O‘quv qo‘llanma
Abdullaxon tashqi siyosatida Xo‘ja Islom Jo‘yboriyning
Download 5.01 Kb. Pdf ko'rish
|
buxoro tarixi
7.2. Abdullaxon tashqi siyosatida Xo‘ja Islom Jo‘yboriyning o‘rni Shayboniylar sulolasining yirik vakili Abdullaxon (1557-1598) Buxoroni egallash va butun Movarounnahrni uning atrofiga birlashtirishda buxorolik mashhur Jo‘ybor xo‘jalarining yirik vakillaridan biri Xo‘ja Islomning (1493-1563) diniy-ma’naviy obro‘yidan foydalandi. Ular o‘rtasidagi munosabatlar bir jihatdan temuriylardan keyin Movarounnahrda yuz bergan qisqa markazlashuv jarayonining rivojiga va nisbiy barqarorlikning qaror topishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 1557-yili Burhon sulton qatlidan so‘ng Abdullaxon Xo‘ja Islom qo‘llab-quvvatlashi bilan ikkinchi bor Buxoroni egalladi. Chorjo‘yning Abdullaxon tasarrufiga kirishiga ham Xo‘ja Islom yordam berdi. 1557-yil yozida Abdullaxon uzil-kesil Buxoroni egallagach, tasarruf qo‘lini boshqa viloyatlarga cho‘zib, birin-ketin ularni zabt eta boshladi. Abdullaxonga qadar Buxoroda hukmronlik qilgan Burhon sulton hali hayotlik vaqtida o‘z qaynotasi Sayyid Haydar Xo‘jani Chorjo‘y voliysi etib tayinlagan edi. O‘z navbatida Chorjo‘y voliysi Sayyid Haydar Xo‘ja kuyovi Burhon sultonga tobe ekanligini tan olardi. Burhon sulton qatl etilib, Buxoro Abdullaxon qo‘liga o‘tgach, Chorjo‘y voliysi Sayyid Haydar Xo‘ja qaysarlik tig‘ini ko‘tarib, Buxoro xoni Shayboniyzoda Abdullaxonga bo‘ysunmay qo‘ydi va o‘zini daxlsiz his eta boshladi. Viloyatlarni o‘z tasarruf halqasiga kiritmoqni maqsad qilgan Abdullaxonga esa Sayyid Haydar Xo‘janing bu o‘zboshimchaligi ma’qul bo‘lmay, u tezda jang tadorigini ko‘ra boshladi va nukuz qabilasidan bo‘lgan Xushibiy darozga katta sovg‘alar berib, uni o‘z qo‘shinlari bilan Chorjo‘yni zabt etishga jo‘natdi. Abdullaxon tomonidan safarbar etilgan qo‘shin chorjo‘yliklar tomonidan mag‘lubiyatga uchratilib, Xushibiyning o‘zi asirga olindi. Bu orada Burhon sulton qatlidan so‘ng Balxga qochib ketib jon saqlagan Burhon sultonning sadoqatli sarkardalari bo‘lmish Rajabbiy, Imomquli, Muhammadrizo Chorjo‘yga otlanib, Sayyid Haydar Xo‘jaga yordamga shoshildilar. Ular Amudaryodan o‘tib, 136 Qorako‘lga tobe sanalgan Yoychi mavzeida to‘xtashdi. Buxoroliklar uchun ancha noqulayliklar tug‘dirgan bu yangi muxolif qo‘shinlarini parokanda qilish uchun Buxoro xoni Abdullaxon amir Jonalibiy va Jonpulodbiy boshchiligida navbatdagi qo‘shinni yubordi. Lekin bularga ham zafar yor bo‘lmay, orqaga qaytishga majbur bo‘lishdi. Marhum Burhon sultonning nomlari zikr etilgan sarkardalari esa Chorjo‘yga, voliy Sayyid Haydar Xo‘ja huzuriga yo‘l olishdi. Abdullaxon qo‘shinlariga qarshi kurashda ko‘rsatgan himmatlari uchun voliy ularga behad ehtirom ko‘rsatdi. Ko‘p o‘tmay Chorjo‘y voliysi Sayyid Haydar Xo‘ja olamdan o‘tdi va o‘rniga, «Ravzat ar-rizvon» muallifi Badriddin Kashmiriyning ta’kidlashicha, uning xotini (nomi ko‘rsatilmagan) Chorjo‘y taxtiga o‘tirdi. Bu ayol ham marhum eri singari sarkashlik yo‘liga kirib, Abdullaxon hokimiyatini tan olmadi. Hosil al-kalom, Abdullaxon Chorjo‘yni yaxlit qo‘lga kiritishni ko‘zlab navbatdagi hujumni boshladi hamda shahar qal’asini qamal etdi. Abdullaxon qo‘shinida mashhur Xo‘ja Islomning farzandi Xo‘ja Sa’d (1531-1589) ham bor edi. Har holda bu xo‘jazoda Abdullaxon qo‘shinida sipoh vazifasida emas (sipohiylik bu xonadon vakillari uchun istisno edi) balki ma’naviy rahnamo, duogo‘y sifatida ishtirok etganligi shubhadan xoli. Shahar qal’asini mustahkam istehkomga aylantirgan chorjo‘yliklar Xo‘ja Sa’dning Abdullaxon qo‘shini tarkibida ekanligidan voqif bo‘lib, uni qal’aga taklif qildilar va ikki o‘rtada sulh tuzishga vositachilik qilishga, shu tariqa qon to‘kilishini oldini olishga ko‘maklashishga da’vat etdilar. Sulhga erishilgan taqdirda, Chorjo‘y qal’asini Abdullaxonga jangsiz topshirishni va’da qildilar. Bu bir hiyla ekanligi voqealar rivojidan ma’lum bo‘ladi. Buxoro hukmdori Abdullaxon bu taklifni eishtib uni qabul qildi. Xo‘ja Sa’dni muzokara olib borish uchun Chorjo‘y qal’asiga yubordi. Xo‘jazoda qal’aga kirgach, uning darvozasi taqa-tuq berkitilib, shahar hokimasi, ya’ni marhum Sayyid Haydar Xo‘janing bevasi Xo‘ja Sa’d bilan sulh to‘g‘risida muzokara olib borish u yoqda tursin, hatto suhbat qurishni ham xayoliga keltirmay, unga ko‘z-quloq bo‘lib turish uchun bir necha mulozimlarni tayinladi va ularga Xo‘ja Sa’dni qal’adan tashqariga chiqarmaslikni buyurdi. Xullas, Xo‘ja Sa’d garovga olingan edi. Bu noxush xabar Buxoroga etib kelgach, xo‘jazodaning otasi Xo‘ja Islom farzandi taqdiri uchun juda tashvishga tushdi. Xo‘ja 137 Sa’dga ko‘z-quloq bo‘lib turish uchun tayinlangan mulozimlar orasida marhum Sayyid Haydar Xo‘janing Mavlono Boboquli devon ismli bir xizmatkori bo‘lib, unda Hazrat Xo‘ja Sa’dga nisbatan ixlos va xayrixohlik tuyg‘usi paydo bo‘ldi va Xo‘ja Sa’dning Chorjo‘y qal’asidan chiqib ketishiga yordamlashdi. U Xo‘ja Sa’dni chopqir otga o‘tkizib, qal’a devor va burjlari mustahkamligini birga tekshirib ko‘rish bahonasida qal’a darvozasi oldiga olib keldi. So‘ngra ikkovlari birin-ketin darvozadan chiqishdi va Jayxun daryosidan o‘tib, Burdaliq yo‘li orqali sog‘-salomat Buxoroga etib kelishdi. Mavlono Boboquli devon bu xizmati uchun Xo‘ja Islomning moddiy va ma’naviy marhamatlariga sazovor bo‘ldi. Shu voqea sabab, Abdullaxon Chorjo‘y qal’asi qamalini to‘xtatdi. SHu kunlarda Chorjo‘yda g‘aroyib voqealar sodir bo‘ldi. Shaharda o‘n to‘rt yoshli xushsurat bir yigitcha paydo bo‘lib qoldi. Bu o‘smir ilgari Marvda kosiblar orasida yurardi. Eng qizig‘i, uni marhum Burhon sultonning inisi deb qabul qildilar, chunki Burhon sulton ham bolalik yillarida bir zargarga shogird bo‘lib, zargarlar orasida yurgan. O‘smirni Chorjo‘yda yurganligidan xabar topgan hokima, ya’ni marhum Sayyid Haydar Xo‘janing bevasi, uni toptirib saroyga keltirdi va taxtga o‘tkizdi. Bu bilan ham cheklanmay, unga turmushga chiqib ham oldi. Er-xotinning fisqu fujurlari haddan oshgach, marhum Sayyid Haydar Xo‘ja amirlari o‘zaro kelishib yangi hokimga qarshi isyon ko‘tardilar va tunda uni Chorjo‘y qal’asi devoridan pastga tashlab yubordilar. Zaifani esa shahardan badarg‘a qilib, Balxga jo‘natdilar. Shu voqeadan so‘ng, Mavr hokimi Poyanda Muhammad sultonning mulozimi Oroh Xo‘ja Marvdan Chorjo‘yga kelib, Poyanda Muhammad sultonning noibi sifatida shaharni boshqara boshladi, ya’ni Chorjo‘y Poyanda Muhammad sulton hukmiga bo‘ysuna boshladi. «Ma’noqibi sa’diya»da ko‘rsatilishicha, Abdullaxon Marv hokimi Poyanda Muhammad sultonga bir necha bor kishi yuborib Chorjo‘yni talab etgan bo‘lsa ham, ish uning xohishicha yakun topmadi. Bu ishga Xo‘ja Islomning aralashuvi zarur bo‘ldi. Xo‘ja Islom Abdullaxonga qarata: «Biz kishi uzatamiz va Chorjo‘yni undan olamiz» dedi. Va’daga muvofiq, Xo‘ja Islom o‘z muridi Mavlono Husayniy orqali Marvga, Poyanda Muhammad sultonga maktub yo‘llab, undan Chorjo‘yni Abdullaxonga topshirishni talab etdi. 138 Poyanda Muhammad sulton Xo‘ja Islomning sodiq muxlislaridan bo‘lganligi bois uning maktubida qayd etilgan talabni qabul etishga majbur bo‘ldi va nochor Chorjo‘y qal’asi kalitini Mavlono Husayniy orqali Buxoroga uzatdi. Bu voqealarning qisqacha tafsiloti Poyanda Muhammad sultonning ukasi Abulmuhammadxonning Xo‘ja Islomga yozgan maktubida ham qayd etilgan. Xullas, 1558-yil Chorjo‘y Xo‘ja Islom sa’y-harakatalari bilan jangsiz va qonsiz Abdullaxon qo‘l ostiga o‘tib, Buxoroga tobe bo‘lib qoldi. Oroh xo‘ja esa Buxoro xoni Abdullaxonning Chorjo‘ydagi noibi sifatida o‘z o‘rnida qoldirildi. Download 5.01 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling