Uchinchi asos oppozitsiya a'zolarining ma'no ajratish kuchiga va shu a'zolarning turli pozitsiyadagi xizmatiga tayanadi. Bunday asosga ko‘ra oppozitsiyalarning quyidagi ikki turi farqlanadi.
Doimiy oppozitsiyalar. Bunday oppozitsiya a'zolari barcha pozitsiyalarda o‘z farqlanish belgilarini yo‘qotmaydi.
O‘zbek tilidagi (p-t), (s-sh) oppozitsiyalarida shunday holat kuzatiladi. Qiyos qiling: paxta - taxta (so‘z boshida, unlidan oldin), opa - ota (intervokal holatda), topmoq - totmoq (so‘z o‘rtasida, sonordan oldin), ip - it (so‘z oxirida), sim - shim (so‘z boshida, unlidan oldin), asir - ashir (intervokal holatda), osmoq - oshmoq (so‘z o‘rtasida, sonordan oldin), tus - tush (so‘z oxirida kabi). Bunday doimiylik, barqarorlik oppozitsiyaning har ikkala a'zosi jarangsiz bo‘lganda ko‘proq uchraydi.
Zidlanishning bu turi ayrim manbalarda "konstant oppozitsiya" deb ham nomlangan. 16
Neytrallashuvchi (mo ’tadillashuvchi) oppozitsiya. Bunday oppozitsiya a'zolari kuchli pozitsiyada (masalan, undoshlar so‘zning boshida, ikki unli orasida yoki unlidan oldin qo‘llanganda) o‘zlarining farqlanish belgilarini yo‘qotmaydi: bol va pol (b-p), dor va tor (d-t) kabi. Kuchsiz pozitsiyada (masalan, so‘z oxirida) esa ular neytrallashadi: (tub) dagi "b" undoshi jarangsiz "p" tarzida (tub > tup kabi), (qad)dagi "d" esa jarangsiz "t" tarzida (qad >qat kabi) talaffuz qililinadi, natijada (b-p) va (d-t) ga xos "jarangli-jarangsiz"lik farqlanish belgisi yo‘qolib, shu fonemalarga xos umumiy (integral) belgilar - (b-p) dagi "lab - lab, portlovchi" lik, (d-t) dagi "til oldi-dental, portlovchi"lik xususiyatlari saqlanadi. Kuchsiz pozitsiyadagi neytrallashuv tufayli yuzaga kelgan tovush o‘zaro zidlanishda bo‘lgan ikkala fonemaning bir umumiy vakili - varianti sanaladi, u bir yo‘la ikki fonemaga tegishli bo‘lgani uchun arxifonema deb ham ataladi: b/p yoki P arxifonemasi (tub va tup so‘zlarida), d/t yoki T arxifonemasi (qad va qat so‘zlarida), z/s yoki S arxifonemasi (tuz va tus so‘zlarida) bo‘lgani kabi.17
Do'stlaringiz bilan baham: |