Murodulla mirzaev


Download 1.97 Mb.
bet47/95
Sana05.01.2022
Hajmi1.97 Mb.
#220417
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   95
Bog'liq
O'quv qo'llanma-3

Harbiy-siyosiy tizim

Harbiy safarbarlik vaqtida har bir beklarbeki ko'chmanchi turkman-o'g'uzlardan iborat alohida qo'shin tuzishi lozim bo'lgan.

Viloyat va ularga teng hududlar Saljuqiylar davlatining harbiy kuchlari uchun asosiy manba edi. Yuqorida ta'kidlanganidek, har bir iqto egasi o'zi kuch to'plab, ularni harbiy ishga o'rgatib, qurollantirib va kiyintirib, maosh to'lashi lozim bo'lgan. Bunday otliq qo'shinning soni iqto hajmidan kelib chiqqan.

Ibn Bibi iqto hajmi, undan olingan soliq miqdori va shunga yarasha sulton qo'shiniga qancha sarboz (piyoda) berilishi haqida ma'lumot bergan. Masalan, 1220-yilning boshlarida Alouddin Kayqubod Kamoliddin Komyorga 100 ming dirhamga teng daromadi bo'lgan Zara viloyatini iqto sifatida bergan ekan. Komyor buning evaziga 60 otliq sarbozni xizmatga olib, o'rgatib, qurollantirishi lozim bo'lgan. Demak, Alouddin Kayqubod davrida iqto egalari yiliga har otliq askar uchun tax'minan 1670 dirham pul sarflagan.

Safarbarlik e'lon qilinganda iqtodor o'zining otliq qo'shini bilan syubashi xizmatiga kelishi talab qilingan. Syubashi barcha qo'shini bilan sulton qarorgohiga yetib kelishi lozim bo'lgan. Urushga safarbarlik quyidagicha bo'lgan: sulton lashkar yig'ish bo'yicha yozma farmon bergan. Ularga sulton tug'rosi – muhri bosilgan. Choparlar ularni saljuqiylarning barcha viloyat va muzofotlariga yetkazgan. Harbiy tadbirlar muvaffaqiyati ko'p holatda safarbarlik muddati bilan bog'liq bo'lgan. Kechiktirish yoki farmonni vaqtida bajarmaslik - qattiq jazo bilan yakunlangan.

Masalan, Gruziya bilan urush paytida Rukniddin Sulaymon shunday farmon chiqarib uni barcha viloyatlarga, jumladan maliklar viloyatlariga yuborgan. Ibn Bibi ma'lumotiga ko'ra Elbistondan o'z qo'shini bilan sultonning ukasi malik G'iyosiddin To'g'rulshoh birinchi bo'lib hozir bo'lgan. Keyin malik Faxriddin yetib kelgan. Erzurum maliki Alouddin Soltuq esa safarbarlikka kechikkan. Natijada sulton Alouddin Soltuqqa kechikkani uchun jazo bergan. Uning mulkini tortib olib, Erzurum viloyatini G'iyosiddin To'g'rulshohga berish haqida farmon chiqargan. Aksincha, urushdan keyin qo'lga kiritilgan g'alabalari uchun sulton o'z maliklarining yer mulklarini juda ham kam kengaytirishlariga amru farmon bergan.

Safarbarlik e'lon qilingandan so'ng 8-9 kun ichida qo'shin sulton ko'rsatgan joyga yetib kelsa bunday safarbarlik muvaffaqiyatli hisoblangan. Bundan shunday xulosa chiqadiki, viloyatdagi iqto egalarining qo'shinlari doim harbiy jihatdan tayyor bo'lishlari talab qilingan.

Iqto tizimi asosida tuzilgan lashkar butun saljuqiylar nizomiy kuchlarining asosini tashkil qilgan. Qo'shinning bu qismini otliq sipohiy deyishgan.

Iqto qo'shinidan tashqari saljuqiylar lashkarida professional qo'shin bo'lib, ular xizmatlari evaziga maosh olgan. Bu qo'shin poytaxtda joylashgan bo'lib, to'g'ridan-to'g'ri sultonga bo'ysungan. Ular piyoda askarlar va otliqlar bo'lgan. Saljuqiylar davlatiga mo'g'ullar birinchi hujum uyushtirganlarida ular Sivasgacha bostirib kirgan. Shunda sulton o'zining bosh qo'mondoniga ularni to'xtatishni buyurib, Kamoliddin Komyor ixtiyoriga doimiy qo'shin berilgan. Ularning tarkibiga sultonning otliq va piyoda gvardiyasi kirgan. Doimiy qo'shin turli elat va xalqlarga mansub bo'lgan asirlar va qullar (g'ulomlar) hisobidan tuzilgan edi. Biroq ularning harbiy tyyorgarlik tizimi haqida ma'lumot mavjud emas. Faqat ularning ta'limi uzoq muddat davom etgani aniq. Bu muddat ichida g'ulom (xizmatkor) va asirlar til o'rganib, o'g'uzlarning rasm-rusum va udumlari bilan tanishgan, harbiy bilimlarni mukammal o'zlashtirgan. Natijada, asir tushgan va g'ulomlar hisobidan sultonga sadoqatli bo'lgan professional harbiy tuzilmalar shakllanardi. Sulton ularga o'zining xavfsiziligini himoya qilish va murakkab, og'ir harbiy vazifalarni bajarish kabi ishlarni ishonib topshirardi.

Asir va g'ulomlar orasidan buyuk sarkardalar va davlat arboblari yetishib chiqqan. Ulardan biri Muboriziddin Ertoqush bo'lgan. Uni G'iyosiddin Kayxusrav I Antaliya syuboshisi, keyin shahzoda Alouddin Kayqubodning otabegi etib tayinlagan. Bundan tashqari, Jaloliddin Qoratoy, amir Shamsiddin Xoso'g'uz va Sayfiddin Torumtoy ham bo'lgan.

Otliq sipohiy va muntazam doimiy lashkar bilan birga safarbarlik chog'larida sulton qo'shiniga vassal davlatlarning qo'shinlari ham kelib qo'shilishi talab qilingan. Masalan, Arman shohi Levon bilan sulh tuzganda u Alouddin Kayqubodga har yili ming nafar otliq sipohiy va 500 nafar charkchi yoki zambarakchi yuborishi shart qilingan edi.

Zarurat paydo bo'lganida davlat xazinadan o'g'uz (turkman)lar va ajnabiylar hisobidan yollanma askarlarni xarid qilish uchun ham mablag' ajratgan.

Quruqlikdagi kuchlar tarkibida lahimchi (lag'imchi) degan harbiy dasta bo'lgan. Ular qamal jarayonida katta rolь o'ynagan. Ular qal'a va istehkom devorlari ostidan lahm qazib, ularni teshgan yoki portlatib, hujumga yo'l ochgan. Ayni shu lahm qazish yo'li bilan Alouddin Kayqubod qo'shinlari mustahkam Chemishkezek qal'asini bosib olgan.

Bundan tashqari, saljuqiylar qo'shinida ko'p miqdorda manjaniqlar bo'lgan. Ularning yordamida qal'a devorlarini uzoqdan tosh otib buzib tashlangan. Manjaniqlar bilan yana dushman qal'alari va shaharlariga, dushman saflari orasiga yonayotgan neftь to'ldirilgan idishlarni otgan. Bu, dushmanni sarosimaga tushirgan.

Jang maydonida qo'shin muayyan bir tartibga ega edi. U muqaddima, markaz, chap va o'ng qanot hamda arьergarddan (qo'shinning orqadagi qismi) iborat bo'lgan. Qo'shinda razvedka bo'linmasi ham bo'lgan.

Harbiy amaliyot o'tkazish uchun qarorni sulton qarorgohida yozma shaklda qabul qilib, uning bajarilishiga kirishgan.

O'rta yer va Qora dengiz atrofidagi yerlarni bosib olgach, saljuqiylarda harbiy flot paydo bo'ladi. Biroq u Yevropa floti bilan raqobat qila olmas edi. Shunga qaramasdan, Kolonoros qal'asini qamal qilganda Alouddin Kayqubod uni dengiz tarafidan floti yordamida ham qurshab olgan.

Qora dengizda saljuqiylar avvallari Sinop va Samsun portlarida qo'lga kiritilgan kemalar bilan flot tuzgan.

Sulton Alouddin Kayqubod davrida Qrimning Qora dengizdagi sohilida joylashgan va savdo yo'llari ustida nazorat qilishni ta'minlaydigan Sudak shahrini bosib olish uchun desant amaliyotini amalga oshirgan. Ulkan kemalarda Sinopdan Qrimga otliq qo'shin saljuqiylar armiyasining qo'mondoni Hisomiddin Cho'pon boshchiligida olib o'tilgan.

Shahar ostonasida qipchoqlar qo'shini joylashganini razvedka ma'lum qiladi. Saljuqiylarning desant qo'shinlari jangga kirishib ikki kun ichida qipchoqlarning qo'shinini butunlay tor-mor etgan. Shahar Ibn Bibi ma'lumotiga qaraganda, qamalga tayyorgarlik ko'rgan. Shahar devorlari mustahkam, qurol-yarog' va oziq-ovqat zahira qilingan edi. Shaharda xandaklar va boshqa mudofaa inshootlari qurilgan edi.

Saljuqiylar otliqlari shaharga yaqinlashganida ularning boshlariga tosh, o'q, yonayotgan neftь yomg'irdek yog'ilgan. Keyin shahar darvozalari lang ochilib, saljuqiylarga qipchoqlarning kavaleriyasi hujum qilgan. Saljuqiylar bu yerda ham o'z taktikalaridan foydalanib, avval orqaga chekinganday bo'lib qochgan va shahardan uzoqlashib, dushmanni o'zlari bilan olib ketgan. Muayyan masofagacha yetib borib, pistirmada turgan kuchlar bilan qipchoqlarning otliqlarini qirib tashlagan. Kechga borib saljuqlar Sudakka qaytib kelgan, shahar yaqinida joylashib, aholiga ruhiy ta'sir o'tkazish uchun tadbir o'ylab chiqqan. Ular bazm barpo qilib, kechasi bilan musiqa va kuy chalib ziyofat uyushtirdilar. Ertalab shahar aholisi nomidan elchilar kelib omonlik tiladilar va sulton belgilagan miqdorda o'lpon to'lashni taklif qilgan. Sudakni zabt etgan saljuqiylar yana kemalarda Sinopga qaytib kelgan.

Demak, saljuqiylarning harbiy kuchlari - quruqlikdagi kuchlar, harbiy va harbiy-transport flotidan iborat bo'lgan. Quruqlikdagi kuchlar qo'shinning asosiy qismini tashkil etgan iqto kavaleriyasi – sipohiylar hamda son jihatdan kamroq bo'lgan maosh olib xizmat qiladigan professional (muntazam) lashkarlardan iborat bo'lgan. Muntazam qo'shin poytaxtda joylashib, otliqlar va piyoda askarlardan iborat bo'lgan. Bundan tashqari, urush vaqtlarida tobe davlatlarning qo'shini ham qurolli kuchlar tarkibiga kirgan.

Lashkarda eng oliy mansab - bosh qo'mondon–maliku-l-umaro bo'lgan. Unga xizmati evaziga iqto berilgan. Lashkar soni doimiy va oldindan belgilanmagan. Uning soni qo'yilgan vazifani bajarishi bilan bog'liq bo'lgan. Bitta muntazam qo'shinning soni domiy bo'lib, u 10 ming nafarga yetardi. Bu raqam saljuqiylar qo'shini ko'p sonli bo'lmaganligini ko'rsatadi.

Masalan, Suriya bilan bo'lgan urushda sulton Izzaddin Kaykovus I ning qo'shini 22 ming nafar jangchidan iborat bo'lgan. Yassichaman muhorabasida 100 minglik Jaloliddin qo'shiniga Alouddin Kayqubod 40-45 minglik qo'shini bilan qarshi turgan. 1234-yilda saljuqiylar davlati hududlariga Suriya va Misr qo'shinlari bostirib kirganda, Kamoliddin Komyorning armiyasida eski va yangi sarbozlar, sipohiy va muntazam kuchlardan iborat 50 minglik qo'shin bo'lgan.

Saljuqiylarning qo'shinlari kam bo'lishiga qarmay, oldiga qo'yilgan vazifani bajarishning uddasidan chiqqan. Biroq saljuqiylar qo'shini va uning boshliqlarining ustunlik jihatlaridan biri shu ediki, ular o'zgaruvchan sharoitlarga, dushman qurol-yarog'lari, tashkiliy tuzilmasi va taktikasiga tezlik bilan moslashgan. Saljuqiylar salibchilar tajribasini o'zlashtirib, ular ham og'ir qurol-yarog'dan foydalanadigan bo'lgan. Masalan, yuqorida tilga olingan Yassichaman jangida Ibn Bibi ma'lumotiga ko'ra saljuqiylarda temir sovutlar bo'lgan.

Saljuqiylar qo'shinining yana bir afzalligi - ularning urush taktikasida bo'lgan. Vizantiya imperatori Manuelning Qumdanli yaqinida mag'lub etilishi buning isboti. 1176-yil senyabrda 700 minglik Vizantiya armiyasi Qumdanliga yurish boshlaydi. Uni Qilich Arslon I saljuqiylar qo'shini bilan kutib olib, urushga kirmay chekingan. Shu tariqa 10 minglik qo'shin bilan Miriokefalon darasiga olib kirgan. Daradan chiqadigan tor joyda Qumdanlida imperator armiyasi kamsonli saljuqiylar qo'shini tomonidan tor-mor etilgan. 100 ming askari bilan imperator asirga tushgan.

Shuni ta'kidlash lozimki, saljuqiylar qo'shinining kamsonliligi iqtisodiy va moliyaviy jihatlarga bog'liq. XIII asr o'rtalarida iqto tizimi orqali ko'p sonli qo'shin tuzish imkoni bo'lmagan.

Saljuqiylar harbiy tizimining yana bir kamchiligi - unda qo'shinni boshqarish tashkiliy tizimining yo'qligida edi. Bu qo'shin boshqaruvini murakkablashtirgan. Kamsonli qo'shinni urush maydonida boshqarish qulay bo'lgan.

O'rganilayotgan davrda bu kamchilik barcha sharq davltlaridagi qo'shinlarga xos bo'lgan. XIII asr boshlarida faqat mo'g'ullar armiyasida aniq boshqaruv hamda tashkiliy tizim bo'lgani va bu ularning g'alabalari uchun muhim omil bo'lib xizmat qilgani ma'lum.


Download 1.97 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling