Ko‘ngli daryoday keng, mehri ulug‘vor,
Dugonasi Hayo, sinfdoshi Or.
Ayting, farishtadan nima farqi bor,
Kuyovga chiqmagan o‘zbek qizlarin?..
(Muhammad Yusufning “O‘zbek qizlari” she’ridan)
Badiiy nutqda sifatlashlarning ahamiyati katta. Notiq sifatlashni qayerda, nima uchun qo‘llashni bilishi zarur.
O‘xshatish – badiiy tasvir vositasi sifatida keng tarqalgan. Notiq nutqida ham o‘xshatishning o‘z o‘rni bor. O‘xshatishda predmetni yoki voqea-hodisani to‘g‘ridan-to‘g‘ri biron narsaga o‘xshatiladi hamda, -dek, -day, kabi qo‘shimchalar bilan yoki, go‘yo, xuddi, misoli, singari, bamisoli, yanglig‘ kabi ko‘makchilar orqali yuzaga keladi. O‘xshatish – o‘xshagan narsaga, o‘xshatilgan narsa, o‘xshash sifat, o‘xshatish qo‘shimchasi yoki ko‘makchisi kabi asoslarga – elementlarga ega. Notiq voqea-hodisani bayon qilganda yoki ma’ruza o‘qiyotganda, turli misollardan foydalanganda, o‘z fikrini yaqqol ifodalashda, maqsadini tinglovchilarga anglatishida, yangi obrazlar yaratishida foydalanadi.
– Bu yulduzlar kimning kanizagi deb,
Kimni aytar tunning ko‘rk, bezagi deb,
Quyoshning ko‘kdagi egizagi deb,
Osmon o‘rtasinda nozlanadir Oy.
(To‘ra Sulaymonning “Osmon o‘rtasinda o‘rtanadir Oy” she’ridan)
yoki
Shamol shamolni tebratar.
Shamol bulutni tebratar.
Bulut yomg‘irni tebratar.
Yomg‘ir tuproqni tebratar.
Tuproq maysani tebratar.
Maysa biyani tebratar.
Biya qimizni tebratar.
Qimiz yigitni tebratar.
Yigit suluvni tebratar.
Suluv beshikni tebratar.
Beshik bolani tebratar.
Bola dunyoni tebratar.
(To‘ra Sulaymonning “Tebratar” she’ridan)
Bu she’rlardagi o‘xshatishlar kitobxonni befarq qoldirmaydi. Shoir o‘xshatishdan nihoyatda o‘rinli, unumli foydalangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |