O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakulteti 306-guruh talabasi To‘xtayeva Saida Akmal qizining


II.1 Miryoqub va Zebi obrazining ruhiy psixologik tahlili


Download 371 Kb.
bet7/11
Sana09.01.2023
Hajmi371 Kb.
#1085425
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
Kurs ishi s

II.1 Miryoqub va Zebi obrazining ruhiy psixologik tahlili

“Kecha va kunduz”da psixologik tahlil nuqtai nazaridan yuksak mahorat bilan yaratilgan xarakterlardan biri, shubhasiz, Miryoqub obrazidir. O‘z oldiga qo‘ygan g‘oyaviy-badiiy niyat talabi bilan Cho‘lpon Miryoqub ruhiyati tahliliga, uning psixologik jihatdan ishonarli bo‘lishiga jiddiy e`tibor beradi. Professor O.Sharafiddinov bu obraz haqida to‘xtalib: “Miryoqub obrazining ziddiyatli qirralarini belgilagan narsa shundaki, u, bir tomondan, yangicha burjua odamiga xos sifatlarga ega, ammo, ikkinchi jihatdan, o‘z muhitidan butunlay uzilib ham ketgan emas”,-deb yozadi. Cho‘lpon Miryoqub ruhiyasidagi tadrijni tasvirlarkan, qahramonining o‘z muhitidan uzilib” chiqishini, buning ijtimoiy-ruhiy ildizlarni ko‘rsatishga intiladi.


Miryoqubning ichki olamini ochish, uning ma`naviy qiyofasini o‘zgartirgan, ijtimoiy siyosiy qarashlarini shakllantirgan (garchi bu narsa “Kecha”da nihoyasiga yetmagan bo‘lsa-da) ruhiy jarayonni, bizningcha, bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lgan uch bosqichda ko‘rsatadi: 1) psixologik zamin; 2) qahramon ruhiyasini xatti-harakatilari orqali ochish; 3) ruhiy jarayonlarning bevosita tasviri. Ko‘ramizki, Miryoqb xarakterining yaratilishida realistik psixologik tahlilning har uchchala — dinamik, tipologik va analitik pinsiplari qo‘llanadi. Shuni ham qayd etish lozimki, Miryoqub ruhiyasini ochishda analitik prinsip yetakchi mavqe tutadi, boshqalari esa uni to‘ldirishga, konkretlashtirishga xizmat qiladi.
Cho‘lpon Miryoqubga ta`rif berarkan, birinchi galda uning ijtimoiy qiyofasiga, to‘g‘rirog‘i, qiyofasizligiga e`tiborni qaratadi. Gap shundaki, Miryoqub “faqir odam panada” qabilida ish ko‘radi: u amaldor emas, shu bilan birga o‘zi ish yuritayotgan hududni boshqarishda qo‘li uzun; u katta-katta oldi-sotti ishlarini amalga oshiradi, buning natijasini esa “xudo biladiyu, xudoning sevimli bandasi Miryoqub biladi!” xolos. Ko‘ramizki, Miryoqub toshpalla ostiga nozik a`zolarini yashirib harakat qiluvchi toshbaqani eslatadi. Aytish kerakki, toshpallani u 15 yillar ilgari o‘z ixtiyori bilan yelkasiga olgan. Miryoqub shunday qilishga majbur edi: endigina qaror topa boshlagan kapitalistik iqtisodiy munosabatlar tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar ochgani holda, mavjud byurokratik tuzum bunga muayyan to‘siqlarni qo‘ygan. Ayni shu vaqtda u hukumatdorlar himoyasiga muhtoj bo‘lgan va kerakli odamlarni qo‘lga olishga intilgan ko‘rinadi. Noyib to‘raning eski qo‘lyozmalarga o‘chligini bilib (albatta, u so‘rab surishtirgan), shu orqali uning ko‘nglini oladi, natijada esa “sovg‘a-salom, tansiq qo‘lyozma asarlar va ba`zan oz-ko‘p pul xususida to‘ra Miryoqubga minnatdor bo‘lib turadi, amaldorning qo‘lidan keladigan ba`zi bir xil himoyat ishlari to‘g‘risida Miryoqub to‘raga minnatdor bo‘lib turadi”. Noyib to‘raning “himoyati” shunda ko‘rinadiki, Miryoqubning “biror joyga biror chaqa soliq to‘laganini, biror bir kasbga biror marta qizil qog‘oz (patent) olganini hech kim bilmaydi”. Anglashiladiki, Miryoqub katta miqdordagi soliqni to‘lagandan yoki patent sotib olgandan ko‘ra ozroq miqdordagi naqdinani noyib to‘raga berishni afzal biladi. Bu kabi o‘zaro manfaatdorlik asosiga qurilgan munosabatlar ularni mahkam bog‘laganki, 10-15 yil mobaynida bunday ishlarning ko‘p bo‘lgani aqlga tayin. Shunga o‘xshash, Akbaralining mingboshilikka tayin etilishi ham mutlaqo tasodif emas. Miryoqub o‘zi ish yuritayotgan hududda o‘z odami mingboshi bo‘lishidan manfaatdor. Qovun saylidagi ilk uchrashuvdayoq u bo‘lg‘usi gumashtasining zaif jihatlarini nozik ilg‘agan: keyincha buzoqday yetaklab, sigirday sog‘sa bo‘ladigan odamligini fahmlagan. Yo‘qsa, ellikboshilikni olish uchun burungi mingboshiga “yaxshi bir uloqchi otni bekorga olib bergan” Akbaralining ilk uchrashuvdan ikki kun keyin jo‘natgan “ikki arava qovun-tarvuz, ikki zambar uzum, ikki chorakkinaqayrog‘i bug‘doy” minboshilikni olish uchun kifoya bo‘lmasdi. Aytmoqchimizki, Miryoqub bu o‘rinda uzoqni o‘ylagan, arqonni uzun tashlagan. Cho‘lponning qahramoni o‘tmishidagi ayni shu tafsilotlarga e`tiborni qaratgani bejiz emas. Miryoqub ilgari shu ikki amaldor panohida, istasa-istamasa ular bilan hisoblashib ish yuritishga majbur edi. Keyincha, kapitalistik munosabatlarning keng quloch yoyishi barobarida tadbirkorlik uchun imkoniyatlar ham kengaya boradi, tabiiyki, Miryoqub uchun “valene`matlar”ning zarurati kamayib, yo‘qolib boradi. Ya`ni, toshpalla xavfsizlikni ta`minlamasa-da, endi harakat imkoniyatini cheklay boshlaydi.
Yozuvchi bergan ta`rifda uning chinakam burjua ishbilarmoniga xos xususiyatlari bo‘rtib ko‘rinadi. Miryoqubdagi “kerakli odam”lar bilan muomala qila bilish, oz sarf bilan ko‘p foyda olishga intilish, boshlayotgan ishining oxir-oqbatini har jihatdan puxta o‘ylash kabi sifatlar haqida yuqorida yuritgan mulohazalarimiz tasavvur bera oladi. Bularga qo‘shimcha o‘laroq, Miryoqub juda serg‘ayrat, jonsarak odam: “Miryoqub akaning yurishi ko‘p! U, aksari, piyoda yuradi, yurganda ham negadir shoshilib yuradi. “Assalomu alaykum” deb dona-dona qilib salom bersangiz, shoshilganidan bo‘lsa kerak, “vass...” debgna qo‘yadi”. Qahramonga xos harakat tarzini qayd qilish bilan adib uning ichki xususiyatlari haqida tasavvurimizni kengaytiradi. Miryoqub yurgan yo‘lida ish haqida o‘ylab, hisob-kitob, xomcho‘t qilib yuradi — qilayotgan ishi uning uchun hayoti mazmuniga aylangan. Ishlarini tezroq bitkazish uchun shoshsa-da, uning shoshilishi shoshqaloqlik emas. Buni retrospektiv usulda chizilgan lavha — Miryoqub noyib to‘ranikida mehmonda ekanida rus injenerining kirib kelishi bilan bog‘liq epizodda kuzatish mumkin. Yangi temir yo‘l qurilishi, yo‘lning qayerlardan o‘tishi haqidagi sirdan ogoh bo‘lib qolgan Miryoqub zudlik bilan harakatga tushadi: “Bir oyga yetar-yetmas, o‘sha kelajak poyezd yo‘li bo‘ylaridan Miryoqub juda ko‘p — bir necha yuz desyatin yer sotib oldi. Yerlarning hammasi deyarli suvsiz, noobod, tashlandiq yerlar edi. Shuncha ko‘p yerga qancha oz pul ketdi. Ko‘plar bu shoshilish savdoni bilmadilar, bilganlar Miryoqubni “jinni bo‘libdi” dedilar...” Albatta, bu “shoshilish savdo” haqida Miryoqub ko‘p o‘ylagan. Zero, kishini ikkilantirib qo‘yadigan gumonlar talaygina: ehtimol, yo‘l qurlmay qolar? Ehtimol, qurilish kechikib, sarmoyasi o‘lik kapitalga aylanib (bu esa tadbirkor uchun katta yo‘qotish) qolar?.. Miryoqubning o‘rnida boshqa odam bo‘lganida, balki, jur`at qilolmas edi, lekin u — tavakkal ish qila oladigan odam, bu esa savdo-tijorat ishlarida juda muhim narsa. Shunisi ham borki, Miryoqubning tavakkalchiligi har jihatdan o‘ylangan, hisob-kitob qilingan. Xavf yo‘q emas, lekin kelishi mumkin bo‘lgan foyda tavakkalchilikni oqlaydi, ya`ni, imkoniyat vujudga kelganda qo‘ldan chiqarmaslik — tadbirkor odamning muhim atributi. Miryoqubda ko‘rilgan tadbirkorga xos eng muhim xususiyat shuki, u sarmoyasini doimo harakatda tutadi, foyda keltiradigan ishga jalb qiladi: “Qishloqda ikkita baqqollik, bitta qassoblik do‘koni, guzarda ikkita samovar bor. Bilgan odamlar shu besh muassasadan to‘rti Miryoqubning kuchi bilan aylanganini so‘zlaydilar. Shaharda, katta yo‘lning bo‘yiga — qo‘rg‘on tashqarisiga bir yangi paxta zavodi tushdi, zavodning kattakon bir paxta saroyi ham borki, paxta terim vaqtida uch tarozi bilan paxta oladi. Ana o‘sha zavodga ham Miryoqubni sherik deydilar... Shahardagi katta bankalardan birida “uchyot qo‘mitasi”ning a`zosi, haftada bir majlis o‘tkazadi...” Ko‘ramizki, endigina ish boshlagan paytlari kichikroq savdogar bo‘lgan Miryoqub endilikda kattagina sarmoyador, sanoatchi boyga aylangan. Cho‘lpon qahramonining yaqin o‘tmishi haqidagi muxtasar ma`lumotida uning ijtimoiy mavqei kuchayganini bejiz ta`kidlab ko‘rsatgan emas. Bizningcha, adib buning qahramonidagi ijtimoiy-ma`naviy tadrijning bosh omili sifatida talqin qiladi. Bu o‘rinda muallif haq, chunki: birinchidan, ijtimoiy mavqeining kuchayishi barobari Miryoqubning o‘ziga bergan bahosi ham ortgan. Bu bahoni o‘zi uchun tasdiqlab olish istagi, tabiiyki, o‘zini boshqalarga qiyoslashni, yaqin doirasidagi kishilar haqida o‘ylash(birato‘la baholash bilan)ni taqozo qiladi. Ikkinchidan, tabiatan serharakat odamning ishini yanada kengaytirishini, harakatlarda tamomila erkin bo‘lishni istashi, bunga erishish yo‘llarini izlay boshlashi ham tabiiy.
Qahramon ma`naviy-ruhiy tadrijining ijtimoiy asoslarini ochib bergach, Cho‘lpon uni bevosita xatti-harakatda tasvirlashga o‘tadi. Psixologik zamin asosini tashkil qilgan yozuvchi ta`rifida Miryoqubning tipik xususiyatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, endi uning individual-psixik xususiyatlarini ochish yo‘lidan boriladi. Bu xususiyatlarni ilg‘ab olishda, qahramon aytayotgan gaplar mohiyatini to‘g‘ri anglashda psixologik zamin o‘ziga xos kalit bo‘lib xizmat qiladi. Miryoqub bilan Akbarali munosabatlarini olaylik. Miryoqub Akbaralining mingboshilikka tayinlanishiga bosh qo‘sharkan, uzoqni ko‘zlaganini aytib o‘tgandik. Tabiiyki, uning Akbarali bilan munosabati ko‘zlagan maqsadiga muvofiq: “ko‘p umrini mingboshinikida o‘tkazgan” Miryoqub “otaxoni”ning fe`l atvorini juda yaxshi o‘rgangan, uning “eti bilan terisi orasiga” (A.Qahhor) kirib olgan. Noyib to‘raga o‘z ustidan tushgan ariza haqida gapirarkan, “mingboshining qovog‘i solina boshlagan edi, qisiq ko‘zlarining tez-tez yumilib parpiraganday bo‘lganini Miryoqub ham payqadi.
— Xo‘jayin,- dedi,- xotirjam bo‘lib, bitta-bitta gapirib bering! Hech bokisi yo‘q”. Ko‘ramizki, Miryoqub mingboshining fe`lidagi o‘zgarishni darhol ilg‘aydi, ko‘nglini tinchitishga shoshiladi. Bu o‘rinda gapning aytilish oxangiga e`tibor berish lozim. Ma`lumki, yozuv og‘zaki nutqning ohang jilolarini to‘la aks ettirishga qodir emas, boz ustiga bu kamchilikni to‘ldiruvchi muallif sharhi ham yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, bu gap xotirjamlik bilan, qat`iy ishonch ohangida aytilganini tasavvur qila olamiz. Zero, “Miryoqub aralashgan ish epaqaga kelishini”, uning g‘oyat uddaburoligini psixologik zamindan bilamiz. Bu kabi gaplar (albatta, isbot-ijrosi bilan) mingboshida “o‘zi uchun Miryoqubdan boshqa chin ko‘ngildan kuyadigan odam yo‘q”ligiga ishonch hosil qilgan. Mingboshining cheksiz ishonchi esa Miryoqubga uning davlatini istaganicha tasarruf qilish, “o‘limiga yaqin Poshshaxondan boshqa merosxo‘ri qolmasligi” haqidagi rejalarini amalga oshirish uchun kerak. Anglashiladiki, Miryoqubning mingboshiga munosabati tamomila o‘zining maqsadlariga bo‘ysundirilgan: “mingboshining gapini birdaniga qaytarmasligi”, unga xush keladigan gap qilishga, ko‘nglini ovlashga harakat qilishi — hammasi shu bilan izohlanadi. Shu bois ham Akbarali bilan munosabatda Miryoqub ma`lum rol o‘ynashga, o‘zining chin munosabatini yuzaga chiqarmaslikka majbur. Qahramon ruhiy holatining murakkabligi shundaki, unda bir paytning o‘zida maqsaddan kelib chiqqan anglangan psixologik ustanovka(“mingboshiga yaxshi muomila qilishim kerak!”) va suhbatdoshiga nisbatan antipatiya mavjud. Boz ustiga, subyektiv (o‘z ixtiyori bilan) hosil qilingan psixologik ustanovka obyektiv(o‘z ixtiyoridan tashqari) yuzaga kelgan antipatiyani bosib turishi kerak. Bunga erishish esa, tabiiyki, oson ish emas. Miryoqub qancha tirishmasin, botindagi zohirga yo‘l topaveradi. Shu jihatdan uning ariza berguchilarni jazolash istagida yonayotgan Akbarali bilan muloqoti xarakterli:
“— Yodgor echki bilan Umarali puchuqning bir adabini bermasam, ko‘nglim tinchimaydi. Bir ilojini top! Senga aytaman!
— Xo‘p xo‘jayin! Shoshmang, men yana bir surishtiray.
— Surishtirishning nima keragi bor? O‘shalardan boshqa kim qiladi?
— Ehtiyot shart, xo‘jayin! Adab berish qochmaydi... Masalaning tagiga yetaylik, balki boshqa gaplar ham chiqib qolar...
Mingboshi bu so‘zdan shubhaga tushdi:
— Nima deding! Boshqa gap ham chiqib qoladi, dedingmi? Bu nima deganing?
— Ehtiyot shart, deyman men! Ehtiyot! Yaxshiroq surishtirsak, yaxshiroq bilamiz-da, axir! Sizning ishingiz bo‘lmasin, men o‘zim ikki kunda tagiga yetib sizga arz qilaman”.
Qahramon ruhiyatida kechayotgan jarayonni izchil kuzatish uchun ko‘chirmaga keng o‘rin berdik. E`tibor qilinsa, Miryoqub o‘ziga qo‘ygan psixologik ustanovkaga amal qilib darhol “Xo‘p!” deyayotgani ko‘rinadi. Lekin u ko‘p ish ko‘rgan odam sifatida “ishning tagiga yetgachgina” harakat boshlash kerakligini yaxshi biladi, shu bois ham mulhazalarini aytdi. Mingboshi jahllangach, mulohazasini bosiqlik bilan (u hozircha antipatiyani bosib turibdi) tushuntirdi. Shunda ham bo‘lmagach, o‘ziga erk berdiki, oxirgi gapida antipatiya bor bo‘yini ko‘rsatadi. Buni ifodalovchi stilistik unsurlarga diqqatni jalb qilamiz: mingboshining “Nima deding!” deganiga javoban siltab “dedim men” (“Shuni ham tushunmaysanmi, haftafahm?! ) deyilishi; ikki qaytalab siltalash ohangida aytilgan "ehtiyot!" so‘zi; “bilamiz-da, axir”da ikki bora tushayotgan yuklama va, nihoyat, “Sizning ishingiz bo‘lmasin” (“Fahmingiz yetmagan ishga aralashmang!”) deyilishi yuqoridagi fikrimiz foydasiga guvohlik beradi. Keltirilgan parchada muallif luqma-sharhlari, gapiruvchining yuz-ko‘z ifodasi, mimik-pantomimik harakatlari ko‘rsatilmaganki, bu psixologik zaminning ahamiyati haqidagi gaplarimizni yana bir karra tasdiqlaydi. Aytish kerakki, Miryoqub nutqining stilistik qurilishi ko‘p o‘rinlarda hech qanday sharhga zarurat qoldirmaydi. Shu jihatdan yana bir epizodni kuzataylik. Gazetadagi maqolaga chora izlab bir fikrga kelolmayotgan Miryoqub Akbaralining sabrsizligidan jahllanib, zarda bilan chidashni maslahat beradi:
“Mingboshi irg‘ib o‘rnidan turdi.
— Tishimni-tishimga qo‘yadigan hezlardan bo‘lsam, ma, ol, bu shop-shaloplaringni! - dedi u baland ovoz bilan.- Menga pasport olib ber, Makatulloga jo‘nayin!
— O‘tiring, xo‘jayin! - dedi Miryoqub, uning ovozi ham biroz ko‘tarila tushgan edi. - O‘shqirish bilan, zarda bilan bitadigan ish emas bu. O‘ylaylik, chora topaylik!”. Bundagi bir xil ma`noli so‘zlar va birikmalarning ikki o‘rinda ikki qaytadan takror qilinishi Miryoqubning astoydil jahllanganidan darak beradi. To‘g‘ri, u o‘z oldiga qo‘yilgan psixologik ustanovka doirasidan chiqqanicha yo‘q, lekin o‘zini arang bosib turgani ham ayon. Shu bois ham u: “o‘rnidan turib ayvonga bordi, u yerda choynak bilan piyola turgan edi, sovuq choyni piyolaga to‘ldirib quygach, bir shimirishda (bu harakatda ham ma`lum zarda yo‘q emas) tamom qildi. So‘ngra orqasiga qaytarkan odatdagdan qattiqroq va tezroq so‘zlandi:
— Gazetni shaharda ko‘rdim. Shundan beri chora axtaraman (“Tushun, men sening tashvishingda yuribman!”). Hech bir chora topolmaganim uchun, nochor-noiloj (“Tushun, mazahlaganimdan yoki sevinganimdan emas!”) kulgiga zo‘r bergan edim...”
Mazkur parchada yozuvchi qahramon ruhiyatida kechgan psixologik ustanovka va insoniy g‘urur, qadr hissi o‘rtasidagi kurash jarayonini jonli tasvirlay olgan. Avvalda baland kela boshlagan g‘urur hissi Miryoqubning o‘rnidan turib choy ichishi davomida birmuncha soviydi — muvozanat yuzaga keladi. Shuning uchun ham u endi odatdagidan “qattiqroq” (jahl — og‘ringan nafsoniyat mahsuli) va “tezroq” (xafalikning hayajonga aylanishidan) so‘zlaydi. Biz qavs ichida bergan gaplar, fikrimizcha, qahramonning uyidagini bir qadar oydinlashtiradi. Gap shundaki, so‘nggi jumlalar suhbatdoshning ayni shu tarzda tushunishi uchun mo‘ljallangan va bu narsa jonli nutq jarayonida mos intonatsiya hisobga ifoda qilinadi. Mingboshining bu gaplardan so‘ng biroz jim qolishi, so‘ng “Ishqilib, bir ilojini topmasang bo‘lmaydi”, deya yalingannamo gapirishi shuni tushunganidan, deyish mumkin.
Miryoqub mingboshining merosidan umidvor ekan, unga Zebini olib berib merosxo‘r ko‘paytirishdan ne matlab? Albatta, mantiqsizday ko‘ringan bu hol ozmi-ko‘pmi shubhalarga olib borishi mumkin. Bunga javob ham turlicha bo‘lishi tabiiy: mingboshini yosh xotinga andarmon qilib qo‘yib, o‘zi bilganini qilmoqchi bo‘lgan; o‘z nafsini o‘ylab olib bergan; mingboshini o‘zidan yanada minnatdor qilish uchun va hokazo. Bu da`volarning hammasiga aksilda`volar topiladiki, biz “qo‘qqisdan, g‘ayri-shuriiy tarzda ham kishi hayoliga bir ish qilish istagi kelib qolish mumkin-ku!” deymiz-da, bu savolni ochiq qoldiramiz. Merosxo‘r ko‘payishi masalasiga kelsak, bu narsa Miryoqubni mutlaqo tashvishga solmagan, qanday bo‘lmasin bir epini qilardi. Lekin romanda bir epizod borki, Miryoqub epaqani ham anchagina shoshirib, o‘ylantirib qo‘yadi. Biz mingboshi “o‘sha qiz menga nasib bo‘lsa, undan keyin xotin olishni bas qilardim” deb qasam ichguday bo‘lgan o‘rinni nazarda tutyapmiz. Mingboshining fe`lini yaxshi bilgan Miryoqub avvaliga uning gaplarini jiddiy qabul qilmaydi, lekin:
“— Ishonmaganingni qara, benamoz! Men astoydil gapirayotirman! Xudo bitta, so‘z bitta!
— Ho‘h-ho‘!.. Hali shu darajaga borib qoldingizmi? Bo‘lgan ekan!
— Nimasini aytasan. U kelsa, uchovidan ham kechmoqchiman. Uchoviga ham qaramay deyman... bor-yo‘g‘imni o‘shanga beray deyman...”
Mingboshining keyingi gaplari, ko‘zlaridagi “allaqanday iztirob” Miryoqubni shoshirib (agar mingboshi aytganiday bo‘lsa, meros haqidagi rejalar puchga chiqadi) qo‘yganki, u hayronlik va shoshganligini yashirolmay qoladi. Bir qarashda uning “ho‘h-ho‘” degani mazaxday (romanni ilk bor o‘qishda shunday tuyulishi tabiiy ham, chunki meros haqidagi rejalar keyinroq oshkor qilinadi) tuyuladi, aslida esa birinchi “ho‘-ho‘”siyoq niqoblangan tashvishdan o‘zga emas. Miryoqub mingbosh taqdim qilgan jumboq ustida tinimsiz bosh qotiradi. Uning bu holati haqida adib: “Miryoqub butun umrida ko‘rilmagan bu hol qarshisida shoshib qoldi. Yana bir necha marta boshini egib “ho‘h-ho‘, ho‘h-ho‘” deya takror qildi. Oraga jimlik cho‘kdi. Faqat Miryoqubning chuqur o‘yga ketib, torta-torta choy ichgani eshitiladi”,-deb yozadi. Ko‘ramizki, yozuvchi o‘ylov jarayonini bilvosita — tashqi belgilarni qayd etish orqali beradi. O‘quvchi qahramonning nima haqida o‘ylayotganini bilgani holda, uning bu chigalni qanday yechishini taxmin qila oladi, xolos. Oraga cho‘kkan sukutni Miryoqubning o‘zi buzadi: “Ho‘h-ho‘! Otasi qurg‘ur yaqin kelmaydi-ku”. “Ho‘h-ho‘”ning takrorlanishi uning qisqagina suhbat paytida ham o‘z o‘yi (meros masalasi) bilan bandligini anglatadi, gapning so‘figa burilishi esa (so‘fining qaysarligi uning uchun ahamiyatsiz, yo‘lini topib qo‘ygan, shu bois ham so‘fini mazaxlayotganday, “ko‘ramiz so‘filigingni” deganday ohangda gapiradi) mingboshining shubhaga bormasligi, “mening tashvishimni qilyapti” deb o‘ylashi uchun kerak. Cho‘lpon qahramonining nechog‘li uzoq o‘yga tolganini ko‘rsatish uchunmi, yozadi: “Shu choqqacha zo‘r berib allanarsalarni o‘ylamoqda bo‘lgan Miryoqub yana cho‘ntagidan soatini olib qaradi: Ho‘h-ho‘,- dedi,- o‘n ikkiga yaqinlashib qolibdi”. Garchi o‘ylov jarayoni qancha davom qilganini bilmasak-da(boshlanish vaqti qayd qilinmagan), uning nihoyasida Miryoqub ma`lum qaror bergani ayon. Ketar vaqtida mingboshining “maslahat nima bo‘ldi?” degan tashvishiga javoban u: “Xotirjam bo‘ling, xo‘jayin!- dedi. Ovozida jiddiylik, keskinlik va o‘ziga ishonch to‘lib yotardi.- Otasini ko‘ndiramiz, qiz sizniki bo‘ladi. Men o‘zim bajaraman bu ishni”. Ko‘ramizki, Miryoqub o‘ylov jarayonida Zebini merosga yaqinlashtirmaslikning yo‘lini ham topdi, ham mingboshi nazarida “so‘fini unatish” yo‘lini o‘ylagan bo‘lib qoldi.
Miryoqubning mingboshi bilan muloqotlari kuzatilsa, uning “otaxoni”ni qg‘oyil qoldirishga (masalan, Qumariqdagi “ishbuzuqi”larning kimligini aytib berishi, ularga “adab berish” uchun ko‘rgan tadbirini arz qilishi, mingboshi uchun tayyorlangan xos xonani “syurpriz” sifatida taqdim qilishi va boshqalar.), qoyilligini og‘zi bilan iqror qildirishga urinishi kuzatiladi. Cho‘lpon qahramon xarakterining bu jihatiga alohida e`tibor qaratadiki, bu narsa psixologik zamindayoq bo‘rtib ko‘rinadi. Miryoqub yer sotib olish bilan bog‘liq ishlarini noyib to‘raga arz qilganida, noyib to‘ra: “Sen xuddi bir amerikalikka o‘xshaysan, Miryoqub! Lekin ko‘nglingga olma, chakki shu sartiya ichida tug‘ilib qolgansan!”.- deya qoyilligini aytadi. Yozuvchi qahramonining shu paytdagi ruhiy holati haqida: “Miryoqub ko‘ngligi og‘ir olish tugul, bu gapga sevindi balki, yuzlariga yana o‘sha yengil qizillik yugurdi”,- deya sharh beradi. Noyibning “sartiya xalqi” haqida mensimay gapirishiga Miryoqub tamomila befarq deb bo‘lmas (bu haqda keyinroq to‘xtalamiz), lekin buni “menlik hissi”ning qonganidan kelgan xursandlik bosib ketadi. Zero, kimsan noyib to‘raning o‘zi uni “sartiya” orasidan ajratib, “noyob odam”ligini e`tirof qilyapti. Ayni shunday hol Miryoqubning “mashhur no‘mir” xo‘jayini bilan suhbatida ham kuzatiladi. Xo‘jayin: “Zavqingni sinamoqchi edim, jinni!- dedi.- O‘zim bilardimki, o‘shani tanlaysan!
Miryoqubning “menlik xissi” qongan edi. Kuldi”(130). Fikrimizcha, Cho‘lponning Miryoqub xarakteri dagi ayni shu jihatga qayta-qayta diqqatni jalb etishi bejiz emas. Qahramonning qoniqish istagan (va, aytish kerakki, qoniqmagan) “menlik hissi” hurujlarini uning xudbinligi bilangina izohlasak, masalaga juda tor yondoshgan bo‘lib qolamiz. Bizningcha, qahramondagi “menlik hissi”ni qondirish istagi o‘zining jamiyatdagi o‘rnini anglashga intilishning stixiyali bir zarrasi, xolos. Gap shundaki, Miryoqubning ijtimoiy maqomi(status) bundan bir necha yillar ilgari mavjud ijtimoiy munosabatlar tomonidan belgilangan va birmuncha o‘zgargan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda ham o‘zgarishsiz qolavergan.
“Kecha”ning eng dilbar qahramoni — Zebi obrazini yaratishda Cho‘lpon “evrilish san`ati”ning beqiyos namunasini namoyon qiladi. Albatta, Zebining ruhiyatini anglashda u yashayotgan mikromuhitni nazarda tutish lozim, lekin bu narsa avvalgi bobda ko‘rilganidek yetakchi ahamiyat kasb etmaydi. Zero, A.Qodiriy Ra`no haqida “tabiat xasis emas: tikandan gul, aridan bol yarataveradi” degani kabi, Zebi ham Razzoq so‘fi xonadonida o‘sha sahovatli tabiat mo‘jizasidek ajralib turadi. Romanning boshlanishida qo‘llangan psixologik parallelizm usuli o‘quvchini qahramon olamiga olib kiradi. Lirik peyzaj lavhasida ko‘rganimiz tabiatdagi jonlanish, hayot va erkinlik nash`asi qiz ko‘nglidagi hislar bilan uyg‘unlik kasb etadi: “Zebi(Zebinisa)ning qish ichi siqilib, zanglab chiqqan ko‘ngli bahorning iliq hovuri bilan ochila tushgan; endi ustiga poxol to‘shalgan aravada bo‘lsa ham, allaqaylarga, dala-qirlarga chiqib yayrashni tusay boshlagan edi”. Lekin qizning tuyg‘ulari, istagu intilishlari ko‘nglining eng chuqur qatlamida botin, ularning yuzaga chiqish jarayonini adib zo‘r mahorat bilan ko‘rsatadi. O‘quvchi Zebini ilk bor quyidagi holatda ko‘radi: “Otasi bomdoddan kirmagan, onasi sigir sog‘ish bilan ovora, o‘zi kichkina sahnni supurib turgan vaqtida tashqari eshikning besaranjom ochilishi Zebining ko‘nglini bir qur seskantirib oldi. Bir qo‘lida supurgisi, bir qo‘li tizzasida — yerga egilgan kuyi eshik tomonga tikilib qoldi”. Ko‘ramizki, qahramoni ruhiga kirib olgan adib borliqni uning sezgilari bilan qabul qiladi (“eshikning besaranjom ochilishi”), ya`ni, introspeksiya usulidan foydalanadi. Yozuvchi qahramonidagi psixofiziologik o‘zgarishni (ko‘ngilning seskanishi) qayd etadi-yu, uning dilida nelar kechganini aytmaydi. O‘quvchi qarshisida tabiiy savol ko‘ndalang bo‘ladi: sovchilardan bezgan qiz eshikning “besaranjom ochilishi”dan seskanib, turgan joyida qotib qolgan dam dilida nelar kechdi? O‘zida mavjud psixologik imkoniyatlarga tayangan va konkret hayotiy situatsiyadan kelib chiqqan kitobxon avvaliga qiz dilida shirin tashvish, qo‘rqinchli umid hukmron deb o‘ylashi tabiiy. Lekin Zebining eshikdan kirib kelgan dugonasi bilan muloqoti bu fikrni tez yo‘qqa chiqaradi. “Salti endi gap ochdi:
— Erta saharlab chopganim bekor emas...
— Men ham sezganman... Yuragim bir qur seskanib ham oldi...
— Nimaga, o‘rtoqjon?
— O‘zingiz bilgan sovchilar balosi-da... Qish ichi keti uzilmadi.
— Menam bezganman, jonim qaqa... Shuning uchun bir qishloqqa chiqib kelsakmikan deb edim...
— Nimasini aytasiz... Ariqdagi suv ham muzning tagidan chiqadi-ku.
Zebining yuzini, shu topda butun qish ichi to‘planib qolgan horg‘inlik asarlari egallagan edi. Uning ikkala yuzi, ayniqsa, ko‘rpaning katta-katta qovig‘iga tikilgan andishalik ko‘zlari hovur bosgan oynakning betiga o‘xshardi. Aksincha, Saltining yuzlari charaqlagan yulduzday, sernash`a, quvnoq va har qanday andishadan yiroq bo‘lib, ko‘nglining chuqur burchaklaridan chiqib kelgan sevinch to‘lqunlarini aks ettirardi. Shu uchun u Zebining so‘ng so‘zlaridagi og‘ir va mayuslikni payqay olmadi”. Ko‘ramizki, Cho‘lpon bu o‘rinda psixologik kontrast yordamida qahramoni ruhiyasini ochishga harakat qiladi. E`tibor qilinsa, Zebini chinakamiga tashvishga solgan sovchilar balosi Saltini uncha tashvishlantirmayotgani seziladi. Uning: “Menam bezganman, jonim qaqa” degani allaqanday bir ichki qoniqish hissi bilan aytilmoqda. Ma`lumki, har ikki qiz ham endigina o‘n beshdan o‘n oltiga qadam qo‘ygan, o‘sha davr sharoiti uchun bu yosh ayni turmushga chiqariladigan vaqt, ya`ni, qizlar bunga ruhan tayyorlar. Saltining ko‘ngli, ayni situatsiyadagi aksariyat qizlarda bo‘lgani kabi, shirin tashvishga yo‘g‘rilgan: bo‘lg‘usi turmushi haqida ayrim shirin xayollar suradi, ayni paytda, yangicha turmushning o‘zi uchun mavhum jihatlari diliga tashvish soladi. Zebidan farq qilaroq, Saltida zo‘r tashvish uchun zohiriy sabab yo‘q, shu bois ham dugonasining “so‘zlaridagi og‘ir va mayuslikni” payqay olmadi. Aksincha, Zebida “sovchilar balosi”dan astoydil tashvishlanish uchun yetarli asos bor: avvalo, qiz ota-onasi orasidagi munosabatlarni ko‘raverganidan oilaviy turmushdan bezillab qolgan; ikkinchidan, o‘zi bilan zarracha hisoblashmaydigan otasining fe`lini o‘ylab ham qo‘rqadi. Shu tashvishlardan umidsizlangan qiz dilidagi mayuslik uning tabiatiga xos bo‘lgan hayotsevarlik, serzavq-sernash`alikka soya soladi. Ya`ni, oila muhitida o‘zini qafasdagidek his qilgan Zebi hislarini jilovlashga, ruhini jism qafasida tutishga majbur. Lekin botindagi narsa zohirga chiqmay qolishi mumkin emas, zero, insonning his-tuyg‘ulari nechog‘lik o‘zgaruvchan bo‘lmasin, uning tabiatini belgilovchi ichki “yadro” muqim xarakterga ega. Shuning uchun ham, adabiyotshunos M.Baxtin aytmoqchi, “shaxs ekstensiv ochib berishlikni talab qilmaydi, u yolg‘iz bir tovushda namoyon bo‘lishi, birgina so‘z orqali ochilishi mumkin” . Xuddi shu narsa Zebining dugonasi bilan suhbatida ham kuzatiladi:
“— Teng-to‘shlarimiz bilan bir borib (qishloqqa-D.Q.) kelmoqchiman. Sizni ham olib boraman...
— Qachon?
Zebining bu kalta savolidan Salti ko‘p narsani angladi. Bu savol Zebining iloji bo‘lsa hozir paranjisini qo‘lga olib (yopib ham o‘tirmasdan!). shu yerdan uzoqlashmoq uchun talpinganini ko‘rsatardi”.
Zebining shu yerdan uzoqlashmoq uchun talpingani, ayonki, o‘z stixiyasida yashash istagidan tug‘ilgan. Qiz ko‘nglidagi hislarga erk bergach, u bilan Salti orasidagi psixologik kontrast yo‘qoladi, “ikki yosh bola nihoyasiz quvonchlar ichida” qoladi. Yozuvchi qahramonining bir ruhiy holatdan ikkinchisiga o‘tishini ishonarli va jonli ko‘rsatadi. Dugonasining taklifidanoq hursandligi ichiga sig‘may qolgan Zebi otasidan ruhsat olish kerakligini o‘ylaganida, “ko‘zlari andisha bilan kengayib ochilgani holda indamasdan joylarni yig‘a boshladi”. Quvonch pardalarini pastroq olishga majbur bo‘lgan qiz endi ishonib-ishonmay otasini kutadi, sabrsizlikdan “otamdan darak yo‘q-ku?” deya onasidan so‘rab qo‘yadi. Xayoli faqat otasida bo‘lgan, butun vujudi umidga aylangan qizning ruhiy zo‘riqishdan qo‘li ishga bormaydi, “dasturxon boshida choy kelishini kutib o‘tirgan” mehmonini unutadi. Ko‘ramizki, tashqi belgilar dinamikasi qahramonda kechayotgan ruhiy jarayon — his-tuyg‘ular, fikrlar dinamikasini tasavvur qilishimizga imkon beradi. O‘zining o‘y-tashvishlari bilan bo‘lib mehmonini unutgan Zebi “uni uzr aytib qarshi oldi:
— O‘rtoqjon,- dedi.- otam avrodda o‘tirib qoldi, shekilli, shunaqa odati bor. Endiyoq kirib kelsa kerak. Xafa bo‘lmang-a?
Bu so‘nggi jumlaning aytilishidagi samimiyat bir-biri bilan qalin o‘rtoq tutishgan yosh qizlardagina bo‘ladi. “Xafa bo‘lmang-a?” deb turgan vaqtida Zebining yuzini ko‘rish kerak edi! Bir qo‘lida supurgi, bir qo‘li tizzasida, supurgi ham yerdan uzib olingan emas, faqat bosh yuqori ko‘tarilganu butun vujud Saltining ixtiyorida! Ko‘ngil, orzu, sevgi, sevinch... — bular hammasi Saltiga tomon uchadi, unga tomon otiladi, uni o‘rab, uni aylantirib, uni quchadi! Zebining yuzlaridagi — oyday tiniq va quyoshday yoruq bu holat moddiy haqiqatlar qadar ochiq ko‘rinardi”. Zebining uzr aytishi, aslida, o‘zining mehmonini unutib qo‘ygani uchun. “Xafa bo‘lmang-a?” deganida u otasidan emas, o‘zidan xafa bo‘lmaslikni o‘tinadi, otasi haqidagi gaplar esa go‘yo qilgan “gunohi”ning sababini izohlaydi. Mazkur ko‘chirmada boshqa bir narsaga diqqatni jalb qilmoqchimiz: e`tibor berilsa, Cho‘lpon qahramonini qabul qilish yo‘lini ko‘rsatayotgani anglashiladi — “Zebini ko‘rish kerak!”. Muhimi shundaki, bu narsa sezdirmasdan amalga oshiriladi: adib o‘zining maftunligini o‘quvchiga “yuqtiradi”, natijada u “Zebining yuzlaridagi oyday tiniq va quyoshday yorug‘ holatni” o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga harakat qila boshlaganini o‘zi ham sezmay qoladi. Zebining yuz-ko‘zlaridagi ifodani ko‘z oldimizga keltirsakkina, Saltining unga nisbatan ajabtovur mehri iyib ketgani, ikkala qizchaning butun tashvishlarini unutib, bolalik ruhiga kirib qolgani tabiiy va psixologik jihatdan asosli ekani ko‘rinadi. Umuman, Zebi obrazini yaratishda Cho‘lpon qahramonidagi psixofiziognomik (mimika, yuz-ko‘z ifodasi) o‘zgarishlarni ko‘pincha qayd etmaydi. Ma`lumki, “barcha hislar o‘ziga maxsus tovush ohangi, yuz ifodasi va ishoralarga ega” Shunga ko‘ra, ruhiy tahlilning dinamik prinsipida psixofiziognomik parallelizmlar qahramonning muayyan vaqtdagi ruhiy holatini moddiylashtiruvchi unsurlardan biri sifatida tushuniladi. Cho‘lpon bu narsaga yetarli e`tibor bermasa-da, uning o‘rnini qahramoniga nisbatan o‘quvchida uyg‘otgan badiiy simpatiya hisobiga to‘ldiradi. Gap shundaki, kitobxon kundalik turmushida yuz-ko‘z ifodalarini ko‘p kuzatgan, ular haqida muayyan tasavvurga ega. Badiiy simpatiya mavjudligi uchun ham Zebining gap so‘zlari orqali uning ruhiga kirolgan o‘quvchi psixofiziognomik holatni xayolida osongina tiklaydi (sxematik tarzda ifodalamoqchi bo‘lsak, bu jarayon quyidagicha kechadi: Zebining muayyan paytdagi xatti-harakatlari va gaplari — ruhiy holat — shunga mos yuz-ko‘z ifodasi).
Psixologiyada kuchli, o‘rta, mo‘tadil hislar ajratiladiki, ularning hosil bo‘lishi va kechishi turlichadir. Masalan, kuchli hislar (affekt) aniq sabablarga ko‘ra juda tez paydo bo‘lib, qisqa vaqt davom qiladi. Bunday holatda kishining tafakkuri xiralashadi, irodasi falajlanadi . Zebida bu kabi hol qiy-chuv to‘polon ustiga otasi kelib qolgan vaqtda kuzatiladi. So‘fining eshikdan “kirar-kirmas ovozining boricha: “Bu nima qiyomat!!!” - deb shovqin solishi ikkala yosh qizni chaqmoq tekkan daraxtday turgan joylarida qotirib qo‘ydi”. Ko‘ramizki, Zebidagi qo‘rquv hissi ayni lahzada o‘ta kuchli, shu bois ham uning irodasi falajlanib, “turgan joyida qotib” qoldi. Ayni paytda u sodir bo‘lgan ishning oqibatini (deylik, otasining yubormaslik ehtimoli ortganini) xayoliga ham keltirgan emas, chunki ma`lum muddat o‘ylash layoqatidan ham ayrilgan.
Yuqorida ko‘rib o‘tganimiz gap-so‘zlar Zebi ruhiyatida kechgan kurashda hayot zavqining g‘olib kelishiga zamin hozirlaydi. Qafasdagi ruh qizlarning sho‘x yallalaridan quvvatlanib, tamomila erkinlikka chiqadi. Cho‘lpon Zebi bilan O‘lmasjon munosabatlarini sirli-romantik ruhga chulg‘aydi. Shu bois ham boshdanoq Zebi ruhiga kirmagan kitobxon uchun qiz dilida muhabbat paydo bo‘lishi ishonarli ko‘rinmasligi mumkin. Zero, yozuvchi dilni dilga payvandlagan lahza tasvirida so‘zga xasislik qiladi. Poyloqchi kampirning qilig‘ini ko‘rib “Zebi kamoli hayron bo‘lganidan aravakashning nomahram ekanligini ham unutib, haligi tang‘irqash nazari bilan unga qaradi. Aravakash yumshoqqina kulimsiradi. Yosh yigitning bu yosh va shirin tabassumini oy yorug‘ida alayno ko‘ra olgan yosh qiz butun badanlaridan muloyimgina durkirash kechganini payqadi va qizarib teskari qaradi. U qarash aravakash yigitchaga ham boshqacha ta`sir qilgan bo‘lsa kerak, kampirni turtib uyg‘otmoq uchun qo‘lini yuqori uzatdi. Shunda kampirning boshidagi qo‘l boshqa bir qo‘lning o‘ziga kelib tekkanini boyagidan kuchliroq durkirash bilan sezdi. Erkak zoti bilan birinchi marta bu xilda uchrashgan yosh qiz shu paytda bir oz gangiragan edi. Shuning uchun qo‘lini darrov tortib olmasdan, o‘ziga kelganidan keyin birdaniga jerkib tortdi”. O‘z vaqtida adibni “Kecha va kunduz”da xotin-qizlar juda lavashang, bo‘sh, ko‘ngilchan, tez yig‘layturg‘on, jinsiy zavqqa intilaturg‘on qilib ko‘rsatiladi (masalan, Zebi, Sultonxon, Poshshaxon, Enaxon). Cho‘lpon xotin-qizlardan kuladi...” deya ayblagan edilar. Yuqoridagi ko‘chirmada shu ayblovni quvvatlaydigan o‘rinlar yo‘q emasday: agar parchani asar kontekstidan uzb olinsa, unda balog‘atga yetgan ikki jins vakillarining bir-biriga talpinishidan boshqa narsa qolmaydi.
Mingboshining zaharlanishi epizodini tasvirlar ekan, Cho‘lpon Zebini har qanday gumondan holi qilishga intiladi. Zero, zohiran gumon uchun asos yo‘q emasday: Poshshaxon kuchalani Zebi uchun “dam solingan” choynakka solgan, bilganki,kundoshi bu suvni birovga tutmaydi. Yozuvchi fojia tafsilotini tasvirlar ekan, Zebining ayni shunday harakat qilishi lozim bo‘lganini psixologik jihatdan asoslay bilgan: “Orada qancha uxlagandir, o‘zi ham bilmaydi, besaranjom bir qichqiriq bilan uyg‘ondi:
— Suv! Suv! - deb qichqirardi mingboshi.
Zebi uyqusirab kelib yana fonarni balandlatdi. Ungacha mingboshining qo‘rqinch ovozi ham ko‘tarila tushdi:
— Sintaloqdi qizi, suv deyman! Suv! (Zebi haligacha tushunib yetmaganidan mingboshi g‘azabga minmoqda) Yuragim kuyib ketdi!.. Yonib ketdi!.. Suv! Suv!..
Zebi shoshib qoldi, tez borib choynakdagi tabarruk suvni qo‘liga oldi — hech narsa o‘ylashga fursat yo‘q — darhol mingboshiga uzatdi...” Bu o‘rinda, avvalo, Zebining juda qattiq uxlaganini nazarda tutmoq lozim, zero, yarim kechada molday ichib kelgan erining cho‘chqaga xos qiliqlarini ko‘rib ko‘ngli alag‘da bo‘lganidan “tashqarida ancha shamollab va yengillab kirgach”gina uxlagan. Qattiq uyqudagi odamga xos karaxt shuuriga erining nima degani yetib bormaydi, uni baqiriq kuchigina o‘rnidan qo‘zg‘atgan. Shu bois ham u uyqusirab fonarni balandlatadi — nima gapligini bilishni istaydi. Shu holatda erining so‘kish aralash o‘kirishi Zebini yana karaxt qilib (qo‘rquv affekti) qo‘yadiki, uning talmovsirab turganini ko‘rgan mingboshi gapini qayta-qayta takrorlaydi. Shuuri tiniqlashishi bilanoq shoshib qolgan Zebi tokchadagi “tabarruk suv”ni olib uzatadi, ayni paytda u suvning tabarrukligini o‘ylaydigan alpozda emas, tezroq erini tinchitishni, uning g‘azabiga qolmaslikni tilaydi, xolos. Sudda “Nimaga u suvni mingboshiga berdingiz?” degan savolga Zebining “Juda tashna bo‘lib so‘ragan edi, shundoqqina tokchadan olib uzatdim” deya javob berishi ham shundan.
Qahramonning ko‘z oldida yuz bergan dahshatli voqeadan keyingi ruhiy holati haqida adib “Zebi o‘sha zaharlanish hodisasidan beri doim karaxt bir holda bo‘lardi, uning miyasi falajga yo‘liqqan kabi edi” deb yozadi. Qiz atrofida yuz berayotgan voqealarga o‘ta loqayd, “o‘zini nechik mudofaa qilishni o‘ylamaydi”, karaxt shuurida “Men o‘ldirganim yo‘q.... Bu aniq... Meni qo‘yib yuboradilar...” degan qat`iy ishonch muqimlashgan. Zebi o‘zining taqdiri qay yo‘sin hal qilinayotganini bilmaydi, sababki, “sud majlisida faqat aybdorga berilgan savollar, so‘ngra tergov protokoli bilan hukmnomaning eng kerak joylari tarjima qilinar, boshqa so‘zlar o‘ruscha ketardi”. Qizning o‘zini tutishidagi xotirjamlik, qo‘rquv hissining yo‘qligi yuqoridagicha ishonch va anglamaslikdan kelib chiqadi. Albatta, romanning ikkinchi qismida, O.Sharafiddinov aytmoqchi, Zebi taqdirining davomi qalamga olinishi ehtimoldan holi emas. Dilogiyaning nomlanishi, yozuvchining “Novvoy qiz” hikoyasida “inqilobgacha — inqilobdan so‘ng” sxemasining sinab ko‘rilgani ham bu fikrni ma`lum ma`noda quvvatlaydi. Lekin Zebi keyingi romanda xarakter mantiqiga muvofiq harakat qiladimi yoki... Yaxshisi, bu savolni ochiq qoldirgan ma`qulroq ko‘rinadi, zero, ming yillik tariximizning ayni shu parchasidan mantiq izlash... qiyin.
Zebining tevaragida harakat qiluvchi personajlar ruhiyatini ham Cho‘lpon, asosan, dinamik prinsip vositasida ochib beradi. Ularning ayrimlari, xususan, Salti bilan O‘lmasjon to‘g‘risida yuqorida qisman to‘xtaldik. Bizningcha, bu prinsip asosiga qurilgan xarakterlar ruhiyatini to‘laroq tushunish uchun ularni qadam-baqadam kuzatish lozimdirki, Zebi haqida so‘z yuritganda biz shunga amal qildik. Lekin epizodik personajlar haqida gapirganda bu narsa zarur emas, chunki badiiy asarda ularning xarakteri va ruhiyatini atroflicha ochish maqsad qilinmaydi, balki ayrim qirralarigina beriladi.
Xulosa qilib aytganda, “Kecha” romanining asosiy qahramonlari Miryoqub va Zebi obrazlarining ruhiy psixologik holatlari asar davomida ishonarli ochib berilgan.

Download 371 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling