Murodulla mirzaev
Download 1.97 Mb.
|
O'quv qo'llanma-3
Salib yurishlari
Salib yurishlarining maqsadi Falastinni, birinchi navbatda, Quddusni saljuqiy turklardan ozod qilish bo'lgan. Falastin uzoq davrdan beri arab davlatlari hukmronligi ostida edi. Mintaqa Saljuqiylar ta'siriga o'tgach, xristianlar uchun Quddusga borish oldingidek xavfsiz bo'lmay qolgan. Salib yurishi Rim papasi Urban II tashabbusi bilan Quddus va Falastinni musulmonlardan ozod qilish maqsadida boshlangan. Dastlab Papaning murojaati faqat frantsuz ritsarlariga qaratilgan edi. Lekin keyinchalik keng miqyosli harbiy kampaniyaga aylanib ketgan. Salib yurishi g'oyasi G'arbiy Yevropaning barcha davlatlarini qamrab olgan. Salib yurishining asosiy sabablaridan biri Vizantiya imperatori Aleksey I ning Rim papasidan yordam so'ragani edi. Bir necha asr Vizantiya G'arb xristianlari uchun jangovor musulmonlar hujumlaridan ajratib turadigan bufer zona bo'lib kelgan. Biroq 1071-yildagi Mantsikert jangida yengilgan imperiya Kichik Osiyodagi katta hududidan ajragan. Vizantiya muqarrar halokatdan qutulish uchun Rim papasidan yordam so'rashga majbur edi. Birinchi salib yurishidan oldin Anatoliyaning katta qismi islomning sunniylik yo'nalishidagi Rum saljuqiylari hukmronligi ostida bo'lgan. Saljuqiylarni xristianlarga qarshi kurashishga qaraganda ichki qo'zg'olonlarni bostirish, taxt talashish, shialar isyoni ko'proq tashvishga solgan. Falastinni markaziy hokimiyatdan deyarli mustaqil bo'lgan amirlar boshqargan. Misrning katta qismi shia yo'nalishidagi fotimiylar sulolasi qo'lida bo'lib, Saljuqiylar bu hududning bir qismini bosib oladi. Shuning uchun Vizantiya imperatori Aleksey Komnin salibchilarga fotimiylar bilan ittifoq tuzishni maslahat beradi. 1076-yili Saljuqiylar Quddusni egallagan bo'lsa-da, keyinchalik 1098-yilda fotimiylar bu shaharni qaytarib olgan. Shialar salibchilarni “dahshatli dushmandan qutqaruvchi xaloskor”, deb bilgan. Biroq bu xom xayol ularga qimmatga tushgan. O'sha davrda G'arbiy Osiyodagi bir necha musulmon davlatlari taxminan bir paytda o'z rahbarlaridan judo bo'lgan. 1092-yili - Sulton Malikshoh va Bosh vazir - Nizomulmulk, 1094-yilda Bag'dodda Al-Muqtadiy va fotimiy Al-Mustansir vafot etgan. Bu voqealardan so'ng Misrda taxt uchun kurash, Saljuqiylar davlatida ayirmachilik harakatlari avj olgan. Suriyada o'zaro urushuvchi mayda davlatlar vujudga kelgan. 1096-yil oktyabrda Reno de Brey boshliq katta guruh Saljuqiylar davlati poytaxti Nikeyaga yurish boshlagan. Yo'ldagi oz sonli turk garnizonini yengib, Kserigordon qal'asini bosib olgan. Lekin sulton Qilich Arslon ularni qal'ani suv bilan ta'minlaydigan manbalaridan mahrum qilgan. Keyin u salibchilar lageriga josus yuborib, Nikeya egallangani haqida noto'g'ri ma'lumot tarqatishni buyurgan. Hiyla ishlatib, Yelenopoldagi salibchilar lagerida yolg'on xabar tarqatgan. O'ljadan quruq qolmaslik maqsadida barcha Nikeyaga yo'l olgan. Salibchilar 21-oktyabrda turklar tomonidan Nikeya va Drakon manzilgohlari orasidagi tor vodiyga qo'yilgan tuzoqqa tushgan. Taxminan 25-oktyabrda ular batamom tor-mor etilgan. Ulkan olomondan taxminan 30 ming kishi qutulib qolgan, ular Bosfor orqali grek qayiqlarida Vizantiya imperiyasi hududiga arang qochib o'ta olgan. Qolganlari qullikka mahkum etilgan. 1096-1097 – yillarda Konstantinopolь salib yurishi uchun qayta to'planish joyiga aylangan. Vizantiya imperatori Aleksey I salib yurishi uchun to'planadigan qo'shin imkoniyatidan Saljuqiylar tortib olgan Kichik Osiyodagi yerlarini qaytarib olishni ko'zlagan bo'lsa, salibchilar uchun buning hech qanday ahamiyati yo'q edi. Ular o'z maqsadi – Quddusni olishni ko'zlagan. Vizantiya uchun esa Quddusning ahamiyati yo'q edi. Ikki o'rtadagi bu ichki kelishmovchilik va bir-biridan shubhalanish ularning birlashishiga xalaqit bergan asosiy omil edi. Shuning uchun ular o'rtasida salib yurishi davom etmasdan turib, Konstantinopolь tashqarisida kichik-kichik to'qnashuvlar bo'lib turgan. Biroq Aleksey I ning o'tkir diplomatiyasi orada jiddiy to'qnashuvlar chiqishining oldini olgan. Bu bilan imperator salibchilar qo'shinlari qo'mondonlaridan Nikeya (Iznik) va boshqa Vizantiya yerlarini saljuqiylardan qaytarib olishida yordam berishlari va'dasini olishga muvaffaq bo'lgan. Ayni paytda, ularga nisbatan kichik bo'lsa-da ishonchsizlik sabab, o'z qo'shiniga salibchilarni Quddusgacha kuzatib borishlarini, yo'l-yo'lakay Vizantiya yerlarini oyoq osti qilmasliklarini tayinlagan. 1097-yil 14-may – 19-iyunь orasida - Nikeya, 1-iyulda Qilich Arslon qo'mondonligidagi - Eskishehir (Dorileya) salibchilar tomonidan qamal qilingan. 1097-yil iyulь-noyabrь oylarida Suriyaga qarab yurgan salibchilar Anatoliyaning g'arbiy hududlarini, Ko'nya yerlarini, Antioxiyani olish uchun shiddatli janglar bo'lib o'tgan. 1098-yilning yoz oylarida tarqalgan o'lat har ikki tomonning tinkasini quritgan. Epidemiya qurboni bo'lgan salibchilar qo'mondoni Ademar dyu Pyuining o'limi ular orasida sarosimalikni yuzaga keltirgan. Goh-u, goh-bu tomon tashabbusga erishgan. Jang davom etgan. 9-iyunь – 18-iyulь kunlari Fotimiylar himoyasidagi Quddus qamal qilingan. Ma'lumotlarga ko'ra yahudiylar va arablardan jami 70 ming kishi salibchilar tomonidan qatl qilingan. 1099-yil 12-avgustda Misrdan 50 ming kishilik qo'shin Quddusni ozod qilish uchun kelgan bo'lishiga qaramay, 10 minglik salibchilar tomonidan ular ham tor-mor qilingan. XI asr oxirlaridan boshlab Saljuqiylar davlati parchalana boshlagan. Chunki, birinchi salib yurishi1 natijasida Saljuqiylar davlati Gruziya, Shirvon hamda Kichik Osiyoning sohil bo'yi hududlaridan, Suriya va Falastinning bir qismidan ajragan (1096-1099 yy). Saljuqiylar davlati tarkibidan bir necha mustaqil sultonlik ajralib chiqqan. Masalan, Kermon sultonligi (1041-1187 yy), Shom (Suriya) sultonligi (1074-1117 yy), Ko'nya sultonligi va boshqa saljuqiy sultonliklar o'g'uz va boshqa turkiy urug'lar boshliqlari, jasur jangchilarga iqto2 in'om qilganlar. Masalan, Malikshoh saltanatni 12 ta viloyat - mulkka ajratib, ularni amirlar va lashkarboshilarga iqto tariqasida bergan. Bu holat katta mulkka ega bo'lgan iqtodorlarning mustaqil bo'lishga harakat qilishiga sabab bo'lgan. Malikshoh vafotidan so'ng, uning o'g'illari o'rtasida taxt uchun kurash avj olgan. Aka-uka sultonlar Mahmud (hukmronlik davri: 1092-1094 yy), Barqiyoruq, Malikshoh II (hukmronlik davri: 1104-1025 yy), G'iyosiddin Muhammad (hukmronlik davri: 1105-1118 yy) ayrim hokimlarning isyonlarini bostirish bilan birga, ismoiliylar harakati, xususan, hashshoshiylarta qarshi kurash olib borishga majbur bo'lgan. Buyuk Saljuqiylar davlati taxt uchun kurashlar oqibatida sharqiy va g'arbiy qismlarga bo'linib ketgan. G'arbiy qismga G'arbiy Eron, Iroq va Ozarbayjon kirgan. Uni Iroq sultonligi (1118-1194 yillar) nomi bilan sulton G'iyosiddin Muhammadning o'g'li sulton Mahmud (hukmronlik davri: 1118-1131 - yillar) boshqargan. U Hamadonni o'ziga poytaxt qilgan. Sharqiy qism asosan Xuroson, Seyiston, Xorazm va Movarounnahrdan iborat bo'lib, unga sulton Malikshohning joriya-qullaridan biridan tug'ilgan kenja o'g'li sulton Sanjar hukmdorlik qilgan, uning poytaxti Marv bo'lgan. Sulton Sanjarning qudrati avjga chiqqan davrlarda G'arbiy Saljuqiylar ham uning siyosiy ta'siri ostida bo'ladi. G'aznaviylar davlati ham 1117-yildan boshlab unga tobe bo'lgan. Biroq Sharqdan qoraxitoylarning Movarounnaxrga bostirib kirishi, Samarqand yaqinida bo'lgan mashhur Qatvon jangi (1141-yil 9-sentyabr) da ular qarluqlar bilan birgalikda saljuqiy va qoraxoniylarning birlashgan qo'shinini tormor qilishi natijasida Sanjarning kuch-qudrati zaiflashgan. U Movarounnahr, keyinchalik Xurosonning asosiy qismidan ajragan. Anushteginiylar1 Qutbiddin Muhammad, xususan Otsiz2 davrlarida Xorazm ham Saljuqiylar davlatidan ajralib chiqib, o'z mustaqilligini tiklagan. Otsiz, hatto saljuqiylar poytaxti Marvni egallab, Nishopurni qamal qilgan (1141-1142 yy). Sulton Sanjarning vafotidan so'ng, (1157-yil) saljuqiylarning Xurosondagi hokimligi tugagan. Xuroson g'uzlar (o'g'uzlar) tasarrufiga kirgan. 1117-yilda saljuqiylarning Shom (Suriya) sultonligi, 1187-yilda Kermon sultonligi ham tugatilgan. Xorazmshoxlar XII asr ikkinchi yarmidan boshlab G'arbiy saljuqiylarga qarashli Iroq sultonligiga kuchli zarbalar bergan. Xorazmshoh Takash (Takesh) 1194-yilda Iroq sultonligini ham tormor qilib, o'z davlatiga qo'shib olgan. Faqat Kichik Osiyodagi Ko'nya (Anadolu, Rum) sultonligi XIY asr boshlarigacha hukm surgan.
Download 1.97 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling