Murodulla mirzaev
Download 1.97 Mb.
|
O'quv qo'llanma-3
Salim III islohotlari
Salim III aqlli, vaziyatni to'g'ri baholay oladigan kuchli diplomat va islohotchi bo'lgan. Uning davrida imperiyaning tashqi siyosati sifat jihatidan o'zgarib, yangi bosqichga ko'tarilgan. U Prussiya bilan ittifoqchilik shartnomasini imzolaydi. Bu hol urushning yakuniga o'z ta'sirini o'tkazgan. Bundan tashqari, Angliya va Frantsiyaning Yaqin Sharqda Rossiya nazorati o'rnatilishiga qarshi ekanligidan ham xalqaro munosabatlarda ustalik bilan foydalangan. Natijada, 1791-yili Avstriya bilan Sistova separat sulhi imzolanadi va Rossiya urushni to'xtatishga majbur bo'ladi. Bu Usmoniylar imperiyasini to'la taslim bo'lishdan saqlab qoladi. Shu yili Rossiya bilan Yassi tinchlik shartnomasi imzolanib, ikki davlat o'rtasidagi chegara Dnestr bo'ylab o'tkazilishi belgilangan. Turklar o'zlarining Gruziyaga bo'lgan da'volaridan voz kechadi, Rossiyaning Moldaviya va Valaxiya ustidan hukmronligini tan oladi. Urushdan so'ng Salim III imperiyani isloh qilishga kirishadi. Shu maqsadda 1792-yildan 1796-yilgacha bir necha farmonlar chiqaradi. Bu farmonlarga ko'ra harbiy majburiyatni o'tashdan bosh tortgan mulkdorlarning mol-mulklari musodara qilinadi, armiya qayta tuzilib, yangicha intizom joriy qilinadi, harbiy muhandislik va dengiz floti bilim yurtlari tashkil etiladi. Yevropaning ilg'or usullari asosida to'p quyish o'zlashtirilgan, xorijdan mutaxassislar taklif etilib, flot uchun 23 ta yirik harbiy kema qurilgan va flot qayta tashkil etilgan. Salim III islohotlari “Yangi tuzum” (Nizom-i-jadid) deb nom olgan. Islohotlardan maqsad, markaziy hokimiyatni kuchaytirish orqali imperiya yaxlitligini asrab qolish edi. Islohotchilar armiyani davlatning tayanchi deb qarab, asosiy e'tiborni uni kuchaytirishga qaratgan. Islohotlar so'zsiz progressiv ahamiyatga ega va agar to'liq amalga oshirilganda Usmoniylar imperiyasini taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishi mumkin edi. Ammo mamlakatdagi mulkdor qatlamlarning katta qismi hamda har qanday islohotlarni davlat va dinning asoslariga zarar yetkazadi, deb hisoblagan musulmon ruhoniylari islohotlarga qarshi bo'lgan. Nizom-i-jadidga, ayniqsa yanicharlar qattiq qarshilik ko'rsatgan. Chunki, yevropacha ta'lim olgan va intizomli armiyaning shakllanishi yanicharlar korpusining barham topishiga olib kelishini ular yaxshi tushungan. Bundan tashqari, islohotlarni o'tkazish katta xarajatlar talab qilib, aholiga yangi soliqlar solinishiga olib kelgan va keng xalq ommasining noroziligini keltirib chiqargan. Oqibatda islohotlar to'liq muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Usmoniylarga qarashli bo'lgan Bolqon va Kichik Osiyodagi yarim mustaqil davlatlar boshliqlari: Vidin Poshosi - Usmon Pazvand o'g'li, Yanin Poshosi - Alimar ham joriy qilinayotgan yangiliklarga ochiqchasiga qarshi chiqqan. Hukumat ularni bo'ysundira olmagan. Shu tariqa islohotlar Usmoniylar tomonidan zabt etilgan xalqlar orasida milliy-ozodlik harakatlarining paydo bo'lishiga to'qinlik qila olmagan. 1793–1796 - yillarda Belgrad Posholigiga avtonomiya huquqini berishga majbur bo'lgan. Download 1.97 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling