O`zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi
Ayol shoiralar asarlarida ishq-muhabbat mavzusining aks etishi
Download 0.51 Mb.
|
Zumrad dissertatsiya 1
1.2. Ayol shoiralar asarlarida ishq-muhabbat mavzusining aks etishi
Sharq she’riyatida ishq-muhabbat mavzusi yetakchi o‘rin tutadi. Zohiran ishqiy mavzuda yozilgandek ko‘ringani bilan tasavvufiy mazmunga ega she’rlar ham bir talay. Ulug‘ o‘zanlar bo‘lmaganida, ular bugungi she’riyatimizga ko‘prik vazifasini o‘tamaganlarida bugungi kun adabiyotini tasavvur qila olarmidik? Albatta yo‘q. Shunday ekan ayol shoiralar she’riyatining tub ildizidan, azm cho‘qqisiga qadar bir qur nazar tashlaymiz. Nafaqat bugun, balki o‘tgan asrimizning mumtoz she’riyatida ham ayollar orasidan buyuk davlat arboblari, yetuk vatanparvarlar, mashhur olimalar bilan bir qatorda so‘z san’atining g‘urur-u iftixori sanalgan shoiralarimiz ham borligi, har bir ayolga o‘zgacha g‘urur-iftixor bahsh etadi. O‘zbek mumtoz she’riyatining mashhur shoiralari Zebuniso, Uvaysiy, Nodira, Mahzunalar shular jumlasidandir. Ular ko’z o’ngimizda matonat va jasorat timsoli bo’lib gavdalanadi. Zebunisoning g‘azal va ruboiylari sevgi lirikasining yorqin na’munasidir. Uning har bir misrasida abadiy xijron va firoqning shiddatli to‘lqinlari, jafokor yorning sitamlari namoyon bo’ladi. “Mashohir nisvon” (Mashur ayollar) kitobida aytilishicha, Zebuniso bir yigitga yashirin ko‘ngil qo‘ygan bo‘lib, ming afsuski u yigit yoshligida o‘ldirilgan. Bunga Zebunisoning afsus nadomatlar bilan bitilgan quyidagi misralarini yaqqol misol qilib keltirsak bo‘ladi. Yuz bahor oxiri bo‘lib, har chakkadan joy oldi gul, Hayfdir-bizning gulimiz zebi dastor o‘lmasa. Har matoga bor xaridor, husnning bozorida, Ne uchun Zebuniso qarib, xaridor o‘lmasa?5 Boshqa shoiralardan farqli o‘laroq, Uvaysiy lirikasida ishq, hijron dardi, yor-mahbubdan tashqari, Yaratganga muhabbat yoki o‘g‘lidan judolik bilan bog‘liq. Ayniqa (Alloh, yor,) ko‘yida yozilgan she’rlarini ko‘zdan kechirsak. “Uvaysiyman” radifli g‘azalida yaratganga intiqlik bilan intilayotgan solih banda, Payg‘ambar Alayhissalomga oshiq ummat, haq yo‘lida pir-u ustozlarga muhabbatli shogird sifatida tuyg‘ularini izhor etadi: To ko‘rib xarobotin ta’na etma ey zohid, Bir nafas emas xoli iqtido Uvaysiyman… Faqir borgohiga qo‘ysa gar qadam har kim Bosh agar kerak bo‘lsa, jon fido Uvaysiyman6. Bugina emas, Uvaysiyning yoriga bo‘lgan sevgisi, muhabbat lirikasiga oid baytlari ham sodda, ravon, ohangdor. So‘zlar bag‘riga singgan ishq va hijron yorqin aks etadi, o‘quvchini o‘ziga mahliyo etadi. Nodira har on vafoni kuylagan shoira. Jafokash taqdir yosh shoirani sevikli yori, ustozi – Amiriy (Umarxondan) ayirdi. Lekin Nodira umri poyonigacha yoriga sadoqat aylab, g‘am-g‘ussa, hijronu firoqlarga to‘la g‘azallarida Umarxonga abadiy sadoqatini kuylaganini kuzatamiz. Umr yo‘ldoshini beqiyos qadrlab, uning bilan o‘tgan har lahzani ulug‘ davlat bilgan va shodligu baxtni kuylagan shoira g‘azaliyotini Umarxon vafotidan keyin motam, hajr, firoq, hijron iztiroblari va alamlari egalladi. “Oqibat” radifli g‘azalida yor vaslidan ayro ko‘ngil, visoldan mosuvo qalbning ohu fig‘onlari quydagi tarzda aks etadi: Vasl uyin obod qildim, buzdi hijron oqibat, Seli g‘amdin bu imorat bo‘ldi vayron oqibat7. Faqat bu emas, ushbu davrda yaratilgan har bir g‘azalu, muxammas, tarjebandlari, “Firoqnoma”sidagi ruhiy ezilish, abadiy yorga intizorlik, uni qo‘msash, tanholik va judolikdan nola sadolari har bir ko‘ngilga qandaydir mungli, vazmin ta’sir etadi: Menki qoldim hajr vayronida besomon bo‘lub, Yor kelmas kulbayi ehzonima mehmon bo‘lub. Dasht-u sahrodin so‘rog‘ingni topolmay dard ila, Aylanib keldim yana g‘am uyiga hayron bo‘lub. Sharbati la’ling xumori birla chandon yig‘ladim Qatra-qatra ko‘zlarimdin oqdi bag‘rim qon bo‘lub8. Bunday mungli va alamli, qalbimizni iztirobga soladigan she’rlarni o‘qiganda qalbimizdan, ich-ichimizdan, ayol qalbimiz bilan Nodira dardini his etamiz, uni tushinamiz, yuragimizda shoiraga nisbatan cheksiz hurmat-ehtirom, ila tuyg‘ular jo‘sh uradi. Nodira va uning fojeali hayoti, taqdiri haqida gap ketganda beihtiyor Zulfiyaxonim ham ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Negaki, har ikkala shoiralar hayotida ham taqdir chizgilari bir xil: biri o‘ttiz, yana bir yigirma to‘qqiz yoshida umr yo‘ldoshidan, hammaslak do‘stidan, ijoddagi rahnamosidan, ko’ngillariga ishq urug’larini socha bilgan oshiqlaridan ayriladilar. Bu hajr, bu hijron, bu ayriliq tabiiy ravishda har ikkala shoirani munis va mahzun, qayg’uli satrlar bitishga majbur etadi. Yuqorida g‘amxo‘r ustozi deb aynan keltirmaganimizning sababi bor. Nodirabegim va Zulfiyaxonimning umr yo‘ldoshlari faqatgina sevikli yor bo‘lib qolmasdan, ularning xatolarini tuzatadigan, kamchiliklarini to‘ldiradigan, ijodiyotida yangiliklar yaratishga undagan, “ilhom parilari” ham bo’lishganini aynan shoiralarning iqrorlarida, iqrorga yo’g’rilgan satrlarida kuzatamiz. Buni shoiralar ham o‘z tarjimai hollarida qayd etishgan. Shoiralarning iqrorlarida Amir Umarxon va Hamid Olimjon shoiralar uchun faqat sevimli yori emas, she’riyatda g‘amxo‘r, mehribon ustoz ham ekanliklari ma’lum bo‘ldi. Demak, Nodirabegimni mashhur shoira drajasiga yetkazgan, “Nodirayi davron” nomi ila dong taratishiga sabab bo‘lgan ustozi- Amir Umarxon edi. Zulfiyaxonimning ham XX asr o‘zbek she’riyatining yorqin vakilasi bo‘lib yetishishi, “Zulfiyaxonim” bo‘lib butun dunyoga ovoza bo‘lishiga dahldor bo‘lgan inson ham-Hamid Olimjondir. Zulfiyaxonim lirikasiga nazar solganimizda chin muhabbatga loyiq insonning pok sevgisi va abadiy sadoqatini his etamiz. Zulfiyaxonim boshqalarga o‘xshagan oddiy ayol emas. Taqdir bir qo‘li bilan unga chin muhabbat in’om etgan bo‘lsa, o‘z navbatida ikkinchi qo‘li bilan buyuk iroda va sadoqat tuhfa qildi. Shu sababdanmi Zulfiyaxonim ayollarning bor dardini qalamga ola bildi, ijod qilganda ham to’lqinlanib, mavj urib ijod qildi. Olov kabi yonib ijod qildi. Ayrim ijodkorlarga o‘xshab bir maromda emas, gulxan kabi lovullab yondi. O‘sha gulxanning lovullab yonishiga sabab bo‘layotgan, toboro olovlantirayotgan narsa otashin ishq, hijron dardi bo‘ladi. Aynan o‘sha ishq shoiraning olovli qalbidan otilib chiqayotgan o‘tli so‘zlar edi. Ha, Zulfiyaxonim she’rlarining har bir satri shoira qalbidagi gulxanning uchqunlaridir. Shoira bor dardini yashirib o‘zini qanchalik bahtiyor ko‘rsatishga urinmasin, baribir ishq va hijron azobi, dardi uni tinch qo‘ymaydi: Lekin qolganimda qalbim-la tanho, Tuyg‘ular zoriga solganda quloq. O‘zni zaif, chanqoq sezganda goho, Alamdan beraman javobsiz so‘roq: Nega tiriklikda tashlab ketmading9? She’ring butun mazmunini, shoiraning dardini band oxiridagi birgina “Nega tiriklikda tashlab ketmading? misrasi ifodalamoqda. Uning jasorati shu yerda namoyon bo’ladiki, shoira yorining o‘limidan ko‘ra hayotlik chog‘larida tashlab ketishni afzal ko‘rmoqda. Bunday olib qaraganda, “tashlab ketish” ham qanchalar og‘ir…Har bir ayolni, qolaversa har qanday insonni ham iztirobga soladigan nihoyatda og’ir bir holat. Lekin shoira abadiy ayriliqdan ko‘ra o‘sha “alamli holatga ham rozi edi. Hayotda men uchun qolarding tirik, Qalaming mujdasin kutardim mushtoq. Ma’yus taqdiringga yashab men sherik, Mushkul bo‘layotir shodlik yaratmoq.10 Sevgan insoning qalbida “Sen” yashashing, unda faqat “sen” ing isming borligini bilib yashash qanday baxt. Yana o‘sha baxtning, muhabbatning dunyoning qaysidir joyida nafas olayotganini sezib yashash ham gohida sen uchun kifoyalik qilar ekan. To‘g‘ri-da, u bilan birga bo‘lmasang ham, qalbingning tub-tubida bir kunmas, bir kun uni ko‘rish umidi pinhon yashaydi. Ba’zi hollarda shu mitti umidning o‘zi ham insonga hayot bag‘ishlaydi, ishonch bag’ishlaydi, umid bag’ishlaydi. Ammo taqdir Zulfiyaxonimga shunday baxtni ham ravo ko‘rmadi: Yana yilday uzun bo‘ldi tun, Ko‘zlarimga kelmadi uyqu. Turli xayol chulg‘ab o‘yimni, O‘tday yoqdi boshimni parquv11. Yana o‘sha dard, o‘sha xotira, o‘sha hijron. Eng achinarlisi bu dardlar har kun, har vaqt- uzun tun chog‘i, do‘stlar davrasida, tabiat manzarasi, farzandlar kulgusida she’r mashqi chog‘larida ham shoirani bir lahza tinch qo‘ymaydi, har daqiqa ta’qib etadi. Shoiarning “Yupatolmas kitob va qalam, misralarim ko‘tarar nolish” deya faryod qilganida har qanday odamning ham ko‘nglini vayron qilib, yig‘latmasdan qo‘ymaydi. Har qaysi shoira ishq, muhabbat mavzusini qalamga olganida ham xotiralariga yo‘g‘rilgan misralari bilan baribir sof muhabbatni tarannum etganlar, hayotni, ezgulikni sevishga, qiyinchiliklarga qarshi tura olishga o‘rgatganlar. Ular kuylagan muhabbat, ularning hayoti va taqdiri barchaga ibratdir. Saida Zunnunova, Halima Xudoyberdiyevaning she’rlarida ham ishq va muhabbatning rang-barang, hech kimnikiga o‘xshamaydigan, shoiraning o‘zigagina xos bo‘lgan manzaralarni guvohi bo‘lamiz. O‘zbek adabiyotida, o‘zbek she’riyatida o‘zlarining munosib o‘rniga ega bo‘lgan shoiralarimizdan har tomonlama ibrat olsak arziydi. Zamonaviy o‘zbek she’riyatimizda qalam tebratib kelayotgan shoiralarimiz safi bir talay. Har birining o‘z ovozi, o‘z aytar so‘zi bor. Bironta shoira yo‘qki, ishq-muhabbatni tarannum qilmagan bo‘lsa. Halima Ahmedovaning o‘nga yaqin kitoblari nashr etilgan. Uning har bir yangi kitobini ilk sahifasini ochib o‘qishingiz bilanoq yangi timsollar, yangi ifodalar topasiz. Mutolaadan ko‘nglingiz yorishadi. Birgina “Shafaq ibodati” she’riy to‘plamiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u “Shodlik” sarlavhali she’r bilan boshlanib, hijronu armon haqidagi she’r bilan yakunlanadi. Mundarijasi munchoqdek tizimli, kitobdagi har bir she’r duru marjondek jilolanadi. Halima Ahmedova so‘zlarining tovlanishi tasavvuringizni boyitadi, o‘ylantiradi, xayolga toldiradi. Qonimning mavjida eshitilayotgan, Ishqning qadamimi hayot tuyg‘usi12. Shoira tomir urishini ishqning qadam tovushlariga o‘xshatadi. “Ishqning qadami” yangicha ibora. Ushbu she’rda hayotga muhabbat tasvirlangan. Ayni paytda ishq, muhabbat inson hayotidagi eng katta shodlikdir degan fikr ham aytilgan. Halima Ahmedovaning lirik qahramoni ko‘nglidagi ilohiy nigoh bilan olam shevalariga, atrof-tevaragida kechayotgan voqelik jarayonlariga, odamlar fe’l-atvoriga nazar tashlaydi, estetik baholaydi. Falsafiy mazmunning turfa holat va ko‘rinishlarda jilvalanishi asosi shundan. Ya’ni ma’naviy-ahloqiy qadriyatlarni ko‘rish, anglash, mohiyatini tushintirish ustuvor. Bu borada haqiqat tuyg‘usi ilohiy nigohning tajallisi sifatida zohir topadi. Tun suyandi yuragimning devorlariga, Ko‘zlarida yondi nogoh men anglamas sir. Qop-qora dev panjasida qolgan odamday, Ne uchundir o‘z jonimdan oldim havotir13. She’r-Alloh ishqining ko‘ngilga singishi, unishi asnolarini jonlantirishga bag‘ishlangan. Yuragida emaklagan nomsiz qayg‘u uni hadik-havotirga solgan. Buning boisi bor. Negaki, shamol chiriyotgan olma bo‘yini sochayotir. Zulmat bosgan kengliklar-ijtimoiy muhitni anglatarkan, chiriyotgan olma faryodi-Yaratgan mehridan mosuvo dillarga ishora. Lirik qahramon joni sayyod qo‘lidagi zanjirband ohu singari tipirchilashining boisi ayon. Bolaligida ko‘ngliga ekilgan ishqning avjlanmagani, daryomonand mavjlanmaganidir. Zero, u telba bulutlarni uyg‘otishga qodir: bu dunyoga sig‘maydigan devonavor otash Arsh ostonasini o‘pishga chog‘lnagan, osmonlarga otilgan shu’la monand. Lirik qahramon ko‘nglidagi ishq alangasini ko‘z-ko‘z qilgisi yo‘q. U borliq va yo‘qlik orasidagi ojiz bir banda. Unda birgina taskin bor. (O, ishq mening borligimdan hanuz behabar). Illo, Rabbim bilmasa agar, ko‘ngli ichra bosh ko‘targan suronni anglatishga shahdi yetmaydi. Aksar shoirlar inson tiynati va tabiatini, voqelik xossalarini qanday ko‘rsa, shu taqlidda jonlantirishga moyil. Halima Ahmedovaning badiiy idroki, estetik ifoda prinsplari o‘zgacha. Chunonchi, shoira she’rlarida teran fikr, tuyg‘ular zamiridan sizib chiqadi. Uning joziba kuchi shundaki, tuyg‘ular haqiqatning falsafiy ma’nolarini fikrga cho'mgan kechinmalarni sur’atlantiradi. Ya’ni, mazmun ramzlar tilga ko‘chadi. Amir Temurdek buyuk sarkardani va Husrav Dehlaviy, Mirzo Bedil, Mirzo G‘olib kabi buyuk ajdodlarimizni, Nurboy Jobborov, Uzoq Jo‘raqulov singari adabiyotshunos ustozlarimizni, o‘zbek adabiyoti rivojiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan Chori Avaz, Nazar Eshonqul, Luqmon Bo‘rixon, Rustam Musurmon, Salim Ashur singari shoir va yozuvchilarni dunyoga yetkazib bergan, Qashqadaryodek muqaddas tuproqda tug‘ilib o‘sgan benazir iste’dod sohibasi Zebo Mirzoning quyidagi she’riga nazar solsak. Otashman, dengizman, samoman, nurman, Jism-u jahoningni o‘rayveraman. Ayt qanday topasan qochmoqqa imkon? Men seni Xudodan so‘rayveraman14. Ko‘ngil yo‘li- toza, nurli va sharafli yo‘l. Uning orzulari eng umidli orzulardir. Chunki ko‘ngil- ma’naviy-ruhiy hayot tamali. Lekin inson ko‘ngil nomi bilan goho turli xato va adashishlarga yo‘l qo‘yadi. Ko‘ngil amridan havou havas zavqini farqlay olmaydi. Ammo shoiraning devona ko‘ngli- bu boshqa ko‘ngil. U ishq quvvati va shiddatidan parchalangan. Ko‘ngilning istak-xohishiga bo‘ysunganlar odatda boshqalarning fikr-mulohazalari bilan hisoblashmaslikka moyil bo‘ladilar. Eshitishga emas, ko‘proq so‘zlashga, iqror bo‘lishga emas, ko‘proq inkor etishga urinadilar. Inson borki, sevgi va muhabbat ham yashayveradi. Bir-biridan ayro baxtlar ham baxtsizdir. Zebo Mirzoning mazkur she’rida aynan shu manzarani guvohi bo‘lamiz. Faqat sev va meni kutgil sen, Axir bekor ishqsiz toju taxt. Sensiz baxtni topolmayman men, Sensiz meni topolmaydi baxt15. Ishq va oshiqlik tarixi juda qadimiydir. Ishq dastlab ya’ni koinot yaratilgan paytdayoq o‘zini namoyon etgan. Borliqni bor aylagan shu ishq edi. Unga ilk quvvat deyilgan. Bu quvvat jonli va jonsiz mavjudot xalqlaridan o‘tib, insonga yetgach aynan unda o‘zini tanib olamshumul shuur kasb etgan. Ishq sir-asrorini to‘liq kashf etib bo‘lmaganidek, dunyoda ishq saltanatiga teng keladigan saltanat ham yo‘qdir. Alloh taolo o‘z bandalariga har qanday dard yuborganida, uning davosini ham bermog‘i muqarrar. Inson o‘zining ichki olamini chuqur bilmagani bois o‘zligi bilan yuzlashishdan qo‘rqadi va hayotning har bir bosqichida o‘zligidan qochadi. Chinakam iztirob bizdan yashiringan < Men qushlar ko‘zida erigan sasman, Meni tushinmagan buyuk muslimsiz. Men ishqqa to‘ymagan otashparastman, Meni tashlab keting…siz…siz16 Halima Ahmedova lirikasida haq ishqi adolatning beqiyos, benazir, buyuk timsoli sifatida poetik tadqiq etiladi. Lirik qahramon dilidagi haq ishqining cheksizligiga ishonadi. U o‘zini anglash orqali ko‘nglining tub-tubida ko‘kargan, gullayotgan ishonchni taniyotir. Shoira haqiqatning buyuk timsolini talqin qilarkan, ilohiylik, iroda erki, ruh erkinligi bilan bog‘liq holda anglashiladi. Guljamol Asqarovaning nolalari iztiroblidir. Mardona turishlari ham, chappar urib kuyinishlari ham, so‘zlarni chertib, jaranglatib o‘ynatadi. Shoiraning bo‘g‘zi bulbulmakon. U his tuyg‘ularini shunchaki ifodalamaydi, sog‘indim demaydi, “ko‘zimga qayting” deydi. Sensiz bu dunyoda nima qilaman demaydi, “ko‘zlaringizda o‘lay” deb o‘zgacha aytadi. Baxtsizman demaydi, “Baxt bozordan bir bozorlik qilmadim” deya chiroylidan-da chiroyli aytadi. “Senga bollar yasab beray zahrimdan” deya g‘aroyib aytadi. “Axir havasimni keltirar mudom, hech kimga suyanmay yuksalgan tog‘lar” deya mag‘rur turgan bir paytida “…boshimni ostonangga ko‘mib qo‘ysinlar dedim”, “…boshing yor oyog‘inda omon bo‘lar deydilar” deb boshini yorning poyiga qurbonlikka qo‘yadi. Guljamol Asqarovaning kelishlari Mashrabona, aytishlari darveshona: Muhabbatlar uchun osingiz! So‘ng nafratlar uchun osingiz! Kuygan mohlar uchun osingiz! Jaru chohlar uchun osingiz! Bori ohlar uchun osingiz! Bor gunohlar uchun osingiz! U eng halol qurbonlar bo‘lar Yuragidan bo‘lak aybi yo‘q, Guljamolni…dorga…tortingiz!!!17 Degan aytishlarida sarsari ruh bor. Shoiraning yuragi unga Xudo bergan yukning zalvorini bilib turibdi, juda yaxshi bilib turibdi va shu bois o‘zi o‘ziga sig‘may turibdi. Parvonaman, netay jonim shamdadur, Sendan ayrilmog‘im har bir damdadur. Tangrim! Ne balolig‘ qismatga qo‘yding, O‘zi dildordayu ishqi mandadur18. Guljamol Asqarova she’riyatidagi ishqparastlik, otashparastlik tuyg‘ularning rang-barang su’ratlari kitobxonni o‘ziga rom qilmasdan qo‘ymaydi. Oshiqlik favqulodda samimiyat, to‘g‘rilik, sidq va ochiqlikni talab qiladi. Oshiq ko‘ngliga yo‘l topishning birdan-bir chorasi -oshiqlik. Zebo Mirzoning she’rlarida chinakam umuminsoniy bir dard bor, uning nazmida shoiraning dil og‘riqlari sirqirab turadi. Shoiraning qalbidagi muhabbat olovining alangasi qanchalik kuchli ekanligiga quloq tutamiz: Menku o‘lib bo‘ldim, shudir ishq rasmi, Ammo siz g‘amlaraga chidaysiz qandoq? Sevgilim, sevgilim, og‘ir emasmi Bir go‘zal sevgini topib, yo‘qotmoq? …Sevgilim kim bilan yig‘laysiz endi?... She’r yozish azobdan qutilish, demak. Qalbidagi g‘am-g‘ussa va iztirobni shoir she’r vositasida daf etadi. Aql va fikr sohibi hayotdagi har bir voqea, hodisa yoki holatdan tegishli xulosa chiqaradi. Ishq-muhabbat daryosiga g‘arq bo‘lishni olaylik. Bu - oshiqlar uchun sharaf. Zero hamma ham bunday ishga jur’at etolmaydi. Zebo Mirzoning “Ishq” nomli she’riy kitobidan olingan mazkur misralarga quloq tutaylik: Yuragimga yurib kirasiz Yuragimdan ketasiz chiqib… Nafasim yetmaydi qoling demoqqa Ruhim devorini o‘tasiz yiqib. Bor-yo‘g‘i-yurakman Mahtal bir ishqqa. Barcha gunohingiz keladi ichgim. Sochilib ketaman sizsiz bo‘shliqqa Meni
Olmaydi Hech kim!...19 Kitobni varaqlar ekansiz, ishqning betakror manzaralari, ayol qalbining yoniq harorati aks etganini guvohi bo‘lasiz. O‘tmishda oriflardan biri: ko‘ngil bo‘lmasa, ishq qayerni vatan aylar? Ishq bo‘lmasa ko‘ngil nima ishga yarar?>> degan ekan. Shuning uchun ko‘ngil hayotini ishqsiz, ishq kamolini ko‘ngilsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bular bir-biriga shu qadar yaqin, hamnafas va hamqadam. Faqat ishq- hokim, ko‘ngil-tobelikka mahkum, ishq -o‘t- alanga yoqar, ko‘ngil shu olovda yonar. Shoiraning tolei shu:yonish, lekin kulga aylanmaslik, dard, alam va hasrat otashida tinimsiz toblanish va zavq-shavqdan tonmaslikdir. Nafis va go‘zal ilohiy his-tuyg‘ular egasi Halima Ahmedova-mohir she’r musavviri, keng idrok sohibasidir. Ko‘zimizga maftunkor va jozibali bo‘lib ko‘rinadigan bu hayot yo‘li, aslida, o‘ta mashaqqatli va sinovlidir. U yashash evaziga o‘zidagi barcha tiriklikdan katta narsa, yani fidolik talab qiladi. Halima Ahmedova betakror shoira, betakror nosir, betakror inson, betakror bandaki, u-o‘zidan kechib, o‘zini topgan va haqiqatga o‘zini bergan, doim qalbi va vijdoni bilan qadrdondir. Qaysidir ma’noda u - hozirgi zamon orifiga o‘xshaydi. Halima Ahmedova ijodida tasavvuf adbiyotidan ilhomlanish juda kuchli. Bizni o‘rab turgan butun dunyo, borliqning tirikligini bari inson bilan bog‘liq ekanligini, qolaversa, bu olamning egasi –yaratuvchisi borligini baralla aytmoqchi, kimlargadir ayon qilishga intiladi va o‘z she’rlarida hayotni o‘zgacha bir ranglar orqali mahorat bilan shunday tasvirlab beradiki, mutolaa qilgan har bir adabiyot muhlisi unga maftun bo‘ladi. Samoga aylanib bormoqda qalbim, Bunchalar yaqinsan, ey olis yorim. Bolamning ko‘z yoshi, kulgisi haqqi, Senga tiz cho‘kaman, Parvardigorim…20 Aytaylik she’rni o‘qib ta’sirlanmasangiz, qo‘shiqni eshitib o‘ynamasangiz, kitobni o‘qib yig‘lamasangiz, u nimaga kerak? Demak, u-she’r emas. Demak, u-qo‘shiq emas. Demak, u-kitob emas. Unda siz ham hech narsa qilmagan bo‘lasiz. Halima Ahmedovaning she’rlari kitobxonni yig‘latadi, kuldiradi, o‘ynatadi, o‘ylatadi. Haqiqiy ijod na’munasi ham aynan shunday bo‘ladi. Bizning zamonamizda yashab, ijod qilayotgan Halima Ahmedova boshqalardan farqli ravishda oddiygina ko‘rinadi, ammo uning qalbiga botirib yozadigan siyohidan to‘kilgan sohir mujdalar shoiraning his-tuyg‘ularini ko‘ra olganlar, uning naqadar keng va chuqur tafakkur, pokiza qalb egasi, so‘z ustasi ekaniga amin bo‘lamiz. Zebo Mirzo umr bo‘yi bitta she’rni-“Ishq” sarlavhali she’rni yozayotganday go‘yo. Har bir she’r oldingi she’rning davomiday tuyilaveradi, uni to‘ldirib, yanada kuchliroq nur taratishga quvvat beradi…Ming yillik muhabbat shoiraning yuragida yangilanadi, uning ko‘ngil mulkiga aylanadi. Keldimi deb sendan xabarlar, Eshiklarni necha bor ochdim. Daydi shamol bebosh boladay, Derazamni sindirib qochdi21. Dardu g‘am, hasratu anduh, g‘ussayu iztirobni Zebo Mirzo she’riyatining jon tomiri, desa xato bo‘lmaydi. Ammo, ko‘ngillarni nurlantirib, his-tuyg‘ularni yangilab bergan dard-ishq va muhabbat dardi, ayriliq va hijron alamidir. Guljamol Asqarovaning mazkur she’rida, umuman she’riyatida taassurot tasavvurga, tasavvur taassurotga yo‘l ochib, bir-birini qo‘llab-quvvatlayotganday nazarimda. O‘z vaqtida tasvirlanmagan taassurotni tasavvur zaminida tiklash mumkin bo‘lganidek, tasavvurda saqlanib qolgan taassurotdan asar yaratish mumkin ekanini qayta-qayta guvohi bo‘lyapman. Endi tamom dedim, Alvido dedim, Keting. Bas haqqim yo‘q, Mening ozorim Xayrlashmoq uchun ming bor qaytaman Nega ketmayapsiz, telbai zorim22?! Oshiq ko‘ngli-xolis ko‘ngil. Xolisligi shundaki, unda ishqdan o‘zga biron narsa o‘rin topmaydi. Chunki oshiqning boyligi ham, davlati ham, saltanati ham ishqdir. Qalbingizdan haydamang meni, Shundoq ham ko‘p chekdim ozorlar. Bilib qo‘ying, har narsa sotar, Lek mehrimni sotmas bozorlar…23 Guljamol Asqarova mazkur she’rda ko‘ringan narsani, ko‘ngilga yoqqan har qanday buyumni harid qilish mumkin, ammo mehrni, muhabbatni sotib olib bo‘lmaydi demoqchi. Ishq yo‘li-ranju azoblari ko‘p va bag‘oyat mashaqqatli yo‘l. Bu yo‘lga kirgan yo kirishni istaganlar qancha ko‘p bo‘lmasin, asosiy maqsad ishq manzilini ishg‘ol etganlar juda oz. Ishqning dardu alamini boshidan kechirmagan kimsa uni na taniydi, na sevadi. Download 0.51 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling