О‘zbekiston respublikasi oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi toshkent davlat transport universiteti «Ijtimoiy fanlar»
Download 59.11 Kb.
|
Akbar DHN Transport
- Bu sahifa navigatsiya:
- O‘rganishningning amaliy ahamiyati, amaliyotga tadbiqi
- Kurs ishining tarkibi
Mavzuning predmeti va obyekti. Mavzuni predmeti huquq normasi uning obyekti esa huquq normasi vujudga kelishin uchun asos bo`lgan munosabatlar tushuniladi.
Mavzuning vazifasi va maqsadi. Huquq normalari turi, vazifa maqsadlari va uning qullash usullarini o`rganish, uni amaliyotda tadbiq etish. Mavzuning o`rganilish darajasi. Hozirga qadar huquq normalarini sharhlashga oid juda ko`plab kitob va maqolalar nashr qilingan. Shuningdek bu mavzu yuzasidan ko‘plab olimlar ish olib borishgan. Bularga X.T.Odilqoriyev1, Z. M. Islomov2, X. R. Irsanov3, Sh. Saydullayev4, N. Saburov5lar misol bo’la oladi. Ammo ularda mavzuning yoritishda turlicha yondashuvlar ko`rsatilgan, shu boisdan biz kurs ishida mavzuning o`rganilish darajasini ham shu mavzuga bevosita aloqador kitoblar shuningdek umumiy fikrlardan ham foydalanib ko`rib chiqdik. O‘rganishningning amaliy ahamiyati, amaliyotga tadbiqi. O‘rganish ishidagi ilmiy xulosalardan o`quv–uslubiy qo`llanmalar yaratishda hamda fakultet professor o`qituvchi va talabalari uchun maxsus kurs ma`ruzalari tayyorlashda va ilmiy–nazariy konferensiya, seminarlar tashkil etishda foydalanish mumkin. Kurs ishining tarkibi. Kurs ishining tarkibi kirish, ikkita bob, xulosa, fodalanilgan adabiyotlar ro`yxatidan iborat. I Bob. Huquq normalari tushunchasi, belgilari va tuzulishi 1.1.Huquq normalari tushunchasi, belgilari. Huquq normasi instituti yuridik fanning, jumladan davlat va huquq nazariyasining fundamental ilmiy kategoriyalaridan biri hisoblanadi. Huquq normasi masalalarini ilmiy tadqiq etishning muhimligi shundaki, u huquqiy tizimning barcha elementlari bilan chambarchas bog‘liq: bir tomondan, huquq normasi huquq ijodkorligi, shu jumladan qonunchilik jarayonining mahsuli (hosilasi) bo‘lsa, ikkinchi tomondan, u huquqni qo‘llash jarayoni orqali amalga oshirilib, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish vositasiga aylanadi, uchinchidan, huquq normasi huquqiy munosabatlarning andozasi, modeli sifatida maydonga chiqadi6. Huquq normasi yuridik fan, xususan, davlat va huquq nazariyasining fundamental kategoriyalaridan biri hisoblanadi. Huquq normasi huquqiy tizimning barcha elementlari bilan chambarchas bog`liq bo`lib, bir tomondan, u huquq ijodkorligi, shu jumladan qonunchilik jarayonining mahsuli bo`lsa, ikkinchi tomondan, u huquqni qo`llash jarayoni orqali amalga oshirilib, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish vositasiga aylanadi, shuningdek huquq normasi huquqiy munosabatlarning andozasi, modeli sifatida maydonga chiqadi. Huquq normalari yig`indisi jamiyat huquqiy tizimining normativ asosini, ya’ni o`zagini tashkil qiladi.Jamiyatda qaror topadigan yangi munosabatlar ularni tartibga solishga qaratilgan tegishli huquq normalarini yaratilishiga turtki beradi. O`z navbatida, bu huquq normalari yangi munosabatlarni qonuniy jihatdan mustahkamlaydi, muhofaza qiladi va rivojlantiradi. Xuddi shu ma’noda huquq normalari jamiyat taraqqiyotiga muhim hissa qo`shadi, xizmat qiladi. “Norma” so`zi lotinchadan olingan bo`lib, “qoida”, “namuna” degan ma’nolarni anglatadi7. Jamiyatda amal qiluvchi huquq obyektiv voqelik bo‘lib, u huquqiy normalar yig‘indisidan iborat. Huquq normasi milliy huquq tizimining boshlang‘ich elementi, uning mazmunini tashkil qiluvchi substansiya (asos) dir. Davlat huquqiy ta’limot va amaliyot huquqiy norma va uning ta’rifi borasida ko‘plab ilmiy talqinlar yaratgan. Huquqiy tizimning hech bir qismi, biron-bir sohasi huquq normasi bilan bog‘lanmagan holda izohlanishi mumkin emas. Shu bois, huquqiy normalar huquqiy tizim tabiatiga xos barcha xususiyatlarni o‘zida ifoda etadi. Yuridik normalarni tadqiq etishga akademik Sh.Z. O‘razayev, professorlar M.H. Xakimov, V.K. Babayev, M.I. Baytin, Z.M. Islomov, P.Е. Nedbaylo, A.S. Pigolkin, A.F. Shebanov va boshqalar barakali hissa qo‘shganlar8. Adabiyotlarda huquq normasi, odatda, talab etilayotgan xatti-harakat qoidasi yoki shunday xulq-atvor, faoliyatning o‘lchovi sifatida ta’rif qilinadi. Huquq ijtimoiy munosabatlarga ta’sir etuvchi vosita sifatida doimo, muayyan xulq-atvor, xatti-harakat qoidasi sifatida namoyon bo‘ladi. U analogik (bir-biriga o‘xshash) vaziyatlarda huquq subyektlari tomonidan takror-takror qo‘llanishga mo‘ljallangan. Huquq normasini ta’riflashda, avvalo, uning ijtimoiy normalarning bir turi ekanligidan kelib chiqish lozim. Ijtimoiy normalar kishilik jamiyati turmush tarzi uchun xos bo‘lib, mazkur normalar odamlar va ularning uyushma-lari o‘rtasidagi turli-tuman aloqalar hamda munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi. Bunday qoidalar qatoriga kishilar va ular guruhlarining o‘zaro munosabatlari, yurish-turish va xulq-atvorini tartibga soluvchi barcha axloqiy, diniy, siyosiy, korporativ, huquqiy va boshqa normalar kiradi9. Huquq normasi – davlat tomonidan o`rnatiladigan yoki ma’qullanadigan, muayyan shaklda ifodalanadigan, ijtimoiy munosabatni tartibga solishga qaratilgan umummajburiy xulq atvor qoidasi.Huquq tizimining barcha elementlari (norma, institut, soha) huquq normasi bilan chambarchas bog`liqlikda mavjud bo`ladi. Boshqacha aytganda, huquq normasi huquqiy tizimning asosini, boshlang`ich hujayrasini tashkil etadi. Shu sababli unda, avvalambor, huquq mazmunining asosiy xususiyatlari ifodalanadi. Huquq normalari ijtimoiy normalar sifatida kishilarning o`zaro munosabatlaridagi xulq-atvor normalari jumlasiga kiradi. Bu ruxsat berish, cheklash, taqiqlash yoki pozitiv huquqqa xos majburiyatlar qoidasini o`z ichiga oluvchi qoidadir. Huquq normasi – ijtimoiy hodisa sifatida huquqning asosiy, muhim qismi, butun huquqiy tizimning bosh tushunchasidir. Huquqning shakllanishi va amalga oshirilish jarayoni, qonunlar, barcha yuridik tushunchalar va tuzilishlar, hatto nazariya ham o`z zamirida bevosita yoki bilvosita huquq normasiga ega bo`ladi10. Huquqiy normalar qadimdan turli ijtimoiy-hayotiy qoidalar: urf-odatlar, an’analar, rasm-rusumlar, marosim tartiblari, diniy qoidalar, axloq talablari ta’sirida shakllanib kelgan. Shu bois huquqiy normalarning tarixan paydo bo‘lishi, shakllanishi va rivojlanishiga boshqa ijtimoiy normalar ta’sir ko‘rsatganini nazarda tutish lozim. Tarixiy nuqtayi nazardan qaraganda, dastlab ijtimoiy normalar turli ijtimoiy guruhlar, qatlamlar tomonidan shakllantirilib, hayotga tatbiq etib borilgan. Masalan, ibtidoiy tuzumda bu faoliyat asosan, urug‘, qabilalar tomonidan amalga oshirilgan. Ijtimoiy normalar, asosan, jamoaviy turmush tarzini, oilaviy va mehnatga oid munosabatlarni va boshqa aloqalarni tartibga solishga qaratilgan. Huquqiy (yuridik) normalar ijtimoiy normalarning alohida turi sifatida ijtimoiy normalarga xos barcha belgilarga ega bo‘ladi. Ayni vaqtda, huquq normalari faqat o‘zigagina xos xususiyatlarga ham ega. Huquq normasi shunday xususiyat kasb etadiki, u ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda har qanday xulq-atvor va xatti-harakatlarda aniq me’yorni belgilovchi mezon bo‘lib hisoblanadi. Agar jamiyat hayotining bir qator jihatlari axloq, urf-odat, madaniyat qoidalari, an’ana, udum, rasm-rusumlar bilan bog‘liq bo‘lsa, huquqiy hayot sohasidagi munosabatlar huquqiy normalar vositasida tartibga solinadi11. Tarixiy ma’lumot. Qadimgi Sharq mamlakatlari huquqiy tizimida ibtidoiy urug‘doshlik tuzumidan saqlanib qolgan odatlar, marosim qoidalari va an’analar aks etgan. Bu davrda huquq hali ma’lum tizimga, bir qolipga solinmaganligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, huquq tizimining hali tarmoqlarga bo‘linishi ham aytarli sezilmas edi. Bu davrning qoidalarida moddiy va protsessual normalar qorishib ketgan edi. Masalan, «...jazo tizimida jamoa bo‘yicha javobgarlik, bir kishining jinoyati uchun oila a’zolarining javobgarligi, jazo tayinlashda talion – «ko‘zga ko‘z, tishga tish» prinsipini, sud yuritish ishlarida ordaliya – sinab ko‘rish (hovuzda cho‘ktirib ko‘rish) mavjudligini ko‘rishimiz mumkin»12. Xuddi shunday qoida yaratilishi antik davlatlar davrida, ayniqsa, quldorlik paytida o‘ziga xos kechgan. Ularda tovar-pul munosabatlari birmuncha rivojlangan, huquqiy tizim sohalarga bo‘lingan (fuqarolik, oila, nikoh, jinoyat va boshq.). Ayniqsa, Rim huquqi ancha mukkamal tuzilganki, keyinchalik u ko‘pgina davlatlarning huquqiy tizimlari shakllanishiga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Misol tariqasida, roman-german davlatlarining huquqiy tizimini (Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya va h.k) olishimiz mumkin. Unda rim huquqining resepsiyasi sezilib turadi13. Qadimgi davlatlarda hokimiyatni bir shaxs qo‘lida to‘planganligi, ya’ni qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud yakka shaxs ixtiyorida ekanligi, boshqaruv tuzumi monarxiyaga asoslanganligi yuridik tartib-qoidalar yaratilishida o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Tarixiy manbalarning guvohlik qilishicha, «Mil. av. XIII asrda qonunchilik taraqqiy topa boshlagan. Masalan, fir’avn Ramzes II ning armiyani mustahkamlash, nasab va mansab toifalarini belgilash haqidagi qonunchiligi, mil. av. VII asrda fir’avn Bakxorisning 8 kitobdan iborat qonunlar to‘plami»14 kabilarni misol keltirish mumkin15. Shuningdek, «Mil. av. uchinchi ming yillik oxirgi podsho Ur-Nammuning qonunlari, Isina hukmdori Lippid Ishtarning qonunlari, Esnunna hukmdori Bilalam qonunlari (mil. av. ikkinchi ming yillik boshlari), O‘rta Ossuriya qonunlari (mil. av. ikkinchi ming yillik o‘rtalari), Qadimgi Bobil hukmdori Xammurapi (1792–1750-yillar) qonunlari. Mazkur kodeks 282 moddadan iborat bo‘lib, shundan 35 tasi o‘chib ketgan (keyinchalik tiklangan) va bizgacha 282 ta modda yetib kelgan. Tarkibiy tuzilishi 3 qismga bo‘linadi: 1) Kirish; 2) Sudnoma (asosiy qism); 3) Xulosa hisoblanadi16. Ushbu manbalardagi huquq normalari, asosan davlat hokimiyatini kuchaytirishga, qulchilik va mulkchilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan17. Albatta, qadimiy huquqiy manbalardagi huquq normalarining bayoni, mazmuni, tuzilishi bugungi tadqiqotchilar, mutaxassislar va talabalar uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Shu bois yuqoridagi tarixiy yodgorlikdan ba’zi iqtiboslar keltiramiz. Xammurapi qonunlari shakli ham o‘sha davr uchun o‘ziga yarasha yangilik hisoblangan. Har bir modda tarkibiy tuzilish(struktura)ga ega ekanligi uni tushunish va omma ongiga sindirilishida muhim ijtimoiy vazifani o‘tagan. Xammurapi qonunlari normalari sodda ko‘rinishda bo‘lib, aksariyati dispozitsiya va sanksiyadan iborat bo‘lgan. Masalan, gipoteza «agar, agarda» degan so‘zlaridan boshlangan, hamda jinoyat yoki huquq buzilish holati (dispozitsiya) bayon etilgan, so‘ng sanksiya «unda» degan so‘zi bilan boshlanib, tegishli jazo belgilab qo‘yilgan. Jazoning muqobil ko‘rinishga ega bo‘lishi ham nazarda tutilgan18. «Agar inson sudda jinoyat to‘g‘risida guvohlik uchun chiqqan bo‘lsa va u aytgan so‘zlarini isbotlay olmasa va bu ish hayot to‘g‘risidagi ishiga taalluqli bo‘lsa, unda inson o‘ldirilishi kerak» (3-modda)19. «Agar inson uyiga o‘t ketgan bo‘lsa, o‘tni o‘chirish uchun kelgan boshqa inson unga uy egasi mol-mulkiga ko‘z qo‘yib, uni olgan bo‘lsa, unda bu inson ushbu olovga tashlanishi kerak» (25-modda)20. Xammurapi qonunlari qadimgi dunyo tarixiga mansub bo‘lishiga qaramay, bugun ham o‘z dolzarbligini saqlab kelmoqda. Mazkur qonunlar qadimgi dunyo hayotida ijtimoiy me’yorlarni o‘rnatish va tartibsizliklarning oldini olishga qaratilgan bo‘lib, davlatni mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Shu bilan birga ushbu hujjat qadimgi davlatning rivojlanish darajasini tavsiflab beradi. Uni o‘rganish davomida Qadimgi Bobil ancha yuqori rivojlanish cho‘qqisiga ega bo‘lganligi va murakkab ijtimoiy munosabatlarni shakllantirganini, ularni huquqiy tartibga solganini kuzatish mumkin21. Yana bir misol. Rim huquqining noyob yodgorligi hisoblangan «XII jadval qonunlari» (mil.av. 451–450-y.y. 12 mis lavhaga o‘yib yozilgan) respublika shaklida boshqariladigan jamiyat ehtiyojlari uchun yaratilgan bo‘lsa-da, unda ham urug‘doshlik tuzumining urf-udumlari, an’anaviy ong ifodalari, odatlari ta’siri sezilib turadi. XII jadval qonunlarining manbalari odat huquqlari va Afina huquqi (Salon qonunlari – Mil.av. VI asr, Drakont qonunlari – mil.av. 611-y.) hisoblangan. XII jadval qonunlarining ayrim normalarini misol keltiramiz22: «Agar tungi o‘g‘irlik yoki qurol-yarog‘ vositasi bilan o‘g‘irlikda aybdor kimsa qo‘lga tushsa, unda u o‘sha joyda o‘ldirilishi lozim» (VIII jadval, 11-12-bandlari). «Agar odamning badaniga va boshiga shikast yetkazsa, qo‘l bilan yoki tayoq bilan urib qo‘l yo oyog‘ini sindirsa, unda aybdorga ozod kishi jabrlangan bo‘lsa – 300 ass, qulga ana shunday zarar yetkazilsa – 150 ass miqdorida jarima solinadi». Yolg‘on guvohlik berganlik uchun qonun juda qattiq jazoni – Tarpey qoyasidan uloqtirib yuborish bilan qatl etishni nazarda tutgan (VIII jadval, 23-band). Sudsiz biron-bir ozod kishini hayotidan mahrum qilish taqiqlangan (XI jadval 6-band)23. Hozirgi jamiyatda huquq normasi huquq tizimining birlamchi tarkibiy elementi hisoblanadi. Ma’lumki, obyektiv huquq o‘z ichki tuzilishiga egadir. Huquq tizimi yaxlit bir vujud (organizm) sifatida o‘z tarkibiga huquq tarmoqlari, huquq institutlari va huquq normalarini qamrab oladi. Bordi-yu, huquqni, huquq tizimini bir bino deb qaraydigan bo‘lsak, huquq normasi uning dastlabki tamal toshi sifatida, yoki bir jonli organizmning eng kichik, birlamchi hujayrasi sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, mantiq nuqtayi nazaridan butun huquq mazmuniga xos bo‘lgan asosiy sifat va belgilar har bir alohida olingan huquq normasida namoyon bo‘ladi24. Huquq normasi ifoda etadigan formal-yuridik belgilar quyidagilardan iborat: a) huquq normasining bevosita davlat bilan aloqasi (bog‘liqligi), ya’ni, huquq normasi davlat tomonidan o‘rnatiladi yoki ma’qullanadi; u hokimiyat tepasida turgan siyosiy kuchlarning amri-irodasini ifodalaydi; b) huquq normasi davlat irodasini ifodalaydi (mujassamlashtiradi); v) huquq normasi umummajburiy bo‘lib, vakolat beruvchi, majburiyat yuklovchi mazmunga ega; g) huquq normasida ifodalangan qoida qat’iy rasmiy aniqligi bilan tavsiflanadi; d) huquq normasi uzoq muddat qo‘llanishga mo‘ljallangan; ye) huquqiy normalar o‘zaro mutanosib va iyerarxik bo‘ysunish tarzida mavjud bo‘ladi; j) huquq normasi davlat tomonidan muhofazalanadi; z) huquq normasining qoidasi buzilgan taqdirda davlat majburlovi qo‘llaniladi; i) normativ hujjatlar va boshqa huquq manbalarida ifoda (bayon) etiladi. Ayni paytda, huquq normasi yaxlit bir tizimning dastlabki bo‘lagi sifatida o‘ziga xos jihatlarga ham ega bo‘ladi. Huquq normasining mohiyatini teran anglash uchun uning lug‘aviy ildiziga, etimologiyasiga e’tibor qaratish lozim. «Norma» (lotincha) so‘zi «qoida», «aniq ko‘rsatma», «namuna», «o‘lchov» ma’nolarini anglatadi. Darhaqiqat, har bir norma o‘zida biron-bir xatti-harakat, xulq-atvor qoidasini, muayyan yurishturish modelini ifodalaydi, Masalan, O‘zbekiston Respubliasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga binoan, «Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi». Bu huquqiy normada fuqarolarning muhim konstitutsiyaviy huquqi bo‘lmish sudga himoya so‘rab murojaat qilishga oid qoida mustahkamlagan25. Huquq normasida jamiyatning, xalqning, ular hayotining moddiy shart-sharoitlari bilan belgilanadigan erki, irodasi, manfaatlari ifodalanadi. Huquq normasi shaxslarning bir-biri bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarida qanday xatti-harakat modeliga, namunasiga rioya etishlari lozimligini, ya’ni qaysi harakatlarni sodir etish mumkin yoki qanday xatti-harakatlarni sodir etmaslik kerakligini ko‘rsatadi. Shu ma’noda huquq normasi insonlar xulq-atvorining huquqiy mezoni sifatida maydonga chiqadi. Uning tartibga soluvchi vosita sifatidagi ahamiyati shundaki, muayyan huquq subyekti (xususan shaxs, organ, muassasa) o‘z harakatida huquq normasida mustahkamlangan qoidaga rioya etadi yoki boshqa huquq subyektidan huquq normasida belgilangan tegishli xatti-harakatni sodir etishni talab qiladi. Basharti, belgilangan huquqiy qoida bajarilmasa, huquqbuzarga nisbatan davlat ta’sir chorasi qo‘llaniladi26. Demak, huquq subyekti huquq normasida belgilangan xatti-harakat me’yoriga rioya qilgan taqdirda, holatida huquq normasi xatti-harakat o‘lchovi, faoliyat mezoni sifatida namoyon bo‘ladi. Huquq normasida belgilangan qoida buzilganida esa, u huquq subyektining harakatiga baho berish vositasi sifatida maydonga chiqadi. Huquq ijtimoiy munosabatlarni qat’iy tartibga solish salohiyati tufayli katta tarbiyaviy ahamiyatga ham ega, shu bois huquq normasi huquq buzilishi holatlarining oldini olishga xizmat qiladi. Chunki, huquq subyekti tomonidan qonunda belgilangan huquqiy xatti-harakat qoidasini buzish, muqarrar ravishda unga nisbatan ta’sir chorasining qo‘llanishiga olib keladi27. Huquq normasi yalpi umumiy xususiyatga ega. U ijtimoiy munosabat qatnashchilarining barchasiga, ularning xohish-istagiga bog‘liq bo‘lmagan holda, tegishli bo‘ladi. Ya’ni, ijtimoiy munosabatlarning ma’lum bir toifasiga, turiga tegishlidir (masalan, bitimlar tuzish, pensiyaga chiqish tartibi, nikohdan o‘tish va hokazo). Huquqiy normaning umumiy xarakterga ega ekanligi, avvalam-bor, shunda ko‘rinadiki, huquqiy normada ko‘zda tutilgan analogik holatlar yuzaga kelaverar ekan, bu norma ham qo‘llanilaveradi va aslo o‘z yuridik kuchini yo‘qotmaydi. Boshqacha aytganda, go‘yo normadagi holatlar o‘zining yuzaga kelishini «kutib yotadi» va vaziyat vujudga kelganda ishga tushadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 179-moddasida mustahkamlangan «soxta tadbirkorlik, ya’ni ustavida ko‘rsatilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadini ko‘zlamasdan ssudalar, kreditlar olish, foydani (daromadni) soliqlardan yashirish (soliqlarni kamaytirish) yoki boshqacha mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida korxonalar va boshqa tadbirkorlik tuzilmalari tuzish»dan iborat xatti-harakatning sodir etilishi – ushbu moddaning «harakat» ga kelishiga, qo‘llanishiga olib keladi28. Huquqiy normaning yana bir muhim jihati, uning davlat erki-irodasini, hokimona amrining ifoda etishida ko‘rinadi. Shu bois, huquq normasi – muayyan munosabatlar ifodasi yoki muayyan harakat sodir etishni maslahat beruvchi tavsiyanoma bo‘lmay, balki, shu normada ko‘rsatilgan holatlar yuzaga kelganda qanday harakat qilish lozimligini belgilovchi hokimiyat amridir. Har qanday huquq normasi vakolatli davlat organi tomonidan o‘rnatiladi yoki ma’qullanadi, shu bois u davlat amri-irodasini ifodalaydi, umummajburiy qoida tariqasida amal qiladi. Mabodo, huquq normasida belgilangan xatti-harakat qoidasi bajarilmasa, uning bajarilishini ta’minlovchi davlatning majburlov choralari harakatga keladi. Masalan, huquq subyekti tomonidan qonunga xilof harakatlar sodir etilishi tegishli yuridik javobgarlikka olib keladi, demak, huquq normasi davlatning majburlov kuchiga tayanadi29. Huquq normasi huquq subyektiga muayyan huquqlarni bergan taqdirda ham davlatning amr-irodasi saqlanib qoladi, chunki bu iroda huquq subyektining huquqlari kafili sifatida namoyon bo‘ladi. Huquq normasi mazmunan va ijtimoiy ahamiyatiga ko‘ra davlat amri-irodasini ifodalagani uchun uning bu belgisi, o‘z navbatida, huquqiy normaning ifodalanish shakliga qat’iy talab qo‘yadi. Shu sababli, huquqiy normalar shaklan aniqlikka ega bo‘ladi. Huquqiy norma qonunlarda, shu kabi boshqa rasmiy normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlanadi, zero, huquq normasini to‘g‘ri tushunish va o‘rinli qo‘llash uchun, u albatta puxta ishlangan, aniq va ixcham shaklda ifodalangan bo‘lishi kerak. Ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi ijtimoiy normalar ichida huquq normasi o‘zining aynan shu jihati, ya’ni shaklan aniq qoida ekanligi bilan ajralib turadi30. Yuqoridagi tahlillar asosida huquq normasining quyidagi o‘ziga xos belgilarini ta’kidlash mumkin: Birinchidan, jamiyat, shaxs yoki ijtimoiy guruh uchun qadr-qimmatli bo‘lgan eng muhim ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Bunda, birinchi navbatda, normadagi adolat va erkinlik g‘oyalari bilan belgilanadigan ijtimoiy munosabatlar huquqiy idrok etish va qonuniy mustahkamlash predmeti bo‘ladi. Bunda huquqning ijobiy munosabatlarni mustahkamlash funksiyasi namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, jamiyat, shaxs manfaatlarini qo‘riqlash maqsadida ba’zan salbiy, noxush ijtimoiy xulq-atvor ham huquqiy norma ta’siriga tushadi, lekin o‘z-o‘zidan emas, balki nizoli vaziyatlarni tartibga solish vositasi orqali aks etadi. Yuridik normalarda ijtimoiy voqelik, uning yo‘nalishlari va rivojlanish istiqbollarini aks ettirishning murakkabligi, hatto nobop normalar qabul qilishga olib kelishi mumkin. Huquqda ijtimoiy voqelikni aks ettirish subyektiv bo‘lib, davlatning huquq ijodkorligi bilan shug‘ullanuvchi organlari faoliyati ilmiylik prinsiplariga har doim ham asoslanavermasligi bois xato normalarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, huquqiy normalarda aks ettiriladigan ijtimoiy munosabatlarning ahamiyati, muhimligi darajasi normaning qonunchilik iyerarxiyasida egallaydigan o‘rnini belgilaydi. Eng muhim ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalar yuridik kuchi jihatdan yuqori nufuzga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar – konstitutsiyalarda, konstitutsiyaviy qonunlarda, qonunlarda ifodalanadi31. Ikkinchidan, huquq normasi tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning modeli sifatida namoyon bo‘ladi. Modellashtirish – bu ongda ijtimoiy reallikning andozasini in’ikos etish, vujudga keltirish yo‘li bilan tabiiy va ijtimoiy hodisalarni idrok etish jarayonidir. Qonun chiqaruvchi organ «ongida» shakllantirilgan ijobiy xulq-atvorning namunaviy variantlari, ijtimoiy hodisalar haqidagi tasavvurlar modeli shaklida ifodalanadi. Modelni ifodalash vositalari turli-tuman: tabiiy til vositasi, formulalar, konstruksiyalar, raqamlar va hokazolardir. Huquqiy norma faqat xulq-atvor emas, balki ijtimoiy munosabatlarning holati, ularning xususiyatlari, obyektiv va subyektiv tarkiblarini ham modellashtiradi. Bunda u huquqiy holat va tushunchalar, huquqiy tartibga solish chegaralari, usullari, prinsiplari haqida, huquqqa muvofiqlik va huquqqa zidlik, huquqiylik va nohuquqiylik haqida axborot yetkazadi. Ijtimoiy munosabatlarning modeli sifatida normativ-huquqiy hujjatda mustahkamlangan yuridik normalar ijtimoiy voqealikning yaxlit manzarasini aks ettiradi. Shuning uchun ham har qanday mamlakat va davrning qonunchilik yodgorliklarini o‘rganish – shu davr davlati, jamiyati va hayoti, turmushi va huquqi haqida ancha ishonchli axborot beradi. Huquq normasi o‘zidagi mavjud axborot, shuningdek ijtimoiy munosabatlarni modellashtirishda alohida ahamiyat kasb etishi tufayli ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish imkoniyatiga ega. U ijtimoiy munosabatlarni aks ettirganligi bois unga muayyan mazmun va ifodalanish shakli xos bo‘ladi32. Uchinchidan, ijtimoiy jarayonlar, holatlar va aloqalarning takrorlanishi tufayli huquq normasi ularning tipikligini aks ettiradi hamda mustahkamlaydi. Odatda, tip jihatidan mansublik mavjud munosabatlarga xos bo‘ladi, lekin u yangidan shakllanayotgan, kelgusida takrorlanib turishi ehtimol tutilgan ijtimoiy aloqalarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Tipiklashtirish – murakkab tafakkur jarayoni bo‘lib, umumlashtirish, holatlarining muhim belgilarini aniqlash va ahamiyatsiz belgilarni bo‘rttirmaslikni nazarda tutadi. Huquqiy normaga nisbatan esa tipiklashtirish muayyan vaziyatlardagi huquqiy hodisa yoki inson xatti-harakatidagi muhim jihatlarni ajratib ko‘rsatishda ifodalanadi. Bu huquqiy holatlarda (shaxsning individual belgilaridan tortib, uning ayrim fe’l-atvorigacha) muayyanlikdan abstraksiyalashishga o‘tish jarayonidir33. Shu tufayli «erkinlik qonunlarda alohida shaxs o‘zboshimchaligiga bog‘liq bo‘lmagan, nomuayyan, nazariy mavjudlik kasb etadi»34. Tipiklashtirish tufayli huquqiy tushuncha o‘ziga xos ma’lum belgilariga ega bo‘ladi, xulq-atvor qoidasi esa ijtimoiy munosabatlar bilan aloqani uzmagan holda o‘zining tartibga soluvchi ta’siri bilan cheksiz miqdordagi shaxslarni qamrab olish xususiyatiga ega. Shu ma’noda yuridik norma uchun mazmunining aniqligi va subyektlarining mavjudligi xosdir. Huquq normalari mazmunini tipiklashtirish shunga olib keladiki, bunda ular turli shaxslar uchun teng masshtab, me’yor sifatida namoyon bo‘ladi. Bu huquqning barqarorlik xususiyatini ham belgilab beradi. Ijtimoiy munosabatlar ancha uzoq muddat mavjud bo‘lgandagina, ularga xos umumiy va barqaror belgilar tipik ma’no kasb etadi. Bu barqarorlik huquq normasida mustahkamlanib, ularga doimiylik, izchillik baxsh etadi. Huquqiy normalar modellashtirayotgan ijtimoiy munosabatlar notipik bo‘lib qolgan taqdirdagina o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin35. To‘rtinchidan, huquq normalari umummajburiy xususiyatga ega. Huquq normasining bu xususiyati unga og‘ishmay rioya qilish va ijro etish hamda inson xulq-atvoriga davlat, jamiyat va ijtimoiy guruhlar tomonidan ma’lum munosabat bildirilishini ko‘zda tutadi. Agar xulq-atvor yuridik norma talabalarga muvofiq kelsa, munosabat ijobiy bo‘lishi mumkin yoki norma talablari buziladigan bo‘lsa, salbiy aks ta’sir yuz berishi mumkin. Huquqiy normaga, umuman huquqqa rioya qilish va uni ijro etish ichki va tashqi omillar bilan ta’minlanadi. Shunday qilib, huquq normasi – davlat tomonidan o‘rnatilgan yoki ma’qullangan, bajarilishi hamma huquq subyektlari uchun umummajburiy bo‘lgan, davlatning majburlov kuchi bilan muhofazalanadigan, ijtimoiy munosabat qatnashchilarining huquq va majburiyatlarini o‘zida mujassam etgan va aniq shaklda ifodalangan xatti-harakat mezoni, yurish-turish qoidasidir36. Huquq normasining asosiy belgilari quyidagilardan iborat: 1. Irodaviy xarakterga egaligi. Unda jamiyatning davlat irodasi, manfaati, maqsadi aks etadi. Mazkur iroda ijtimoiy voqelikning ijtimoiy-iqtisodiy, milliy, ma’naviy, tabiiy va boshqa shart sharoitlar bilan bevosita bog`liq bo`ladi. 2. Normativligi. Huquq normasining normativligi jamiyat rivojlanishining muayyan davrida tipik va barqaror holatda bo`lgan hamda o`zining takroriyligi va umumiyligi bilan tavsiflanadigan kishilarning munosabatlari va harakatlarini tartibga solishida namoyon bo`ladi. 3. Davlat bilan o`zaro bog`liqligi. Huquq normalari davlat tomonidan o`rnatiladi, ma’qullanadi, o`zgartiriladi yoki bekor qilinadi. O`z navbatida, davlatning jamiyat hayotining turli yo`nalishlaridagi faoliyati huquq normalari bilan chegaralanadi va tartibga solinadi. Huquq normalarining bajarilishi davlat tomonidan ta’minlanadi. 4. Umummajburiyligi. Bu shuni anglatadiki, huquq normalari barcha huquq sub’ektlariga qaratilgan bo`ladi va ushbu normalar ular tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. 5. Rasmiy va shaklan aniqlikka egaligi. Huquq normasi umumijtimoiy iroda sifatida davlat tomonidan o`rnatilgan rasmiy yuridik hujjatlar shaklida (normativ-huquqiy hujjatlar, normativ shartnoma va boshqalar) ifodalanadi. Shuningdek, boshqa ijtimoiy normalardan farqli ravishda huquq normalari aks etgan normativ huquqiy hujjatlar muayyan rekvizitlarga ega bo`ladi (qabul qilingan vaqti, joyi, ro`yxat raqami, nomi va boshqalar).6. Tizimliligi. Tizim so`zi yunoncha “сйстеме” terminidan olingan bo`lib, o`zbek tilida “yaxlit”, “qismlardan iborat” degan ma’nolarni bildiradi. Mazkur belgi huquq normasining muayyan tarkibiy qismlarning mantiqiy, izchil va mutanosiblikda ekanligini anglatadi37. Download 59.11 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling