Umurtqa pog‘onasini tiklovchi muskullar (m. erector spinae) eng kuchli muskul bo‘lib, umurtqa pog‘onasining ikki yonbosh qismini to‘ldirib turadi. Muskul dumg‘azaning orqa sathidan, bel umurtqasining ko‘ndalang o‘siqlaridan, yonbosh suyagining tashqi qirrasi va ko‘krak-bel fassiyasidan boshlanib, yuqoriga ko‘tarildai va ensa suyagigacha yetib boradi. Bu muskul orqaning yuza muskuli ostida joylashgan bo‘lib, uch qismga bo‘linadi.
Yonbosh-qovurg‘a muskuli (m. iliocostalis) m. erector spinae ning lateral qismi bo‘lib, yonbosh suyagi qirrasi, ko‘krak-bel fassiyasining tashqi varag‘idan boshlanib, yuqori tomonda uch qism (bel, ko‘krak va bo‘yin)ga bo‘linadi.
Yonbosh-qovurg‘a muskulining bel qismi (m. iliocostalis lumborum) yonbosh suyagi qirrasining ko‘krak-bel fassiyasidan boshlanib, pastki oltita qovurg‘aning burchak qismlariga yopishadi.
Kurak qismi (m. iliocostalis thoracis) pastki oltita qovurg‘aning medial qismidan (yonbosh qovurg‘a muskulining bel qismlari yopishgan joydan ilgariroqda) boshlanib, tepada oltita qovurg‘aning burchaklariga va bo‘yin umurtqasining ko‘ndalang o‘sig‘iga yopishadi.
Yonbosh-qovurg‘a muskulining bo‘yin qismi (m. iliocostalis cervicis) III, IV va VI qovurg‘alarning medial qismidan (yonbosh qovurg‘a muskulining ko‘krak qismi yopishgan joyidan ichkariroqda) boshlanib, IV–VI bo‘yin umurtqalarining ko‘ndalang o‘siqlari orqa do‘mbog‘iga yopishadi.
Uzun muskul (m. longissimus) medial holatda joylashgan bo‘lib, ko‘krak, bo‘yin va bel qismlariga bo‘linadi. Uzun muskulning ko‘krak qismi (m. longissimus thoracis) dumg‘aza suyagining orqa yuzasidan, bel umurtqalari va pastki ko‘krak umurtqalari ko‘ndalang o‘siqlaridan boshlanib, pastki 9 ta qovurg‘a burchagidan ichki qismlariga, ko‘krak umurtqalarining ko‘ndalang o‘siq uchlariga yopishadi.
Uzun muskulning bo‘yin qismi (m. longissimus cervicis) I–V ko‘krak umurtqalarining ko‘ndalang o‘siqlari uchidan boshlanib, II–VI bo‘yin umurtqasining ko‘ndalang o‘siqlari orqa do‘mboqlariga yopishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |