O‘zbek ruhiyati me’mori


XX ASR 60-YILLARI O`ZBEK SHE‘RIYATI VA ABDULLA ORIPOV IJODI


Download 450.1 Kb.
bet7/34
Sana23.02.2023
Hajmi450.1 Kb.
#1224482
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   34
Bog'liq
abdulla oripov konferens 4

XX ASR 60-YILLARI O`ZBEK SHE‘RIYATI VA ABDULLA ORIPOV IJODI


XX asrda o`zbek xalqi hayoti juda murakkab kechdi: uchta tuzumga guvoh bo`ldi, ulkan fojealar, yorqin voqealarni boshidan kechirdi va bularning bari o`zbek adabiyotida ham o`z aksini topdi.
XX asr boshida adabiyotimizda yangicha ruh paydo bo`ldi: o`zbek milliy romanchiligi, dramaturgiyasi yaratildi, she‘riyat yangicha shakl va mazmunda namoyon bo`la boshladi. Shu davrda Fitrat, Cho`lpon, Abdulla Qodiriylar adabiyotimiz osmonida yulduz bo`lib chaqnadilar. Albatta, bu yetuk shaxslarning tarix sahnasiga chiqishi, adabiyotimizdagi o`zgarishlar tasodifiy hodisa emas edi. Mazkur asr boshlarida Turkistonda ham milliy uyg`onishning boshlanishi, jadidchilik va shu singari harakatlarning avj olishi ana shu hodisalarni yetiltirgan edi. Qismatni qarangki, xuddi shu davrda 70 yil davomida butun dunyoga dag`dag`a qilgan, bayrog`ini o`z fuqarolarining qoniga bo`yagan bir tuzum ham paydo bo`ldi, inson huquqlari toptaldi, hur fikr ayovsiz bo`g`ildi. Mustabid saltanat avvalo, erkin fikrli, zolimlar bilan murosaga kelmagan kishilarni yo`qotishga kirishdi: Fitrat, Cho`lpon, Abdulla Qodiriy singari haqiqat yo`lidan qaytmagan insonlar otib tashlandi. Shuning uchun 30-yillarning oxiridan, ya‘ni manfur tuzum oyoqqa turib olgan davrdan to 60-yillargacha adabiyotimizda kommunistik mafkuraga emas, balki adabiyot qonunlariga bo`ysunib, hayotni haqqoniy aks ettirgan badiiy asarlar juda kam yaratildi.
Shaxsga sig`inishning tugatilishi va XX s‘ezddan keyingi siyosiy iqlimning biroz mo`tadillashuvi tufayli ijtimoiy hayotda ma‘lum darajada ijobiy o`zgarishlar ro`y bera boshlaydi. Bu esa adabiyotda aks etmasdan qolmasdi. Zero, adabiyotdagi har qanday o`zgarish avvalo uning qahramoni tabiatidagi o`zgarishdan boshlanadi. Bu o`zgarishlar natijasida 60-yillarda adabiyotimizga bir guruh iste‘dodli yoshlar kirib keldiki, ularning ijodi o`zbek adabiyotini yangi bosqichga olib chiqdi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi singari bir qancha shoirlarning asarlari mash‘um qirg`inlar va konfliktsizlik nazariyasi tufayli karaxtlashib qolgan adabiy fikrga yangidan jon baxsh etdi. Shu davrdan boshlab o`zbek she‘riyati yanada taraqqiy eta boshladi. «60-yillar adabiyotimiz tarixiga umuman badiiy adabiyot, xususan, she‘riyat gullab-yashnagan davr bo`lib kirdi» – deb yozgandi taniqli
munaqqid Ozod Sharafiddinov. Yillar davomida adabiyotni soxta chaqiriqlar, yolg`ondakam baxtiyorlikni, sotsialistik tuzumning tengi yo`qligi va uning daholari buyukligini kuylashdangina iborat deb tushunib qolgan xalq Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi singari shoirlarning she‘rlarini o`qib, adabiyotga, hayotga boshqacha nazar bilan qaraydigan, yangi asarlarni sabrsizlik bilan kutadigan bo`ldi. Chunki bu ijodkorlar faqatgina «baxt va shodlik»nigina emas, xalq dilida yig`ilib qolgan dardu alamlarni, har bir inson qalbida ham kechishi mumkin bo`lgan iztiroblarni ham o`z she‘rlarida aks ettira boshladilar. Ularning she‘rlarida ba‘zan ijtimoiy norozilik unsurlari ham ko`rinib qolar, ammo bu ko`pincha ramzlar vositasida ifoda etilardi.
60-yillar shoirlari dastlab o`sha davrda jamiyatda kechgan vaqtinchalik iliqlik, yurt rahnamolarining havoyi va‘dalariga samimiy inonib, «hali oldindadir go`zal kunlarim, hali lab tegmagan kulgular oldda» deya kelajakka nekbinlik bilan qaradilar. Ularning ilk ijodida sevgi iztiroblari, hijron azoblari, ma‘shuqaning vafosizligi kabi mavzular asosiy o`rin egallagan bo`lsa, bora-bora mavzular doirasi kengayib, ijtimoiy qonuniyat hukmi bilan chappa aylangan, ro`yo bo`lib chiqqan ezgu orzular, aldanishlar va boshqa ruhiy zarbalar ta‘sirida ancha «ulg`ayib» qolgan, hayotning achchiq-chuchugini, ishongan g`oyalarining sarobga aylanganligini anglay boshlagan lirik qahramon qiyofasi gavdalana boshlaydi. Abdulla Oripovning «O`ylarim» she‘rida lirik qahramon ruhiyatidagi evrilishlar mazkur avlod qalbida kechgan bo`hronlarni yaqqol aks ettirganligi bilan ajralib turadi:
Bu dunyoda alam bo`lmas, bo`lmas deb firoq, Dasta-dasta kitoblardan o`qirdik ta‘lim.
Ravon yo`llar qarshingizda turibdi mushtoq Derdi bizga harf o`rgatgan yosh bir muallim.
Soxta ko`tarinkilik, yolg`on shiorlar, mavhum ideal jamiyat haqidagi targ`ibotlar avj olgan bir davrda zamondoshlar hayotidagi qarama-qarshiliklar, xalqning og`ir hayoti, eldoshlarining achchiq taqdiriga achinish asta-sekin avvalgi ishonchga putur yetkaza boshlaydi.
Yuragimga bir mahallar kirgan tuyg`ular Endi sendan ketgaymiz deb so`raydi javob. Meni bir zum o`z holimga qo`ymaydi ular, Qo`ymaydilar va‘dalaring chiqdi deb sarob… Gar bor bo`lsang javob ber, ey ilohiy qudrat, Nahot go`dak ishonchini yozibsan qorga?!
Sahroda tashnalikdan azob chekib, o`lar holatga kelgan yo`lovchining ko`ziga uzoqda jimirlagan zilol suv ko`rinsa va yo`lchi umid bilan so`nggi kuchini sarflab yetib borganda bu sarob bo`lib chiqsa qanday holga tushadi?! Kommunistik ta‘limot shunday ishvali sarob, joduli may singari yosh avlod ong-u shuuriga singdirilgan. Ammo shoirning ziyrak nigohi jilvali uydirmalar, yasama
tushunchalar ortidagi voqelikni ko`ra olgan. Shu vaqtgacha muqaddas deb bilgan tushunchalari puch g`oyalardan iborat ekanligini anglagan shoir bir muddat yo`lsizlikdan, maslaksizlikdan qiynaladi. Ammo e‘tiqodsiz yashab bo`lmaydi, axir inson faqat non bilan tirik emas-ku!
Lirik qahramon hayotda o`z yo`lini topishni o`ylay boshlaydi:
Nimanidir axtaraman – she‘rdan ham ulug`, Nimanidir axtaraman – nondan azizroq.
O`sha davrdan boshlab Abdulla Oripov va u mansub bo`lgan shoirlar avlodi ijodida erk mavzusi kengroq o`rin egallay boshlaydi. Shaxs erki mavzusi kengayib, millat, Vatan taqdiriga kuyinish, xalqning og`ir qismatiga achinish hislari ularning ijodida yanada yaqqol namoyon bo`la boradi.

Gulbahor AShUROVA Alisher Navoiy nomidagi f.f.n., ToshDO‘TAU


dotsenti

ABDULLA ORIPOV IJODIDA NAVOIY SIYMOSINING O‘ZIGA XOS TALQINI


Bugun o‘zbek xalqi bashariyatning daho farzandi Alisher Navoiy hazratlarining 580 yillik to‘ylarini nishonlash arafasida turibmiz. Har qanday g‘oyani turli usullarda bayon etish mumkin. Kimdir donishmand faylasuf sifatida, boshqa birov mohir siyosatchi tariqasida ifodalaydi. Alisher Navoiyning shuuri va tafakkuri, ijtimoiy faoliyatida bularning barchasi oliy darajada mujassamlashgan. Albatta, Alisher Navoiy birinchi navbatda shoir edi. Uning muhtasham nazmiy asarlari Navoiy dahosining buyukligi va abadiyligi timsoli bo‘lib porlab turibdi. Shoirning she’riy mahorati haqida bir umr beto‘xtov gapirish mumkin.


Yangi davr buyuk mutafakkir hayoti va ijodini o‘rganishning o‘ziga xos yangi bir bosqichiga qadam qo‘ydi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan yangicha siyosat tufayli Alisher Navoiy siymosining adabiyot va san’atdagi ifodasi katta miqyoslarga ko‘tarilayotganligi ayni haqiqatdir. So‘z mulkining sohibqironi sifatida
o‘z davridayoq yuksak e’tirof va e’tibor qozongan bobokalonimiz obrazining zamonaviy adabiyotimizdagi talqinlarini o‘rganish shu jihatdan ham dolzarbdir. Zero, ijodkorlarning bugungi avlodi buyuk mutafakkirni ma’naviy-axloqiy kamolotning cho‘qqisi sifatida e’tirof etadi. Turli janrlardagi asarlarida hazrat Alisher Navoiy obrazini o‘zga xos badiiy talqin etishga intilib keladi. Ushbu maqolamizda Navoiy she’riyatiga Abdulla Oripov ijodining munosabati, uning g‘oyaviy-estetik qarashlari, uzluksiz ijodiy jarayonning o‘ziga xosliklariga e’tibor qaratamiz.
Albatta, o‘z asarlarida Alisher Navoiy siymosini yaratishga urinish ijod ahlining deyarli barchasi uchun xosdir. Ularning ayrimlari faqat bir asarini Navoiyga bag‘ishlagan bo‘lsa, ba’zi shoiru adiblar ijodida buyuk mutafakkir obrazi yetakchi o‘rin tutadi. Ular orasida ixcham lirik lavhalar ham, yirik epik asarlar ham mavjud. Muhimi, bu asarlarning aksariyatida Alisher Navoiyning sermazmun hayoti hamda serqirra faoliyati butun rang- barangligi bilan namoyon bo‘lgan. Ularni o‘ziga xos navoiynomaning alohida-alohida sahifalari sifatida tasavvur etish mumkin. Ushbu mavzu yuzasidan adabiyotshunoslikda bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Professor N. Jabborovning ―She’r ahlining ikki jahongiri maqolasida ikki mutafakkir dunyoqarashidagi, ijodiy prinsiplaridagi, poetik kashfiyotlaridagi mushtaraklik, vorisiylik, ularning milliy ma’naviyatimiz, adabiyotimiz takomiliga qo‘shgan ulug‘vor hissasi qanday degan savolga javob berilganligi bilan ahamiyatlidir. Misol uchun Vatanga muhabbat tuyg‘usining betakror poetik talqini Alisher Navoiy va Abdulla Oripov ijodida uyg‘unlikda kuzatish mumkin. Vatan hubbi iymon nishoni durur deb yozgan Navoiy ―Saddi Iskandariy dostonida. Xuroson va Hirot haqida shunday yozadi:
Xuroson badandir, Hiriy jon anga, Hiriy jon, Xuroson badandir anga.
Abdulla Oripovning ―O‘zbekiston – Vatanim manim, ―Men nechun sevaman O‘zbekistonni?! she’rlaridagi ma’nolar Navoiy misralari bilan hamohangdir:
Balki chaman bo‘lar dashti Karbalo, Balki, behisht mavjud yulduzlar aro, Mening O‘zbekiston – Vatanim bordir, Ularning baridan a’loroq a’lo.
Shoir uchun Vatan – bu taqdir, Vatan bu – qismat. Uni sevish iymondandir. Har ikki shoir ijodida bu mavzu yangicha ohangda o‘zgacha ranglarda tasvirlangan. (Bu munosabatlar talqini haqida N.Jabborovning ―She’r ahlining ikki jahongiri maqolasiga qarang.)1
Adabiyotshunos N.Raximjonovning ―Istiqlol va bugungi adabiyot nomli monografiyasida, ―Mustaqillik davri adabiyoti adabiy-tanqidiy maqolalar to‘plamida, I.Haqqulovning―Zanjirband she’r qoshida , ―So‘zdagi o‘zlik kabi qator kitoblarida Navoiy an’analarining Abdulla Oripov ijodi bilan bog‘liq jihatlari haqida teran fikr-mulohazalar bildirilgan.
Abdulla Oripov buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy obrazini yaratishda zamonamizning barcha shoirlaridan ham yuksaklikka ko‘tarila oldi. Jumladan, ―O‘zbekiston she’rida shoir mana bunday yozadi:
Besh asrkim nazmiy saroyni, Titratadi zanjirband bir sher. Temur tig‘i yetmagan joyni, Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo‘ldi chamanim manim. O‘zbekiston Vatanim manim.



1 Jabborov N. Zamon, Mezon, She’riyat. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot - matbaa ijodiy uyi. T.- 2015.112-131betlar.
Abdulla Oripov barchaga nasib etmaydigan noyob iste’dodga ega, ko‘p qirrali, katta falsafiy bilim egasi, qalbida she’riyat daryosi jo‘shib turgan shoir sifatida ijod qildi. Uning she’riyati hikmatga yo‘g‘rilgani, obrazli tasvirning behad yorqinligi, hayot haqiqati hayratlanarli darajada badiiy haqiqatga yuksalgani bilan alohida ajralib turadi. Shoir muazzam she’riyatning diydasidagi shabnam, qahqahaga aylanmay lablarida qolib ketgan nim tabassumday yashadi. Uning dolg‘ali va sharafli umri ―muborak tuyg‘ular kahkashonida munosib kechdi. Asarlari o‘zbek adabiyotining durdonasi bo‘lib qoldi.
Men shoirman istasangiz shu, O‘zimniki erur shu sozim.
Birovlardan olmadim tuyg‘u, O‘zgaga ham bermam ovozim...

Xayol kabi keng erur olam, Mayda gapni ko‘tarmagay she’r. Kerak bo‘lsa mening uchun ham, Javob berar bobom Alisher.


Bu kabi satrlar Abdulla Oripovning qiyofasini, poetik ohanglarini belgilaydi, desak, xato qilmaymiz. Abdulla Oripov nimalarni kuylab o‘tdi? Uning ideali nima edi? Shoirning buyuk Navoiyga munosabati, muhabbati qanday edi? Mana, Abdulla Oripov buyuk salafi haqida nima degan: “Ayonki, buyuk Navoiy ijodi va faoliyati ulug‘ bir ummondir. Uning tubiga yetish yoxud bu bahrni daf’atan baholash necha-necha avlodlarning ham umriga tatigulikdir... Navoiy o‘z jodu san’atini, g‘azaliyotini faqat san’at bezagi uchungina emas, balki aniq murodu maqsadlar uchun, ezgu g‘oyalari, niyatlari uchun xizmat qildirdi. Uning betakrorligi ham ana shunda... 2



2 Oripov A. Tanlangan asarlar. To‘rt jildlik. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. T.2001.129-130betlar.
Jiddiy fikr, chinakam hissiyot, samimiyat, mahorat – ana shular shoir ijodining qimmatini bildirsa, Abdulla Oripovga xos bo‘lgan tabiiy, samimiy ifoda oqimi, tarixiy fakt va dalillarni qiyoslash usuli ochiq ko‘zga tashlanadi. Shiddat bilan rivojlanayotgan asrimiz, texnikamiz koinot miqyosiga ko‘tarildi. Biroq ma’naviy kamolotimizning fazosi olti yuz yillar ortidan ko‘l yetmas armondek porlab turibdi.
Abdulla Oripov – buyuk Navoiyning munosib izdoshi. U buyuk salafining san’atxonasidan qanday saboq olganini quyidagicha ifoda etgan: “...Men Navoiydan masalaning mohiyatiga kirishni, she’rni sehrli tayoqchaday o‘ynatishni o‘rgandim. U kishi mazmun ifodasining ustasi, she’r aytish mumkin, lekin she’rni mazmun bilan faqat Navoiy aytgan3. Buyuk adiblar, ulug‘ mutafakkirlar qismatida, ijodiy qiyofasida muayyan mushtarakliklar bo‘lishi ko‘p kuzatilgan. Bunga ajdodlar kechmishi, adabiyot tarixidan ko‘plab misollar keltirish mumkin.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov ayni haqiqatni quyidagicha talqin etgan:
Jahonki muqaddas neni ko‘ribdi,- Bariga onasan, ey qodir hayot.
Besh yuz yil naridan boqib turibdi, Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.
―Nuroniy bir zot Abdulla Oripovning Navoiyga nisbatan qo‘llagan ko‘plab epitetlaridan bittasi. Albatta, mazkur parchadagi tayanch tushunchalar ifodasi sifatida muqaddas, hayot, besh yuz yil kabi so‘zlarni ham ajratish joiz bo‘ladi. Ayni mana shu so‘zlar band mazmunining yaxlit bir holda, quyma xulosa tarzida jaranglashiga asos bo‘lgan.
Dunyoda biror nom qoldirmoq uchun, Yurt buzish shart emas degan gap-ku rost.





3 Oripov A. Tanlangan asarlar. To‘rt jildlik. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. T.2001.62-b.
Kimdir pesh qilganda nayzaning kuchin, Alisher qalamni ko‘rsatdi xolos.
―Navoiy baytiga qovushgan har lab, takrorlab ketgusi mashhargacha to.
―Shu bois Navoiy johil deb atalgan Osiyo toqidagi quyoshga aylandi, jahonni she’riy qalami bilan zabt etib, milliardlab odamlar qalbidan joy oldi (―Alisher she’ri).
Abdulla Oripovning Navoiy obraziga ijodiy yondashuvi o‘ziga xos: uningcha, shoir timsoli milliy iftixorimiz, g‘urur va sharaf-shonimizdir, chunki, ―Uning nomi bilan birga bitilgan Dunyo daftariga o‘zbek degan nom. Shoirning ustoz Navoiyga o‘ziga xos tarzdagi mehri borligini his etib turamiz. Abdulla Oripov uchun Alisher Navoiy buyuklarning buyugi, ustozlarning ustozi, uning ―ijodi va faoliyati ulug‘ bir ummondir. She’r ahlining jahongiri besh asrdan ortiq muddatki, nazmiy saroyni titratib, yigirma birinchi asr shoirlarini hayratga soladi. ―Ming yillik muysafid tarixni so‘ylatar ekan, shoir Navoiy haqida so‘z yuritib, ―Nizomiy bolidan halvo pishirgani-yu, ―Fuzuliy bitgan devonni (―Ozarboyjon she’ri
bir lahza qo‘lidan qo‘ymaganligini ta’kidlaydi.
Bugun millat poetik tafakkurining Navoiyni anglash darajasi Navoiy siymosining tarixiy asoslari, poetik mahorat hamda ijodiy individuallik singari yo‘nalishlardagi ko‘plab izlanishlarga ob’ekt bo‘la oladi. Navoiyga qaytish adabiy hodisasining davrlar osha yashovchanligini o‘rganish ham g‘oyatda ibratli xulosalarga kelish imkonini beradi. Shuning uchun Navoiy yashagan davrdan boshlab bugunga qadar Navoiy siymosi madh etilgan asarlar yozilishiga sabab bo‘lgan. Zero, Navoiyning hayoti va ijodi haqiqiy saboq va ibrat maktabidirki, mutafakkir shoir tajribalariga tayanib did, saviya va mahoratni yuksaltirish har bir iste’dod uchun ijodiy muvaffaqiyatning daxlsiz garovidir. Chunki Navoiy yashagan davr va bu buyuk shaxs ibratli hayot yo‘lining ta’siri katta va ijodkorlarning yangi avlodiga ilhom baxsh etib kelayotir. Buyuk bobokalonimiz yashagan davr voqealari, murosasiz hayot haqiqati, shoir, vazir, sadoqatli do‘st, ustoz, ko‘ngli yarimlar
suyanchi singari fazilatlar egasi bo‘lgan buyuk shaxs hayot tarzini o‘rganish falsafiy mushohadalar, ijtimoiy muhit va inson takdiri xususidagi kutilmagan xulosalar, bir-biridan jonli va ibratli tasvirlar orqali jonlantiriladi.
Abdulla Oripov o‘z she’rlarida Alisher Navoiyni nafaqat shoir, olim yoki mutafakkir sifatida, balki ulug‘ ustoz siymosida ham tasvirlaydi. Uning ―Ustozga ta’zim she’rida o‘qituvchi – murabbiy ustoz madh etilib, ―Alisherbek lutfi qiyos qilinadi:
Buyuk Alisherbek lutf etgan misol, Savod o‘rgatdingiz qancha ranj bilan. Qoplab bo‘larmikin bu qarzni ahvol, Uzib bo‘larmikan yuzta ganj bilan.

Ustozlarga nisbatan minnatdorlik va qarzdorlik tuyg‘usi azaldan xalqimiz e’zozlab yashayotgan qadriyatlardan biri ekanligi ayon haqiqatdir. Ustoz deganda, har bir inson ko‘nglida chuqur hurmat-ehtirom va cheksiz iftixor tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi xayolga keladi. Dunyoda onadek mehribon, otadek g‘amxo‘r, aziz va mo‘tabar bo‘lgan ulug‘ zot ustoz murabbiydir. Xalqimizning bir naqlida: ―Sen odamlarga bir yil yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek; o‘n yil yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, tok ekib bog‘ qil; umr bo‘yi yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, ustozlik qil, – deyilgan. Shuning uchun qadimdan kishilar o‘z zurriyodlarini ustoz qo‘liga topshirar ekanlar: ―Eti sizniki, suyagi bizniki, deb unga ishonch bildirishgan. Ustoz shogirdiga qalbi tubidan joy beradi va parvoz qilishida unga qanot bo‘ladi. Buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur o‘z vasiyatida xokini piri ustozi Said Baraka qabri poyiga qo‘yishlarini aytganligi bejizga emas.


Abdulla Oripovning ―Alisher va talaba nomli she’rida Alisher Navoiy ustozini yuqori darajada e’zozlovchi, har qanday yuqori martabada
bo‘lishidan qat’iy nazar ustozni e’zozlab, uni pir deb biluvchi shogird sifatida gavdalanadi:
Saroy yo‘lga chiqdi savlati bilan, Alisher arkoni davlati bilan.
Hirot fazosida yangradi takbir, Shahar aylanmoqda vaziri kabir.
U xalqning ahvolidan xabar olgan holda ―ulusning dardi ne? A’moli nechukligi bilan tanishadi. Qurilayotgan inshootlar, xalqning turmush tarzi bilan qiziqadi. U buyuk shoir bo‘lishi bilan birga shoh Husayn Boyqaro ishonch bildirgan ulug‘ haqparast, elparvar vazir ham edi. Uning qo‘lida juda katta hokimiyat va huquq bo‘lib, unga jami fuqaro ehtirom ila ta’zim qiladi, ―shohona jonlar tegrasida parvona bo‘lishadi. Hatto, dastori ―haybatli shayxlar ham unga bosh egib turadi. ―Sergak sarbozlaru sodiq a’yonlar, kosibu shoiru naqqoshgacha mir Alisher istiqboliga muntazir.
Alisher barchaga tarahhum bilan, Hurmat ko‘rgazardi tabassum bilan. Yuzlab talabalar mamnun, sarafroz, Ulug‘ Navoiyga chiqdilar peshvoz.
She’rda tasvirlanishicha, ana shunday shukuhli pallada ―hali lablaridan uchmay biror so‘z hazrat atrofga ko‘z tashlaydilar. Saflar orasidan bir talabaga boqib turib mehr ila tikilgach, nogahon otdan tushadilar. Butun xalq hayron bo‘lib qoladi:
Borib talabani quchdilar hazrat, Olomon ruhida yangradi hayrat.
Sarbozlar, a’yonlar hayratda edi, Takabbur boyonlar hayratda edi.
Tag‘in otga minib vazir so‘zsiz, bekalom safarlarini davom ettiradi. Ancha sukunatdan so‘ng oxiri bir mulozimning sabri tugab, vaziri kabirdan bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan savol so‘raydi:
Kimga shu asnoda baxt kuldi ekan, Ayting, ul talaba kim bo‘ldi ekan? O‘ychan bir tabassum qildiyu janob, Mulozimga sekin ayladi javob:
Esimda yosh chog‘im, ko‘p yillar nari, Menga saboq bergan uning padari.
Abdulla Oripov ustozga hurmati yuksak bo‘lgan buyuk Navoiy obrazini o‘quvchi ko‘z o‘ngida yaqqol namoyon eta olgan. Bu holat xaloyiqning hayratiga sabab bo‘layotir. Chunki uning e’tiqodicha, ota-ona farzandni dunyoga keltirsa, uni kamolga yetkazadigan, yetuk inson qiladigan – ustozdir. Saodat manziliga yetishning o‘ziga yarasha yuki bo‘ladi. Ana shu yukning salmoqli qismi ustozlarning yelkasida. Kasblar ichida eng xayrlisi, eng go‘zali ilm o‘rgatish, tarbiya etish orqali insonga yashash mazmunini anglatish hisoblanadi. Bu esa, ustoz muallimlarga nasib etgan baxtdir. Navoiyning ustozga bo‘lgan e’zoz va izzatining juda baland ekanligi buyuk shoirning o‘z asarlarida ham rang-barang tarzda aks etgan. Chunonchi, Navoiyning ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan ustozga bag‘ishlangan mashhur bayti xalq orasida bejiz keng tarqalmagan. Mana o‘sha bayt:
Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Yoshlarni ma’rifatga chorlovchi, ularni ezgulikka oshno qiluvchi vatan, ona, non kabi muqaddas so‘zlar ma’nosini teran anglatuvchi va o‘rgatuvchi maskan maktab bo‘lsa, haqiqiy ustoz uni odamiylikka tayyorlaydi. Ushbu she’rda Navoiy ijodining ijodiy ta’siri sezilib turibti.
Abdulla Oripov Alisher Navoiy ijodining azaliy ―oshiqlaridan. Shuning uchun uning ijodida Alisher Navoiy mavzusi alohida mavqega ega. Shoir an’ananing o‘zi bilan cheklanmaydi. U yo‘l atrofidagi so‘qmoqlardan yangilik izlaydi. Shuning uchun ham o‘zak sifatida olingan mana shu haqiqat she’rning keyingi misralarida o‘zining yangi qirralarini namoyon etadi.
Ma’lumki, Alisher Navoiy asarlaridagi asosiy g‘oya inson kamolotidir. Shoir jamiyat hayotini sinchkovlik bilan tahlil qiladi, insoniyat tarixiga nazar tashlaydi. Shu kuzatishlar asnosida niyatning ezguligi, komillik sari intilish insonni yuksaltirishiga ishora qiladi. Xuddi shu holat Abdulla Oripov she’riyati uchun ham xos. Faqat u yigirmanchi asrning oltmishinchi yillaridan yigirma birinchi asrning boshlarigacha bo‘lgan yangi ijtimoiy-tarixiy sharoitda paydo bo‘lgan.
―O‘zbek adabiyotining so‘nggi 30-40 yili, mubolag‘asiz aytish mumkinki, Abdulla Oripov she’riyati ta’sirida kechdi, deganda professor Begali Qosimov haq edi. Olim bu fikrni aytgandan buyon o‘tgan qariyb 15-20 yil davomida ham ayni ta’sir o‘z kuchini saqlab qolganini e’tirof etish kerak. She’riyatda Navoiy obrazining badiiy talqini, an’ana va badiiy mahorat bilan bog‘liq ijodiy jarayonda ushbu fikrning tasdig‘ini kuzatish mumkin.



Download 450.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   34




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling