O`zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi
II. BOB: SHOIRALAR IJODIDA LIRIK QAHRAMON RUHIYATI TASVIRI
Download 0.51 Mb.
|
Zumrad dissertatsiya 1
II. BOB: SHOIRALAR IJODIDA LIRIK QAHRAMON RUHIYATI TASVIRI
2.1. Ayol shoiralar asarlarida ishq, oshiq va ma’shuqa obrazi Ishq- mehmoning bo‘lib kelsa uning izzatini joyiga qo‘y! Bu mehmonni izzat qilish ko‘ngil uyini bu musofir uchun bo‘shatishdir, chunki ishq sheriklikni xush ko‘rmas. Agar sen bo‘shatmasang, o‘zi bo‘shatib oladi. Azaldan ishq bir qancha turlarga ajratilib, ta’rif va tavsif etilgan bo‘lsahamki, ilohiy ishq bilan majoziy ishq orasida zidlashish, bir-biriga tubdan qarshilik yo‘qdir. Haqni sevgan odamgina xalqni sevadi. Xalqqa ko‘ngil bog‘lagan esa, o‘zini Xolikdan ayru tasavvur etolmaydi. Aynan mana shu holatda u ilohiy ishq holining tasavvur etib bo‘lmaydigan darajada yuksalishiga, butun borlig‘i bilan iqror bo‘ladi. Mavlono Jaloliddin Rumiy < Xalq atfoland juz masti Xudo, Nest bolig‘ rohida az havo. Inson ruhi o‘z-o‘zidan ilohiy cheksizlikka intilmaydi. Ruhning qanoti-ilohiy ishq. Ollohga muhabbat. Bu ishq, bu muhabbat bilan tenglashadigan va oshiq qalbini u qadar poklaydigan boshqa bir nima yo‘q. Oshiq va ma’shuqa obrazlari haqida biz Layli va Majnun, Farhod va Shirin, Vomiq va Uzroni o‘qib cheksiz tasavvurga ega bo‘lganmiz. Majnun nomi qulog‘imizga chalinsa, darhol xayolimizda Alisher Navoiy bobomizning Layli va Majnun hamsasidagi Majnun gavdalanadi. Biroq, zamonaviy o‘zbek shoiralari ijodida ham Majnun obrazi ifodalanganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Majnun-junun kalimasidan paydo bo‘lgan. Junun esa, aslida yashirinish va berkinish demakdir. Tasavvufda ilohiy ishqdan sarmast bo‘lish, aqlu hushdan begonalik holiga junun deyilgan. Junun-kamoli ishq va erkinlik kamoli. Hech bir davr va zamonda jamiyat junun kamolini quvvatlamagan. Quvvatlashi mumkin ham emas. Hamma zamonlarda ham oddiy odamlar jamoasi kechishni emas, erishishni, uzlatni emas, hamjihatlikni, mutlaq hurlikni emas, o‘zaro bog‘liqlikni ma’qullaydi. Bunda hur va ozod bo‘la olish chinakamiga hur va erkin yashash hammaning ham qismatiga bitimaganini oldindan bilish kerak. Yunus Emro bir she’rida “Menda bir Men bordir, “Men” dan ichkari, deydi. Aslida haqiqiy ishq va hurlik sohibi o‘zlikdan yuksak ko‘tarilgan ana shu “Men”dir. ……….deganida shoir huddi o‘sha “ichkari”dagi “Men”ning hukmini ifodalagan. Bu “Men” ham hamma narsaga boshqacha qaraydi, hamma narsani mutlaqo o‘zgacha holatlarda idrok etadi. Ishq keldi qon kabi vujudimga singdi Meni menlikdan mosuva qilib, Do‘stga to‘ldirdi. Butun vujudimni do‘st egallab oldi. Menda menlikdan faqat nom qoldi, qolgani Uldir24. Aql ellik yilda to‘plagan narsani ishq bir lahzada unga o‘t qo‘yar va oshiqni pok va musaffo etar. Ishq bir o‘tdirki, oshiq vujudiga tushar, bu o‘tning makoni ko‘ngildir. Ko‘ngilga bu o‘t nazar yo‘lidan kelar va ko‘ngilda Vatan tutar. Agar ko‘ngil bo‘lmasa, ishq qayda Vatan tutar? Agar ishq bo‘lmasa, ko‘ngil nimaga kerak? Bu o’tning shu’lasi barcha a’zolarga yetib, oshiqning ichini kuydirib, pokiza va sof etadi. Oshiqning ko‘ngli shunday nozik va sof bo‘ladiki, nozikligidan yorning diydoriga chiday olmaydi. Xususan, Halima Ahmedova, lirik qahramon dunyoviy muhabbatni emas, Ilohiy muhabbatni haqiqiy ishq ne’mati deb bilishi quyidagi satrlarida yaqqol ifodalanadi. Chaqmoqlar yoritsin diydamni, Chopgum baxtga tashna gado singari. Sarhush entikaman quchog‘ingda, ishq, Men faqat seniki, yagona tangri25. Uning muhabbati shu qadar kuchlki, ko‘zlarim yashinday chaqnaydi demaydi, balki chaqmoqlar yoritsin diydamni deya yorning visolini chaqmoqdan ham kuchli deb biladi. O‘zini baxtga tashna gadodek his etadi. Ko‘nglidagi Xudoga bo‘lgan ishq ruhiga lazzat bag‘ishlaydi va men faqat seniki yagona Tangri deya iltijo qiladi. Ushbu satrni Abdulla Oripovning Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim, Yolg‘iz Ollohim mening birinchi muhabbatim.- 26 degan satrlari bilan taqqoslasak, bunda ham ikkita mazmun ifodalangan. Birinchidan, inson yagona tangrini sevadi, degan fikr bo‘lsa, ikkinchidan, inson o‘z sevgilisini tangri deb biladi. Bunda ham ilohiy muhabbat, ham insoniy muhabbat nazarda tutilgan. Bu mavzu she’riyat chamanida ajib iforlar taratib, haqiqiy ma’noda gullar jamoliga aylangan, Guljamol Asqarova she’rlarida shunday qalamga olinadi: Chorlamagan bo‘lsang ham keldim, Ayriliqqa qo‘ymoq uchun chek. Chunki seni unutmadim hech Men… Xudoni unutmagandek. 27 She’riy matnda dunyoviy ishq tarannum etilmoqda. Ma’shuqaning o‘z oshig‘iga bo‘lgan dil izhori jasorat bilan dangal yozilgan. Ushbu she’rda ham muhabbat ilohiylashtirilgan. Ko‘nglida Xudosi bor kishigagina chinakkam muhabbat nasib etadi. Zero oshiq uchun ma’shuq butun dunyo timsoliga aylanadi. Muhabbat-buyuk san’at jism va jon uyg‘unligining sir-sinoatidir. “Muhabbat-bu eski narsa, lekin har bir yurak uni yangilaydi.”,- degan edi Hodi Toqtosh. She’riyatda ham shunday: muhabbat-bu eski mavzu, lekin har bir shoir uni yangicha tarannum etadi. Shuni ta’kidlash kerakki, eski mavzuni yangicha kuylash oson emas. Yangi usul, yangi ohang, yangi talqin, yangi ifoda yaratish har kimga ham nasib etavermaydi. Sevgi, sening shirin tilingdan, Kim o‘pmagan, kim tishlamagan? Darding yoyday tilib ko‘ksingdan, Kim qalbingdan qonlar to‘kmagan28. Usmon Nosir bitgan ushbu she’rda ham eski mavzu yangicha tarannum etilgan. Lekin, Alisher Navoiy Atoiyning “Ul sanamkim suv yoqosinda paritek o‘lturur, G‘oyati nozikligidan suv bilan yutsa bo‘lur” matla’li g‘azalida aybg‘inasi bor, deganidek yuqorida keltirilgan to‘rtlikning ham qofiyasida aybginasi borligi kuzatildi. Ma’lumki, qofiya so‘z o‘zagiga qarab olinadi. Ushbu talabga binoan, “tishlamagan” (o‘zagi “tish”), “to‘kmagan” (o‘zagi “to‘k”) so‘zlari bir-biriga qofiyadosh emas. Bu she’r qoidasiga oid bir mulohaza. Lekin she’r yangiligi bilan o‘quvchi diqqatini tortadi va mavlona Atoiyning “Ul sanamkim” g‘azalidek vaqt sinovidan o‘tib kelmoqda. Zebo Mirzo-ana shu eski mavzuni yangicha tarannum etib kelayotgan shoiralardan biri. Modomiki, she’riyatda muhabbat mavzusi haqida gap ketar ekan, qadimgi Yunon shoirasi Sapfo she’rlarini eslamasdan bo‘lmaydi. Jahon adabiyotida Sapfo she’riyat timsoliga aylangan. Ayol qalbining samimiy izhori, bulbulzamon musiqasi, harorati, ohanggi, sevgi iqrori hamma zamonlarda inson yuragini iqror etib kelgan. Sapfo sevgi va go‘zallik ma’budasi Afroditaga bag‘ishlab she’r yozadi. She’rda tasvirlanishicha, Afrodita bir gala kabutarlar tortgan samoviy aravasida Sapfoning oldiga keladi: Shunday parvoz qilib kelding boshimga, Jilmayding rahm aylab ko‘zda yoshimga, “Yig‘lamagin Sapfo keldim qoshingga, “Ne darding bor?”-deding, iloha! So‘rading:, “Oh nega yig‘laysan yum-yum? Ayt, kimning ishqida o‘rtanarsan jim? Aytgin, yuragingga azob bergan kim? Kimni tiz cho‘ktiray poyingga? Sendan qochgan-senga itdek ergashar, Tuhfang olmagan-tuhfam ol deya shoshar, Seni sevmagan-senga zor bo‘lib yashar, Istasa ham, istamasa ham29! Sapfo she’rlarining qadim zamonlardan to hozirgi kungacha o‘qilib kelayotganini sababi nimada? Bu she’rlarning nimasi qiziqarli? Eramizdan avvali 630-572 yillarda yashagan insonning ruhiy olami, yuragida dardi, orzu-armoni, iztirobining badiiy so‘z vositasida bugungacha yetib kelgani qiziq. Agar adabiyot bo‘lmasa, tarix kitoblari tosh haykallar, sur’atlar, oltin, kumush, sopol idishlar va arxitektura yodgorliklariga qarab, o‘sha davr odamlarini jonli tasavvur qilish amri mahol. Badiiy adabiyot o‘lik tarixga qayta jon ato etadi. Sapfo sevgi ilohasi Afroditaning qudratiga ishongan, unga iltijo qilib, sevgilisining e’tiboriga tushishni istaydi. Va bu orzu she’riy satrlar vositasida ifodalanadi. Qadimgi yunon mifaogiyasiga ko‘ra, ayol sevgisini mensimaganlarni Afrodita shavqatsiz jazolaydi. Ma’buda husni jamoliga befarq bo‘lgan Nartisni abadiy buloq suviga termuladigan gulga aylantirib qo‘ygan. Ayol sevgisi dunyodagi hamma narsadan ustun, nafrati ham shunday, degan qarash ifodalangan she’rda. Eh-he sevgi yo‘lida ayol nimalarni qilishga qodir, demaysiz. Adabiyot nazariyasida Sapfo satrlari degan istiloh bor. Bu she’rlarda jo‘shqin his-tuyg‘ular jazava, rashk, sevgiga mubtalo bo‘lgan ayol ruhiyati, umuman ishq devonaligi tasvirlanadi. Zebo Mirzo ana shunday kuchli muhabbat haqida jo‘shqin misralar bitadi: Soyang tushib o‘tsa nigoharimga! Qo‘ling topib borsa qalbimni. Ovozing sachragan havoga Shivirlab bossaydim labimni. Dilimni yechsaydik behadik, Ko‘rsayding qo‘llarim parvozin30! Rashk qilish, sevgilisining o‘zidan o‘zgasiga qiyo boqmasligini istash, vafo va sadoqatni talab qilish-ayoling eng buyuk maqsadi va orzu-umidi. Halima Ahmedovaning mazkur she’rini o‘qib B. Paskalning: “Sevgi-muhabbat-san’at, san’atkorlik, ijodkorlikni taqozo etadi”, degan mulohazalari hayolimdan o‘tdi. Shoira his-tuyg‘ularini hech kimnikiga o‘xshamagan tarzda betakror mahorat bilan qalamga oladi. Bir qushman, samoning qo‘ynida Adashib, topmagan yo‘lini31. Muhabbat mavzusini tahlil qilish asnosida nafaqat oilaning, balki bani basharning bir tanu bir jon bo‘lishida muhabbat bilan yo‘g‘rilgan samimiy, o‘zaro munosabatlar hal qiluvchi ahamiyatga molikdir. Shaxs ishq-muhabbatdan naqadar lazzatlanishini tasavvur qilish qiyin! Axir u nainki aqliy kuch-quvvat, balki oshiq bilan mahbuba bir-biriga muhabbatini g‘oyat go‘zal izhor eta olishi uchun zarur oqilona aql-idrok sohibi. Biz qalbimizda muhabbat bilan birga tug‘ilamiz. Illo, muhabbatsiz bir daqiqa ham yashay olmaymiz. Inson yolg‘izlik yukini ko‘tara olmaydi; binobarin u sevadi,-demak, mehr-muhabbatini bahshida etadigan siymo topishi zarur. Faqat go‘zallik sohibasi shunday manba bo‘la oladi. Yig‘lasam, yig‘imda osmon ko‘rinsa, Ko‘rinsa jonimning ichida aksing. Toki sinib yotgan tun parchasidan, Sening yoding bilan topayin taskin. Menga shunday ishq ber, xudoyim32. Xudodan so‘ralgan ishq, Xudo ravo ko‘rgan ishq, shoiraning qalbiga, she’rlariga ohang vazifasini o‘tagandek go‘yo. Halima Ahmedova olov kabi yoniq muhabbatning haroratiga, dengiz kabi jo‘shqin muhabbatning to‘fonlariga, vujudiga sig‘magan ishqning bepayon osmonlariga va mana shu ishqning ko‘ngillarni munavvar qiluvchi ziyosiga talpinib yashaydi. Shoira dilidagi Haq ishqini tanigunga, bilgunga qadar uzoq vaqt o‘zligidaan o‘zini izlaydi. Shoira o‘zini fosh etishga ojiz. Boisi kulib turib yig‘lashni va aksincha yig‘lab, kulmoqlikni uddalay olmaydi. Arman shoirasi Silva Kaputikyanning ayol sevgisi haqidagi quyidagi she’riga nazar solsak; Ketding… Ich-ichimdan sezaman biroq, Sening yuragingni dog‘lab qo‘yganman. Aslo ketolmaysan yonimdan yiroq, Barcha yo‘llaringni bog‘lab qo‘yganman. Uying-men, yo‘ling-men, sayd aylaganman, Mensiz senga kun yo‘q, quyosh yo‘q, oy yo‘q. Xayolingni shuncha band aylaganman, Xayotingda mendan boshqaga joy yo‘q33. Arman shoirasi Silva Kaputikyan bilan Zebo Mirzo she’rlari bir-biri bilan o‘xshash, ohanggi, shakli, ruhi bir xil. Hatto obrazlari ham bir-biriga yaqin. Silva Kaputikyanning ayol sevgisi haqidagi quyidagi she’ri fikrimizga dalil bo‘ladi. Ayolning qat’iyati, irodasi, kuchi, nihoyatda jo‘shqin tuyg‘usi, eng muhimi tengsiz muhabbati jonli va otashin satrlarga aylanib qog‘ozga tushadi va o‘quvchini hayratga soladi. Suv, havo jon kabi xizmat o‘tayman, Senga mensiz vaqt yo‘q, yo‘qdir mensiz joy. Labingda tamaki bo‘lib tutayman, Uyingda chiroqman, derazangda oy. Izingdan quvlayman olisga qochsaang, Mendan aziz bo‘lmas ne izlab topsang. Sabodek silayman, derazang ochsang, Bo‘rondek buzgayman, derazang yopsang. She’rdagi hissiyot o‘quvchiga ta’sir qiladi, o‘ylatadi, hatto yig‘latadi. Qavat-qavat obrazlar ayolning mardligini, ontini, oriyati nihoyatda baland ekanini, ahdu paymoni, vafoyu sadoqati tog‘day sarbaland va serviqor ekanini anglatadi. Zebo Mirzoning bo‘lib-bo‘lib aytilgan so‘zlari ontday, qasamday bo‘lib yangraydi. Otashman, Dengizman, Samoman, Nurman, Jismu jahoningni o‘rayveraman, Ayt, qanday topasan qochmoqqa imkon- Men seni Xudodan so‘rayveraman34. Har ikki she’rning ham mazmuni mantiqan bitta - muhabbat. Yurtga muhabbat ham, Vatanga muhabbat ham, insonga muhabbat ham, Xudoga muhabbat ham, pok va iymonli qalbda bo‘ladi. Arman shoirasi Silva Kaputikyan ijodiga hamohangligi sababi-muhabbat. Ular turli millatga mansub bo‘lsa ham yuragi bir xil uradi, sevgi, rashk, vafoni bir xil his etishadi. Lekin tillari har xil bo‘lganidek, muhabbat shevalari o‘zgacha, yangi va yangi xilma-xil. Muhabbat tuyg‘usi dunyoda bir xil. Jahon xalqlari muhabbatning dardu-iztirobini, ishq azobini bir xil his etishadi. Lekin har bir shoir uni o‘z tili va she’riyatida o‘zicha ifodalaydi. Zebo Mirzoning she’rlari Yunon shoiralari Sapfo, Praksilla, arman shoirasi Silva Kaputikyan ijodiga hamohangligi sababi-muhabbat. Ular turli millatga mansub bo‘lsa ham yuragi bir xil uradi, sevgi, rashk, vafoni bir xil his etishadi. Lekin tillari har xil bo‘lganidek, muhabbat shevalari o‘zgacha, yangi va yangi xilma-xil. Halima Ahmedova ishq iztiroblarini shunday ifodalaydi. O‘zini keng osmonda adashgan qushday his etadi. Qushlar ko‘zin qorachig‘ida, Asir etib ko‘milgan manmu? O, jahannam otashi, sandan Qochib, sanga intilamanmu35? Umuman olganda ishq dardiga mubtalo bo‘lgan kishi aqlu-hushini yo‘qotadi. Muhabbat yo‘lida hech narsadan qaytmaydi. Hatto ish qilayotgan bo‘lsa ham buni anglamaydi. Bu holat yo‘ldan adashgan odamga o‘xshaydi. Tangri muhabbati yo‘lida yo‘ldan adashish esa, tangrining vasliga vosil bo‘lish uchun qilingan harakatdir. Halima Ahmedovaning ushbu satrlari Furqatning quyidagi misralarini yodga soladi: G‘aribu bu viloyat –xonumonimdin adashganman, Basoni murg‘i vahshiy-oshyonidin adashganman36. Furqatning ushbu she’rida quydagicha fikr ifodalangan: Qayerga bormasin o‘zini g‘arib, oshyonidan, yani uyasidan adashgan yovvoyi qush, bo‘stonidan mahrum bo‘lgan bulbul kabi his etadi o‘zini shoir. Bunda vatanga bo‘lgan muhabbat, vatangadolik ifodalangan bo‘lsa, Halima Ahmedovaning she’rida muhabbatga gadolik ifodalangan. Yorini topmagan ma’shuqa yo‘lini topmagan qushga o‘xshatilgan. Tuyg‘uni ko‘ngilda pinhon saqlash, ayni paytda ishoralar orqali uni ma’lum qilish she’riyatining eng qudratli, badiiy usullaridan biridir. Shu jihatdan, Guljamol Asqarovaning quyidagi she’ridagi fikrni izohlasak, nega degan savolga javob topiladi. Inson bahordan voz kechishi mumkin, atirguldan voz kechish mumkin, lekin sevgidan hech qachon voz kecha olmaydi. Chunki sevgisiz bahor ham, atirgul ham ta’timaydi. Guljamol Asqarovaning “Tog‘larning ko‘ksida jaranglasa-da, Sizning ko‘ksingida sindi faryodim” nomli she’ri kitobxonni beixtiyor o‘yga soladi. Tog‘lar cho‘ng va buyuk, lekin ularga qarab hayqirsang, faryod qilsang, tovushingni yutmaydi, senga hamdard bo‘lmaydi. O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon: “Ko‘p kezma daraxtzor bog‘lar ichinda, Daraxtlar dil do‘sting bo‘lolmas sening. Chorlasang kelolmas, yonib qucholmas, Sen faqat mening bo‘l, meniki, mening” deganiday odamga faqat odamgina hamroz, hamfikr, hamdard bo‘la oladi. Odamga odam mehr beradi, sevadi. “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar” (Ibroyim Yusupov). Mehribon va sevimli insoning ko‘ksiga bosh qo‘yganingdagina ohu faryodlaring tinadi, sinadi. She’r yakunida insoniylik mo‘jizasining e’tirofi ko‘nglingizga nur yog‘diradi: Mehr bu Tangrining ehsoni, nuri! Olam bor, Xudo bor, bor ekan shu nur. Toza yuragingiz uchun ming raxmat, Mehribon qalbingiz uchun tashakkur37. Shu o‘rinda mehr-muhabbat insonga Tangri tomonidan ato etilgan bebaho va noyob ne’matdir, degan xulosa she’rga yakun yasaydi. Demak, toza yurak, mehribon qalb-Xudoning marhamati, mehru shafqatining bu hayotdagi na’munasidir, zotan, ko‘ngilga sevgini ham, mehru shafoatni ham Xudo soladi. Bunday olijanob fazilatlarga ega bo‘lgan odamlar dunyoning rangini munavvar etadi. Halima Ahmedova she’rlarida dunyo havaslaridan voz kechish, uzlatga chekinish kabi so‘fiyona g‘oyalar ham uchraydi. “Hijron dashti”, “ishq ayshi”, “mayxona”, “fano” kabi majoziy obrazlar orqali, inson qalbining pokligi, ma’naviy kamolot, ilohiy ishq kuylanadi. Izlamang hijron dashtidan mani, Yo mayi mayxona gashtidan mani, Ehtirosu ishq ayshidan mani, Man ishrati fanodaman, fanodaman38 Bu she’rda asosiy mazmun “fano” tushunchasiga yuklangan. Fano-o‘tkinchi, muvaqqat degan ma’nolarni anglatadi. Fano-o‘zidagi barcha sifatlarni yo‘q qilishi bilan Allohga yaqinlik hosil qilishdir. So‘fiylikda fano maqomiga yetgach solik Allohning haqligi va ulug‘ligi to‘g‘risifagi fikru zikrga g‘arq bo‘lib, bu foniy - o‘tkinchi jamiyki narsalarni unitib yuboradi. Bu maqom “Fano filloh” deb ataladi. Demak Halima Ahmedovaning barcha badiiy-g‘oyaviy qarashlari, estetik ideallari uyg‘unlashib, ilohiy ishqqa, Allohga bo‘lgan muhabbatga kelib taqaladi. Dunyodagi barcha nafsu, rohatu lazzatlar, shirin ne’matlardan voz kechib, Allohga bo‘lgan ishqning ziyofatidan-ma’naviy mehnatdan bahramand bo‘lmoqdaman, deydi shoira. Bunda muhabbat azobi- azob-uqubat emas, rohat hisoblanadi. Shuning uchun ham shoiraning she’rlarida dardli, armonli satrlar ko‘p. Dunyodagi barcha ezgu intilishlar, zahmatli yo‘llar oxiri-ibodatxonaga eltadi, Allohni tanishga, tavba-tazarruga, uning marhamtidan umidvorlikka olib keladi. Demak lirik qahramonning muhabbati insonga emas, yaratganga atalgandir. Bu muhabbat yo‘lida xoru-zor bo‘lishni, hatto tuproqqa qorishib ketishdan ham or qilmaydi. Bunda oshkor bilan pinhon, zamin bilan osmon tazodlari qo‘llanilganini guvohi bo‘laamiz. Yaratgan, tegdimi noring, Qani g‘unchang, qani xoring? Tugarmu ko‘hna bozoring, O‘zim vayrona istaydi39. Tuproqqa qorishgan bir hazon yanglig‘ Men kimni, men kimni sevdim, Xudoyo40?! Guljamol Asqarova she'rlarining tahlili shuni ko'rsatadiki, she'rlarining ruhi va ohangini, mazmuni va yo'nalishini, avj pardasini, maqsad, g'oya va ideallarini umuminsoniy fikr va tuyg'ular belgilaydi. Shu ma'noda, Guljamol Asqarova ijodining haroratini ta'minlagan omil ham undagi jo'shqin va faol insonparvarlik, poetik timsol, go'zal tuyg'ular olamidir. Guljamol asqarova lirikasi teran tafakkur va jo'shqin hissiyot vobastaligidan hosil bo'lgan she'riyatdir. She‘r soʻzi misoli karomat yangligʻ. Unda xayoldagi hayot oʻngga, oʻngdagi hayot xayolga aylanib boradi. Va bu sira toʻxtamaydi. Guljamol Asqarovaning barcha yozganlari karomatlarga toʻla; balki har bir asari karomat. U qanday yozgan boʻlsa, shunday yashadi. Umrni sheʼr balandligiga, sheʼrni umr balandligiga koʻtardi. Sheʼru umr aro mutanosiblik, yaʼni uygʻunlik yaratdi. Va yana shunchaki yashamadi, shunchaki yozmadi. Guljamol Asqarova sheʼriyat — badiiyatga oʻz jumlasi bilan kirib keldi. Zotan, adabiyotga — badiiyotga faqat xos jumla bilan kiradilar: bir jumla oʻqiganda darhol bu Muhammad Yusuf, bu Iqbol Mirzo deydilar. Guljamol Asqarova ham ilk sheʼrlaridanoq shunday shoir boʻldi:Binobarin, biron sheʼrida birovga oʻxshamadi. Ergashganligi rost, ammo oʻxshashi yoʻq. “Bir lahza o‘zimni unittirdi ishq”-deydi shoira bir satrida. Biroq, shoiraning she’rlarida bosh mavzu bu-ishq. Nafaqat bir lahza,bir umr bu tuyg‘u uni tark etgani yo‘q.Bu uning yozganlarida namoyon bo‘ladi. Kamalak ranglari uchun tashakkur, Hijronning zanglari uchun tashakkur. Shoiraning ushbu misralarida yor bilan kechgan har bir daqiqa kamalak ranglari ila tasvirlanadi. Shoiraning ismi gul, jismi ham gul, ruhiyati ham gul. Ana shu gulni ulg‘aytirgan tuyg‘u muhabbat. Muhabbatning dardi ham, azobi ham shirin. Yordan ayro yurak yarasi yor jamolisiz tuzlamaydi, taskin topmaydi. Shu tarovat uning ijodiy qarashlariga oʻng tushdi. Toʻgʻrirogʻi, unga tarovatni qodir tabiatning oʻzi ato etdi: har soʻzida tarovat, har tarovatida xirom bor va tarovatu xirom yozganlarida harir tob tortib zuhurlanadi. Muhabbatda xirom ibo, sog ‘inch, ayriliq, sabr, dard ila yuzaga keladi. Guljamol Asqarova Halima Xudoyberdiyeva she‘riyatiga havas qilardi. Havas qilgani sheʼriga va uning ohanglariga koʻchdi. Kamolga yetgan chogʻlarida yaratgan kitobini “Dil fasli” deb atadi. shoira dil faslida tugʻyonlar, poʻrtanalar ichida sheʼrlarini qutlab, Zulfiyaxonimga munosib izdosh bo‘lishga intildi.“His-tuygʻu Guljamol Asqarovada shu qadar yaxlit, shu qadar haqiqiy kattaki, koʻzlarida oftob yonib, qonida saraton kezadi. Hayrat qalami bilan yozilgan asarlar “Dil fasli”, “Ro‘shnolik”, “Bedor qo‘ng‘iroq”, “Baxt dastxati”, “Erkalik imtiyozi”, “Turnalar yo‘li” kabi jamuljam kitoblari va goʻzal turkumlarida ish-muhabbat tuyg‘ulari tarannum etilgan. Bilmadim, bu cheksiz mahzun soʻzlardan tarix chiqadimi. Elu yurt yarim asrdan ortiq jon qulogʻi bilan tinglagan va mutaassir boʻlgan ovoz tindi. Ammo tarovatli, xumor ovoz hamon yangraydi, hech qachon tinmaydi. Chunki Oftob va Saraton mangu boshimizdadir.Dunyo va hayot uning koʻz oʻngida yaxlit gavdalandi. Bu dunyo va hayot insonga bus-butun holda qadrlash, sevish va asrash, ardoqlashga Xalq mentalitetiga daxldor bir dono ibora Guljamol Asqarova satrlarida olamga parvoz qildi. Fikrlash tarziga kirib bordi. Guljamol Asqarova sheʼrlarida shunday oʻz joyida va oʻz vaqtida topib aytilgan fikrlar badiiy ruhiyat iqlimlarini yaratdi. Adab dunyosini yaratdi, chunki joyiga qoʻyish, joyida aytish, joyida qilish tom adabdir. Yana birdan Guljamol Asqarova yana oʻsha oʻktam va dov ovozi bilan chorladi: “Ay do‘stijon yuzlaringni bir ko‘ray”, “Baxt kelsa ham, sensiz kelmasin!”, “Yorilmoq dardini eslating qayta!” teran aks sado berdi. Guljamol Asqarova oʻz bagʻirdor sheʼrlari barobarida, hayotda bir ruhoniy iqlim yaratdi. Bu uning oʻz ruhiyat iqlimi edi. Biz uning mavzun saflana-saflana, tovlana-tovlana, dam laylivash, dam majnunvash, dam yassaviyona, dam mashrabona sollanib hayot, ijod, nafosat mintaqalarini adl-dov egallagan asarlari timsolida Bahodir Karimov ta’biri bilan “Ishqparast” degan fasona maydonga chiqdi, deb aytolamiz. Ayol bilan so‘zlashganda, sevgi va muhabbat tili bilan so‘zlashmoq kerak. Chunki ayol ishqni Ollohga vosil etadigan bosh va dahlsiz yo‘l hisoblaydi. U fano maqomiga ko‘tarilgach o‘zini dunyoviy bir borliq sifatida ko‘rmaydi. Ana shunda u “Huru jannat orzusini xayolga ham keltirmaydigan darajada ma’nan yuksaladi. Zebo Mirzoning ayrim she’rlarida Anna Axmatovaning shivirlashlarini (ayniqsa, U…ga bag‘ishlangan satrlarda: Yorug‘-yorug‘ xayollarimdan yuragimga kirib keldingiz…), Marina Svetayevaning titroq va asov nafasi ufurib turgani seziladi: Ishq yog‘dudir yurqakka oqqan, Qaydan bilsin zulmat sochganlar? Bizni anglar, bizni ko‘rarlar Ko‘zni yumib, dilni ochganlar41! Yor jamolidan umidvor Mavlono yozganidek, Ko‘zni yumgil ko‘zga aylansin ko‘ngil…Ko‘ngil ko‘zi ila muhabbatdek buyuk tuyg‘uni betakror ranglarda tasvirlash har bir ijodkordan ulkan mahorat talab qiladi. Stendalning “Muhabbat haqida”gi risolasida nozik va murakkab tuyg‘uning kristallanishi, yani oshiqning ma’shuqaga nisbatan tuyg‘ulari xayoliy xossalar ta’bir joiz bo‘lsa, zarhallanishi, kamalakday rang-baranglik kasb etishi joizligi juda chiroyli talqin qilingan. Jahonga mashhur muhabbat qissalaridan biri “Yusuf va Zulayho” dostonida Yusuf Zulayhoning quvganidan qochib qutilgan. Lekin qattiq sevib qolgan ayolning muhabbatidan qochib qutilib bo‘lmaydi. Ayol muhabbati hatto o‘limdan ham kuchlidir. Ishq ruhga aylanib, yurakka, ongu shuurga, jismu jonga, hayotga singib ketadi. Silva Kaputikyan yozadi: Sevgimning qudrati bilan uchaman, Eshiging qulfini buzib ochaman. Uyingga kiraman, Ko‘nglingga kiraman, Umringga kiraman, Hamma qog‘ozingni pardek sochaman. Men sening ruhingda yashab yuraman42. Zebo Mirzo she’rida hayot va mamotdan ham kuchli, qudratli sevgi tasvirlanadi. Ana shu sevgi ayolga jur’at beradi, jasorat beradi. Ayol yengilmas, qo‘rqmas, qaytmas zotga aylanadi. Men-so‘ngi tomchiman Yagona najot, Faqat sen ichgin deb qistayveraman. Qo‘llarimda qoldi eng so‘ngi hayot, O‘lsam ham ishqingni istayveraman43! Ayolning onalik mehri yoriga, bolasiga, elu yurtiga, Vataniga bo‘lgan muhabbati ana shunday qudratli. Shunday tuyg‘uga ega bo‘lgani uchun To‘maris momomizni yurtimizga bostirib kelgan Kayxusrav yenga olmagan. Ayol hech qachon yengilmaydi, aslo chekinmaydi. Zebo Mirzo she’rlarida bunday misollar ko‘p. So‘zlar ham osmondan tushadi, agar ko‘nglingiz osmonga yetgan bo‘lsa…Ijod bu Iloh bilan sirlashuvdir. She’r bu tazarru, ko‘z yoshi, munojot va hatto isyon ham bo‘lishi mumkin, ko‘ngildan yengilgan inson uchun. Biroq bu hol shu lahzada, shu soniyada Iloh va inson qalbi o‘rtasidagi hol, sir. Shoiralar ijododidagi Allohga, yorga…oshiqlik, ishq, muhabbat tuyg‘ularining betakror tarannumi adabiyotimiz xazinasiga o‘zgaacha zeb va ko‘rk berib, mangulikka muhrlangaydir. Download 0.51 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling