O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o`zbek adabiyoti tarixi
– asosiy savol bo’yicha o’qituvchi maqsadi
Download 1.1 Mb.
|
portal.guldu.uz-O`quv-uslubiy majmua
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2 – asosiy savolning bayoni
2 – asosiy savol bo’yicha o’qituvchi maqsadi:
1. Talabalarga Nodira lirikasi haqida ma’lumot berish. 2. Nodira g’azallarini tahlil qilishni tushuntirish. Identiv o’quv maqsadlari: 1. Nodira lirikasi haqida ma’lumot bera oladi. 2. Nodira g’azallarini tahlil qila oladi. 3. Nodira g’azallaridagi hijron ohanglari sabablarini to’g’ri izohlaydi. 2 – asosiy savolning bayoni: Nodira she’riyati qizg’in va hayajonli, boy va mazmundor, ayni paytda fojilar bilan to’la hayotining o’ziga xos sharhlaridan iborat. Bu she’riyatning bosh mavzui ishqdir. Uning har bir satridan ishq hidi anqiydi. Nodira she’riyatining bosh qahramoni ko’pincha Amir Umarxondir. Barcha ta’rif va tavsiflar, ishtiyoq va intilishlar ungadir. “ Ey! “ deb boshlanadigan barcha xitoblar unga qaratilgandir. Bu she’riyatning ijodkori goh baxtidan masrur goh baxtsizligidan mahzun Nodirabegimdir. Shoira sig’inadigan yagona Alloh – ishq. Uning toat-u ibodati, namoz-u niyozi ham – muhabbat. U o’z she’rlarida “ ishq namozini ado “ etishini aytadi. Hatto bir she’rida muhabbatni odamiylikning asosiy o’lchovi hisoblashini bildiradi: Muhabbatsiz kishi odam emasdur, Gar odamsan muhabbat ixtiyor et. Zamondoshlari Amir Umarxon bilan Nodirabegim turmushining baxtli kechganini xabar qiladilar. Umarxon ko’p jihatdan mukammal bir kishi bo’lgani ma’lum. U shoir sifatida “ Amir “, “ Amiriy “ taxalluslari bilan go’zal she’rlar bitgan, devon tartib qilgan edi. Shijoati va botirligini shundan ham bilsa bo’ladiki, tarixiy manbalar uning arslon bilan yakkama-yakka olishib, yengib chiqqanini ma’lum qiladi. Amir Umarxonning vafoti Nodiraga juda qattiq ta’sir qiladi. Shoira she’riyatiga tuganmas g’am, hijron ohanglari kirib keladi: Nodira ahvolidin ogoh bo’ling, Ey musohiblarki, qolmish yorsiz. deb yozadi bir she’rida Nodiraning « Yorning vasli emas ozorsiz » satri bilan boshlanadigan g’azali tuyg’ular samimiyati, ayriliq tasvirining tabiiyligi, badiiy ifoda yo’sinining soddavashligi bilan alohida e’tiborga sazovordir. G’azal lirik qahramonning o’z qismati haqida o’ylar ekan, jo’ngina hayotiy hodisadan teran ma’no qidirishi bilan boshlanadi: Yorning vasli emas ozorsiz, Gulshan ichra gul topilmas xorsiz. G’azalda ishq, yor timsollari tasavvufiy ma’no kasb etmaydi. Unda hayotiy yo’qotishlar og’ushidagi chorasiz ayol anduhlari ifoda etiladi: Yor uchun ag’yor dardin tortaman, Ko’rmadim bir yorni ag’yorsiz. Nodira hayot haqiqatlarini shunchaki bayon qilmaydi, ag’yorlar zulmidan jo’ngina yozg’irib qo’ya qolmaydi. Balki shu asnoda go’zal badiiy manzara, musiqiy ohang hosil qiladi. Uchinchi baytning har misrasida “yor” va “ag’yor” so’zlarining kelishi ham zid ma’nolarni ifodalashi, ham bir o’zakdan yasalgan so’zlar ekanligi badiiy effekt hosil qiladi. G’azalning maqta’sida tasvir samimiyati yangi bosqichga ko’tariladi. Nodiraning muhabbat lirikasida uning “Xating ishtiyoqin savod ayladim” deb boshlanadigan bir tarji’bandi ham muhimdir. Xating ishtiyoqin savod ayladim, Ko’zumning qorasin midod ayladim. Meni baski devona qildi g’aming, Junun ahlig’a ittihod ayladim. Ko’rub tushda yuzingni beixtiyor, Fig’on chekdim andog’ki, dod ayladim. “Xat” deb qiz bola labi ustidagi mayin tukka ham, maktubga ham aytiladi. “Savod aylamoq” da ham bir necha ma’no bor. Biri – yozmoq. Ikkinchisi – qora qilmoq. Uchinchisi - suyanmoq. She’rda har uch ma’noga ham o’rin bor. Satrning birinchi ma’nosi: xating ishtiyoqini yozaman. Ikkinchi ma’nosi: xating ishtiyoqiga suyanaman. “Midod” siyohdir. Ko’zimning qorasini siyoh qilib yozdim, demoqda shoira. Xat, savod, midod, she’rda tanosub yaratadi. Bunday mutanosiblik tarji’bandning misol keltirilgan birinchi bandidagi har bir satrida bor. Keyingi misralarda muhabbatning shavqi kuchayganini qahramonni junnun ahliga birlashtirgani, yorning yuzini tushda ko’rganda, chekkan ohi faryodga aylangani holati juda ta’sirli berilgan. Aytish kerakki, Nodira ijodiyoti motamsaro she’rlardangina iborat emas. Unda hayotbaxsh ranglar, shodon ohanglar ham ancha. Ayniqsa, Amir Umarxon vafotidan keyin Muhammad Alixon esini tanigunga qadar davlat ishlarini yuritish uning izmida qoldi. Shu jihatdan, shoiraning davlat yumushlari borasidagi qarashlari muhim ahamiyatga ega. Nodiraning ijodida ham shohlik, davlat tutumi haqida aytilgan fikr-mulohazalar bor. Devondagi she’rlari orasidan “Abas” radifli bir asar ham o’rin olgan. “Abas” – bekor, befoyda degan ma’nolarni bildiradi. Shoira she’rni boshlab, gapni shohlikka buradi va shunday deydi: Fuqaro holig’a gar boqmasa har shoh, anga Hashmat-u,saltanat-u,rif’at-u, shon, barcha abas. Shoh uldurki, raiyyatga tarahhum qilsa, Yo’q esa, qoidai amnu amon, barcha abas. Demak, xalq ahvoli hamisha shohning diqqat markazida turishi kerak. Agar shoh fuqaro holiga boqmasa, uning hashamati-yu saltanati, shon-u shuhratining hech kimga keragi yo’q. Shoh xalqqa mehribonlik ko’rsatmasa, amnu omonlik haqida gap bo’lishi mumkin emas. Bu xil fikrlar uning ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimiga alohida salmoq bag’ishlaydi. Dilbar shaxsiyati, samimiy va ta’sirchan she’riyat sababli Nodira xalq qalbidan chuqur joy olgan. Download 1.1 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling