Murodulla mirzaev


Download 1.97 Mb.
bet43/95
Sana05.01.2022
Hajmi1.97 Mb.
#220417
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   95
Bog'liq
O'quv qo'llanma-3

O'g'uzlar

XI asrgacha asosan Markaziy Osiyo va Mo'g'uliston cho'llarida yashagan o'g'uzlar 24 qabiladan tashkil topgan bo'lib, ikki guruhga bo'linadi.

1. O'rxun-Enasoy yozuvlarida qayd etilishicha, YII asr boshida Turk hoqonligi tarkibida paydo bo'lgan To'qqiz O'g'uzlar qabilalari ittifoqi guruhi. 744-745 – yillarda Turk hoqonligi tor-mor etilgach, hozirgi Mo'g'uliston hududida o'z davlatini tuzgan uyg'urlar bu ittifoqda yetakchi mavqeni egallagan. 840-866 – yillarda qirg'izlar tomonidan siqib chiqarilgach, O'g'uzlar hozirgi Xitoydagi uyg'urlar yashaydigan Sinьtszyanь va Ganьsu viloyatlariga ko'chib o'tgan va 850-1250 – yillarda mavjud bo'lgan Ganьchjou hamda Turfon1 davlatlarini barpo etgan, shu yerda To'qqiz O'g'uzlar nomi uyg'ur etnonimi bilan aralashib almashib ketgan.

2. IX-XI asrlarda Orol va Kaspiy bo'ylaridagi ko'chmanchi va yarim o'troq qabilalar ittifoqi – G'uzlar guruhi. Yangikent - O'g'uzlar yabg'usi (hukmdori) qarorgohi bo'lgan. XI asrning 50-60 - yillarida O'g'uzlarning bir qismi Rus knyazi Yaroslav Mudriyning o'g'illari tomonidan tor-mor qilingan va Kiyev knyazlarining vassali sifatida Rosь daryosi bo'ylariga joylashgan.

Sirdaryo o'g'uzlarining boshqa qismi X-XI asrlarda Buxoro va Xuroson yerlariga qarab siljigan. 1040-yildan keyin Saljuqiylar bosh bo'lgan O'g'uzlar G'arbiy Osiyo mamlakatlarini bosib olgan. XI-XIII asrlarda O'g'uz etnonimi O'rta Osiyo va Eronda - turkman, Yaqin Sharqda - turk etnonimi bilan almashgan. O'g'uzlar turkman, ozarbayjon, turk, gagauz hamda qoraqalpoqlarning etnos sifatida shakllanishida muhim rolь o'ynagan.

O'g'uzlar har biri 12 tadan ikkita an'anaviy qabilaviy tuzilmaga bo'lingan: Ucho'q (uchuk)lar va Bo'zo'q (buzuk)lar.

Birinchi tuzilma – Ucho'qlar (uch o'q ma'nosida) ham 12 ta qabilani o'z ichiga olgan uchta katta sulolani tashkil etgan: Go'k Xon, Dag' (Tog') Xon va Dengiz Xon. Mazkur urug'ning Dengiz Xon nasliga mansub Qiniq shajarasidan Buyuk Saljuqiylar sulolasi vujudga kelgan.

Ikkinchi tuzilma - Bo'zo'qlar (bo'z rangli o'q ma'nosida) 12 ta qabilani o'z ichiga olgan uchta katta suloladan iborat: Gun Xon, Oy Xon va Yulduz Xon. Gun (Kun) Xon nasliga Qayi, Bayot, Alqaevli va Qoraevli kabi sulolalar kirgan. Aynan shu urug'ning Gun Xon sulolasiga mansub Qayi naslidan Buyuk Usmoniylar sulolasi vujudgan kelgan.

Demak, O'g'uzlarning Bo'zo'q qavmiga mansub Gun Xon naslidan Qayi urug'u va undan afsonaviy Ertug'rul sulolasi davomchilari - Usmoniylar vujudga kelgan. Shuningdek, Ucho'qlar qavmiga mansub Dengiz Xon naslidan Qiniq urug'i va undan Saljuqiylar sulolasi vujudga kelgan.

IX asrga kelib turklarning o'g'uz qabilasi yetakchisi O'g'uzxon rahbarligida O'g'uz davlati tashkil etilgan. O'g'uz qabilalari Qozog'istonning Irgiz, Ural, Emba, Uil bo'ylarini, Orol dengizi, Sirdaryo vodiysi, Qoratou tog'lari va Chu vodiysini egallagan. Ular Orol dengizi, Shimoliy Kaspiy mintaqasi va Sirdaryoning quyi qismida joylashgan. IX-X asrlarda Sirdaryoning o'rta va quyi oqimlari havzasida, Qozog'istonning g'arbidagi dashtlarda, hozirgi Turkiston viloyatining Qorachiq qishlog'i, Sayram va Farob shaharlarida O'g'uzlar siyosiy birligi shakllangan.

“O'g'uz” atamasining etimologiyasi noaniq. Ehtimol bu atama “qabilalar”, “qabilalarning birlashishi” degan ma'noni anglatib, keyin jamoa ma'nosidagi etnik nomga aylangan bo'lishi mumkin. Arxeologik va yozma manbalarga ko'ra, ular bu hududga Yettisuv shahridan kelgan. O'g'uzlarning dastlabki manzili O'rta Osiyoning janubi-sharqiy mintaqalari bo'lgan va ilk o'g'uzlar guruhining shakllanishi G'arbiy Yettisuv bilan bog'liq.

Ba'zi tadqiqotchilar “o'g'uz”ni “o'q” atamasidan kelib chiqqanligi haqida fikr bildirgan. “Uz” qo'shimchasi – ko'plikni bildiradigan qo'shimcha. Ya'ni – “o'qlar, ko'plab o'q” degani. Har holda o'g'uzlarning o'qday uchib yurganliklariga ishora bo'lsa ajab emas. Bu, bir taxmin.

Boshqa mutaxassislar bu so'zni rang sifatida “oq”, “asl” ma'nosida shakllantirgan. Bu qadimgi tushuncha, ehtimol “odam” yoki “odamlar” deb tarjima qilingan va ko'pincha “ir” yoki “er” tushunchalariga qiyoslangan.

O'rta asrlar mashhur olim va tarixchilari Abu-l-Fadl Bayhakiy, Mahmud al-Qoshg'ariy va Fazlulalloh Rashid ad-Din ham “o'g'uzlar” etnonimining sinonimi sifatida turkman etnonimidan foydalanib, o'g'uzlarni turkmanlar deb atagan va mashhur o'rta asr mutafakkiri Sharaf al-Zamon Tohir al-Marvaziy Islomni qabul qilgan o'g'uzlarni turkmanlar deb atagan. Rus va sovet sharqshunosi, akademik V.Bartolьdning so'zlariga ko'ra “turkman” nomi o'g'uzlarning keyingi nomi.

O'g'uz xalqining Sharqiy Osiyodagi avvalgi ahamiyati qanday bo'lishidan qat'i nazar, YIII-IX asrlar voqealari natijasida ular tobora ko'proq G'arbda, ya'ni, XI asrda O'g'uzlar istilosiga uchragan Old Osiyo madaniy olami hududida to'plangan va o'g'uzlar yoki G'arbda aytishganidek, “turkmanlar” istilosiga uchragan. Keyinchalik, “turkman” nomi faqat o'g'uzlarga nisbatan ishlatilgan va asta-sekin “o'g'uz” “turkman” bilan almashib, “o'g'uz” muomaladan chiqqan.

Sirdaryo atrofida ko'chib yurgan qang'ar qabilalari qisman o'g'uzlar manziliga, qisman G'arbga - shimoliy Qora dengiz mintaqasiga ko'chib o'tishga majbur bo'lgan.

O'g'uz etnik jamoasining shakllanishi murakkab va uzoq davom etgan jarayon. O'g'uzlar tarkibiga Sirdaryo vodiysining qadimgi etnik tarkibiy qismi, shuningdek, Yettisuv ko'chmanchi va yarim ko'chmanchi qabilalari kirgan. Ular ko'plab qavmlarga ajralgan bir qator qabilalarga bo'lingan edi. Mahmud Koshg'ariyning ta'kidlashicha, o'g'uzlar dastlab 24 qabiladan iborat bo'lgan. Keyingi mutaxassislar, xususan, Marvaziy o'g'uzlarning faqat 12 qabilasi haqida gapiradi. Manbalar o'rtasidagi tafovut ehtimol, o'g'uz qo'shinlarining o'ng va so'l qanotlarida joylashgan ikkita ekzogam fratriyalar1, buzuklar va uchuklarga bo'linishi bilan izohlanishi mumkin. O'g'uzlar davlati urug' va aymoqqa bo'lingan. “Urug'” atamasi umumiy bo'linishlarni belgilash uchun ishlatilgan. Katta qabila birlashmalariga birlashgan urug'lar va qabilalar “il” (mamlakat) deb nomlangan.

O'g'uzlar Sirdaryoga kelishidan oldin ularning poytaxti Yettisuvdagi eski Guziya shahri bo'lgan. X asrda Yangikent yoki Yangi Guziya - O'g'uz davlatining poytaxtiga aylangan. Yangikent eski karvon yo'lida, ko'chmanchi dunyo bilan o'troq qishloq xo'jaligi madaniyati chorrahasida joylashgan edi.

Sirdaryo davlati jabg'ulari2 IX asrning birinchi yarmida shakllangan. Eng qudratli Yabg'u – XI asr o'rtalaridan boshlab hukmronlik qilgan Abakun-ali-Ahmad bo'lgan. Uning davrida Kaspiydan to Amudaryogacha bo'lgan hududdagi ko'chmanchi qabilalar birlashtirilgan. XII asr boshlarida 135 ming jangchi, 400 ming ot, 3 ming tuya va mingta jangovor fildan iborat turk qo'shinlari G'arbga tomon yura boshlagan. Yo'l-yo'lakay Fors podsholigini, Gruziyaning janubiy qismi va shimoliy Iroqni bosib olib, Vizantiyaga xavf sola boshlagan. 1102-yilda Abakun-ali-Ahmadning vafotidan so'ng uning nabirasi Saladdin Ali Abdul Merxenrad ismini Saljuq sifatida o'zgartirib, taxtga o'tirgan. “Saljuq” so'zi “barcha insonlarning yetakchisi” ma'nosiga ega. Shu davrdan e'tiboran “yabg'u” atamasi ishlatilmagan, uning o'rniga hukmdor – “sulton” nomi bilan atala boshlagan.

Tangalar haqidagi afsonalarda qirollikning malika al-guzziyya unvoni, shuningdek, Abbosiy xalifasining ustunligi tan olingan. Tangalardagi yozuvlar Xorazm alifbosiga tegishli. Bu, Xorazm madaniyatining O'g'uz davlati va uning pul tizimining shakllanishiga ulkan ta'siri haqida ma'lumot beradi.

O'g'uzlar davlati yaxlit emas edi. Hukmdorlarning yordamchi-boshqaruvchilari va maslahatchilari bo'lgan. Hukmdorning merosxo'ri “ichak” deb nomlangan. Ularni tarbiyalash uchun bolalikdan maxsus odamlar – “otabek” tayinlangan. Hukmdorning xotini “xatun” unvonini olgan va saroy hayotida muhim rolь o'ynagan. Qo'mondonlar ham muhim rolь o'ynagan. Qo'shinlarning bosh qo'mondoni – “syubashi” Harbiy Kengashga ishongan va siyosiy voqealarga faol aralashgan. Hukmdorlar odatiy huquqning yozilmagan qoidalari to'plami – “Tavrot” asosida eng kuchli oilalardan tanlangan. Oliy hukmdorning kuchi yirik harbiy qabila zodagonlarining kengashi bilan cheklangan. X asr oxirida boshqaruv ma'muriyati va doimiy soliq yig'ish tizimi shakllantirilgan.

X asr oxiri - XI asrlar boshlarida davlatdagi o'ta adolatsiz soliqlarga qarshi qo'zg'olonlar bo'lib turgan. Ayniqsa, X asr ikkinchi yarmida Ali Yabg'u hukmronligi davrida bunday qo'zg'olonlar tez-tez bo'lib turgan. Saljuqiylar bu vaziyatdan foydalanib, qo'zg'olonlarni boshqargan va Jendni qo'lga olgan. Ammo tez orada bu joylarni tark etishga majbur bo'lgan. So'nggi Yabg'u O'g'uz Shohmalik hukmronligi davrida davlat kuchaygan. 1041-yilda u qo'zg'olonni bostirib, Xorazmni zabt etgan. Ikki yildan so'ng u saljuqiylar tomonidan qo'lga olinib, qatl etilgan. Bu, O'g'uz davlatining oxirgi hukmdori edi.

Xalq qo'zg'olonlari O'g'uz davlatini zaiflashtirgan. O'g'uz hukmdorlariga qarshi kurashga saljuqiylar rahbarlik qilgan. Zaiflashgan O'g'uz davlati qipchoq qabilalarining tazyiqi ostida nihoyat qulaydi.

O'g'uzlarning asosiy qismi qipchoqlar ta'sirida Sharqiy Yevropa va Kichik Osiyo tomonga ketadi. Shunday qilib, XI asr o'rtalarida ichki va tashqi qarama-qarshiliklar tufayli O'g'uzlar davlati qulagan, aholisi Qipchoq davlati tarkibiga kirgan yoki saljuqiylar tomonida qolgan. O'g'uzlarning katta qismi Sharqiy Yevropa va Kichik Osiyoga, qolgan qismi esa Qoraxoniylar va Xurosonning saljuqiylar hukmronligi ostiga o'tgan.

O'g'uzlar o'ziga raqib deb bilgan pecheneg1 va boshqa qavmlarni O'rta Osiyodan siqib chiqargan. Pecheneglar rus cho'llariga borib joylashgan. U yerda Kiyev Rusi qarshiligiga uchragach, Bolqonlarga ko'chgan. Vizantiya ta'siriga tushgan va xristianlikni qabul qilib, Vizantiya qo'shiniga xizmat qilgan.

O'g'uz davlati chegaralari Volga bo'yi cho'llarigacha borib yetgan. Bu yerda ular Xazar hoqonligi va Volga Bulg'oriyasi bilan to'qnash kelgan. Ularga qarshi kurashda o'g'uzlar Kiyev Rusi bilan ittifoqqa kirgan. 965-yilda knyazь Svyatoslav o'g'uz-turklari bilan harbiy kelishuv imzolagan. Kiyev Rusi va turklarning zarbasi natijasida Xazar hoqonligi tor-mor etilgan. 985-yilda rus-turk ittifoqi zarbasiga Volga Bulg'oriyasi ham dosh bera olmagan va mag'lubiyatga uchragan.

Biroq shu davrdan e'tiboran Turk hoqonligi inqirozga yuz tuta boshlaydi. Davlat janubidagi saljuqiylarga mansub ko'plab qabilalar kuchaya boshlagan. Saljuq o'z atrofiga hoqon hokimiyatidan norozi bo'lgan qabilalarni to'play boshlaydi. XI asr o'rtalarida Turkistonga Markaziy Osiyodan kelgan qipchoqlar bostirib kiradi. O'g'uzlarning bir qismi qipchoqlar tazyiqi ostida Kiyev Rusi chegaralariga qadar chekinadi. U yerdan Bolqonlarga, Vizantiyaga o'tib ketadi. O'g'uzlarning ma'lum qismi - Kiyev Rusida, bir qismi – Vizantiyada, yana bir qismi - O'rta Osiyoning janubi orqali Xurosonga, shimoli-sharqiy Eronga o'tib, saljuqiylarning kuchaygan to'dalari himoyasiga kiradi. Ko'p o'tmay tarix sahnasiga yangi etnik guruh – turkmanlar chiqadi, O'rta Osiyoning janubi keyinchalik Turkmaniston nomi bilan atala boshlaydi.

O'g'uzlar bilan birlashib ketgan turkman qabilalarining ko'pi keyinchalik Kavkaz orti va Kichik Osiyoga ko'chib o'tgan. Bu o'z navbatida ozarbayjon va turk xalqlari shakllanishiga asos bo'lgan. Turkmanlar boshqa turklardan farqli ravishda XI asrda forsiy tilli mahalliy xalq bilan aralashib ketgan. Shu sabab ularning tashqi qiyofasida mongoloidlarga xos qadimgi turkiy alomatlar yo'q. Ya'ni, turkmanlar antropologik nuqtai nazaridan yevropeoid irqiga mansub bo'lib qolgan. Bunday farqlilik ularning mahalliy xalq madaniyatini o'zlashtirganligidan bo'lishi mumkin.

XI asr oxirida turkman va o'g'uz qabilalari Kichik Osiyoga yaqin kelib qolgan. Bu holat keyin Turkiya nomini oladigan Saljuqiylar davlati tamal toshini qo'yish maqsadida G'arbga qarab siljiy boshlashiga sabab bo'lgan.

Kichik Osiyo ko'plab madaniyatlar va davlat tuzilmalarining beshigi hisoblanadi. Hozirgi Turkiya hududi qadimgi insonlarning yerga ishlov berishdagi ibtidoiy usullaridan madaniy shakllariga o'tgan joy sanaladi. Saljuqiy turklar XI asrda Arman tog' tizmalarining bir qismini, keyinchalik Vizantiya imperiyasi va Armanistonni bo'ysundirgan dastlabki turk sulolasi hisoblanadi.

Ular Kichik Osiyoda shu davrdan boshlab bekliklar tashkil eta boshlagan. Saljuqiylarning 1071-yilda Malazgirt (Mantsikert) yonida vizantiyaliklar ustidan qozongan g'alabasi bilan Kichik Osiyoda xristianlik davri tugagan, grek (rum) hukmronligi barham topgan va turk-musulmon davlatchiligining yangi shakli boshlangan davr sifatida izohlanadi. Bu g'alaba Kichik Osiyoning tamoman saljuqiylar ixtiyoriga o'tganligini bildirar edi. Turklar tez va osonlik bilan mamlakat ichiga qarab kirib borgan va XIII asr oxiriga qadar hukm surgan qudratli Saljuqiylar davlatiga asos solgan.


Download 1.97 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling