Muhammad Solih yo’lnoma
Download 0.87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- POLITBYUROGA MAKTUB
AMAZON XOTIN Men hech qachon sayohatga chiqib "sayohat turkumlari" yozmaganman. Dolzarb voqealarga ham vaqtida "reaktsiya" ko‘rsatolmaganman. Bu mijoz masalasi. Men masalan, birovdan haqorat eshitsam, unga qarshi darhol javob berolmasdim. Bunga javob berishim uchun bir oz qizishim kerak edi, qarshimdagi dilozordan bir oz g‘azablanishim kerakdi. She’r to‘qilar ekan, u ham shu mijoz dastgohida to‘qilar edi. Mening bitta ham "dolzarb" she’rim yo‘q. Butun she’rlar voqealarning kechikkan aks- sadolaridir, sodda qilib aytganda ularning hammasi eshitilgan haqoratlarga kechikib berilgan javoblardir. Shuning uchun ham hurmatli munaqqidlar kaminaning yozganlari bilan "real voqelik" o‘rtasida bog‘liqlik topolmay, "bu she’rlar mavhum", deyishdan nariga o‘tolmasdilar. Aks-sado shu qadar kichikdi-ki, bu sadoni chiqargan ob’ekt uzoqlarga ketib qolgan bo‘lar va maydonda faqat aks-sadoning o‘zi qolardi. Va u ob’ektga aylanardi. Orginal ko‘ringan she’r o‘sha ob’ektdir. Lekin bugun o‘sha saksoninichi yillarda yozilgan she’riy mashqlarimni o‘qib, ularning naqadar dolzarb bo‘lganligini ko‘raman. Ular maqoladan ham, reportajdan ham dolzarbroq bir matn bo‘lganligini ko‘rib hayron qolaman. Ha, ularga 14 yildan keyin qaralsa, o‘sha avval bog‘lanmagan voqealarga g‘oyat mustahkam bog‘langanini ko‘rish mumkin. 1984 yilda yozilgan bitta misol: I. MUMKIN So‘zingni aytmayoq yeyishing mumkin, Hali ham bor bo‘lsa aytajak so‘zing. Mo‘min musulmonman", deyishing mumkin, Hali ham musulmon bo‘lmasang o‘zing. "Oq tuya ko‘rdingmi", deb so‘rasalar, "Ko‘rmadim" deyishing mumkindir ko‘rib. Agar vijdon qiynab, topsang hafsala Uyingda yig‘lashing mumkin o‘kirib. Tishni tishga bosib mumkin chidamoq, Agar qolgan bo‘lsa og‘zingda tishlar. Mumkindir - suyakka yetganda pichoq, Butun qolgan bo‘lsa suyaging agar. Chidamoq mumkindir toki o‘lguncha, Agar allaqachon o‘lmagan bo‘lsang. 28 Muhammad Solih - Yo'lnoma II. MUMKIN EMAS Siz betobsiz, betobsiz oshna - Mumkin emas ko‘chaga chiqish. Mumkin emas dunyoqarashni Buzadigan kitoblar o‘qish. Mumkin emas noma’lum tomon, Olis tomonlarni sog‘inmoq. Mumkin emas, sog‘liqqa yomon Sevmoq, cho‘kka tushib sig‘inmoq. Mumkin emas kiyinmoq qishda, Mumkin emas och bo‘lsang yemoq. Mumkin emas hatto ohista, Qo‘rqa-pisa "mumkinmi?", demoq. 1984 ("Olis tabassum soyasi", 1986) Bu she’rda bitta ham tashbeh yoki mubolag‘a yo‘q. Bu she’r o‘sha 1984 dagi siyosiy ob- havoning (xuddi kundalik kabi) sharhidir. 1984 yil O’zbekiston Kompartiyasining mafkura kotibi Ra’no Abdullaeva "yo‘lboshchilik" yulduzi porlay boshlagan payt edi. Abdullaeva, ehtimol, sovet davrida kelib-ketgan kommunist rahbarlar ichida eng g‘ayratlisi edi. U o‘zining ochiqcha g‘ayrimilliy siyosati bilan millatning uyg‘onishiga xizmat qildi. U Moskvadan kelgan topshiriqlarni plandan oshirib bajarardi. Din, milliyatchilik, panturkizm uning asosiy dushmanlari edi va ularga qarshi astoydil kurashdi. Esimda, rassom Isfandiyor o‘z yurti Baxmalda bo‘lgan voqeani aytib, yozg‘irgani: "Ahmoqlar, qishloqdagi masjidning qubbasidagi hilol va yulduzni "isloh" qilishibdi. Qanday qilib deng, yulduzni olib tashlab, hilolni qoldirishibdi, keyin hilolga dasta o‘rnatishibdi va qarabsiz-ki, hilol o‘roq bo‘libdi. Endi unga bolg‘a izlayotgan emishlar. Masjidning qubbasiga o‘roq-bolg‘a qo‘yishmoqchi, tasavvur qilasizmi?..." Shaxsan Abdullaevaning o‘zi Namanganga kelib, ayollarning boshidan ro‘mollarini yulib olish aktsiyasini tashkil qilgandi. Abdullaeva keyinroq moda bo‘lgan "islom fundamentalizmiga qarshi kurash"ning ilk pionerlaridan edi. Bugun bu "fundamentalizm"ga qarshi kurashni muvaffaqiyatli davom ettirayotgan Karimovlar Abdullaevaga biror bir haykalcha yoki hech bo‘lmasa, o‘ziga o‘rnatganday, barelef o‘rnatsa asakasi ketmasdi. Abdullaeva, shuningdek, milliyatchilik va pan-turkizmga qarshi ham "o‘t" ochgan edi. Bu kurash mashhur ispan ritsarining tegirmonlarga qarshi ochgan urushini eslatardi. Chunki O’zbekistonda na din, na milliyatchilik, va na-da panturkizm siyosiy yoki ijtimoiy ma’noda tahlikali edi. Shunisi diqqatga sazovor-ki, Abdullaeva buyrug‘i bilan yiqilgan masjidlar odamlarni din haqida o‘ylata boshladi. U ta’qiqlagan tarixiy kitoblar insonlarda o‘z tarixiga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirdi. Abdullaevaning yana bir "xizmati", u ziyoli tabaqasi ichida kim qaysi tarafda ekanligini aniqlab berdi. Abdullaeva davrida barcha ekstremal holatlarda kuzatilganidek, ijodkor ziyolilar darrov uchta guruhga bo‘lindi. 29 Muhammad Solih - Yo'lnoma Yoshlar Abdullaeva siyosatiga ochiq qarshi chiqdilar. Bu qarshilik avval choyxona gurunglari va majlislarda, sal keyinroq 1985 yil yanvarida, "Politbyuroga maktub" shaklida ko‘rindi. Ikkinchi guruh - eng katta guruh - tarafsizlar guruhi. Ular ehtiyotkorlik bilan voqealar rivojini kuzatishni eng to‘g‘ri yo‘l, deb bilishdi. Uchinchi guruh - hukumat tarafdorlari edi. Bu guruhga anchagina mashhur yozuvchi - shoirlarimiz qo‘shildi. Bu guruhning eng ko‘zga ko‘ringan shoiri: "bu yoshlarga nima kerak o‘zi, nima istashayapti, Lenin bobomiz o‘rnidan turib ta’zim qilsinmi, yoki atom bombasining knopkasini beraylikmi, astag‘furulloh!", degandi. Taniqli shoirning bu gapi Toshkentda keng tarqalgandi. Bizning tengdoshlar: "knopkaga bosib kelmaymizmi?" yoki "Lenin bobo o‘rnidan turib, bir ta’zim qilsalar, yaxshi bo‘lardi", deya hazil qilishardi. Bu shoir Abdullaevaga so‘ngigacha sadoqat bilan xizmat qildi. Hatto Markazqo‘m kotibining Navro‘z bayramiga qarshi yuritgan tashviqoti doirasida Navro‘z kunini "Xotira kuni" deb she’rlar ham bitdi. Olloh uni kechirsin. O’zbek adabiyotchilarining son jihatidan kichik, ammo siyosiy hayotda ta’siri kuchli yana bir guruhi bor edi. Bu guruhni 20-30 yillarda Turkistonda bolshevizmni o‘troqlashtirgan fanatik kommunistlarning ma’naviy merosxo‘rlari deyish mumkin edi. 30 yillarda bu kishilarning ma’naviy otalari o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandalarini yo‘q qilgan edilar. Ular Yozuvchilar Soyuzida mansab kursisida o‘tirib, "xalq dushmani" deya taqdim qilingan barcha "delo"larga hech ikkilanmay qo‘l qo‘yaverganlar. Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy kabi milliy shoir va mutafakkirlarimiz o‘sha kommunistlar fatvosi bilan jismonan yo‘q qilindi. Bu shoir va mutafakkirlarni ma’naviy jihatdan yo‘q qilish esa, o‘sha kommunistlarning zuryodlari tomonidan amalga oshirilayotgan edi. Bu zuryodlar akademik, fan doktori unvonlarini o‘sha "yo‘q qilish" faoliyati uchun olgan edilar. Ular sovet ideologiyasining O’zbekistondagi mahalliy qorovullari edi. Ular Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy va Behbudiylarni milliyatchilikda ayblar ekan, bu bilan ularning bugungi izdoshlariga tahdid qilishardi. Markazqo‘m kotibi R. Abdullaeva bu "mafkura qorovullari" uchun ko‘pdan beri orzu qilingan shaxs edi. "Qorovul"lar ham Kotib uchun qiymatli kadrlar edi. Bu kadrlar darrov mafkura jabhasining eng muhim nuqtalariga joylashib oldi. Buning ko‘rsatkichi o‘laroq madaniy hayotimiz osmonida bulutlar qorayib, chaqmoqlar chaqa boshladi. Tozalash, har doimgidek, adabiyotdan boshlandi. Keyingi o‘n yil ichida yozilgan tarixiy roman, doston, she’r va hakozo hammasi qaytadan ko‘rila boshladi. Hatto Pirimqul Qodir kabi barcha hukumatlar bilan apoq-chapoq yashagan kommunist yozuvchining tarixiy asari ham, shubha ostiga olindi. Yetmishinchi yillarda bir oz tanballashgan tsenzura Abdullaevaning baland poshnali tuflisining o‘tkir o‘kchasi turtilganidan keyin ancha jonlanib qoldi. Milliy ko‘ringan asarlar qatorida diniy tuyulgan matnlar ham ta’qiqlandi. Faqat kitoblar emas, hatto so‘zlar ham ta’qiqlana boshladi. Masalan "Olloh", "Payg‘ambar", "farishta" so‘zlari ta’qiqlangan so‘zlar edi. Bu so‘zlar agar Shekspir asarlarida uchrasa, uni ham tahrir qildilar. Maishiy hayotda ham qatag‘on boshlandi. Insonlar janoza namoziga ham borolmaydigan bo‘lishdi. Nima emish, xurofot emish. Ayniqsa, kishi biror davlat idorasida ishlaydigan bo‘lsa, u o‘z onasining janozasiga ham borishdan qo‘rqardi. Borsa, darrov ishdan haydalardi. 30 Muhammad Solih - Yo'lnoma Bu voqealar, yuqorida aytganimdek, ijodkor sinfni bir nechta guruhga bo‘ldi va bu guruhlar o‘zlarining aktiv yoki passiv harakatlari bilan jumhuriyatdagi ijtimoiy nabzning yuksalishi yoki pasayishini ko‘rsatib turdi. Bu nabz, mening nazarimda, 1984 yil oxiri va 1985 yil boshlariga kelib o‘zining eng yuksak nuqtasiga chiqdi.. Albatta, tashqaridan qaraganda, 1985 yil O’zbekistonda diqqatga sazovor hech qanday voqea ro‘y bergani yo‘q. Tashqaridan qaraganda, jimgina paxtasini terayotgan qo‘ymijoz xalq va uning tepasida qamchi o‘ynatyoatgan amazon xotin ko‘rinardi. (Ha, amazon xotin ko‘rinardi, chunki jumhuriyatning rasman Birinchi Odami juda ham karizmasiz - haybatsiz odam edi). Lekin paxta termayotgan bir qancha inson bor edi. Ularning ko‘pchiligi poytaxtda yuritilayotgan siyosatni muhokama qilishardi. Umuman, butun sovet jumhuriyatlarida qandaydir o‘zgarish havosi paydo bo‘lgandi. Bu havo sal keyinroq Gorbachevni iqtidorga olib keldi. Ya’ni, Sovet Ittifoqiga o‘zgarishni Gorbachev keltirmadi, aksincha, botinda ro‘y bergan o‘zgarish Gorbachevni hokimiyatga keltirdi. Har qanday o‘zgarish hidini hammadan oldinroq sezadigan KGB ham ancha jonlanib qoldi. Yoshlar ichidagi hukmron kayfiyatni tasbit etish uchun ochiqroq harakat qila boshladi. 1984 yil may oyida meni ilk bor KGBga chaqirishdi. Qoraqamishda shoir Omon Matjon ijaraga bergan ikki xonali uyimda oilam bilan yashardim. Soat 10-larda telefon jiringladi. Oldim. "Ya mayor gosbezopasnosti Klishenko, mы xoteli bы s vami pobesedovat’", dedi ovoz. "Qaysi masala bo‘yicha?", dedim. mayor bir oz chaynaldi, "shunchaki, suhbat", deya yana takrorladi. Men "mayli" dedim va mayorga "qaerga boray" desam, u Dzerjinskiy maydonidagi "marshrutka" bekatiga keling, men sizni topib olaman, dedi. Men keldim, haqiqatan "topib oldi". KGB binosi tomon yura boshladik. Yo‘lda ketarkan yo‘lning qarshi tarafidan ketayotgan bitta rus mayorning do‘sti, shekilli, "ho‘, falonchi, yaxshimisan?" deya unga baqirdi. Mayor unga qayrilib ham qaramadi. Chekistlar o‘z vazifasini o‘tayotgan paytda tanish-bilishlikni "tanimasligi"ni ko‘rdim. Mayor bilan KGB binosining bir xonasida bir soatcha "muloqot" qildik. O’sha paytlari Toshkentda stajyorlik qilayotgan va shoir Husayn Xorazmiy ijodidan dissertatsiya yozayotgan amerikalik yosh olim Devin Devis bilan tanishgan edim. KGBni bu amerikalikning "dunyoqarashi" va albatta, mening unga "qarashim" qiziqtirayotgan ekan. Mening aytganlarim mayorga uncha ma’qul bo‘lmadi. Shunga qaramay, suhbat nihoyasida mayor menga "tez-tez suhbatlashib tursak yaxshi bo‘lardi", dedi. Men bu iltifotni rad qildim. "Bu yerga nafaqat siz, balki yoshi ulug‘ mashhur shoirlaringiz ham kelib turadi", dedi mayor. "Mana, siz yoshlar Laziz Qayumovni yomon ko‘rasizlar, u millatchilikka qarshi o‘z fikrini aytayapti, tuzumni himoya qilayapti, buning nimasi yomon?", dedi. Men Laziz Qayumovga hech qanday xusumatim yo‘qligini bildirdim. Lekin uning millatchi degan shoirlari bizning eng yaxshi shoirlarimiz ekanligini aytdim. Buni eshitib mayor jonlandi va "marhamat qilib, shu aytganlaringizni yozib bersangiz", dedi. Men buni rad qildim. Xayrlashar ekan, mayor "iltimos, bizning ko‘rishganimizni hech kimga aytmang," dedi. Men esa "KGBga ketayapman deb, xotinimga allaqachon aytdim", dedim. Mayor buni eshitib juda mulzam bo‘ldi. Ertasi kuniyoq KGB bilan bo‘lgan "muloqot"imni butun do‘st va do‘st emaslarga aytdim. KGBga takror chaqirilmaslikning boshqa yo‘li yo‘q edi. Qo‘llagan usulim to‘g‘ri bo‘ldi shekilli, meni qaytib "uchrashuv"ga chaqirmadilar. KGB bizga qarshi kurashni boshlab yuborgandi. U yozuvchilar ichiga o‘z ayg‘oqchilarini joylashtira boshladi. Bu ayg‘oqchilar shoira qizlarimizga "oshiq" bo‘lib, ular yordamida bizning davramizga kirib olishga harakat qilar yoki qarindosh, tanish-bilishlar vositasida bizga yaqinlashardilar. Bu ayg‘oqchilardan biri bir kuni shunday fitna qildi-ki, butun yozuvchilar bir- biridan shubhalana boshladi. Ayg‘oqchi bir shoira qizchaning boshini aylantirib, unga uylanib ham olgandi. Bu qizcha ancha paytgacha o‘zi bilmagan holda KGBga xizmat qildi. Keyin sir 31 Muhammad Solih - Yo'lnoma fosh bo‘lganida, u ayg‘oqchi shoirani tashlab qochdi. Lekin fosh bo‘lmagan ayg‘oqchilar bizning shoiralarimizga "oshiq" bo‘lish va "uylanish"ga davom etdilar, yozuvchilarga yaqin odamlarni avrab, ularning eng mahram joylari - oilalarigacha "do‘st" o‘laroq kirib bordilar. Ularning ziyolilar ichiga naqadar chuqur kirgani xalq harakatlari jonlanib, ziyolilar to‘g‘ridan to‘g‘ri siyosatga kirganlaridan keyin ma’lum bo‘ldi. Ular keyingi 10 yil ichida siyosiy muxolifatni cho‘ktirishda katta rol o‘ynadi. Ular bugun, bu satrlar yozilayotgan 1998 yilda, dindorlarning faoliyatini to‘xtatish uchun "javlon" urmoqdalar. 1984 yil oxirida mening hayotimda yana bir muhim voqea ro‘y berdi. Yozuvchilar Uyushmasi menga bir emas, ikki emas, roppa-rosa uch xonali kvartira berdi. Menga, o‘z vatanida 14 yil ijarada yashagan bir o‘zbekka uyga ega bo‘lish bir buyuk omad edi. Uy yozuvchilarning "Literaturnыy fond" degan vaqfi tarafidan qurilgandi. Bu yozuvchilarning gonorarlaridan ushlab qolingan foizlar evaziga, ya’ni, ularning manglay teri to‘kib qilgan mehnati evaziga qurilgan edi. Biz bu halol uyda oila bilan sakkiz yil yashadik va nihoyat 1993 yilda uni bizdan qaytarib olishdi, musodara qilishdi. Hozir eshitishimcha, u yerda KGB xodimi yashayotgan ekan. 1984 yilga kelib men o‘zim ham sezmagan holda juda "tushunarli" she’rlar yoza boshladim. Avvalgiday tashbehga o‘chlik yo‘q edi. Avvalgiday so‘z bilan rasm chizishga, manzara yaratishga moyillik g‘oyib bo‘lgandi. Siynada bir og‘riq uyg‘ongandi, havo buzilishini oldindan sezadigan revmatizm mubtalosi kabi, yurak nimalarnidir seza boshlagandi. Shu kungacha faqat she’riy obraz sifatida yashab kelgan "Vatan" va "hurriyat" tushunchalari birdan moddiylasha boshlagandi. Men bir maksimalist sifatida uzoq davom etadigan taktik kurashni hech qachon qabul qilmagandim. Nomiga "jumhuriyat" bo‘lish, nomiga "suveren" bo‘lish faqat xalqning noroziligini bosib turish uchun xizmat qiladi, yaxshisi mustamlakachi o‘zini "mustamlakachi" deb aytsin, qul esa, o‘zining qulligini bilsin, degan fikrda edim. Bu bilgi bizning hurriyatga tezroq erishishimizni ta’minlaydi, deb o‘ylardim. Buning ifodasi o‘laroq, taxminan shunday she’rlar yozilardi: Gul haqda kuylashni sizga chiqargan, Bahor iste’dodi sizda namoyon. Sizga yarashadi boqib yuqoriga, Desangiz, "Meniki erur shu osmon!" Yarashar "meniki" desangiz yerni, Chunki, aldamaysiz shunday deganda. Shu yer meniki, deb yozarkan she’rni, Shubhaga bormaysiz hech qachon menday. "Bu vatan meniki", desangiz biror Odam turib demas sizga: "bu yolg‘on!", Chunki, haqiqatni aytasiz takror, Aytib, men singari yig‘lamaysiz qon. 1984 ("Olis tabassum soyasi", 1986.) Bu she’r 1986 yil ("Olis tabassum soyasi", G’. G’ulom nashriyoti") "Soxta shoirga" nomi bilan chop etildi. Bu nomning she’rga nima aloqasi bor, deb hech kim so‘ramadi. Bu nom bo‘lmasaydi, she’r tsenzuradan o‘tmasdi. Balki, shuning uchun hech kim so‘ramadi uning mohiyatini. Sakson to‘rtinchi yil, boya izoh etganimdek, siyosiy va madaniy tazyiqning kuchayishi bilan boshlandi. Bunga parallel ravishda odamlardagi norozilik, isyon tuyg‘ulari ham kuchaya bordi. Ehtimol, bu xususiyat faqat 80 yillarga xosdir. 32 Muhammad Solih - Yo'lnoma Hamma zamonlarda ham ijtimoiy norozilik davlat o‘tkazayotgan tazyiq va zo‘ravonlikka proportsional yuksaladi, deyish qiyin. Ayniqsa, O’zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyingi besh yil tajribasi tazyiq va zo‘ravonlikning doimo isyonga sabab bo‘lishi muqarrar emasligini ko‘rsatdi. Menimcha, bu charxi falakning aylanishida har o‘n yil (yoki o‘n ikki yil)ning o‘xshashlik tomonlaridan tashqari mutlaqo o‘ziga xos jihatlari mavjud. Jamiyatlar bu o‘n yoki o‘n ikki yillik tsiklda bir-biriga o‘xshash voqealarga bir-biriga o‘xshamagan reaksiya ko‘rsatishlari mumkin. Sakson to‘rtinchi yilda bizning jamiyatimizda bir sog‘lom ruh mavjud edi. Bu ruh bizga 6-7 yil yo‘ldoshlik qildi. Keyin mustaqillikdan bir oz dimog‘imiz ko‘tarilganini sezdi va bizni zolimning zulmiga tark etdi. Insholloh, dimog‘ni bir oz pastroq qilsak, yana ishimiz yurishar. 1985 yil POLITBYUROGA MAKTUB Sakson beshinchi yil biz uchun "Sovet O’zbekistoni" gazetasida bosilgan g‘oyaviylik haqidagi yirik maqola bilan boshlandi. Yanglishmasam, maqola "G’oyaviylik - bosh mezon", deb atalar va undan 30-yillarning hidi anqib turardi. Bu maqola vositasida Abdullaeva o‘z siyosatini mashrulashtirishga urinayotgandi. Jamiyatni eskilik sarqitlari-yu, millatchilikdan qutqarish uchun bel bog‘lagan fidoiy bo‘lib ko‘rinmoq istardi. Ayni paytda bundan keyin mavjud siyosat yanada qattiqlashajagining xabarini berardi maqola. "Sovet O’zbekistoni" bosh muharriri bu kelayotgan qattiq siyosatning tayyor ustunlaridan biri edi. Avval aytilganidek, bu odam bizning, 20-yillarning Cho‘lpon va Behbudiy avlodiga qarshi tashviqotning boshida turardi. Rashidov o‘limidan keyin bir oz soyaga chekingan bu shaxs, Abdullaevaning qo‘ltiqlashi bilan yana mafkura sahnasiga chiqqandi. Yozuvchi xalqi uni ichidan yomon ko‘rsa-da, tashqaridan juda seriltifot edi u bilan. Ochiqrog‘i, qo‘rqishardi. Bu qo‘rquv 20-30 yillardan meros, genetik bir qo‘rquv edi. Hatto mashhur shoirlarimizdan biri uni Sergey Lazo bilan qiyos qilib anonim qasida bitgan edi. Bu qasidani hurmat qilganidan emas, qo‘rqqanidan yozgandi. Faqat yosh yozuvchilarda bu genetik qusur yo‘qdi. Ular 40-yillardan keyin tug‘ilganliklari bilan baxtiyor edilar. "Amazon xotin" ham, uning yordamchisi "Lazo" ham yoshlar uchun kattalarga ko‘ringani kabi qo‘rqinchli emasdilar. Yoshlarning yana bir xususiyati, ular hali nomenklatura ne’matlaridan tatib ko‘rmagan, mansab va mukofot kabi narsalardan yiroq edilar. Ehtimol, bu ularning o‘sha sinov davrida mustaqil fikr yuritishini ta’minlagan eng muhim faktor bo‘lgandir. Chunki, keyinroq, yoshlarning pozitsiyasi bilan hisoblashishga majbur bo‘lganlarida, oramizdan bir guruh yozuvchi har xil bahonalar bilan hukumat tarafini tutgandi. Ularning deyarli hammasi "nimaningdir laureati" yoki "kimningdir o‘rinbosari" o‘laroq mansab narvonlariga tirmashdilar. Xullas, 1985 yil boshida O’zbekiston siyosiy hayotida bir harakatlanish aniq ko‘zga tashlanardi. Bu harakatlanishning yuragi yosh ijodkorlar edi. Yoshlar an’anaviy o‘laroq "O’zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi va Yozuvchilar Uyushmasi atrofida ko‘proq to‘planardilar. Ularning sodir bo‘layotgan voqealarga qarshi fikrlarini hech bir nashr organi chop etolmasdi. Ularda rus dissidentlarining "samizdat"i kabi 33 Muhammad Solih - Yo'lnoma qo‘lbola nashr qilish imkonlari ham yo‘qdi. Lekin norozilik bir shaklga tushib, xalqqa mutloqo bildirilishi lozim edi. Bu yiqilayotgan masjidlar, haqorat qilinayotgan muslimon ona, singillarimiz, yerga urilayotgan ona tilimiz va madaniyatimiz egasiz qolgani yo‘q, ularni himoya qiluvchilar bor, kuchimiz katta emas, ammo zulmga qarshi "yo‘q" deyishga yetadi, degan ma’noda bir manifestga ehtiyoj tug‘ilgandi. Bu hujjatni tayyorlashni men bo‘ynimga oldim. Balki, yozilishi (o‘zining radikal ohangi bilan) original bo‘lgandir, ammo uni qaerga va kimga jo‘natish borasida original bo‘la olmadik: manzil yana o‘sha Moskva, yana o‘sha Politbyuro - shikoyatlar mozoristoni bo‘ldi. Maktubni Chernenkoga yozmadik, chunki u maktub jo‘natiladigan darajada obro‘ qozonmagandi xalq orasida. Maktub tepasiga "Politbyuroga", deb qo‘ydik. "Politbyuro", majhul so‘z bo‘lishiga qaramasdan, unda qandaydir salobat hali ham qolgandi. Bundan tashqari maktubni bitta shaxs nomiga yozish uning ahamiyatini ozaytiradiganday tuyuldi bizga. Xullas, 1985 yil yanvar oyining so‘nggida maktub yozilgandi. Maktub tez yozildi, ammo unga imzo qo‘yish jarayoni, ikki oycha davom etdi. Men bu jarayonda qatnashmadim, ammo qatnashganlarning guvohlik berishicha 250 taga yaqin yozuvchilar soyuzi a’zosiga "qo‘l qo‘yish" taklif qilingan, ammo qo‘l qo‘ygani faqat 53 ta (yoki 56 ta, aniq esimda yo‘q) bo‘ldi... Ularning ham yuz foizi yosh ijodkorlar yoki yosh sanalgan ijodkorlar edi. Bularning ham 80 foyizi shoirlar edi. Nosirlar (yozuvchilar) ham bor edi, ammo juda oz edi. Bu oz bo‘lgan qismi ham keyin ancha o‘yin ko‘rsatishdi, sog‘ bo‘lsinlar. Men bundan birorta manfiy xulosa chiqarmoqchi emasman, faqat demoqchiman-ki, bizning nosirlarimiz nozimlarimizga ko‘ra doim aqlliroq, doim hushyorroq bo‘lishgan. Mart oyida maktub to‘la imzolangan holda konvertga solindi. Uning ahamiyatini hisobga olib, maktubni pochtadan emas, qo‘ldan berib yuboradigan bo‘ldik. Olib boradigan polvon ham topildi - yosh yozuvchi M. M. Do‘st. U "Sharq yulduzi" jurnalida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlardi. Politbyuroga yozilgan maktubda "Sharq yulduzi"ga bo‘layotgan tazyiq ham tilga olingandi. Yosh yozuvchi poytaxtga uchib ketishi kerak bo‘lgan kun, mening uyimga ikkita nosir hansirab yetib kelishdi. "Iltimos, shu imzomizni o‘chirib qo‘ysangiz, biz eshitdik-ki, markazqo‘m ham bu muammoni bilarmish, shoshmay turar ekanmiz", deyishdi hansirab. Men maktub yosh yozuvchi M. M. Do‘stning qo‘lida ekanligini aytdim, uchib ketgan bo‘lishi mumkin, dedim. Ular imzosini qaytarib olishga ulgurmadilar. Lekin, bizdagi o‘zlari haqida tug‘dirgan ishonchni qaytarib olishgan edi. Umuman, sakson beshinchi yil yozilgan bu maktub bizning avlod uchun bir mahaktosh rolini o‘ynadi. Maktubga javob may oyida keldi. U payt Chernenko o‘lgan, o‘rniga Gorbachev o‘tirgan edi. Javob uning idorasidan keldi. Tabiiy-ki, bizga emas, biz shikoyat qilgan odamning o‘ziga - O’zbekiston Markazqo‘mi kotibi Ra’no Abdullaevaga keldi. Abdullaeva may oyining go‘zal bir kunida bizni markazqo‘m binosiga chaqirdi. Maktubga qo‘l qo‘ygan hammani, hatto viloyatdan bo‘lsa ham, chaqirishgan edi. Biz, ellikdan ortiq qalamkash, ehtimol, birinchi marta, shunday olomon bo‘lib Toshkentda uchrashayotgan edik. Lekin saroy oldidagi maydonda yozuvchilar soni imzochilardan ko‘proq edi. Keyin bilsak, bizni sazoyi qilish maqsadida Abdullaeva yana boshqa yozuvchilar guruhini ham taklif qilgandi. Ichkari kirdik. Katta va shinam zal to‘la. Hammamimzda bir shanlik, bir g‘aroyib quvnoqlik bor edi. Aniq esimda, hech birimizni bu kommunistik mahobot ham, xo‘mrayib o‘tirgan (qizil kiyingandi, yanglishmasam) ideologiya kotibi xam zarracha hayajonlantirmadi. Aksincha, biz "qora ro‘yxat"ga tushayotganimizdan go‘yo xursand edik. Biz unga "tushish"ning unchalik ham qo‘rqinchli emasligini hozir, shu yerda isbot qilish zavqi bilan yashardik go‘yo. Abdullaeva kirish nutqidan so‘ngra biz yozgan maktubni qo‘liga olib, bizga namoyish qildi. "Buni biz yozganligimiz"ni tasdiqladik. U Moskvadan kelgan javobni o‘qimadi, bizning 34 Muhammad Solih - Yo'lnoma maktubni "tahlil" qildi. Bugun bu tahlildan hech narsa esimda yo‘q. Faqat yigit-qizlarimiz Markazqo‘m Kotibi bilan shunday muloqot qildi-ki, bizga qarshi qo‘yish uchun olib kelingan boshqa yozuvchilar guruhi ham "to‘g‘ri aytishayapti, bu maktubga biz ham qo‘l qo‘yardik", deb yuborishdi. Abdullaeva "Temurni himoya qiladiganlar, millatchilar ko‘payib ketayapti," dedi. Bu shikoyatga o‘xshagan bir tahdid edi. Ammo kotib o‘zining yengilayotganini sezib "suhbat"ni qisqartirishga majbur bo‘ldi. Bu suhbatdan keyin "Sharq yulduzi" jurnali bosh muharriri Pirmat Shermuhammedov ishdan olindi. Va bu bizning maktubimiz natijasi o‘laroq baholandi. Biz bundan qattiq hayratlandik, maktubda Bosh muharrirdan hech qanday shikoyat yo‘q edi. aksincha, "Sharq yulduzi"ni tsenzuradan himoya qilish kerakligi yozilgandi. Keyin bilsak, maktubni olib borgan yosh shaxs maktubni Moskvada o‘zgartirib yozib topshirgan. U "Sharq yulduzi" Bosh muharririga xususiy adovatining xusurini shunday chiqargan. Yana keyinroq ma’lum bo‘ldi-ki, bu odam Abdullaevaga aslo muxolif emas, uning oila do‘sti ekan. Astog‘furulloh, dedik xolos. Yoshlarning bu maktubi hech bir yerda chop qilinmadi, ammo uning aks-sadosi jumhuriyat bo‘ylab yoyildi. Avval bu xususda kulib - hikoya qilgan qitmirlar ham jimib qoldi. Yoshlarning Markazqo‘m qarshisida bo‘yin egmagani ziyolilarga qattiq ta’sir qildi. Qisqasi, bu kichik maktub O’zbekistondagi ijtimoiy fikrning norasidalik davridan chiqqanligini ko‘rsatdi. Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling