamadali o‘zi sofdil, yaxshi inson. Biz, G’arb ta’sirida buzilgan kishilar, uning niqobsiz 
milliyatchiligini tanqid qilarkan, juda jahli chiqardi, lekin kek saqlamasdi.
Yetmish to‘rt yoki yetmish beshinchi yilda Mamadali yosh yozuvchi sifatida Turkiyadan 
kelgan yozuvchilar delegatsiyasi bilan ko‘rishgandi. U "Toshkent" mehmonxonasining 
balkonida turk hajvchisi Aziz Nesinga imo-ishora bilan O’zbekistonda milliy tuyg‘ularning 
oyoqosti qilinganini anglatibdi. "Lekin Aziz Nesin, bachchag‘ar, hech reaksiya ko‘rsatmadi, 
balki, KGBdan qo‘rqqandir", degandi Mamadali.
Aslida, Aziz Nesin KGBdan emas, Mamadalidan qo‘rqqandi. Nesin sotsialist edi, Turkiyadagi 
milliyatchilar mafkuraviy raqiblari edi. Sovet tuzumi Aziz Nesin kabi romantik-sotsialistlar 
uchun eng odil tuzum bo‘lib ko‘rinardi. Sovet KGBsi yozuvchilar Soyuzi vositasida Nesin kabi 
iste’dodli yozuvchilarni Sovetlar tarafiga tortish uchun ularga turli mukofotlar berib, sarupolar 
kiydirib turardi.
13

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Lekin o‘zbek milliyatchilari uchun buning ahamiyati yo‘q edi. Ular Turkiyadagi sog‘-so‘l 
g‘ovg‘asidan xabarsiz edilar. Turkiyadan kim kelsa, hammasi turkchi bo‘lib ko‘rinardi ularga. 
Chunki, turkning turkchi bo‘lishini tabiiy hol, deb hisoblashardi. Nozim Hikmat va Aziz 
Nesinlar o‘zbek milliyatchilarining sevimli shoir-yozuvchilari edilar. Chunki, ular turkcha 
yozardilar.
O’zbek milliyatchilari Najib Fozil yoki Nihol Otsiz asarlarini umuman o‘qimagandilar, chunki, 
ularning kitoblari ruschaga ham, o‘zbekchaga ham tarjima qilinmagandi. Bunga Moskva 
ruxsat bermagandi.
Turkiya biz uchun bir muqaddaslik kasb etar edi. Turkiya - turk qavmlari insho etgan yagona 
mustaqil davlat edi. Turkiyada davlat tili turk tili edi. Hamma turkcha gaplashar, turkcha yozar 
va turkcha mushohada etar edi. Turkiyaning tabiiy boyliklarini hech kim tashib 
ketmayotgandi, Turkiya mustamlakachilar uchun xom-ashyo manbai emasdi, o‘zi ishlab 
chiqaruvchi, iste’mol qiluvchi va tashqariga ixroj qilish kuchiga sohib bir o‘lka edi. Biz, yoshlar 
O’zbekistonni tushimizda qanday ko‘rayotgan bo‘lsak, Turkiya o‘shanday bir mamlakat edi. 
Turkiya bizning istiqlol haqidagi orzularimizning real modeli edi. Shu bois biz Turkiyaga oid 
nima bo‘lsa, hech bir taftishsiz, tanqidsiz avtomatik ravishda musbat qabul qilaverardik.
Mustamlaka ostidagi xalqlar o‘z panjalarini so‘rib yashaydigan ayiqlar kabi, o‘zi yaratgan 
ideallar bilan oziqlanib, yuz yillar davomida etnik va madaniy qiyofasini yo‘qotmasdan yashay 
olganlar.
Biz mustamlaka o‘lkaning farzandlari edik. Xalqimiz bu qullikdan ertami-kechmi qutulishi 
kerak edi. Har holda, biz shunday orzu qilar edik. Biz paxta maydonlarida boshini egatdan 
ko‘tarishga vaqt topolmagan o‘sha xokisor, sodda va oliyjanob xalqning mas’ullari edik. 
Hukumat, o‘zbek Kompartiyasi, qo‘g‘irchoq rahbarlar bizning she’rlarimizni, ulardagi 
milliyatchi ruhni bir chaqaga olmasdi, bizning ustimizdan ochiqchasiga kulishardi, ammo biz 
shu xalq uchun javob beradigan bizdan boshqa hech kim yo‘q, deb o‘ylar edik.
70-yillar boshida shoir Rauf Parfi turkchadan tarjima qilgan "Inson manzaralari" o‘zbek 
turkchilarining iztiroblarini ifodalar edi. Garchand, bu asarning muallifi Nozim Hikmat o‘z 
asarida Rauf Parfi va uning g‘oyadoshlariga diametral qarshi g‘oyani olg‘a surgan bo‘lsa 
ham, bu asar turkchada yozilganining o‘zi yetarli edi. Turkchada yozilgan narsa turklarga 
qarshi bo‘lolmasdi go‘yo. Til fetishizmi shu qadar kuchli edi. Til - vatan edi, til - mustaqillik edi, 
til - millat edi.
Men 1993 yilda Anqarada rahmatli Alparslon Turkash bilan birinchi marta uchrashdim. U 
menga 1992 yil Turkiya Bosh vaziri Sulaymon Demirel hay’atida Toshkentga borgani va meni 
ko‘rolmaganini aytdi. "Siz bilan ko‘rishmak istagandim, ko‘rishtirmadilar, Muhammad Solih 
chet elga ketgan, deyishdi. Keyin o‘rgansak, siz uyingizda ekansiz, meni aldashibdi", dedi. 
20-asr turkchiligining yo‘lboshchisi sanalgan bu sobiq polkovnik, Turkiyadagi Milliyatchi 
Harakat Partiyasi raisi yetmish yoshdan oshgan edi. Uning siymosida uzun muddatli qamoq 
va surgun yillari g‘aroyib naqsh solgan edi. Bo‘g‘iq ovozida bir qadimiylik bor edi. Uni antik 
oltoy turklari an’analariga ko‘ra, Boshbug‘i deya e’zozlashar edi.
Men undan 1972 yili Xitoyga borib, uyg‘urlarning haq-huquqlarini himoya qildingizmi, deb 
so‘radim. Boshbug‘i "yo‘q, Xitoyga hech qachon bormaganman", dedi.
Unga talabalik yillarimdan o‘sha xotirani hikoya qildim. Juda ta’sirlandi. Demak, qirqinchi 
yillardan boshlab turkchilik ideallari uchun chekkanim iztiroblar bekorga ketmabdi, deb 
o‘ylagan bo‘lsa, ajab emas. Gap shunda-ki, O’rta Osiyo turklari mustamlakaning eng turg‘un 
davri hisoblangan 70 - yillarda ham o‘z haq-huquqlarini himoya qila oladigan qahramonlarni 
14

Muhammad Solih - Yo'lnoma
kutishda davom etgan. Ular paydo bo‘lavermaganidan keyin, ularni xayolida yarata 
boshlagan. Alparslon Turkash O’rta Osiyo turklari masalasini Turkiyada ilk bor kun tartibiga 
qo‘ygan siyosiy lider edi. Buning uchun "milliy shef" Ismat Ino‘nu hukumati tarafidan qattiq 
qiynoqlarga uchragandi. O’rta Osiyo turklari bu voqealarni ikkinchi, uchinchi manbadan, elas-
elas eshitgandi, ammo shuning o‘zi yetarli edi. Hurriyat istagan turk qavmlarining uzoqdagi 
polkovnik haqida afsonalar to‘qishi uchun yetarli edi.
 
O’ZBEKCHILIK
O’zbekchilik sovet idorasi tarafidan eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan mafkura edi. Xuddi 
qozoqchilik, turkmanchilik, tojikchilik va hakozo kabi. Bu O’rta Osiyo qavmlarining birligiga, 
O’rta Osiyo panturkizmiga va ummatchilikka qarshi xalqning o‘zidan chiqarilgan bir "sop" edi.
Ammo na panturkizm, na-da ummatchilik sovetlar qo‘rqadigan darajada kuchli edi. Har 
ikkalasining ildizini bolsheviklar 10-20 yillardayoq shafqatsiz boltalab tashlagandilar. Bu 
mafkuralarni tamsil etgan yuzlarcha ziyoli va ulamo qatl etilgandi. Kutubxonalar musodara 
qilinib, kitoblar yoqilgandi. Oqibatda, turkchilik va ummatchilik g‘oya sifatida keng qamrovli 
bo‘lsa-da, real hayotda juda tor doirada qolib ketgandi. 
Sovetlarning ijodi bo‘lmish o‘zbekchilik 70 yillarda o‘z ravnaqining eng yuksak cho‘qqisiga 
erishgandi. O’zbekchilik ruhi ilmning gumanitar jabhalarida, san’atda, ayniqsa, adabiyotda 
juda kuchli edi. 
O’zbekchilik sovet strateglari tarafidan tojikchilikka, tojikchilik esa, o‘zbekchilikka qayrab 
turilardi. Bobojon G’ofurovning "Tojiklar" deb atalgan "tarixiy asari" o‘zbekchilikni 
rivojlantirishda katta rol o‘ynadi. Bizning o‘zbek olimlarimizning milliy ruhdagi monografiyalari 
ham tojikchilikni quvvatlantirib turdi.
Shoir Erkin Vohidovning "O’zbegim" degan she’ri 1970 yilda yozilgan bo‘lsa ham, 80-yillar 
boshigacha dolzarb she’rlardan bo‘lib qoldi. Bu bir oz jo‘n shaklda, hamma tushunadigan 
o‘zbekchilikni targ‘ib qilgan dolzarb asar edi. "Boshda do‘ppim, g‘oz yuraman gerdayib", der 
ekan, shoir undan keyin nima qilishini aytmasdi. Chunki, undan keyini muhim emasdi. 
Boshga do‘ppi kiyishning o‘zi bir isyon edi. Gerdayishning o‘zi bir inqilob edi. Faqat tojiklar 
ham do‘ppi kiyishardi. Ular kiygan do‘ppi Vohidov kiygan do‘ppidan hech farq qilmasdi. Lekin 
tojiklar o‘zbeklardan "farq qilish"ga majbur edilar. Bu majburiyat "tojik" etnonimining "toj" 
so‘zidan kelib chiqqanligi haqidagi afsonani yaratdi. Ya’ni, sizning faxringiz chit do‘ppi bo‘lsa, 
bizniki tojdir, deyishdi birodarlarimiz. 
Aslida, do‘ppi ham, toj ham original obraz emasdi. Sovetlar gurji gurjilar "cherkeska"sini, 
turkmanlar cho‘girmasini, ukrainlar yoqasi hoshiyali ko‘ylagini kiyib, xuddi Erkin Vohidov kabi 
yoki undan ham g‘ozroq, undan ham gerdayibroq yuraverdilar. Va hammasi buni milliy g‘urur 
deb bilishardi. G’urursiz hech kim yo‘q edi. Hatto Uzoq Sharq muzliklarida istiqomat qiladigan 
qabilalar ham o‘z po‘stinlari bilan g‘ururlanish uchun bir yilda bir marta Moskvaga kelib-
ketishardi. Moskva sovet xalqining milliy rang-baranglikni saqlagan holda hamjihat 
yashayotganini dunyoga shu uslubda namoyish qilardi. Ya’ni, xalqlarning milliyatchiligi ruslar 
izn bergan doira ichidagina harakat qilardi. Lekin Sovet imperiyasining qulashida bu 
"cheklangan milliyatchilik" asosiy rollardan birini o‘ynadi. 
  
15

Muhammad Solih - Yo'lnoma
"YOSHLIK"NING INTIHOSI
70-yillar o‘rtalarida yangi do‘stlar orttirdim. Bu har xil xarakterdagi odamlarni birlashtirgan 
narsa nimaligini belgilash qiyin. Har holda, ulardan hech biri rasmiy adabiyot yoki san’at vakili 
emasdilar. Hech maddoh emas, non uchun san’atni vosita qilmagan odamlar edi. Eng 
muhimi, ular sovet tuzumida bir shaxs naqadar erkin yashashi mumkin bo‘lsa, u qadar erkin 
yashay bilardilar. U paytda "Guliston" jurnali chiqardi va bizning "erkin" qarashlarimiz 
ko‘pincha o‘sha jurnalda bosilardi. Uning muharriri Asqad Muxtor liberal tushunchali odam 
bo‘lgani uchun bizning "izlanish"larimizni ko‘rib, ko‘rmaganga olardi. Lekin kerak bo‘lsa, 
"tepa"ning ham ko‘nglini olishni unutmasdi. Asqad aka tug‘ma shoirgina emas, tug‘ma 
muharrir ham edi. Bitta so‘z bilan butun bir matnni chappa qilib tashlardi. Mening bir 
she’rimda qahramon namoyishda o‘z sevgilisini ko‘rib qolgani tasvirlanardi:
"Bashara, qiyofa, yuzlar ichidan
Sening chehrang suzib chiqadi". 
Asqad aka buni: 
"Sening chehrang suzib chiqadi, Lenin!"
deb o‘zgartirib, hech qachon "Lenin" so‘zini yozmaganman, deb g‘ururlanib yurgankaminani 
ancha uyaltirgan edi. Baribir, "Guliston" uzoq vaqtgacha bizning asosiy minbarimiz bo‘lib 
qoldi.
Biz yosh edik, yoshlik bir imtiyoz edi. Bizga hech kim e’tibor bermasdi, bundanfoydalanib 
xohlagan narsamizni yozar va chop qildirardik ham. Albatta, tuzumni ag‘darib tashlashga 
da’vat qilmasdik, lekin unga cho‘ntak ichida mushtko‘rsatishimiz mumkin edi. Ba’zi hushyor 
tanqidchilar bundan xafa bo‘lib, "cho‘ntagingizdagini tushuntirib bering!", deya xitob qilgan 
paytlar ham bo‘ldi. Bu "navqiron" yoshligimiz juda uzoq, 1984 yilgacha davom etdi. O’ttiz 
besh yoshda ham yosh bo‘lib yurish faqat bizning jamiyatda mumkin edi va bu imkoniyatdan 
biz to‘la foydalandik. Ammo sakson to‘rtinchi yil yoshligimiz birdan "taqqa"to‘xtadi. Kremlda 
hokimiyat o‘zgardi.
 
Ikkinchi bo‘lim
1983-1993 yillar
 
ANDROPOV VA CHERNENKO
Brejnevdan bo‘shagan taxtga o‘tirgan Andropov Sovet davlatini turg‘unlikdan qutqarish uchun 
bel bog‘lagan ilk rahbar edi. U KGBning sobiq rahbari o‘laroq, bu bepoyon davlatning qaerida 
nima qimirlayotganini va nega qimirlayotganini bilardi. Bu bilgi uning uchun boshqa 
rahbarlarga nisbatan aniqroq harakat qilib, yaxshiroq natijaga erishish uchun bir omil edi. 
Sovet iqtisodi oshno-og‘aynigarchilik, ko‘zbo‘yamachilik va poraxo‘rlik changalida, deyarli 
o‘sishdan to‘xtagandi. Qolaversa, og‘ir sanoatning katta qismi harbiy kuchni oshirishga 
yo‘naltirilganligi uchun bu biryoqlamalik tabiiy resurslarni xomashyo o‘laroq pullash 
16

Muhammad Solih - Yo'lnoma
evazigagina muvozanatga solinardi. Ammo, shunga qaramay, qurollanish poygasi Sovet 
davlatining tinkasini quritdi va 80 yillarga kelib, kommunist rahbarlar bu poygada 
mag‘lubiyatga uchraganlarini angladilar. Keyinroq Gorbachev hukumatining AQSh bilan uzoq 
manzilli raketalarni qisqartirish shartnomasiga imzo chekishi Gorbachevning tinchliksevarligi 
emas, Sovet ittifoqining zaiflashuvi sabab bo‘lgandi.
Andropov sovet imperiyasining minglarcha kilometrlarga cho‘zilgan boshqaruv iplari salqib 
qolganini bilardi. Ularni tarang tortib mustahkamlash uchun, birinchi navbatda, kadrlarni 
yangilash ehtiyoji tug‘ilgandi. Bu kadrlar Moskvaga sodiq, iloji bo‘lsa, ruslardan bo‘lsa, 
yanada yaxshi bo‘lardi. Andropov tashabbus qilgan, ammo so‘ngigacha yetkazolmagan bu 
yangi kadrlar siyosatini Chernenko, undan keyin Gorbachev hukumatidagi "ikkinchi odam" 
Yegor Ligachev davom ettirdi.
Andropov sovet jamiyatidagi poraxo‘rlik, tanballik, intizomsizlik va ko‘zbo‘yamachilikka qarshi 
kurashni ham rejalashtirgan edi. Bu rejani amalga oshirish uchun qilingan ilk tadbiqotlar 
shuni ko‘rsatdi-ki, poraxo‘rlik ildizi mavjud siyosiy tuzum ildizi bilan bitishib ketgan ekan. 
Tanballik ham sovet ishlab-chiqarish sistemasidagi "ishlasang ham, ishlamasang ham maosh 
kelaveradi", degan sovet kishisining dunyoqarashi mahsuli ekani ma’lum bo‘ldi. 
Ko‘zbo‘yamachilik va intizomsizlik inson zotining xususiy mulkka bo‘lgan instinktlarini 
o‘ldirilishi oqibatidan boshqa narsa emas.
Andropov hokimiyatga kelgan zahotiyoq birinchi bo‘lib, tanballikka va intizomsizlikka qarshi 
"o‘t ochdi". Masalan, kunduz kunlari kinoteatrlarga kirib, tomoshabinlarning qaerdan kelgani-
yu, ish paytida nechun kino ko‘rayotganliklari taftish qilina boshladi. Davlat ma’murlari va 
ishchilarning ishga vaqtida kelib, vaqtida ketishini nazorat qilish odat tusiga kirdi. Ko‘chalarga 
"intizom - mahsuldorlikning garovidir", degan primitiv shiorlar osildi.
Ammo bu kasallikning sababiga emas, uning oqibatiga yo‘naltirilgan behuda urinishlar edi.
Axir ish kutmoqda, davlatning ishi,
Xotin zir yugurar, men uraman do‘q,
Balkonga qarayman, tirishib -
Hali ham ko‘ylagim qurigani yo‘q! 
Axir kutib turar davlatning ishi!
Ko‘ylak-chi, bug‘lanib tamom bo‘lmas hech.
Qandaydir dazmolning xiyonatidan
Davlatning ishiga boramanmi kech?! 
Yana idoraga yetib borguncha,
Shiorlarga ham qarashim kerak,
Toki, ish oldidan, hech bo‘lmaganda,
Ilhomlanib olsin bu yurak! 
1981 ("Orzu fuqarosi", 1990)
"Qattiqqo‘l yo‘lboshchi" sifatida tanila boshlagan Andropov o‘z qattiqqo‘lligini oxirigacha 
ko‘rsatolmadi, yil boshida vafot etdi. O’rniga Chernenko keldi. Uning ham yoshi bir joyga 
borib qolgandi, ammo, baribir, Sovet Itifoqi Kompartiyasining General Kotibligiga saylandi. Bu 
shaxsda tirnoqning uchiday ham haybat yo‘qdi va shu qadar ko‘rimsiz ediki, xalq uning 
Alekseymi yoki Andrey Chernenko ekanini eslolmay qolardi. 
O’zbekistonda ham vaziyat shunga o‘xshab ketardi. O’zbekistonga uzoq yillar rahbarlik 
qilaverib, xuddi jumhuriyatning gerbidagi paxta va bug‘doy boshoqlari kabi bir ma’jozga 
17

Muhammad Solih - Yo'lnoma
aylangan oqsochli Sharof Rashidov o‘limidan keyin, uning joyini bir ekonomistmi, yoki 
injenermi, egalladi. U bir necha yil rahbarlik qilgan bo‘lsa-da, jumhuriyatning na siyosiy, na 
ijtimoiy va naiqtisodiy hayotida iz qoldirdi. Albatta, bu shaxsga adolatsizlik qilgan bo‘lmayin, 
balki o‘sha davr bir o‘tish davri bo‘lgani uchun bu rahbarning yulduzi kulmagandir. Balki, "iz" 
qoldirmagani yaxshi bo‘lgandir. Bugun, 90 yillardagi rahbarimiz kabi iz qoldirsa, nima 
qilardik?
 
ADABIYOT FETISHIZMI
Ming to‘qqiz yuz sakson to‘rtning mart oyi edi. Do‘rmondagi yozuvchilar uyida ilhom parisini 
kutib kun o‘tkazayotgan edim. Ishim uncha qiyin emasdi, o‘sha ilhom parisi kelganda sakkiz 
yoki o‘n qatorlik bir she’r bitsam, ko‘nglim joyiga tushardi-qo‘yardi. Tasavvur qiling, o‘ttiz 
beshga kirgan devdek yigit uchun qofiyalangan yoki hatto qofiyalanmagan "poetik" matn 
yetarli edi. Ya’ni, bugungi kunim bekorga o‘tmadi deyish uchun va hatto dunyodagi eng 
buyuk ishni men qilayapman, deb xayol qilish uchun ham yetarli edi.
Aslida, Do‘rmonda "buyuk ishni men qilayapman" deb o‘ylamagan birorta yozuvchi yo‘q edi. 
Ammo bunday o‘ylash uchun hammaga ham "sakkiz qator" kifoya qilavermasdi... Masalan, 
Pirimqul Qodir kuniga deylik, 15 sahifa nasr, Shukur Xolmirza deylik 10 sahifa nasr, shoir 
Usmon Azim yuz misrali bir ballada, Shukur Qurbon yuz qatorlik bir doston yozmasalar, ular 
"buyuk ishni men qilayapman" deb ko‘kragiga hech urmasdilar.
Xullas, Do‘rmonda kunlarimiz unumli o‘tardi, faqat yozilgan mahsulotni kitob shaklida 
bostirish bir muammo edi. Zahmatkash yozuvchilar kechalari o‘tirib, qo‘lyozmalariga zo‘r 
berib, ularga go‘zal nomlar qo‘yib, mashinistkaga topshirardilar.
Mashinistka - kitobning bosilish jarayonidagi birinchi pog‘ona edi. Bu pog‘ona siynador 
jussasi bilan juda yuksak ko‘rinardi, chunki, qo‘lyozmaning har sahifasiga naq 40 tiyindan 
haq talab qilardi. Yo‘qsil shoir yoki yo‘qsil yozuvchi uchun bu qo‘rqinchli raqam edi. Ba’zi 
uddaburro qalamkashlar mashinistkaga uylanib bu muammodan qutulsalar ham, ko‘pchilik 
"Mashbyuro" eshigi oldida "birinchi pog‘ona"dan osholmay uymalanishgani uymalanishgan 
edi. Ikkinchi pog‘ona - bo‘lim redaktori, uchinchi pog‘ona - bo‘lim mudiri, to‘rtinchi pog‘ona - 
zam. dirketor (direktor o‘rinbosari), beshinchi pog‘ona esa, Nashriyot Direktori bo‘lardi. Bu 
Beshinchi Pog‘ona butun qalamkashlarning tushiga kirib chiqadigan bir zot edi. 
Sovet O’zbekistoni davrida nashriyotlarga Direktorlik qilganlar ichida, menimcha, eng 
hashamatlisi Hamid Ubaydullaevich, ya’ni, Hamid G’ulom bo‘lgan. Uning qo‘l ostida ishlagan 
bir mudir shunday hikoya qiladi: "Hamid akamlar ertalab ishga yaxshi yoki yomon kayfiyatda 
kelganini nainki, uning yuzidan, balki kiyinishidan ham bilib olardik. Masalan, u moviy jinsi 
kiyib, labiga sigara trubkasini qistirib to‘rtinchi qavatga ko‘tarilsa, demak, kayfiyati yaxshi. 
Huzuriga kirib darrov ishni bitirib chiqardim"... Bu iqrordan ma’lum bo‘layapti-ki, hatto mudir 
"pog‘ona"sida turganlar uchun ham Direktor diydorini ko‘rmak oson ish emas edi.
Nashriyot Direktori amalda sovet tuzumining nashr siyosatini yuritgan shaxs edi. U xohlagan 
kitobini bosar, xohlamaganini bosmas edi. Markazqo‘m tavsiya etgan kitoblarni istisno 
qilganda, Direktor kitob bosishda hokimi mutloq edi. Hatto tsenzura ham Direktorning 
aytganini ikki qilolmasdi. Direktor maqomi minstr maqomi bilan deyarli teng edi. Direktor 
xuddi Markazqo‘mning Birinchi Kotibi kabi o‘n yil, o‘n besh yil maqomidan tushmay faoliyat 
ko‘rsataverardi. Xuddi tuzum kabi nashriyot direktori ham abadiy ko‘rinardi. Bu tuyg‘uni 
Direktorlarning o‘zlari ham his qilardilar va ularning eng haybatlilari o‘zlarini birdaniga Fir’avn 
his qilaboshlardilar. Bu ruhiy ko‘tarinkilik ularning ko‘zlarini chaqnatib, nutqlarini 
o‘tkirlashtirardi. 1979 yil G’ofur G’ulom nashriyotining Direktori qilgan bir nutq hammaning 
18

Muhammad Solih - Yo'lnoma
esida. U taxminan shunday degan edi (yanglish esa, Oloh kechirsin): "Men bugun shon-
shuhrat minbaridan turib shuni aytmoqchiman... Men xalq otasiman... Ha, men 
O’zbekistonda xalq otasiman. Turkiyadagi o‘zbeklarga shunday dedim. Agar sizlar 
O’zbekiston haqida yomon gapirmasanglar, men sizlarning ham otangizman, dedim". 
Bu nutqni hech kim manmanlik deb qabul qilmagandi o‘shanda. Direktor muhokama qilinmas 
bir totem edi. Uning ustidan kulish gunoh darajasida edi. Men bu g‘aroyib hodisani unga hech 
aloqasi bo‘lmagan bir maqolaga tiqishtirdim. Maqola Xeminguey haqida edi va u "Guliston" 
jurnalining 1979 yil sonlaridan birida bosildi. Ammo aytilmoqchi bo‘lgan fikr shu qadar 
yag‘molangan edi-ki, manman Direktor mening tanqidimni o‘qisa ham hech narsa 
tushunmasdi: "Bu nutq (Xeminguey nutqi) ba’zi yozuvchilar... qo‘rqoq qalblariga taskin 
berayotgan bir paytda, ba’zilari xuddi bugungiday o‘zini "xalq otasi" e’lon qilib, shon-shuhrat 
minbaridan so‘zlayotganda, ellik yoki oltmish yoshlarini bexatar burchaklarda nishonlayotgan 
bir paytda yangradi..."
Men bir egoist yozuvchi sifatida bittasi kelib, "og‘ayni, H. G’ulomni boplabsan, ofarin, senga!" 
deyishini kutardim. Amo hech kim men kutganchalik farosatli chiqmadi va bugun o‘ylab 
qarasam, chiqmagani ham yaxshi bo‘lgan. Chunki, o‘sha Direktor bugungi insofsiz 
karcholonlarning yonida shu qadar halim va mutavoze ko‘rinayapti-ki, agar o‘sha yetmish 
to‘qqizda uni xafa qilsaydim, bugun qattiq pushaymon yegan bo‘lardim
Mavzuni tamomlash uchun Direktordan boshqa yana bir maxluq haqida bir-ikki og‘iz 
gapirmoq lozim. Bu maxluqning oti Goskomizdat edi. Bu "dargohda" o‘nlarcha odam "ishlar", 
ammo nima uchun "ishlayotganini" o‘zlari ham bilmasdilar. Xuddi Frans Kafkaning 
romanidagi kabi mistik mahkumiyat hukm surardi bu dargohga qarashli bo‘limlarda. Go‘yo bu 
o‘nlarcha erkak va xotinlar biri ikkinchisi orqasidan qo‘yilgan ayg‘oqchi yoki biri ikkinchisiga 
bog‘langan mahbuslar edi. Chunki, kitobni yozuvchi yozardi, uni nashriyot nashrga 
tayyorlardi, bosmaxona esa, bu kitobni chop qilardi, lekin Goskomizdatdagi odamlarning 
bunga - kitobga, yozuvchiga, nashriyotga, bosmaxonaga nima aloqasi bor, deya hayqirgisi 
kelardi insonning, to‘g‘risi. Hayqirsa ham yozuvchini hech kim bir chaqaga olmasdi. Direktor 
va goskomizdat yozuvchilar tufayli yaratilgan bo‘lsa-da yozuvchi bilan hech kim 
hisoblashmasdi. Bu sho‘rlik professionallar yonlaridan o‘z otini to‘g‘ri yozolmaydigan 
Shog‘ulomov yoki Direktor o‘tib qolguday bo‘lsa, darrov g‘oz turishib salom berishar va 
zo‘rma-zo‘raki iljayardilar. Bu professionallar o‘z she’r yoki hikoyasining bitta satriga ham 
arzimaydigan zolimlarga bosh egarkan, men bundan qattiq g‘azablanardim va ularni 
qo‘rqoqlikda ayblardim, ammo bugun bilaman-ki, bu yozuvchi do‘stlarimga nisbatan haqsiz 
dashnom bo‘lgan. Ularning qo‘rqoqlik va bo‘shanglik bo‘lib ko‘ringan jihatlari, aslida, yana 
o‘sha adabiyot uchun, unga muhabbat tufayli paydo bo‘lgan edi. Bu odamlarning o‘rtamiyona 
qobiliyatlisi ham non uchun, bola-chaqani boqish uchun zolimga bosh egishdan or qilardi. 
Ammo adabiyot ideali uchun bosh egishdan uyalmasdi. Buni ayblashga haqqim yo‘q edi. 
Cho‘ntagida yozuvchilar Soyuzi guvohnomasidan boshqa boyligi yo‘q bu insonlar o‘zlarining 
xalqqa kerakli shaxslar ekanligini anglar va o‘zlaricha g‘urur tuyar edilar. Shoir Yo‘ldosh 
Eshbek bunga bir misol aytib bergan edi. Bir kuni u yana bir shoir do‘sti bilan avtobusda 
o‘tirgan ekan, bir kampir tepalariga kelib qarab turaveribdi. Yo‘lovchilardan biri shoirlarga "joy 
bersangiz bo‘lmaydimi?", desa, Yo‘ldoshning sherigi hayron bo‘lib, "bular bizning kimligimizni 
bilishmaydi, shekilli, udostovereniemizni ko‘rsataylikmi, yo", degan ekan. Sodda shoirning bu 
samimiyati uning farosatsizligini kechirishga majbur qilardi.
Umuman yozuvchilik, shoirlik va yoki har qanday boshqa qalamkashlik dunyoning hech bir 
mamlakatida Sovet Ittifoqidagi kabi jiddiy maslak hisoblanmasdi. Buning, albatta, siyosiy 
tuzumga bog‘liq bo‘lgan taraflari bor. Sovet tuzumi yozuvchilardan o‘z ideologiyasi uchun 
foydalanardi. Lekin jamiyat - odamlar va yozuvchilarning o‘zi ham qalamkashlik kasbiga 
topingani hayratlanarli edi. Boya aytganimdek, adabiyot insonning dunyoni idrok qilish 
shakllaridan biri emas, balki, eng to‘g‘ri, eng ideal shakli o‘laroq qabul qilina boshlagandi. Va 
19

Muhammad Solih - Yo'lnoma
odamlar adabiyot ideali uchun ishidan, do‘stlaridan, hatto oilasidan ham voz kechsalar va bu 
harakat aslo nodonlik hisoblanmas, balki aksincha, fidoyilik sanalardi.
(Men bu yerda haqiqiy adabiyot vakillari xususida gapirayapman, sovet mafkurasining 
nog‘orachilari haqida emas. Ular gapga arzimaydi). Shunga yarasha bizning taqlid 
ob’ektlarimiz ham orginal edi. Xususan, 70-yillarda eng porloq xayolli o‘zbek shoiri o‘ziga 
Shoh mashrab yoki Pol Verlen va hatto Artyur Rembo kabi devonalar turmushini o‘rnak qilib 
olishga intilardi. Deylik, Shoh Mashrabning mullalar ustidan tahorat ushotgani, Remboning 
tuya sotaman deb, Afrikaga ketgani, u yerda kasalga chalinib, o‘lib ketgani, Verlenning Parij 
ko‘chalaridagi bezoriliklari - yosh shoirlarimiz tarafidan hurmatla qarshilangan rivoyatlar edi. 
Adabiyotning bu qadar "muqaddas"lashishiga ijtimoiy-psixologik sabab ham bor edi, albatta. 
Ko‘pchilik tarafidan kuzatilgan narsa shu-ki, totalitar davlatlarda shaxs erkinligi o‘z ifodasini 
adabiyot va san’atda topishga intiladi. Bu sohaning totalitarizm kabi ekstremal iqlimlarda 
yashash qobiliyati yuksak va bu xususiyat salgina ijodiy iqtidorga sohib bo‘lgan kishilarni 
o‘ziga ohangrabo kabi tortaveradi. Bu kishilar tuzumdan qochib, rangdan (rassomlik) yoki 
so‘z (shoirlik)dan yasalgan katokombalarga kirib olishadi va u yerdan umr bo‘yi chiqmay 
yashayveradilar. Va tabiiy-ki, inson bir narsaga umrini bag‘ishlay olar ekan, bu uning uchun 
muqaddasdir.
 
Download 0.87 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling