O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi guliston davlat universiteti
Download 0.8 Mb.
|
Notiqlik. Lotin 12.01.2021 (6)
- Bu sahifa navigatsiya:
- Materialning joylashishi.
- Nutqni so‘z bilan ifodalash
- To‘g‘rilik
- Nutqda so‘zlash (talaffuz qilish)
- “Eng muhim fanlarni, mavzularni o‘rganmay turib har taraflama maqtovga sazovor notiqqa aylanish mumkin emas”
Tantanavor nutqlar.
Kengash nutqlari. Suddagi nutqlar. Tantanavor suxandonlikka maqtov va tanbeh nutqlar, kengash suxandonligiga ishontiruvchi (ko‘ndiruvchi) va ishonchdan qaytaruvchi nutqlar, sud suxandonligiga esa ayblovchi va himoya qiluvchi nutqlar kirgan. Suxandonlikning uch manbayi va uchta maqsadi farqlangan: 1) tabiiy iqtidor; 2) nazariy ta’lim; 3) amaliy mashg‘ulot. Suxandonlikning uch maqsadi quyidagilar: 1) ishontirish; 2) huzur baxsh etish; 3) hayajonlantirish bo‘lgan. Ritorika fani shu maqsadlarga erishishni nazarda tutgan. Nutqni ritorik ishlab chiqish ushbu besh qismdan iborat: materialni topish, materialni joylashtirish, so‘z bilan bayon qilish, eslab qolish va nutq so‘zlash, deb ko‘rsatadi Sitseron. 1. Materialni topish. Sitseron suxandonlik materiali ikki maqomga bo‘linadi, deb ko‘rsatadi: a) aniq ishlar; b) umumiy masalalar. Faylasuflar, odatda, nazariy masalalar bilan, notiqlar esa amaliy masalalar bilan shug‘ullanganlar. Sitseron notiqlik san’ati haqida gapirganda, asosan, suddagi nutq nuqtayi nazar bo‘yicha yondoshgan. Sud nutqlari bilan bir qatorda, kengash nutqlari ham, tantanali nutqlar ham mayda qismlarga bo‘lingan. Siyosiy nutq davlat xavfsizligi va davlat mavqeyi, qadr-qimmati tushunchalaridan kelib chiqishi kerak bo‘lgan. 2. Materialning joylashishi. Nutq to‘rt asosiy qismga bo‘lingan: a) kirish; b) bayon; v) ishlov berish; s) xulosa. Ayrim nazariyotchi olimlar nutq qismlarini yettigacha bo‘lganlar: a) kirish; b) bayon; v) mavzuni belgilash; g) isbotlar; d) raqibning dalillarini inkor etish; j) chekinish; e) xotima. Notiq nutqini mana shunday sxema asosida olib borsa, g‘alaba qozonishi aniq bo‘lgan. Ayniqsa, notiq tinglovchilarning xayrixohligini, rahmdilligini, sertakalluflik, imo-ishoralar, kinoyalardan foydalangan holda uyg‘otishi mumkin. 3. Nutqni so‘z bilan ifodalash notiqning asosiy vazifasi hisoblangan. Kasbi notiqlik bo‘lganlardan tashqari muarrixlar, faylasuflar, shoir, yozuvchilarning qiziqishi keng bo‘lganligi uchun, suxandonlikning bu qismi ancha mashhur bo‘lgan. Sitseronning ko‘rsatishicha, so‘z bilan ifodalash to‘rtta asosiy talabga javob berishi zarur bo‘lgan: a) to‘g‘rilik; b) aniq-ravshanlik; v) o‘rinlilik; g) shukuhlilik. To‘g‘rilik – tilning grammatik va leksik (so‘z boyligi) me’yoriga rioya qilishni anglatadi. Aniqlik – barchaga ma’qul bo‘lgan so‘zlarni aniq ma’nosi va tabiiy birikuvida ishlatilishni nazarda tutadi. O‘rinlilik – har bir narsa (mavzu) uchun mos uslubni ishlatish va so‘zdan foydalanganda ehtiyot bo‘lish. Hashamatlilik – adabiy nutq odatdagi nutqdan g‘aroyib yoqimliligi va ta’sirchan, jonliligi bilan ajralib turishini anglatadi. Olimning fikricha, so‘z bilan ifodalash nazariyasi uch qismga bo‘lingan: a) so‘z tanlash haqidagi ta’limot; b) so‘zlar birikmasi haqidagi ta’limot; v) shakllar haqidagi ta’limotdir. Notiq nutqida qo‘llaydigan so‘zlarni tanlay olish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak, ya’ni kam ishlatiladigan va noyob so‘zlarni ham me’yorida ishlatishi zarur. Bunday so‘zlar ham uchga bo‘linadi: a) eskirgan so‘zlar; b) yangi so‘zlar; v) ko‘chma (bir necha ma’noli) so‘zlar. So‘zlarni biriktirishda, avvalo, so‘zlarning ohangdor joylashishi, ikkinchidan, iboralarning bir xil o‘lchamliligi, uchinchidan, iboralarning ritmik tugallanishi ko‘rib chiqiladi. So‘zlarning ohangdor joylashishi, masalan, bir so‘zning oxiri va keyingisining boshlanishi tirqishni (unlilar to‘qnashuvi) yoki qiyin talaffuz qilinadigan unsizlarni tashkil etmasligini; bir xil tovushlar qaytarilishidan tinglovchining g‘ashini keltirmaslikni, so‘zlarning tabiiy tartibidan juda uzoqlashib ketmasligini nazarda tutadi. Iboralarning o‘lchamdosh tuzilishi uch xil: a) qisqa ibora-kesma; b) o‘rtacha ibora-a’zo; v) uzun ibora-davr. Notiq so‘z tanlash, so‘z birikmalari va shakllaridan qancha o‘rinli foydalansa, uning nutqi shunchalik yuqori, yuksak turadi. 4. Yodda saqlash ritorikaning nazariy jihatdan eng kam ishlab chiqilgan qismidir. Notiq nutqining har bir qismini xotirasida to‘liq saqlab qolishi shart. Haqiqiy notiqlarning xotiralari hayratlanarli darajada kuchli bo‘lgan. Sitserondan keyin yashagan deklomator Katta Seneka (faylasuf Senekaning otasi) bir marta o‘qib, bir-biriga bog‘lanmagan ikki mingta matnning so‘zlarini yoki ikki yuz misrani bir marta eshitib, oxiridan boshlanishigacha shu zahotiyoq yoddan aytib bera olgan. Har bir yetuk notiqda mana shunday “xotira baquvvatliligi” xislati bo‘lishi zarur. Akademik Akmal Saidov hamda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ozod Sharofiddinov, Yo‘ldosh Jumaboyev, O‘tkir Hoshimovlarning ham havas qilgulik xotiralari baquvvat edi. 5. Nutqda so‘zlash (talaffuz qilish) ritorikaning oxirgi qismi bo‘lib, suxandonlikning o‘ta muhim tarkibiy bo‘lagidir. Sitseron mashhur notiq Demosfenning bir gapini qayta-qayta takrorlagan: “Suxandonlikdagi birinchi jihat – talaffuz (so‘zlash), ikkinchisi ham – talaffuz, uchinchisi ham talaffuz”, – degan edi. Notiq ovoz va tana-gavdani ishlata bilish, so‘zlashning ikki qismi bo‘lgan. Notiqning ovozi jarangdor, talaffuzi tushunarli (aniq), rango-rang, boy bo‘lishi zarur, lekin yasama ohangdorlik bo‘lmasligi kerak. Nutq so‘zlayotganda gavda olijanob bir tarzda tutilishi, nigoh to‘g‘ri va o‘tkir, ma’noli qiyofa, harakatlar keng, lekin bosiq bo‘lishi talab etiladi. Sitseronning “Brut” asari Rim notiqlik san’ati tarixiga bag‘ishlangan. Mutafakkir “Brut” asarida ikki yuzdan ortiq notiqlarni sanab o‘tgan. Mutafakkir: yunonlar falsafa deb ataydigan fan, eng yaxshi olimlar tomonidan barcha eslatib o‘tilgan fanlarning asoschisi va go‘yo onasi deb tan olinadi. Shuningdek, olim tomonidan matematika, musiqa, grammatika, adabiyot, tilshunoslik fanlariga ham baho beriladi. “Har holda agar men adashmasam, ushbu olijanob san’atlar va fanlarga o‘z umrlarini baxshida qilganlardan ajoyib shoirlar juda kam chiqdilar. Ammo yorqin iste’dod noyob bo‘lgan bu sohada, agar senda taqqoslash uchun bizning vatandoshlarimiz hamda yunonlar orasida eng yaxshilarini tanlab olish istagi paydo bo‘lsa, bari bir, yaxshi notiqlar yaxshi shoirlardan ko‘ra kamroq topiladi”, deb ko‘rsatadi. Bu bilan olim notiqlik alohida yorqin iste’dod talab qiladigan ish ekanligini ta’kidlaydi. “Ayrim fanlar va san’atlar mavhum va qiyinchilik bilan erishiladigan manbalardan olinadi. Ammo suxandonlik, fasihlikda esa umumiy asoslar hammaning ko‘z o‘ngida bo‘ladi, ularga barcha yetisha oladi, ular har kungi ishlar va gaplar chegarasidan chiqmaydi. Suxandonlikda nutqning odatdagi oddiy tuzilishi va hamma qabul qilgan tushunchalardan og‘ishdan ortiq ayb yo‘q, deb ko‘rsatadi olim. Yunonistonda notiqlik san’atida birinchi bo‘lishga intilmagan o‘spirinlar qolmagan. Suxandonlik – notiqlik san’ati, har biri ayrim-ayrim holda ham tahlil etish juda qiyin bo‘lgan fanlarning yig‘indisidan iboratdir. Suxandonlik, fasihlik (arabcha-ochiq, ravshan, ravon: yoqimli; uslubiyat qoidasiga muvofiq so‘zlovchi, fasohat bilan, chiroyli so‘zlovchi) qiyinchilik bilan o‘zlashtiriladigan va juda ham ko‘p bilimlar, sa’y-harakatlardan bunyod bo‘lishini Sitseron alohida ta’kidlab o‘tgan. “Eng muhim fanlarni, mavzularni o‘rganmay turib har taraflama maqtovga sazovor notiqqa aylanish mumkin emas”, deb yozgan olim. Notiq nutqi avvalo, faqat mavzuni to‘la bilishi asosidagina rivojlanishi zarur: ikkinchidan, mavzu ichidagi g‘oyalarni, mazmunlarni notiq o‘zi to‘la o‘zlashtirgan, o‘rgangan bo‘lishi zarur, uchinchidan, agar notiq yoritayotgan mavzu ma’nosiga o‘zi to‘la tushunmay gapirsa, puch va hatto, bolalarcha mahmadonalik bo‘lib qoladi, to‘rtinchidan, “notiq” – tushunchasida suxandonlik, fasihlikka da’vo borligini bilishi kerak, majburiyat, chiroyli gapirish burchini his qilishi zarur, deb maslahat beradi yunon olimi. Sitseron “Notiqlik haqida”gi birinchi kitobida yunon fasihligi, suxandonligi haqida gapirib, eshituvchi olomonni so‘z kuchi bilan o‘ziga butunlay zanjirband etish, bog‘lab olish, ularning e’tiborlarini jalb etish, ularning irodasini va erkini xohlagan tomoniga yo‘naltirish hamda qayerdan xohlasang, o‘sha yerdan qaytarish iqtidori bo‘lishi zarurligini aytib o‘tadi. Notiqlik – barcha hur xalqlarda, asosan tinchlik va osoyishtalik hukm surgan “davlatlarda hamma zamonlarda alohida hurmat-ehtirom va kuchga ega bo‘lgan”. Notiqdan – “dono fikrlari va salmoqli so‘zlari bilan tinglovchi aql-zakovatiga ta’sir etuvchi, aql hamda ko‘ngilga xush yoqimli ta’sir o‘tkazish” talab etiladi. Notiq-talabgorga yordam berish, mahzunlar ko‘nglini ko‘tarish, har qanday halokatdan qutqarish, xavf-xatardan xalos qilish, insonlarni hamyurtlari muhitida band qilishdan ham olijanobroq va marhamatliroq hech narsa yo‘qligini ko‘rsatadi. “Notiq – ta’sirli so‘zi, donishmandligi bilan o‘ziga izzat-obro‘ orttirishidan tashqari, keng xalq ommasiga mamlakatdagi o‘zgarishlar, islohotlar, yangiliklar, baxtli hayot kechirayotganliklari mazmun-mohiyatini tushunishlarini, his qilishlarini ta’minlashi kerak”, deb o‘ylaydi Sitseron. Notiqlik rivojlanishi va ulardan keng foydalanilganligi tufayli davlatlarning dastlabki tartibotlari ham saqlanib qolganligiga sabablardandir. Insonlarning barkamolligi ularni notiqlikni, fasohatlikni yaxshi o‘zlashtirganligi bilan bog‘liqdir, deb fikr bildiriladi. Yunon olimlarining fikrlaricha, notiq – ilm-fan bilan qurollangan holatdagina chiroyli so‘zlashga tayyorlangan, so‘z topqirligi tufayli, boshqaruv quroli – suxandonlikdan foydalanganlar, shuningdek, urf-odatlar, marosimlar mavjud qonun-qoidalarni mukammal bilish zarurligini tushunganlar. Notiq – aytayotgan fikrini adolatli, afzalligiga ishontira olish san’ati nihoyatda kuchli, mohir bayon qilish orqali sodda shaklda tuzishi zarur. Notiq – mamlakatda amal qilayotgan qonun-qoidalar, urf-odatlar va huquq bilan tanishgan hamda inson tabiati xarakterini, fe’lini bilishi, sezgirlik, mahoratiga ega bo‘lishi zarur. Notiq – bir vaqtning o‘zida huquqshunos, fizik, matematik, qisqasi, faylasuf bo‘lishi shart. Shuning uchun notiqlik san’atini egallash hamma zamonlarda ham oson bo‘lmagan. “Notiqning oliy kuchi – odamlar qalbida g‘azab, nafrat yoki g‘am-alam bilan o‘t yoqish, achinish tuyg‘ularini hosil qilgach, ushbu ehtiroslardan yana halimlik va shafqatga qaytarishdir”. “...Ta’sirchan, muzayyan, eshituvchilarning tuyg‘ulari va fikrlariga javob beruvchi nutqqina notiqning ayrilmas sarvatidir”. Suqrot: “...har kim ham nimani yaxshi bilsa, o‘sha narsada yetarli darajada fasihdir”, – deganida naqadar haq edi. Sitseron “qanday odam notiq bo‘ladi?”, – degan savolga quyidagicha javob bergan: – “Notiq shunday odam bo‘ladiki, u odam so‘z bilan tahlil qilinishi lozim bo‘lgan har qanday masalani aqlli, mavzun, tekis, chiroyli, yodda qoladigan va munosib ijroda bayon eta biladi. Notiqda o‘z ustida ishlashi, mashq qilishi uchun bo‘sh vaqti, faylasufona olimlik, ilm-fanga ehtirosli intilish bo‘lishi zarur”. Demak, notiq – donishmand bo‘lishi kerak. Notiq – ifoda go‘zalligi haqidagi fanni bilishi zarur; notiq – falsafa ilmini to‘liq o‘zlashtirgan bo‘lishi shart, notiq barcha ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bo‘ladi. “Notiq uchun birinchi galda tabiiy iqtidor, ikkinchidan, aql, uchinchidan, tuyg‘u tiyrakligi, chinligi zarurdir”. “Notiq esa dialektik (al-jadaliy)ning o‘tkir aqli, faylasuf tafakkuri hattoki, deyarli shoirning so‘zi, qonunshunoslarning xotirasi, tragik fojeaviy artistning ovozi hamda aktyorning o‘yini, ijrosiga ega bo‘lishi zarur”. Xulosa qilib aytganda, notiqlik san’atida – topish, bezash, ziynatlash, joy-joyiga qo‘yish, esda saqlab qolish, ijro bo‘lishi talab etiladi. Miloddan avvalgi IV asrda yashagan yunon notig‘i Demosfen duduq, ovozi xasta, qisqa-qisqa nafas oladigan inson bo‘lganligi manbalarda ko‘rsatilgan. Ammo, Demosfen bu qusurlardan qutilish uchun avvalo, notiqlikka oid kitoblarni o‘qigan, olimlardan, mutaxassislardan maslahatlar olgan va uzoq mashaqqatli mashq qilgan, oyna oldida, dengiz shovqinida, og‘ziga tosh solib gapirishni mashq qilishi orqali mashhur notiqlik darajasiga erishgan. Shuning uchun Yunonistonda va Rimda yuqorida ko‘rib o‘tilganidek, notiqlikning ilk amaliy va nazariy asoslari yaratilgan. Aristotel tomonidan “Ritorika”, Sitseron tomonidan “Notiq”, “Notiqlik san’ati” kabi bebaho qo‘llanmalar vujudga kelgan. Markaziy Osiyoda yashagan barcha mutafakkirlar ham notiqlik san’ati va nutq madaniyatiga oid o‘z qarashlarini turli asarlarida bayon qilganlar. Download 0.8 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling