Publitsistik uslub. Publitsistik uslub har bir insonning jamiyatda bo‘layotgan voqea-hodisaga munosabatini bildiruvchi nutq hisoblanadi. Publitsistika – lotincha so‘z bo‘lib, ijtimoiy yoki xalqchil degan ma’nolarni bildiradi. “Xalq ommasini siyosiy va tashkiliy jihatdan uyushtiruvchilik, harakatlantirish qudratiga ega bo‘lgan alohida yozma nutqqa ehtiyoj tug‘ildi”. Publitsistik uslub bu matbuot uslubi yoki gazeta nutqi ham deyiladi. Chunki matbuotda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy, diniy, adabiy-tanqidiy ruhdagi maqolalarning yozilish uslubiga publitsistik uslub deyiladi. “Matbuot nutqi odatda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy, adabiy-tanqidiy mavzulardagi ommaviy nashrlarda, ijtimoiy-siyosiy jurnallarda - barcha gazetalarda, notiqlarning nutqlarida, radio va televideniye orqali chiqishlarda namoyon bo‘ladi. Gazeta nutqida ommaga murojaat qilish, undash, axborot berish, qiziqtirish, rag‘batlantirish, ma’lumot tarqatish, uyushtirish, umuman olganda, ta’sir etish etakchi o‘rinda turadi. Matbuot nutqi ommaning faolligini oshirishda, yangiliklarni ularga tez yetib borishi, tushunarliligi, aniq, lo‘ndaligi, hayot bilan hamnafasligi” bilan ajralib turadi.
Badiiy uslub (nutq). Badiiy uslub keng qamrovli bo‘lib, turli tasvir vositalaridan, poetik san’atlardan foydalanish orqali namoyon bo‘ladi. Badiiy uslubda asar qahramonlari turlicha jonli so‘zlashuv tilida gapirtiriladi, shevalarda so‘zlashtiriladi. Badiiy nutqning uchta ko‘rinishi mavjud: a) nasriy nutq; b) poetik nutq; v) dramatik nutq.
Chaman ichinda bir gul, gul bir yon, chaman bir yon.
Sarvi, sanobarmidir? – Soch bir yon, suman bir yon.
Sahar, subhi sodiqda mushk bir yon, mujgon bir yon.
Tun pardasin tortsa gar, oy bir yon, osmon bir yon.
(To‘ra Sulaymonning “Gul bir yon, chaman bir yon” she’ridan)
Badiiy uslubda frazeologik iboralar, o‘xshatishlar, maqollar o‘ziga xos ko‘rinishlarda ko‘p qo‘llaniladi. Badiiy nutqda badiiy tasvir vositalaridan imkoni boricha to‘la foydalanish mumkin bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |