O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakulteti 306-guruh talabasi To‘xtayeva Saida Akmal qizining


I.2. Ijodkor yaratgan ocherk janrining o‘ziga xos kompozitsiyasi


Download 371 Kb.
bet5/11
Sana09.01.2023
Hajmi371 Kb.
#1085425
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
Kurs ishi s

I.2. Ijodkor yaratgan ocherk janrining o‘ziga xos kompozitsiyasi.

Cho‘lpon hikoyalarida kuzatganimiz janr xususiyatlarining rang-barangligi uning ocherklariga ham xosdir. Cho‘lpon ijodida ocherk janrida yozilgan asarlar salmoqli o‘rin tutadiki, bu bejiz emas, albatta. Mutaxassislar fikricha, milliy adabiyotlar tarixida ocherk janrining gullab-yashnashi mavjud ijtimoiy munosabatlarning yemirilishi va ularning o‘rnida yangilarining shakllanishi davrlariga to‘g‘ri kelar ekan. Ma`lumingizki, Cho‘lpon ijodiy faoliyati — xoh inqilobgacha va xoh undan keyingi davrni oling — ayni shunday davrlarga to‘g‘ri keladi. Bezovta qalbning tinchiy olmagani, o‘zini o‘rtagan muammolarni anglash, ularni omma bilan o‘rtoqlashish ehtiyojini har dam tuyub yashagani ham shundandir, ehtimol.


Cho‘lponning matbuot yuzini ko‘rgan ilk asarlaridan biri —"Bahor avvallari" nomli etyud (badiiy-publitsistik lavha) uning ocherk janridagi ilk mashqlaridan sanalishi mumkin. O‘n yetti yoshli muallif voqelikka bir qur nazar tashlaydi-da, nigohiga ilingan narsalarni shoshib qalamga oladi: go‘yo u rassomu ijtimoiy hayotning muayyan lahzasini matoda qotirib qo‘yishga shoshilayotgandek. Muallif nigohi tabiatdan dehqonlarga, ulardan mahalliy boylarga, keyin tolibu mudarrislarga, nihoyat, "xushyoqmas xalq"qa ko‘chadi — ularning birontasida uzoqroq to‘xtalmaydi. Shu bois ham "Bahor avvallari" parchalardan tarkib topgan mozaikadek taassurot qoldiradi kishida: parchalar orasidagi choklar aniq ravshan ko‘zga tashlanadi-yu, lekin bir butunlik yuzaga kelaveradi. Butunlikni ta`minlovchi unsur esa — muallif nigohi, uning voqelikka munosabati. Darvoqe, muallif munosabati ham qo‘sh qirrali — lirik va kinoyaviy. Tabiatdagi jonlanish haqida gap ketganida liriklikka yo‘g‘rilgan ifoda jamiyat hayoti haqida so‘z yuritilganida kinoyaviylik kasb etadi:
Iching choy, o‘lturung behuda g‘iybat sotub, ey xalq,
Kelur qish bir vaqt, qolmas sizga bu davru davronlar.
Avvalo, teskari ma`nodagi chaqiriq(kinoyaning bir turi — antifrazis) nafaqat tabiat bahori, ijtimoiy hayot bahorini-da g‘aflatda o‘tkazmaslikka undayotganini qayd etish lozim Zero, davr kontekstida ayni shu ma`no muallif uchun birlamchidir. Ikkinchidan, "Bahor avvallari"ning har bir kompozitsion bo‘lagi she`riy misralar bilan yakunlanadiki, bu Cho‘lpon an`anaviy nasrimiz, xususan, didaktik asarlarga xos usuldan foydalanganini ko‘rsatadi. Aytish kerakki, an`anaviy shakldan foydalangan adib unga yangicha mazmun bag‘ishlaydi: she`riy parchalarning g‘oyaviy-badiiy funksiyasini tubdan o‘zgartiradi. Agar didaktik nasrchiligimizda she`riy parchalar aytilgan fikrlarni jamlashu lo‘nda ifodalashga xizmat qilgan bo‘lsa, Cho‘lpon ulardan o‘zi tasvirlayotgan narsaga g‘oyaviy-hissiy munosabatini ifodalash uchun foydalanadi.
"Bahor avvallari"da kuzatganimiz kinoyaviy ifoda yo‘sini o‘ziga maxsus nuqtai nazar poetikasini taqozo qiladi. Ya`ni, bu holda muallifning chetdan kuzatuvchi mavqeida turishi kamlik qiladi, voqelikdan har tomonlama "yuqori" turishi taqozo qilinadi. Shunga ko‘ra, Cho‘lpon ijtimoiy hayotni "yuqori"dan kuzatadiki, shu tufayligina uning nigohi lahzalar mobaynida u ijtimoiy qatlamdan bunisiga ko‘cha oladi, shu mo‘jaz parcha orqali butunga — Turkiston ijtimoiy voqeligiga yaxlit munosabatini ifodalash imkoniga ega bo‘ladi.
Cho‘lponning yo‘l ocherklaridan biri — "Vayronalar orasidan" nomli safarnomasida esa o‘zgacha holga duch kelamiz: bunda muallif voqelikni "ichdan" kuzatadi. Andijondan O‘sh va Jalolobodga qilingan safar davomida muallif o‘zi guvoh bo‘lgan eng xarakterli voqealarni, ko‘zi tushgan narsalarni qayd etib boradi. Biroq safarnomani faktlarning oddiygina qaydi deya olmaymiz, zero, unda faktografik va tahliliy qatlamlar yonma-yon boradi. Asar markazida turuvchi sayyoh-muallif obrazi ikki qatlamning uyg‘un birikuvini ta`minlaydi. Cho‘lpon keltirayotgan faktlar reallikdan olingani ayon, biroq buni naturalistik qaydlar ma`nosida tushunmaslik lozim. Faol ijodkor shaxs sifatida Cho‘lponning o‘z qarashlari, orzu-intilishlari, bir so‘z bilan, ijtimoiy-estetik ideali mavjud edi. Demakki, tanlanayotgan faktlar ham o‘sha idealga mos, birinchi galda adibning qarashlariyu xulosalarini ifodalashga xizmat qiladilar. Shu ma`noda ularning aksariyatini publitsistik-illyustrativ obrazlar sirasiga qo‘shishimiz mumkin.
"Vayronalar orasidan"ning kompozitsion qurilishi, bir tomondan, safarnoma janri talabi bilan, ikkinchi tomondan, undagi tahliliy qatlamning o‘ziga xosligi bilan belgilanadi. Safarnoma janri talabidan kelib chiqqan holda makon va zamon o‘zgarishlarining qat`iy tartibi saqlangan. Biroq bu yo‘llardan ilgari ham ko‘p bor yurgan sayyoh mushohadasi hozirgi mavjud faktlar bilangina qanoatlanmaydi: u o‘zi bilgan o‘tmishga bot-bot qaytadi, chog‘ishtirishga intiladi. Yurt qayg‘usida yashayotgan adib tafakkuri vaqt chegaralarini buzib yuboradi. Adib biron faktni keltirar ekan o‘tmishni eslaydi, muqoyasa qiladi, uning o‘ylari qatida esa doimo kelajak tashvishi botin bo‘ladi. Fikrimizni asoslash uchun sayyohning birgina faktni qay tarzda mushohada etishiga e`tibor beraylik. Xo‘jaobod qishlog‘i yaqinida "Farg‘onaning mashhur qorunlaridan yahudiy simxoyevlar"ning pu-liyu hiyla-nayranglari bilan barpo etilgan bog‘ haqida quyi-dagilarni o‘qiymiz: "Ko‘p mevali daraxtdan iborat bo‘lg‘on ul keng bog‘ni juda ko‘p, hadsiz-hisobsiz kerak ko‘chatlari bor ekan, g‘alati ovrupovoriy imoratlar, gulshanlar yasalgan. Necha yuzlab qo‘y, necha o‘nlab mol-siyirlar, yaxshi ho‘kuzlar necha juft otlar turg‘onlar, dehqonchilik asboblarining ham har xili bo‘lg‘on.
Bu, albatta, ilgari vaqtda, mana bu kichik urushlar vaqtida bog‘cha tamom ishdan chiqib, bir chakalakzor bo‘lib qolg‘on. Imoratlarini istehkom yasab olib bosmachilar bilan askarlarimiz, askarlarimiz bilan bosmachilar otishqonlar. Hisobsiz miltiq teshiklari yaqin zamondagi dahshatlik damlarni esga solub, masxara qilib turadurlar...
Ilgari tubjoy xalqidan bir necha kishi bog‘ni hukumatdan ijaraga olg‘on ekanlar. Keyingi vaqtda hukumat ul ijarachilardan qaytarib olub, "qishloq soyuzi" degan tashkilotga bergan. Bu tashkilot ziroat muhandislari yuborg‘on, xo‘jaobodliklardan mardikor yollab, ishlatub turadur. Biz o‘tub ketayotqonda bir necha kishi zambar to‘kub turar edi. Yiqilg‘on, buzulg‘on uylar tuzatilmakga boshlag‘on, bog‘chaga ham chinakam bel bog‘lab ishlagan ko‘rinadilar".
Yurtining kecha va bugunini qiyoslarkan, adib urush keltirgan vayronaliklarni ko‘rib eziladi, urush asoratlari bartaraf etilayotganini, yaratish davri boshlanayotganini ko‘rib dili taskin topadi. Biroq yo‘l davomida duch kelgani ayrim faktlar uni chinakam tashvishga soladiki, ularni keltirish bilan o‘quvchini yurtining ertasi haqida jiddiyroq mushohada qilishga undaydi. Cho‘lpon Xo‘jaobod paxta punktida "bir Zubov degan hazinachi bor ekan, uning eng shirin gapi ko‘cha so‘kishlarining o‘rtacharog‘i ekan" deya alamli istehzo bilan yozadi. Muallif Zubovning mahalliy aholiga haqoratomuz muomalasi haqida xabar berarkan, qiziq bir faktni gazetxon e`tiboriga havola qiladi. Gap shundaki, mahalliy aholi shikoyatlariga asosan O‘sh hukumati (ya`ni, o‘sha paytdagi uezd hukumati) Zubovni chaqirtirganida, u "ish vaqti borolmayman" deydi-da, bormay qo‘yaqoladi. Qizig‘i shundaki, "paxta ma`rakasiga zarar qilmasin, deb O‘sh hukumati ham o‘zicha bir narsa qilmasdan, muzofot mahkamalariga havola qilibdur". Ko‘ramizki, bu o‘rinda Cho‘lponni oddiy bir kassirning mahalliy hukumatni mensimasligi emas, o‘sha hukumatning kassir "ulug‘ og‘a"lardan bo‘lganligi uchun-da hech bir ta`sir qilolmasligi hayratga soladi. Boz ustiga, uezd hukumati paxta kampaniyasiga zarar yetishidan qo‘rqib masalani yuqoriga oshirar ekan, demak, yuqori idoralar avvalo paxtani talab qiladi, uni yetishtirayotgan xalq sha`ni esa ikkinchi darajali masala. Shu o‘rinda satr orasida Cho‘lponning "bu mustamlakachilik siyosatining ayni o‘zi emasmi?!" degan tashvishli savoli ko‘zga tashlanadi. Zero, muallifning umidi ham shu aslida: u o‘zi aytmagan, aytolmagan gaplarni ziyrak gazetxon uqib olishiga ishonadi. Qizig‘i shundaki, adib bunga o‘xshash faktlarni keltirganida, bog‘ misolida ko‘rganimiz "o‘tmish — hozir — kelajak" silsilasidan faqat "hozir"ni oladi. Yuqoridagicha sxema asosida mushohada yuritib kelayotgan gazetxon beixtiyor yana o‘sha yo‘sinda o‘ylay boshlaydi, yetishmayotgan xalqalarni o‘zi topib, to‘ldiradi. Ko‘ramizki, asarning kompozitsion qurilishidagi o‘ziga xoslik muallif ko‘zlagan g‘oyaviy-badiiy niyat bilan izohlanar ekan.
Cho‘lponning "Yo‘l estaligi" nomli safarnomasi borki, uning janrini bu xil belgilashimizda shartlilik ulushi ko‘proq. Sababi, asarda yo‘l ocherkiga xos asosiy jihat — ko‘rilgan narsa-hodisalarni makoniy o‘zgarishlarga muvofiq tarzda tasvirlab borishlik yo‘q. "Yo‘l estaligi"da yo‘lda ko‘rilgan narsa-hodisalar tasviri yoki tavsifi emas, sayyoh ruhiyatidagi his-tuyg‘ularu o‘y-fikrlar kurashining tasviri birlamchidir. Shu bois ham muallif yo‘lda ko‘rilgan narsa-hodisalar, manzillarni konkretlashtirmaydi — ular kechinmalarga turtki berishu o‘zni anglash va ifodalash uchungina kerak. Shuni e`tiborga olgan holda "Yo‘l estaligi"ni lirik turga mansub, deyish mumkin(fikrimizcha, asar o‘zining janr e`tibori bilan ko‘proq "lirik poema"ga yaqin. Shunday bo‘lsa-da, bir tomondan, uning tashqi shakliy xususiyatlari yo‘l ocherkiga xosligi, ikkinchi tomondan, muomalada qulaylikni ko‘zlab "safarnoma" tarzida nomlab turamiz). Asarning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, unda ramziy-majoziy ifoda yo‘lidan borilgan. Deylik, tabiat tasviri lirik-romantik ruhga yug‘rilgangina emas: unda goh sayyoh qalbi suratlanadi, goho bezovta qalb bilan uyg‘unlik, goh esa zidlashuv kuzatiladi. Aytmoqchimizki, "Yo‘l estaligi"da tasvirlanayotgan narsa bilan ifodalanayotgan narsa orasida bevosita aloqa mavjud emas (bu haqda to‘rtinchi bobda maxsus to‘xtalamiz). Ya`ni, ifodalanayotgan narsa bevosita tasvirdan o‘sib chiqmaydi, u ramzlar qatida botindir. Aniqrog‘i, bevosita tasvirdan o‘sib chiqayotgan mazmun ifodalash ko‘zlangan mazmunni pardalab turadi, har ikkisi mustaqil holda yashaydi. Yuqoridagi mulohazalarimizdan ko‘rinadiki, janr ramkalari Cho‘lponning ijodiy izlanishlariga rahna sololmaydi, u janr doirasida tamomila erkin sezadi o‘zini. Ayni shu ma`nodagi ichki ijodiy erkinlik sabab bu asarlar bir-biridan muallif tutgan mavqe, tafakkur tarzi, voqelikka munosabat turi, ifoda va tasvir yo‘sini kabi muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha jiddiy farqlanadi, ularning har biri betakror originallik kasb etadi.
Cho‘lpon nasri bilan ozmi-ko‘pmi tanishgan kishi uning chin ma`noda shoir prozasi ekaniga amin bo‘ladi. Zero, bu asarlarning qat-qatiga singib ketgan lirizm, lirik tafakkur har lahza she`r iforini taratib turadi. Bugina emas, Cho‘lpon merosida "Ayriliq yo‘li", "Chopon va paranji", "Qurbon", "Salom senga" kabi qator asarlar ham borki, ular tom ma`nodagi lirik hodisa — nasriy she`rlardir.
Kezi kelganda yana bir narsaga diqqatni jalb etish joiz. Cho‘lponning vaqtli nashrlarda e`lon qilingan aksar she`rlari uning o‘zi tartib bergan to‘plamlariga kiritilmagan. Diqqat qilinsa, to‘plamlarga kiritilmagan she`rlarning ko‘pchiligida ochiq-oshkor publitsistika, deklarativlik ustunligini sezish qiyin emas. O‘ylashimizcha, hassos shoirimiz she`riyatga yuksak talablar bilan yondoshgani uchun ham publitsistik ruh-la yo‘g‘rilgan she`rlar bilan she`riy shakldagi publitsistikani farqlagan. Adibning nasriy she`rlarida ham publitsistik ruh ustivor, biroq ularni lirik hodisa deb ataymiz. Negaki, ularning lirik qahramoni — zamonasining dolzarb muammolari haqida o‘ylayotgan Cho‘lpon uchun shaxsiylik va ijtimoiylik chegarasi mavjud emas: millat, yurt qayg‘usi uning qalbida obdon qaynab, dil qoniga to‘yingachgina bo‘g‘ziga bir fig‘on, hayqiriq bo‘lib chiqadi. Tabiiyki, bu qaynoq tuyg‘ularni taftini ketkazmay ifodalash uchun o‘ziga maxsus shakl zarurdirki, Cho‘lpon buning-da eng optimal yo‘llarini izlaydi.
20-yillarning avvalida Farg‘onada yuz bermish dahshatli ochlik munosabati bilan yozilgan "qurbon" nomli nasriy she`r yuqoridagi fikrlarimizni asoslashga xizmat qila oladi. Cho‘lpon she`rni kompozitsion jihatdan uch qism(shartli ravishda "band")ga ajratgan. Uning birinchi qismida Arabiston manzaralari chiziladi:
"Qon, qon, qon!
Bechora qo‘y qassobning omonsiz panjasiga tushgandir.
Qayroqqa tilini surkagan o‘tkur pichoq qo‘yning bo‘g‘uziga taqalmishdir.
Allohu Akbar!"
Adib olis Arabistonning muqaddas zaminida, haj mavsumida yuz berayotgan qurbonlik keltirish marosimini tasvirlash maqsadini ko‘zlamaydi — bu tafsilotlar uning uchun meditativ mushohada vositasi, xolos. Xuddi shuningdek, ikkinchi "band"da berilgan "Issiq Arabistondan minglarcha chaqirim uzoqda" — Turkistonda sodir bo‘layotgan xunrezliklar tafsiloti ham — vosita. Mazkur tafsilotlar uning mushohada ko‘lamini kengaytiradi, Farg‘onadagi ochlik muammosini kengroq doirada olib qarash imkonini yaratdi. Dastlabki ikki "band"ning meditativ xulosasi sifatida uchinchisi tug‘iladi:
"Arabistonning yuksak tog‘larida, qizg‘in toshlarining ustida minglarcha qo‘ylar kesilalar, so‘yilalar, bo‘g‘izlanalar-da... chuqurg‘a tashlanalar!
Shuncha qurbon, shuncha oling‘on jon, shuncha so‘yulg‘on hayvon bir mo‘min-musulmonni ochlikdan qutqara olmaydir.
Bir yoqda nimagadir, nima uchundir qo‘y so‘yalar, qo‘yning go‘shtini, yog‘ini yerlarga tashlaylar.
Bir yoqda nimagadir, nima uchundir shu dinga ishongan bechoralar ochlikdan qo‘y kabi qirilalar, ko‘chalar, tolalar va cho‘llarga tashlanalar ..."
Ko‘rinib turibdiki, "Qurbon" mazmun mohiyati bilan Cho‘lponning mazlum Sharq mavzusida yozgan dardli she`rlariga esh bo‘lib ketadi. Sharq xalqlarining ayanch holati sabablarini sho-ir avvalo jaholatda, noahillikda ko‘radi. Shuni ham aytish lozimki, "Qurbon"dan dahriyona kayfiyat izlagan xato qiladi, zero, shoir musulmonlarning o‘zaro hamjihat emasligi, bir-biriga yordam berishdan ojizligini keskin tarzda ifodalaydi, xolos.
"Qurbon"ning uch "band"dan tashkil topishini aytdik. Shunisi ham borki, har bir "band" o‘z ichida yanada kichikroq kompozitsion bo‘lak — har biri alohida abzats bilan ajratilgan gaplarga bo‘linadi. Nasriy she`rdagi har bir gapning bu tartibda alohida ajratilgani unga o‘ziga xos xushohanglik baxsh etadi. Albatta, she`rning ritmik-intonatsion tarxini belgilashda Cho‘lpon yana bir qator stilistik usullarga ham tayanadi. Shu jihatdan bittagina gapni ko‘zdan kechiraylik:
"Minglarcha, yuz minglarcha kishilar bu yoqda
issiq Arabistondan minglarcha chaqirim uzoqda
yana bir-birlarining bo‘g‘izlariga pichoq taqag‘onlar,
ko‘kraklariga o‘q yuboralar,
boshlarini qilich bilan chopalar".
Gap shaklini aslidagidan o‘zgartirib keltirdikki, bu tahlilni ancha osonlashtiradi. Mazkur gap qurilishida kuzatayotganimiz ta`kidli takrorlar ("minglarcha, yuz minglarcha"), gradatsiya ("hanjar taqag‘onlar... o‘q yuboralar... qilich bilan kesalar") va sintaktik parallelizm kabi stilistik figuralar she`rning butun matniga xosdir. Agar biz yuqorida bir satrga joylagan bo‘laklarni kolon deb olsak, u holda har bir kolonning tugallanishiga ham e`tibor berish lozim. Chunki bir qarashdayoq ularning o‘zaro ohangdoshligi — qofiyalanayotganini ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda "band" masalasiga qaytish lozim. Ma`lumki, band mazmun va ritmik-intonatsion jihatdan nisbiy tugallik, yaxlit bir butunlik kasb etishi lozim. Xo‘sh, "Qurbon"da bandlarning bu xil butunligi qanday ta`minlanadi? Cho‘lpon "band"larni tarkib toptirishida ham muayyan tartibga rioya qiladi, albatta. Birinchi "band"ni olib ko‘raylik. Uning birinchi jumlasi:
"Qon, qon, qon!" – bo‘lsa, oxirgisi:
"Bu-da bir falsafai diniy..."
Ko‘ramizki, birinchi va so‘nggi jumlalar o‘zaro qofiyalanmasdan ochiq qolgani holda, oradagi jumlalarning bari ohangdosh tu-gallanadi (tushgandir – taqalmishdir – Allohu Akbar – qurbon etiladir – bo‘g‘izlaylar – tashlaylar). Ayni shu xil tartib she`rning boshqa bandlarida ham saqlanganki, bu bandlarning ritmik-intonatsion butunligini ta`minlaydi. Cho‘lpon o‘zining boshqa nasriy she`rlarida ham xushohanglikni ta`minlovchi qator usul va vositalardan unumli foydalangan. Demakki, shoir janrning o‘ziga xosligini doimo yodda tutgan, ritm va intona- siyaning asarning ifoda va ta`sir kuchini oshirishda nechog‘li muhim ekanligini chuqur his qilgan.
Cho‘lpon "Ulug‘ hindi" nomli maqolasida: "eski adabiyot bilan yangi adabiyot o‘rtasida qolg‘on sharqli yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir", – deb yozadi. Uning fikricha, o‘zbeklar "yangilikka endigina suqulub kirmoqda. U adabiyot maydonidagi yangilikka nisbatan: yosh bola, go‘dak, chaqaloq; eskilikka nisbatan: yetim, kimsasiz, besprizorno‘y, o‘zboshli". Ijodining avvalidayoq shu xil "chuchmal vaziyat"ga tushgan Cho‘lpon o‘zining butun faoliyati davomida ko‘ngil mayliga quloq tutdi: "Ko‘ngil boshqa narsa — yangilik qidiradir!" Ko‘ngilning ushbu mayli adibning chinakam ijodiy kredosi bo‘lib qoldiki, uning kichik nasriy asarlarini kuzatganimizda bunga yana bir karradan amin bo‘lamiz. Adibning kichik nasriy asarlari bir-biridan adabiy turga mansubligi (epik hikoya, "pyesa-hikoya", nasriy doston, nasriy she`r), hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari (didaktik realizm, romantik, realistik), syujet-kompozitsion xususiyatlari (tavsifiy-rivoyaviy, novellistik, sintetik), tasvir va ifoda qatlamlari munosabati (avtologik, majoziy, ramziy), reallikka g‘oyaviy-hissiy munosabat turi (sentimental, kinoyaviy, yumoristik, satirik) kabi qator muhim jihatlardan farqlanadiki, bu ularning poetik rang-barangligini ta`min etadi. Cho‘lpon butun ijodi davomida yangilikka intilib, izlanib yashadi. Adib uchun tayyor qoliplar mavjud emas, uning har bir asarida yangi bir usul yoki vosita sinab ko‘rilgan, shu bois ham har bir asari — o‘ziga xos hodisa. Cho‘lpon o‘ziga zamondosh yevropa nasrchiligida mavjud hikoya, ocherk, nasriy poema, nasriy she`r kabi janrlarda qalam tebratarkan, ularning turli imkoniyatlarini namoyish etishga intildi. Adib asarlarida kuzatilgan tasvirning yetakchiligi, "nuqtai nazar"ning g‘oyaviy-estetik maqsadga muvofiq siljishi, mazmunni ifodalashda kompozitsiya rolining kuchayishi, syujet qurilishida "kutilmaganlik effekti"dan mohirona foydalanish kabi qator poetik xususiyatlar nasrimiz takomilida muhim ahamiyatga molik edi. Tajriba qilishdan, bu yo‘lda muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan cho‘chimagani uchun ham Cho‘lpon adabiyotimizning "chuchmal vaziyat"dan chiqib, rivojlanishning yangi yo‘liga kirishida beqiyos xizmat qila oldi. Shu jihatdan yondoshilsa, Cho‘lpon ijodi nafaqat g‘oyaviy, balki birinchi navbatda badiiy xususiyatlari bilan katta ahamiyatga molik ekani anglashiladi.



Download 371 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling