Nerv tizimi haqidagi ilm (neurologia)


Download 0.54 Mb.
bet15/39
Sana28.12.2022
Hajmi0.54 Mb.
#1011476
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   39
Bog'liq
AXMEDOV A.G’.Odam anatomiyasi 4

Hidlov miyasi
Hidlov miyasi (rhinencephalon) oldingi miyaning filogenezda hidlov retseptorlari ta’siri ostida paydo bo‘lgan eng qadimiy qismi. Hidlov miyasi oxirgi miyaning oldingi qismidan ichi bo‘sh bo‘rtma holida paydo bo‘ladi. Odamda hidlov miyasi ham taraqqiy etgan. Hidlov miyasida markaziy va periferik qismlar tafovut qilinadi. Hidlov miyasining markaziy qismi tarkibiga gumbaz pushtasi va uning ilmog‘i (uncus), dengiz oti (hippocampus), tishli pushta (gyrus dentatus) kiradi. Periferik qismi - hidlov bo‘lagi (lobus olfactorius) deb atalib, miya tubida joylashgan quyidagi qismlarni: hidlov so‘g‘oni, hidlov yo‘li, hidlov uchburchagi, oldingi ilma-teshik moddani o‘z ichiga oladi.
Bosh miya pardalari
Bosh miya ham xuddi orqa miyadek uchta parda bilan o‘ralgan. Bu pardalar bosh miyani o‘rab katta teshik sohasida orqa miya pardalariga o‘tib ketadi. Bosh miyaning qattiq, to‘r va yumshoq pardalari tafovut qilinadi.
Bosh miyaning qattiq pardasi (dura mater encephali) pishiq bo‘lib, tarkibida kollogen va elastik tolalari bo‘lgan biriktiruvchi to‘qimadan iborat. Kalla bo‘shlig‘ini ichki tomondan qoplab, u kallaning miya qismi suyaklarini qoplovchi suyak usti parda vazifasini ham bajaradi. Kalla qopqog‘i suyaklari bilan u pishiq birikmagan bo‘lib, oson ajraladi. Kalla asosi suyaklari bilan u choklarning chekkalari va teshiklar sohasida mustahkam birikkan. Qattiq pardaning to‘r pardaga qaragan ichki yuzasi silliq. Ba’zi sohalarda qattiq parda bo‘linib, endoteliy bilan qoplangan uchburchak shaklidagi vena bo‘shliqlarini hosil qiladi. Vena bo‘shliqlariga qon bosh miya va kalla suyaklari venalaridan oqib keladi. Bosh miyaning qattiq pardasi o‘zining ichki yuzasidan miyaning qismlari o’rtasiga kirib, ularni bir-biridan ajratuvchi bir nechta o‘simtalar beradi. Ulardan bosh miya o‘rog‘i (falx cerebri) yarimsharlar o‘rtasidagi bo‘ylama yorig‘da joylashgan yupqa plastinka bo‘lib, qadoq tanaga yetib bormaydi. Miyacha chodiri (tentorium cerebelli) ikki qiyalik chodir shaklidagi gorizontal tortilgan qatlam, miya yarimsharlarining ko‘ndalang egatiga kirib, bosh miyani miyachadan ajratadi. Miyacha o‘rog‘i (falx cerebelli) sagital yo‘nalgan bo‘lib, miyacha yarimsharlari o‘rtasiga kiradi. Turk egari to‘sig‘i, (diaphagma sellae) gipofiz chuqurchasi ustida gorizontal joylashgan, o‘rtasida teshigi bor qatlam. Uning ostida yotgan gipofiz teshik orqali gipotalamus bilan qo‘shiladi.
Bosh miyaning qattiq pardasi vena bo‘shliqlari uning ikki bo‘linishidan hosil bo‘lgan bo‘lib, ular orqali bosh miyadan vena qoni ichki bo‘yinturuq venaga oqadi. Vena bo‘shliqlari devori qattiq tortilgani, hamda har doim ochiq va klapanlari bo‘lmagani uchun har qanday sharoitda ham qon erkin oqadi. Bosh miya qattiq pardasida quyidagi vena bo‘shliqlari bor:
1.Eng katta va keng ko‘ndalang vena bo‘shlig‘i (sinus transversus).
2.Bosh miya o‘rog‘ining yuqori chekkasi bo‘ylab joylashgan yuqorigi sagittal vena bo‘shlig‘i (sinus sagittalis superior).
3.Bosh miya o‘rog‘ining pastki chekkasi bo‘ylab joylashgan pastki sagittal vena bo‘shlig‘i (sinus sagittalis inferior).
4.To‘g‘ri vena boshlig‘i (sinus rectus) yuqori va pastki sagittal vena bo‘shliqlarining orqa uchlarini qo‘shib turadi.
5.Ensa vena bo‘shlig‘i (sinus occipitalis) ko‘ndalang va sigmasimon sinuslarni qo‘shib turadi.
6.Sigmasimon vena bo‘shlig‘i (sinus sigmoideus) o‘z nomidagi egatda yotib ichki bo‘yinturuq venaga o‘tib ketadi.
7.G‘ovak vena bo‘shlig‘i (sinus cavernosus) turk egarining yon tomonida yotadi.
8.Yuqorigi va pastki tosh vena bo‘shliqlari (sinus petrosus superior et inferior) chakka suyagi piramidasining yuqori va pastki chekkalari bo‘ylab yotadi. Ba’zi sohalarda qattiq parda sinuslari emissar venalar (v.v.emissariae) vositasida boshning tashqi venalari bilan, diploik venalar (v.diploicae) kalla qopqog‘i g‘ovak moddasi venalari bilan anastomoz hosil qiladi.
To‘r parda (arachnoidea encephali) yupqa va tiniq bo‘lib, qattiq pardadan subdural bo‘shliq bilan ajralib turadi. To‘r parda bilan yumshoq parda o‘rtasida subaraxnoidal bo‘shliq (cavitas subarachnoidale) bo‘lib, unda orqa miya suyuqligi bo‘ladi. To‘r parda yoriqlar va egatlar orasiga kirmay bosh miyaning bir qismidan ikkinchi qismiga o‘tadi. To‘r parda keng va chuqur egatlarning ustida joylashganida to‘r parda osti bo‘shliq kengayib, tsisternalar hosil qiladi:
1.Miyacha-miya sisternasi (cisterna cerebellomedullaris) miya bilan miyacha o‘rtasida joylashib eng katta hisoblanadi.
2.Oyoqchalararo sisterna (cisterna interpeduncullaris) miya oyoqchalari o‘rtasida joylashgan.
3.Yon chuqurcha sisternasi (cisterna fossae lateralis cerebri) bosh miya yarimsharlarining lateral egati oldingi qismida joylashgan.
4.Kesishma sisternasi (cisterna chiasmatis) ko‘ruv nervi kesishmasi oldida joylashgan.
To‘r parda osti bo‘shlig‘i yon aperturalar orqali IV qorincha bilan qo‘shiladi. Miya qattiq pardasiga yaqin joylarda to‘r parda venoz sinuslariga botib kiruvchi o‘simtalar paxion granulyatsiyalar hosil qiladi. Bu o‘simtalar miya suyuqligi bosimini tekislab turishda va suyuqlikni vena bo‘shliqlariga o‘tkazib berishda katta ahamiyatga ega.
Yumshoq parda (pia mater encephali) miyaning tashqi yuzasiga zich yopishib, ular orasidagi barcha yoriq va egatlarga kiradi. U bo‘sh biriktiruvchi to‘qimadan iborat bo‘lib, qon tomirlarga boy. Ba’zi sohalarda yumshoq parda miya qorinchalari bo‘shlig‘iga kirib, orqa miya suyuqligi ishlab chiqaruvchi qon tomir chigallarini hosil qiladi.
Yangi tug‘ilgan va yosh bolada qattiq parda o‘simtalari yaxshi taraqqiy etmagan, o‘roqsimon o‘simta yupqa va tiniq ba’zi joylarda to‘rga o‘xshagan bo‘ladi. Miyacha chodiri juda yupqa bo‘lsa ham unga nisbatan yaxshi rivojlangan. Ikki yoshli bolada miya qattiq pardasi o‘simtalari qalinlashadi va tuzilish jihatidan kattalarnikiga o‘xshash bo‘ladi. Vena sinuslari nisbatan keng va ularning devori yupqa, yuqori bo‘ylama sinus ko‘r teshik orqali burun bo‘shlig‘i venalari bilan bog‘langan. To‘r pardaning paxion granulyatsiyalari bola bosh suyagi liqildoqlari suyaklanib bo‘lganidan keyin, bola hayotining uchinchi yilida paydo bo‘ladi. Ular bola 10 yoshga yetganida yaxshi takomillashgan bo‘lib, kattalarda soni 300 ga yetadi. Subaraxnoidal bo‘shliq yangi tug‘ilgan bolada uncha katta bo‘lmay, hajmi 20sm3 bo‘ladi.
Bosh va orqa miya o‘tkazuv yo‘llari
Bosh va orqa miyaning o‘tkazuv yo‘llari sodda va murakkab refleks yoylari tarkibiga kiruvchi orqa va bosh miyada uziluvchi, yuqoriga ko‘tariluvchi va pastga tushuvchi nerv tolalarining yig‘indisidan iborat. Bu yo‘llar orqa va bosh miyaning turli qismlarini bir-biri bilan bog‘lab, miya tarkibiy elimentlari ichida ikki tomonlama aloqani ta’minlab turadi. O‘tkazuv yo‘llar vositasida markaziy nerv tizimi va organizmning birligi va uning tashqi muhit bilan aloqasi boshqarilib turiladi. O‘tkazuv yo‘llar yordamida ichki va tashqi qo‘zg‘olish retseptorlari qabul qilib olgan markazga intiluvchi nerv impulslarini orqa va bosh miyada markazdan qochuvchi yo‘llarga o‘tishi orqali organizmning tashqi va ichki muhit ta’siriga moslashuvi paydo bo‘ladi, mushaklar qisqarib, bezlar shira ajratadi.
Refleks asosida reflektor yoyi yotadi. Reflektor yoyida nerv impulsi 120 m/sek. tezlikda yuradi. Sodda reflektor yoyi odatda ikki neyrondan iborat bo‘lib, ulardan bittasi sezuvchi yuzadan boshlansa, ikkinchisi aksoni bilan mushaklarda tugaydi. Murakkab reflektor yoyida uchinchi oraliq neyron bo‘lib, u sezuvchi neyron bilan harakatlantiruvchi neyronni bir-biriga bog‘lab turadi.
Barcha o‘tkazuv yo‘llari uch guruhga bo‘linadi: proektsion, komissural va assotsiativ. Organizm taraqqiyotida proektsion o‘tkazuv yo‘llari oldinroq paydo bo‘lib, keyin komissural va eng so‘ngida assotsiativ yo‘llar paydo bo‘ladi.
Assotsiativ o‘tkazuv yo‘llari bosh miyaning bitta yarimshari kulrang moddasini bir-biriga qo‘shib turadi. Assotsiativ o‘tkazuv yo‘llari har xil tuzilishdagi neyronlar zanjiridan iborat bo‘lib, ular afferent yo‘llarning oxirgi neyroni bilan efferent yo‘llarning birinchi neyroni o‘rtasida oraliq neyron holatida joylashib, reflektor yoyini biriktirib turadi. Assotsiativ yo‘llar uzun va qisqa tolalardan iborat bo‘ladi.
Ontogenezda assotsiativ yo‘llar komissural va proektsion yo‘llarga nisbatan kechroq paydo bo‘ladi, ammo bola tug‘ilganidan keyingi davrda tez o‘sib, mielin pardasi bo‘lmaydi. Bola hayotining ikkinchi oyidan boshlab ularda mielin parda hosil bo‘ladi va proektsion markazlar bilan aloqalar paydo bo‘ladi.
Komissural o‘tkazuv yo‘llari bir yarim shar po‘stlog‘ini ikkinchi yarim- shar po‘stlog‘iga qo‘shib turadi. Komissural o‘tkazuv yo‘llar yangi po‘stloq markazlarini qo‘shib turadigan qadoq tana va eski komissural yo‘llar gumbaz bitishmasi, oldingi va orqa bitishmalardan iborat.

Proektsion o‘tkazuv yo‘llari


Proektsion o‘tkazuv yo‘llari bosh miya po‘stlog‘i bilan miya pog‘onasi o‘zaklari (qisqa proektsion yo‘llar), hamda orqa miya o‘zaklari (uzun proektsion yo’llar) o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqani ta’minlab turadi. Nerv impulslarining yo‘nalishiga qarab proektsion yo‘llar ikki guruhga markazga intiluvchi - afferent, sezuvchi yo‘llar nerv impulsini periferiyadan markazga po‘stloqqa olib boruvchi va markazdan qochuvchi - efferent, harakatlantiruvchi, impulsni miya po‘stlog‘idan periferiyaga olib boruvchi yo‘llarga bo‘linadi. Afferent va efferent proektsion yo‘llar murakkab reflektor yoyining asosiy qismlari bo‘lib, ular o‘zaro miya po‘stlog‘ida assotsiativ o‘tkazuv yo‘llari vositasida qo‘shiladilar.

Afferent o‘tkazuv yo‘llari


Orqa va bosh miyaning markazga intiluvchi - afferent o‘tkazuv yo‘llari ekstratseptiv, propriotseptiv va intratseptiv tizim tolalariga bo‘linadi. Ekstratseptiv markazga intiluvchi yo‘llar orqali tashqi muhit ta’sirida hosil bo‘ladigan nerv impulslari o‘tadi. Bu yo‘llarga harorat, og‘riq, tanaga bo‘ladigan bosim, hamda sezgi a’zolaridan keluvchi o‘tkazuv yo‘llar kiradi.


Download 0.54 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   39




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling