Ochiq (oshkora) nizolar muxoliflarning yaqqol ifodalangan to‘qnashuvini – janjallar, tortishuvlarni bildiradi. Bular har xil me’yorlar (huquqiy, ijtimoiy, axloqiy me’yorlar) bilan tartibga solib turiladi. Bunday nizolar odatda qarama qarshi tomonlarning ko‘z oldida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri vujudga keladi. Ular to‘qnashish sodir bo‘lgunga qadar to‘liq yetilgan bo‘ladi. Bunday nizolar rahbariyat nazorati ostida turganligi sababli korxona uchun unchalik havf tug‘dirmaydi va ularni boshqarish oson kechadi.
Yopiq (yashirin) nizolar o‘ta havflidir. Bunda qarama-qarshi tomonlar o‘rtasidagi agressiv hatti-harakatlar yashirin holatda olib boriladi. Oshkora kurash uchun ularda yetarli hokimiyat ham, kuch ham yo‘q. Odatda ular zimdan ish olib boradilar. Bunday nizolarni asta sekin, belgilangan fursatda portlaydigan minaga o‘xshatsa bo‘ladi. Agar nizo hali “yetilmagan” yoki ularni odamlar nigohidan yashirishsa, boshqacha qilib aytganda nizo kishilar “ichida” bo‘lsa, bilinki, bu nihoyat havfli va uni boshqarish juda qiyin kechadi. Shuning uchun yashirin nizolarni faqatgina bilvosita vaziyatlar orqali sezish mumkin.
Xarakteriga qarab nizolar ob’ektiv yoki sub’ektiv nizolarga bo‘linadi.
Ob’ektiv nizolarga korxonaning rivojlanish jarayonida yuzaga chiqadigan real kamchiliklar va muammolar bilan bog‘liq nizolar kiradi. Bu nizolar amaliy nizolar bo‘lib, ishlab chiqarishni rivojlantirish, rahbarlik uslubini takomillashtirish, korxonada normal “ruxiy iqlim” ni yaratish uchun xizmat qiladi.
Sub’ektiv nizolarga kishilarning u yoki bu voqelikka bo‘lgan shaxsiy firklarining turlichaligi oqibatida vujudga keladigan nizolar kiradi. Bu nizolar tabiati bo‘yicha his-to‘yg‘uga, hissiyotga berilish, qiziqqonlik, oqibatida yuzaga chiqadi.
Vertikal nizolar – yuqoridan pastga qarab hokimiyatning taqsimlanishi asosida bo‘ladigan nizolar: boshliq - xodim, yuqori tashkilot - korxona, kichik korxona - ta’sischilar orasidagi bo‘ladigan nizolar.
Gorizontal nizolar – hajm jihatdan bir xil bo‘lgan hokimiyatning yoki ierarxik darajasi bo‘yicha sub’ektlarning o‘zaro harakatini nazarda tutadi: bir xil darajadagi rahbarlar, o‘zaro mutaxasislar, mahsulot yetkazib beruvchilar, iste’molchilar va shunga o‘xshashlar orasidagi nizolar.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, vertikal va gorizontal nizolarning o‘ziga xos xususiyati o‘zaro nizoli harakatlar boshlangan paytida muxoliflar ega bo‘lgan hokimiyat hijmi nazarda tutiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |