Nutq shakllaridan yana biri yozma nutqdir. Yozma nutqda fikr aniq va ta’sirchan bo‘lishi lozim. Yozma nutqda aytilishi kerak bo‘lgan mavzu yoki axborot, ma’lumot savodli qilib yoziladi va o‘zlashtiriladi. Yozma nutqning og‘zaki nutqqa nisbatan qiyinligi shundaki, og‘zaki nutqdagi ayrim xatolar sezilmaydi, lekin yozma nutqda xatolar u orfografik, stilistik va qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’iy nazar, “mana men” deb ko‘zga tashlanib turadi. Yozma nutqda notiq, avvalo, o‘zbek adabiy tilini, imlo lug‘atini, o‘zbek tili grammatikasini, imlo qoidalarini, so‘z bo‘g‘inini ko‘chirishni, tinish belgilarini ishlatishni bilishi zarur. Bugun yoshlarimizning aksariyatida yozma savodxonlik talab darajasida emas. “Og‘zakidan besh, yozmadan qoniqarsiz”, degan ibora shundan kelib chiqqan.
Yozma nutqning, mutaxassis olimlarning ta’kidlashlaricha, ma’ruza, konspekt, referat, mustaqil ish, taqriz, tavsiyanoma, tavsifnoma, bayon, rezyume kabi turlari ham mavjud.
Nutq shakllaridan yana biri, og‘zaki nutqning bir ko‘rinishi bo‘lgan so‘zlashuv nutqidir. So‘zlashuv nutqida eshitish asosiy o‘rinni egallaydi. “Jonli so‘zlashuv nutqining ham o‘ziga xos lug‘aviy, grammatik va boshqa belgilari bo‘ladi. Jonli so‘zlashuv nutqi ayrim tadqiqotchilarning ko‘rsatishicha, adabiy tilga qat’iy amal qiluvchi ilmiy, rasmiy, publitsistik va badiiy uslublarning yozma shakliga go‘yo zid tarzda belgilanadi: jonli so‘zlashuv nutqi alohida nutq ko‘rinishi; adabiy tilga amal qiluvchi yozma nutq uslublari (ilmiy, rasmiy, publitsistik, badiiy) alohida nutq ko‘rinishlari tarzida belgilanadi. Jonli so‘zlashuv nutqi tasodifiylik (ekspromtlik) xususiyatiga ko‘ra, ajralib turadi. Shuningdek, bu nutq turi odatda, diologik nutq ko‘rinishida bo‘ladi. Unda shevachilikka yo‘l qo‘yilishi mumkin. O‘ziga xos lug‘aviy birliklari bo‘ladi. (aylanay, o‘rgilay, jonginam, bo‘pti, mayli, xo‘p, bo‘laveradi, yo‘g‘-e, opke, kelaver ... kabi) Jonli so‘zlashuv nutqida so‘z-gaplar keng qo‘llaniladi:
U nima degani ekan?
Obbo, muncha suyuldingiz? Shunaqa gaplarga sizning ham suyagingiz yo‘q. Nari yoting ...
Shunaqa gaplarni ochiq gaplashadimi-a?
Bo, Xudo paranjini tashlab ko‘chada yurishga yuzi chidaganidan keyin uyati bormi? Qurib ketgurlar, biram sharmandaki. Tavba qildim... Tag‘in ham zilzila bo‘lib hammani yer yutmas ekan-da!
Tavba qildim-ey ... (Abdulla Qahhor);
Umed bilan kellim, bozordan quruq qaytmay deyman, bunga 50 tillo beray, keling, hay deng endi (Sadriddin Ayniy).
Berilgan parchalarda jonli so‘zlashuvga xos ko‘p xususiyatlar o‘z ifodasini topgan.
Adabiy nutq ko‘rinishlarining har biri ham o‘ziga xos lug‘aviy, grammatik va boshqa belgilarga ega bo‘ladi”, deb ko‘rsatadi professor Yo.Tojiyev. Adabiy nutqda ilmiy uslub, rasmiy uslub, badiiy uslub kabi ko‘rinishlar ham mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |