Ona tili va adabiyot fanidan I bosqich, i-semestr uchun o’quv-uslubiy majmua
Download 0.98 Mb.
|
portal.guldu.uz-ONA TILI VA ADABIYOT
2-masala bayoni
Til va yozuv Til va yozuv o‘zaro uzviy bog‘liq va aloqador hodisadir. Til jamiyat bilan bir vaqtda yuzaga kelgan. U jamiyatning bo‘lishida muhim omillardan biridir. Tilsiz jamiyat bo‘lmaydi. Yozuv – jamiyatning madaniy yutuqlaridan biri. U jamiyat taraqqiyotining keyingi bosqichlarida hayotiy zarurat natijasi sifatida yuzaga keldi, yaratildi. Yozuv ham til kabi jamiyat a’zolarining aloqa-aralashuvida asosiy vosita sifatida xizmat qiladi. Ko‘p hollarda yozuv tilning o‘rnini bosadi. Lekin til va yozuvning o‘ziga xos ahamiyatli tomonlari bor. Yozuv fikrni yetkazishda masofa jihatidan chegara bilmaydi. Til esa vaqt va makon jihatdan chegaralangan. U yaqin masofada turgan suhbatdoshiga eshitiladi. Yozuv madaniy, ma’rifiy va adabiy boyliklarni keyingi avlodlarga meros sifatida qoldirish imkoniyatiga ega. Og‘zaki nutq esa aytilayotgan paytdagina qabul qilinadi. Biroq yozuv maxsus yozuv qurollari, sharoit, vaqt va shartli belgi shakllarni talab etadi. U tilni barcha nozikliklari bilan aks ettira olmaydi. Shunga qaramay, jamiyatda yozuvning o‘z o‘rni bor; yozuv masofa bilan ajralgan odamlar orasida aloqa munosabatini ta’minlashda, barcha uchun tushunarli bo‘lgan adabiy tilning yuzaga kelishida, madaniy-adabiy boyliklarni keyingi avlodlarga yetkazishda katta imkoniyatlarga ega. Tarixchilarning aniqlashicha, yozuv dastlab Messopotamiya degan joyda paydo bo’lgan va bu yozuv tarixga mixxat nomi bilan kirgan. Bu xat eramizdan oldingi V–IV asrlarda O’rta Osiyoning Eronga yaqin hududlarida rasmiy yozuv sifatida ishlatilgan. Hozirgi eramizdan boshlab taxminan VI asrgacha so‘g‘d yozuvi ishlatilgan. V-VIII asrlar davomida turkiy xalqlar runik yozuvidan foydalanishgan. Qadimgi turkiy yozuv yodgorliklari dastlab Janubiy Sibirning Enasoy daryosi havzalarida va Mo’g’ulistonning O’rxun vodiysida topilgan. Shunga nisbatan qadimgi turkiy yozuv O’rxun-Enasoy obidalarining yozuvi deb ham yuritiladi. 1893-yili daniyalik olim N. Tomsen va rus olimi V. V. Radlov qadimgi turkiy yozuvni o’qishga muvaffaq bo’ldilar. O’rxun-enasoy yozuvlari Rim yozuvlariga o’xshab ketganligi uchun run (runik) yozuvlari yoki dulbarchin deb ham yuritiladi. O’rta Osiyoning bizga ma'lum bo‘lgan eng qadimgi mahalliy xalqi sak va massaget urug‘lari bo‘lib, ularning ham o‘z yozuvlari mavjud edi. Ana shu yozuvdan qadimiy xorazmiy va so‘g‘d yozuvlari yaratilgan. Xorazmiy yozuvi ham o‘zbek xalqi ajdodlari tomonidan qo‘llanilgan yozuv bo‘lib, bu yozuv II asrning oxiri III asrning boshlarida xorazmshoh chiqargan pullarda uchraydi. 1970-yillargacha turkiy yozuv eramizning VI-VII asrlarida shakllangan degan fikr yetakchi edi. Keyingi topilmalar turkiy yozuvning ildizlarini ikki yarim ming yillik o’tmishdan izlamoq kerak, degan xulosani chiqarishga asos bo’ldi. 1988- yilda Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi Lo’mbitepa yodgorligidan ko’za topildi. Uning bandi sirtiga qadimiy turkiy bitik o’yib tushirilgan ekan. Bu bitik VII-VIII asrlarga oid turkiy obidalardan yosh jihatidan qariyb I-II asrcha qadimiyroqdir. VI-VII asrlardan to XV asrlargacha turkiylar va mo’g’ullar uyg’ur yozuvidan foydalanishgan. Bu yozuvda bitilgan yodgorliklarning eng qadimgisi Yusuf Xos Hojibning "Qutadg’u bilig" asarining Vena kutubxonasidagi nusxasidir. Ahmad Yugnakiyning "Hibat-ul-haqoyiq" ("Haqiqatlar armug’oni"), Xorazmiyning "Muhabbatnoma", Lutfiy va boshqa shoirlarning ayrim she'rlari uyg’ur yozuvida yozilgan. Uyg’ur yozuvi X-XV asrlarda mavjud bo’lib, arab yozuvi bilan ma'lum davrgacha baravar ishlatilgan. 720-yildan boshlab arab yozuvi tarqala boshlagan. Arab yozuvida bitilgan eng qadimgi turkiy yodgorliklar XI asrga taalluqlidir. Bular Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asarining Namangan va Qohira nusxalaridir. Mahmud Koshg‘ariyning "Devonu-lug‘otit-turk" nomli asari ham arab yozuvida yozilgan. Xalqlarimiz taxminan 1200 yildan ko’proq vaqt davomida arab alifbosidan foydalangan. 1929-yildan lotin alifbosi asosidagi yangi yozuvga o’tilgan edi. 1940- yildan boshlab esa rus (kirill) grafikasi asosidagi yangi o’zbek alifbosiga o’tildi. Bizning davrimizda jahondagi xalqlar 220 xil yozuvdan foydalanadilar. Shu yozuvlardan juda keng tarqalgani lotin yozuvi bo’lib, jahon xalqlarining 30 foizidan ziyodi shu yozuvni qo’llaydilar. 1993 yil 2-3 sentyabrda bo’lib o’tgan Oliy Kengash yig’ilishida o’zbek yozuvini lotin alifbosiga o’tkazish to’g’risida qonun qabul qilindi. 1995-yil 6-maydagi Oliy Majlis sessiyasida bu alifboga ayrim o’zgarishlar kiritildi va bu yozuvga to’liq o’tish muddati 2005-yil sentabr oyi deb belgilandi. 2004-yilda chiqarilgan qonunga ko’ra esa lotin yozuviga to’liq o’tish muddati 2010-yil sentabriga qadar cho’zildi9. Isloh qilingan yangi o’zbek alifbosida 29 ta harf bor. Shulardan 3 tasi harfiy birikma: sh, ch, ng: Aa(1) Bb(2) Dd(3) Ee(4) Ff(5) Gg(6) Hh(7) Ii(8) Jj(9) Kk(10) Ll(11) Mm(12) Nn(13) Oo(14) Pp(15) Qq(16) Rr(17) Ss(18) Tt(19) Uu(20) Vv(21) Xx(22) Yy(23) Zz(24) O’o’ (25) G’g’ (26) Sh sh(27) Ch ch(28) Ng ng(29). Muayyan tartibda joylashtirilgan shakllar yig‘indisi alfavit deyiladi. Download 0.98 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling