O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti


Xristianlik va Avreliy Avgustin falsafiy ta’limotining vujudga kelishi


Download 5.8 Mb.
Pdf ko'rish
bet25/315
Sana31.01.2024
Hajmi5.8 Mb.
#1829790
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   315
Bog'liq
Falsafa Asosiy o\'quv qo\'llanma Sh Madayeva va boshqalar 2019

Xristianlik va Avreliy Avgustin falsafiy ta’limotining vujudga kelishi. 
Etuk patristika davridagi lotin tilida ijod etgan yirik namoyandalardan biri bu
shubhasiz, Avreliy Avgustindir (354-430-yillar). Uning “Tavba” asari hamda 
Possidyumning unga bag‘ishlangan biografik asarlari Avgustin haqidagi 
ma’lumotlarning asosiy manbai sanaladi. Avreliy Avgustin 354-yil 13-noyabrda 
Afrikaning Tagast shahridagi rimliklar oilasida tavallud topgan. U uncha badavlat 
bo‘lmagan, biroq nufuzli va ma’rifatli oilada voyaga etadi. U boshlang‘ich 
bilimlarni Tagast va qo‘shni shahar Madavrda oladi. O‘g‘lining an’anaviy lotin 
mumtoz adabiyotidan tahsil olishi va notiqlik san’atini egallashini istagan otasi 
Avreliyni 370-yilning kuzida mahalliy oliy ta’lim markazi bo‘lgan Karfagen 
shahriga yuboradi. Avgustin u erda 372-373-yillar Sitseronning “Gortenziy” 
dialogini katta qiziqish bilan mutolaa qiladi. Haqiqat izlab, muntazam falsafa bilan 
mashg‘ul bo‘lgan Avgustinning qalbida ushbu asar keskin burilish yasaydi: “Birdan 
ko‘nglimda behuda umidlar bosh ko‘tardi, men bu bezovtaligim bilan abadiy 
donishmandlikka erishishni istardim” (Avgustin. Tavba, III, 4, 7). Haqiqatga 
etishish maqsadida u dastlab, moniylik (215-277-yillar Moniy asos solgan) 
e’tiqodini qabul qiladi. Avgustin to‘qqiz yil mobaynida moniylikning kuchli ta’siri 


103 
ostida bo‘ladi. (Tavba, II, 6 -7). 384-yilda Avgustin Mediolan shahriga ko‘chib 
o‘tadi. Bu erda u mashhur xristian ilohiyotchisi va namoyandasi mediolanlik 
Amvrosiy (340-397 yillar) bilan uchrashadi va bu uchrashuv uning hayotida katta 
ahamiyat kasb etadi. Aynan mediolanlik Amvrosiy bilan uchrashgan vaqtlarda 
Avgustin falsafa bilan mashg‘ul bo‘lib, falsafani skeptitsizm hamda moniychilikdan 
afzal degan fikrda edi. O‘z-o‘zini taftish etish va cho‘qintirilishga hozirlik ko‘rish 
maqsadida onasi va yaqin do‘stlari hamrohligida u Mediolan yaqinidagi joy - 
Kassiatsin deb atalgan Yer mulkiga ko‘chib o‘tadi. 386-yili, qariyb yarim yil 
mobaynidagi do‘stlari bilan yozishmalari natijasida Avgustin o‘zining ilk falsafiy 
asarlari: “Akademiklarga raddiya”, “Tartibot haqida”, “Farovon hayot haqida”, 
keyinchalik “Ruhning abadiyligi haqida” dialoglarini hamda “Monolog” nomli 
asarlarini nihoyasiga etkazadi.
387-yilning bahorida Mediolan shahriga qaytgach, u Amvrosiy tomonidan 
cho‘qintiriladi. 387-yili onasining o‘limidan so‘ng boshiga tushgan kulfatga 
qaramay, Rimga yo‘l olib, u erda “Erkin tanlov haqida” dialogini hamda “Moniylar 
axloqi” deya nomlangan traktatini yozadi. Ehtimol, aynan shu vaqtlar uning 
ko‘nglida kelajakdagi hayotini cherkov xizmatiga bag‘ishlash istagi tug‘ilgan bo‘lsa 
ajab emas. 388-yilning kuzida u Tagast shahriga qaytadi va meros qolgan uyini 
sotib, pulini kambag‘allarga ulashadi. Do‘stlari bilan zohidona hayot kechirishi 
uchun esa boshpana sifatida kichkina bir uyni olib qoladi. Tagastda yashagan 
paytlarida “Ustoz haqida”, “Musiqa haqida”, “Moniylar axloqi” kitobining ikkinchi 
jildi, “Ruhning miqdori haqida” kabi asarlarini yozadi hamda dialog uslubida 
yozilgan “Erkin tanlov haqida” traktati ustida keng qamrovli ishlarini davom 
ettiradi.
Asta-sekinlik bilan Avgustin Tagast va uning atrofidagi shaharlarda shuhrat 
qozona boshlaydi. 390-yilning oxirida Gippon shahri aholisining iltimosiga bilan 
episkop Valeriy Avgustinni ziyorat qiladi va o‘z navbatida, Avgustin ham Gippon 
shahriga mehmon bo‘ladi. Avgustin 395-396-yilning qishida og‘ir xastalikdan vafot 
etgan Valeriyning o‘rniga Gippon shahri episkopligi lavozimini qabul qiladi. U 
umrining oxirigacha shu lavozimda faoliyat ko‘rsatadi. Avgustin episkoplikning 
birinchi yilida muhim asarlaridan biri “Xristian dini haqida” traktati ustida ish 
boshlaydi hamda moniylikka qarshi ruhdagi “Favstamoniylikka raddiya” asarini 
yakunlaydi. SHuningdek, shu yillarda “Din haqiqati to‘g‘risida”, “Rimliklarga 
kelgan ba’zi sharoitlarning tahlili”, “Sakson uchta turli savol”, “Erkin tanlov 
haqida” dialogi yozib tugatiladi. Bundan tashqari, Avgustinning birlamchi 
gunohkorlik nazariyasini aks ettiruvchi “Simpliyatsinga bir qancha savollar” traktati 
ham yakunlanadi. 397-401-yillar Avgustinda 12 jilddan iborat o‘zining eng mashhur 
asari - “Tavba”ni yozib tugatadi. Taxminan 399-yilda u muhim nazariy ahamiyatga 
ega bo‘lgan hamda katta tanaffuslar bilan yigirma yil davomida yozilgan “Troitsa” 
(“Uchlanganlik”) deya nomlangan traktati ustida ish boshlaydi. 401-414-yillarda 
Avgustin o‘zining eng yirik ijod namunalaridan biri - 12 jilddan iborat “Borliq 
kitobiga sharhlar” nomli asarini yozadi. Avgustin umrining so‘nggi yigirma yilini 
ikki fundamental masalaning echimiga bag‘ishlaydi: ulardan birinchisi 410-yilda 
Rimga hujum qilgan vestgot Alorixabilan urush natijasida to‘plangan ma’lumotlar 


104 
ta’sirida yozilgan “Ilohiy shahar haqida” mashhur asar ustida ish olib borish bo‘lsa, 
ikkinchisi 

“Ilohiyotchi Pelagiyning birlamchi gunohkorlik haqidagi 
muhokamalari” edi. Pelagiyning ta’kidlashicha, Odam Ato qilgan gunoh avlodlarga 
tarqalmaydi, gunoh – bu nasliy tavqi la’nat emas, balki har bir insonning erkin 
tanlovi oqibatida sodir etiladigan harakatdir. Shuningdek, insonga gunohdan xalos 
bo‘lishda qandaydir g‘ayritabiiy kuchlar emas, o‘z ezgu tabiati ko‘mak beradi. 
Oddiy inson o‘z ezguligini zohidlik va taqvo yordamida topadi. 414-430-yillarda 
yozilgan ko‘plab asarlari bilan Avgustin Pelagiyning fikriga qarshi o‘laroq, o‘zining 
gunohkorlikning tabiati, ilohiy marhamat inson irodasi hamda g‘ayritabiiy kuchlar 
haqidagi qarashlarini bayon qiladi. Avgustin umrining so‘nggi yillarida toliqish va 
tobora kuchayib borayotgan zaiflikni his qiladi. U keksalik tufayli episkoplikning 
og‘ir vazifalari va ko‘plab traktatlar yozish bilan birdek mashg‘ul bo‘lishga 
qiynalardi. 426-yilda u qolgan umrini ilmiy mashg‘ulotlarga bag‘ishlash maqsadida 
episkoplik lavozimidan voz kechadi. Nihoyat, shu yillari “Xristianlik ta’limoti 
haqida” va “Ilohiy shahar” traktatlarini yozib tugatadi. SHuningdek, o‘limi oldidan 
o‘zi o‘ta muhim deya hisoblagan ayrim asarlariga tuzatish va qo‘shimchalar kiritadi. 
SHu tarzda uning ko‘p yillik izlanishlarini xulosalovchi ikki jilddan iborat “Tahrir 
etilganlar” deya nomlangan traktati dunyoga keladi.
430-yilning yozida Gibraltar bo‘g‘ozini kesib o‘tgan vandallar armiyasi 
Gippon shahriga kirib keladi. 430-yilning avgust oyida Avreliy Avgustin Gippon 
shahrida vafot etadi.
Avgustin uchun bilish yo‘li – bu e’tiqod orqali xudoga eltuvchi aql yo‘lidir. 
Bilish hissiy sezgilardan boshlanganidek, xudoni bilish ham uning yaratgan 
narsalarini 
anglashdan 
boshlanadi. 
Bu 
xuddi 
haqiqatga 
zinalar 
orqali 
ko‘tarilayotganga o‘xshaydi (O Troitse, XV, 6, 10). Shu bilan birga, bilim sezgilar 
mujassam bo‘lgan refleks va idrok oqibatida shakllanadi. O‘z navbatida, aql o‘z-
o‘zini muhokama etadi va uning mavjudlik qudrati bevosita unga ayondir. (O 
svobodnom proizvolenii, II, 6, 13 — 8, 24). Avgustinning ayni qarashlari 
Dekartning mashhur “Men fikrlayapman, demak, men mavjudman” tezisini esga 
soladi. Biroq bu Avgustinda boshqacharoq: “Men shubha yoki xato qilyapman, 
demak, men mavjudman” shaklida namoyon bo‘ladi. (O svobodnom proizvolenii, 
II, 3, 7; Monologi, II, 1, 1; Ob istinnoy religii, 39, 73; O Troitse, X, 10, 14; O Grade 
Bojiem, XI, 26). 
Aql haqiqiy borliqning asosiy xarakterli jihati – bu uning o‘zgarmasligidir. 
Avgustinga ko‘ra, xudo mutlaq yakkalik bo‘lib, “Troitsa” – “Uchlanganlik” esa 
uning turli holda namoyon bo‘lishidir. U substansional birlik bo‘lib, bir vaqtning 
o‘zida uch qiyofada aks etadi.
Avgustinning ta’kidlashicha, inson “dunyoviy va o‘limga mahkum tanadan 
foydalanuvchi aqlli ruh” (O nravax manixeev, I, 27, 52), aniqroq qilib aytganda
“ruh va jismdan iborat aqlli mavjudot” (O Troitse, XV, 7, 11). “Aql, – deya 
ta’kidlaydi Avgustin, – inson shaxsiyatidagi ilohiy uchlanganlikni anglaydi, iroda 
uni yo‘naltiradi, xotira esa uni qamrab oladi. Shu tarzda insondagi o‘z-o‘ziga 
aynanlik saqlanib qoladi (Tavba, I, 20, 31). Borliqni mavjud o‘zgarmas haqiqatga 
aynan deguvchi qator tasavvurlarni (olam g‘oyasi), shuningdek, olam tartiboti 


105 
haqidagi qarashlarni va ezgulik bo‘lmagan narsa bu yovuzlikdir, degan 
tushunchalarni Avgustin neoplatoniklarning ta’limotidan o‘zlashtirgan. U qoida 
sifatida shuni ta’kidlaydiki, “har bir inson yaxshi ham, yomon ham bo‘lishi 
mumkin” (O svobodnom proizvolenii III, 13, 36; sr. “Nafaqat olam tartibotini 
buzuvchi, balki unga bevosita yondosh bo‘lgan mavjud narsalarni ham yovuzlik deb 
atash mumkin” (O svobodnom proizvolenii, III, 9, 25; O Grade Bojiem, XI, 18 — 
19). Biroq Avgustin ko‘proq, “Axloqiy yovuzlik” tushunchasiga e’tibor qaratgan. 
O‘zining ilk asarlari, ayniqsa, yirik dialogi - “Erkin tanlov haqida” (388-395 yillar) 
asarida Avgustin yovuz iroda olamdagi barcha yovuzliklar va baxtsizliklarning 
manbai degan nuqtai nazarni ilgari suradi. SHaxsning axloqiy erkin tanlov prinsipi 
shundan iboratki, shaxs ongli tarzda o‘z xatti-harakatini ezgulikka bo‘ysundirmog‘i 
kerak; Oliy adolat har kimga haqli hukm qiladi.
Avgustin ilohiy tarixni siklik emas, balki ilohiy rag‘bat g‘olib chiqib, 
insoniyat mukammal axloqqa ega bo‘lib, “gunoh qilmaydigan” holatga etmaguncha 
davom etuvchi pog‘onama-pog‘ona harakat, deya tasavvur etgan. Avgustin 
dunyoviy davlatni, o‘z manfaatini ko‘zlab umumiy kelishuv asosida tashkil topgan 
kishilar jamoasi, deya ta’riflaydi. Jamiyatni ko‘zga ko‘rinmas ilohiy shahar yoki 
cherkov boshqaradi. Dunyoviy yoxud shaytoniy shahar – bu aholisi kibr-u havo 
bilan yashovchi shahardir.  

Download 5.8 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   315




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling