O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti


Suqrotgacha bo‘lgan falsafiy tizim va Suqrot maktablari


Download 5.8 Mb.
Pdf ko'rish
bet22/315
Sana31.01.2024
Hajmi5.8 Mb.
#1829790
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   315
Bog'liq
Falsafa Asosiy o\'quv qo\'llanma Sh Madayeva va boshqalar 2019

Suqrotgacha bo‘lgan falsafiy tizim va Suqrot maktablari. 
Suqrotgacha bo‘lgan davr Yunon mutafakkirlarining asarlari ayrim 
fragmentlar va keyingi davrlar faylasuflarining asarlarida keltirilgan iqtiboslar 
ko‘rinishidagina bizgacha etib kelgan. Bunday iqtibos va parchalarni Diogen 
Laertskiyning “Mashhur faylasuylarning hayoti va hikmatli so‘zlari” asari, 
shuningdek, Aflotun, Arastu,
Plutarx, Sekst Empirik, Kliment Aleksandriyskiy 
kabilarning ishlarida uchratish mumkin. 
Suqrotgacha bo‘lgan falsafiy maktablarga Ioniya dengizi qirg‘oqlarida 
joylashgan Milet shahri nomi bilan ataluvchi Milet maktabi, asosida Pifagor 
ta’limoti yotgan pifagorchilar maktabi, Levkipp-Demokritning atomlar to‘g‘risidagi 
nazariyasini o‘zida ifoda etgan atomistlar maktabi va janubiy Italiyada joylashgan 
Eley shahri faylasuflari maktabi kiradi. Shuningdek Suqrotgacha yashagan, antik 
falsafaga katta hissa qo‘shgan Yunon-Rim faylasuflari ham bu davrga mansubdirlar. 
Xususan, Fales, Anaksimen, Anaksimandr, Geraklit, Ksenofan, Pifagor, Parmenid, 
Empedokl, Anaksagor, Levkipp, Demokrit kabi faylasuflar, ba’zilari Suqrot bilan 
qisman zamondosh bo‘lishiga qaramay, Suqrotgacha bo‘lgan falsafiy tizim vakili 
sanaladi. Bu tizim ularning ijodi
nuqtai nazaridan emas, balki usuli va ta’limotining 
xarakteri bilan farqlanishiga binoan ajratilib ko‘rsatiladi. 
Mil. Avv. 
640-562 yillarda yashab ijod etgan Ioniyaning Milet shahrida 
tug‘ilgan Fales Yunon falsafasining asoschilaridan biri bo‘lgan. Astronomiya, 
geometriya, arifmetika singari ko‘plab sohalardagi serqirra bilimlari Fales falsafiy 
dunyoqarashining shakllanishida muhim o‘rin tutgan. Masalan, bu davrda 
yaxshigina taraqqiy etgan geometriya ilmiy abstrakt mushohada yuritish uchun 
nazariy asos vazifasini o‘tagan. Bu esa, Falesning olam mohiyatini bilish haqidagi 
qarashlarining shakllanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Fales hamma narsaning 
asosida suv yotadi, hamma narsa suvdan paydo bo‘lgan va unga qaytadi deb 
hisoblagan. Bunday qarash falsafadan oldingi mifologik kosmogoniyalarda ham 
mavjud edi. Ammo, Falesning bu boradagi qarashlari mifologik kosmogoniyadan 
butkul farq qiladi. U suvni muayyan shakl yoki mifologik kuch sifatida emas, amorf, 
doimiy harakatchan, materiyaga jamlangan ko‘rinishda tushungan. 
Milet maktabining yana bir vakili Anaksimandr bo‘lib, mil. av.
510–540- 
yillarda yashagan, olamning asosi sifatida ko‘rinmas modda apeyronni ko‘rsatadi. 
Hamma narsani qamrab olgan substansiya apeyronda issiqlik va sovuqlikni qarma-


93 
qarshiligi yuzaga keladi. Ularning kurashi esa, kosmosni vujudga keltiradi. 
Jumladan, issiqlik olov ko‘rinishida namoyon bo‘lsa, sovuqlik osmon va erga 
aylanadi. Anaksimandr birinchilardan bo‘lib, materiyaning saqlanishi qonunini va 
organik hayotning evolyusion taraqqiyoti haqidagi gepotezalarni ilgari suradi. Uning 
ta’kidlashicha, odam barcha hayvonlar singari baliq evolyusiyasining mahsulidir. U 
“Tabiat haqida” nomli asar yozgan. Ammo, mazkur asar bizgacha etib kelmaagan. 
Anaksimandrning shogirdi Anaksimen esa hamma narsa havodan kelib 
chiqqanligini ta’kidlaydi. Mangu, harakatchan havo quyuqlashib dastlab bulutlarni, 
keyin suvni va nihoyat er, toshlarni vujudga keltiradi. Keyin esa undan olov kelib 
chiqadi. 
Suqrotgacha bo‘lgan antik falsafiy fikr taraqqiyoti mobaynida vujudga kelgan 
o‘ziga xos yo‘nalishlardan yana biri Eley maktabi hisoblanadi. Olamning doimiy 
o‘zgarib turishi g‘oyasini ilgari surib, stixiyali dialektikaga asos solgan 
naturfaylasuflardan farqli ravishda ayni maktab vakillari harakatni inkor qiluvchi 
metafizik ta’limotga asos soldilar. Eley maktabining asoschisi Parmenid (Mil. Avv. 
540 –470) olamni narsalar bilan to‘ldirilgan harakatsiz shar shaklida tasavvur 
qilgan. mutafakkir Parmenidning ta’limotiga ko‘ra haqiqiy borliq mangu harakatsiz 
bo‘lib, uni faqat aqliy mushohada orqali bilish mumkin. Unga ko‘ra narsalar 
nimadandir kelib chiqqan degan fikr, ularning qismlarga ajralishi to‘g‘risidagi 
mulohazaga olib keladi. Mutafakkirning ta’kidlashicha, bunday qarash haqiqat 
emas, balki haqiqatga o‘xshab tuyuladigan fikr xolos. Parmenid tomonidan 
qo‘yilgan borliqning mangu harakatsiz ekanligini isbotlash vazifasi uning shogirdi 
Eleylik Zenon tomonidan amalga oshirildi. Ayni vazifani amalga oshirish 
maqsadida Zenon o‘zining qator aporiya-paradokslarini ishlab chiqdi. Masalan, 
Axilles va toshbaqa haqidagi aporiyasida harakatni boshlash imkonsiz ekanligini 
isbotlashga urinadi. Uning barcha aporiyalari harakatning mumkinligi ziddiyatning 
paydo bo‘lishiga olib kelishi to‘g‘risidagi g‘oyani isbotlashga qaratilgan. Zenon 
aporiyalarida uzuluklilik va uzluksizlikning birligi g‘oyasi hamda harakatsiz 
tushunchalarda harakatni tasavvur qilishdek murakkab falsafiy muammoni 
tushuntirib berishga intilgan.
Suqrot (Mil. Avv. 470 – 399) o‘zigacha yashab ijod qilgan mutafakkirlardan 
farqli ravishda birinchi marta inson va uning hayoti bilan bog‘liq muammolar, 
xususan, qanday yashash va qanday fikrlash lozimligi masalasiga diqqat qaratdi.
Quyosh va oyning tutilishi, meteoritning tushishi kabi hodisalarni o‘rganadigan 
tabiat falsafasi insonning qanday yashashi va fikrlashi lozimligi haqida bilim 
bermasligini ta’kidlagan mutafakkir insonning o‘z-o‘zini anglashga intilishini 
haqiqiy bilim deb hisoblaydi. Uning o‘z-o‘zingni angla degan hikmati ayni 
mulohazaning isboti bo‘la oladi. Suqrot moddiy olam va narsalar dunyosini bilish 
imkonsiz, shuning uchun nazariy emas, balki amaliy yashash san’atini o‘rganish 
lozimligi g‘oyasini ilgari suradi. Suqrotning umri mobaynidagi faoliyati bahslarda 
kechgan. U monologda bir yoqlama xato fikrlar bayon qilinadi deb hisoblaydi. 
Suqrot haqiqatni bilishning mayevtika usulini kashf etdi. Unga ko‘ra predmet 
haqidagi qarama- qarshi fikrlarning o‘zaro to‘qnashuvi haqiqatga olib boradi. Bahs 
jarayonida yuzaga keladigan bir predmet haqidagi o‘zaro qarama-qarshi 


94 
mulohazalar yangi savollar qo‘yish yo‘li bilan bartaraf qilib boriladi. Suqrot axloq 
va ezgulikni bilim bilan aynanlashtiradi. Aniqrog‘i, nima yaxshi va nima 
yomonligini bilgan inson ahmoqona ishlarni qilmasligini ta’kidlaydi. Suqrot 
insonni ijtimoiy kosmosni aks ettiruvchi mikrokosmos sifatida tasavvur qiladi. bu 
kosmos esa inson tomonidan anglangan bo‘lmog‘i lozim. Suqrotning axloq falsafasi 
ratsionalistik xususiyat kasb etadi. Unga ko‘ra har qanday bema’ni hatti-harakat 
bilimsizlik mahsuli sanaladi. 
Buyuk Yunon faylasufi Aflotun (Mil. Avv. 427–347) Suqrotning shogirdi va 
izdoshi bo‘lgan. Aflotun o‘zining falsafiy qarashlarini “Suqrot apalogiyasi”, 
“Bazm”, ”Parmenid” singari dialoglari hamda, “Davlat”, “Qonunlar” kabi 
traktatlarida bayon qilib bergan. G‘oyalar haqidagi qarashlar mutafakkir 
ta’limotining asosini tashkil qiladi. U olamda mavjud narsalar o‘z g‘oyasiga ega deb 
hisoblagan. Aflotun g‘oyalarni narsalarning hissiy yo‘l bilan bilish imkonsiz bo‘lgan 
obrazlari deb tushuntiradi. G‘oyalar narsalarning mohiyatiga daxldor bo‘lgan qat’iy 
o‘zgarmas xususiyatlari va tuzilishini o‘zida namoyon qiladi. Aflotunga ko‘ra 
g‘oyalar mangu va birlamchidir. Masalan, tirik daraxt qurib tamom bo‘lishi, yoki 
uchburchakning rasmini o‘chirib tashlash mumkin. Ammo, daraxt va 
uchburchakning g‘oyalari mangu qoladi. G‘oyalar materiyani tartiblashtirgan holda 
borliqni boshqaradi. Materiya noborliq bo‘lib, u g‘oyaning shaklini qabul qiladi. 
Aflotun o‘zining gnoseologiyasida ruh va xotirlash haqidagi qarashlariga tayanadi. 
Materiya bilan birikkan abadiy jon o‘zining g‘oyalar olamidagi vazifalarini unutadi. 
Uning soyalar olamidagi bilish jarayoni xotirlashdan iborat xolos. Mutafakkir
g‘oyalar to‘g‘risidagi bilim haqiqiy bilim bo‘lib, hissiy olam haqidagilari esa bilim 
emas, aksincha ehtimoliy fikrlar ekanligini ta’kidlaydi. Aflotun dialektikani 
bilishning asosiy usuli sifatida ko‘rsatadi. U o‘zining g‘oyalar haqidagi 
qarashlaridan kelib chiqqan holda ideal davlat ta’limotini ishlab chiqadi. 
Aflotunning ideal davlatida faylasuflar davlat boshqaruvi, harbiylar uning 
himoyachisi, qolganlar esa kundalik moddiy ehtiyojlarni ta’minlash bilan 
shug‘ullanadilar. Aflotun davlatida tartib va qonun ustuvor bo‘ladi. Aflotunning 
so‘nggi asari “Qonunlar” deb ataladi. 
Aflotunning shogirdi, qomusiy olim va faylasuf Arastu (mil. av. 384–322) 
Aflotun ta’kidlagan g‘oyalar narsalarning ulardan ajralmagan shakli ekanligi 
to‘g‘risidagi qarashni ilgari suradi. Arastu fikricha, g‘oyalar narsalardan alohida 
mavjud emas. Arastu shakl materiyani voqe’likka- konkret narsaga aylantiradi deb 
ta’kidlaydi. Arastu to‘rt turdagi sababni tan oladi: 1. Materiya sabab - narsalar 
undan tashkil topadi. Aniqrog‘i u narsalarning xomashyosi - substrati sanaladi. 2. 
SHakl sabab- narsalarning g‘oyasi-mohiyatini anglatadi. 3. Harakat sabab - 
harakatning manbaini anglatadi. 4. Maqsad sabab-“nega?”, “nima uchun” singari 
savollarga javob bo‘ladi. aniqrog‘i, narsa hodisalarning nima uchun mavjudligini 
bildiradi. Falsafa tarixida Arastu falsafasi uch qismga bo‘lib o‘rganiladi. Ular: 
bilish haqida bilim berishni nazarda tutadigan nazariy falsafa (“Metafizika” asarida 
bayon qilingan), inson haqida bilim berishni nazarda tutadigan amaliy 
falsafa(“Siyosat” va “Axloq” asarlarida bayon qilingan), ijod jarayoni haqida bilim 
berishni nazarda tutadigan ijod falsafasi(“Poetika” va “Ritorika” asarlarida bayon 


95 
qilingan). SHuningdek, Arastuning “Fizika haqida”, “Osmon haqida”, 
“Hayvonlarning qismlari haqida”, “Ruh haqida” singari tabiiy-ilmiy masalalarni 
tushuntirishga qaratilgan asarlari ham mavjud. Ruhni hayotning boshlanishi deb 
hisoblagan mutafakkir uning uch darajasini ajratib ko‘rsatadi. Unga ko‘ra ruh 
o‘simlik ruhi, hayvon ruhi va aqlli ruh kabi darajalardan tashkil topadi. Arastuning 
ijtimoiy-siyosiy qarashlari uning “Siyosat” nomli asarida bayon qilib berilgan.
Faylasufning ta’kidlashicha, siyosat bu aqlga muvofiq qurilgan davlatchilik hayoti 
haqidagi ta’limotdir. Arastu insonni boshqalar bilan birgalikda yashashga moyil 
siyosiy hayvon, ijtimoiy mavjudot sifatida ta’riflaydi. U davlat oila, qishloq singari 
dastlabki ijtimoiy birlashmalardan tabiiy yo‘l bilan kelib chiqqan deb hisoblaydi. 
Mutafakkir davlat boshqaruvining monarxiya, aristokratyai, politiya shakllarini 
to‘g‘ri, tiraniya, oligarxiya, demokratiya kabi ko‘rinishlarini esa noto‘g‘ri deb 
hisoblagan. “Nikomax etikasi” asarida axloqiy qarashlarini tushuntirib bergan 
Arastu bu borada oltin o‘rtalik g‘oyasini ilgari suradi. Arastu formal mantiqning 
asoschisi sanaladi. Arastu falsafasidan keyin fan bilimga mantiqiy tushunchalar 
vositasida erishish yo‘li sifatida tushinila boshlandi. Arastu bilan Yunon 
falsafasining mumtoz davri o‘z nihoyasiga etdi. 

Download 5.8 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   315




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling