O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi nizomiy nomidagi toshkent davlat
Xotirlash – ehtirom va e’zoz eshigi
Download 170 Kb.
|
Mirsoatov Mirg'iyoz
Xotirlash – ehtirom va e’zoz eshigi.
Har bir zamonning, har bir makonning o‘ziga yarasha muammolari bo‘ladi. Tabiiy ofatlar, turli ijtimoiy hodisalar, vabo, davlatlararo urushlar buning yaqqol ko‘rinishidir. Bular aslida, xalqlar oldidagi sinov, mashaqqatli dovonlardir. Qaysi xalq metin irodaga, temir intizomga, bag‘rikenglik va olijanob fazilatlarga ega bo‘lsa o‘sha xalqning g‘alabasi muqarrardir. Bu fikrning isbotini ikkinchi jahon urushi misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada O‘zbekiston xalqining jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonatini inkor etish insofdan emas. Tasavvur qiling, o‘sha paytda O‘zbekiston aholisi 6 yarim million kishidan iborat edi. Shundan 1,5 milliondan ortig‘i jangga otlandi. O‘sha urushda o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘ldi, 133 mingga yaqini bedarak yo‘qoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytdi. Buning asoratlarini, mard o‘g‘lonlar va jangovar ayollarimizning matonati va qismatini aslo unutib bo‘lmaydi. Ey g‘ofil, o‘ylama dunyoda sening Qismatingni xalloq aylagan urush O‘zi-ku umrimiz juda ham qisqa, Tag‘in qisqartirmoq bu qanday yumush? Abu Abdulloh Ro‘dakiyning ushbu ruboiysida urush va keskin nizolarga nafrat ruhi bor. Xalqimizning dil tubidan chiqqan ushbu nidoda ham ham ana shu tilak mujassam. Yer tayanch nuqtasin Arximed izlab, Ketdiku topolmay armon yetaklab, Ona alla aytib umum basharga Bu nuqta tinchlik deb berdi yo‘rgaklab. Jahonning oliy minbaridan turib Prezidentimizning nafaqat o‘zbek xalqiga balki, butun dunyo ahlini tinchlik va hamjihatlikka chorlovi xalqimizga xos bag‘rikenglik va mehridaryolik nishonasidir. Biz davlat rahbarining ana shu da’vatlariga hamohang va kamarbasta bo‘lsak, o‘tmish ajdodlarimizni yod, ruhlarini shod etgan bo‘lamiz. Urush qatnashchilarini bizning ajdodlarimiz deya taraflash va sharaflash fuqarolik burchimiz va vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usidir. Yovuzlikning oqibati mag‘lubiyat bo‘lishini, bu bandaga ham, yaratganga ham xush kelmasligini ikkinchi jahon urushi misolida ham ko‘rish mumkin. Bugungi kunlarning qadriga yetish uchun tinchlik va istiqlol sabab erishgan muvaffaqiyatlarni yoshlarimiz his etishlari uchun o‘sha davr keltirgan zararlar va xalqimizning mardonavorligini, matonatini misollar asosida keltirish o‘rinlidir. Oramizda urushning yolg‘iz yodgori bo‘lib qolayotganlar, bir oyog‘ini frontga tashlab kelgan urush faxriylari bor. Ularning qalbida urush qoldirgan asoratlar, taniga yetkazilgan shikastlar aslo o‘chmasdir. Deyarlik har bir oilada, mehnat jamoasida, ta’lim muassasasida ularning o‘z o‘rni, muqaddas xotirasi mangu yashaydi. Mamlakatimizda urush va mehnat faxriylarini ziyorat qilish, holidan xabar olish ayniqsa, bayram oldidan an’anaviy tus olgani rost. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasi ham har yili institutda faoliyat ko‘rsatayotgan va hozirgi kunda nafaqada bo‘lgan ikkinchi jahon urushi davrida mehnat fronti faxriylari va Afg‘onistonda xizmat qilgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ahvolidan xabar olish va ularni tabriklashni aslo kanda qilishmaydi. Institut rahbar xodimlari 9 may umumxalq bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolaridan xabar olish va tabriklashni insoniylik burchi va vijdon amri deya anglab sovg‘ai salomlar bilan ularning xonadonlariga borishdi. Millionlab odamlar umriga zomin bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan bu urush dahshatlarini ko‘rib tangri inoyati bilan mardonavor tarzda sog‘-omon yurtiga qaytib kelganlardan biri urush va mehnat faxriysi general-mayor Abdullajon bobo Artikbayevdir. Hozirda poytaxtimizdagi «Lashkarbegi» mahallasida istiqomat qilayotgan Abdullajon bobo 1943 yilda 18 yoshida armiyaga chaqirildi. U Turkiston harbiy okrugi 368-chi Samarqand o‘qchilar polkida oddiy askar bo‘lib xizmat qildi. U yerdan uni Toshkent harbiy bilim yurtiga, 1945 yil fevralda esa bir necha safdoshlari bilan birga G‘arbiy Ukrainaga – avvaliga Lvovga, so‘ngra Mukachevoga yuborildi. Institutimizning rahbar xodimlari sovg‘a-salomlar bilan ularni yo‘qlab borganda, holsiz tarzda karavotda yotgan Abdullajon boboning nursiz ko‘zlarida ajib bir chaqnash, yuzlarida tabassum va minnatdorlik ifodasi zohir bo‘ldi. Shunda e’tibor ehtiromga eshik va e’zozga chinakam beshik ekanligini his etdik. Iste’fodagi general-mayor A. Artikbayev Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi, og‘ir va mashaqqatli janglarda mard o‘zbek o‘g‘lonlarining ko‘rsatgan buyuk jasorati va qahramonliklari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Shuningdek, tinchlikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini, uni asrab-avaylash har bir Vatan farzandining muqaddas burchi ekanligini alohida e’tirof etdi. Xalqimiz jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonat ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shganini inkor etish qiyin. Yurt boshiga kulfat tushganda, boylik, mol-mulk ko‘zga ko‘rinmasligini sezish qiyin emas. Bosqinchilarga bo‘lgan nafrat xalqning g‘azabini keltiribgina qolmay, balki o‘zida bor bo‘lgan qimmatbaho taqinchoq-u boyliklarini o‘ylab o‘tirmasdan frontga, mard jangchilarga, jangovar texnika, urush qurollari, mudofaa jamg‘armasi uchun to‘plab safarbar etgani ham fakt. Mana shu faktlarning o‘ziyoq, xalqimizga xos fidoyilik, elparvarlik, kabi olijanob fazilatlarini ifoda etishi aniq. Bulardan tashqari ajdodlarimizga xos bo‘lgan bag‘rikenglik, mehridaryolik, bolajonlik fazilatlari ularning jon tomiri va qon tomiriga singishganini ko‘rish mumkin edi. O‘zaro yordam, saxovat ko‘rsatish kabi holatlarning avlodlar tabiatida barqarorligini yaqindagina ro‘y bergan tabiiy ofatlar - Buxoro bo‘roni va Sardobadagi suv toshqini misolida ham ilg‘ash mumkin. Shuningdek, o‘zbek xalqi Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va boshqa joylardan ko‘chirib keltirilgan o‘n minglab kishilarga boshpana berib, mehribonlik va g‘amxo‘rlik namunalarini ko‘rsatdi. Jang bo‘layotgan hududlardan ko‘chirilgan bir million erkagu xotin va bola boshpana, kiyim-bosh va oziq-ovqat bilan ta’minlandi. Urushda minglab ayollar beva va bolalar yetim bo‘lib qoldilar. Ota-onalar farzandlari dog‘ida qayg‘u-alam bilan bu dunyodan ko‘z yumdilar. Urush yillarida chek-chegarasi yo‘q xarajatlar xalqni shu darajada qashshoqlashtirdiki, ta’riflashga qalam ojizlik qiladi. Qanchadan-qancha odamlar ochlik va kasalliklardan o‘ldi. Urush o‘zbek xalqining bor-yo‘g‘idan tamomila ayirdi, ko‘rpa-yostig‘i, boshqa ro‘zg‘or anjomlaridan mosuvo bo‘ldi, uy-joyi xarobaga aylandi, och va yupun bo‘lib qoldi. Ocharchilik va kasalliklar qishloqlarda avjiga minib, ko‘p odamlarning yostig‘ini quritdi. Bolalarning orasida ham o‘lim ko‘p uchrardi. Biroq sho‘ro davlatining e’tiborsizligi tufayli urush vaqtida orttirilgan qiyinchilik va azob-uqubatlar tamomila bartaraf qilinmadi. Ayniqsa, urush nogironlarining qadr-qimmati o‘rniga qo‘yilmay, ular o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Xullas, urush yillarida mashaqqatli mehnat va azob-uqubatdan boshqa narsani ko‘rmagan odamlarning ko‘pchiligi qayg‘u-alam girdobida jon berdilar. Shunga o‘xshash urush qatnashchilarining talay qismi yorug‘ kunlarni ko‘rmadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, ota-bobolarimiz misli ko‘rilmagan azob-uqubatlar va talofatlar hisobiga butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishga ulkan hissa qo‘shib, jahon tarixida o‘chmas iz qoldirishdi.
Download 170 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling