Muhammad Solih yo’lnoma
"BIRLIK" TASHKILOTINING TA’SISI
Download 0.87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- BIRINCHI MITING
- AKADEMIKKA MAKTUB
- XALQ HARAKATIDAGI ILK TAJRIBALAR
"BIRLIK" TASHKILOTINING TA’SISI Nihoyat, noyabr oyining o‘n birinchi kuni biz, bir guruh yozuvchi va olim, rejalaganimiz tashkilotni ta’sis etish uchun qo‘shiqchi shoir Dadaxon Hasanning uyida to‘plandik. Yanglishmasam, 15-17 tacha kishi bor edi. Qisqa muhokamadan keyin "Birlik" nomi ostida O’zbekistonning ma’naviy va moddiy qadriyatlarini asrash harakati ta’sis etildi, deb qaror qildik. Menga harakatni boshqarish taklif etildi, men rad qildim. Harakat hay’atida bo‘lish men uchun yetarli, Yozuvchilar Uyushmasi kotibligi yuki ham bor, lekin harakatni birga yuritaveramiz, dedim. Akademik Toshmuhammedov ham rahbarlikni istamadi. Shunda fan doktori Abdurahim Po‘latov boshqarsin qurultoygacha, dedi kimdir. Ko‘pchilik "bu odamni yaxshi tanimaymiz", degan bahonada qarshi chiqdi. Men Po‘latov nomzodini qo‘lladim va qarshi chiqqan do‘stlardan unga ovoz berishni iltimos qildim. Iltimos qildim-u, uni o‘zim ham uncha yaxshi tanimasdim. Uni ilmiy institutlarda olimlar bilan o‘tkazgan suhbatlarimda bir-ikki marta ko‘rib, esimda qolgandi. Esimda qolgandi, chunki ko‘p 56 Muhammad Solih - Yo'lnoma savol berardi. keyin uni, yanglishmasam, D. Hasanning uyiga shoir Rauf Parfi va Begjon Toshmuhammedov olib kelishgandi. Men bu odamlarga ishonardim. Bundan tashqari, biz, yozuvchilar, tashkilotni tuzib, oyoqqa qo‘yib, uni bizga ko‘ra pragmatik, zakiy olimlarga topshirish kerak, degan qat’iy fikrda edim. Qolaversa, Po‘latov, kibirnetika olimi, o‘zi haqida juda chaqqon va ishchan bir kishi taasurotini qoldirardi. Shunday bir odam biz iltimos qilgan narsani darrov qabul qilganiga xursand ham edim. Har holda, harakatning qurultoyga qadar tashkiliy ishlarini yuritishiga hech shubham yo‘q edi. Ba’zi radikal oshnalar avval harakatga umuman kommunist olmaslik kerak, degan fikrni olg‘a surishgandi. Yozuvchilarning ko‘pchiligi bu fikrni qo‘lladi. Ammo Ta’sis majlisida do‘stlardan biri "bu Po‘latov ilmiy institutning partkomi bo‘lgan, qanday ishlaydi biz bilan", deb shipshiganda unga: "kommunistlarni harakatga olmaydigan bo‘lsak, harakatni tuzaylik deb yurgan Zohir A’lamni ham, Dadaxon Hasanni ham olmaslik kerak edi. Bizga keyinroq qo‘shilgan Begjon Toshmuhammad ham kommunist-ku", dedim. Xullas, Po‘latov Qurultoygacha yangi tashkilotning ta’sis qo‘mitasiga boshliq bo‘lib saylandi. Bu voqeadan keyin Yozuvchilar Uyushmasi yanada gavjumlashdi. Yozuvchi Mamadali Mahmud va men Kotibligimizni suiste’mol qilib, yangi harakatimiz uchun Uyushmaning birinchi qavatidan bir xona ajratib olishga muvaffaq bo‘ldik. Bir-ikki stol, to‘rt-beshta shalog‘i chiqqan kursi, bir eski mashinka - tashkilotning bor-yo‘q mulki edi, ammo xona doim g‘ij-g‘ij odamga to‘la bo‘lardi. Ayni paytda, davlatning eng maxfiy organi KGB xodimlari ham Uyushmaga ochiq kelib-keta boshlashdi. Ular voqealar rivojini diqqat-la kuzatishardi. Ular "Birlik" hali o‘sha kichkina xonadan chiqmagan bir paytda, hali ko‘pmingli mitinglar boshlanmasdan turib, o‘z ayg‘oqchilarini harakat ichiga tiqib ulgurgandilar. Ehtimol, o‘sha kichik xonadagi "g‘ij-g‘ij" olomonning uchdan biri o‘sha ayg‘oqchilardan iborat edi. Bu keyin ma’lum bo‘ldi. Lekin tashkilotlanish jarayoni bu andisha bilan to‘xtashi mumkin emas edi. Xalq tashkilotlanishni istardi, bu istak qarshisiga o‘sha paytda hech kim, hatto KGB ham chiqolmasdi. KGB bu harakatni ichidan yemirishi mumkin edi, uni zaiflashtirishi mumkin edi. Buning usullarini KGB bilardi... BIRINCHI MITING "Birlik" ta’sisi qilinganiga bir oy to‘rt kun to‘lgan edi, sakson sakkizinchi yilning 15-dekabri edi. Odatdagidek, ertalab soat 9da uydan chiqdim. Negadir meni olish uchun Uyushmadan mashina kelmagandi. Yayov yurib, metroga ketdim. Orqamdan kimdir kelib to‘xtatdi. Bizning yashaydigan uydagi qo‘shnimiz adabiyotshunos Rahim Otaev edi. Qo‘lida gazeta, menga uzatayapti: "Aytdim-ku, o‘yinning oxiri shunaqa bo‘ladi, deb, mana o‘qing", - deya menga berdi qo‘lidagini. Ochib qaradim, yarim sahifadan ko‘proq joyni olgan maqola (bunaqasini feleton deyishardi), nomi ham uzun: "Dvaynoy standart chestnogo Muxammada". Ya’ni, "Muxammad" men edim. Raxim Otaevga "rahmat" aytdim-da, yo‘limda davom etdim. Ammo qiziqqonlik, bir oz hayajon ustun keldi, yo‘l-yo‘lakay gazetani yana ochdim va yurishdan to‘xtamay, u yer bu yeriga ko‘z yugurtirdim. Maqola avtorlari Yuriy Krujilin va (ismi esda yo‘q) Xisomov edi. Gazeta "Pravda Vostoka" bo‘lib, u so‘nggi ikki yil davomida men qilgan chiqishlarga turli maslak va mansabdagi odamlar tilidan maqolalar uyushtirib o‘zicha mening "millatchi"ligimga "zarba berib" kelayotgandi. Ammo bu so‘nggi zarbasi ancha jiddiy edi. Gazeta birinchi marta meni 57 Muhammad Solih - Yo'lnoma ochiqchasiga nafaqat millatchilik balki irqchilikda ayblayotgandi. Muxbirlar o‘z aybnomasiga asos qilib mening "N’yu-york tayms" gazetasiga bergan interv’yumni olishgandi. "Solih" arabchada halol, to‘g‘riso‘z degani, ammo Muhammad Solih bu yerdagilarga bir xil, chet elliklarga boshqa xil gapiradi, uning tilda internatsionalizmi aslida yolg‘on, u sovet milliy siyosatini Gimmlerning istilo qilingan mamlakatlarda yuritgan siyosatiga tenglashtiradi. Aslida, M. Solihning o‘zi irqchi, O’zbekistonda ruslar, tojiklar, turkmanlar yashaydi, faqat o‘zbeklar emas", deya u shoxdan bu shoxga sakrashgandi muxbirlar. Darxondan o‘tib, metroga tushdim. Yozuvchilar Uyushmasiga keldim. Vaqt erta bo‘lishiga qaramasdan Uyushma oldi gavjum edi. To‘planganlar yozuvchilar emas, yoshlar edi. Universitet va politexnika instituti talabalari. Ular "Birlik" tuzilgandan beri Uyushmaga kelib-ketib turishardi. Lekin bugun juda erta kelishgandi. Buni o‘ylab tugatmasdanoq, bir-nechata qiz va yigit menga yaqinlashib salomlashdilar va bir quchoq guldasta uzatishdi. Men bir oz hayron bo‘ldim, ammo ularning qo‘lidagi "Pravda Vastoka" nusxalarini ko‘rib, hamma narsani angladim. Yoshlar mening kayfiyatimni ko‘tarish uchun zudlik bilan yetib kelishgandi. Ular gazetalarni silkitishib, "bu bilan hech narsaga erisholmaydi, siz hech xavotir olmang", deyishdi. Men ularning aytganini qilib, hech xavotir olmadim. Men bu maqolaga xalqning munosabati ijobiy bo‘lishiga hech shubham yo‘q edi. Faqat bunga hukumat qanday reaktsiya ko‘rsatadi, buni taxmin qilolmasdim. Odatda, Markazqo‘mning organi bo‘lmish gazetada bunday "dushman"larni fosh qiluvchi, siyosiy ruhdagi maqola faqat markazqo‘m ko‘rsatmasi bilan chiqardi. Markazqo‘m bu ko‘rsatmani berarkan, bir rejasi bo‘lganligiga hech shubham yo‘qdi. Ilgarilari bunday maqolaga mavzu bo‘lgan odam eng kamida ishdan olinardi va qamalardi, chunki, sovet tuzumining siyosatini fashizm bilan tenglashtirish, "o‘zbek xalqini paxta zanjirband qilib qo‘ydi", deyish sovet davlatiga tuhmat sanalardi. Lekin uch yildir-ki, qayta qurish boshlangandi va bu davr ichida bunday maqolalar hech qaerda e’lon qilinmagandi. Va tabiiy-ki, bunday maqolalardan keyingi "prosedura"ni hech kim bilmasdi, chunki, "tajriba" yo‘qdi. Menimcha, hukumat bu maqola bilan ikki masalani hal etishni o‘ylagandi. Birinchisi, meni Yozuvchilar kotibligidan quvish, u yerdagi siyosiy ob-havoni yo‘q qilish, yozuvchilarni o‘zining professional kasbiga da’vat qilish, "mana, ko‘ring shunday qilmasanglar, boshingizga Solihning kuni tushadi", qabilida qo‘rqitish. Ikkinchisi, bu menimcha, eng muhimi, yaqindagina tuzilgan "Birlik" harakatiga zarba berish. Harakatning ideologi o‘laroq tabiiy-ki yozuvchilar tanilgandi. Va ulardan birini yo‘q qilmoq hali suyagi qotmagan tashkilotni ham beshikdayoq bo‘g‘ib tashlash degan gap edi. Lekin buni reja qilganlar bir narsani hisobga olishmagandi. O’sha davrning o‘zgarganini hisobga olishmagandi. "Pravda Vostoka"da chiqqan maqola o‘n yil avval bosilsaydi, meni hech kim Uyushma oldida guldasta bilan qarshilamagan bo‘lardi... Maqola kutilmagan aks-sado berdi. Butun jumhuriyatdan xatlar yog‘ilib kela boshladi. Hammasi hech bir istisnosiz menga dalda berish uchun, mening tutgan yo‘lim to‘g‘ri ekanligini bildirish uchun yozilgan edi. Maktub yozganlarning yoshi, maslagi har xil edi. Hatto Qashqadaryodan bir dehqon butun bir qishloq nomidan meni qutlash uchun Toshkentga keldi. Xaltasida tandir kabob va shunga o‘xshagan Qashqadaryo qishloqlarining tansiq yemaklari. Men bundan juda hayajonlangan edim. Shuncha yil she’r yozib, bu qadar izzat ko‘rmagandim. "Pravda Vostoka" maqolasi bilan bitta yerli muslimonni yo‘q qilmoqchi edi, ammo Ollohu taolo teskarisini istadi: bu maqola minglab muslimonlarning ko‘zini ochishga vosita bo‘ldi. Hukumat bunday aks-sadoni kutmagan edi. Agar maqolani bosishdan avval bir maqsadi bo‘lgan bo‘lsa-da, buni amalga oshirish borasida taraddudlanib qolgandi. 58 Muhammad Solih - Yo'lnoma Maqola chiqqandan besh kun so‘ng, 20-dekabr, soat 11 atrofida kabinetimga sekretar qiz kirdi va "O’zbekiston" mehmonxonasi oldida odamlar miting qilayapti, dedi. Men darrov Mamadali Mahmudning (u hali Uyushma kotibi edi) ikki kun avval aytgan gapini esladim: Yoshlar sizni himoya qilib miting qilmoqchi. Himoya bo‘lmasa, sizni qamashlari mumkin, men ularga bilganingizni qiling, deb aytdim, degandi. Haqiqatan ham, mehmonxona oldida ko‘p emas, 450tacha kishi, hammasi talabalar edi. "Vertushka" jiringladi. Oldim. Minstrlar Soveti Raisi G’ayrat Qodirov ekan. "Bu odamlar sizning odamlar emish, iltimos, borib tinchlantiring, tarqalishsin, talablari bo‘lsa, yozma holda bizga topshirishsin, ko‘rib chiqamiz", dedi. Men bu odamlarning "meniki" emasligini aytdim va ularning talablari nima ekanligini ham bilmayman, deb javob berdim. "Uka, men sizdan iltimos qilayapman, bizga yordam qiling, Rafiq Nishonevich hozir Moskvada, bu yerda vaziyatni keskinlashtirishmaylik", dedi. G’ayrat Qodirovich so‘zlariga ruscha qo‘shib gapirgani g‘ashimga tegib turgan bo‘lsa ham, uning iltimosini rad qilolmadim. Qodirov o‘zi odam sifatida yomon emas edi, ko‘ngli ochiq, sodda edi. Qodirov bilan gaplashib, tashqariga chiqqanimda militsiya mitingchilarni "O’zbekiston" mehmonxonasi oldidan haydab, Inqilob xiyoboniga olib kirishga muvoffaq bo‘lgandi. (Xiyobonda ularni kamroq odam ko‘rardi va shov-shuv ham kamroq bo‘lardi). Butun xiyobon atrofi militsionerlar "zanjiri" bilan chirmalgandi. Hech kimni xiyobon ichkarisiga qo‘yishmayotgandi. Meni tanishdi shekilli, darrov yo‘l berishda va hatto militsionerlardan bittasi ovozini pasaytirib, "aka, shunday davom ettiringlar, biz ham Siz tarafda", dedi. Bu mening ko‘nglimni tog‘day ko‘tardi, shu ko‘tarinkilik bilan mitingchilarning huzuriga chiqdim. Xiyobon o‘rtasida mineral suv va muzqaymoq sotiladigan kichik ko‘shk bor edi, uning maydonchasi sahnaga aylangan, sahnada Markazqo‘mdan bo‘lim boshlig‘i, shahar ijroqo‘m raisi, IIB boshlig‘i va o‘n-beshta KGB xodimlari turishardi. Menga mikrofonni tutqazishdi. Mikrafonni olib, olomonga boqdim. Katta-kichik karton qog‘ozlarga mening ismimni yozib, "seni qo‘llaymiz, biz sen bilan, yo‘qolsin zulm, Safaryan O’zbekistondan daf bo‘l!" (Safarov - "Pravda Vostoka" redaktori), kabi sodda shiorlar bitilgandi. Men yoshlarga rahmat aytdim. Hukumat boshlig‘iga taklif-talablaringizni yozma holda beringlar-da, tarqalinglar, dedim. Yoshlar "biz maqolani yozgan muxbirlar kelib, shu yerda o‘zbek xalqidan uzr so‘rashi kerak, chunki, ular faqat sizni emas, o‘zbek xalqini ham kamsitgan", deyishdi. Kimdir "buni muhokama qilaylik, mayli, muxbirlarni olib kelamiz, faqat shu yerda emas, Yozuvchilar Uyushmasida muhokama qilaylik", dedi. Hokimiyat bu isyonchi talabalarni xalq ko‘zidan tezroq yiroqlashtirishni, tezroq yashirishni istardi. Yoshlar taklifga rozi bo‘lishdi. Olomon uyushmaga qarab yurdi. U bizning zalimizga sig‘madi, ikkinchi, uchinchi qavat, foe va dahlizlar ham odamga to‘ldi. Muxbirlar Krujilin-Xisomovni darrov topib kelishdi. Uzr so‘rashdimi-yo‘qmi, bilmayman, har holda yoshlar ularni qattiq terlatishgani rost. 59 Muhammad Solih - Yo'lnoma Men muhokamaning so‘ngida kirdim va hukumat mitingchilarga "M. Solihning "Pravda Vostoka"ga javobini o‘n kun ichida bosamiz", deb va’da berganini bildim. Bu men uchun juda katta imkoniyat edi. Bunday bir maqolaga "ayblanuvchi"ning javobi yana o‘sha gazetaning o‘zida bosilishi sovet jamiyati uchun favqulodda bir hodisa bo‘lgan bo‘lardi. Bu javob chiqsa, birinchidan, bu yoshlarning g‘alabasi sanalar va ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ikki qat ortardi. Ikkinchidan, bu javob Harakatimizga qo‘shilishga taraddudlanib turgan odamlarga so‘nggi turtki bo‘lar va ular safimizga qo‘shilardi. Uchinchisi, bizning harakatimiz bir psixologik to‘siqdan o‘tib, hukumat ham bizdan bir qadam orqaga (birinchi marta!) chekingan bo‘lardi. Men "Pravda Vostoka"ga javobni o‘sha kuniyoq boshlab, ertasiga bitirdim va gazeta redaktsiyasiga jo‘natdim. 1989 yil AKADEMIKKA MAKTUB Sakson to‘qqizinchi yil yanvar oyining yettisida "Sovet O’zbekistoni", "Pravda Vostoka" va "Tashkentskaya pravda" gazetalarida mening Krujiilin-Xisomovlarga javob maqolam bosilib chiqdi. Buning bosilishi mening g‘alabamdan ko‘ra, ko‘proq talaba yoshlarning g‘alabasi edi. Bu hodisa ularning "Birlik" xalq harakati atrofida jipslashuvini, ularning targ‘ibot ishlarida erkinroq harakat qilishini ta’minladi. Mening shaxsim uchun esa, bu voqea bir muhim bosqichning tugallanishi edi. 1985 yil yanvar oyida "Sovet O’zbekistoni" gazetasida e’lon qilingan "G’oyaviylik bosh mezon" maqolasidan keyin o‘tgan to‘rt yil ichida mamlakatda shunday o‘zgarishlar yuz berdi-ki, o‘sha kommunistlarning Bosh gazetasi endi men kabi kommunist bo‘lmagan va o‘zining milliy qarashdagi fikrlarini hech qachon eplab yashiraolmagan bittasining maqolasini bosishga majbur bo‘layotgandi. Qayta qurish va oshkoralik siyosati sakson to‘qqizning boshida shunday bir nuqtaga keldi-ki, ortiq uni orqaga qaytarish yoxud to‘xtatish u yoqda tursin, uning tobora avj olayotgan tezligini susaytirish ham mumkin emas edi. Ba’zi mutafakkirlar agar 1989da bir ihtilol (davlat to‘ntarishi) yuz bersa edi, Sovet Imperiyasini qutqarib qolish mumkin edi, deyishadi. Ammo ular, bu ihtilolning o‘sha sakson to‘qqizda nega bo‘lmaganini o‘ylashmaydi. Bu ihtilol bo‘la olmagan edi, shu bois imperiyani qutqarish ham imkonsiz edi. Ihtilol sakson to‘qqizda tez yurib ketayotgan aravani birdan to‘xtatganda yuz beradigan qazo (avariya) kabi xavfli edi, shuning uchun u aravaning tezligi susayib, odamlar qayta qurishdan ham soviy boshlagan bir paytda, ya’ni 1991 yilning avgustida yuz berdi. Bu ihtilolning muvafaqiyatsizligi - boshqa bir mavzu. Sakson to‘qqizga kelib, G’arb davlatlari va dunyo jamoatchiligi ham Sovet Ittifoqida, haqiqatan jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotgani va bu jarayonning yanada jiddiylashuvi mumkinligiga inona boshladilar. Bu davrgacha dunyo Sovet Ittifoqidagi voqealarni bir navi skeptitsizm pardasi aro kuzatardi, chunki, Xrushchev zamonidagi bir "yumshash"dan keyin qaytadan jonlangan neostalinizm SSSRda osonlikcha (tinch yo‘l bilan) biror ijobiy o‘zgarishning yuz berishiga shubha uyg‘otgandi. 60 Muhammad Solih - Yo'lnoma 1989 yilda SSSR va G’arb orasidagi aloqalar ancha samimiylashdi. Totalitar davlat o‘z qiyofasini o‘zgartirish uchun o‘z fuqarolarining chet el sayohatlarini ancha yengillashtirdi, chet el sayyohlari ham ilgarigidan osonroq kelib-keta boshladilar. Yozuvchilar Uyushmasi rasmiy tan olinmagan "Birlik" harakatini bir mashru tashkilot saviyasida tutish uchun tirgak edi. Mening ayri kabinetim va sekretarim bor edi, "Birlik" harakati bilan tanishishga kelgan yerli va ajnabiy kim bo‘lsa, hammasi shu kabinetga bir uchrab ketardi. Bu bir qaraganda jo‘n ko‘rinsa ham, rasmiy maqomlarga hurmat tuyg‘usi bilan oshlangan odamlar uchun psixologik nuqta-nazardan juda muhim narsa edi. Biz chet el muxbirlariga ko‘chada emas, o‘z idoramizda interv’yu berardik, ular harakat va uning faoliyati haqida zarur bilgilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaz faollaridan olardi. Yanvar oyida juda ko‘p chet ellik gazetachi va tadqiqotchilar bilan ko‘rishdim. Ularning aksariyati rus matbuotida yoritilgan materiallarga tayanib, O’zbekiston haqida xulosa chiqargan kishilar edi. Ko‘pchiligini korruptsiya va poraxo‘rlik qiziqtirardi, bizning gapira boshlaganimiz milliy masalalarni anglamasdi yoki anglamagan bo‘lib ko‘rinishni istardilar. Chunki, ular ham qanchalik mustaqil fikrlovchi shaxslar bo‘lmasin, o‘z davlatlari ideologiyasini u yoki bu qadar tashimoqda edilar. Ular bizning (hozircha!) mustaqillik haqida sal sekinroq orzu qilishimiz tarafdori edilar, ular qarshi lager odamlari o‘laroq, endigina ular istagan yo‘lga yura boshlagan bu bahaybat mashinaning birdan orqaga qaytib ketishidan juda-juda qo‘rqardilar. Bundan biz ham qo‘rqardik, ammo bu yaxshi kiyingan, g‘am-tashvishsiz (bizga shunday ko‘rinishardi) yoqimtoy g‘arbliklardan farqimiz shu edi-ki, biz ohista orzu qilolmasdik, biz bugun so‘zlash uchun berilgan imkonni zudlik bilan qo‘llanishga majbur edik. Hatto, "chiqargan varaqalarni saqlab qo‘yinglar, qayta qurish tugab, zulm qaytadan boshlanganda, bu varaqalarni ko‘zga surib o‘qib yuramiz hali", derdik. Ya’ni, "qayta qurish" "vaqtinchalik kampaniya" degan botiniy fikr nekbinlar nekbini bo‘lgan bizni ham doim ta’qib qilardi. Shu bois, "yotib qolguncha otib qol", taktikasi bilan ish tutib, istisnosiz butun jabhalarda - iqtisoddan tortib maorifgacha, paxta monokulturasidan tortib meditsinagacha, - muammoli masalalarni o‘rtaga qo‘yar, ularni yecholmasligimizni bilsak ham, loaqal bu haqda jamoat fikrini uyg‘otishga shoshar edik. Davlat tili masalasi sakson to‘qqizinchi yil boshlarining dolzarb masalalaridan biri edi. O’sha yil yanvar oyida yozilgan bir maktub, mana: Akademik Erkin Yusupovga Qadrli Erkin aka, avvallari Siz haqda ne gap bo‘lsa, bari yaxshilik ramzi sifatida aytilardi. Afsuski, bugungi mish-mishlar, xususan, "Sovet O’zbekistoni"dagi "ikkitillilik" masalasiga oid maqolangiz va televideniedagi so‘nggi chiqishingiz atrofidagi gaplar Sizning ham, o‘zbek ziyolilarining ham obro‘siga yaxshi bo‘lmayapti. Siz til bo‘yicha komissiya raisidirsiz. Ehtimol, bu komissiya xulosasi jumhuriyat fikri bo‘lib qaror shakliga kirar. Mas’uliyat katta. Tilimiz davlat tili bo‘lishi shart. Bu "bir hovuch ziyolilar" istagi emas, balki, butun xalqning orzu-armoni. Buni o‘zingiz yaxshi bilasiz. Bas, shunday ekan, biz xalq tarafiga turmasak, kim turadi? Sizdan iltimos va iltijomiz shu-ki, tilimiz bilan dilimizni bir qilaylik. Bugun biz tarixiy voqea bo‘sag‘asida turgan bo‘lishimiz mumkin. Mansab, obro‘, rahbarlik o‘tib ketadi. Ammo xalqimiz, tilimiz, vatanimiz qoladi. Bizni farzandlarimiz qarg‘ab yurmasin. Bugungi hisobga ko‘ra, O’zbekistonda 72 foyiz o‘zbeklar, 13 foyiz rus tilida gapiruvchilar, 4 foyiz tojiklar (qolganlari turkiy xalq vakillari) yashaydilar. 61 Muhammad Solih - Yo'lnoma Biz o‘zbek tilini bilmaydigan 13 foyiz uchun o‘z tilimizni qurbon qilolmaymiz. Agar bu foyiz 25 yoki 40 bo‘lsa, ham biz o‘z tilimizning o‘z yerimizda davlat tili bo‘lishini istagan bo‘lardik. Chunki, aks holda, o‘sha Siz doim ta’kidlayotgan baynalminalchilik tushunchasining bir chaqalik qadri bo‘lmasdi. Bordi-yu, Siz boshqarayotgan komissiya o‘z vazifasini ado etolmasa yoki ado etishni xohlamasa, jamoat o‘z tilini himoya qilishga tayyor. Ishoning, u o‘z haq-huquqini qat’iy talab etajak, bizning Yozuvchilar Soyuziga kelayotgan xatlar shundan darak berib turibdi. Sizga sog‘lik tilab, Sizdan umid qilib, ukangiz Muhammad Solih P.S. Tazyiq hammaga o‘tkazilayapti. Ammo bu o‘zimizni oqlash uchun huquq bermaydi. Men Sizga o‘zimni yaqin o‘ylab, shu gaplarni yozishga haddim sig‘di. Yo‘qsa, Sizning qimmatli vaqtingizni olib o‘tirmasdim, afu eting. 12 yanvar 1989 yil, Toshkent. Erkin Yusupov o‘sha qayta qurish davri ziyolilarining aksariyatini tamsil qilgan, ilmiy ibora bilan aytganda, "tipik vakil" edi. Bu tip insonlar nisbatan aqlli, nisbatan vijdonli, nisbatan vatanparvar, qisqasi, nisbatan yaxshi odamlar edi. Ular ob-havo yaxshi bo‘lib, zamon qatog‘on zamoni bo‘lmasa, yurt dardiga quloq solib, unga qayishar va o‘zlari egallagan mansab darajasida bir ishlar qilishga urinardilar. Ammo ob-havo buzilib, xalq tarafda turish tahlikali bo‘p qolsa, darrov unga qarshi tarafdagi biror shinam joyga o‘tib olardilar. Men bu xil odamlarni darrov tanirdim, chunki, umrimning yarmi shular bilan o‘tgandi. "Birlik" harakati boshqaruvining yuzda sakson foyizi shu tip insonlardan iborat edi. Ularning istisnosiz hammasi kommunist edilar, ammo ular o‘z jabhalarida ozmi-ko‘pmi mutaxassis edilar. Biz "kommunist" deya, o‘rniga kommunist bo‘lmagan, ammo malakasiz insonlarni harakatga taklif qilolmasdik. "Birlik"ning tarkib topishida bu tutum tufayli mendan xafa bo‘lganlar ko‘p bo‘ldi. Xafa bo‘lganlarning kommunistlarning bari-bir kun boshqa tarafga o‘tib ketishi haqidagi fikrlari to‘g‘ri edi. Ammo ular o‘sha "bir kun kelguncha" harakatda ishlaydigan odamlar kerakligini tan olgilari kelmasdi. Akademik Erkin Yusupov 1986-88 yillarda hukumatga "o‘gay" bo‘pqolgandi shu bois yozuvchilar bilan - norasmiy muxolifat bilan yaqinlashgan edi. Ammo yangi hukumat kelib, uning "yulduzi" yangidan porlay boshlagan zahot, milliy masalalar qolib, baynalminalchilikning ahamiyati haqida kuylay boshlagandi. Yuqoridagi maktub shunga qarshi yozilgandi. XALQ HARAKATIDAGI ILK TAJRIBALAR Garchand 80-yillar o‘rtalarida paydo bo‘lgan ijtimoiy aktivlik sakson sakkizinchi yilda aniq siyosiy tus olgan bo‘lsa ham, "Birlik" harakati siyosiy emas, ijtimoiy libos bilan sahnaga chiqdi. U o‘lkaning "moddiy-ma’naviy boyliklarini muhofaza qiluvchi tashkilot" sifatida tanitildi. "Birlik" so‘zi siyosiy ma’no tashirdi, uning izohi esa, xuddi bu so‘z uchun so‘ralayotgan uzrga o‘xshardi. Bu izoh harakatga qo‘shilgan oqsoqollarning qo‘shimchasi bo‘lganligidan, uni olib tashlay olmadik. Nom berishdagi bu ikkilanish, aslida, harakat ideologiyasidagi ikkilanish edi. Harakat boshqaruvidan o‘rin olgan kommunistlarning deyarli to‘qson foyizi O’zbekistonning siyosiy kelajagi, aniqrog‘i, uning siyosiy mustaqilligi haqida orzu qilmagandilar. Aksincha, ular bunday mustaqillikka erishish, mumkin emas va unga intilish xayolparastlik, deb bilishardi. Qolaversa, endi Sovet ittifoqida qayta qurish boshlangan ekan, bunday mustaqillik bizga 62 Muhammad Solih - Yo'lnoma foydadan ko‘ra zarar olib kelishi mumkin, bizga Moskva qarab turmasa bizning rahbarlar darrov demokratiyadan voz kechib, o‘zlarining kichik diktatorliklarini o‘rnatishi mumkin, degan fikrda edilar. Bu qarash o‘sha qayta qurish davrida juda moda bo‘lgan edi, chunki, bizning rahbarlar haqiqatan ham mustaqil bo‘lgandan keyin shunday diktatorliklarini qurishi muqarrar edi. Lekin bu bo‘lajak mahalliy diktatura oldidagi qo‘rquv bizning siyosiy harakatimiz strategiyasini o‘zgartirishi mumkin emasdi. Rus mustamlakasidan qutulish yangi tuzilgan tashkilotning markaziy g‘oyasi bo‘lmog‘i shart edi. Bu g‘oya ochiq ifoda qilinmagan taqdirda programma tezislariga zimdan singdirib yuborilishi lozim edi. Har holda, shaxsan mening va yana bir nechta yozuvchi og‘aynilarning niyati shunday edi. Lekin bu niyat amalga oshmadi. Harakat programmasi siyosiy konyuktura izn bergan doiradan tashqariga chiqolmadi. Bunga faqat kommunistlarni aybdor qilib ko‘rsatish haqsizlik bo‘lardi. Bunda biz, harakatni qurgan ijodkorlarning ham aybi bor edi. Biz kerak bo‘lgan jasoratni ko‘rsatolmadik va harakat g‘oyaviy jihatdan mayib tug‘ildi. Bu mayiblik ayniqsa Harakatning ijtimoiy bazasi kengayib, minglarcha odam maydonlarni to‘ldirganda bilindi. Biz bu keng xalq ommasiga loyiq bir buyuk hadaf, bir buyuk maqsad ko‘rsatolmagan edik. Men bu mulohazalarni o‘n yil kechikib aytayapman. Chunki, o‘sha sakson sakkizda buni aytishga tayyor emasdim. Men ham do‘stlarim qatori umum ko‘tarinkilikning asiri edim, siyosiy harakatning tabiatini hali bilmasdim. Boshqa tarafdan qaraganda, Balki Harakatning birdaniga radikal g‘oya bilan chiqmagani to‘g‘ri bo‘lgandir. balki, sakson sakkizda mustaqillik g‘oyasi o‘rtaga tashlansa, bu hukumatni cho‘chitib yuborgan bo‘lar va Harakat tug‘ilmay turib, o‘limga mahkum qilingan bo‘lardi. Buning ahamiyati bormi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Ehtimol, bugun buning ahamiyati yo‘qdir, ammo o‘n yil avval ahamiyati bor edi. Xalq o‘rnidan turib ko‘chaga chiqqanda va olomon degan ming boshli mavjudot qarshimizga kelib, bizdan yo‘l ko‘rsatishni talab qilganda, bizning bir oz sarosimaga tushib qolganimizni xotirlayman. Biz, siyosiy harakatni tuzgan odamlar, bu xalqning qaysi tarafga yurishini ko‘rsatishimiz kerakdi. Uning quvvat sifatida taqdirini belgilash bizning, bir hovuch ziyolining zimmasiga tushgandi. Bu mas’uliyatdan sarosimaga tushmaslik uchun bir telba bo‘lish kerakdi. Ehtimol, "sarosima" deya, vaziyatni ortiqcha bo‘rttirgan bo‘lishim mumkin, ammo bir narsaga aminman-ki, o‘sha paytda ko‘cha oqimiga tanqidiy qaray olmasak edi, bizning harakatimiz hech qachon olg‘a siljimagan bo‘lar va siyosiy jihatdan marginalligicha qolib ketaverardi. Har holda, 1988-da tuzilgan tashkilot xarakteridagi eng bo‘rtib ko‘ringan narsa, shubhasiz, g‘oyaviy ikkilanish edi, deyish mumkin. Bu kontekstda "ERK" partiyasining tuzilishini "Birlik"dagi o‘sha ikkilanishni bartaraf etmoq uchun qilingan tashabbus o‘laroq ko‘rish mantiqlidir. Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling