Namangan davlat universiteti akbarov soxodilla yuldashboyevich


VII bob. Maktabgacha yosh davri


Download 1.53 Mb.
bet59/115
Sana04.11.2023
Hajmi1.53 Mb.
#1747921
1   ...   55   56   57   58   59   60   61   62   ...   115
Bog'liq
Ривож ва пед психология ўкув кўлл янги

VII bob. Maktabgacha yosh davri


  • 7.1. Maktabgacha bolalik davrida rivojlanishdagi ijtimoiy vaziyatning o’zgarishi;

  • 7.2. O’yin va faoliyatning boshqa turlari;

  • 7.3. Kattalar va tengdoshlari bilan muloqot;

  • 7.4. Maktabgacha tarbiya yoshida bilish jarayonlarini rivojlanishi;

  • 7.5. Maktabgacha tarbiya yoshida shaxs sifatida ulg’ayish.

Tayanch so’zlar: “men o’zim” fenomeni, “katta odam”, o’yin faoliyati, rolli o’yin, jinsiy tafovutlar, taqlid qilish, nutq faoliyati, o’zaro muloqot, bilish jarayonlari, mustaqillik, 3 yoshdagi inqiroz, qaysarlik alomatlari.
7.1. Maktabgacha bolalik davrida rivojlanishdagi ijtimoiy vaziyatning o’zgarishi
O’sib, ulg’ayib kelayotgan bola yangi psixologik xisatlar va xulq-atvor shakllarini o’zlashtirib boradi, shu orqali jamiyatning kichik bir a`zosiga aylanadi. Maktabgacha yoshdagi rivojlanishning ijtimoiy shart-sharoitlari, oldingi yosh davridan farq qiladi, chunki bolaning xulqiga nisbatan kattalarning talabi kuchayib boradi. Asosiy e`tibor, jamoat joyida o’zini tutish, ahloq-odob me`yorlarini egallashga qaratiladi. Tevarak atrofni yaqindan bilish imkoniyatlarining ortishi, bolanining qiziqishlar ko’lamini yanada kengaytiradi. Bola endi o’z tengdoshlari bilan o’zaro hamkorlikdagi faoliyatga qo’shiladi, ular bilan o’zaro kelishishga, ularning fikrlari va qiziqishlari bilan xisoblashishga o’rganadi.

7.2. O’yin va faoliyatning boshqa turlari
Psixologiya faniga doir manbalarda ko’rsatilishicha, mazkur yoshdagi bolalarni o’zlari xohlamagan faoliyatga jalb etish, majburlash salbiy xolatni yuzaga keltiradi, ular qiziqarli tashkil etilmagan mashg’ulotlarda juda tez charchaydilar, agar ushbu mashg’ulotlarga amaliy jihatdan yondashilsa, yaqqollik alomatlari kiritilsa, rang-baranglikka urg’u berilsa, bolalar ishga astoydil, butun vujudlari bilan kirishib ketadilar, ushbu faoliyatga nisbatan ijodiy munosabat paydo bo’ladi.
Rolli o’yin – maktabgacha yoshdagi bolalarning yetakchi faoliyati.
Rolli o’yin mazkur yosh davridagi bolalarning asosiy foliyati bo’lib, ular o’yinda kattalarning faoliyat namunalarini aks ettiradilar. Bolalar kattalarning turmush tarzi, hissiy kechinmalari, o’zaro muloqot xususiyatlari, o’ziga va boshqa kishilarga, atrof-muhitga munosabatini yaqqol voqelik tarzida ifodalab berish uchun turli o’yinchoqlardan yoki ularning o’rnini bosa oladigan narsalardan ham foydalanadilar. Shuni alohida ta`kidlash lozimki, ijtimoiy hayotni qamrab oladigan rolli o’yinlar, bola hayot tajribasining ortishi, tasavvur obrazlarining kengayishi orqali vujudga keladi va mazmun jihatdan takomillashib boradi.
Yirik psixologlar A.Vallon, J.Piaje, L.S.Vigotskiy,S. L.Rubinshteyn, A.N. Leontyev, D.B.Elkoninlar olib borgan ilmiy tadqiqotlarning ko’rsatishicha, go’daklik va ilk bolalik davrida bolaning predmetli-harakatli faoliyati negizida rolli o’yin uchun zarur bo’lgan elementlar yaqqol ko’zga tashlana boshlaydi.
Ushbu ma`lumotlarga asoslanib, rolli o’yin faoliyatini yuzaga keltiruvchi muhim omillar sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:

  • go’daklik va ilk bolalik davrida predmet va uni harakatlantirish orasidagi o’zaro bog’liqlik kamayib boradi va bola ularni alohida umumlashgan tarzda aks ettira boshlaydi;

  • bola haqiqiy o’yinchoqlar o’rniga ularni to’la aks ettira olmaydigan yasama nusxalaridan ham keng foydalanadi (fabrikada tayyorlangan qo’g’irchoq yoki avtomobil o’rniga uyda yasab berilgan shunday narsalar bilan qanoatlanish);

  • bolaning o’z hatti-harakatlarini kattalarning faoliyat namunalaridan farqlab olishga intilishi, unda o’ziga xos shaxsiy harakat ko’nikmasining paydo bo’lishi;

  • bolada o’zining hatti-harakatini kattalar faoliyati bilan qiyoslash, harakatlarni muvofiqlashtirish va aynan tuzilishi jihatdan bir-biriga yaqinlashtirish istagining yuzaga kelishi;

  • bolaning kattalar hayoti va faoliyatida uchrab turadigan, kundalik turmush muammolarini o’zida aks ettiruvchi, maishiy ko’rinishga ega bo’lgan hayotiy lavhalarni o’zining hatti-harakatlari orqali izjil ravishda tiklashga urinishi(o’yinda kattalarning rolini bajarishi).

Tadqiqotchi N.M.Aksarinaning ta`kidlashicha, o’yin faoliyati o’z-o’zidan yuzaga kelmaydi, buning uchun kamida uchta zarur sharoit talab etiladi:

  • bolaning ongida uni o’rab turgan tashqi voqelik to’g’risidagi xilma-xil taassurotlarning tarkib topishi;

  • turli-tuman ko’rinishdagi o’yinchoqlar va bola ruhiyatiga ta`sir ko’rsatadigan vositalarining mavjudligi;

  • bolaning kattalar bilan o’zaro yaqin munosabat o’rnatishi va muloqotga kirishishi, bunda kattalarning bolaga bevosita ta`sir ko’rsatishi hal qiluvchi o’rin tutadi.

Psixologiya faniga doir adabiyotlar tahliliga ko’ra maktabgacha yoshdagi bolalarning o’ziga xos xususiyatlari quyidagicha aks etadi:

  • maktabgacha yoshdagi bola kattalarning turli-tuman faoliyati, ularning tevarak-atrofdagi narsalar va xodisalarga bildiradigan munosabatlari va o’zaro muomalasiga qiziqish bilan qaraydi;

  • maktabgacha yoshdagi bolalar rolli o’yinlarda atrofdagi voqelikning yorqin ifodali, jo’shqin hissiy kechinmalar va taasurotlarga boy bo’lgan jihatlarini aks ettiradilar;

  • rolli o’yin orqali bola, kattalar bilan bir xil sharoitda yashayotganini namoyish etgan xolda o’z istagini amaliyotga tatbiq etadi;

  • maktabgacha yoshdagi bolalarning kattalar hayoti, turmush tarzi va faoliyatini taqlid qilish orqali o’zining o’yiniga ko’chirib o’tkazishi, uning ruhiyatida o’chmas iz qoldiradi.

D.B.Elkonin o’zining kuzatishlari asosida, rolli o’yinda aks etadigan voqelik bilan bir qatorda uning mazmuni ham mavjud ekanligi haqida yozadi. Uning fikricha, bolaning o’z o’yinida kattalar faoliyatining asosiy tomonini idodalab berishi o’yinning asosiy mazmunini tashkil etadi.
A.P.Usovaning ko’rsatishicha, rolli o’yin ishtirokchilari safi yosh ulg’ayishiga qarab, jinsiy tafovutlarga binoan kengayib boradi:

  • uch yoshli bolalar 2-3 tadan bo’lib guruhga birlashadilar va 3-5 daqiqa davomida birga o’ynay oladilar;

  • 4-5 yoshli bolalar guruhi 2-5 ishtirokchidan iborat bo’lib, ularning hamkorlikdagi faoliyati 40-50 daqiqa davom etadi, o’yin davomida qatnashchilar soni ortib ham boradi;

  • 6-7 yoshli bolalardagi rolli o’yin faoliyati, guruh yoki jamoa bo’lib birga o’ynash istagi tufayli paydo bo’ladi, natijada avval rollar taqsimlanadi, o’yinning qoidalari va shartlari tushuntiriladi (o’yin davomida bolalar bir-birlarining harakatini qattiq nazorat qiladilar).

Maktabgacha yosh davrida bevosita idrok etilmaydigan holatlarga nisbatan emotsional munosabat va murakkab hissiy kechinmalarning paydo bo’lishi, yuksak hislarning taraqqiy etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
L.S.Vigotskiyning ta`kidlashicha, bola o’yin faoliyatida bemor singari yig’laydi, o’yinning ishtirokchisi sifatida quvnaydi, bola tanlagan rol undagi mavjud kechinmalarning amaliy ifodasi kabi gavdalanadi. Ertaklar tinglash orqali, voqeani tasavvur qilish yuzaga keladi, bolada ertak qahramonlariga nisbatan o’ziga xos munosabat shakllanadi, dastlabki emotsional kechinmalar paydo bo’ladi.
D.B.Elkonin harakatli o’yinning qoidalari, mazmuni va o’zaro aloqadorligini e`tiborga olgan xolda, ularni beshta guruhga ajratadi:

  • harakatga taqlid qilish: taqlidiy-jarayonli o’yinlar;

  • muayyan bir voqea dramalashtirilgan o’yinlar;

  • oddiy voqeaga asoslangan o’yinlar;

  • voqeasiz, qoidali o’yinlar;

  • aniq maqsadga qaratilgan, mashqlardan iborat sport o’yinlari.

Bolani o’yinga undagan asosiy omillar, dastlab uning kattalar hamda borliq to’g’risidagi, shaxslararo munosabatlar tizimi haqidagi tasavvurlari va ularni o’z shaxsiy faoliyatida sinab ko’rish istagi bo’lsa, unga guruh bo’lib o’ynayotgan tengdoshlari bilan bevosita muloqotga kirishish ishtiyoqi sanaladi.
Bog’cha yoshidagi bolalar o’z o’yinlarida sermazmun хayotimizning хamma tomonlarini aks ettirishga intiladilar, bolaning yoshi ulg’ayib, mustaqil harakat qilish imkoniyati ortishi bilan, narsa va хodisalar bo’yicha fikrlashi kengayib boradi, ular bilan bevosita amaliy munosobatda bo’lishga intiladi.
Bolalarning tobora ortib borayotgan turli-tuman ehtiyojlarining qondirilishi, faqat rolli o’yin faoliyatini amalga oshirish tufayli hal etilishi mumkin bo’ladi.



Download 1.53 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   55   56   57   58   59   60   61   62   ...   115




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling