5. Axborotni taqdim etish shakllari. O‘zbekiston Respublikasi
«Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonunining 22-moddasiga muvofiq,
moliyaviy hisobot buxgalteriya balansi, moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi, pul
oqimlari to‘g‘risidagi, xususiy kapital to‘g‘risidagi hisobot shakllari,
shuningdek, izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlardan iborat. Moliyaviy
hisobot shakllari Moliya vazirligi tomonidan 2002 yil 27-dekabrdagi 140-sonli
buyruq bilan tasdiqlangan, Adliya vazirligi tomonidan 2003 yil 24-yanvarda
1209-raqam bilan ro‘yxatga olingan «Moliyaviy hisobot shakllarini to‘ldirish
bo‘yicha Qoidalar» bo‘yicha taqdim etiladi. Shuningdek, korxonalar soliqlar,
ijtimoiy ta‘minot va sug‘urta, mehnat birjalariga o‘rnatilgan tartibda hisobot
topshiradilar.
Boshqaruv hisobi axborotlari esa foydalanuvchilarga erkin shaklda taqdim
etiladi.
6. Hisobni yuritish majburiyati. Moliyaviy hisob rasmiy hisob bo‘lib,
barcha korxonalar uchun uni yuritish majburiydir. Moliyaviy hisobot hujjatlari
soliq idoralari va boshqa tegishli joylarga taqdim etiladi, ular auditorlarning
tekshiruv ob‘ekti hisoblanib, chop etilishi shartdir.
Boshqaruv hisobini olib borish korxona rahbariyati talablariga muvofiq
amalga oshiriladi.
7. Hisobni tashkil etish qoidalari. Moliyaviy hisobda moliyaviy hisobot
axborotlari aniq tamoyil va qoidalarga muvofiq shakllanishi hamda aks
ettirilishi shart, ular asosida ma‘lumotlar qayd qilinadi, baholanadi va tegishli
schetlarda rasmiylashtiriladi. Ushbu tamoyil va qoidalar «Buxgalteriya hisobi
to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respubikasi Qonuni hamda buxgalteriya hisobining
milliy standartlarida belgilab qo‘yiladi.
Boshqaruv hisobini yuritish tartib-qoidalari korxonaning strategik va
taktik maqsadlaridan, xususiyatlaridan kelib chiqib ishlab chiqiladi. Bu hisob
turida ma‘lumotlarning boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun ahamiyatlilik
darajasiga e‘tibor beriladi.
17
Do'stlaringiz bilan baham: |