O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi akadem I ya


Download 1.37 Mb.
Pdf ko'rish
bet53/118
Sana22.04.2023
Hajmi1.37 Mb.
#1379350
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   ...   118
Bog'liq
da04d134979737f69d2d940650125ae3 Davlat huquq tarixi

tablxona (nog‘oraxona), dorixonachi kabilardan iborat bo‘lgan. 
Ijroiya tizimi vazirliklardan tashkil topgan. Ularning ayrimlari faqat 
dargohda turib faoliyat ko‘rsatgan. Quyidagi vazirliklar joriy etilgan: 
– mamlakat va raiyat vazirligi, unga Bosh vazir rahbarlik qilgan. Bu 
vazirlik mamlakatning muhim ishlari, kundalik muammolar, xalqning 
ahvoli, aholi farovonligi, dehqonchilik holatini yaxshilash, viloyatlardan 
olinadigan soliqlar va ularni taqsimlash, kirim-chiqimlar va xazinaning 
ahvoli, obodonchilik ishlari va boshqa xo‘jalik ishlariga javobgar bo‘lgan; 
– sipohiylar ishi bo‘yicha vazirlik, unga harbiy vazir boshchilik 
qilgan. U harbiylarning maoshi, alohida xizmatlari uchun harbiylarga 
tuhfa qilingan yer-suvlar boshqaruvining nazorati va qayd etib borilishi, 
qurol-aslaha ta’minoti, harbiy ko‘riklarni tayyorlash, janglarda yarador 
bo‘lib xizmatga yaroqsiz bo‘lganlarga nafaqa tayinlash, iste’foga chiqqan 
harbiylar to‘g‘risida qayg‘urish kabi masalalar bilan shug‘ullangan; 
– omonat ishlari bo‘yicha yoki mulkchilik va soliq ishlari vazirligi. U 
vafot etgan, halok bo‘lgan, yo‘qolganlar va davlatdan yashirinib 
yurganlarning mol-mulkini qo‘riqlash, savdogarlardan zakot va boj olish, 
mamlakat chorvalari, yaylovlarni boshqarish hamda yer soliqlari, chorva 
mollaridan olinadigan soliq, zakot olish hamda ularning o‘z vaqtida 
xazinaga kelib tushishi ustidan nazorat olib borish bilan shug‘ullangan; 
– butun saltanat idoralarining kirim-chiqimlari, xazinadan sarf 
qilinayotgan barcha xarajatlar hisobini olib boruvchi vazirlik, unga 
moliya vaziri boshchilik qilgan; 
– davlat korxonalari bo‘yicha vazirlik;
– adliya vazirligi (devoni mazolim – doruladolat). Adliya vazirligi 
to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqaroviy yoki dunyoviy ishlar bilan shug‘ullangan. 
Ushbu devon bevosita A.T. nazorati va rahbarligi ostida bo‘lgan. 
U asosan davlat tuzumiga, boshqaruv tartibiga qarshi va mansabdorlik 
jinoyatlarini ko‘rgan. Muhokama o‘tkazib, jazo tayinlashi yoki avf etishi 
mumkin bo‘lgan. Masalan, qonun oldida javobgarlik barchaga barobarligi 
bois amir Temurning nabirasi Pir Muhammad ibn Umarshayx (1379–
1410) o‘z qilmishi uchun Devoni mazolimda qattiq so‘roq qilinib, aybi 
aniqlangach, shunga yarasha jazo berilgani va bu haqda shaxsan Amir 
Temurning o‘zi farmon bergani tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan. 
– vaqf ishlari vazirligi, unga Sadr us-sudur boshchilik qilgan.
– harbiy sud – qozi askar. U sud tizimida alohida faoliyat ko‘rsatgan;
– xabar va aloqa vazirligi (devoni rasoil, devoni insha). Uning 
faoliyati asosan butun mamlakat hududiga taalluqli xabarlarni davlat 


 151
boshlig‘iga yetkazish, davlat ish yuritish hujjatlarini tegishli manzillarga 
yetkazish, tashqi aloqalarni amalga oshirishda iborat.
Xabar va pochta xizmati bo‘yicha butun saltanat uzra bir kunlik yo‘l 
oralig‘idagi har bir maskanda to‘xtash joylari bino etilgan bo‘lib, ularda 
10 tadan 200 tagacha ot-ulov saqlangan, maxsus xizmatchilar faoliyat 
ko‘rsatgan.
Tashqi aloqalar shug‘ullanuvchi xizmat alohida ijroiya organlari 
tizimida emas, dargoh tarkibida faoliyat ko‘rsatgan. U chegara ishlari, 
chet mamlakat elchilarini qabul qilish va kuzatish, davlatlar bilan savdo 
va boshqa madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullangan. 
Bulardan tashqari dargohda xolisa deb ataluvchi mansab ham ta’sis 
etilgan va u muhimligi jihatidan vazirlar qatorida turgan. U asosan 
askarlar maoshi va oziq-ovqat ta’minoti bilan shug‘ullangan. Shu bilan 
birga, u sarhad vazirligi deb ham yuritilgan. 
Shuningdek, xolisa o‘z vakolati doirasida tortiq, ya’ni suyurg‘ol 
qilingan viloyat yoki mamlakatga (masalan, Amir Temur Andxud viloyati 
boshqaruviga o‘z piri Sayyid Barakani tayinlaydi) tayinlangan hamda shu 
o‘lka va mamlakatga oid moliyaviy muomalalar va keladigan 
daromadlarni boshqaradigan ikkita vazir (ayrim manbalarga ko‘ra uchta) 
faoliyati ustidan nazorat yuritib, ular bilan hamkorlikda faoliyat 
ko‘rsatgan. Bulardan birinchisi, yig‘iladigan soliqlarni qayd etib, aholi 
ahvolidan boxabar bo‘lib turish, ikkinchisi, yig‘iladigan daromadlar qay 
tarzda xarj qilinayotganini hisobga olish, shu yerda mavjud harbiy 
qismlarga beriladigan maosh taqsimoti bilan shug‘ullangan. 
Xoh dargoh, xoh devonlar tizimi bo‘lsin davlat xizmatlari puxta va 
aniq ishlagan. Yuqori mansabdor shaxslar o‘z bitikchisi va qayd daftariga 
ega bo‘lgan. Yorliqlarga tegishli belgi (raqam) qo‘yganlar. Hujjatlar muhr 
bosilgandan keyin rasmiy kuchga ega bo‘lgan. 
Davlatda sudlov ishlari ixtisoslashtirilgan tarzda tashkil etilgan. O‘troq 
aholi hududlarida fuqarolarga oid ishlar Qozi kalon (doruladolat)ga 
bo‘ysunuvchi qozilar tomonidan shariat asosida amalga oshirilgan. 
Ko‘chmanchi aholi hududlarida esa Qoziyi ahdos tomonidan odat huquqiga 
asosan yuritilgan. Harbiylar va ruhoniylarga taalluqli ishlar yuqorida 
ta’kidlanganidek, alohida tarzda ko‘rib chiqilgan. Asilzodalar ishlari Ixdom 
sudi tomonidan olib borilgan. Agarda tomonlar qaror yoki hukmdan norozi 
bo‘lishsa, davlat boshlig‘iga shikoyat qilishga haqli bo‘lgan. 
Diniy hokimiyat tizimining boshqaruvi quyidagi tartibda amalga 
oshirilgan: shayxulislom – A’lam – Qozikalon – Sadri a’zam – Muhtasib 
– Qoziyi ahdos – Qozi askar – Mudarris – Mutavalli. 


 152
Saltanat odatda hukmron sulola vakillari va shu xonadon tayanchi 
bo‘lmish harbiy-siyosiy kuchlar yordamida idora etilgan. Tabiiy ravishda 
Amir Temur saltanatni boshqarishda, avvalo, o‘z o‘g‘illari va avlodlariga 
suyandi. Chunonchi, u saltanatni bir qancha uluslarga taqsimlab, 
mamlakat yaxlitligini saqlagan holda boshqardi. Har bir ulusning ham o‘z 
dargohi va keng tarmoqli bo‘lmagan vazirlari bo‘lgan. 
Viloyatlarda hokimiyatni voliy (vali)lar, bekliklarda beklar, 
shaharlarni hokimlar boshqargan (hokim saroyi – dorulamorat). Shahar, 
tuman miqyosidagi boshliqlar dorug‘a, qal’a boshlig‘i qutvol, deb 
yuritilgan. Ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi yashaydigan 
hududlarda hokimiyat tuman va ulus boshliqlari qo‘lida bo‘lgan. 
Qishloqlarda hokimiyat arboblar tomonidan amalga oshirilgan. Ular 
lavozimga mahalliy zodagonlar tomonidan tavsiya etilgan va voliylar 
tomonidan tasdiqlangan hamda vazifasidan ozod etilgan.
Mahalliy hukmdorlar zimmasiga asosan soliqlarning o‘z vaqtida 
yig‘ilishi va davlat xazinasiga jo‘natilishi vazifasi yuklatilgan. Shu bilan 
birga, ular xiroj va zakotlarning vaqtida to‘lab turilishi, yuqori turuvchi 
organlar va mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan majburiyatlarning 
o‘z vaqtida va aniq bajarilishiga, qal’alar, ko‘priklar, yo‘llar, suv yo‘llari 
va boshqalarning hamisha shay holatda turishi uch ham mas’ul 
bo‘lganlar. 
Mamlakatda asosiy e’tibor jinoyatchilikka qarshi kurashga emas
balki jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan. Jumladan, huquqni 
muhofaza qilish organlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: 
Asaslar – fuqarolar tinchiligini ta’minlash va jinoyatlarni ochishda muhim 
o‘rin tutuvchi kecha qorovullari, ya’ni posbonlarning boshlig‘i; Yasag‘lar 
– mirshablarning mansabdor shaxslari bo‘lib, jamoat tinchligi va 
osoyishtaligini saqlashgan; Shihnalar – harbiy ma’murlar bo‘lib, shahar 
tinchligini saqlashga mas’ul bo‘lganlar.
Mamlakatda mirshablik alohida o‘rin tutgan. Ularga qo‘rboshilar 
boshchilik qilgan. Ular shahar tartiboti, karvon yo‘llarida osoyishtalikni 
qo‘riqlash faoliyatini amalga oshirganlar. Ular o‘z tarkibiy tuzilmalariga 
ega bo‘lib, ularning rahbarlarini mahalliy hokimlar tayinlagan. 
Davlatda maxsus jinoyat qidiruv mirshabligi tashkil etilgan. U savdo 
karvonlari harakati xavfsizligini ta’minlash, bosqinchilar va o‘g‘rilar 
to‘dalarini topish va qo‘lga olish, shariat qoidalarini buzganlar, 
darbadarlar va tilamchilarga qarshi chora ko‘rish bilan shug‘ullangan.
Barcha o‘lkalarda mavqei katta bo‘lgan qorachi (josus) va voqeanavis 
lavozimlari ta’sis etilgan. Voqeanavislar har bir mamlakat, viloyat, shahar 


 153
va qishloqlarda bo‘lib, u yerda sodir bo‘layotgan voqealar haqida davlat 
boshlig‘ini xabardor qilib turishgan. 
Amir Temur kuchli va markazlashgan qo‘shin tuzishga ham 
muvaffaq bo‘lgan. Qo‘shin bevosita Amir Temur, ya’ni davlat boshlig‘iga 
bo‘ysungan. Harbiy ishlar bo‘yicha amirning birinchi o‘rinbosari amirlar 
amiri – Amir ul-umaro hisoblangan. Amirlar amiriga qo‘shin amirlari 
bo‘ysungan. Qo‘shin amirlari lavozimiga qarab qo‘l ostida 1000–12000 
nafargacha askarlar bo‘lgan. 1-darajali amir ming kishiga qo‘mondonlik 
qilgan bo‘lsa, 12-darajali amir o‘n ikki ming qo‘shinga qo‘mondonlik 
qilgan. 
Qo‘shin o‘nlik tizimi asosida tashkil etilgan. Ular o‘nlik, yuzlik, 
minglik va tumanga bo‘lingan. Har biriga o‘z nomi bilan ataladigan – 
o‘nboshi, yuzboshi, mingboshi va amir (tumanboshi) rahbarlik qilgan.
Yurish paytida qo‘shin yetti qismga bo‘lingan holda harakatlangan: 
xirovul (ilg‘or, avangard), chopovul (hujumchi), g‘o‘l (qo‘l, markaz), 
shig‘ovul (zahira), chindovul (ichki ta’minot qismi), barong‘ir ( o‘ng 
qanot), jarong‘ir (chap qanot). 
Armiya ichida xabarchilar qo‘yilgan bo‘lib, ular qo‘shin ichidagi 
holatdan amirni xabardor qilib turgan. 
Xulosa sifatida aytish joizki, yirik saltanatni boshqarish uchun kuchli 
markazlashgan davlat mahkamasi tashkil qilingan. Har bir mansabdor 
shaxsning huquq va burchlari qat’iy va aniq belgilangan. Fuqarolarning 
huquqlari kafolatlangan. Natijada esa qattiq tartib intizom o‘rnatilib, 
mamlakatda tinchlik-osoyishtalik qaror topishiga, iqtisodiyot va mada-
niyat, shuningdek savdo-sotiqning rivojlanishiga imkon yaratilgan. 
Temur vafotidan keyin (1405-yil 18-fevral) vorislar o‘rtasidagi taxt 
uchun o‘zaro kurashlar saltanatning parchalanishiga sabab bo‘ladi. Ayrim 
o‘lka va davlatlar mustaqil bo‘lib ajralib chiqadi. Uzoq kurashdan so‘ng 
Temurning o‘g‘li Shohruh hokimiyatni egallaydi (1409–1447-y.) va bosh 
rahnamo sifatida tan olinadi. Biroq, temuriylar kuchli, yaxlit davlat 
tashkil etishga muvaffaq bo‘la olmaydilar. Mamlakatda tarqoqlik, zulm-
ning kuchayishi va iqtisodiy tanazzul yuzaga keladi. 
Keyingi davrlarda Movarounnahr va Xuroson temuriylar tomonidan 
alohida boshqariladi. 1414-yilda Mirzo Ulug‘bek (1394-yilda tug‘ilgan, 
15 yoshida taxtga o‘tiradi va 1409–1449-yillarda hokimiyatni boshqaradi) 
tomonidan Sharqiy Turkiston o‘z hududiga qo‘shib olinadi. 1425-yilda 
mamlakatning Sharqiy chegaralari mustahkamlanadi. 1428-yilda pul 
islohoti o‘tkaziladi. Shuningdek, Xurosonning gullab-yashnashi ham 
aynan temuriylar davriga to‘g‘ri keladi. 


 154

Download 1.37 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   ...   118




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling