Muhammad Solih yo’lnoma


Download 0.87 Mb.
Pdf ko'rish
bet3/21
Sana23.11.2020
Hajmi0.87 Mb.
#150365
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
Bog'liq
muhammad-solih-yolnoma


BEGONA
Shunday qilib, ming to‘qqiz yuz sakson to‘rtning mart oyi edi va men ham ko‘plar qatori 
Do‘rmonda ilhom parisini kutib yotardim. U kelavermaganidan, uni xayol qilardim:
Ilhom parisini ko‘rdim to‘satdan,
Qorni och, yalang‘och, uzunsoch
O’ltiribdi, ana, bo‘m-bo‘sh kursida,
Poyida yotibdi qurum bosgan toj. 
Sichqon chopib o‘tar xonani kesib,
Qaysidir jo‘mrakdan jildiraydi suv.
Va menga qaraydi bag‘rimni ezib,
Xona o‘rtasida o‘ltirgan suluv. 
Ayrilgan kimsaday bor-yo‘q do‘stidan
Qaraydi yo‘qotgan kabi vatanin.
Qo‘limni tekkizsam, kaftim ostida
Bodroq ochaboshlar uning badani. 
Bodroq ochaboshlar bo‘g‘zimda zabon,
Ko‘zlari lim to‘lib qaraydi suluv,
Qitir-qitir etar qaydadir sichqon,
Qaydadir tinimsiz jildiraydi suv. 
(1983)
Ko‘rinib turibdi-ki, ko‘ngillarda bir anglanmas sog‘inch, bir majhul nostalgiya bor edi. Balki u 
qadar-da majhul emas, balki, bu sog‘inch kelajakning sog‘inchi edi. Yo‘q, yo‘q, aslida atrofda 
bir sukunat, bir g‘alati tanbal ruh kezib yurardi.
20

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Kezib yurgan bu ruh o‘z-o‘ziga qattiq ishonib yuborib, himoya refleksini yo‘qotib qo‘ygan 
totalitar davlatning ruhi edi. Bu halokatli ishonch 1968 yil Praga ishg‘olidan keyin paydo 
bo‘ldi. Butun dunyo ko‘z o‘ngida jarayon etgan bu oson ishg‘ol Moskvani g‘ururlantirdi, 
shovinizmni sarxush etdi. Ammo bu ishg‘oldan keyin boshlangan atom qurollari poygasi 
Sovet imperiyasining mag‘lubiyati bilan tugashini hali hech kim xayol qilolmasdi. G’urur va 
sarxushlik 70-yillarda o‘zining tadrijiy qiyomiga yetdi: endi qul (jamiyat) ham, quldor (davlat) 
ham bir sukut ichida, bir loqayd havo ichida yashay boshlagandilar.
Bu holat keyinroq "turg‘unlik yillari" deb ataldi. Turg‘unlik shu qadar quyuqlashgan edi-ki, bu 
quyuqlik ichida aytilgan so‘z, chiqqan tovush hech jaranglamasdi, so‘z nihoyatda so‘nik 
eshitilardi. Xuddi qo‘rqinchli tushdagi kabi, qichqirsang, hayqirsang, ovozing chiqmasdi.
Bu antiakustik qasr ichida biz yosh yozuvchilar o‘z ovozimizni sinab ko‘ra boshlagan edik. 
O’sha yillar tanqidchilarning iborasi bilan aytganda, biz "og‘zimizga kelgan gapni" ayta 
boshlagandik.
1983 yil may oyida "O’zbekiston adbabiyoti va san’ati" gazetasi "She’ringizni tushuntirib 
bering!" degan sarlavha bilan katta maqola e’lon qildi. Maqola mening she’rlarim haqida edi. 
Maqola muallifi taniqli tanqidchi edi, o‘z davrasida nuktadon mutaxassis sanalardi. U 
konyukturani yaxshi his qilardi, u adabiy jarayonning xamirturushi nimadan tarkib topishini 
bilardi. Hatto turg‘unlik yillarining eng turg‘un yili, 70-yilda ham o‘zbek sovet adabiyotida hali 
ham fikr o‘lmaganini isbot qilish uchun, bahs-munozaraga o‘xshagan katta maqolalar 
uyushtirgan bir faol edi. U doim zam. redaktor bo‘lib ishlar, ammo hech qachon bosh redaktor 
bo‘lmagan edi. Bu kompleks uni bir navi hokimiyatdan o‘pkalaganlar qatoriga qo‘shib qo‘ysa 
ham, u hech qachon muxolif fikrli odam darajasiga ko‘tarilmagandi. Hokimiyat unga bir kulib 
boqsa, gina-qudratini unutib, yana xizmat qilaveradigan bir xokisor kishi edi.
Mening she’rlarimga yo‘naltirilgan "Tushuntirib bering!" hayqirig‘i aslida intellektual 
mazmundan ko‘ra, ko‘proq ritorik ma’no tashir edi. Maqola muallifi mening she’rlarimni juda 
yaxshi tushunardi, lekin o‘smoqchilab so‘rardi: "M. Solih falon she’rida bizga nima demoqchi, 
bu ne gamletchasiga dard, she’rning qahramoni nima talab qilayapti bizdan?", kabi savollar 
yangrar edi uning matnida. O’smoqchilab so‘rash sovet tanqidida keng tarqalgan usullardan 
biri bo‘lsa ham, bu kaminaning she’rlariga qaratilar ekan, darrov haqqoniy ko‘ringan mazmun 
kasb etardi. Chunki, hali birinchi kitobim chiqishi bilanoq, uni "g‘arbga taqlidchilik"da ayblab 
bo‘lishgan edi. Ya’ni, o‘smoqchilashga ishqibozlarning kuni besh-olti yil avval tuqqandi. Shu 
bois, maqola tayyor shudgorga tushdi, tez ko‘kardi, tez gulladi, atrofda haqiqatdan ham bahs-
munozara bor emish kabi bir iqlim tug‘dirdi. Go‘yo "she’ringizni tushuntirib bering" maqolasi 
muallifi menga hujum qilsa, boshqa birisi chiqib go‘yo meni himoya qiladi. Yoki uchinchisi 
chiqib, taraflarni murosaga chaqiradi: "adabiyotning dargohi keng, shunday g‘alati narsalar 
ham yaratilishi mumkin", deydi vazmin ohangda.
Xullas, hech bir jiddiy fikr aytilmagan edi, aytilishi mumkin ham emasdi.
Zotan saodatli sovet diyorida mung va o‘kinchning bo‘lishi mumkin emas, bo‘lsa ham uning 
sababi faqat xususiy bo‘lishi mumkin, ammo hech qachon ijtimoiy va hech qachon siyosiy 
bo‘lolmas edi. Bu qoida ichida harakata qilganlarning eng jasoratlisi yana o‘sha "she’ringizni 
tushuntiring", deya hayqirgan tanqidchi bo‘lib qolaverardi. Chunki u hech bo‘lmaganda, qaltis 
savol berishga jur’at qilgandi-da!
Bu tanqidchi tilga olingan maqolasidan ikki yil keyin, 1985 yilda mening "Olis tabassum 
soyasi" nomli kitobimga G’. G’ulom nashriyoti uchun "ichki taqriz" yozdi. Bu taqrizda qaltis 
savollar yanada ko‘paygandi. Tanqidchi kaminani "bunday dunyoqarash bilan uzoqqa 
bormaysan", deya qattiq ogohlantirardi go‘yo. Men bu to‘plamda chiqishi kerak bo‘lgan 41 ta 
she’rning har biriga alohida bir bet izoh maktubi yozishga majbur bo‘ldim. Bu izohlarda 41 ta 
21

Muhammad Solih - Yo'lnoma
she’rning o‘zbek sovet nashriyotlarida bemalol bosilishi mumkinligi va ularning mavjud 
siyosiy tuzumga hech qanday zarar keltirmasligini o‘zimcha isbotlab berdim. Isbotim ishonarli 
chiqdi shekilli, o‘sha qirq bitta she’rdan ko‘pchiligi 1986 yilda dunyo yuzini ko‘rdi.
Qaltis savollar tug‘dirgan she’rlardan bir nechtasini keltiraman. Bu she’r Sovet davlatini 
chorak asr boshqarib, Chexoslovakiya va Afg‘oniston ishg‘ollariga imzo qo‘ygan Leonid 
Brejnev o‘limidan so‘ng paydo bo‘lgan bo‘shliqda yozilgan. 
Turibman. Unutdim ko‘ksimdagi yuk,
Tosh emas, bir hovuch yurakligini.
Unutdim kim endi jahonda buyuk
Va kimdan qo‘rqishim kerakligini. 
Ko‘zlarim oldida tuman tarqaldi,
Turibman, ko‘rsatmas hech kim yo‘l-yo‘riq.
Hosilin tugatdi, huvillab qoldi
Bultur yolg‘on uchun ochilgan Qo‘riq. 
Baribir rag‘bat yo‘q menda o‘lishga
Talaffuzi buzuq, kelgindi, sayyor,
Men har so‘zim uchun kulgu bo‘lishga,
Masxara bo‘lishga turibman tayyor. 
1983 ("Olis tabassum soyasi", 1986) 
Har bir so‘zi uchun kulgu bo‘lishga, masxara bo‘lishga tayyor turgan she’r qahramoni emas, 
o‘zim edim.
Yozish uslubim adabiy tanqid va shuaroning g‘ashini keltirardi, buni bilardim va xafa 
bo‘lmasdim. Sotsialistik realizm tushunchasiga bo‘lgan tug‘ma nafrat men uchun bir sovut 
edi. Otilgan tan’a toshlari yoki fasod kesaklari bu sovutga tegib uvalanib ketardi.
Yana men o‘zimni haqiqatdan ham kelgindi, sayyor his qilardim va mavjud adabiyot ham 
hech qachon meni o‘zidan hisoblamagandi. Bu begonalik faqat adabiyotda emas, ijtimoiy va 
maishiy hayotda ham hukm surardi. O’ttiz uch yoshda edim, ammo biror yerda qo‘nim topib 
ishlay olmagandim. Mening hech qachon "mehnat daftar"cham bo‘lmagan. Hech bir ish joyi 
bu daftarchani menga ravo ko‘rmagan. Buni faqat mening tanballigim bilan izohlasam, 
o‘zimga haqsizlik qilgan bo‘lardim. Asl sabab, men bir yot unsur edim. Shu bois, har safar 
she’rim bosilganda yoki kitobim chiqqanda juda quvonardim. Chunki, ularni bosishga 
nashriyotning ham, gazetaning ham hech qanday asosi bo‘lmagani holda bosardilar. Va 
tabiiy-ki, "She’ringizni tushuntirib bering", deb talab qilgan tanqidchining savoli tagida shu 
ta’na bor: "sen sovet diyorida yashaysan, sovet nonini yeysan, sovet nashriyotida, sovet 
puliga, sovet qog‘ozida she’r chop qilasan va bu ham yetmaganday, har satriga 1 so‘mdan 
gonorar olasanu, yana sovet hayotidan shikoyat qilasan, darding nima o‘zi?", degan achchiq 
ta’na. Ehtimol men yashagan begonalik davrini boshqa yozuvchilar ham boshidan 
kechirgandir, faqat ular bu haqda gapirmaydilar, chunki, yozuvchilik ular uchun bugun ham 
dolzarbdir.
Begonalik tushunchasini "begonasirash" bilan adashtirish yoki yot unsur tushunchasini 
"yotsirash" bilan tenglashtirish mumkin emas. Begonalik begonasirash kabi, yuzada (zohirda) 
emas, shuur ostida (botinda) yashaydi. Agar siz bu turmushdan begonasirayotgan, 
yotsirayotgan bo‘lsangiz, zarari yo‘q, kun kelib ko‘nikasiz va turmush bilan opoq-chapoq 
bo‘lib ketasiz. Lekin siz bu turmushga begona va yot bo‘lsangiz, u bilan opoq-chapoq 
bo‘lishingiz juda qiyin. Begonalik sizning fitratingizda mavjud. Begonalikni deylik, muhabbat 
22

Muhammad Solih - Yo'lnoma
kabi davolanishi mumkin bo‘lmagan xastalikka o‘xshatish mumkin. Yoki tarbiyaga, 
tashviqotga tobe tutilmaydigan nima bo‘lsa, begonalikni unga o‘xshatish mumkin.
Faqat buni G’arb eksiztensialistlarining Begonaligi bilan adashtirmasligingizni so‘rayman. 
Ularning "Begona"si g‘oyalar sahnasidagi qahramonlardan biri, xolos. Men g‘oya o‘yini 
qilayotganim yo‘q. Umuman, o‘yin qilayotganim yo‘q.
"She’ringizni tushuntirib bering", deya hayqirgan munaqqid she’rlardagi begonalik hissini 
tuygan va uni hazm etolmay, jahli chiqqan edi. "Birorta bir she’r yo‘q-ki, unda bir yorug‘lik 
bo‘lsin", deydi u yozg‘irib. Haqiqatdan ham, unday bir she’r hech qachon yozolmadim, hatto 
yorug‘ tugallangan she’rlar ustida ham Begonaning ko‘lankasi turaverdi.
Begona o‘zining boshqalardan farqli ekanini, hatto aksariyat hollarda boshqalarga diametral 
qarshi tarafda turganligini bilsa-da, buni o‘zgartirish uchun hech narsa qilmas, bir narsa qilish 
u yoqda tursin, aksincha, o‘z farqliligini yanada bo‘rttirishga intilardi: 
Sizdan farqli o‘laroq, har xil
Yo‘llarin bilaman ovunishning men.
Sizdan farqli o‘laroq, meni
Voyaga yetkazar yetishmovchilik. 
Ufqda miltillayotgan shamchiroq–nafrat
Ko‘proq yoritadi yo‘limni
Mehr quyoshiga ko‘ra do‘stlarning. 
Agar hech kim meni yerga urmasa,
Ko‘kka qanday sakray olardim?
Oddiy o‘simlikman xullas,
Qancha suv quysalar tagimga
Men shunchalik gullab-yashnayman. 
1983 ("Olis tabassum soyasi", 1986)
Bir kuni, yetmishinchi yillarning kunlaridan birida, Toshkentning Navoiy ko‘chasida, shundoq 
nashriyotlarning to‘g‘risida turgan edim, bir shoir kelib ko‘rishdi va quchoqlashdi. Bu ichkin 
harakatning sababiga tushunmay garangsigan edim shoir "meni tabrikla, men Komsomol 
mukofotini oldim!", dedi yuzlari porlab. Men juda noqulay ahvolga tushib qoldim. 
"Tabriklayman", deya g‘udrandim, ammo bu g‘udranish shu qadar nosamimiy chiqqan edi-ki, 
eshitgan kishi "bu Solih juda baxil tip ekan", deyishi mumkin edi. Yaxshiyam-ki, mukofot 
quvonchi shoirning ko‘ziga parda tortgandi, mening yuzimdagi sarosimani ko‘rmadi va 
noqulay vaziyatdan qutuldim.
Men o‘z begonaligim bilan shu qadar g‘ururlanardim-ki, birov "mukofot beray senga", deb 
qolsa, begonalik mavqeimga qattiq futur yetgan bo‘lardi, demak men bir yerda o‘z 
mavqeimga xiyonat qilganman-ki, menga mukofot taklif qila boshladilar, deb o‘ylagan 
bo‘lardim.
Yanglishmasam, yetmish oltinchi yil, bir guruh, yosh shoir-yozuvchi (balki Xurshid 
Do‘stmuxammadning uyida) "biz bu mamlakatning mukofotini hech qachon olmaymiz", deya 
ont ichgan edik. Bu ontni buzmaganlardan juda oz qoldi, balki bittasi qolgandir. Lekin gap 
bunda emas. Gap shundaki, begonalik tuyg‘usi barcha qobiliyatli kishilarda bor tuyg‘u, ammo 
ba’zilarida kuchli, ba’zilarida esa, zaif yaratilgandir. 
23

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Navoiy ko‘chasida yuzlari porlab turgan baxtiyor insonga buni anglatish mumkin emas edi, 
albatta. Buni "Adabiyot va san’at" gazetasida bahs uyushtirgan darg‘azab munaqqid ham 
anglamagan bo‘lardi.
  
TUSH
Turg‘unlik havosi shu qadar nafasni qisa boshlagan edi-ki, bunga nain-ki, himoyasiz mardum, 
hatto xususiy tabiblari bo‘lgan davlat rahbarlari ham dosh berolmadi, izma-iz o‘la boshladilar.
1982 yil oxirida Brejnev, undan keyin uning taxtiga o‘tirgan Andropov, undan keyin uning 
o‘rniga kelgan Chernenko zudlik bilan vafot etishdi. Go‘yo orqalaridan biri haydab 
kelayotganday, tez-tez g‘oyib bo‘lishdi. Ming to‘qqiz yuz sakson to‘rtning mart oyida 
Chernenko g‘oyib bo‘lishga tayyorlanayotgan edi. Men ham u paytda Do‘rmonda edim. Ilhom 
parisi kelavermaganidan zerikib, uxlab qolibman. Tush ko‘rdim. Tushimda Do‘rmonning 
kunchiqarida urush boshlanganmish. Osmon portlashlardanmi qirmizi tusga kirgan edi. 
Uchoqlar bomba tashlar, tanklar o‘rmalar, odamlar notanish tillarda baqirib qaergadir chopar 
edi. Men esa, men nima qilardim, deng - men quvonchdan yig‘lardim, tilimdan "nihoyat-a, 
nihoyat!", degan kalimalar uchardi. Yuragimning bir vahshiy ilhomdan portlagisi kelardi, go‘yo 
men kutgan, biz yozuvchilar kutayotgan ilhom parisi o‘rniga bir dahshatli ilhom devi kelgan va 
bu turg‘unlik botqog‘ida chirib ketayotgan jamiyatni ostin-ustin qilayotgandi. "Ofarin!", deb 
baqirardim, o‘zimcha. "Ofarin!" derdim, ammo bu olqishni kimga aytayotganimni bilmasdim.
Zavq-shavqdan bo‘g‘ilar ekanman, muzday aql ham bir chekkada soat kabi "chiq-chiq" yurib 
turardi. U mening tush ko‘rayotganimni bilar va rashk qilardi. Mening bunday hayajonni 
o‘ngimda emas, tushimda yashayotganimga hasad qilardi. Moddiy dunyo va uning hakami 
inson aqli o‘zidan teparoqda joylashgan botiniy idrokka rashk qilardi. Va mening zudlik bilan 
uyg‘onishimni istardi. Men esa uyg‘onmoq istamasdim. Men bu go‘zal manzarani tomosha 
qilardim, tomosha emas, bu manzaraning ichida, uning o‘rtasida yashay boshlagandim. 
Turg‘unlikda uzoq vaqt turg‘un qolib, shalviragan mushaklarimga quvvat siza boshlagan edi. 
Uzoq vaqt chopmagan yuragim chopa boshlagandi, uzoq vaqt yig‘lamay sahroga aylangan 
ko‘zlarimdan tinmay yosh oqardi!
Men bu junbushni, bu hayajonni qanday tark eta olardim! Yana uyg‘onishmi? Yana o‘sha 
almisoqdan qolgan manzarani ko‘rish uchun uyg‘onishim kerakmi? Yana o‘sha o‘roq-bolg‘ali 
bayroq, uning soyasida ketayotgan bir suruv masxaraboz, ular orqasida qo‘llarida "Biz 
baxtlimiz" qabilidagi shiorlarni ko‘tarib olgan, ammo boshlari xam, bo‘yinlari bukik, sassiz 
olomon. Faqat goh-goh karnaydan "Yashasin sovet xalqi!", deya baqiradi Levitannikiga 
o‘xshagan bir farosatsiz sas...
Shuni ko‘rish, shuni eshitish uchunmi zudlik bilan uyg‘onishim kerak? Muzday aql "Ha, 
uyg‘onishing kerak, boshqa chorang ham yo‘q, zotan", derdi. 
Men uyg‘oniboq, darrov balkonga chiqdim, beixtiyor kunchiqarga qaradim. Tabiiy-ki, u tarafda 
bir dala va u yerda esa, mollar o‘tlab yurardi. Yoki o‘tlar bo‘lmasa-da, menga shunday 
ko‘rindi. Har holda, men o‘zimning hali ham sovib ulgurmagan vujudim, hanuz gursillab 
urayotgan yuragim bilan o‘zbek sovet yozuvchilar uyushmasining dam olish uyi balkonida 
o‘zimni shu qadar begona his etdim-ki...
Pastga qaradim: evoh, hamma narsa joyi joyida edi. Dam olish uyi direktori abadiy armani 
Sergey, uning yordamchisi undan ham abadiyroq Vera Sergeevna va ular hozirlagan 
yemaklar, ularning o‘tiradigan supalari, tepasida chor generali ekkan akatsiyalar...
24

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Men bilardim-ki, undan nariroqda Sovet O’zbekistonining poytaxti Toshkent, u yerda 
Do‘rmondagidan ham ko‘rimsizroq hayot... Men bilardim-ki, oyog‘imizdagi zanjirni shaldiratib 
Do‘rmonga kelish, bu yerdan yana shaldiratib Toshkentga borish bilan hech narsa 
o‘zgarmasdi. Yana bilardim-ki, hozirgina ko‘rganim bir tush, real voqelikka hech bir aloqasi 
bo‘lmagan ro‘yo. Lekin men bir narsani bilmasdim: bu yozuvchilarning dam olish uyi 
balkonida turarkanman, roppa-rosa bir yil keyin mening tushimga kirgan ilhom Devi kelib, yer 
kurrasining oltidan birini egallagan kap-katta Sovet imperiyasini larzaga solishini, turg‘unlikni 
chok-chokidan so‘kib, tarixning "qorong‘u burchagiga" itqitishini, yuz yillik g‘aflatdan zo‘rg‘a 
uyg‘onib, ko‘z uqalayotgan katta-kichik xalqlarni vaqt charxipalagiga solib, shiddatli bir 
tezlikda aylantira boshlashini bilmasdim. 
Ilhom Devi bu charxipalakni shunday qattiq aylantirgan ekan-ki, o‘n uch yil o‘tganiga 
qaramay, mening haligacha boshim aylanadi. Haligacha bu charxipalakdan boshqasiga, 
biroz sekin aylanadiganiga o‘tolmayapman. Shunday shiddatli aylangan ekan-ki, men, o‘z 
millatiga hurriyat istagan qul, peshonamni hurriyatga taq etib urganimni bilmay qoldim. 
Charxipalak shunaqa tez aylandi. Ozodlik shunaqa oniydan keldi.
Men yozuvchilar dam olish uyi balkonida turib, yana ko‘p narsalarni bilmasdim. Masalan, 
ushbu yozuvchilar uyiga ortiq hech qachon qaytib kelmasligimni, qalamimni uzil-kesil 
sindirajagimni, she’r yozish uyoqda tursin, hatto o‘qishga vaqt topolmayajagimni bilmasdim. 
Holbuki, armani Sergey o‘zini naqadar abadiy armani deb bilsa, men ham o‘zimni shu qadar 
abadiy shoir deb sanardim. She’rdan boshqa hech bir maslak menga to‘g‘ri kelmaydi, deb 
o‘ylardim. Har qanday boshqa maslak menday oliyjanob shaxsga haqorat bo‘lardi, deb 
o‘ylardim.
Men bu balkonda turib, shunaqa go‘zal tashbehlar taqingan she’rlar yozib, xalqim hurriyati 
uchun jihod qilaman, deb o‘ylardim. Agar Olloh istasa, hurriyatni hech bir jihodsiz "senga shu 
kerakmi, ol, bo‘lmasa!", deya berishi mumkinligini bilmasdim. 
Men orzu qilardim. Rus bosqinchilariga qarshi to‘garak tuzishni, u yerda faqat rasida 
bo‘lmagan bolalarni tarbiyalashni xayol qilardim. Men o‘zimni va o‘zimga tengdoshlarni bu 
ishda qatnashish uchun keksayib qoldik, deya hisoblardim. Bugun yosh bo‘lsak ham ertaga, 
Qaror kuni kelganda, ozodlik uchun hayot-mamot jangi boshlanganda, biz munkillagan, chol 
bo‘lamiz, deb o‘ylardim.
Qo‘limda piyola, chordona qurib,
Kutaman, mudraydi horg‘in ko‘zlarim.
Yalqov qahr bilan pashshani qo‘rib,
Kutaman, kelmadi hali do‘stlarim. 
Hali dushmanlarim to‘plangani yo‘q,
Yurishar uzilgan simlarni ulab.
Har holda, ulardan mening ko‘nglim to‘q,
Payt kelsa, bir-birin topajak ular. 
Payt kelsa, bilmayman nega yarayman?
Qo‘limda piyola, chordona qurib,
Boshimni eggancha kunga qarayman: 
Hali o‘nglamadi o‘zini zo‘rlik,
Qanotin yozmadi hali haqorat,
Hali qiyomiga yetmadi xo‘rlik. 
("Olis tabassum soyasi" kitobi, 1986 yil)
25

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Aslida, xo‘rlik allaqachon qiyomiga yetgandi, xo‘rlik yuz o‘ttiz yildan beri davom etayotgandi, 
haqorat ham qanotlarini yozib bo‘lgandi. Buni faqat yalqov o‘zbekning tan olgisi kelmasdi. 
Ba’zan uning loyqalangan shuuridan shundaytumtoq manzaralar ham o‘tardi: 
SIR
Og‘zing qulog‘ingda,
Nimani eshitdi o‘zi qulog‘ing?
Kayfiyating yaxshi,
Junbushdasan qanday xabardan? 
Qachon? Qaysi mahal? Ertalab?
Tong paytida? Qaysi soatning?
Qaysi lahzasida? Qaysi radio?
Qaysi xalqning? Qanaqa erkka?
Erishganin e’lon qilajak? 
Og‘zing qulog‘ingda,
Kayfiyating baland -
Biz ham voqif bo‘laylik sirdan,
Tonggacha uxlamay yuraylik biz ham! 
1983 ("Olis tabassum soyasi", 1986)
Har bir so‘z orasida o‘roqday bo‘lib so‘roq belgisi turmasaydi, ehtimol, bushe’rni senzura 
o‘tkazmasdi. So‘roq belgisi diqqatni chalg‘itadi, she’rni chil-parchin qiladi, senzorning esa bu 
parchalarni birlashtirib o‘qishga hech vaqti yo‘q. O’qigan taqdirda ham "bir lotinamerikan 
xalqining ozodlik kurashi haqida yozgandir-da", deb qo‘yishi muhtamal edi. Chunki faqat 
taraqqiyotdan ortda qolgan lotinamerikan xalqlarigina o‘z ozodligi uchun kurashishi, 
diktatorlarni ag‘darish uchun inqilobiy qo‘mitalar tuzib, "tonggacha uxlamay yurishi" mumkin 
edi.
Ozodlikni xayol qilarkan, uning qo‘lga kiritilishini klassik andozada ko‘z oldimga keltirardim. 
Ovrupo andozasida. Xalq ichida tashviqot, qurolli guruhlar tuzish, partizan harakati va bu 
harakatning umumxalq harakatiga aylanishi. 
Bugun mening uyqum buzildi bevaqt,
Devorda lopillar soyalar - ulkan.
Ko‘zim qamashtirib yubordi nogoh
Olis mintaqada yongan bir gulxan. 
Charsillab yonadi olov damodam,
Zulmatda chirildoq chirillar nolon,
Gulxan tegrasida yettita odam -
Soqollari o‘sgan yetti qo‘zg‘olon. 
Ular suhbat qurar jimgina... ammo
Ularning dunyoga tushgandir ishi!
Gulxanni quchoqlab olgandir go‘yo
Chordona qurgan shu yetti kishi. 
26

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Olov uzra parvoz etar bemalol,
Qanotin kuydirmay uchadi shu tob:
Mening qo‘rquvimga o‘xshagan savol,
Sening umidingga o‘xshagan javob... 
Mana, tun ham darrov yarmidan og‘di,
Suhbat davom etar, gulxan yosharar.
O’ynar yettovining yuzida yog‘du -
O’t bilan o‘ynaydi yetti bashara... 
1983 ("Olis tabassum soyasi" kitobidan, 1986)
Ammo bu juda uzoq jarayon, hatto bizning avlodning umri buni boshlashga ham yetmaydi 
deb o‘ylardim.
Belovejskaya Pusha hech bir sovet kishisining, shu jumladan, mening ham tushimga 
kirmagandi. Ozodlik shu qadar daf’atan, shu qadar yildirim kabi keldi-ki, men bugun ham, 
Belovejskaya Pusha voqeasidan keyin 8 yil o‘tgan bo‘lsa-da, voqeaning miqyosini qamray 
olmayapman.
Men bundan sarosimaga tushmaganlardan hayrat-lanaman. Go‘yo hech narsa bo‘lmaganday 
ishga ketayotgan, ishdan kelayotgan xuddi o‘sha sovet davridagi kabi tanballik botqog‘iga 
botgan, ammo sovet davrida so‘kolmagan rahbarlarini bugun baralla so‘kayotgan sobiq 
metropoliya xalqidan hayratlanaman.
Men Belovejskaya Pushada qabul qilingan Sovet Ittifoqini bekor qilish haqidagi hujjatdan 
keyin oxirzamon bo‘ldimi, degan kinoyalarga qo‘shilmayman. Sovet Ittifoqi yaxshi edi, 
deganlarni nosamimiy yoki nonko‘r, deb o‘ylayman. Sovet Ittifoqini qaytadan tiklash kerak, 
deganlarni johil, tiklash mumkin deganlarni, esa, yolg‘onchi deyman.
Ha, 1991 yil dekabr oyida Belovejskaya Pushada qabul qilingan tarixiy hujjatdan so‘ng Sovet 
Imperiyasining "oxir-zamoni" keldi. Bu shunday bir ulkan voqea-ki, uning ahamiyatini rus 
mustamlakachiligi keltirgan qo‘rquv va qullikdan nafratlangan insonlar va bu qo‘rquv va 
qullikning yaratuvchilari rus shovinistlari juda yaxshi bilishadi.
Darvoqe, ming to‘qqiz yuz sakson to‘rtda, Do‘rmonda mening tushimga urush kirgandi, 
Belovejskaya Pusha emas. Ko‘rilgan tush qattiq ta’sir qilgan ekan, balkonga chiqib ham 
o‘zimga kelolmadim. Begonalik hissi yanada kuchaygandi. Men o‘z tushimdan xuddi begona 
bir mamlakatdan chiqib kelganday chiqib kelgandim. Bu boshqa mamlakaat mening asl 
vatanim edi go‘yo. Do‘rmonda har narsa begona edi: armani Sergeydan tortib, Vera 
Sergeevnagacha, akatsiya tagida turgan P. Qodirning "Volga"sidan tortib, oshxona yonida 
oshpazlardan suyak kutib yotgan ko‘ppakkacha.
Men uyg‘onishni istamagandim, ammo uyg‘ongandim. Men bu tushni tomosha qilarkan, men 
tinchliksevar bir xalqning "nima bo‘lsa bo‘lsin, tinchlik bo‘lsa bas, xo‘rlansak ham, zo‘rlansak 
ham, qul bo‘lsak ham, tul bo‘lsak ham, tinchlik bo‘lsa, bizga yetadi", deya tinmay 
g‘udurlanayotgan bir xalqning ruhiy tazyiqidan bir on bo‘lsa-da, qutulgandim.
Hozirgina ko‘rilgan tushni yo‘rimlash xayolimga ham kelmas edi. Bu tush mening o‘nggimda 
ko‘rishni istagan bir Buyuk O’zgarishning hujjatli filmi kabi edi. Buyuk O’zgarish boshlanishiga 
bir yildan ko‘proq vaqt bor edi, ammo uning hujjatli filmini barakatopgur malaklar allaqachon 
suratga tushirib ulgurgan edilar. O’zgarish mavzuiga hassosiyat bilan qaraydigan ba’zi 
insonlarga bu filmni namoyish qilib, u shahardan bu shaharga uchib yurardi kinochi malaklar. 
Yo‘l-yo‘lakay Do‘rmon degan qishloqqa ham uchrab o‘tishgandi. Ularning ko‘rsatgan filmi 
27

Muhammad Solih - Yo'lnoma
ta’sirida menda zuhur etilgan hayajon va junbush malaklarni cho‘chitib yubordi shekilli, ular 
keyin bir necha yil davomida menga hech narsa ko‘rsatishmadi. Faqat 1993 yil... Darvoqe, 
to‘qson uchinchi yilga hanuz yetib kelmadik.
  
Download 0.87 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling