Shiqildoqqacha emaklab kel
Bu o‘yinda bolalar diqqatini rivojlantirish, aytilgan so‘zlarga mos ravishda
emaklab yurish harakatini o‘rgatishdan iborat bo‘ladi.
Bolalar xonaning bir tomoniga qo‘yilgan stullarda o‘tirishadi. To‘rt metr
nariga polga bayroqcha yoki shiqildoqlar terib qo‘yiladi. Tarbiyachi biror bolaning
nomini aytib chaqiradi va unga shiqildoqqacha emaklab borishni, uni olib o‘rnidan
turishni va shiqildoqni (yoki bayroqchani) boshdan yuqori ko‘tarishni
(bayroqchani hilpiratishni) taklif qiladi. Shiqildoqni (yoki bayroqchani) polga, o‘z
joyiga qo‘yib qaytib keladi. Bolalar topshiriqni navbat bilan bajaradilar.
O‘yin-mashqda bir vaqtning o‘zida bir necha bola (3—5 ta) yoki birdan
hamma baravar ishtirok etishi mumkin. Unda bolalarning har biriga alohida-
alohida o‘yinchoqlar topib qo‘yish kerak. Bunday topshiriqning tashkil etilishi
bolalarda mo‘ljalga tezroq borib kelish istagini uyg‘otadi. O‘yin juda jonli o‘tadi.
Biroq bunda emaklash sifati ancha pasayib ketadi. Bola shoshilib, harakat
uyg‘unligi qoidasini buzadi. Shuning uchun tarbiyachi bolalar e’tiborini tezroq
harakat qilishga atayin qaratmasligi kerak. Mashqda band bo‘lmagan boshqa
hamma bolalar baravariga: «Bir, ikki, uch — emakla!» deb qichqirib
shodlanishadi. O‘yin tamom bo‘lganda esa quvonchdan chapak chalishadi.
Shunday qilib, o‘yinda bolalarning hammasi faol qatnashadi.
Darvoza
Bu o‘yinda bolalarda emaklab borish malakasi takomillashtiriladi.
Bolalar xonaning bir tomoniga terib qo‘yilgan stullarda o‘tiradilar. 4—5 metr
narida bolaning bo‘yiga teng keladigan to‘r osilgan ustun turadi. Ustunning tagida,
polda koptok yotadi. Bolalar bilan ustun orasida — taxminan masofaning o‘rtasida
yoy—darvoza bo‘ladi. Tarbiyachi bolalardan birining ismini aytib chaqiradi va
unga darvozaga qadar emaklab borishni, keyin uning ostidan emaklab o‘tib,
koptokni olishni, oldinga emaklab o‘rnidan turib, koptokni ikki qo‘llab ko‘tarishni
va uni to‘rga tashlashni taklif qiladi.
Darvoza o‘rnida stul, skameykalardan (oyoqlari orasidan emaklab o‘tish
uchun), chambaraklardan foydalanish mumkin. 3 yashar bolalarni narsalar tagidan
emaklab o‘tish va narsalarga tirmashib chiqishning turli usullarini, to‘siqlar ostidan
engashib o‘tishni o‘rgatish kerak. To‘siqlar ostidan engashib o‘tganda qo‘llarni
еrga tegizmaslik kerak. Bunda bolalar emaklash va engashib o‘tish degan
tushunchalarni bir-biridan farq qilishga o‘rganadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |