Hurmatli farmasevtika sohasida va boshqa turdosh sohalarda Davlat farmakopeyasidan foydalanib ish yurituvchi mutaxassislar!
Bugun hukmingizga havola qilinayotgan Davlat farmakopeyasi birinchi nashrining birinchi jildi, avvalam bor, Yevropa farmakopeya komissiyasi tarkibida xalqaro miqyosda ish olib borayotgan ko‘p sonli mutaxassislar tomonidan so‘nggi yillar davomida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarni, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” DUK, Farmakopeya qo‘mitasi xodimlari va boshqa tashkilotlarning turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan olimlari va yuqori malakali mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan mashaqqatli mehnatlari natijasidir.
Ekspertlar va ishchi guruh a’zolari tomonidan davlat miqyosida tayyorlangan ushbu hujjatlar to‘plamini ishlab chiqishda avvalam bor Yevropa farmakopeyasining 8-10 nashrlari, qolaversa qator rivojlangan mamlakatlarning xalqaro e’tirof etilgan farmakopeyalarni atroflicha tahlil qilish va Davlat farmakopeyasi matnlarini ular bilan uyg‘unlashtirish yo‘li bilan xalqaro miqyosda sohada amalga oshirilayotgan zamonaviy ilm-fan yutuqlarini respublika farmasevtika amaliyotiga joriy etish asoslari yaratildi.
Shu bilan birga Davlat farmakopeyasining birinchi nashri ikkinchi jildini tayyorlashda ham farmasevtika sohasini boshqarishga qaratilgan milliy qonun hujjatlari va mahalliy sharoitlar e’tiborga olindi.
Shubhasiz, mahalliy farmasevtika sanoati korxonalari tomonidan Davlat farmakopeyasi talablarini amaliyotga joriy etilishi, ishlab chiqarilayotgan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini yanada yaxshilanishiga, bu korxonalar faoliyatiga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan GxP standartlarini joriy etilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi, mahalliy farmasevtika mahsulotlarini raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshishini ta’minlaydi.
Foydalanuvchi mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasida taqdim etilgan monografiyalarni takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini Davlat farmakopeyasi Tahririyat kengashi kotibiyatiga taqdim etishlari mumkin.
Davlat farmakopeyasi
tahririyat kengashi
Do'stlaringiz bilan baham: |