O`zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi
III. AYOL SHOIRALAR LIRIKASIDA POETIK OBRAZLAR YANGILANISHI
Download 0.51 Mb.
|
Zumrad dissertatsiya 1
III. AYOL SHOIRALAR LIRIKASIDA POETIK OBRAZLAR YANGILANISHI
3.1. Gul va ranglar ifodasining ayol shoiralar ijodidagi o‘rni Halima Ahmedova lirikasida ranglar ( yashil, oq, pushti, sariq, moviy, qora va hokazo…), dov-daraxtlar, qushlar, maysa-o‘simliklaar, tuproq, shabboda ramz, asralari badiiyatning muhim xususiyatlaridan biri. Shu ma’noda yashil rangining mazmun qirralarini teranroq ifoda etilgan. Shoiraning bitta she’riy to‘plamining nomi ham yashil deb atalishi bejizga emas. Shoiraning rang-barang she’rlari bir so‘z bilan aytganda, Haq ishqining ma’no jilolarini, ruhiy dunyo shevalarini tushintiruvchi badiiy konsepsiyasini anglatadi. Halima Ahmedova lirikasidagi yashil rang, bo‘yoq har bir she’rda yangi-yangi ma’nolarni anglatishiga ko‘ra nufuzlidir. Mazkur she’rida ona o‘z bolasini rang-barang ertaklar olamiga chorlaydi: “Yurgin ertaklarga ketamiz, bolam… Qizg‘aldoq tushiga kirgan saharni, Tillo laganida suzganda quyosh. Zumrad orzularning shahrin ko‘rsatar, Oyog‘imiz quchib, har giyoh, har tosh68. Tashxis, ayni paytda metafora-qizg‘aldoq tushi; quyoshning tillo laganda saharni suzishi-tasavvurdagi nihoyatda nozik manzara, musavvirona chizilgan. Shoirlarning musavvirlardan ustun tomoni shundaki, ular musavvirlar rang va bo‘yoq bilan chiza olmaydigan holat va manzaralarni hayol kuchi bilan so‘z vositasida chizadi. Zumrad orzular shahri-yam-yashil orzular va umidlar ro‘yobga chiqqan shahar. Har giyoh, har tosh ona-bolaning oyoqlarini quchadi. Nihoyatda latofatli tasvir. Orzu va xayolning go‘zal suratidir ushbu betakror satrlar. Shoira kuylaydi, go‘zal orzularni, baxt-saodatni chiroyli ranglarga o‘rab kuylaydi. Uning betakror ovozi o‘quvchini maftun etadi. Guljamol Asqarova she’rlarida rang timsoli o‘z ma’nosidan boshqa ko‘chma ma’nolarda ifodalanadi. Umuman, u she’rlarida ranglar, bo‘yoqlardan unumli foydalanadi. Yorqin va tiniq obrazli konstruksiyalar o‘quvchi nigohi va shuurida o‘chmas iz qoldiradi. “Dunyoning rangi” sarlavhali she’rini tabiiyki, o‘quvchi ijodkor nimani nazarda tutgan, dunyoning ranglari qanaqa ekan, deb o‘ylab o‘qiydi. Satrlar ustida ko‘zingiz yuguradi. Dilbarlik rangida keldi bu bahor, Bir lahza ismimni unitdi yodim. Tog‘larning ko‘ksida jaranglasa-da, Sizning ko‘ksingizda sindi faryodim69. Yana dunyoning go‘zalligi bahor timsoli. Bahor, shubhasiz go‘zal fasl, lekin bu fasl latofati inson sevgisi, mehri va muhabbti bilan yanada chiroyli, yanada dilbar. Shoira tasavvurini qarang, “Dilbarlik rangida keldi bu bahor”… Dilbarlikning rangi qanaqa ekan?-degan savol tug‘iladi. Oqmi, qizilmi, pushtimi?... Yo osmonning moviy, zangori, maysalarning yashil, suvlarning zumrad rangidami… Inonning shodligi va baxtida bundan ham go‘zal, chiroyli va rang-barang ranglar mavjud degan fikr xayoldan yarq etib o‘tadi. Har gal Guljamol Asqarovaning she’rlarini o‘qir ekanman, Zabardast ruhdan va o‘sha ruhning isyonlaridan hayratlanaman. Uning ruhidagi shiddatalar menga Marina Svetayevaning Elabugada yarim qarich arqonga osilib turgan holatini, Nodirabegimning jaholat kundasiga qo‘yilgan aziz boshini, asrlar qa’rida oh chekayotgan o‘sha jafokash taqdirlarni eslatadi. Bundan yuz yil avval buyuk o‘zbek shoiri Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li –Cho‘lpon “Adabiyot yashasa,millat yashar!”degan otashin da’vat bilan adabiyot maydoniga chiqqan edi. Adabiyot so‘zining arabcha adab so‘zi bilan bog‘liqligini hisobga olsak, badiiy adabiyot estetik ta’sir etishi bilan shaxsning ma’naviyatini boyitadi, estetik qobiliyatini o‘stiradi, unda ezgulikni,go‘zallikni qadrlashga bo‘lgan intilishni rag‘batlantiradi, ya’ni keng ma’noda tarbiyaviy ahamiyatga ega. Zamonaviy adabiyotimizning sara namunalaridan biri sifatida Zebo Mirzo ijodini ham misol qilib ko‘rsatar ekanmiz, shoiraning she’rlarida tasvirlanayotgan shaxsning ruhiy holati, orzu-umidlari, o‘y-kechinmalarini berishda o‘xshatishlar, betakror ramzlar, hech kimnikiga o‘xshamaydigan rang-barang manzaralar muhim vosita hisoblanadi. Zebo Mirzo she’rlarida dard bor,isyon bor.She‘r ham, she’riyat ham yurakni to’lg’ontiruvchi darddir aslida. Kamdan-kam holatlarda shodlikdan,masrurlikdan she‘r paydo bo‘ladi. Shoira o‘z misralarida xulosa bermaydi. Tuyg’ularini xolis tasvirlaydi. Har bir yurakdan chiqqan so‘z belgi, har bir tilimizda aytilgan so‘z ma‘lum bir vazifani bajaradi. Hattoki insonning dardi,alami ham unga Yaratgan tomonidan berilgan bir sinoat, sinov ekanligini, his qilgan holda g‘am-anduhga chulg‘angan inson doimo Tangrini yod etadi, g‘amlaridan xalos etmoqlikni so‘raydi. Zebo Mirzoning aynan “Men-ku, o‘lib bo‘ldim,shudir ish rasmi!”misralari mana shu fikrlarimizni o‘zida mujassam etgan satrlar desak mubolag’a bo‘lmaydi.Ayriliqning o‘ziga xosligini ifodalovchi so‘zlar shoira tuyg‘ularining go‘zal tasviri orqali yanada mukammallashadi,o‘ylantiradi,qayg’uga soladi. Shoiraning she‘rlari pokiza tuyg‘ular, ismsiz dardlarning ifodasi. Ulardan sokin ohang taraladi. Mungli bu ohang tuyg‘ular bezovtaligidan,yurak haroratidan ruhiyat tovlanishlaridan yuzaga keladi. Isyonyonkor ko‘ngil mavjlari kitobxon qalbini ham larzaga soladi. Bir go‘zal ishq edi bizning sevgimiz, Yorug‘ lahzalarning ovozi tindi. Qo‘shilib kelganda xazonlar seli, Sevgilim, kim bilan yig‘laysiz endi? Men-ku,o‘lib bo‘ldim, shudir ishq rasmi, Ammo siz g‘amlarga chidaysiz qandoq? Sevgilim, sevgilim, og‘ir emasmi Bir go‘zal sevgini topib yo‘qotmoq? ….Sevgilim, kim bilan yig‘laysiz endi?... Zebo Mirzo she’riyatining, betakror muhabbatining o‘ziga xosligi shundaki, uning tuyg‘ulari naqadar kuchli, naqadar o‘tli bo‘lmasin, otashin izhorlari,dil kechinmalari haqida ochiq aytolmaydi. Ayol qalbi qanchalar nozik bo‘lmasin, olovli hislarni berkitishga qodir. Ayol hech kimga aytmagan so‘zlarini,ko‘ngil sirlarini she‘r deb atalmish mo‘jiza qatiga singdiribgina yengil tortadi.Mazkur she‘r ham ayol muhabbatining samimiy iqroridir: Pafos atamalariga adabiyotshunoslik lug‘atlari va nazariyasiga oid kitoblarga turlicha tarif beriladi. Pafos so‘zi ilmiy istiloh sifatida dastlab ritorika fanida ishlatila boshlangan. Pafos yunoncha sozdan kelib chiqib, his, ehtiros ma‘nosini anglatadi. Ijodkorning o‘zi tasvirlayotgan voqelikka g‘oyaviy-hissiy munosabati, avtor emotsionnaligi.Gegelga ko‘ra u san‘atning o‘zagi, ―san’at saltanatining asosi sifatida talqin qilinadi. Kalit so‘zlar: pafos, terminlar lug‘ati, ijodkor, pafos muammosi, konsentratsiya; Pafos atamasiga adabiyotshunoslik oid darslik va lug‘atlarida turlicha tarif berilgan. Jumladan, Izzat Sultonning ― “Adabiyot nazariyasi” darsligida ―”Pafos” lotincha so‘z bo‘lib, bir hisga qattiq berilish zo‘r hayajon, ehtiros demakdir, degan fikr keltirilgan. O‘zbek adabiyotshunosligida pafos haqidagi dastlabki jiddiy tadqiqotlardan biri Mirzaahmad Olimovning ― “Hozirgi o‘zbek adabiyotida pafos muammosi” dissertatsiyasida pafosning kelib chiqishi yunon mifalogiyasiga borib taqalishi aytilib, uning yunoncha so‘z ekanini tariflaydi.― “Adabiyotshunoslik terminlari lugati”da pafosga—jo‘shqinlik degan tarif beriladi. ―Asar pafosi yozuvchini maftun etgan va butun asarga singib ketgan g‘oya, his va hayajondir. Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘atida pafos grekcha ― “pathos”-ehtiros so‘zidan olingani yozilib, u badiiy asarni jonlantirgan emotsional asos tarzida ifodalanadi. Va pafosda ijodkorning fikri va hissiyoti birikib ketishiga urg‘u beriladi. Pafos haqidagi dastlabki qarashlar Aristotelning “Poetika” asarida uchrab, u ehtirosdir degan to‘xtamga keladi. XVIII asrga kelib Gegel o‘zining ― “Estetika”sida pafosni chuqur tadqiq etadi va uni san’at saltanatining mohiyatini ochib beruvchi kuch sifatida baholaydi. XVIII asrga kelib Gegel o‘zining “Estetika”sida pafosni chuqur tadqiq etadi va uni san’at saltanatining mohiyatini ochib beruvchi kuch sifatida baholaydi. Dilmurod Quronov tuzgan adabiyotshunoslik lug‘atida ham pafos—ijodkorning voqe’likka g‘oyaviy-emotsional munosabati deb talqin qilinadi. Yuqorida tilga olingan asarlarning barchasida pafos adabiyotshunoslikka—notiqlik (ritorika)dan o‘tgan termin ekani qayd etiladi. ( Arastuga ko‘ra ham pafos notiqlik usullaridan bolib, uning yordamida notiq tinglovchilarga o‘zi istagan hislarini uyg‘otadi.)Pafos dastlab Aristotelning “Poetika”sida muayyan estetik hodisani ifoda etuvchi istiloh sifatida qaror topgan: “Tragediyaning uchinchi qismini pafos — ehtiros tashkil etadi. Ehtiros esa halokat yoki iztirob keltiruvchi harakatdir.” Aristotel pafosning tragediyada qahramonlar ruhiy iztirobi orqali yuzaga chiqishi va tomoshabinga ham shunga mos his uyg‘otishiga asosiy e’tiborni qaratadi.O‘zbek mumtoz adabiyotida ham mohiyatiga ko‘ra pafosni ifodalagan fikrlar uchragan. Klassik adabiyotimiz vakillari ―…ma’nosi jihatidan ― “pafos” so‘ziga yaqin ―dard” so‘zini ishlatar hamda shoir ―bedard bo‘lishi mumkin emasligini tasdiq qilar edilar. ―Masalan, Alisher Navoiy ― “Farhod va Shirin” dostonida, she’riyatning dunyoda mavjud bo‘lishidan maqsad so‘z (yonish) va dardlarni ifodalashdan boshqa narsa emas, degan fikrni aytadi: Bu gulshanki, rashki naqshi Chindur, Nasimi ham, guli ham otashindur. Bolurdin dahr bostonida mavjud, Emasdur gayru soz-u dard maqsud. Adabiy istiloh sifatida pafos muammosini Aristoteldan keyin XVIII asrga kelib Gegel chuqur tadqiq etadi va uni ―san’at saltanatining mohiyati” sifatida ko‘radi.Gegelning ― “Ruh fenomenalogiyasi” asarida nafaqat sanatdagi, balki ―har qanday insonning real hayotidagi pafos to‘g‘risida qimmatli fikrlarni uchratish mumkin. Shulardan bir parcha: ―Insoniy va ilohiy qonunning harakati o‘z zaruriyatining ifodasini individlarda topadi, ularda umumiylik pafos sifatida namoyon bo‘ladi. Mirzaahmad Olimov yuqorida tilga olingan ilmiy ishida mazkur tarifning pafosga berilgan eng quyma tarifligini e’tirof etadi va pafos ma’no kategoriyasi jihatidan badiiy asar yaratish jarayonidagi, shuningdek, hayotdagi pafosning ham xususiyatlarini qamrab olishi kerak degan qarashni quvvatlaydi. Jumladan, olim pafosning ma’no kategoriyasini rus va o‘zbek adabiyotshunoslari qarashiga ko‘ra quydagicha tasniflagan: ―Pafos:— yozuvchining o‘z qahramonlariga goyaviy-emotsional munosabati va ularga bergan bahosi ( G.N. Pospelov); — asar mazmuning goyaviy-emotsional yonalishi ( Y.G. Rudneyeva); — asarning umumiy konsepsiyasi ( M.B. Xrapchenko); —harakatdagi estetik ideal (S.M. Petrov); —asar goyaviy-emotsional mazmunining o‘ziga xos konsentratsiyasi(N.K.Gey); — fikr va hisning birligi, ijod jarayonida yozuvchining ilhom manbai, badiiy asarning goyaviy asosi, yozuvchi ijodining umumiy yonalishi( U.O.Sultonov); —ijodkorning butun asariga singib ketgan ehtirosi (B.U. Sarimsoqov).Va tadqiqotchining bu tasnif haqidagi xulosasi ―Faqat S.M. Petrov va I.O.Sultonovning badiiy asar yaratish jarayonidagi, shuningdek, hayotdagi pafos xususiyatlarini ham qamrab olishga harakat qilganlar, tarzida yakunlangan. Kuzatishimizcha, Mirzaahmad Olimov pafosni muammo sifatida o‘rganar ekan, eng avvalo, uning hayotdagi korinishini asosiy obyekt sifatida biladi va badiiy asardagi pafosni ham hayotdagi pafos in‘ikosi sifatida biladi( bu haqida hali toxtalamiz). Pafos yunoncha “pathos” so‘zidan olingan bo‘lib, ehtiros, hissiyot degan ma’nolarni bildiradi. Adabiy atama sifatida esa asarga singishib ketgan, undagi badiiy tasvirning yo‘nalishini belgilab beradigan jo‘shqin tuyg‘u va ko‘tarinki ruhni anglatadi.Bu tuyg‘u va ruh ijobiy xarakterda bo‘lganda xayrixohlikni, salbiy tabiatga ega bo‘lganda inkorni bildirishi mumkin. Pafos bilan yozilgan asarda adib o‘z nuqtayi nazari va qarashlarini berkitmaydi. Aksincha, o‘zi ilgari surgan va o‘tkazmoqchi bo‘lgan hayotiy-estetik fikrni kuchli hayajon hamda jo‘shqin ehtiros bilan yoqlaydi. Shu tariqa, pafos bilan yozilgan asarning o‘quvchisi ko‘pincha yozuvchi qarashlarining tarafdoriga aylanadi.Chunki asarning pafosi uni xolis kuzatuvchi emas,balki astoydil tarafdor bo‘lishga undaydi.Pafos badiiy asarning ifoda tarzinigina emas,balki uning ma’no-mohiyatini ham belgilab beradi. Chunonchi, “Asrga tatigulik kun” romanida oddiy temiryo‘lchi Edigey va Nayman onaning o‘ylari, so‘zlari, qilgan ishlari kuchli pafos bilan tasvirlangani uchun ham kitobxonni o‘ziga rom etadi. Ayni paytda, jungjanglar, Jo‘lomon va Sobitjonning hatti-harakatlari, gaplari, tutumlari adib tomonidan jo‘shqinlik bilan inkor etilgani sababli o‘quvchi bu timsollari qabul qilolmay qoladi. Shu tariqa asarning pafosi uning o‘quvchisiga o‘z nuqtayi nazarini aniq belgilab olishda yordam beradi. Asar pafosi, ayniqsa, Nayman ona timsoli tasvirida tasvirida yaqqol bo‘y ko‘rsatgan. Manqurt haqidagi afsonada insonning asosiy belgisi bo‘lmish o‘zlikdan ayirish, xotirasidan mahrum qilish cheksiz nafrat bilan tasvirlanganki, o‘quvchi beixtiyor Ch.Aytmatovning qizg‘in tarafdoriga aylanganini bilmay qoladi. Zamonaviy adabiyotshunoslikka oid kitoblarda pafos ma’no kategoriyasiga ko‘ra subyekt-obyekt-adresat uchligini qamrab olmagani sababli bu termin o‘rnida ―badiiylik moduslari istilohini qollash taklif etilmoqda. Lekin, fikrimizcha, Aristotel ham ruhiy iztirobning tomoshabinda ham his uyg‘otishi va pafos uni qabul qilish jarayonida ham ahamiyatga molik ekanligi etirof etadi. Gegel qarashi bo‘yicha ham ―pafosning tajassum toptirilishi sanat asarida ham, uning tomashabin( yani sanat muxlisi—M.O.)tomonidan qabul qilinishida ham bosh masala hisoblangan. Belinskiy esa pafos nazariyasiga ijodkor (subyekt) ijodini asosiy birlik sifatida kiritdi. Bulardan kelib chiqib aytish mumkinki, pafos ma’no kategoriyasi muallif ehtirosi—qahramon emotsionaligi—sanat muxlisi munosabatini ham qamray oladi. Belinskiy shoirning butun asarlarini kuzatish, baholash orqali ijodkor pafosini aniqlash mumkin degan qarashni olga suradi. Aytib o‘tganimizdek, pafos muammosini ilk bor jiddiy tadqiq qilgan Mirzaahmad Olimov tadqiqotining turli o‘rinlarda lirik pafosga qisqacha tariflar berib ketgan: masalan, ― yashnab turgan gulni korib dilimiz yayrasa—bu lirik pafosi. A.S. Pushkinning ― “Ya pomnyu chudnoye mgnovene” deb boshlanuvchi sheridagi ayol go‘zalligi va u qoldirgan taassurot go‘zaligiga shaydolikni ham olim lirik pafos deb baholaydi. Mana shu tariflarga asosan Halima Ahmedova sheriyatidagi go‘zallikni tahlil qilar ekanmiz, lirik pafos tabiat manzarasiga, ishqqa, insonning nurday toza, botiniy bir pokligiga oshuftalik tarzida aks etganiga amin bolib bordik: Boshingni yurakning qiblasiga qo‘y, Rayhon nafasiga chayib vujuding. Pok bo‘lsin, pok bo‘lsin, nurlar kabi pok, Payg‘ambar tushidek yashil sujuding. Buloqlarning shaffof xayolini ol, Qayg‘uni kuldirgin, baxtni yig‘latmay. Ko‘zingni kenglikka sadaqa qilgin, Do‘st-u dushmaningga… Yoxud: Atir sepib chiqqan tannoz bog‘larning Dimog‘im toldirar muattar bo‘yi. Yomg‘irlar childirma chalar go‘yoki Boshlanar zamin-u, osmonning to‘yi. Yalpizning mastona xayoli bilan Qulog‘imni o‘par suv taronasi. Va sochim taraydi tong tarog‘ida Shabboda—gullarning dilkash onasi. Shoiraning sherlaridagi bunday oshuftalik, jo‘shqinlik bilan yogrilgan lirik pafos kopincha ma‘yus kayfiyat tusini ham oladi. Masalan, yuqoridagi sher shunday band bilan tugaydi: Ufqlar ortida, Semurg ‘ patida meni korib yotar tush. Barcha yo‘lim ravon, hamma narsam bor, Faqat ko‘nglim bo‘m-bo‘sh, o, ko‘nglim bo‘m-bo‘sh. Halima Ahmedova she’riyatida ham Pushkinning yuqoridagi sheri singari o‘tgan kunlarning go‘zal taassurotini ifodalovchi, sentimentallikka yog‘rilgan bo‘lsa-da, lirik pafosli she’rlar uchraydi. Shulardan biri ― “Romol” she’ridir. “…Qancha yillar otdi, fasllar otdi, Goh sezdim, sezmadim tarovatini. Gamning ayozidan junjikkan paytim Qomsayman shu romol haroratini.” ― “Umid soyasi” to‘plamiga kirgan ― “Boshdan oyog‘im nur…” deb boshlanuvchi she’rni ham lirik pafos ifoda etilgan she’r namunasi deyish mumkin. Lirik pafos ijdkorning nasrdagi asarlari va badiiy-publisistik ijodida ham tabiatiga, umuman, atrofdagi olamga oshuftalik, maftunlik sifatida yuzaga chiqadi. Yana bir e‘tiborli jihati shuki, nasriy asarlarda ifodalangan sentimentallik, tragiklik, dramatizm ortida ham mana shu qahramonlar qayg‘usiga, ishq iztirobiga shaydolik mavjudligini ilg‘ash mumkin. (― “Ishq gulining hidi”, ― “Anjir daraxtining xudoga to‘rt maktubi”, ― “Kutishning sarg‘aygan fasli”, ― “Yosuman gulining soyasi”, ― “Yovvoyi tanovar” hikoyalarida buni ilg‘ash mumkin. ) Halima Ahmedova ijodida, ayniqsa, sheriyatida keng o‘rin tutuvchi, namoyon bo‘luvchi pafos turi, bu—setimentallikdir. ―Asosiy estetik kategoriyalar ichiga isyoni faqat ma‘yus his-tuyg‘ularda, g‘am-anduhlardagina namoyon bo‘ladigan go‘zallikni maxsus ifodalaydigan tushuncha yo‘q. U faqat pafos nazariyasida ishlab chiqilgan. Haqiqiy she‘r shoirning qalbidan to‘kilgan satrlar, ushbu satrlar orqali ijodkorning o‘z ―meni nomoyon bo‘ladi. Yuragimga yurib kirasiz, Yuragimdan ketasiz chiqib… Nafasim yetmaydi “qoling” demoqqa Ruhim devorini o‘tasiz yiqib. Bor-yo‘g‘i-Yurakman Mahtal bir ishqqa, Barcha gunohingiz keladi kechgim. Sochilib ketaman sizsiz bo‘shliqqa, Meni terib olmaydi Hech kim!.. She‘r bu - tazarru, ko‘z yoshi, munojot va hatto isyon ham bo‘lishi mumkin,ishqning otashida cho‘g‘ bo‘lgan, ko‘nglidan yengilgan inson uchun. Demak she‘rda dard bor, shodlik bor, alam bor, sevinch bor,isyon bor. Jamiki insonning orzu-armonlari,qalb tug‘yonlari, iztirob va qayg‘ulari, hech kimga oshkor eta olmaydigan tuyg‘ulari mujassam.Ijod etmoqlik, qalb dardlarini qog‘ozga tushirmoqlik mo‘jiza – ilohiy mo‘jizadir. Bu –qalbning ehtiyojidir aslida. Ammo so‘z ham obrazli bo‘lib, faqat tashbehli, majoziy simvolik she‘riyatning maydonidagina erkinlik bordir, chunki uni fikr posbonlari to‘la anglamas, anglagan taqdirda ham majozlar va shakllar shoirni himoya qiladi.Ishoralar, kinoyalar, tashbehlar san‘at darajasiga ko‘tariladi: Halima Ahmedovaning ertaklariga quloq tutadigan bo‘lsak, Quyoshning qonli damin, sanaganda dalalar, Bahorning so‘ngagida ko‘z ochganda yaralar…70 Ufqning qizargan nurlari dalalarga taralganda, daraxtlarning barglari qip-qizarib yerga to‘kilganda, xazon fasli boshlanganda, degan fikrlar obrazli tasvirlanadi. Go‘yo ertaklardagidek quyosh ajdahoga, bahor keksayib dafn etilgan odamga o‘xshatilgan. Qishda sovuq urmasligi uchun kech kuzda toklar ko‘miladi-ku. Tasavvurlar ertakmonand. Shoira so‘zning rang-barang bo‘yoqlardan, qora ranglar, oq ranglar, nur va zulmat timsollaridan unumli foydalanadi. “Kunday yorug‘ qorong‘ulikda Oyning nafasiga yediring dilni”, “Qorong‘u tun xotirina oy sanchadi nayzasin”, “Tiyramoh, kechalar yoding tortar oh, Qora ufqlarda umr tutuni”, “Sen kimni kutasan qora tun-ayol?”, “Tun qorayar uvillar shamol, Qoraliqni yalar beg‘am sham”…she’riy matnda qora so‘zi ko‘p takrorlangani bilan, har joyda har xil ma’no ifodalaydi, ma’lum so‘zga birikib, yangi so‘z tushuncha yaratadi. Beixtiyor shu qoralikning zamirida yorug‘ xayollar, nurli orzular mavjudligini his etamiz. Guljamol asqarovaning rang-barang she’rlarini o‘qiganda, ulardagi obrazlar haqida fikr yuritganda Usmon Azimning “Grafika” nomli betakror she’ri ham yodga tushadi. Grafika- tasviriy san’atning turfa bo‘yoqlarsiz, faqat oq-qora rangda ishlanadigan rangidir. Ko‘zing qaro sening qoshlaring qaro, Yuzlaring oq sening, kulishlaring oq. Qo‘lingdagi ta’na toshlaring qaro, Menga g‘amgin boqib turishlaring oq. Shommi, yo saharmi-vaqtimdir qaro, Sen deb to‘kayotgan yoshlarim oppoq. Sening ham, mening ham baxtimdir qaro, O‘ttiz to‘rt yoshingda sochlaring oppoq. Ishon, yurak oqdir, qarodir taqdir, Oq-qora bo‘yoqlar bizning bog‘larda. Men million bo‘yoqni bilardim axir, Ikkimiz baxtiyor bo‘lgan chog‘larda71. Albatta, har bir ijodkorning o‘z yo‘li, uslubi bo‘ladi. “Dunyoning rangi” va “Grafika” she’rlarini bir-biriga taqqoslaganda har ikkalasi ham badiiy mahorat bilan boshqa-boshqa obrazlar vositasida yozilganiga amin bo‘lasiz. Halima Ahmedova she’riyatida bahor va kuz, yoz va kuz, oq va qora, issiq va sovuq kabi qarama-qarshi so‘zlar ifodalangan obrazlar sirasiga tun va tong ham kiradi va bu zulmat va yorug‘lik tushunchasini ifodalaydi. “Uyg‘otib sog‘inchning afsonasini” satri tongning uxlab qolishi, baxtli, nurafshon hayoti kechikishi ma’nosini beradi. Halima Ahmedovaning she’rlarida “Yashil”, “Boshim aylandi, aylandi yer”, “Bir qush bo‘lsam, qanotlari zumrad bo‘lsam”, “Osmon moviylanar”, “Iddao”… yam-yashil rang zimmasiga yuklanayotgan ma’nolar ma’naviy-ahloqiy qadriyatlr maqomida cho‘ng va rangin. Bir o‘rinda haqiqatni qo‘llayotgan fikr tariqasida aqlga kuch bag‘ishlasa, boshqa o‘rinda yaxshilik, ezgulik ramzi sifatida irodamizni quvvatlantiradi. Guljamol Asqarova ranglarning qarama-qarshiligini hayolan tasavvur qiladi. Bu o‘rinda tuyg‘ular, voqea-hodisaalar, holatlar ziddiyatini ham nazarda tutadi. “Ranglar ziddiyati” sarlavxali she’r faqat Guljamol Asqarovaning xayoliga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgacha timsollar bilan diqqatni tortadi. Ko‘zlarimni to‘ldirar sevgi, Ko‘zlarimni to‘ldirgan sizday. Xayqirib yuborar telefon, Kutaverib charchagan qizday. Qo‘llarimga olaman sekin, Alvon rangli qizil dastakni. Ammo, tushun, qo‘llarimga men Ololmayman qizil yurakni72. Qizil dastakli telefon orqali so‘zlashish- oddiygina turmush hodisasi. She’rga “ranglar ziddiyati” deb sarlavha qo‘yish va kutilmagan o‘xshatish o‘quvchini hayron qoldiradi. Nima uchun qizil dastakli telefonni qo‘liga olganiday qizil yurakni qo‘liga ola olmaydi? Sababi, yurak bu odam istagan paytida ushlayveradigan telefonday jonsiz narsa emas. Yurak insonga hech qachon bo‘ysunmaydi, aksincha inson yurak amriga quloq tutadi. “O‘zingni tut, o‘zingni qo‘lga ol” degan iboralar bor xalqimizda. She’rda “ranglar” so‘zi tuyg‘ular, inon-ixtiyor va imkoniyat ma’nolarini ham ifodalaydi. Bu ziddiyat shaxsning o‘z ichki ziddiyatini ham anglatadi. Demak, inson hamisha ham o‘z istagini amalga oshira olmaydi. She’rda “Hayqirib yuborar telefon”, “qizil yurak” kabi obrazli ifodalar borki, ular muayyan voqea, ish-harakatni, holat va manzarani ifodalaydi. Zebo Mirzoning hazon barglari yanglig‘ to‘kilayotgan sabrining tasviriga qaraylik. Sen yuz burgan xazin kechada Yuzinchi bor barg to‘kdi chinor. Bardoshlarim singan ko‘chada, Sevgim, axir senga nima bor? Osmon, osmon, bechora osmon, Tunda yig‘lab to‘kdi dardlarin. Unutildi o‘tgan ishqsimon Daraxtlarning yupun barglari… Ushbu satrlarda lirik qahramon o‘zining mahzun tuyg‘ularini obrazli fikrlar orqali ifodalashi she‘rning emotsionalligini oshirishga xizmat qilgan. Jumladan,―bardoshlarim singan ko‘chada, ―unutildi o‘tgan ishqsimon‖ kabi o‘xshatishlar she‘rning ta‘sirchanligini yanada oshirishga,jozibadorligiga xizmat qilgan.Oddiy qilib aytganda bu satrlarda inson haqiqatdan ham ta‘sirlanadi. Kitobxonda she‘rxonlik qobiliyatini tarbiyalash asnosida bu sekinlik bilan qalb ehtiyojiga aylanadi. Darhaqiqat, she‘riy asar bir kishining – shoirning olamini o‘ziga xos ko‘rishi natijasida yuzaga kelgan hosiladir. Hamma gap shu o‘ziga xos qarash va ko‘rishni anglab, his qila bilishdadir. Ana shu aniq bitta insonga tegishli tuyg‘ular, hissiyotlar ayni paytda butun insoniyatga, hamma odamlarga bir xilda aloqadorligini anglash she‘rni his qilishdagi birinchi qadam, dastlabki odim bo‘ladi. ―She‘riy asarni anglash,his qilish undagi muallif nazarda tutgan niyatni, maqsad va vazifalarni tushunib yetish, she‘r g‘oyasinig mag‘zini chaqish uni o‘qishdan, yanada aniqrog‘i ifodali o‘qishdan boshlanadi, -degan ta‘kidlar ancha o‘rinli va asoslidir. Shu ma‘noda shoira Zebo Mirzo she‘riyati kitobxonda ham katta taassurot va huzurbaxsh tuyg‘ularni shakllantiradi va uyg‘otadi: Men- umringga sirtmoq solgan xalqadirman. Seni shunday anduh bilan unitaman, Senga shunday to‘fon bilan qalqadurman. Meni sog‘in, ming yil yasha, ming yil sog‘in. Sevgim qattiq, qattiq hajru azobim ham. Betaskin kut, beqadr kut,bir umr kut, Meni senga qaytarmasin qodir Egam! Garchand sen deb ko‘z yummasdan o‘tay, garchand, Yuragingga hech kim mendek qaytolmasin! Ammo, qasam shu ko‘nglimni bir Xudodan O‘zgaa kimsa meniki deb aytolmasin! Lirik qahramon oʻz qismatining g‘amgin ekanligidan nolib kelar ekan, tuygʻular junbushi borgan sari pog‘onama-pog‘ona yuksalib boraveradi. Shoira Zebo Mirzo faqat oʻz shaxsiy hayoti qobigʻida qolishi mumkin boʻlmagan darajadagi ijodkordir. Shoira tasvirlagan qalb kechinmalari tashqi olamda ro‘y berayotgan voqelikka munosabat sifatida gavdalanadi. Halima Ahmedova she’rlarida ezgulik, adolat zamiridagi mehr-oqibat tuyg‘ularidan go‘zallik balqib chiqayotir. Inson fe’l-atvorida namoyon bo‘luvchi aynan mana shu mehr-muhabbatga ko‘ra odamiylik xususuiyatlarini shaxslik darajasini o‘zaro farqlash mumkin. Yashil rang-yangilanish, bahor, barhayotlikni ifodalaydi. Yashil rang navqiron yoshlikni, uyg’onayotgan umidni, anglatishi bilan bir vaqtda yosh, tajribasiz kishilarga ham ishlatishi kuzatiladi. Bir qancha islom davlatlarining bayroqlarida esa, yashil rang musulmonlikni bildiradi. Ayrim xalqlar davlatlarida esa yashil rang baxtsizlikni ham ifodalara ekan. Ingliz irimlariga ko’ra, kelinning sepiga yashil rangli nimadir kirib qolsa, u albatta baxtsizlik keltirar ekan. Dengizdagi yashil bayroq kema halokatidan darak beradi.Ammo yo’l harakatida yashil rangdan foydalaniladi. Yam-yashil iforlar kelmoqda qaydan? O, yana jonimda bodomgul-bo‘ron. Ariqlar labida, Yalpiz qalbida Menikiga o‘xshab ketgan hayajon…73 Biru Borning nigohi shunchalar sehrli, mo‘jizakorki, u qayg‘u bilan baxtni yarashtiradi, ajal ko‘zlarini qamashtiradi, lirik qahramonni o‘z-o‘zidan adashtiradi. Va yanayam muhimi, u mulki borliqqa, barru bahrlarga yashillik-hayot, tiriklik, yashnoqlik bag‘ishlayotir. Guljamol Asqarovaning she’rlarida ranglarga hamohang tarzda gul obrazi ham keng uchraydi. Gul ko‘ngilga, ko‘ngil gulga qiyoslanadi. Bu obraz she’riyatda juda ko‘p ishlatilgan an’anaviy obrazdir. Guljamol Asqarovaning she’rida gul shunchaki bir detal o‘rnida emas, tuyg‘uni, holatni ifodalagani uchun ham o‘quvchiga yoqmasdan qolmaydi. Men ko‘nglimni o‘zim uzarman, Umidsizlik gullari bilan.74 “Ko‘nglimni uzarman”, ifodasining o‘zi ishonmaslik,umidini yo‘qotmoq ma’nosini anglatadi, “umidsizlik gullari” metaforasi esa, ma’noni yana-da kuchaytiradi. Quyidagi satrlarda holat yana-da chuqurroq badiiy tasvirlanadi: …Ana ko‘nglim poyingga tushdi, Yaproqlari uzilgan bir gul.75 Yana gul obrazi. Umidsizlangan ko‘ngil yaproqlari uzilgan gulga o‘xshatilmoqda. E’tiborsiz, ishonchsiz, umidsiz qolgan ayol-yaproqlari xazon bo‘lgan kuzgi daraxtga, yashil barglari uzilgan gulga o‘xshab qoladi. Bunday muhabbatsiz, sevgisiz, ishqsiz-sovuq muhitda qolgisi kelmagan lirik qahramon tavallo qiladi Tangrim, ketay, menga topib ber, Turnalarning yo‘liday bir yo‘l76. Nima uchun “Turnalarning yo‘liday bir yo‘l” topib ber deb yolvoradi. Chunki, turnalar vaqti kelganida kechikmasdan ketadi.Ularning xohishiga hech kim va hech narsa mone’lik qila olmaydi. O‘zlari istagan issiq manzillarga ketishadi. Inson esa, ko‘pincha o‘zining istagini amalga oshirishga ojiz. Bu she’rda telefonning qizil dastagini qo‘lga olamanu, lekin qizil yurakni ololmayman” degan misralardagiday imkonsizlik holati qalamga olingan. Muallif “ketay” deganida hijron diyoridan visol yurtiga ketay degan fikrni nazarda tutgan. Halima Ahmedovaning quydagi she’rida lirik qahramonning yashashdan maqsadi bir go‘zallik izlashdir. Haq ishqi adolatning beqiyos, Benazir, buyuk timsoli sifatida poetic tadqiq etiladi. Jamoli mutlaqqa vosil bo‘lish-ishq va oshiqlikning so‘ngi suvrati. Lirik qahramon dilidagi Haq ishqining cheksizligiga ishonadi. U o‘zini anglash orqali ko‘nglining tub-tubida ko‘kargan, gullayotgan ishonchni tasvirlayotir. Ey, sen, meni so‘lim kunlar yodiga tortgan, Sog‘inchingni asraganman aytmay birovga. Men hayotni sevayapman, isinib bu tun, Qachonlardir yuragingda yongan olovga Zumrad hislar, O‘tgan kunlar hurmati uchun, Tunni mohir payvandchiday ulayman tongga Va shodlikning borligiga imon keltirib, Bu dunyoni bo‘yagayman ishq degan rangga77. Yashillik-ilohiy nigoh, sehrli jozibali ovoz shaklida lirik qahramon vujudini yashash zavqi, sururi, hissiyotlari bilan chulg‘aydi. Yashillikning go‘zallik mohiyati shundan iboratki, u hamisha ma’naviy-ahloqiy qadriyatlar maqomida yuz ochadi. Xususan birda mehr-muhabbat ko‘rsatsa, boshqa holatda tanish ovoz bo‘lib yuragiga cho‘g‘ soladi. Hayotning ma’nosini uqib yashashga undaydi. Estetik qadriyatning iroda kuchlarini ezgu amallar sari yo‘naltirish barobarida mushohada yuritishga, atrof-tevaragida kechayotgan jarayonlarni, mulki borliqni kuzatishga, mazmun o‘qishga undaydi.Mahliyo qilish bilan birga o‘z fikri-xayoliga cho‘mish asnosida mulki borliq xossalaridan hikmat o‘qishga da’vat qiladi. Ismi ham, jismi ham gulga yo‘g‘rilgan Guljamol Asqarova sariq gullar sarlavhali she’rida ham hijronni, ayriliqni tasvirlaydi. Bunda ham u gul obraziga murojaat qiladi. Aytishlaricha, sariq rang-ayriliq rangi emish. Mumtoz adabiyotda qizil gulning sarg‘yishi ishq dardidan, sog‘inchdan. Umuman, sariq rang she’riyatda polifonik, ko‘p ma’noli timsol. Afsonalarga ko‘ra, muhabbat timsoli bo‘lgan oppoq atir gul xiyonatga guvoh bo‘lgandan so‘ng uyalganidan so‘ng sarg‘ayib ketgan emish. Guljamol Asqarova sariq atir gul timsolida hijronni nazarda tutadi. Bizdan o‘tdi. Bariga uzr! Hajringizda to‘ldi qarog‘im. Men yashil ishq kutgandim sizdan, Xayr endi, sariq yaprog‘im78! Ushbu she’rdagi yangi obrazlardan biri “yashil ishq” metaforasidir. Bandning dastlabki ikki misrasini keyingi ikki misra to‘ldiradi, izohlaydi va kuchaytiradi. “Yashil ishq” metaforasini navbahorday gullab-yashnagan, yam-yashil bo‘lib ko‘kargan, olamni va ruhni yangilagan muhabbat deb talqin qilish mumkin. Biroq yashil rangning yana bir ma’nosi bor, bu zarbalardan ko‘kargan, zaxda zangori bo‘lib ketgan, lekin yashashdan, hayot uchun kurashdan qaytmagan jonli mavjudotning timsolini ham beradi. Birinchisiga yorqinlik, jo‘shqinlik va to‘lqinlanish xos bo‘lsa, ikkinchisi sabr, matonat va irodani anglatadi. Tayoq yeb ko‘zi ko‘kargan bo‘lsa ham olg‘a intilishdan qaytmagan odam sabr va matonat bilan kurashda yengib chiqadi. Demak, lirik qahramon o‘z oshig‘idan sadoqat va fidoiylikni, olovli sevgini istayapti. “Yashil ishq” degan yangi so‘z birikmasi, bizningcha, shu ma’nolarni anglatadi. Biroq, shoiraning she’riy qissasida yashil ishq kutgan qizga istagani nasib etmaydi. Misralar zamirida yashil ishq yoki qizil gul emas, sariq gul timsoli nihon. Qizning orzulari bevafo yigitning ko‘nglidan yaproqday to‘kilib ketadi. Halima Ahmedovaning “Yashil” nomli kitobidan olingan she’riga e’tibor bersak, ilohiy nigohdan yuzaga kelgan qadriyatlar yorug‘lik, mehr-oqibat, go‘zalliklar bunyodkori sifatida voqe bo‘layotir. Go‘zallik estetik qadriyatlar shaklida ulug‘lanayotgani uchun ham betakror. Boqaman to‘rt yonda sening nigohing, Anjir gullariday sirli, maftunkor. Aytgin, nima uchun, ne uchun axir Ming yilki qonimda erimaydi qor. Qachonlardir men ham yam-yashil erdim, Daryoga talpingan jilg‘aday yashil. Yelkamga bosh qo‘yib uxlardi quyosh, Uyg‘onganda derdi: salom, maysa dil!...79 Guljamol Asqarovaning navbatdagi she’ri kitobxon ko‘nglini larzaga soladi. Ayriliqning rangida ko‘nglim, Mahzun yana yomg‘irlar singan. O‘lganimda sariq gullarmas, Qizil gullar keltiring menga80. “Ayriliqning rangida ko‘nglim”- ko‘nglim sap-sariq kuzday xuvillagan, tinimsiz yoqqan yomg‘irlar esa, unga singib ketgan. Tirikligimda alvon atirgullar xuzurini ko‘rmasam, hijrondan o‘lganimda sariq gullarmas, qizil gullar keltiring, degan gaplarni aytish-yana yigirma bahorni qarshilagan qizning ko‘nglidagi bu gaplar ishq yo‘lida fido bo‘la olish jasoratini ifodalamaydimi? Tazod san’ati bahor-kuz, sariq-qizil, hijron-visol, hayot-o‘lim so‘zlari ma’nolari goh pinhon, goh oshkor ishora bilan chiziladi she’r satrlarida. Bu esa poetik tilning go‘zalligini ko‘rsatadi. Xulosa esa kutilgandek an’anaviy emas, mutlaqo o‘zgacha mazmunda. Bu lirik qahramonning iqrori. Tamom! Endi mehr kutmasman! Siz ham bir gul ishqning kaftida. Uchrashamiz tashlab ketilgan Sariq gullar mamlakatida. Satrlarda gul so‘ziga yana bir ma’no yuklanadi. Men gul edim, lekin ishqning kaftida siz ham bir gulsiz, deydi lirik qahramon sevgan kishisiga. She’r boshida keltirilgan “yashil ishq” iborasiga yana bir tashxis qo‘shildi “ishq kafti” va yana bir metafora “sariq gullar mamlakati”…Tasavvurning bepoyonligi shoiraga nihoyatda keng imkoniyatni beradi. Sariq- ayriliq, hijron , azob-uqubat timsoli bo‘lsa, sariq gullar mamlakati-bu ayrilganlar boradigan manzildir. She’r qayg‘uli yakunlansa ham, shoira hayotbaxsh niyat, albatta uchrashamiz degan umid bilan birga qoladi. Ma’nodagi noziklik-ayriliqda uchrashish nihoyatda hayratlanarli. Halima Ahmedovaning “Ishq rangi” she’riga nazar solamiz. She’rning har bir satrida o‘zgacha bir harorat, jo‘shqinlik ufurib turadi. Atrofdagilarga oddiydek tuyilgan xodisalardan ajib va betakror yangilik topadi, uni shunchaki aytib qo‘ya qolmaydi, his-tuyg‘ularini, ko‘nglini larzaga solgan tasavvurlarini musavvirona til bilan ifodalaydi. She’r yakunida butun olamni ishq atalmish rangga bo‘yab chiqadi. Ammo, hozir yengilsam gar, Yutqazsam agar, Qayda qolar mening o‘sha Halimaligim. Va Haq menga ishongan shu qismat oldida, Haqiqat, ayt menga axir, Kim bo‘laman, kim81?! Halima Ahmedova ijodida rang bilan bog‘liq lirik qahramon ruhiy olamining turli-tuman manzaralarini uchratamiz. Daraxt edim, egilmas daraxt, O‘sardim nur emganim sayin. Yashil dunyo sog‘inchlarida, Bir kun xazon bo‘lmog‘im tayin.82 Halima Ahmedova tabiati, ruhiyati tamomila o‘zgacha. Uning she’rlarida boshqalarda takrorlanmaydigan o‘zgacha bir tabiat ma’nolari mujassam. Hayotning adog‘i yo‘q hasratlaridan toliqqanda inson, tabiat qo‘yniga oshiqadi, uning musaffo havosida to‘yib-to‘yib nafas oladi. Halima Ahmedovaning aksar she’rlarida inson umri bamisoli daraxt singari ekani tasvirlanadi. Ona tabiat bag‘rida nihol unib, daraxtga aylanadi, kurtak chiqaradi, gullaydi, yaproqlar xazonga aylanadi, fasllar o‘z karomatini ko‘rsatib, daraxtlarni turli rang-barang liboslar ila bezantiradi. Go‘daklik, o‘smirlik, keksalik bular inson umrining fasllaridir. Mana shu fasllar ichra inson nur-mehr emib ulg‘ayadi. Shoira bolalikning, beg‘uborlikning yam-yashil manzaralaridan xazon yanglig‘ to‘kilib, umr o‘tib borayotganini tasvirlaydi. Ranglar o‘yini Guljamol Asqarovaning she’rlarida muhim o‘rin tutadi. Inson holati, shodligi, g‘ami, dardu armonlari ranglar tilida ifodalanadi. Yuqorida “Dilbarlik rangida keldi bu bahor”, “Ayriliqning rangida ko‘nglim” degan satrlarga e’tibor qaratsak, umuman, hayotning o‘zi turfa xil ranglardan iborat, degan qarashni ilgari suradi. “Rang” so‘zi bunda ramziy ma’no kasb etadi. “Oq gullar” sarlavhali she’rida ham Guljamol Asqarova xuddi shu usuldan foydalanadi. Dil baxtsizlik rangida edi, Va sirpanchiq edi bu yo‘llar. Ne mo‘jiza…bir kuni kelib, Olib ketdi meni oq gullar83. Oq gul-beg‘uborlik, hayotbaxshlik, ochilish, jo‘shqinlik, shu bilan birgalikda, ona mehri, ulug‘vorlik va ilohiylik timsolidir. Ajdodlar xotirasi va avlodlar almashinuvi ham shu rangda tasavvur etiladi deyishadi. Guljamol Asqarovaning “Olib ketdi meni oq gullar” satri majoziy ma’noda tushinilishi kerak. Real hayotda gullar odamni olib ketmaydi. Pok va toza tilaklarning ijobat bo‘lishi shunday ifodalangan. “Dil baxtsizlik rangida edi”,-deydi shoira. Baxtsizlikning rangi qanaqa? Uning rangi ko‘p, shuning uchun shoira aniq bir rangni aytmaydi. Baxtsizlik rangini o‘quvchining o‘zi tasavvur etadi. Bu ko‘chma ibora sevgi, hissiyot, tasavvur bilan bog‘liq. Shundan buyon tuyg‘ularim oq, Siz keldingiz burkab yo‘llarni. Endi sizga yig‘lab bergayman, Shevasinda oppoq gullarning84. Xotiraga o‘xshaydi bu. She’r aziz insonlarimga deb bag‘ishlangan. Badiiylik tili bilan so‘zlayotgan shoiraning fikrini anglaymiz. She’r yaxshilikka bag‘ishlangan, unda yaxshiliklarning obrazi chizilgan. Oq atirgullar bazmi, bu yaxshiliklarning beg‘ubor muhiti. Eng noyob ne’mat –mehr, eng qudratli kuch-mehr, eng go‘zal tuyg‘u-mehr. Mehrning rangi-oq, mehrning shakli-nur, mehrning sezgisi-issiq…Guljamol Asqarova sifatlar suvrati va siyratini chizadi. Bu beg‘ubor manzaradan ko‘ngil nurlanadi: Bugun hatto diydoringiz oq… Ko‘zlarimga ketyapsiz to‘lib. Ko‘nglingizga kirib borgayman, Bir kun oppoq atirgul bo‘lib85. Yaxshiliklar mehridan bahramand bo‘lgan kishing o‘zi ham oq atirgulga aylanib qoladi. Guljamol Asqarovaning fikrlash, tuyg‘ularini ifodalash usuli sehrli, obrazlari sirli, biroq tasvir obekti aniq, bu-hayot. Inson tuyg‘usi, dardi, orzu-umidi, sezgisi, hayrat-hayajoni. O‘z ifoda uslubi bilan u ana shularning barchasini o‘quvchilarga yuqtira oladi. “Sendan ketdim, ey qahrli gul”, “Borayapman gul bahorimga, O‘n sakkizta gulni quchoqlab”, “Qo‘llariga tikonlar botib, Kim uzarkin bog‘imdan meni?”, “kim bo‘lsang ham ozorlanma, bas, Guliqahqah kabi kularman. Bir gulimni uzganing haqqi, Yuz gulimni fido qilarman”, “Gul bandiga bandi bo‘ldik, gilga ketdig-o, Gulim”… Guljamol Asqarovaning she’rlarida gul obrazi juda ko‘p uchraydi va har xil ko‘chma ma’nolarda qo‘llaniladi. Yashil ishq va rang-barang she’rlar shoiraning she’rlarini yashnatib, o‘quvchilarga bir olam zavqu shavq bag‘ishlaydi. Halima Ahmedova she’riyatida haqiqatning ranglari, yashil rangda tasvirlanadi. Yashil rang o‘zi nimaning ramzi, u bizga nimalardan darak beradi? Robbimizning nigohlari ham nega aynan yashil rangda ekani qayd etilgan? Yashil rang eng avvalo tiriklik ramzi! Qolaversa, u islom dinimizning ham ramzi hisoblanadi. Yashil rang e’tiqodga ishora. Buning chuqur mohiyatiga buyuk tariximiz orqali tadqiqotlarimiz orqaligina guvohi bo‘lamiz. Daraxtning ko‘ngli to‘kilgan, Sarg‘aygan kitobday titiladi bog‘. Quriyotgan daryoning so‘ngi tomchisi yanglig‘ Yashil sog‘inch bilan tirikman bu chog‘86. Halima Ahmedova lirikasida haq ishqi, adolatning buyuk timsoli sifatida talqin etiladi. Lirik qahramon bu keksa dunyoning adoqsiz hasratlaridan charchaydi, xayollari xorg‘in, yuragi pora-pora bo‘lib titiladi. Ammo, u o‘zida kuch, sabr, matonat to‘play oladi. U yuragi sog‘inib, talpinayotgan ishq bilan tirik. Shoiraning ishqi shunday ishqki, nigohi yashil bo‘lgan Robbimizning ishqiga shaylangan. Shoira aynan ana shu ishq, ana shu sog‘inch bilan tirik. U o‘zini anglash orqali, matonati, jasorati orqali butun vujudi ila ko‘nglining tub-tubida barhayot bo‘lgan ishqni taniydi. Qachonlardir men ham yam-yashil edim, Daryoga talpingan jilg‘aday yashil. Yelkamga bosh qo‘yib uxlardi quyosh, Uyg‘onganda derdi: salom, maysa dil!..87 Shoira o‘z qalbini qachonlardir daryoga talpingan jilg‘adek pokiza, navqiron ekanini aynan yashil rangda tasvirlaydi. Oradan yillar o‘tib, bugun azm daryoga aylangan o‘sha jilg‘a o‘z yashilligini, beg‘uborligini, beg‘amligini qo‘msaydi bir lahza bo‘lsada o‘sha damlarga qaytgisi keladi. Guljamol Asqarova ruhiyati huddi shunday.Keyingi oʻn yillar davomida bu yuragiga yaqin mavzularning yangi-yangi qirralarini ocha bordi, yaraqlatib, xos sayqalladi. U Nodirabegimu Uvaysiyu Toʻmarislar qiyofasiga kirdi. Ayolni ojizalik puchmoqlaridan chiqardi. Bu Guljamol Asqarova sheʼriyatining eng ulugʻ, oʻta taʼsirchan gʻoyasiga aylandi. Bu juda katta ijtimoiy aks sado berdi. Shoiraning ruhiyati! Bu ayolning matonati, yashash uchun kurashdagi jasorati! U faqat oʻxshatish emas. U yaxlit poyonsiz olam! U hodisa! Shoira oʻzini barcha dunyo ayollarining dardu holiga merosxoʻr bildi. Olmos eʼtiqod! shoiraning ruhoniyati shu eʼtiqod bilan balki moʻjizalarini yuzaga chiqardi. Hozir Germaniya, Buyuk Britaniya kabi buyukdan-buyuk davlatlar va xalqlar Ayol aqlu idrokiga tan berib, unga tayanib, taraqqiyot yoʻlida jadal bormoqda. Bunga erishmoq uchun Yevropa necha asrlar mislsiz kurashlarni boshidan kechirdi. Teng, ozod, adl Ayol maydonlarga chiqdi, Talon-toroj, gʻoratgarchiliklarga qarshi baland ovoz bilan norozilik bildirdi. Oʻzini hatto Toʻmarisning sarbozi, deb qaradi. U oʻzi bashorat qilgan hayotga va ijod nashʼu namosiga toʻla erishdi. Kuydi, yondi. “Osmon yo‘q, lekin osmondan kelib,Men bulutman degan bug‘larni ko‘rdim. “Faqatgina, faqatgina bolasi o‘lmasa bas,Qolganiga ko‘nikadi odamzot”. Shoirning ahdi shunday mardona va qaytmas. Guljamol asqarova ijodi, u yaratgan poetik asarlar hozirgi o'zbek she'riyatida muayyan ahamiyatga molikdir. Shoira ijodida ishq mavzusining ko'p jihatlari teran yoritilishi, sevgi va hijron motivlarining haqqoniy badiiy tadqiq etilishi, tinchlik, tabiat manzaralarining ancha tasirchan tarannum etilishi tahsinga sazovor. Ma'lumki, Guljamol Asqarova tomonidan yaratilgan misralarda realistik tasvir tamoyillari kuchayganligi hamda poetik obrazlar olami kengayganligini ko'rsatadi. O'zbek adabiyotshunosligining dolzarb muammolaridan biri san'atkorning o'ziga xos, betakror badiiy olamini o'rganish bo'lib, bu masalaning teran atroflicha tadqiq qilinishi yozuvchining individual mahoratini ko'rsatishga, uning adabiyotimiz taraqqiyotidagi o'rnini belgilashga xizmat qiladi. Guljamol Asqarovaning poetik fikrlash tarzini jiddiy o'rganish, uning asarlaridagi obraz va obrazlilikning tabiati, xarakterini yana ham to'laroq ochish o'zbek she'riyatidagi katta bir turkum asarlar mohiyatini tushunishga imkon beradi. Guljamol Asqarova she’riyati, poetik timsol yaratish, shoira badiiy olami borasidagi mahoratini O‘zbek adabiyotining yirik vakillaridan Xurshid Davron, Xalima Xudoyberdiyeva,Muhammad Yusuf, Nodir Jonuzoq, filologiya fanlari doktori olim Bahodir Karimovlar alohida ta’kidlaganlar va Guljamol Asqarova ijodga yuksak baho berganlar. Shu bilan birga, Guljamol Asqarova ijodida kuzatiladigan voqelikka yangicha estetik nuqtai nazardan yondashish tamoyillari, insonparvarlik, falsafiylik, obrazli fikrlashdagi o'ziga xosliklar shoiraning novatorlik izlanishlari bilan belgilanishini e'tirof etganlar. Halima Ahmedova she ‘rlarida kuzatiladigan sentimentallik. Pafosning mazkur turiga Mirzaahmad Olimov xuddi shunday tarif bergan va fikrini bir necha misollar vositasida quvvatlaydi: Masalan, gulni ko‘rib, ―Essiz, shunday go‘zal narsa-yu, kuzda ochilibdi-da, erta indin xazon bo‘ladi, deb o‘ylasak , bu—sentimental pafos yoxud ―tole yulduzi shunchalar porloq bo‘lib ko‘ringan uchqur xayolli norasida go‘dak Momin Mirzoning zarra gunohi bo‘lmay turib toj-taxt kurashlari girdobiga g‘arq bo‘lganiga g‘oyibona guvoh bo‘lsak, ko‘zlarimizga yosh qalqsa—bu sentimental pafos. Shoiraning ― “Armon” nomli she’ri shunday boshlanadi: Umr kochalarin kezdim sargardon, Charchagan yolchiday bugun karaxtman. Ayovsiz, beshafqat kuzning qolida Qurib borayotgan holsiz daraxtman. Ko‘rinadiki umr ko‘chalarin sargardon kezayotgan lirik qahramon ―kuzda qurib borayotgan holsiz daraxt‖—beshavqat hayot g‘am- anduhga chulg‘agan uni. Ukasiga bag‘ishlangan bu she’rning ― “Sening ham tushinga kirarmi, aytgin, Onamning qabrida yiglagan yulgun” tarzida tugallanishi sherdagi sentimental kayfiyatni, pafosni yanada bortiradi. Mana yana bir sher: Baxt nima u degan bitta savolga Yarim asrdirki, izlayman javob. Yuragim o‘rniga aksiga olib Xudo solib qoymish bir hovuch azob. Kelganimda edi odam bo‘libmas, Qushmi yo maysami, yomg‘ir bo‘lib gar Yarim asrlik bu ko‘hna savolga Javob topa olgum edi muqarrar. Balki nodonligim pand berdi menga Ko‘ksimdagi azob hech tinch qo‘ymaydi. Meni aldayotgan yillarga boqib, Negadir baxt so‘zin jinim suymaydi. Azobi tinch qo‘ymayotgan, yuragi ham bir hovuch azob bo‘lgan shoirga nisbatan o‘quvchi bir hamdardlik iztirobini chekadi. Bu sentimentallik o‘quvchiga ham ko‘chadi. Halimа Ahmedova sheriyatida dramatik pafos mazmunini o‘zligini boshqa bir ― “men” bilan munosabatda namoyon etuvchi, o‘zgalar nuqtayi nazariga, bazan muhit va unda shakllangan ayrim qadriyatlarga qarshi turgan, boshqa bir ―men‖ bilan ziddiyatnatijasida tugilgan kechinmalar tashkil qiladi: Juda go‘lman, juda befahm Ishonaman, kim nima desa. Hatto daraxt bo‘lishni aytib Aldab qo‘yar kichkina maysa‖. G‘animlardan shikoyatim yo‘q, Do‘stlar meni aldadi yomon. Garchi umid, orzularimni Mehr bilan etganman ehson… Men ham endi anoyi emas Hayot meni aldama sen ham: O‘sha kunga yetub borguncha Olmaysan, deb, Avval ich qasam. Halima Ahmedovaning “Quyoshli xotiralar” nomli badiasini mutola qilish jarayonida Omon Muxtor, Normurod Narzullayev, Shuhrat domla kabi inson siymosidagi, botinidagi mavjud, kamtarinlik, insoniylik, ulug‘vor ruhni korib, beixtiyor bu yolg‘onga to‘la dunyoda ham shunday yaxshi bo‘lmoq mumkin ekanda degan hayrat idrokimizni band etadi. Bu tuyg‘u pafos ilmida qahramonlik pafosi deb ataladi. Qahramonlik pafosi odatda biror buyuk jasorat namoyon qilgan obrazlarga (masalan, Alpomish, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi) nisbatan mehr-muhabbatimiz tasirida vujudga keladi. Biroq eng katta jasorat, eng kata pahlavonlik insonning o‘zini yengishi ekanini inobatga olsak, yuqoridagi insonlar shaxsiyatidagi fazilatlar tufayli bizda paydo bolgan hisning, olqishning bejiz emasligini anglaymiz. Umuman, sher bu inson ichki olamining rango-rang tasviri ekan va bir soniyaning o‘zida goh qayg‘uli, goh sevinchga yo‘g‘rilgan hislarni boshdan kechirar ekanmiz, bu narsani sherda ham o‘z aksini topishi tabiiy: boshlanishida bizga lirik kayfiyat bagishlab turgan sher yakuniga borib sentimentallik uygotishi yoxud sentimental kayfiyat dramatik pafosga ham aylanib ketishi mumkin. Guljamol Asqarova she'riyati hissiy ta'sirchanligi, tuyg'ulari rozining originalligi, mushohada va ifoda tarzining o'ziga xosligi bilan betakrordir. Ayniqsa, ijodining umumbashariyligi va zamonaviyligini, insoniylikning bosh mezoni darajasiga ko'tarilganligini kashf etish hamon dolzarbdir.Ta'kidlash joizki hozirgi paytda muayyan shoir she'riarining alohida o'ziga xosligini o'гganish bilan bog'liq qator muammolar va ularning natijalari bugunga qadar yaxlit holda umumlashtirilmaganligi ko'zga tashlanmoqda. Bundan tashqari, Guljamol Asqarova badiiy olami tur spetsifikasi - lirik asar dunyosi nuqtai nazaridan adabiy-nazariy jarayon sifatida yaxlitlashtirilgan. Zebo Mirzoning mazkur misralariga quloq tutsak. Senga bag‘ishlayman kechalarimni, Kunlarimni senga beraman… Huzuringda bo‘lmoqlik uchun Osmonlardan yurib kelaman. Ayol kishi dunyoda sevilishga munosib bo'lgan go'zal xilqat. Uni sevishning, ardoqlashning o'zi kifoya. Har ne baloga qalqon bo'ladi. Siz uni sevganingiz, ardoqlaganingiz uchun tangridan sizga tun-u, kun umr tilaydi. Donishmandlardan biri: "Shoirlar- iztirob tomonidan millionlab odamlar orasidan tanlangan qullardir",- degan edi. Chindan ham ijod ahli ko'ngli nozik, qalbi g'am-g'ussani, armonni jon-tani bilan his qiladigan insonlar. Ayol ko'z yoshi ijodkor she'rlarining asosiy obrazi hisoblanadi. Ko'z yoshlar - lirik qahramon tafakkur to'lqinlarining, fikrga cho'mgan tuyg'ularining oniy bir lahzasi. Ya'ni, ayol kechinmalarning ma'nosini ifodalayotgan vosita. Bilaman men uning tengi emasdim, Lekin sevdim yoniq muhabbat bilan. Hijron tunlarida bor edi qasdim, Men uni o‘qidim yoniq dard bilan. Ayol dardni yig'lab yengadi. Og'ir damda dildagi g'uborlarni yuvadi go'yo. Derazani chertib yomg’irlar o‘tdi, Kechagina bizlar qoldirgan izdan. Parishon bog‘larni tumanlar yutdi, Sevgilim ne kechdi xayolingizdan. Bir go ‘zal ishq edi bizning sevgimiz, Yorug‘ lahzalarning ovozi tindi. Qo‘shilib kelganda xazonlar seli, Sevgilim kim bilan yig‘laysiz endi Lirik qahramon ko'z yoshdan o'ziga taskin izlaydi. Ayol ko'zi nimadan yoshlanadi albatta, sog'inchdan, alamdan, azobdan, armondan. Tuni bilan qiynaldi yurak, Yeta olmay nur yo‘llariga. Isming qo‘ndi kapalak kabi, Goh tushimga, goh qo‘llarimga. Ayriliqning achchiq zahrini totgan ayol dardlari ifodasi bo'lgan bu she'rda lirik qahramon iztiroblari o'ta dardchil ruhda ifoda etilgan. Uni ishqdan judo qilganlarning ko'ngli shod, tog' qadar yuksak. Ular dilga sololgan armon ayol ko'z yoshlarini artib unga taskin beradi. She'rda armon kapalakka qiyoslanadi. Bu esa shoiraning yana bir poetik topilmasidir. Sen kelmading biroq bu gal ham, Men kunning qon yuziga boqib. G‘ijimlanib otilgan xatday, Yuragimni yubordim yoqib. Uzoq ko'z yosh to'kkan lirik qahramon oqibat bariga chek qo'yadi. Misralarda ayol qat'iyati ifodalanadi. Shoira she'rlaridagi ko'z yoshlar ana shu taxlit ma'nolar bilan ramzga aylangan. Zebo Mirzo she'rlari hech kimda takrorlanmas misralarga boy, sermazmun she'rlardir, ayniqsa, ishq-muhabbat, visol, sog'inch iztirobi tarannum qilingan she'rlarni o'qigan kitobxon qayta-qayta o'qiydi. Quyidagi eng yoqtirgan she'rlarimdan bir baytini tahlilga tortsak. Endi ko'z yoshlarini osmonga topshirgan lirik qahramon mag'rur, ishqqa bo'yin egmas qahramonga aylanadi, sababi qiyinchiliklar insonni kuchli qiladi: Yillar o ‘tdi yillar men emas, Men qolganman o‘sha lahzada. Nigohingiz yalt etib tushgan, So‘ng yo‘qolgan mangu larzada. Qo‘lingizga tutsa ham Olloh, Yuragimga chiqmaysiz ega. Siz sevilib baxtlisiz biroq, Men baxtiyor emasman nega Bu misralarda mag'rur mashuqaning qiyofasi shunday mahorat bilan chizilganki, unga endi oshiq sevsa ham, sevmasa ham farqi yo'q, chunki u sog'ina,sog'ina, sog'inmay qo'ygan, muhabbat neligin unutgan, o'zni butunicha qismatga tutgan qahramondir. Xulosa; Zebo mirzo ijod poetikasiga murojaat etishlaridagi o'ziga xosliklar, shartli romantik tasvir usullaridan dadil foydalanishlari tahsinga loyiq. Hayot bizga berilgan eng bebaho ne'matdir, uning har lahzasini behuda o'tkazmaslik, har bir daqiqasidan unumli foydalanish va bu tiriklikning qadriga yetib shukronalik keltirish har bir inson uchun muhimdir.Lirik qahramon shu fikrni oddiy, sodda poetik ifoda orqali tasvirlagan. O'sha "kerak nimadir", nazarimizda, ilohiy ne'mat - badiiy kashf etish salohiyatidir. Bu salohiyat sohibalaridan biri Zebo Mirzo ham insonlarga she'riyatning ana shu sirlari qatlaridagi farahbaxsh ezgulik va go'zallikni ulashayotgan shoiralaradan sanaladi. Shoira ijtimoiy hayotning muayyan tomonini poetik tadqiq qilar ekan, u inson qalbida kechayotgan ziddiyatlar, tuyg'ular talashini ifodalashni ibordan soqit qilmaydi. Inson ruhiy qudratini rang-barang ko'rinish va vaziyatlarda kashf etish, shu orqali uning yaratuvchilik, bunyodkorlik hamda borliqdagi barcha sodir bo'lgan, bo'layotgan voqealarga mas'uldorlik hissini ulug'ladi. Download 0.51 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling