An’ana va muvaffaqiyat
Institutda energiya resurslarini tejash maqsadida 2022-yilda umumiy quvvati 35 kVt boʻlgan quyosh panellari, 200 litr sigʻimli quyosh suv isitkichlari oʻrnatildi. Joriy yilda oliygohning barcha binosida umumiy quvvati 372 kVt boʻlgan quyosh panellari qoʻyiladi. Buning natijasida elektr energiyasiga ehtiyoj toʻliq, yaʼni 100 foiz quyosh energiyasi hisobidan qoplanadi. Bu, oʻz navbatida, har yili elektr energiyasi uchun sarflanadigan 650-700 million soʻm mablagʻni iqtisod qilish imkonini beradi.
Muqobil energiya manbalari kafedrasida energetika tizimi uchun mutaxassislar tayyorlanadi. Shuningdek, institutda Energiya tejamkorlik va qayta tiklanadigan energiya manbalari ilmiy tadqiqot markazi, Muqobil energiya manbalari oʻquv-ilmiy, innovatsiya poligoni tashkil etilgan. Markazda tajribali olimlar bilan birga yosh tadqiqotchilar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Markaz aʼzolari mamlakat miqyosida oʻtkazilayotgan “Mirzo Ulugʻbek vorislari”, “Boʻlajak olim” kabi turli tanlovlarda faol ishtirok etmoqda. Ularda muvaffaqiyat qozonish anʼanaga aylangan. “Boʻlajak olim” tanlovi misolida aytsak, yosh tadqiqotchilarimizdan Sitora Safarovaning “Maktabgacha taʼlim muassasalari uchun quyosh suv isitish qurilmalari” loyihasi tanlov gʻolibi boʻldi. Qurilmaning namuna varianti tayyorlangan. Bobur Toshmamatovning “Qattiq maishiy chiqindilardan muqobil yoqilgʻi olish qurilmasi” mavzusi doirasida 2 ta ilmiy ixtirosiga patent olindi.Oʻtgan yili Olmos Qoʻziyevning “Fermer va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun muqobil energiya asosidagi kombinatsiyalashgan aqlli tuxum inkubatori qurilmasi” loyihasi 116 million soʻmga moliyalashtirildi. Muqobil energiya manbalari kafedrasi tayanch doktoranti Gʻulom Roʻziqulov “Kombinatsiyalashgan quyosh va issiqlik nasosli qurilmalar asosidagi energiya tejamkor sovitish-quritish kamerasi” nomli ishlanma yaratdi. Ushbu qurilmaga Intellektual mulk agentligidan patent olindi. Hozirgacha qurilmaning uch xil varianti tayyorlandi va sinovdan oʻtkazildi
Do'stlaringiz bilan baham: |