Muhammad Solih yo’lnoma
Download 0.87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- NAMANGAN VOQEALARI
- "MILLIY MAJLIS"
- SENATOR PRESLER
- XUSUSIYLASHTIRISH HANGOMASI
SAROYDAN CHAQIRIQ Demokratik Kuchlar Forumining birinchi majlisida to‘plangan odam soni, balki, ellikdan oshmasdi. Ammo bu yig‘ilish hukumatga chinakam qo‘rquv uyg‘otdi. Chunki, bu anjuman nafaqat "Erk" va "Birlik"ni jipslashtirgandi, balki Oliy Kengashdagi muxolif guruhning yetakchi shaxslarini ham bir yo‘nalishga solgandi. Qolaversa, Forumning ilk majlisidan keyin unga mayl bildirganlar boshqa ijtimoiy guruhlar ichida surat-la ko‘paya ham boshlagandi. "Erk" partiyasi qarorgohi may oyining boshida xuddi 91 - yil saylov paytidagi kabi, balki, undan ham gavjumroq edi. Forumning Ikkinchi Majlisi 10 mayga belgilangandi. Aprel oyining oxirida Saroydan telefon keldi. Bugun kechqurun bir joyga ketmayapsizmi, deb so‘radi Prezidentning rus yordamchisi. Yo‘q, dedim. Islom Abdug‘unievich sizni soat olti yarimda choyga taklif qilayapti, kutamiz, dedi yordamchi. Kechqurun vaqtida bordim. Oltinchi qavatda odam kam edi. Qabulxonada bir ayol ko‘rindi va prezident doim yonidan ayirmaydigan yordamchisi Zelimxon o‘sha yerda edi. Karimov kabinetga taklif qilmadi, to‘g‘ri yemakxonaga boshladi. Kayfiyati yaxshi edi. - Zelimxonning oshidan bir yeylik, - dedi kulib. Yemakxonada katta stolda katta dasturxon yozilgandi, ammo atrofida bizdan boshqa hech kim yo‘q edi. Siz bilan muhim gapimiz bor, dedi Prezident. Do‘stingiz Omon Matjonni ham chaqiraylikmi?, - deb so‘radi. Chaqiring, muhim gap bo‘lsa guvohlik qilar, - dedim va kuldim. Omon Matjon keldi, u saroyda madaniyat bo‘limidami ishlardi. Prezident Zelimxonga ketishga ruxsat berdi, bizga Omonjon yetadi, siz ozodsiz, dedi. Ziyofat to‘rt yarim soat davom etdi. Men O’zbekiston haqida o‘ylaganlarimni, hukumatga bo‘lgan tanqidiy qarashlarimni ochiq, yashirmasdan o‘rtaga to‘kdim. Karimov eng achchiq gaplarni ham sabr bilan tingladi. Bo‘lmasa, sizlar ham yukning bir tarafini ko‘taringlar, chetdan tanqid qilish oson, dedi u. Siz ham hukumatga kiring. Shu taklifni aytish uchun sizni chaqirgandim. Hozir stolimda ikkita farmon yotibdi, qaysinisini tanlasangiz o‘shanga imzo chekaman. Xohlagan lavozimingizni oling. Bundan tashqari partiyangizdan yana 7-8 kishini hukumat tarkibiga kiritishimiz mumkin. O’zingiz, mustaqillik bo‘lsa bas, kelishib vatanga xizmat qilamiz degandingiz, mana xizmat qilish payti keldi. Sizdan bitta iltimos, shu Forumning ikkinchi majlisini chaqirmang, dedi so‘zining oxirida prezident. 129 Muhammad Solih - Yo'lnoma Muddao aniq bo‘lgandi. Forumni tarqatib yuborish evaziga "Erk" partiyasiga hukumatdan bir parcha o‘rin taklif qilinayotgandi. Men prezidentga minnatdorchilik bildirdim. Ammo Forumni hech qachon tarqatmayajagimni, qolaversa buni qilish mening qo‘limdan kelmayajagini aytdim. - Aksincha, siz Forum majlisiga kelib muxolifat oldida gapiring. Uning dardlarini tinglang. Vatan manfaatlari uchun birga ishlaymiz, deng. Biz konstruktiv muxolifat bo‘laylik, siz konstruktiv hukumat bo‘ling. Muxolifat bilan rasmiy diolog qiling. - Men siz bilan diolog qilishim mumkin, televizorga chiqaylik, mayli, ammo u aytganingiz bo‘lmaydi, - dedi Karimov. - Agar siz muxolifat oldida chiqib, mamlakat masalalarini tilga olsangiz, bu birinchidan sizning obro‘ngizni oshiradi, G’arb davlatlari sizni demokrat lider sifatida taniy boshlaydi, investitsiya shundan keyin bo‘ladi, yordam shundan keyin keladi, eng muhimi, o‘lkamizda muxolifat- hukumat g‘avg‘osi foydali hamkorlikka aylanadi, barqarorlik mustahkamlanadi, - dedim. Men bu gaplarni mutlaqo do‘stona va samimiy aytayotgandim. Karimovning bizga o‘tkazayotgan tazyiq-ta’qiblarini unutgandim. Ko‘nglimda zarra qadar kin yo‘qdi, umumahvolni tuzatish imkoni paydo bo‘lgandi, bu imkonni yo‘qotmaslik uchun chirpinardim. Prezidentning xayoli boshqa yoqda edi. - Shu yerdan ikki farmonning bittasiga qo‘l qo‘ymasdan chiqib ketmaymiz, to‘g‘rimi, Omonjon, ayting do‘stingizga!, - dedi chapanilik bilan u. - To‘g‘ri, to‘g‘ri, - dedi Omon Matjon. - Formuning majlisi chaqirildi, uni to‘xtatish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas, meni kechirasiz,- dedim. - Mayli, Forumingizni o‘zingiz bilasiz, faqat mening taklifimni shu yerda hal qiliylik, - dedi Prezident. - Partiyalarning bir-biri bilan hamkorlikda koalitsiya tuzishi, hukumatga o‘rtoq bo‘lishi G’arb davlatlarida normal narsa, ammo bizda demokratik sistema yo‘qligi uchun hamma narsa bitta odam irodasiga bog‘liq bo‘lib qoladi, bu ham kadrlar siyosatida istiqrorsizlik yaratadi, bir bahona topib, hukumatdan quvmasligingizga hech kim kafolat berolmaydi, - dedim men, - siz impulsiv odamsiz, Islom aka, kayfiyatingiz o‘zgarib turadi... - Nima, meni... deb o‘ylayapsizmi?, - dedi chapanachi jargonda Karimov. - Hech unday deb o‘ylayotganim yo‘q, - dedim men. - Bo‘lmasa, iltimos, mening so‘zimga ishoning, - dedi suhbatdoshim. Zelimxonning oshi yaxshi bo‘lgan ekan, ammo suhbat qizg‘in bo‘lganidan, taom yeyilmadi. U paytda chekardim, suhbat qiziganda sigaretsiz yashay olmasdim, mening ikkita hamrohim chekmasdilar, sabr bilan tutun yutib o‘tirishdi. Prezidentning taklifini qabul qilmaslikka qat’iy qarorli edim, ammo ayni paytda bir odamning taklifini yuziga qaytarib urmaslik ham kerak edi. Prezident bu taklifini sahovat deb bilardi. Uning nafsoniyatini og‘ritmaydigan o‘rta yo‘l axtarardim. 130 Muhammad Solih - Yo'lnoma Soat o‘n yarimlarda o‘rnimizdan turdik. Prezident stoldan aylanib yonimga keldi. - Xo‘p, og‘aynilar nima qildik, bo‘lmasa?, - dedi u va qo‘limdan tutdi, - hali aytganim gap-gap, hozir shu yerdan mening kabinetimga kiramiz, farmonlardan birini tasdiqlaymiz, bo‘lmasa yubormayman... Prezident biroz shirakayf bo‘lsa-da qarorida qat’iy edi. - Mening bir fikrim bor, - dedim unga, - bizga hukumatni emas, Oliy Kengashni bering. Men raislikka nomzodimni qo‘yaman, siz qarshilik qilmasangiz bo‘ldi, biz yutib chiqamiz. Yutib chiqsak, uch oy raislik qilib, keyin ketaman. Shu uch oy ichida o‘zimiz istagan Konstitutsiyani qabul qilamiz. Ko‘rasiz, bu hujjat sizga ham ma’qul bo‘ladi. Hujjat qabul qilingandan so‘ng, mana, erkak so‘zi, raislikdan iste’fo qilaman, yana muxolifatga qaytaman. Bizga sog‘lom hukumat va sog‘lom parlament qanchalik zarur bo‘lsa, sog‘lom muxolifat shu qadar zarur. Shuning uchun ham sizning hukumatga kirish taklifingizni qabul qilolmayman, uzr. Lekin Oliy Kengashda vaqtincha, umum manfaat uchun faoliyat ko‘rsatishim mumkin. Ammo bu ham Forumning to‘planish to‘planmasligiga aloqasi bo‘lmasligi kerak, - dedim. Prezident chetga qaradi. Taklif ma’qul bo‘lmagani ko‘rinib turardi. - Mana, sizga so‘z beraman, yangi yil vaqtidan oldin saylov qilamiz, siz Oliy Kengash raisi bo‘lasiz, - dedi prezident, - ammo mening taklifimni yaxshilab o‘ylang... - Yanagi yilgacha Xudo razzoq, - dedim. Prezidentga dasturxoni uchun minnatdorchilik bildirib, xayr-ma’zur qildik. Yo‘lda Omon Matjondan uzun-uzun tanqidlar eshitishga to‘g‘ri keldi. Prezident bilan uchrashuvdan bir- necha kun so‘ngra hukumat gazetasida "GKChPdan chiqqan qahramon" degan maqola chop etildi. Maqolada sobiq vitse-prezident Shukrullo Mirsaidov tanqid qilinardi. Uning Demokratik Kuchlar Forumiga nima aloqasi bor, u GKChPni qo‘llagan edi-ku, deyilardi maqolada. Yana "Forumga GKChP bayrog‘i (Mirsaidov) nega kerak bo‘lib qoldi? Sobiq vitse-prezidentning savlati kerakmi yoki davlati?," deya xitob qilardi maqola. Bu bilan yaqinda tashkil qilingan Forumni moddiy jihatdan qo‘llayotgan odamning vitse-prezident ekanini aytib, ayni paytda "Erk" partiyasi ham shunday qorong‘u ishlar bilan (mablag‘) bog‘langan degan taassurot uyg‘otmoqchi bo‘lardi. Maqola Forumning ikkinchi majlisiga kelayotgan odamlarga bir ogohlantirish edi. Bu majlisga kelganlarning hammasi Shukrullo Mirsaidovga o‘xshab matbuotda sharmanda qilinadi, ehtiyot bo‘ling deyayotgandi hukumat. Ammo odamlar ehtiyot bo‘lmadi. Forumning ikkinchi majlisiga avvalgidan ko‘ra uch baravar ko‘p odam keldi. Ular "Erk" zaliga sig‘madi, majlisni bino orqasidagi hovlida o‘tkazdik. 1999 yilda, bu satrlarni yozayotganda, yetti yarim yil avval o‘sha majlisdan olingan suratlarga boqdim. Forum Hay’atida Oliy Kengash deputati, shoir Erkin Vohidov va shoira Gulchehra Nurullaeva o‘tirishibdi. Yonlarida quvnoq Ahmad A’zam... Hamma bir yangilanish bo‘sag‘asida turganday his qilardi o‘zini. Ammo bu yangilanish bo‘sag‘asi emas edi. Hukumat Forumning to‘planishiga qonuniy hech qanday chora ko‘rolmasdi, ammo tazyiq o‘tkazish uchun partiya binosi yaqinlarida askariy aravalarda o‘q o‘tmas jilet kiygan OMONchilarni qatorlashtirib qo‘ygandi. Sport kiyimini kiygan olifta ayg‘oqchilar butun bino qavatlariga kirib-chiqib, odamning asabiga tegayotgandi. Ammo Forum majlisi janjal-g‘avg‘osiz tugadi. U yerda shu nutqni o‘qigandim: 131 Muhammad Solih - Yo'lnoma "O’zbekistondagi muxolifatning keyingi uch yil ichidagi tarixiga nazar tashlasak, ajib bir turg‘unlikni ko‘ramiz. Uch yil ichida sovet imperiyasi yo‘q bo‘ldi, jumhuriyatlar mustaqil davlat deb, tan olindi, sobiq Ittifoq huqudida mutlaqo yangi geopolitik vaziyat vujudga keldi, GKChPni boshdan kechirdik, birinchi marta Prezidentni sayladik, ammo muxolifatning talablari o‘zgarmadi. Biz uch yil oldin siyosiy va iqtisodiy islohotlar talab qilib chiqqan edik, bugun ham xuddi shu talablar bilan chiqayapmiz Biz talab qilishdan charchamadik, hukumat "o‘z yo‘li"dan yurishdan charchamadi. Biz "hurmatli hukumat, hozir ayni payti, islohotni boshlang, bunday siyosiy mo‘‘tadillik abadiy emas, bu osoyishtalikdan foydalaning," deya murojaat etdik, hech kim eshitmadi. Ha, biz har doim siyosiy barqarorlik haqida gapirdik, tepaga yoqish uchun emas, millatimizni o‘ylab, qon to‘kilmasin, deya gapirdik. Biz bu haqda shu qadar ko‘p sayradik-ki, "barqarorlik" so‘zining siyqasi chiqib ketdi va bu so‘zni aytayotgan kishi ham, uni eshitayotgan odam ham beixtiyor esnab qo‘yadigan bo‘ldi. Vaziyatning porodaksal tomoni shundaki, siyosiy barqarorlikni saqlash uchun mitinglarni ta’qiqlab, odamlarni kaltaklashayapti, siyosiy partiyalarni ta’qib qilib, ularga so‘z bermayaptilar va aynan shu sabab barqarorlik xavf ostida qolmoqda. Bunio‘ hukumat tushunmaydimi, deya savol bermoqdalar odamlar. Ya’ni, barqarorlikni chippakka chiqarayotganlar hokim va hokimchalardir, aslo muxolifat emas, degan mantiq chiqadi bundan. Aksincha, barqarorlik uchun izchil kurashayotgan kuch - muxolifatdir. Bunday fenomenal hodisani bugun faqat O’zbekistonda ko‘rish mumkin. Bugun endi hech kim siyosiy barqarorlikning o‘zigina bizni mavjud bo‘hrondan olib chiqishiga ishonmaydi. Chunki, bu barqarorlik islohlar uchun emas, mansablar umrini cho‘zish uchun xizmat qildi, xolos. Chunki, bu osoyishtalik xalqning tobora qashshoqlanishiga, insoniy haq- huquqlarning yanada shafqatsizroq toptalishiga xizmat qildi. Bu osoyishtalik poraxo‘rlikning oshkora avj olishiga, jinoyatchilikning mislsiz darajada kuchayishiga niqob bo‘ldi, xolos. Viloyatlarda yashayotgan odamlar hayotini ko‘rgan har qanday kishi dahshatga tushadi. Ular nafaqat qashshoq va yupun, balki, huquqsiz va himoyasizdirlar ham. Nafaqat qadrsiz mehnatdan, balki, o‘zining mazmunsiz hayotidan ham charchaganlar. Va eng qo‘rqinchlisi, ularning yo‘qotadigan hech narsasi yo‘q. Shu kungacha erishgan barqarorligimiz o‘sha odamlarning sabr-toqatiga qurilgan edi, endi bu sabr-toqat ham tugayotganga o‘xshaydi. Xudo saqlasin, biz xuddi inqilob bo‘sag‘asida turganga o‘xshaymiz. Sotsiologlarning fikricha, har xil inqiloblarning sabablari doim bir xil bo‘lgan. Birinchi sabab sifatida ular aholining qashshoqligi va ochligini ko‘rsatadilar. Ikkinchi sabab - xususiy mulk tuyg‘usining yo‘q qilinishi. Uchunchi sabab - o‘z-o‘zini himoya qilish instinktining o‘ldirilishi. To‘rtinchi sabab - jinsiy instinktlarning buzulishi, axloqiy tubanlikka qarshi isyon. Beshinchi sabab - insondagi erk va ozodlik tuyg‘ularining qatag‘on qilinishi. Oltinchi sabab - insondagi qobiliyatlarning o‘ziga loyiq jabha bilan ta’minlanmaganidir. Bu sanab o‘tilgan holatlarning oltitasi ham O’zbekiston ijtimoiy hayotida tobora bo‘rtib ko‘rina boshladi. Bunga misollarni yuqorida aytdim. Bu kayfiyatning kichkina uchquni sifatida yana bir misol keltiraman. Yaqinda viloyatlarning biridan do‘stimiz keldi, demokratik qarashdagi, ziyoli odam. Tabiati yumshoq, hech qachon birovga ozor bermagan kishi. Viloyatlardagi ahvol to‘g‘risida qattiq kuyunib gapirdi. So‘zining oxirida "Bu rahbarlar hech qachon bizni tushunmaydilar, bular demokratiya degan so‘zning ustidan ochiqchasiga kuladi va har qanday hur fikrni bo‘g‘ib, bundan oshkor lazzatlanadi. Bularning zo‘ravonligiga faqat zo‘ravonlik bilan javob berish mumkin. Demokratiya haqidagi safsatani bas qilish payti keldi, chunki, demokratiya bizda yo‘q va biz agar shunday yuraversak, bo‘lmaydi ham. 132 Muhammad Solih - Yo'lnoma Demokratiya uchun aziyat chekishga to‘g‘ri keladi. Bizni kaltaklasalar, biz ham javob berishimiz kerak. Bizni otsalar, biz ham qurollanishimiz shart," dedi u. Men, to‘g‘risi, shoshib qoldim. Bunday "ekstremistik" fikrni har kimdan kutish mumkin edi, ammo undan emas. Bu fikrga shunday beozor odam kelgan ekan, g‘azabga to‘lgan olomon nimani o‘ylaydi? Bunday kayfiyatda yurgan odamlar soni bugun qancha? Ertaga qancha bo‘ladi? Biz mustaqillikni tinch yo‘l bilan qo‘lga kiritganmizdan baxtli bo‘lgan edik. Biz o‘q uzmay, qon to‘kmasdan turib bayrog‘imizni tiklaganimizdan, o‘zimizni tarixda eng omadli millat, deya sanay boshlagan edik, chunki, hech qachon hech bir millat o‘z erkiga biz qadar yengil erishmagan edi. Biz bu ozodlikka mo‘‘jizaga qaragan kabi boqdik. Lekin tarixda mo‘‘jizalar bo‘lmaydi. Buni o‘sha viloyatdan kelgan alamzada do‘stimning achchiq iqroridan tuydim. Biz rus imperiyasi qulligidan ozod bo‘ldik, endi o‘z ichimizdagi qullikdan ozod bo‘lishimiz kerak. Ehtimol, bu qullikdan qutilish boshqa xalq zulmidan qutulishdan ham og‘irroq bo‘lar. Tasavvur qiling, biz, milliyatchi demokratlar, bir yil oldin Ittifoqdan chiqishni ochiq targ‘ib etdik, GKChPga qarshi qat’iy munosabatimizni aytdik, ammo biror marta ham bizda mustamlakachilarga qarshi qurol ko‘tarish fikri paydo bo‘lgani yo‘q edi. Biror marta zo‘rlikka zo‘rlik bilan javob berish zarur, degan xulosaga kelganimiz yo‘q edi. Bugun shu xulosaga kelayotgan odamlar paydo bo‘lmoqda. Mustamlakachilarga qarshi emas, o‘z yurtimizning hokimchalariga qarshi shunday kayfiyat yuz ko‘rsatmoqda. Bu xatarli bir mujda, xavfli bir belgidir. Insonlarni bu yo‘lga yurishga ajbur qilayotgan siyosat esa, aksilmilliy va fitnakor siyosatdir. Bugun quruq va’dalardan charchagan quloqlarga zo‘ravonlikka da’vat - najot chaqirig‘i bo‘lib eshitilmoqda. "Boshqa yo‘l yo‘q, qo‘lingga qurol lo!" deya shipshimoqda shayton. Mantiq shunday: demokratiya haqida qo‘lida quroli bo‘lmagan odamlargina gapiradi. Bu mantiqqa misollar ko‘p. Generallar hech qachon demokratiya haqida gapirmaydilar. Qurollangan reketchilar ham bu borada safsata sotmaydi. Qorabog‘da ham, Donbassda ham, Yugoslavyada ham demokratiya xususida bahslashmaydilar. Demokratiya haqida biz gapirayapmiz. Chunki, bizning boshqa najotimiz yo‘q. Fuqarolar urushi kabi dahshatli xavf qarshisida turib, demokratiya haqida gapirish ham kulgili, ham fojealidir". NAMANGAN VOQEALARI Forum majlisida qilingan nutq biroz hayajonli yozilgan bo‘lsa-da, unda mubolag‘a yo‘qdi. Saylovdan keyin Farg‘ona vodiysida vaziyat juda og‘irlashgandi. "Adolat" deb atalgan jamiyat a’zolariga qarshi boshlangan repressiv harakatlar butun Namanganni istiqrorsizlikka sudray boshlagandi. "Adolat" 1990 yilda tuzilgan jamiyat bo‘lib, o‘zlaricha aholi ichida tartib o‘rnatishga bel bog‘lagan yoshlardan tarkib topgandi. Ular tartibni shariat qonunlari bo‘yicha o‘rnatajagini e’lon qilib, ish boshlaganlarida Namangan shahar va viloyat hokimlari bunga uncha e’tibor berishmagandi. Hatto o‘g‘ri-qaroqchiga qarshi kurashda "Adolat" mahalliy hokimiyat bilan birga ishlay boshladi. Jamiyatning diniy xarakterga ega bo‘lganligi hukumat qulog‘iga yetib borgan bo‘lsa-da, 1991 yil Prezidentlik saylovigacha "Adolat"ga teginmadi. Saylovdan keyin siyosiy muxolifatga bo‘lgani kabi, "adolat"chilarga ham qarshi hujum boshlandi. 1992 yil bahorida bir necha kun ichida o‘nlarcha "adolat"chi hibsga olindi. Qochaolganlari 133 Muhammad Solih - Yo'lnoma Tojikistonga, Qirg‘izistonga qochdilar. Qocholmaganlari yashirindilar. Bir yilcha legal harakat qilgan kichik jamiyat endi yerosti faoliyatiga o‘tdi. Yer ostida radikallashdi. Zo‘ravonlikka zo‘ravonlik bilan javob berish kerak, degan radikallarning klassik xulosasiga keldi. Yurt tashqarisidagi "adolatchi"lar bu fikrni mafkura holiga keltirdilar va uch-to‘rt yil o‘tar-o‘tmas, O’zbekistonda qurolli muxolifat paydo bo‘ldi. O’zbekistondagi rejimning "islom fundamentalizmi" deya qilayotgan ayuhannoslariga hamdardlik bildirayotgan G’arb bu "fundamentalist"larni rejimning o‘zi yaratganini bilmasdi. "MILLIY MAJLIS" Iyun oyi boshlarida "Erk" va "Birlik" a’zosi Irrigatsiya institutida o‘qituvchilik qilayotgan Salovat Umrzoqov mening yonimga keldi. Bir g‘oya bilan keldim, dedi. "Birlik" tarqab ketayapti, buni to‘xtatish uchun bir yangi tashkilot tuzdik, oti Milliy Kengash yoki Milliy Majlis bo‘ladi, Qrim tatarlarnikiga o‘xshab. Moddiy tarafdan qo‘llaydigan odam topdik. Bobir Shokirov degan kishi. Amerikada yashab kelgan kelgan ekan, sobiq dissident. Boy ekan, biznesmen o‘rtoqlari ham ko‘p ekan. "Milliy Kengash" yoki "Majlis" Respublika Oliy Kengashiga qonunlar loyihasini tayyorlab beradigan alternativ tashkilot bo‘ladi. Tarqab ketayotganlarni uyushtirishda qo‘l keladi. Salovatning fikri yaxshi ekanligini aytdim. Ammo uyushish kerak bo‘lsa, mana Demokratik Forum atrofida uyushaveringlar, nimaga kerak har qadamda bir tashkilot tuzib, dedim. Salovat, o‘jar yigit, o‘z "g‘oya"siga qattiq ishonardi. Sizning yoningizga boshqa odamlar bilan kelsam maylimi, dedi. Men "mayli," dedim. Iyun oyining o‘rtalarida Salovat orqasidan "Birlik" faollari Hazratqul Xudoyberdi va Olim Karimovlarni ergashtirib mening kabinetimga kirdi. Qo‘llarida Salovat aytgan "Milliy Majlis"ning Nizomimi yoki Dasturimi bor edi. Shuni o‘qib bersangiz, agar ma’qul bo‘lsa bu tashkilotning ta’sischisi sifatida "Erk" partiyasi ham imzo cheksa, deyishdi. Men "Erk" partiyasi yangi tashkilotga a’zo bo‘lmaydi, chunki, Demokratik Forum butun tashkilotlarni birlashtirdi, bu bizga yetadi, dedim. - Bo‘lmasa, shuni o‘qib, iloji bo‘lsa, yanglish ko‘rgan joyingizga qalam tekkizib bersangiz, - dedi Olim aka. Men qo‘lyozmani olib qoldim. Ertasi kuni "ba’zi joylariga qalam tekkizib" qaytarib berdim va agar jiddiy tahrir kerak bo‘lsa, bizning kotibimiz Otanazar Orif yordam beradi, dedim. Bu kundalik, zerikarli uchrashuv 1992 yil so‘ngida muxolifatga qarshi boshlangan shafqatsiz repressiyaga bahona bo‘lgan "jinoiy to‘da uchrashuvi" sifatida tergovchi daftariga qayd etilajak edi. SENATOR PRESLER Iyun oyining oxirida "Birlik" raisdoshi Abduraxim Po‘latovni noma’lum odamlar kaltaklab ketishdi. Buni "Birlik"ning boshqa raisdoshi Shuhrat Ismatullaev xabar qildi va birgalashib 134 Muhammad Solih - Yo'lnoma jabrlanuvchini ziyorat qildik. Faqat uni emas, yonidagi Mirolim degan yigitni ham kaltaklashibdi. Ikkolovini ham vahshiyona kaltaklagandilar. Borib hamdardlik bildirdik. U yerdan chiqib, Shuhrat bilan sog‘liq vaziri (Karimov edi familiyasi, chamasi)ga telefon qildik, vazir jabrlanganlarning amaliyoti uchun eng yaxshi jarrohni jo‘natishga so‘z berdi. Senator Presler bu voqeaning ertasiga keldi. Hukumatning bunday uslubga murojaat qilishining sababini anglamayman, dedi, amerikalik senator. U "Erk" rahbariyatiga (4-5 kishi) Pushkin ko‘chasidagi, Yozuvchilar Uyushmasiga yaqin bir yerdagi sohibi armani bo‘lgan bir restoranda ziyofat berayotgandi. Unga Markaziy Osiyo diktatorlari yangi bo‘lgani uchun shunday qo‘pol uslub qo‘llashadi, ozgina tajriba orttirsin, ko‘rasiz, kaltaklab o‘tirmay, yo‘q qilib yuboraveradi odamni, dedi kimdir hazillashib. Aslida, hazil davri o‘tib bo‘lgandi. Men buni senator bilan ko‘chaga chiqib xayrlashayotganimda yana bir marta his etdim: ilgarilari juda ko‘p bo‘lsa, orqamizdan bitta mashina ta’qib etardi, endi esa, naq to‘rttasi, shundoq ko‘z oldimizda qatorlashib turar, har birida kamida 3-ta odam o‘tirib, bizning qaysi yo‘nalishda yurishimizni kutmoqda edi. Dakotalik senatorga bunday primitiv kuzatuvlar shu qadar yot edi-ki, ayg‘oqchilarni ko‘rsa ham, xayoliga hech bir shubhali narsa kelmadi. Kula- kula xayrlashdik. XUSUSIYLASHTIRISH HANGOMASI Oliy Kengashning navbatdagi sessiyasi 2 iyulga belgilangan edi. 30 iyun kuni Oliy Kengash raisi Yo‘ldoshev "bir kelib ketasizmi?," deb telefon qildi. Bordim. Kabinetida yolg‘iz emasdi. Davlat sekretari Rajabov, KGB raisi Aliev, Ichki ishlar vaziri Almatov o‘tirishardi. Iliq salom-alikdan so‘ngra, u yer bu yerdan qisqa gaplashdik. Keyin muddaoga o‘tishdi. - Sessiyada gapirmoqchi ekansiz, yaxshi, - dedi Yo‘ldoshev, - biz bu yerda maslahatlashdik- da, hozir vaziyat og‘ir, ko‘rib turibsiz, gapiradiganlaringizni biz ham bilsak, chora ko‘rish kerak bo‘lsa, ko‘rsak, bir-birimizga yordam bersak... - Men xususiylashtirishning noto‘g‘ri ketayotgani, yerli xalqning bundan foyda ko‘rmayajagini gapiraman, - dedim. - Shuni gapirmasdan hal qilsa bo‘ladi-ku, - dedi Yo‘ldoshev. - Keling, men O’zbekistonda xususiylashtirish bo‘yicha ishlayotgan guruh boshlig‘ini kabinetimga chaqiray, u sizga atroflicha ma’lumot bersin, - dedi, Rajabov. - Mening gapirmasligim shunchalik muhimmi?, - dedim kulib. - Ahvolni ko‘rib turibsiz, - dedi yana Yo‘ldoshev. Butun suhbat davomida Almatov ham, Aliev ham "churq" etishmadi. Ular tahdid unsuri o‘laroq o‘z vazifalarini bajarib o‘tirishardi. - Meni xalq Oliy Kengashga uning dardini aytish uchun saylab yubordi. Men sessiyada albatta gapiraman, gapirmasam, u yerda o‘tirmayman, - dedim. - Xo‘p, bo‘pti, bo‘pti, - dedi shosha-pisha Rajabov, - ertaga bizning kabinetda bir choy ichaylik, nima deysiz, ham xususiylashtirish to‘g‘risida ma’lumot beramiz. 135 Muhammad Solih - Yo'lnoma - Xo‘p, boraman, - dedim, men, - boshqa gap bo‘lmasa, bizga ruxsat... Hammasining yuzida mulzamlik bor edi. Oshirib yubordim, shekilli, deb o‘yladim ichimda... Ertasi kuni Davlat sekretari Rajabovning yoniga bordim. Saroyning beshinchi qavatida edi qarorgohi. Kabineti Prezidentnikidan kam emasdi. Xususiylashtirishni amalga oshirayotgan kishini chaqirgan ekanlar. Bechora bir to‘da sxema-chizgilar, grafiklarni devorga osib, xususiylashtirishdan yerli xalqqa u qadar ziyon kelmasligini isbot qilishga urundi. Balki, u haqli edi. Ammo bir millatvakilining millat oldiga chiqib gapirmasligi uchun shuncha ovoragarchilik nimaga lozim bo‘ldiykin, deb o‘ylardim u yerda o‘tirib. - Rahim aka, sizga katta rahmat bu ko‘rsatgan e’tiboringiz uchun, - dedim, - ammo men Oliy Kengashda gapirishim shart, Karimov qo‘rqmasin, men uni tanqid qilmoqchi emasman, muhimroq narsalar bor... Rahim Rajabov buxorolik, ko‘ngli ochiq, dangal inson edi. U meni tushunib turardi, ammo topshiriqni ham bajarishi kerak edi. - Jon uka, shu ertani janjalsiz o‘tkazaylik, yana miting ham tayyorlabsizlar, Prezident juda bezovta, - dedi Davlat Sekretari Rajabov. Hech janjal bo‘lmaydi, - dedim men, - mana, ko‘rasiz, men gapiraman, hech janjal bo‘lmaydi... Xayrlashdik. Davlat sekretari xomush kuzatib qoldi. Bunday insonlarga men doim samimiy achinaman. Normal sharoitda o‘lkasiga foydasi tegadigan mehnatkash odamlar. Bir boshqaruvchining injiqligi tufayli butun ishini tashlab, bir deputatni majlisda gapirtirmaslik uchun bir necha kunini qurbon qilayotgan bu odam haqiqatan ham achinishga loyiq edi. Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling