O’zbek mumtoz va milliy uyg’onish adadiyoti tarixi


Download 4.02 Mb.
bet41/80
Sana17.09.2023
Hajmi4.02 Mb.
#1680175
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   80
Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish,
El anga shafiq-u mehribon boʻlmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulgʻa tikandek oshiyon boʻlmas emish.
Navoiy ruboiylari tuygʻular va fikrlarning yetukligi, tabiiyligi, favqulodda goʻzal va taʼsirchanligi, soʻz maʼnolarining kamalakdek tovlanishi bilan ajralib turadi.
Navoiy sheʼriyati bilan muloqot kitobxonlarning ichki olami, maʼnaviyatining boyishiga katta hissa qoʻshadi.
Navoiyning vatan va vatanparvarlik haqidagi sheʼrlari faqat oʻsha davr kishisining kechinmalari sifatidagina emas, balki bugungi avlod, xususan, yoshlar uchun ham ibrat va namuna maktabi boʻlishi tabiiydir.
Koʻz bila qoshing yaxshi, qabogʻing yaxshi,
Yuz bila soʻzing yaxshi, dudogʻing yaxshi,
Eng bila menging yaxshi, saqogʻing yaxshi.
Bir-bir ne deyin, boshdin ayogʻing yaxshi.
Mazkur ruboiy turkiy tilning ichki imkoniyatlarini, har qanday hol va holatning, narsa va predmetning, hodisaning tasvirini ona tilida yaratib bera olish imkoniyatini yaqqol koʻrsatib berishi bilan ham eʼtiborga molik. Unda maʼshuqa portretini chizib koʻrsatish asosiy maqsad sifatida namoyon boʻlgan.
Dastlab yuzning yuqori qismidagi uzvlar koʻz, qosh va qaboq qalamga olinadi. Ularning barchasi yor uchun mos va munosib. Bu hukm “yaxshi” soʻzi orqali ravshanlashadi. Bu soʻzning misra oxirida kelishi uning gapdagi vazifasi kesim ekanligini koʻrsatib turibdi. Odatda, gapdagi hukmning asosiy mazmun va mohiyati kesimda oʻz ifodasini topadi.
Keyingi qismda yuzning navbatdagi uzvlar: yuz bilan dudoq qoʻyiladi. Ayni paytda roʻyxatga yuz bilan bevosita bogʻlanmagan yana bir jumla (“soʻz”) ham jalb etiladi. Demak, shoir maʼshuqaning faqat tashqi koʻrinishini emas, balki uning maʼnaviy olamini ham nazarda tutadi. Zero, inson maʼnaviyati uning nima deyishida, nimani qanday aytishida ham oʻz aksini topadi.
Soʻng yana zohiriy belgilarga oʻtiladi: yuz, yuzdagi xol, iyaklarning mos va mutanosibligi qayd etiladi.
Oxirgi bayt ruboiyga yakun yasaydi. Bu yerda yana bir yangi soʻz oʻyiniga duch kelamiz. U “boshdin oyogʻing yaxshi” tarzida shakllantirilgan. Bu yerda ham soʻzlarning oʻz va koʻchma maʼnolari mujassamlashgan. Yaʼni, “boshing ham, oyogʻing ham yaxshi” degan sanoq va boshingdan oyogʻinggacha boʻlgan hamma uzvlaring goʻzal degan mulohaza oʻz ifodasini topgan.
Ma’lumki, ruboiy dastlab fors-tojik she’riyatida, Abu Abdulloh Rudakiy ijodida paydo bo’lgan. 
Ruboiyning 2 xil turi bor: 
1) xosiy ruboiy yoki ruboiyi xosa (qofiyalanishi: a-a, b-a):
Sen borg’ali ortmish ko’ngul zorlig’i,
Oh o’qlaridin har nafas afgorlig’i.
Bilman unutulg’anmu ekandur manga hajr,
Yo ko’prak erur bu qatla dushvorlig’i
2) taronayi ruboiy yoki ruboiya (qofiyalanishi: a-a, a-a):
Ollimda tabibi chorasozim ham yo’q,
Yonimda rafiqi dilnavozim ham yo’q.
Tegramda anisi jongudozim ham yo’q,
Boshimda shahi bandanavozim ham yo’q.
“Xazoyinu-l-maoniy”dagi 133 ta ruboiydan 116 tasi taronayi ruboiy hisoblanadi.
Ruboiy muayyan kompozitsiyaga ega. Mumtoz ruboiy talablariga ko’ra, unda to’rt unsur mavjud bo’ladi. Mazkur unsurlar to’rt misrada aytilmoqchi bo’lgan falsafiy, axloqiy yoki didaktik fikrning ma’lum bir yaxlitlikka erishishini ta’minlaydi. Shu ma’noda to’rt misrani quyidagi unsurlarga taqsimlash mumkin:
1) tezis – unda ruboiyda aytilmoqchi bo’lgan fikr, boshqacha aytganda ruboiy mavzusi bayon qilingan bo’ladi;
2) antitezis – bunda birinchi misraga qarama-qarshi fikr aytiladi;
3) moddai ruboiy – to’rtinchi misrada aytilmoqchi bo’lgan fikr uchun ko’prik vazifasini o’taydi;
4) sintez – xulosa. 
Lekin bu unsurlarning doimiy mavjud bo’lish talabi nisbiy bo’lib, ko’pincha tezis va antitezisning o’rniga faqat moddai ruboiy va sintezning qo’llanilganligini kuzatish mumkin. Yuqorida keltirilgan ruboiyda ham oshiq kechinmalari, asosan, moddai ruboiy tarzida berilgan. 
Ruboiy o’ziga xos maxsus vaznda yoziladi. Bu hazaj bahrining axrab va axram shajarasidir. Bu haqda Navoiy “Mezonu-l-avzon” asarida shunday yozadi: 
“Ruboiy vaznikim, oni “dubaytiy” va “tarona” ham derlar, hazaj bahrining “axram” va “axrab”idin istixroj qilibdurlar va ul vaznedur asru xushoyanda va vaznedur bag’oyat raboyanda”. Hazaj bahrining axrab shajarasi 12 vaznni, axram shajarasi yana 12 vaznni o’z ichiga oladi va ushbu jami 24 vazn ruboiy vaznlari hisoblanadi. Ruboiyning she’riy o’lchovi bilan bog’liq muhim xususiyat shundaki, boshqa she’riy janrlardan farqli o’laroq ruboiyning to’rt misrasi mazkur shajaralarga mansub 4 vaznda yozilishi mumkin. Masalan, Alisher Navoiyning “G’aroyibu-s-sig’ar” devonidagi 45-ruboiyni taqti’i bilan birga ko’rsak:
Olam bor emish, Navoiyyo sho’rangiz,
– – V / V – V – / V – – – / ~
Olamdagi el boshtin ayog’ rangomiz.
– – V/ V – – V / V – – – / ~
Ishq istar emish seni adam Misri sari,
– – V / V – V – /V – – V / V –
Borg’ilki, erur el tilagan erda aziz.
– – V / V – – V / V – – V / V ~
Yuqoridagi chizmadan ma’lum bo’lyaptiki, mazkur ruboiyning har bir misrasi alohida vaznda yozilgan ekan. 
Turkiy adabiyotda ruboiy janrining dastlabki namunalari Hofiz Xorazmiy devonida uchraydi. Uning jami 12 ta ruboiysi mavjud bo’lib, ular asosan ruboiyi xosa shaklida yaratilgan. Demak, turkiy adabiyotda taronai ruboiyning ilk bor qo’llanilishi Alisher Navoiy nomi bilan bog’liq deb aytish mumkin.
Tuyuq (turk. “his qilmoq”, “tuymoq”) – to’rt misradan iborat mustaqil she’r shakli bo’lib, faqat turkiy xalqlar she’riyatida qo’llanilgan. Tuyuq asosan ruboiy singari qofiyalanadi, lekin ba’zan ba, va tarzida ham qofiyalanishi mumkin. Ruboiydan farqli o’laroq tuyuqda qofiyaning o’rnida asosan tajnis (shakldosh so’zlar) qo’llaniladi. Alisher Navoiy “Mezonu-l- avzon” mazkur janrning xususiyatlari haqida shunday yozadi: “...Birisi “tuyug’”durkim, ikki baytqa muqarrardur va sa’y qilurlarkim, tajnis aytilg’ay va ul vazn ramali musaddasi maqsurdur, mundoqkim (tuyug’):
Yo rab, ul shahdu shakar yo lab murur?
Yo magar shahdu shakar yolabmurur?
Foilotun foilotun foilon
Jonima payvasta novak otqoli,
G’amza o’qin qoshig’a yolabmudur?
Foilotun foilotun foilon”
Bu o’rinda Alisher Navoiy tuyuqning uch jihatiga: ikki baytli bo’lishi, tajnisga asoslanishi va maxsus vaznda – ramali musaddasi maqsur (mahzuf)da yozilishiga diqqat qaratyapti. Bobur “Muxtasar”da tuyuqning nav’lari haqida gapirib, tajnissiz tuyuq ham mavjud bo’lishini aytadi. 
Navoiyning “Xazoyinu-l-maoniy” kulliyotida jami 13 tuyuq mavjud bo’lib, 11 tasi aa ba, 2 tasi ba va tarzida qofiyalangan. Barcha tuyuqlar “Badoe’u-l-vasat” devoniga kiritilgan. 
Turkiy adabiyotdagi dastlabki tuyuq Lutfiy devonida uchraydi, lekin N.Mallaevning yozishicha, turkiy adabiyotda tuyuqning ilk namunalari Burhoniddin Sivosiy tomonidan yaratilgan. 
“Xazoyinu-l-maoniy”ni yakunlovchi janr fard bo’lib, (ar. “yakka”, “yolg’iz”) bir baytdangina iborat eng kichik mustaqil she’r shakli hisoblanadi. Fard a-a yoki a-b tarzida qofiyalanadi. Fard bir baytdangina iborat bo’lsa-da, unda muhim falsafiy-axloqiy masala qalamga olinib, ixcham poetik xulosa ifodalanadi. Shu ma’noda fardlar ko’pincha aforizm xarakteriga ega bo’ladi:
G’ofil o’lma, nazardin itsa adu,
Sham’ o’churganda, el ko’rinurmu...
Kishi aybing desa dam urmag’ilkim, ul erur ko’zgu,
Chu ko’zgu tiyra bo’ldi, o’zga aybing zohir aylarmu?
Alisher Navoiyning “Xazoyinu-l-maoniy”sida 86 ta fard mavjud bo’lib, 83 tasi qofiyali, uchtasi esa qofiyasizdir. Fardlarning barchasi “Favoyidu-l-kibar” devoniga kiritilgan.



Download 4.02 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   80




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling