O. T. Xusanov o‘zbekiston respublikasining konstitutsiyaviy huquqi darslik toshkent – 2012 Xusanov O. T
§ 3. Sudlarni tashkil qilish tartibi
Download 1.95 Mb.
|
О.Хusanov Kons huquq.lotin.
§ 3. Sudlarni tashkil qilish tartibi
Boshqa hokimiyat organlari kabi, sud hokimiyati organlarini tizimini tashlik etish, vakolatlarini belgilash Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlariga kiradi. (Konstitutsiyaning 78-moddasi, 5-bandi) Bu bandda sudlarni tashkil etish tartibi deganda sud organlariga sudyalarni saylash yoki tayinlash masalasi ko‘rinadi. Sud hokimiyat tarmog‘i bo‘lib, ma'lum sud organlaridan iborat bo‘lsa, sud organlari asosan sudyalardan iborat bo‘ladi. Sud hokimiyati tizimiga kiruvchi Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va uning quyi pog‘onadagi organlari, Oliy xo‘jalik sudi va uning quyi pog‘onadagi sudlari turli yo‘llar: saylash va tayinlash yo‘li bilan vujudga keladi. Konstitutsiyada sud hokimiyatining tizimida birinchi bo‘lib Konstitutsiyaviy sud ko‘rsatilgan. Shuning uchun avval shu sudning a'zolarini (sudyalarini) lavozimga saylanishini ko‘ramiz. Qonunga asosan, Konstitutsiyaviy sud – Konstitutsiyaviy sud Raisi, Rais o‘rinbosari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan saylangan sudyani qo‘shgan holda sudning yana besh a'zosidan iborat tarkibda tashkil topadi. Konstitutsiyamizning 80-moddasi 2-bandiga binoan, Konstitutsiyaviy sud, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan, Oliy Majlis Senati tomonidan saylanadi. Konstitutsiyaning 93-moddasi, 13-bandida sud raisi, sudyalarni Senatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etish huquqi belgilangan. (Oliy sud raisi, sudyalari, Oliy xo‘jalik sudi raisi, sudyalari ham Prezident tomonidan taqdim qilinishi Konstitutsiyaning shu moddasida belgilab qo‘yilgan.) Konstitutsiyaga asosan, Konstitutsiyaviy sud siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan sud raisi, rais o‘rinbosari, sudyalardan iborat tarkibda saylanadi. Sudyalarning bittasi albatta Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili bo‘lishi shart. Bu Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari va sudyalarga qo‘yiladigan Konstitutsiyaviy talab hisoblanadi. Qonunda Konstitutsiyaviy sud sudyalari oldiga yana shaxsning yuksak ma'naviy fazilat va zarur malaka egasi bo‘lishi talabi qo‘yiladi. Bundan tashqari, Konstitutsiya va qonunga asosan, Konstitutsiyaviy sud sudyalari deputat bo‘la olmaydilar, siyosiy partiyalar va harakatlarning a'zosi bo‘lishi va boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashi mumkin emas. Konstitutsiyaviy sud sudyasi Prezident oldida qasamyod qabul qiladi. Sudyaning vakolatlari quyidagi hollarda to‘xtatiladi: u jinoiy javobgarlikka tortilganida; sudyalik lavozimiga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyat bilan shug‘ullanganda; sudyaning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan u bedarak yo‘qolgan deb hisoblanganda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Oliy Majlis Senatining qarori bilan muddatidan ilgari tugatiladi: sudyalik qasamyodini buzganda; iste'foga chiqish to‘g‘risida iltimos qilganda; unga nisbatan qonuniy kuchga kirgan sudning ayblov hukmi bo‘lsa; sudya ogohlantirilgandan yoki uni vakolatlari to‘xtatilganidan keyin ham o‘z vazifasiga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyatni davom ettirsa; uzoq davom etadigan kasallikka uchrasa; fuqarolikni yo‘qotsa. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi o‘z vakolatlari davrida almashtirilmaydi. Konstitutsiyaviy sudyalar dahlsizlik huquqidan foydalanadi, ya'ni ular Senatning roziligisiz, uning majlislari o‘rtasida Senat Kengashining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan ma'muriy jazoga tortilishi mumkin emas. Sudyalarga nisbatan jinoiy ish faqat Bosh prokuror tomonidan qo‘zg‘atiladi. Sudyaning majburiy keltirish, ushlab turish, shahsiy ashyolari, yuki, transporti, turar joyi yoki xizmat binosini ko‘zdan kechirish, tintuv qilish mumkin emas. Umumiy yurisdiksiyali sudlari va xo‘jalik sudlari raislari, o‘rinbosarlari, sudyalarning saylash (tayinlash) tartibi ularga qo‘yiladigan talablar deyarli o‘xshash. Shuning uchun bu yerda ularni alohida ajratib ko‘rsatishga hojat yo‘q. Bu sudlar markaziy (oliy) va xududiy sudlarga bo‘lingani uchun ularni tashkil bo‘lishida farq bor. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudini Konstitutsiyaning 80-moddasi, 3,4 bandlariga binoan, Oliy Majlisning Senati saylaydi. Oliy sud, Oliy xo‘jalik sudi raisi va ularning sudlari nomzodlari Konstitutsiyaning 93-moddasi, 13-bandiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etiladi. O‘zbekiston Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi: Rais, raisning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari, sudlov hay'atlarining raislari, sudyalardan iborat bo‘ladi. Viloyat, tumanlararo, tuman, shahar, xarbiy va xo‘jalik sudlari (shu jumladan, fuqarolik va jinoyat sudlari) O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudyalari, Jo‘qorg‘i Kenges raisining O‘zbekiston Prezidenti bilan kelishilgan taqdimnomasiga asosan, Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan saylanadi yoki tayinlanadi. Bu darajadagi sudyalarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Prezident huzurida tuzilgan, sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha Oliy Malaka komissiyasi yordam beradi. Shu komissiya tavsiyasi asosida Prezident sudyalarni lavozimga tayinlaydi hamda lavozimdan ozod etadi. Umumiy yurisdiksiya va xo‘jalik sudlari sud'yalari bo‘lib saylanuvchilar nomzodlar oldiga ham qonun bir necha talablarni qo‘yadi. Yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma'lumotga, yuridik ixtisos buyicha kamida uch yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan hamda malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tumanlararo, tuman (shahar) sudi, xo‘jalik sudi sudyasi bo‘lishi mumkin. Oliy yuridik ma'lumotga hamda yuridik ixtisos bo‘yicha kamida besh yillik, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya bo‘lib kamida ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan va malaka imtixonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Korakalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi sudyasi bo‘lishi mumkin. Oliy yuridik ma'lumotga hamda yuridik ixtisos bo‘yicha kamida yetti yillik, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya bo‘lib kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan va malaka imtixonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi sudyasi bo‘lishi mumkin. Haqikiy xarbiy xizmatni o‘tayotgan, ofitserlar tarkibiga kiruvchi xarbiy unvonga ega bulgan va ushbu moddadagi talablarga javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi harbiy sud sudyasi bo‘lishi mumkin. Harbiy sudlar sudyalariga “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, harbiy ustavlar, harbiy xizmatchilar uchun belgilangan, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqiy va ijtimoiy himoyalash choralari tatbiq qilinadi. Bu yerda sudlarni darajasiga qarab turli talablar qo‘yilgan, lekin hammasida ham oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lish talabi bor. Sudyalar qasamyod qabul qiladi. Qasamyod yuqori sud organida qabul qilinadi. Sudyalarning mustaqilligi alohida kafolatlanadi. Shu asosda: sudyaga nisbatan hurmatsizlik uchun javobgarlik; sud ishlariga aralashishga yo‘l qo‘yilmaslik, sud'yalar daxlsizligi; sudyalarning vakolatini to‘xtatish va vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishni alohida tartibi belgilanishi; sudyalarni intizomiy javobgarligi; sudyalarning moddiy ta'minoti; sudya va uning oila a'zolarining ijtimoiy himoyalash choralari “Sudlar to‘g‘risida” (yangi tahrirdagi) Qonunda belgilangan. Umumiy yurisdiksiya sudlari va xo‘jalik sudlari sudyalari ham boshqa haq to‘lanadigan ishlarda ishlay olmaydi va siyosiy partiyalarga a'zo bo‘lmaydi. Download 1.95 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling