D undoshi o‘rxun-yenisey yozuvida yumshoq va qattiq talaffuzli so‘zlarda maxsus harflar, arab yozuvidagi manbalarda dol د yordamida berilgan. Bu jarangli, portlovchi tovush so‘z o‘rtasi va oxirida uchraydi: bodun “xalq” (Toʻn), öd “vaqt, zamon” (KT).
Z undoshi oʻrxun-yenisey yozuvida maxsus belgi orqali ifodalangan. Jarangli, sirg‘aluvchi tovush turkiy so‘zlarning o‘rtasi va oxirida mavjud: üzä “yuqorida” (KT), qïz oğlum “qiz bolam” (E), yazï “dasht, tekislik” (Toʻn), qaz “g‘oz” (Oltun yorug‘).
Jarangsiz undoshlar
P undoshi oʻrxun hamda uyg‘ur yozuvlarida maxsus harflar, arab yozuvidagi manbalarda pe پ harfi orqali ifodalangan. Bu jarangsiz, portlovchi lab-lab tovush hamma holatlarda uchraydi: apa “opa” (Ungin), alp “alp, pahlavon” (Toʻn), push- “achchiqlan” (Oltun yorug‘).
S undoshi til oldi-tish, sirg‘aluvchi, jarangsiz undosh fonema bo‘lib, oʻrxun-yenisey manbalarida qalin (velyar) va ingichka (palatal), uyg‘ur yozuvida maxsus harflar orqali ifodalangan, arab yozuvidagi asarlarda esa sin س harfi yordamida yozilgan: asra “pastda, quyida” (KT), tabïsğan “tovushqon, quyon” (Toʻn), sü “qo‘shin” (KT), säkiz “sakkiz” (E).
T undoshi oʻrxun-yenisey manbalarida qattiq va yumsshoq aytiluvchi so‘zlarda alohida-alohida belgilar bilan berilgan, uyg‘ur yozuvida maxsus harf, arab yozuvidagi asarlarda esa te ت, ayrim hollarda itqi ط orqali ifodalangan. Ushbu jarangsiz portlovchi tovush so‘z boshi, o‘rtasi, oxirida uchraydi, jarangli tovushlar hamda sonorlar bilan yondosh kelishi xarakterlidir: lt, nt, rt, mt, td, tl, tm kabi. Tört “to‘rt’ (KT), kün toğsuq “Sharq” (Oʻngin), kün batsïq “G‘arb” (Oʻngin), türk “turk, etnos oti” (KT).
Č undoshi oʻrxun hamda uyg‘ur yozuvlarida maxsus harflar, arab yozuvidagi manbalarda сhim چ harfi bilan yozilgan, afrikat, jarangsiz, qorishiq tovush barcha unli va undoshlar bilan yondosh keladi: čïğan “kambag‘al” (KT), yärči “yo‘l ko‘rsatuvchi” (Ton), Tabğač “Xitoy” (Toʻn).
Do'stlaringiz bilan baham: |