2.4. Eksperimental amaliyot va fan sifatida rivojlanish
psixologiyasini shakllanishi
Psixik taraqqiyot muammolarini hal etishga bo’lgan tarixiy yondashuv, yirik rus psixologi A.N.Leontyev(1903-1979) olib borgan tadqiqot ishlarda yaqqol ko’zga tashlanadi. O’z ilmiy izlanishlarida Leontyev, hayvonlarning ontogenetik taraqqiyotdagi xulqidan farq qiluvchi bola psixik rivojlanishidagi sifat jihatdan yangi o’zgarishlarini ko’rsatib o’tadi. Ushbu farqli jihatlar, bolaning insoniyat tomonidan to’plangan tarixiy tajribalarni o’zlashtirishida aks etadi.
Hayvonlarda hayotiy tajribalarni egallashning ikkita ko’rinishi uchraydi:
irsiyat orqali mustahkamlangan filogenetik tajribalar;
hayot davomida egallangan individual(yakka) tajribalar;
Odam esa hayvonot dunyosidan farq qilgan holda tajribalarni o’zlashtirishning yana bir shakliga egalik qiladi:
ijtimoiy ong va belgilar tizimi(til)ning turli shakllari hamda mehnat mahsulida aks etadigan tajribalar;
Faqat insonga xos bo’lgan mazkur tajribalarni egallash, bola dunyoga kelgan kunidan boshlanadi, u tashqi olamga nafaqat moslashadi, balki uni o’ziniki qilib olishga intiladi. A.N.Leontyev egallash(o’zlashtirish) tushunchasi ostida quyidagi xolatni nazarda tutadi “...individum tomonidan tarixan shakllangan insoniy qobiliyatlar va funksiyalarni ro’yobga chiqarishdir...”5.
Individning ijtimoiy-tarixiy tajribalarni o’zlashtirishi, uning faolligini ta`minlaydi. Bolaning faoliyatni egallashi kattalarning ko’magi ostida kechadi, ular bolaga hatti-harakatlarga doir saboq beradilar. A.N.Leontyev fikricha, bolaning shaxs sifatida ulg’ayishi, uning insonlar o’rtasidagi shaxslararo munosabatlar tizimidagi o’rnini belgilaydi, o’z navbatida bu o’rin uning kattalar bilan hakorlikda faoliyat ko’rsatish darajasini ham aniqlashtirib beradi.
Psixik taraqqiyotning bir bosqichidan ikkinchisiga o’tish – yetakchi faoliyat tipining yangisiga almashinishi orqali izohlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |