O‘zbekiston Respublikasini 2008 yilning birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida
Pul bozoridagi muvozanat va milliy valyutaning barqarorligi
Download 73.5 Kb.
|
Iqtisodiyot
- Bu sahifa navigatsiya:
- Mamlakat to‘lov balansining barqarorligi va tashqi savdoning yuqori ijobiy saldosi.
- II.Tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash
Pul bozoridagi muvozanat va milliy valyutaning barqarorligi. Inflyatsiyaga qarshi yuritilgan faol siyosat va iste’mol bozorining zarur tovar hamda xizmatlar bilan to‘ldirilishi natijasida inflyatsiya jarayonlari sekinlashdi. Pul massasi va so‘m ayriboshlash kursining o‘zgarishi belgilangan parametrlardan oshmadi. Aholining banklardagi depozitlari 19,3 foizga ko‘paydi.
Mamlakat to‘lov balansining barqarorligi va tashqi savdoning yuqori ijobiy saldosi. Bunga eksportning yuqori sur’atda o‘sishi, jumladan, energiya manbalari va neft mahsulotlari (1,6 marta), mashinalar va uskunalar (116,2 foiz), kimyo mahsulotlari (148,0 foiz), xizmatlar (125,8 foiz) hisobidan erishildi. II.Tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash Birinchi yarim yillikda Investitsiya dasturini amalga oshirish tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga yordam berdi va mamlakatimiz hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratildi. Barcha moliya manbalari bo‘yicha o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmi 3713,1 milliard so‘mni yoki 2007 yilning birinchi yarmidagiga qaraganda 119,8 foizni tashkil qildi. Investitsiyalar umumiy hajmining oshishi asnosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar miqdori 31,2 foizga o‘sdi. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 88,4 million dollar yoki 2007 yilning shu davridagiga nisbatan 4,9 marta ko‘p mablag‘ ajratildi. Kapital qo‘yilmalar umumiy miqdorining qariyb 70 foizi ishlab chiqarish sohasiga yo‘naltirildi. Joriy yilning hisobot davrida 185 yirik va kichik ishlab chiqarish ob’yekti foydalanishga topshirildi. Jumladan, oziq-ovqat sanoatida makaron, non va non mahsulotlari, qandolat va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha (75), yengil va to‘qimachilik tarmog‘ida kalava, to‘qimachilik, charm va gilam mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish, shoyi va tolani qayta ishlash bo‘yicha (28), qurilish materiallari sanoatida devor qurish uchun mo‘ljallangan materiallar, plastik romlar, eshiklar, shifer, ruberoid va boshqa qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha (46) ob’yekt ishga tushirildi. 2008 yilning birinchi yarmida 3,5 milliard kub metr gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega “Pomiq” kompressor stansiyasi, “Neksiya-2” yengil avtomobilining yangi modelini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, “Jizzax platmassa” ochiq aksiyadorlik jamiyatida diametri 315-630 millimetr bo‘lgan polietilen quvurlar ishlab chiqarish, “Quvasoy qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatda shifer ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, “Tagus tekstil”, “Poytug‘teks”, “Sirkeji Toshkent tekstil” qo‘shma korxonalari va boshqa investitsiya loyihalari nihoyasiga yetkazildi. Joriy yil boshidan buyon 51 ta dotatsiya hududida 87 kichik ishlab chiqarish ob’yekti ishga tushirildi va bu 2100 nafardan ortiq kishini ish bilan ta’minlash imkonini berdi. Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash dasturlarini amalga oshirish davomida uskunalar yetkazib berish va qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 341,2 million dollar ajratildi. Bu borada 29 investitsiya loyihalari, jumladan, avtomobil sanoatida 9, yengil va to‘qimachilik sohasida 7, farmatsevtika sanoatida 5, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 5, kimyo sanoatida 2 va metallurgiya sanoatida bitta loyiha nihoyasiga yetkazildi. Yuqorida qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish natijasida yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga oshdi. “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarida ishlab chiqarish quvvatlari 68,1 foizdan 72,5 foizgacha oshirildi, dorivor preparatlar eksporti 1,5 baravardan oshdi. Texnik chigitni qayta ishlash tufayli tozalanmagan paxta yog‘i olish (17,94 foizdan 18,54 foizgacha) va tozalangan paxta yog‘i olish (87,82 foizdan 88,55 foizgacha) ko‘paydi. Buning natijasida qo‘shimcha 4,8 ming tonna tozalangan yog‘ olishga erishildi. Ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va rekonstruksiya qilish tadbirlari doirasida yangi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida hisobot davrida avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, elektr uzatish liniyalarini rivojlantirish, temir yo‘l uchastkalarini, suv hamda gaz ta’minoti tizimlarini elektrlashtirishga doir choralar ko‘rildi. 500 kV quvvatga ega Sirdaryo IES - “So‘g‘diyona” kichik stansiyasi va “Yangi-Angren IES-O‘zbekiston” yuqori kuchlanishli liniyalarni (joriy yilning iyunida yuqori kuchlanishli liniya vaqtinchalik sxema bo‘yicha 220 kV tokka ulandi) qurish, “Toshkent-Angren” temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi. 847 kilometr suv quvuri va 418 kilometr gaz uzatish tarmoqlari, 160 kilometr uzunlikdagi ta’mirlangan xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumiy foydalanish avtombil yo‘llari va uzunligi 80 pogon metr 5 ta ko‘prik foydalanishga topshirildi. Qayta tashkil etish va moliyaviy sog‘lomlashtirish dasturlarini amalga oshirish natijasida 579 ta korxonaning 373 tasida (korxonalar umumiy sonining 64 foizi) ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyat ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi kuzatilmoqda. 242 ta korxona o‘tgan yilga nisbatan oylik o‘rtacha ishlab chiqarish va mahsulot sotish hajmini 20 foizdan ko‘proqqa oshirdi, 119 ta korxonada ishlab chiqarishni rekonstruksiya qilish va texnik qayta jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu korxonalarda 2784 ish o‘rni yaratildi va qayta tiklandi. 2006-2008 yillarda qayta tashkil etilayotgan korxonalarning foydalanilmayotgan quvvatlari negizida 103 ta yangi, jumladan, hisobot davrida 19 ta korxona tashkil etildi. Qayd etilgan mazkur korxonalarning 87 tasida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 4 ming nafardan ortiq kishi ish bilan ta’minlandi. Rivojlantirish va texnik modernizatsiya qilish dasturlarining amalga oshirilishi sanoat ishlab chiqarishini 12,2 foizga oshirish imkonini berdi. Bunda yuksak o‘sish sur’atlari mashinasozlik va metallni qayta ishlash sohasida (120,3 foiz), yoqilg‘i sanoatida (119,5 foiz), oziq-ovqat (130,2 foiz), yog‘ochni qayta ishlash va sellyuloza-qog‘oz sanoatida (129,8 foiz) ta’minlandi. Download 73.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling