2.2 Binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish
Umumiy qoidalar
1 Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 iyundagi 389-son qaroriga “Binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish tartibi toʼgʼrisida”gi Nizom Binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish tartibini belgilaydi.
Binolar va inshootlar davlat kadastri hududiy printsip boʼyicha tashkil etiladi va obʼektlarning huquqiy, xoʼjalik va arxitektura-qurilish maqomi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar tizimini tashkil etadi.
Binolar va inshootlar davlat kadastri binolar va inshootlar mulkdorlari va bu obʼektlardan boshqa foydalanuvchilarning huquqlarini, shuningdek, binolar va inshootlarga egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning davlat roʼyxatidan oʼtkazilishini taʼminlash uchun axborot tizimi yordamida raqamli shaklda davlat tilida yuritiladi.
Binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish boʼyicha munosabatlar mazkur Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Binolar va inshootlar davlat kadastri maʼlumotlari barcha davlat tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy yuridik kuchga egadir. Kadastr hujjatlari binolar va inshootlar bilan fuqarolik-huquqiy bitimlarni amalga oshirishda va boshqa yuridik harakatlarda huquqiy, iqtisodiy va texnik maʼlumotlar sifatida qabul qilinishi kerak.
Binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish obʼektlar toʼgʼrisidagi kadastr maʼlumotlarini shakllantirishdagi ishonchli hujjatlar va boshqa maʼlumotlardan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
Binolar va inshootlarning davlat kadastrini yuritish ushbu Nizomga 1ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat kadastrlari yagona tizimini shakllantirish va yuritishni tashkil etish, shuningdek, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish ishlariga umumiy rahbarlik qilish, ularni metodik jihatdan taʼminlash Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi oʼrinlarda — Kadastr agentligi) tomonidan amalga oshiriladi.
Binolar va inshootlar davlat kadastrini yurituvchi organlar kadastr hujjatlarini va kadastr maʼlumotlarini ruxsatsiz olish va oshkor etishdan himoya qilinishini taʼminlashlari shart, ochiq maʼlumotlar bundan mustasno.
Binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish boʼyicha ishlar koʼchmas mulkka kadastr hujjatlarini tayyorlaganlik, ularga boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazganlik uchun toʼlanadigan toʼlovlar hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Davlat mulki boʼlgan obʼektlar boʼyicha binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish ishlari Oʼzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |